OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodiyor Hazrat Ismat. Tazarru (qissa)

...Kishi ariq bo‘yida o‘tirib, suvning bir maromda oqishini kuzatarkan beixtiyor tin oladi. Suvning tafti bor. Va har neki ofat ham undan.Azob deganlari shundan bo‘lsa kerak. Suv balosi ham borki, jimgina harakat qilayotgan ariq boshida irmoq bo‘lgani-yu yana qaerlardadir daryo-yu ummonga qo‘shilarini o‘ylasangiz, yanada olislaysiz, chuqurlashasiz... 
Suv o‘ziga muqim maskan topadi. Marra shu yerda...
Kamina irimchi emasman. Ko‘rayotgan tushlarim xavotirga solmaydi. Biroq, negadir suv bilan chiqishgim keladi. Suv esa buni tushunadimi yo‘qmi, bilmadim. Tushimni suv tugul samoga ham aytmaganman.Ular faqatgina o‘ngim bilan yashaydi. Tushdan nedir xulosalar yasab, saboq olaman.
Suv menga yoshligimni eslatadi. Negaki, uyimizning yonginasidan soy bo‘lardi. Bu soy qishloqni teng ikkiga bo‘lib oqardi. Uning fasllarga qarab turlanishiga ko‘p guvox bo‘lganman. Goh sokin, goho shovqin bilan oqadigan soy havasga loyiq edi. Yozda unda huzur qilib cho‘milardik.
...Bir kuni qo‘shni bolalar bilan cho‘milayotganimizda, soqollari ko‘ksiga tushgan Samad bobo ham yaktagu ishtoni bilan o‘zini soyda oqayotgan suvga tashladi. Suv qalqdi. Bizlar esa unga hayronu lol bo‘lib qoldik. Bobo huzur qilib cho‘milardi. Qo‘llari bilan tez-tez harakatlar qilib, tajribali g‘avvosdek boshlarini suvga tiqib-tiqib olardi-da, yuzini ko‘tarib, og‘izlarini ochib suzardi. So‘ng biz ham sekin asta kalla tashlab, soyga sho‘ng‘iy boshladik. 
Cho‘milib bo‘lganimizdan keyin soy buyidagi qumloqda hammompish va boshqa o‘yinlarni boshladik. Shu paytda Samad bobo ham yonimizga kelib, biz bilan xuddi bo‘yinsadek o‘ynay boshladi. Avvaliga ajablandik, keyin esa odatdagidek har kim o‘zicha turli xil suratlarni qumga sola boshladik. Bobo soqollarini silaganicha zavqu shavq bilan bilan chaqqon harakatlar qilardi. U bilan yoshimiz orasidagi farq deyarli unut bo‘lgandi. Bobo tutning suratini chizardi. Daraxtning qabariq tanasini mahorat bilan ishlab, tomirlarini esa suvga tushirib qo‘ygandi. 
Samad bobo haqiqiy rassomlarga xos harakat bilan tutni hosilga endirmoqchi bo‘lardi. Uning shohlariga mayda toshlarni meva kabi qadab chiqdi...
“Endi men sizlarni tut bilan mehmon qilaman,” deb turgan paytida boboning nevaralari kelib qoldi. Nevaralar boboning ishidan ham hayrat, ham uyatdan qizarib turardi. Ular bobosining usti boshi ho‘l bo‘lishiga qaramasdan uni mahkam qo‘ltiqlab olgandi. Samad bobo esa indamaygina, boshini qo‘yi egganicha nevaralariga qo‘shilib ketib borardi...
Biz bolalar boboning izidan kuzatardigu va u chizgan tutlarga qaraganimizcha jimgina qarab turardik... Yana qaytib, soyda cho‘milib, hammompish o‘ynadik.
Ana shunday kunlarning birida Samad bobo yana soyga keldi. U bu gal cho‘milmadi. Bobo bizning suvdan chiqishimizni kutib turdi. Ust-boshimizni kiygach, bobo bizlarni ortidan ergashtirganicha, yo‘lga tushdi. U bizlarni qirning yonidagi ziyoratgohga boshlab borayotgandi. Ayni ziyoratgoh qishloqning qabristoni bilan qo‘shilib ketgandi. Biz qo‘rqa pisa qo‘yindilar orasidan o‘tib, maqbara oldiga keldik. Bolalar do‘ppaygan qabrlardan qo‘rqib turardik. Bobo esa chaqqon bilan harakat qilardi. Uning yurish-turishi-yu ko‘zlarida ishonch bor edi. Ko‘zlari chaqnab turardi. 
Maqbaraning usti koshinlar bilan qoplangan bo‘lib, qubbasida misdan ishlangan hilol bilan beshpanja ramzlari turardi. Atrofidagi o‘choqlar kullardan tozalanmagan va uning yonida qozonlar ham to‘ntarilganicha turardi. Tevarakdagi daraxtlarning shoxlariga esa turli tusdagi lattalar o‘rab tashlangan edi.
Ziyoratchilarning soni kam. Samad bobo maqbara ichiga bizni boshlab kiradi. U yer unchalik katta bo‘lmasa-da, o‘n-o‘n besh kishi bemalol sig‘ardi. Bobo taxtapanjarali dahma og‘zida cho‘kkalab nelarnidir pichirlab o‘qidi. So‘ng qo‘lini duoga ochdi, biz ham beixtiyor unga esh bo‘lib, yuzimizga fotiha tortdik...
Bu ziyoratgoh ilgaridan mashhur bo‘lgan ekan. Boz ustiga arkoni davlat ham bu joyga kelib, tavob qilganligi el orasida gap bo‘lardi. Shu sabab bu yer yo‘lo‘tkinchilar uchun ham qadrli edi. Negaki, ziyoratgoh shundoqqina katta yo‘lning yoqasidan joy olgandi. Bu yerga dafn etilgan zot ham islom olamining mashhurlaridan biri bo‘lgan ekan. Keyinchalik bu joylar ozodu obod maskanga aylandi. Elu ulus mudom ziyoratgohga kelib turardi. Sababki, ko‘ngillari taskinu tasalli topish, umidu ilinjlarining ro‘yobi uchun. Ayni ishonchu umid boboning qalbida tursa-da, bizlar uchun ham dalda bo‘ldi. Bobo ziyoratgohning ta’rifi va tarixi haqida ko‘p so‘zlab bergandi. Aytishlaricha, bu joy toza ko‘ngilli kishilarning ezgu niyatlari tinglanadigan va amalga oshadigan joy ekan. Bu yerda dafn etilgan zot qishloqning qut barakasiga kafil ekan. Shu sabab, bu elda o‘lat vabo bo‘lmaydi, qishloqdan xayru baraka ko‘tarilmas ekan. Maqbara, ichida bir odam o‘tgulik joy ham bor ediki, agarda kishining gunohi bo‘lsa, ana shu yo‘lakdan o‘tar chog‘i qisilib qolar emish...
Biz bolalar katta bo‘la boshlaganimiz sari, ko‘p narsalar va shu bilan birga atrofimizdagi kishilar ham o‘zgarib borayotganinin kuzatib turardik. Hattoki, o‘zimiz ham o‘zgarib, turlanib borardik...
Bu orada Samad bobo ham qazo qildi. Uni ham mana shu ziyoratgoh yonidagi qabristonga qo‘yishdi.
Suv menga yoshligimni eslatadi. Va buning ortidan o‘z-o‘zidan Samad boboning cho‘milgani-yu, u bilan maqbaraga borganlarimiz ko‘z oldimga kela boshlaydi. 
Suvga qo‘shilib, umrim ham oqib ketayotganini sezib qolaman. Biroq, ne bo‘lganda ham ko‘nglim taskin topadi.Bu vaqt orasida ko‘p davralarda bo‘ldim. Ko‘pni ko‘rdim. Ne-ne savdo-yu vokealar boshimdan o‘tdi. Yaxshi bilan yomonnni farklay boshladim. Birovga atay yomonlik tilamadim va qilmadim ham. Otamning pandu nasihatlariga rioya etdim. Yaratgan meni ko‘p siyladi...

* * *

Muhtaram o‘quvchi! So‘zim shu yerga yetganida beixtiyor o‘zim haqimda gapirish va kimligimni aytishim kerakligini anglab qoldim. Buni qarang, o‘z bolaligim, soyu ziyoratgoh haqida so‘zlabmanu o‘zimnitanishtirishni unutibman...
Ismim–Po‘lat. Sharifim esa – Buzrukov. Men qishlog‘imiz - Tutlisoydagi maktabni tamomlab, markazdagi ilm dargohlarining birida tahsil oldim. Taqdir taqozosi bilan shu yerlarda qolib ketdim. Dastlab, shapaloqday gazetaga ishga kirdim. Oila tutdim. Keyinroq esa qalinroq bir jurnalga taklif etishdi. Yo‘q deya olmadim. Va mana shu dargohda ro‘zg‘orimni tebratib yuribman. 
Aytishim kerakki, bu dargohda hamma sipo, o‘zini bilag‘onu donishmand tutadigan, birovga yon bermaydigan ajabtovur kimsalar ishlardi. Go‘yoki, ular uchun hayot mana shu joy edi. Hammasi o‘zini ko‘z-ko‘z qilish uchun bu yerda o‘ralashib yurgandek tuyulardi. Boz ustiga kattaga hurmatu kichikka izzat degan tushunchalar esa ko‘tarilib, tushuniksiz va g‘urbatli holat yuzaga kelib qolgandi.
“Turdi Tashakkur bilan Sadaf deganlari shodiyonaga atab qasida bitishibdi. Bu yerda bir gap bor. Turdi Tashakkuring qo‘yilmaganini qarang!?. O‘zining oilasining o‘ylamagani mayli-ku lekin Sadafning gulday ro‘zg‘ori buzilmasinda!..”
“Pomir Laqay deganlari qo‘shnochmi tabib bo‘libdi. Laparchi qizlarning ovozini shirali qilaman, deb pullarini olibdi. Bergan o‘tlarining ta’siri bo‘lmagan chog‘i, qizlar bechoraning boshiga dutoru doiralari bilan uribdi. Qonga belangan tabib bazur qochib qutilibdi. Rahmat Jumaning ham ovozingizni tuzataman, deb pulini olibdi-yu lekin natijasi yo‘q emish. Rahmat Juma esa “bu enag‘ar Pomir Laqay aldamchi ekan-ku!” deya tabibini izlab yurganmish.” 
Har bir idorada bo‘lgani kabi bu yerda ham mana shunday gapu so‘zlar og‘izdan og‘izga o‘tib, quloqqa chalinib turardi.
Dargohning rahbari – Xayriddin Nosir charm sumkachasini ko‘tarib, ko‘ziga ohangjama oynakni kundirganicha, boshini ko‘kka qadab shaxdam qadamlar bilan yuradi. U xardamxayol odam. Hushi kelsa siz bilan hol so‘rashadi, bo‘lmasa berilgan salom aliksiz qolib ketaveradi.
Ko‘pchilik uning kelayotganini ko‘rsa, yo‘lini burib ketardi. Ba’zilar esa yelkalarini qisganicha, ikki qo‘lini juftlab xuddi bedana tutmoqchidek rahbarning yoniga oshiqardi. Shunda Xayridin Nosir noiloj qo‘llarini uzatadi.
Aytish joizki, rahbarning gapiga idoradagilar unchalik ham tushunmaydi. Negaki, u tez va ustiga ustak boshiga shahvat urgan serakdek kalta-kalta so‘zlardi. Rahbarning o‘zi ham buni tan olardi.
U ham barcha kabi maqtovni xush ko‘rardi. Buni esa butun jamoa bilardi. Ayniqsa, o‘rinbosarlari – Halim va Yormatlar biri qo‘yib, biri olib Xayriddin Nosirni varrakdek ko‘klarga chiqarib, maqtashardiki, so‘z oxirida rahbarning o‘zi “rahmat akalar, sizlar meni to‘g‘ri tushunasizlar,” deb qo‘yadi. So‘ng chapdastlik bilan suhbat o‘zaninini boshqa tomonga burmoq uchun Halimga yuzlanib:
-Uylar tinchmi?- deb so‘raydi.
-Tinch, - deya Halim yerga tikiladi. – O‘g‘illarnikida turibman, kelin issiq-sovug‘imdan xabardor. Yaxshiyamki, kelinni o‘zimizdan qilgan ekanman. Bechora og‘rinmaydi.
-Yanga bilan yarashingda endi, aka? – deydi rahbar. 
-Endi bo‘lmaydi, g‘isht qolipdan ko‘chgan, - deya Halim xo‘rsinadi.
-Qarigan chog‘ingizda bu azob ham bor ekan-da? – so‘roqlaydi rahbar.
-Ey, uka, qo‘ying bu gaplarni. Yuragim eziladi. Birovga qo‘shila olmayman. Ishxonaga kelsam, sal-pal ovunaman, - deydi Halim.
Rahbar biroz jim turdi. Bu bilan u “suhbat tamom, endi jo‘nanglar,” demoqchi bo‘ldi. Yuzaga kelgan vaziyatdan o‘ng‘aysiz bo‘lib, Yormat o‘rnidan ohista turdi-da, eshik tomon yurdi. Eshikning qabzasidan tutib:
-Xayriddin aka, ishlar hammasi reja asosida tashkil etilgan. Agar biror topshiriq bo‘lsa, aytarsiz shartta bajaramiz. Men o‘zimdaman, - dedi-yu xonadan chiqishga chog‘landi.
-Bo‘pti, boravering, - deya rahbar kulib kuzatdi.
Bu bilan u Yormatning gapidan ham, o‘zidan ham istehzo qilardi. Halim esa yosh boladek boshini qo‘yi ekkanicha jim o‘tirardi.
-Yormat aka qiziq odam-a? – deya rahbar o‘smoqchilaydi.
-Yaxshi odam u, - deya Halim boshini ko‘taradi. – Sizni juda hurmat qiladi. Sodiq qullaringizdan. Ba’zi bir nuqsonlari ham borki, lekin kechirsa bo‘ladi. Kimda ayb yo‘q deysiz. Tinib-tinchimas odam. Ko‘p narsalarni biladi. Lekin aytmaydi, qo‘rqoq.
-Qo‘rqoq odam sotqin bo‘ladi, - deydi rahbar dabdurustdan.
-Lekin Yormat sotqinlik qilmaydi. Sinab ko‘rganman, - deydi Halim.
-Xodimlarning undan norozi ekanligini bilmaysiz, shekilli, - deya rahbar ajablanib qaraydi. – U nima topshiriq berayotganini o‘zi bilmas ekan. Yig‘inda men nimani aytgan bo‘lsam, o‘shani oqizmay-tomizmay yozib olar ekanda, bir boshdan o‘qib berarmish. Hattoki, men sizlarni bayram bilan tabriklashim kerak ekan, deya boshini qog‘ozdan ko‘tarib, xodimlariga “Xayriddin aka aytdiki, men sizlarni ushbu bayram bilan tabriklayman,” debdi. Hamma o‘tirgan xodimlar buning ustidan miriqib kulibgan. Aka,bu sharmandalik-ku!.. Ayting unga uyat bo‘ladi. Sal bo‘lsa-da ortu oldiga qarab ish tutsin. Bu holda sizu bizni ham izza qilishi hech gap emas.
-Parvo qilmang, - deydi Halim bepisandgina. – Buni Buzrukov atay to‘qiganini ham bilaman.
- Yo‘q,boshqalardan eshitdim. Ishonchli manba. Buzrukov uni mensimasligini bilaman. Umuman olganda, Yormat akaning xato qilayotganini achchiq bo‘lsayam tan olishimiz kerak-ku axir. Bu kabi nuqsonlarimiz dargohdan tashqariga chiqsa yomon bo‘larini ham o‘ylashimiz kerak, - deydi rahbar.
-Gapingiz to‘g‘ri, Xayriddin aka, lekin Yormatdan boshqa odam bu yerni eplay olmaydi. U boyoqish siz bergan topshiriqni qanday bajarar ekanman, deb boshqotiradi. Ishni o‘ylaydi. Qo‘l uchida apil-tapil ishlashga o‘rganmagan. Sizga hurmati baland,- deydi Halim.
-Yormat akaning Buzrukov bilan munosobati yaxshimi ishqilib, yoki? – so‘roqlaydi rahbar.
- Xabarim yo‘q. Buzrukov Yormatni mensimaydi. Ishgayam gohida, ko‘ngli tusasa keladi. U mahmadana, ko‘p oliftalik qilmoqda. Hamma bir tomon, Buzrukov bir tomon. Kimiga ishonar ekan-a, bu Buzrukov deganlari? – deya Halim savolomuz rahbariga razm soladi. 
-Buzrukov yomon bolaga o‘xshamaydi-ku! – deya rahbar ajablanib xodimiga nazar soladi.
-Odamning olasi ichida. Siz u oliftani bilmas ekansiz. Bo‘limdagilar uning dastidan dod deyishadi U bola uncha-muncha odamni mensimaydi. Ustidan kuladi, - deya Halim avj qiladi.
-U kimga oliftalik qildi? Kimning ustidan kulibdi? Gaplashsangiz so‘zida ma’ni bor-ku! Balki unday emasdir, balki siz chalg‘iyotgandirsiz? – deya rahbar hadiksiraydi.
-Qaniydi, shunday bo‘lsa. Siz uni bilmaysiz. Ehtiyot bo‘ling, ertaga gap-so‘z ko‘paymasin, - deydi Halim so‘lg‘ingina.
-Har narsani ishga aralashtirmaslik kerak. Lekin bu bolaning bo‘limida ungacha turli qalang‘i qasang‘ilar tomir yoyganligini boshqa bilmasa ham siz juda yaxshi tushunasiz. Bola yangi. Muhitni tozalab, ishning olg‘a ketishi uchun Buzrukovga yordam berish zarur. Odamning oyog‘ini chalishdan ko‘ra, boshini silagan yaxshi emasmi, xoji aka, - deya rahbar razm soladi.
Halim jimgina boshini qo‘yi solib o‘tirardi.Rahbarning pisandalarini boshida pishitib olardi. “Menga birovni sotayaptimi erta bir kuni meni ham arzon garovga sotishi tayin ekan,” degan xayol rahbarda kechayotganinini u allaqachon tushunib ulgurgan edi. 
Rahbar esa uning xayollarini uqib turgandek, mag‘rur qiyofada xodimini zimdan kuzatardi. Itining fe’li egasiga ma’lum, deganidek rahbar Halim, Yormatu Buzrukovlarning kimligini yaxshi bilardi. Shu bois ularning barchasiga o‘ziga yarasha muomila qilardi. Iloji boricha toshu tarozini to‘g‘ri ushlashga intiladi. Ba’zida esa unga Halim ham daxl qilardiki, buni u bilib bilmaslikka olgan kishi bo‘lardi.
Halim Buzrukov haqida gap ochishning bu gal mavridi emasligini sezsa-da, biroq:
-Xayriddinjon aka. Buzrukovga yordam beramiz. Yosh kadr. Xatolarini kechiramiz.Sekin-asta tarbiyalab olamiz. Rahbarligingiz ostida ishlarimiz oldinga ketsin. Boshimizga doim omon bo‘ling. Xudoning o‘zi sizni yomon ko‘zlardan asrasin, - deya yuziga fotiha tortdi.
Shundan so‘ng Halim o‘rnidan turdi-da, rahbar bilan xayrlashib, xonadan chiqdi.
Xayriddin Nosir uning sidqidil emasligini, aytgan gaplari shunchaki ko‘ngil hushi uchun so‘zlanganligini sezsa-da, na iloj indamay qo‘ya qoladi...
Xotini Halimni uydan quvib solgan. Negaki, u erini mundayroq tamaddixonada satang shoira – Dilrabo Bardosh bilan shakargo‘ftorlik qilib o‘tirganida qo‘lga tushirib, rosa to‘polon qiladi. Shoirani mushuk timdalangandek yuzini tilib tashlaydi. Erining “oramizda hech gap yo‘q, azizam,faqat do‘stlik bor, xolos. Shoira qizimizni to‘g‘ri tushunishingizni so‘rayman,” deganlariga ishonmaydi.
Haqiqatdan ham, Halim talantli shoira - Dildora Bardoshning boshini silagani rost. Janjal sabab, idorada maxsus yig‘in bo‘ldi. Xotini xonani boshiga ko‘tarib baqirdi, janjal qildi.”Er bermok, jon bermok,” deya qo‘lidagi katta sumkasini erining jazmaniga qaratib otdi. So‘ng eriga yuzlanib, “xayf sizga bu yurish, bola-chaqangizni boqib uyda o‘tirsamu siz bu yokda yallo qilib qalang‘i qasang‘i xotinlar bilan iliqishib yursangiz. Uyat. Sharmanda bo‘ldim.Bu kuningizdan o‘lganingiz yaxshi edi. Bundan ko‘ra tobutingiz ustida yig‘laganim ming marta avlo edi. Sadqai odam keting!” deya rosa koyidi. Bechora xotin erining dastidan ancha ko‘zyoshini to‘kdi…
Shu sabab bo‘ldi-yu xotini Halimni uyiga kiritmaydi. Ishdan oldirmoqchi bo‘ladi. Biroq oraga ulamo – Xayriddin Nosir tushadi:
-Opa, ey, ey, yanga, kennoyi Halim akani kechiring. Boshi aylangandir, bu ishga qaytib qo‘l urmaydi.
-Hali, yana qo‘l urmoqchi bo‘lib yuribdimi, bu go‘rso‘xta! – deya boshqatdan jazavaga tushdi.
Opa, yanga, kennoyi erini baribir kechirmaydi. Qaytaga, “...shu odam bilan qanday ishlab yuribsilar, buyam odammi o‘zi? Xayf bunga odamiylik!” deydi-yu ulamoni pasha haydagandek uyidan chiqarib yuboradi.
Er-xotin shu buyi birga yashamaydi. Boyoqish Halim bularni uylab oxiriga yetolmaydi. Boshi qotadi. Kutilmaganda Yormat uning xonasiga bosh suqdi.
-Keling, Yormatboy, - deydi u.
-Salomalaykum, Halim aka, - deya yugurganicha kelib, uning qo‘lini tutadi. – uydagilar tinchmi, nevaralar, o‘g‘lingiz, kelinu kuyovlar yaxshi yuribdimi? Kennoyi…
Yormat so‘zining oxirida duduqlanib, yuzlari qizarib ketadi. Biroq Halim sir boy bermasdan:
-Ha, tuzuk. Hammasi joyida, - deydi istar-istamas.
-Negadir kayfiyatingiz tushkun, yuzingiz so‘lg‘in ko‘rinadi. Sizdek kishini xafa kilishga kim jur’at etdi? – deya Yormat xo‘rozlanadi.
-Bilmadim, o‘zim xam tushunmay koldim. Nima qilarimni bilmay halakman, uka, halovatim yo‘qolgan, - deya u noliy boshladi.
-Hamma narsaniyam yurakka yakin olavermangda aka, Ehtiyot chorasini ko‘ring. Siz bizga xali juda ko‘p kerak bo‘lasiz, asrang o‘zingizni, - deya Yormat hamdardlik qiladi.
-Yormat Turbatdan opkelgan qimizingizni qoldimi? – deya so‘roqlaydi u.
-Bor, aka, xozir opkelaymi yoki tushlikda bizga ichamizmi? – deydi sherigi shoshib.
-Kechga tashkil qilaylik, uka, yuragim to‘lib ketyapti.
-Xo‘p bo‘ladi, siz nima desangiz shu. Kimlar bo‘lsin, aytsangiz, ularniyam xabardor qilib qo‘yardim.Bahri dilingiz ochilib bir yayrang, - deya Yormat yaltoqilanadi.
Halim kunbuyi holsiz, tushkun bir alfozda yurdi. U o‘zini ovutish uchun nimalar qilmadi. Bir xodimini chaqirib olib rosa maqtadi. Yana boshqa birini chorlab, koyidi. Qimmatli maslahatlarini berdi. Hattoki, suluvroq xodimasi – satang shoira Dilrabo Bardoshni xam huzuriga buyurtirib, ishdan gaplashgandek bo‘ldi-yu, aslida ko‘p narsalarni so‘radi:
-Ijod yaxshimi?
-Aslida, orada muxabbat bo‘lganmi yoki sotib olinganmi?
-Siz bahongizni bilmaysiz, afsuski, biz xam qadringizga yetolmayapmiz!
-Ijodni gullatavering. Sizga sharoit yaratib beramiz. Kuch borida ishlang!
-Sizdagi matonatu latofatni ko‘rsam huzurlanaman. Shuning uchun singiljon, iltimos, meni o‘zingizdan bebahra qilmang! Kechga vaqtingizni ajratsangiz. Harna, diydorlashib o‘tirar edik…
Xodima – singiljon ko‘zlarini suzganicha tannozlanib o‘tirar, gohida boshini silkiganicha sochlarini to‘g‘rilab qo‘yardi. Xodima ikki marta er qilgan, gavdali, xushro‘ygina, biroq manjalaqitabiat boz ustiga beva edi. U xonada ishva bilan o‘tirardi. Ular ancha vaqtgacha suhbat qurishdi. Ketar chog‘ini sezdi shekilli, xodima nozu qarashma qildi-da uzrini aytib, xirom bilan xonadan chiqib ketdi. Xona egasi uni ortidan ko‘zi bilan kuzatib qoldi.
U boshini silkib, tanglayini taqillatdi. Ayni gurungdan uning ko‘ngli joyiga tushmadi. Yuragi battar siqildi. Shu paytda kechki bo‘lajak ziyofat ko‘z o‘ngiga keldi. Tamshanib turib, yuragi to‘liqayotganini sezdi. Xayollarini nedir siru sinoat qamrab oldiki, ko‘zlari qo‘vnab, miyig‘ida kuldi. Sabri chidamay daftarchasidan satang shoira – Dilrabo Bardoshning telefon raqamini izlab topdi. Sim qoqdi. Shoiraning o‘zi go‘shakni kutardi.
-Allo, labbay, - dedi shoira shang‘i ovoz bilan.
-Qizim, yaxshimiz? – deya so‘roqlaydi Halim.
-Ey, ustozi avval Halim aka qaylarda yuribsiz. Salomalaykum. Suvga tushgan toshdek yo‘q bo‘lib ketdingiz-ku! – deya nozlanadi shoira.
- Bag‘ringiz xam suvga tushgan toshdek qattiq ekan, - taltayadi u.
-Ko‘nglim yumshoqligini bilasiz-ku. Tunu kun sizni o‘ylab yuraman. Nima qilay? – deydi shoira.
-Men xam ichikdim.Kechga kelishganimizdek idoraga kelsangiz.Sharafingizga ziyofat uyushtirsam. Yangi namunalardan o‘kib berardingiz.
-Mayli, boraman.To‘xtang,u yerda kimlar bo‘ladi?Yana tag‘in o‘tgan safargidek… - deya satang o‘smoqchilaydi.
-Hammasi o‘zimizniki. Xavotir olmang, barcha xavfsizlik choralari ko‘rilgan. Kelishingizni intizorlik bilan kutaman, - deya go‘shakni joyiga qo‘ydi.
U sim qoqganidan o‘zida yo‘q xursand edi. Va uning kelishiga mutloq ishonardi ham. Halim qizi tengi bu satang shoirani yaxshi ko‘rib qolganiga hozirgacha ishonmasdi. Ishq yoshu joy tanlamas deganlari rost ekan.
Idorada kechki payt. Hamma ishdan uyga shoshgan. Yormat yurtidan opkelgan qimizni Halimning stoli ustiga keltirib qo‘ydi. Ikkalasi bir piyoladan totib ko‘rishdi.”Boshqa nimalar bor?” deb so‘roqlaydi Halim. Yormat esa yelkasini qisganicha “xech narsa,” deydi.
Shundan keyin Xalim cho‘ntagidan bir dasta pul chiqaradi - da; 
-Yormatboy, nozik mehmonlar keladi. Mana shu pullarni olingda, turli ichimlik va gazaklarning zo‘ridan keltiring. Uyaltirib qo‘ymang, tag‘in uka, - deb tayinladi.
-Bo‘pti, aytganingizday qip kelaman. Xayriddin Nosirovich ham keladimi? Yana boshqa kimlar kutilmoqda. Agar sir bo‘lmasa, albatta,-deya o‘smoqchilaydi.
- Kelganda bilib olasiz. Hammasi nozik odamlar. Ularning ko‘nglini olish kerak. Biz sizga ishonsak, bu yog‘i sal qopti-ku rasvo qilishingizga, uka, - deya bunisi gina qiladi.
-Xalim aka, bir qoshiq qonim, sodiq qulingizman. Hozir hammasini hozirlayman, - dedi-yu xonadan otilib chiqib ketdi.
Ancha vakt o‘tganidan so‘ng Yormat qo‘llaridagi yukni bazo‘r ko‘targanicha, inqillab-sinqillab xonaga kirib keldi. Qog‘ozu yelim xaltalardagi nozu ne’matlarni stolga qo‘ydi. Halim bundan hayron bo‘lib qoldi. Yormat esa “endi kechirgan bo‘lsangiz kerak,” degandek qarab qo‘ydi.
Yormat ne’matlari yuvib artib, dasturxonga tera boshladi. Keyin o‘rtaga qimiz, vino, konyak va aroq qo‘yildi. Xodimlarning barchasiga uyiga ketgan. Faqatgina xos odamlar bu yerga taklif etilgan. Ularning orasida men ham borman. Yormat qo‘llarini bir-biriga ishqalab, dsturxondan bir dona uzumni og‘ziga solib, tamshanib turgan chog‘ida xonaga anovi satang shoira – Dilrabo Bardosh kirib keldi. U shu zaylda borib, Halimning bag‘riga o‘zini tashladi. Uning rapidadek yuzlaridan cho‘lpillatib o‘pti. Halim ham javob bo‘salarni qaytardi. Hammamiz stol atrofiga o‘tirdik. Hol-ahvol so‘rashildi. Yormat bu paytda gavdasiga yarashmagan chaqqonlik bilan shoira bilan Halimga bir piyoladan qimiz uzatdi.
Halim ajablandi. Shoira “nima bu?” deb hayron so‘radi. Yormat bechora “Turbatning qimizi, uydagilar berib yuborishgan ekan,” deya iymanibgina gap boshlaganida, shoira asabiy xolda,”men qimiz ichmayman, boshqasidan qo‘ying,” dedi. Shundan so‘ng soqiy qadahlarga konyakdan suzdi-da, tavoz’e bilan shoiraga uzatdi.
Davrada ikki-uch sidra qadahlar urishtirildi. Endi gurung qiziy boshlagan bir mahali xonaga Xayriddin Nosir buynini yelkasiga tashlaganicha shaxdam kirib keladi. Hamma bilan qo‘l berib ko‘rishdi. Navbat Dilrabo Bardoshga yetganida “ey, shoirai zamon ham shu yerda ekanlar-ku! qanday yaxshi, ajoyib davra bo‘libdi,” deya satangning qo‘liga qalin labini bosdi.
Rahbar davraning to‘riga o‘tirdi. Soqiy unga ham bosib-bosib qadah qo‘ydi. Rahbar salgina bo‘lsa-da qizib oldi. Nafsi orom oldi chog‘i, Dilrabo Bardoshga qarab, “ijod qalay, she’r yozyapsizmi?” deya so‘roqlaydi. Shoira ham istar-istamas javob beradi. Bu asnoda Halim shoirasini rahbaridan rashk qilab o‘tirardi. Gurung o‘zanini atay boshqa tomonlarga burishga urinadi:
-Havo ham isib ketdi, dehqon bilan chorvador endi nima qiladi?
-Bu yil qimmatchilik bo‘larmikan yoki farog‘atchilik…
-Hamma tomon qalqib turibdi. Oxiri baxayr bo‘lsin…
Biroq davradagilardan hech biri uning so‘zlariga rag‘bat bildirmasdi. Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora edi. Aljirayotgan davra birovni eshitishga qodir emasdi ham. Rahbar Dilrabo Bardoshning ko‘nglini sel qilib eritayotgandi. Oxiri, ikkalasi biri olib, biri qo‘yib she’r o‘qidi. Qarsaklar qurshovida mushoira ancha davom etdi. Halimning ko‘ngli bo‘shab, xo‘ngradi. Yormat ham unga qo‘shilib uvvos tortdi. Alyor aytayotganlar esa ularni yupatishga tushdi. Dilrabo Bardosh Halimning boshini silab “yig‘lamang, akajon, sadqai ko‘zyoshingiz ketsin. Dunyo sizning dardingizga arzimaydi. Sizni hech kim tushunmasayam, mana men anglayman. Bu dunyoda sizni his qiluvchi yagona inson bo‘lsa, uyam kaminai kamtarin qulingizdurman!” dedi. Bundan keyin Halim battar uvvos tortdi.
Shu alfozda nima bo‘lganini hech kim bilmaydi.Halim o‘yg‘onib qarasa, ishxonada yotibdi. Dilrabo Bardosh esa divanda o‘tirganicha televizor tomosha qilardi. U uyalibroq o‘rnidan qo‘zg‘oldi. Kerishdi. Shoira unga bir qaradi-yu, kulib qo‘ya qoldi.
Nima bo‘lgandayam, Xayriddin Nosir mastlikda bergan va’dasining ustidan chiqdi. Halim safar jabdug‘ini hozirlashga tushdi. Endi u olis va issiq o‘lkada haj amalini bajarib qaytishi shart. Keyin vaziyat o‘zgarib, uning ishidayam va keyin esa uyidayam tinchlik bo‘lar, degan niyat bor edi bunda. Yormat unga bozordan yuzdan ziyod pichoq keltirdi. “U tomonlarda bu narsa qimmat matoh sanalarkan, harna, harajatlarni qoplaydi. Bu bizdan sizga sovg‘a.” Halim indamaygina pichoqlarni jomadonga soladi.
Ikki kundan keyin Halim uchoqda safarga jo‘nab ketdi.Musofirxonaga joylashdi.Xona shinamgina.Yotib uxladi. Kerakli tavsiyalarni olgach, yana o‘rniga kelib cho‘zildi. Yo‘lda charchaganligi sezildi, kechga tomon musofirxonaning hovlisiga chiqdi. Shaharni tomosho qilgisi keldi. Atrofdan kelayotgan barcha gap so‘zlar unga tanish. “Kep qoling, obqoling, hamma arzon mollar shu yerda, pulingiz o‘zingiz bilan ketadi.” Bozor aylanib chiqdi. Hammasi tanish. Oldida turli attorlik mollari. 
U ham zippilab xonasiga chiqdi-da, Yormat berib yuborgan pichoqlarni pastga optushdi. Xaridor yo‘q hisobi. Kechga dovur o‘tirdi hamki, hech kim pichoqni so‘ramadi. Kun og‘ar payti bozorchaga boshiga rido o‘ragan, surriburun, yuzi silliq, muylabli buychan kishi oraladi. Halim yugurib kelib, pichoqlarini uning surriburni osha ko‘ziga tutdi-yu, “ukajon, shuni sotib oling, asl mol. Pulingiz xam o‘zingiz bilan ketadi,” dedi. Ajabki, ajnabiy ham unga o‘zbek tilida so‘zladi. Halim unga lol bo‘ldi. Ikkovi so‘rashdi. Ma’lum bo‘lishicha, ajnabiyning bobolari bir zamonlar bu yerlarga Buxorodan ko‘chib kelishgan ekan. Alalxusus, ajnabiy savdolashib o‘tirmasdan pichoqlarning hammasini egasi aytgan pulga oldi. U xayrlasha turib, uyning adresini berib, “mehmonim bo‘ling,” dedi.
Halim amal taqal qilib haj tadbirlarida qatnashdi. Bajarayotgan ishidan o‘zi xam uyalib ketdi. Hali u o‘zining ko‘p narsalarga tayyor emasligini ich-ichidan sezdi.
Ketar chog‘ida mahalliy yurt og‘alarining odatiga ko‘ra, mehmonlarga atalgan sovg‘alar ulashilar ekan. Bunda shart shu ediki, mehmonlar rasamadi bilan borib, belgilangan joydan tasbex, joynamoz va kitobni olishlari kerak edi. Halim ikki daf’a bir sidradan sovg‘alarni oldi. Oxirida tayinki, bir kishiga aynan mana shu tuhfa yetmay qolsa bo‘ladimi?!. Mezbonlarning boshi qotgan. Ruyxatni qaraydi. Hammasi joyida. Ammo bir sovg‘a izsiz yo‘qolgan. Ular uyalganlaridan ham yana shu taxlitda so‘nggi kishiga sovg‘a berishadi.
Safari qariy boshlaganida Halim ajnabiyning uyiga bordi. U yerda mexmon bo‘ldi. Mezbonni maqtadi. Yashashidan, uydagi sharoitidan noligan bo‘ldi. Uy egasi unga bir talay sovna salomlar bilan mexmonini musofirxonagacha kuzatib keldi. Hamma ketishga hozirlik ko‘rmoqda. U ham xonasiga kirdi-da, anjomlarini yig‘ishtira boshladi. Ajnabiy esa unga yordam berardi. Ne tongki, buxorolik ajnabiy sherigining sovg‘alarining orasida ikkita bir xili borligini ko‘rib qolib, ajablandi. Noqulay vaziyatga tushdi. Ishonishni ham ishonmaslikni ham bilmasdi. Mehmonga sirli qaradi. U esa parvoyi falak buyumlarni joylash bilan band edi. Mezbon qo‘llarini yuvib, sochiqqa artdi-da, mehmonning xonasidan boshini sermaganicha chiqib ketdi.
Halim to‘lib toshib uyiga qaytdi. Yormatga sovg‘aning bir juftini berdi. Go‘yoki bu bilan qarzini uzgan kishi bo‘ldi. Voqeadan bexabar Yormat unga tashakkur aytadi. Halim butun ishxonaga sovg‘a ulashardi. Shundan menga xam bir ulush tegdi…

* * *

Kamina rahbarimiz – Yormatning eshigini qattiq yopib, xayr-ma’zurniyam nasya qilib tashqariga chiqdim. Uning xonasida bo‘lib o‘tgan gaplardan dilim xufton bo‘ldi...
Sekin –asta xonamga kirdim. Ish stolimga o‘tirib, “nega endi Xayriddin Nosir deganlariga mening arizam zarur bo‘lib qoldi, ekan. Yoki ishimni to‘g‘ri bajara olmayapmanmi? Yoxud boshqa siri bormikan?” deb o‘ylab qoldim.
Biroz vaqt o‘tib, xodimlarimiz kela boshladi. Salom-alik, hol-ahvol so‘rashish boshlandi. So‘ng hamma o‘z ishi bilan ovora bo‘lib ketadi. 
Tushga yaqin telefon jiringladi. Go‘shakni sekingina ko‘tardim. 
- Salamalaykum, aka yaxshimisiz? Ijodlar zo‘rmi? Charchamayapsizmi? Ustoz bizning xonaga bir kelib ketasizmi? – go‘shakning narigi tomonidan rahbarimiz – Xayriddin Nosirning mag‘ruru masrur ovozi keldi. Ovozki, kinoyali lutflarga qorilgan iltifotli manzirat edi.
Men ham “hozir yetib boraman” deya go‘shakni tashladimu uning huzuriga yo‘l oldim.
Rahbarning qabulida odam siyrak ekan. Bir oz fursatdan so‘ng o‘tirgan xonamizda bulbul sayrog‘i jarangladi-yu kotiba qiz o‘rnidan shiddat bilan turdi-da, rahbarning xonasiga kirib ketdi. Qaytab chiqqach, “siz kirar ekansiz” deb menga yuzlandi. Eshikni taqillatib ichkariga kirdim.
-Mumkinmi, aka, - dedim.
-Ey, ey, ustoz keling, marhamat, marhabo. Xush kelibsiz. Qadamlariga hasanot, - deya u men tomon quchoq ochib kela boshladi. Ikkalamiz achomlashdik. U menga o‘tirish uchun joy ko‘rsatdi. Ro‘baro‘ o‘tirdik.
-Yaxshimisiz, - deyman.
-Yaxshi. O‘zlaridan so‘rasak? Kamnamo, - deydi.
-Yomonmas, topshiriqlarni bajarib yuribmiz, - deyman.
U paxta gulli choynakdan bir piyola choy qo‘yib menga uzatdi.O‘ziga ham bir piyola choy qo‘yib, sekingina xo‘rillatdi.
-Viloyatlardagi qalamkashlarning ijodiy faoliyatining yoritilishi qanday boryapti, - so‘roqlaydi.
-Yaxshi ketyapti, yaqinda Samarqanddan G‘ulom Ali keldi. Yangi dostoni bilan romani kitob bo‘lib chiqibdi. Shuni opkeldi. Keyin Buxorodan G‘ulom Shomurodning asarlari peshma-pesh berilyapti. Vohadan va vodiydan ham yoritilish yomon emas, - deyman.
-O‘zingiz nima qilyapsiz? Yangisidan bor deb eshityapmiz, kitob chiqarishga tayyorgarlik ko‘ryapsizmi? – deya so‘roqlaydi.
-Yo‘q, aka, bizda ijodiy qisirlik. Onda-sonda bir narsalarni qoralab qo‘ymasak, buyog‘i mardikorchilik, - deyman.
-Ishlash kerak, ijod qilish kerak, ana shu narsalar qolar ekan. Qolgani befoyda, - deydi u.
-Albatta, - deyman yuziga qarab. – Siz ancha sermahsul shoir chiqdingiz. Har kuni she’r yozasiz. Maqola, mansura, tarjima qilasiz. Tinim yo‘q sizda. Xudo kuch-quvvat bersin. Ko‘z tegmasin.
Shunda u menga bosibroq tikiladi. Gapning mag‘zini chaqmoqchi bo‘ladi. Lutfning xushomad yoki kinoya ekanligini bilmoqqa urinadi.U oshkora maqtovni unchalik xush ko‘rmaydi. Menga ham shubha aralash qaraydi. So‘zimning rostu yolg‘on ekanligini bilishga kirishadi. Sekingina so‘roq qila boshlaydi:
-Siz ham maqtovga saxiysizda, uka.
-Yo‘q, aka, bor gap ham shu, - deyman.
-Nimasi bor gap shu? – deydi u.
-Butun ijod ahli sizga havas bilan qarayotganidan bexabar ekansiz-ku! – deyman atay.
-Qo‘ysangizchi? – deya u kelinchakdek uyaladi.
-Siz ancha ilg‘or bo‘ldingiz. Atrofingiz to‘la shogird. Hozir bunaqasi kam. Sizdagi odamgarchilikning maqtalishini aytmaysizmi? Balki, bu o‘zingizga bilinmas. Lekin havas qilishga arziysiz. Sizga hasad qiladiganlar ham kam emas, buni esingizdan chiqarmang. Tilni yaxshi bilasiz. Bu sizning eng katta yutug‘ingiz. Atrofingizdagilar ham ziyrak va sezgir, - deyman.
-Odam degani hammaga yaxshilik qiladigan va kamtar bo‘lishi zarur hamda shart deb hisoblayman, - deydi. 
Rahbarimiz nedir demoqqa shaylandi. Men tilimni tiyib jim turaman. U yuzini osmonga qadab, bir muddat xayol surib turdi. Keyin katta kallasini yerga tashlagancha unsiz o‘tirdi. Nimanidir mulohaza qilardi. Piyolasidagi choyni bir himo bilan ko‘tarib ichib yubordi. So‘ng yuzlarini kaftlarining orasiga solib ishqaladi-da, amru ma’rufga o‘tdi:
-Uka siz hali yoshsiz. Sharoitingizni yaxshi bilaman. Qishloqdagi og‘aynilarni ham unutmang, holidan xabar olib turing. Bu dunyoda hammamiz omonat ekanmiz. Yigitning uyi tinch bo‘lsa, qolgani o‘z-o‘zidan bo‘p ketaveradi. Oila – bu katta qo‘rg‘on ekan. Ishxonadagi gap-so‘zlarga unchalik e’tibor berib o‘tirmang uka, bularning bari o‘tkinchi. Sizu bizdan avval ham bo‘lgan, hozir ham bor, keyin ham bo‘laveradi. Uni hech kim to‘xtatib turolmaydi. Shunday ekan siz sira ham ijoddan to‘xtamang. Mening sizga yagona maslahatim shu. Ha, aytmoqchi maishatingiz qanday? Pul, moyana yetarlimi? Yordam kerak emasmi? Agar zarur bo‘lsa ayting. Muhayyo qilamiz.
Olampanoh ko‘zlarini ma’yus mo‘ltiratib kaminaga olam-jahon pandu nasihatlar qildi. Yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatdi. Men ham oyoq-qo‘li bog‘langan odamday jimgina turib uni tingladim. Uning asosiy gap – maqsadga o‘tishini intiq bo‘lib kutardim. Rahbar – olampanoh buni payqamasdi. Yoki ilg‘asa ham indamay kezi kelishini kutib o‘tirardi.
Sabrim chidamay, buyog‘i boshimni silab aytgan so‘zlaridan so‘ng qaytarimni o‘ylab, sekin so‘radim:
-Aka, uzr,chaqirtirgan edingiz. Endi shunga ul-bul topshiriqlar bo‘lsa aytsangiz. Ko‘p vaqtingizni oldim. Qabulingizdagi odamlar ham kutib qolishdi. Hammasi meni yozg‘irib o‘tirgan chiqar.
-Qo‘ysangizchi uka, - dedi u bepisand qo‘l siltab. – Kutsa kutar. Siz bilan diydorga nima yetsin. Yaxshigina suhbatlashib o‘tiribmiz
-Mendan boshqa ishlaringiz ham bordir. Halaqit bermay degandim. Harna, katta idora, o‘ziga yarasha tutumi bor, - deyman.
-Yo‘q, uka xavotir olmang. Hammasi joyida bo‘ladi, - deydi.
-Ha, mayli, - deyman sabrsizlik bilan.
-Viloyatdagi ijodkorlar bilan aloqalar yaxshi dedingiz. Shu rost gapmi uka, - deya u qiziqsinadi.
-Ha, rost, tinchlikmi? Nima gap bo‘lgan ekan? – deyman.
-Yo‘q, o‘zim bir tekshirib ko‘ray devdim. Harna ular ham qalam tebratib yurishibdi. Namunalaridan o‘quvchilarni bahramand qilsak yomon bo‘lmasdi. Buyam bir ko‘ngil-da... - deydi.
-Hammasi joyida. Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin. Ular bizdan ayniqsa, sizdan minnatdor. Har kelganida bu yerdagilarni, sizni alqaydi, - dedim.
-Ey, zo‘r ekan-ku! – deydi u. – Uka ularga topshiriq bersa bo‘ladimi yoki yo‘q?
-Bo‘ladi. Nega bo‘lmas ekan. Nimani bajarish kerak o‘zi? – deyman shoshibroq.
-Shoshmang uka, ular ishonchlimi o‘zi? – deydi u hadiksirab.
-Ha, bahuzur, - deyman bamaylixotir.
-Uka topshiriq maxfiy edi. Ya’ni xosroq. Siz ham begona emas, lekin gap-so‘z chiqmasin deyman. Shunga og‘zi pishiq odamga topshiriq bersak. Ming qilsayam begona – begona –da, - deydi u.
-Mayli, qo‘ldan kelsa hal qilamiz. Asli nima gap o‘zi? – deyman.
-Uka, harj ko‘payib ketdi. Ro‘zg‘or katta, ukalarni o‘qitish, uyli-joyli qilish... Bu yoqda uyni yangilayman deb, ishtonsiz bo‘lishimga sal qoldi, - deya gap boshladi. – Shunga menda zo‘r kitob bor. Tiraji o‘n mingdan ziyod. O‘z mehnatim, yuragim quri bilan tartib berganman. O‘shani viloyatlardagi o‘rtoqlar orqali u yer–bu yerga o‘tkizsak. Sizniyam quruq qo‘ymasdim. Mamadali Ergash deganlari “qip beraman” devdi, enag‘arni bolasi ishini bitirdi-yu, yo‘q bo‘ldi. 
Siz G‘ulom Ali ana G‘ulom Shomurodlarga aytsangiz yo‘q demas. Keyin vodiy, vohadagi akalarni ham ishga solsangiz, ular sizga yo‘q demaydi.
-Bo‘pti, bu ishni sizga tashkil qilib beramiz. Xavotir olmang, og‘zi pishiq, ko‘ru kar odamlarimiz bor. Og‘iringizni yengil qiladi, - deyman.
-Ukajon, gap shu yerda qolsin. Dushmanlarning qulog‘iga yetsa, har xil mahobatli gaplar urchiydi. Bu ishga faqtgina o‘zingiz bosh-qosh bo‘lasiz. Iltimos, meni to‘g‘ri tushuning. Azbaroyi haddim siqqanidan sizga yorildim, ukajon. Ehtiyot bo‘ling,- dedi u.
-Bahuzur aka, men tiliga pishiq odamman. Hamma ishning boshida o‘zim turaman. Tashvishlanmang, - deya uni yupataman. – O‘sha durdonani qaerdan olaman. Ishni boshlaylik. Qancha erta bo‘lsa, shuncha yaxshi bo‘ladi. 
-Durdonani sizga Yormat aka beradi, - deydi u. – Hammasi uning xonasida taxlanib turibdi. Borib mening nomimdan olaverasiz.
-Uzr, men u kishining xonasidan o‘sha durdonani ololmayman, - dedim tap tortmasdan.
-Ey,ey, nega ukajon, nimaga ololmaysiz, - deya u ham ajablandi.
-Xuddi bilmagan odamday gapirasiz-a? Axir bugun azonlab u kishi amringizga binoan mendan ishdan bo‘shash haqida ariza so‘radi-ku! – deyman.
-Bo‘lishi mumkin emas, sizni xafa qilishibdi. Hoziroq u kishining tanobini tortib qo‘yamiz, - deya yonidagi turgan qutidek telefonning tugmasini bosdi. Narigi tomondan:
-Assalomu alaykum Xayriddin aka, yaxshi keldingizmi? Uy-ish, ijod tuzukmi? Itingizni tishi endi yaxshi bo‘lib qoldimi? – degan Yormatning doimiy yalinchoq va xushomadgo‘y ovozi kelib, butun xonani tutdi.
-Tuzuk, - deb uning gapini bo‘ldi olampanoh. – Siz nega ijod ahliga durust yordam ko‘rsatmayapsiz. Bu yerda oqsoqlik bor. Nega o‘rtoq Buzrukovdan ariza so‘radingiz. Sizga kim vakolat berdi, qani gapiring-chi?
-Kechirasiz, Xayriddin aka, aybimizni tan olamiz. Haddimdan oshibman. Tegishli choralarni ko‘ramiz Buzrukov masalasida nima desam ekan, ha u kuni Pokiza opanikida o‘tirganimizda bergan topshirig‘ingizga muvofiq...
Rahbar shu yerda telefon go‘shagini qo‘liga oladi. Endi Yormatning ovozi xonani tutmay qo‘ydi. Rahbar go‘shakni qo‘lida tutganicha yolg‘on po‘pisa qiladi:
-Yormat aka, sizga ko‘chadagi gapni ishxonaga ko‘tarib kelmang, deb necha marta aytaman. Yosh kadrlarni asrash kerak. Mayda-chuyda so‘zlardan yuqoriroqda yurishni o‘rganing. Hoziroq xonangizdan anovi kitoblarimni Buzrukovning xonasiga opchiqarib bering. Tushundingizmi? 
-Yoshi katta bo‘lsayam ko‘p narsalarga aqli yetmaydi bu odamning. Siz xafa bo‘lmang. U kishining gaplarini ko‘nglingizga og‘ir olmang. Ijodni gullatib, ko‘ngilni to‘q qilib, o‘ynab-kulib ishlab yuravering. Boyagi masalani keyinroq bafurja gaplashib olamiz.Bu gumrohning topshirig‘i uchun sizdan uzr so‘rayman. Meni ham ma’zur tutasiz. Ishda hammasi bo‘lishi mumkin , - deya menga yuzlandi.
Biz shu tarzda xayrlashdik.
Xonamga kelsam, bir uyum kitob taxlanib turardi... 

* * *

Xayriddin Nosirning yangicha-yu eskichadan ham savodi borligi rost. Zamon o‘zgarib, yurt og‘alarining yodiga elu ulusning qadim tarixi, an’analari, arboblari va boshqa nodir xazinalari go‘yoki qorni to‘yib, hazmi uchun choy ichib o‘tirgan kishiga nash’asi xumor qilgandek hech kutilmaganda tushdi. Barcha dovdirab, jonsarak alfozda o‘zini avlo ko‘rsatib, har yerga peshkash qilardi. Harna o‘zini sodiqu vafodor ko‘rsatish, nedir ilinju manfaat, juda bo‘lmaganida o‘zini bechora va aftodohol ko‘rsatib qo‘yish.
Atrof tevarakni faqatgina ajdodlarimiz ko‘rsatgan qahramonliklar, ularning jasoratlari, yozuvlari-yu asarlari, ixtiro-yu kashfiyotlari haqidagi gap-so‘zlar kimo‘zarga boshlandi. Ularni bizga olabo‘ji, yot unsur deb o‘rgatganlarni so‘kishga so‘z topolmay boshi qotishgan.
Yoppasiga moziyni o‘rganishga, uni tadbiq etishga kirishildi. Xayriddin Nosir ham bu vaziyatda mohir sarbon kabi karvonini yo‘lga boshlab borardi. Joni halak. Xato qilmaslikka chiranadi. Gir atrofdan maslahat so‘raydi. Nasihat oladi. Idorani boshqarib turishning o‘zi bo‘lmasdi.
Xayriddin Nosir aslida men yashagan qishloq – Tutlisoydan uch qir naridagi – Uzoqbuloqdan. U bozorimizu mozorimiz birligini inobatga olib, menga qayishadi. Aslida, uning talabi bilan bu yerda ishlab yuribman. Rahbarni qora tortsam-da, biroq undan o‘zimni opqochib turaman. Boshqalar o‘xshab uning ro‘zg‘ori-yu ishlariga aralashmasdim. Va bular meni qiziqtirmasdi ham.
Xayriddin Nosir meni vaqti-vaqti bilan xonasiga chorlab, yulu yurt haqida gaplashib o‘tirishni yaxshi ko‘radi. Nasihatu maslahat berardiki, bu ham azbaroyi ichi achiganidan. Keyin tergab ham turardiki, buni ham aytmasam bo‘lmaydi. O‘ylardimki, u meni ko‘rsa, qishlog‘i, yoshligi va elatdoshlarini eslasa kerak... 
Soyning suvlari va ziyoratgohlarni qo‘msab yurgan kunlarimda xizmat safariga otlandim. Men safarga otlangan yurtga borish uchun avvaliga o‘zim yashagan qishloqning ustidan o‘tish shart edi. Negaki, yagona yo‘l bo‘lib, u ham bo‘lsa, mening qishlog‘im – Tutlisoy orqali o‘tardi. Ketar oldi rahbarimiz – Xayriddin Nosirga uchrashdim. Kayfiyati chog‘ ekan, ancha suhbatlashdik. “Kitoblaringizni ham birato‘la opketib, pullab kelaman, yana boshqa topshiriqlar yo‘qmi?” deb so‘rayman. Rahbar ancha dam o‘ylanib turdi. So‘ng stolning tortmasini kovlay boshladi va oxiri undan yelimlangan konvertni oldi-da, “Uzoqbuloqning maktabida Oysuluv degan muallima bor, mana buni unga berib qo‘yasiz. Faqatgina ehtiyot bo‘ling,” deya uzatdi. 
Xayr-xushlashib, uning xonasidan tashqariga chiqdim.
O‘ylab qarasam, anchadan beri qishloqqa bormagan ekanman.
Fursat yetib, tegishli narsalarni xaltaga joylab, tongda yo‘lda otlandim. Xudo xohlasa, to‘rt soatda uyga yetib olaman. Shu bahonada qarindoshlarni ko‘raman. So‘ng dovon oshib, xizmat safarimni ham ado etaman, deb o‘yladim. 
Endi shaharda chiqayotganimda mashinamga keksa – taxminan yoshi yetmishlardan oshgan shlyapali kishi qo‘l ko‘tardi. To‘xtadim. U kishi halloslab yetib kelganicha, enkayib so‘radi:
-Uka, qaergacha borasiz?
-Amaki yo‘l bo‘lsin sizga?
-Buxoro tomonlarga bormoqchi edim.
-Yo‘lim Qarshi tarafga edi-da!
-Unday bo‘lsa meni Samarqandgacha opketing. Iltimos sazamni o‘ldirmang? – deya o‘tinadi.
-Bo‘pti, o‘tiring, yo‘lda gap berib ketasiz...
Chol aftodahol edi. Ko‘zlari kirtaygan. Surraygan burnini kosovday qo‘llari bilan ishqab qo‘yadi. Yo‘l-yo‘lakay ob-havo, narxu navodan gaplashdik. So‘ng safarga chiqqanimni va shu bahona uyga borayotganimni, tug‘ilgan yurtim bilan bog‘liq istiholalarimni ham aytdim. To‘y-ma’rakalarda qatnasha olmayman, dedim. Ertaga bolalarim nima qiladi? O‘zim-chi? O‘zim? Mana shunday narsalarni ham o‘ylamasa bo‘lmas ekan, dedim.
-Uka, - deya gap boshladi sherigim. – Bunday savdoning eng yomoni mening boshimdan o‘tdi. Keling, uzoq yo‘l, sizga bir boshidan gapirib beray. Asli – Oqtovdanman. Otamning otini – Rajab degan. Onamning oti esa - Kunsuluv edi.Onam ilg‘orlardan edi. Qishlog‘imizda eng birinchi bo‘lib, paranjisini o‘tga otgan, yoshkamol bo‘lib, faol ayol u qizlarga rahnomalik qilgan edi.
Otam men hali tug‘ilmasimdanoq urushga ketadi. Urushdan salkam yetti yil deganda qaytdi. Xudoga shukrki, tani-joni sog‘ edi.
Mana shu orada men tug‘ilaman. Onamni u dalada o‘roq o‘rib, mashoq terib yurgan damda to‘lg‘oq tutganida, Mahkamtosh kampir doyalik qilgan ekan.
Menga – Omon degan ismni qishloq oqsoqoli qo‘yadi. Maqsad shu ediki, mening ismim timsolida yurt obod, urushning tezroq bartaraf bo‘lishini va boshqa xayrli niyatlar bor bo‘lib – oxiri baxayrlik to‘yg‘uni ko‘rmoq istashadi...
Otam urushdan qaytgan kezlari men undan begonasiraganda paytimda, onam:
-Bolam, begonasirama, otang bo‘ladi. Urushdan qaytdi. Senga ko‘p o‘yinchoqlar opkeldi. Hali seni maktabga olib boradi. Katta odam bo‘lib ketasan. Otga mindiradi. Bozordan senga har xil shirinliklarni opkeladi. O‘zing ham otam qaerda? Qachon keladi? deya meni qiynarding-ku! Mana endi hammasi joyiga tushdi. Shukrki, otang bag‘rimizga eson-omon qaytdi. Chop, otangning oldiga bor. Begonasirama...
Otam kulib-kulib meni quchadi. U boshimni silab, o‘zining boshidan o‘tganlarini birma-bir ko‘z oldidan xayolan o‘tkazdi. Taqdiridan rozi bo‘ladi. Daydi o‘qqa uchmasdan uyiga sog‘u salomat keldi. Otamning ko‘zida yosh qalqib va yuzi aro boshimga tomchiladi. Men esa unga ajablanib qarayman. Onam ham bu holni ko‘rib turib, “urush ham uning diydasini qotirmabdi,” deya o‘ylaydi.
Yoshligim oxir kechgan.
Daftar, qalamni latta xaltachaga solib, qishloqning bir chekkasidagi maktabga qatnardik. Maktab ham omonatgina qurilgan edi. Yozda issiq, qishda sovuq bo‘ladigan bu dargohda u o‘n yil o‘qidim. Menga qo‘shilib ikki ukam ham bu yerda tahsil olardi. 
Men sho‘x edim. Qizlarning jamalagini bir-birovlarinikiga bog‘lab qo‘yardim. O‘rnidan ilkis turgan qizlar dodlashardi. So‘ngra ular meni yozg‘irishardi. Men bolalarni bir-biriga tezlab, gij-gijlab, urishtirardim. Janjal bo‘lganida, o‘zim silliqgina juftakni rostlardim.
Oxiri hammasi fosh bo‘ldi. Ular meni tutib olib rosa do‘pposlashadi. Men esa yana hech narsa ko‘rmagandek yuraverardim. 
Vaqti yetib, maktabni ham tugatdim. Otam meni Samarqanddagi muallimlar tayyorlaydigan dargohdan biriga opkeladi. Hujjatlarni topshirdik. So‘ng shahar chetida - uzoq qarindoshlarimiz yashaydigan Arabxona qishlog‘idagi Mamasodiq boboning uyiga kelib qo‘namiz. Men bu yerda turib o‘qishga tayyorlangan kishi bo‘ldim.
Mamasodiq boboning ro‘zg‘orida ham ul-bul yumushlarga qarashib turdim. Men o‘qishga kira olmadim. Otam ham, uy egasi – Mamasodiq boboning ham dilxira bo‘ldi. Ertasiga ertalab, tong yorishsa, ota-bola qishloqqa qaytishimiz kerak. Biroq, borgim yo‘q. Oriyat yo‘l qo‘ymaydi. Oxiri qolgan-qutgan kuchimni yig‘dimu otamga yuzlanib va dardimni aytdim:
-Ota, men endi qishloqqa bormayman. Borishdan uyalaman. Shu yerda yoki boshqa joydan ish topib, ishlab, so‘ng, kelasi yili o‘qishga kirib, uyga boraman. Enamga ham tushuntirib ayting. Mendan xafa bo‘lmasin. Men baribir o‘qiyman. Hali ko‘p ishlarni qilamanki, ko‘rib hayron bo‘lasizlar. Ota, ertaga o‘zingiz qishloqqa ketavering, ozroq pul-muldan menga tashlab ketsangiz bo‘ldi.
Ertalab otam qishloqqa qaytib ketadi. Men biroz – hovurim bosilguncha Mamasodiq bobonikida yurdim. Keyinchalik taqdiri tavakkal deb Toshkentga ish qidirib keldim. 
Bu yerga kelib, bir no‘g‘oy kampirning uyiga joylashdim. No‘g‘oy kampirnikida mendan boshqa Xayriddin degan bir yigit ham bor edi. Sherigim bilan tanishdim. Uch-to‘rt kun o‘tib, u meni o‘zi ishlayotgan zavodga boshlab keldi. Meni zavodga ishga qabul qilishdi. Ijarachi no‘g‘oy kampir bizlarni nazorat qilardi. Maishatlarimiz yaxshi edi bu orada otam ham kelib, ahvolni bilib ketdi. Shu bilan birga o‘qishimni ham surishtirdi. Men hali shashtimdan tushmagan edim, “ota, baribir o‘qishga kiraman,” dedim.
Oladigan maoshlarimiz ham tuzukkina edi. Bu mavsumda men muallimlar tayyorlaydigan kursning sirtqi bo‘limiga xujjatlarini topshirdim. Tunu kun boshimni ko‘tarmasdan kitob o‘qidim.Bu gal omadim chopdi. Imtihonlardan o‘tdim. Meni o‘qishga qabul qilishdi.
Otam xursand bo‘lganidan no‘g‘oy kampirnikiga qo‘y so‘yib keldi. Do‘stu birodarlarimga ziyofat berdi. Otam bolasining baxtidan xursand edi. 
Men o‘qishda yangi odamlar bilan tanishdim. Turli toifa inson... Hammasi xursandchiligiga sherik izlaydi. Barchasi ham olis manzillarni mo‘ljalga olishgan.
Ana shunday kunlarning birida no‘g‘oy kampir meni yoniga chorlab, iymanibgina turgan bir qiz bilan tanishtirdi:
-Bu qizning ismi – Farida bo‘ladi. Akamning qizi. Bo‘lajak do‘xtir. Hozircha ota-onasi olis va uzoq komandirovkaga ketyapti. Shuning uchun bu qiz–Farida biznikida turadi. Bir-birovlaringga yordam etasizlar. 
Shundan so‘ng no‘g‘oy kampir Faridaga meni ham kasbi-korimni, o‘qish-turishini aytib tanishtirdi.
Ne qilayki, men Faridaga shaydo bo‘ldim. Ishdan erta qaytaman. No‘g‘oy kampirning yumushlariga yollashaman. Shu orada Faridaga ham yordamimni ayamayman... Unga har turli latifalaru rivoyat-hikoyatlarni aytaman. She’ru dostonlarni ham so‘zlardimki, oxiri ko‘rinmasdi.
Men qizni avradim.Va ko‘nglini ham oldim. Buni esa no‘g‘oy kampir ham payqadi.
-Hov, bola, - dedi no‘g‘oy kampir menga. - Bu ishni chidaganga chiqargan, yarim yo‘lda qochadigan bo‘lsang, holingga maymunlar yig‘laydi. Qadamingni bilib bos, ko‘zingga qara, boshingga yomon savdolar tushmasin.
-Men mardman, xola, - dedim, - ko‘nglim amri nimani buyursa shuni qilaman. Birovga ziyonim tegmaydi. Faridaning muhabbati men uchun sharaf. Men bundan baxtiyorman.
-Ey, bola, sen bunaqangi havoyi gaplaringni qo‘y. Senga ishonish qiyin, negaki, ko‘zlaring o‘ynaydi. Sen bola quvga o‘xshaysan. Hali boshingda ko‘p tashvishlar bor ko‘rinadi. Odam qadrini bilmaydiganga o‘xshaysan. Hozir ham kech emas. Hayotingni to‘g‘ri yo‘lga boshlab yuborishing mumkin. Aks holda, senga qiyin bo‘ladi, - dedi no‘g‘oy kampir.
-Siz noto‘g‘ri fikrlayapsiz, - deyman, - mening taqdirim hali hech kimga ma’lum emas. Siz esa bemalol fol ochyapsiz.
-Eh-he-e, bolam, - dedi no‘g‘oy kampir. – Men fol ochmayapman. Bor-yo‘g‘i taxmin qilyapman, xolos. Buvim sinchi bo‘lgan. Nima bo‘lgandayam sen mendan xafa bo‘lmagin.
Suhbatimiz shu bilan tugaydi.
Farida bilan to‘yimiz dabdaba-yu as’asalardan holi tarzda o‘tdi. Ota-onalarimiz bo‘layotgan to‘yimizdan norozi edi.To‘yda kuyov tomon qarindoshlardan vakil yagona – Xayriddin edi.Tantana tugagandan so‘ng kelin-kuyov no‘g‘oy kampirning do‘ltaxonasiga joylashdik. Biroz vaqt o‘tib, Faridaning otasi shaharning o‘rtasidan ikki xonali uyni bizga sovg‘a qildi. Endi men butunlay boshqa olamga kirgandim.
Qaynotam o‘qishni tugatayotganimni bilib, mashina sovg‘a qildi. Va shu bilan birga meni o‘zim bitirayotgan dargohga o‘qituvchi qilib ishga joylashtirdi.
Tan olaman, yurish-turishim osongina o‘zgardi. Endi men ham har qanday davralarga moslasha oladigan odamga sekinlik bilan aylanayotgan edim. Men erishayotgan yutuqlarim uchun qaynotamdan minnatdor edim. Negaki, uyda ham, ko‘chada va o‘quv dargohida ham obro‘im baland bo‘ldi. Faqat otamgina o‘g‘lining obro‘siga bepisand edi. Onam sandiqdagi seplarini yoyib yig‘lardi...
Musofir yurtda birgina Xayriddin mudom mendan xabar olardi. Uning ustidan istehzo bilan kulmoqchi ham bo‘lardimki, lekin afsuski, bunday qila olmasdi. Negaki, u meni o‘tmish bilan bog‘laydigan yagona ko‘prik edi.
Taqdir ekan, qarang, men ishxonamizdagi boshi ochiq bir ayolni yoqtirib qoldim. Avvaliga ko‘nglini oldim. Keyin qo‘l solib ko‘rdim. Hammasi joyida. Ayolning ham menga mayli bor ekan. Mashinamda shahar aylantirdim. U bilan oshiq-ma’shuqligim davom etardi. Turli xil ziyofatlar, antiqa sovg‘a-salomlar uyushtirildi. Oxiri voqealar rivoji shu bo‘ldiki, mening sarguzashtlarimni kimdir Faridaga yetkizadi. Orada katta janjal qo‘pdi...
Boshi ochiq ayol do‘xtirdan noma keltiradiki, unda berilgan noma egasi ikkiqat, unga parvarish va mehr zarur. Mushtiparni avaylamoq shart, deb yozilgan ekan.
Ayol bu xatni qo‘lida tutib, avvaliga ishxonadagi rahbarlariga aytadi, so‘ng uyga kelib, bor gapni Faridaga aytadi-yu ketadi. Qolgan tomoshoga o‘zi aralashmaydi. 
Xotinim mashinaning kalitini opqo‘yib, meni ko‘chaga chiqarib yuboradi. Keyin ishdan bo‘shattiradi.
Men yana o‘sha eski – no‘g‘oy kampirning uyiga qaytib keldim. Kampir kiritmadi. Rosa yalinib yolvorganimdan keyin izn berdi. Bu yerda ijarada yashab yurdim. Xayriddinni so‘rishtirdim.Bu orada u ham oila bo‘libdi. O‘qishni tugatib, qaerdadir ishlayapti ekan. O‘zim ham bosib so‘ramadim.
Kunlardan birida xotinim bolalarim bilan kelib, meni uyiga opketadi. Kechga tomon qaynotam ham yetib keladi. Men esa o‘zimni qaynotamning oyoqlariga ostiga tashlayman.
-Men aybdor emasman, - deyman. – Bu tushunmovchilik. Men yolg‘iz Faridani sevganman. U ayol – jodugar. Oilamga rahna solmoqchi bo‘lgan. U manjalaqi meni sharmanda qilmoqchi. Negaki, menda boylik, obro‘, e’tibor, izzat-hurmat va qolaversa, sizdek suyangan tog‘ bor. Shunga hasadi keladi. 
Qaynotam mening gaplarimni bo‘lmasdan eshitib o‘tirdi. Boshini chayqadi. Uning bolasiga achingani-yu afsuslanayotganini sezib turardim. Unga rahmim keldi.
-Sen bolada ko‘p gap borga o‘xshaydi, - dedi qaynotam. – Avvalasiga ajal xudodan. Lekin sen o‘z ajaling bilan o‘lmaydigan ko‘rinasan. Ikki yolg‘on, bir qasam deyishadi. Qasamdan qo‘rqqin bola. Sen yaxshilikni bilmaydigan, oqu qorani farqlamaydigan, nonu namakni unutgan odam ekansan. Mayli, qizimning taqdiri sen bilan qo‘shilgan ekan, peshonamdan ko‘raman. Lekin sen ablah va iflos ekansan.
U shu gaplarni aytdi-da, o‘rnidan turdi. 
Falokat ustma-ust kelarkan. Ishlarim orqaga ketdi. Yaratganga ham qilgan ishlarim yoqmadi chog‘i va bu yog‘i qaynatamning qahri qattiq kelib, ishdan ketdim. So‘ppayib, uyda o‘tiradigan bo‘ldim. Ilgarigi davru davronim o‘tdimi deyman, birov hattoki, nima qilyapsan deya eshigimni qoqmaydi. O‘zimni qo‘yarga joy topolmayman. Dunyolarga sig‘may ketaman.
Uyda yuramanu dekin bu yerdagilar meni hisobdan chiqarishgan. Men bilan birovning ishi yo‘q. Boru yo‘qligim bilan birov qiziqmaydi. O‘zimga o‘zim andarmon bo‘lib yuraman. Bunga ham sababchi o‘zim, deb o‘ylayman. Idish tovoqlarimni ham alohida qilib berishgan. Alohida xonada yotib turaman. Ular bir kosa ovqatimni o‘lganining kunidan qo‘yib ketishadi. Choyni o‘zim damlab ichaman. Dasturxonlarni o‘zim solaman, o‘zim yig‘aman. Kirlarni ham o‘zim yuvaman. Bir azobda kun kechira boshladim. Biroq, uydan bir gap tashqariga chiqmaslik uchun qozonning qopqog‘ini mahkam tutib turardik... 
Men endi sekinlik bilan xuddi hayotni o‘rganishni boshlagan boladek, sekin uydan chiqib, tashqaridagi dunyo – boshqa olamga ham qiziqa boshladim. Va bu olamga astagina kira boshladim ham. Tashqari deganim – bu ko‘cha – choyxonada o‘tiradiganlarning yoniga borib kelib, shu yerga sekin bo‘lsa-da tanda qo‘ya boshladim. Bu yerdagilarning ham o‘z dunyosi bor edi. Ajabki, bu yerda ham olam muhokoma qilinardi. Taxminu tusmollardan tashqari, xukmi xulosalar ham yasalardiki, eshitib hayron qolardingiz. Ular ham hayotni o‘zlaricha kuzatardi. Meniyam bu davra quchoq ochib kutib olmadi. Negaki, ular mendan cho‘chishgandi. Hadiksirab so‘z boshlardi. Davrada o‘tirsam, ular birdaniga jim bo‘lib qolib, gapning o‘zani boshqa tomonlarga burilib ketayotganligini sezib turardim. Shashti birdaniga tushgan davra, birdaniga jo‘n suhbatga o‘tardi.Ular meni xushlamayotganini sezib qolaman. O‘ylashimcha, ular meni mening kimligimni orqavarotdan eshitgan va taqdirimdan xabardor edi. Davradan menga odatiy savollarni tashlab ko‘rardi:
-Domla, hozirgi yoshlar ham avvalgilarga o‘xshamaydi!..
-Bu gap eramizdan oldin ham bo‘lgan ekan, Manbalarda buyam qayd etilgan, - deyman pinigimni buzmay.
-Ilgarilari muallim koyisa, ota-onalar ham ma’qullardi, hozir esa iddao qiladi, - deydi yana biri. – Bolasiga qo‘shilib kelib, sizni izza qiladi.
-Besh qo‘l barobar emas. Hammasi ham siz aytgandek, betgachopar emas. Orasida yaxshilariyam ko‘p, - deyman.
-Nima bo‘lgandayam, sizdek domlalarga qiyin bo‘ldi. Avvallari pichoq moy ustida edi. Endi zamon ham odamlar ham o‘zgardi. Bir gap kamlik, ikkitasi esa ko‘plik qiladi, - deya yana boshqasi pisanda qiladi.
-Ellik yilda el, yuz yilda qora qozon o‘zgarar ekan.Bunga hayron bo‘lmaslik kerak. Zamon shiddat bilan olg‘a ketayotgan bir paytda eski tutumlar bilan yashash har qanday ilg‘or fikrli kishini toliqtirib qo‘yadi.Buninguchun sira qayg‘urib o‘tirish kerak emas, - deyman.
Shundan keyin davra bir pas jim turadi. Orada suhbat barchaning boshida aylanib, tahlil qilinayotganini anglayman. Biroq, oldinda yana savollar boshlanishi tayinligini ham unutib bo‘lmasdi. Mana aytganim bo‘ldi. Yana biri boshini ko‘tarib savol tashlaydi:
-Zamonga qarab ish ko‘rish kerak, deysizda- a domla? 
-Zamon ham makon ham joyida turibdi. Faqatgina g‘oyalar o‘zgargan. Ularni ro‘yobga chiqarish uchun fursat kerak. Biz mana shu yerda sabrsizlik qilamiz. Aslida, mavridi bilan hammasi o‘z-o‘zidan joyiga tushib ketadi. Bu yumushlarning bizga bog‘liq joyi faqatgina mana shu yerda. U yuqridan boshqarilishini bilib olsak, ko‘nglimiz joyisha tushardi, - deyman.
-Yashang, domla, to‘g‘ri aytasiz, zamon emas, o‘zimiz o‘zgarib boryapmiz, - deya biri gap boshlagan damda, yana boshqasi:
-To‘g‘ri-ku-ya lekin deganlari ham turnalarday uchib ketdi,- deya shartta so‘zni bo‘ladi.- Ana Shukurning otasi uni bola-chaqasi bilan ko‘chaga chiqarib yuboribdi. Narigi ko‘chadagi Norqul qassob onasini qariyalar uyiga oborib tashlabdi. Ilgarilari bunday ishlardan hayiqishardi. Uyatu andisha bor edi.
Davraga razm solsam, ular meni qizitishi bilan birga o‘zlari ham otashga aylanib borardi. Ammo hammasi ham mening og‘zimga qaragan. Birgina men ularning e’tiborini tortib o‘tirardim. Bu holat menga davraga kurash uchun tushgan polvonni eslatardi. Polvon raqibining qay holatda, qay paytda qaysi usuldan foydalanishini o‘ylaganidek, mudom sergak turadi. Mening ahvolim ham shunday edi. Davradagilar yoshi-yu kasbiga qarab turli tuman savollar tashlaydi. Uning zaminidagi mazmun mohiyat o‘zimga ham ayon bo‘lardi. 
-Sarmoya hayotni belgimasligi kerak, - deydi yuzi ham, kiyinishi ham sipo bir kishi. Bu odam bir paytlar do‘kondor bo‘lganligini keyinchalik bilib olaman.
-Hayotni birinchi navbatda muhabbat va keyingi galda esa pul belgilashi bor gap, - deyman unga qarab turib.
-Inson pulu mablag‘lardan yuqori turishi kerak. U oldingizga o‘tdimi, tamom, xudo urdi, deyavering. Ko‘z oldingiz qorong‘ulashib, ne qilaringizni bilmaysiz. Boylikni hamma ham ko‘tara olmaydi, - deyman.
-Dunyoda hamma boyu badavlat bo‘lsa, unda kambag‘allar kimga kerak bo‘ladi. Axir u ham olamda rizqini terib yurishi uchun yaratilgan-ku! Uyam men nochoru nodon bo‘lib yashayman, deya dunyoga kelmagan-ku! Besh qo‘l barobar emas, qo‘yinglar, shu gaplarni kun bo‘yi faqat shularni so‘zlashamiz. Birovga foydamiz tegmaydi-yu, lekin yo‘l-yo‘riq ko‘rsatamiz. Boshimizga kelsa, ko‘raveramiz-da, - deya keksarog‘i gap tashlaydi.
Davra menga va men ham o‘z-o‘zidan davrada o‘tirgan bu odamlarga qo‘shilib borardik.
Ermak uchun bu yerda turli o‘yinlar tashkil etilardi. Shaxmatu shashkadan tortib qimorgacha bu go‘shada tong otgunicha o‘ynalar ekan. Bu orada esa burchakdagi o‘choqda qozonga ham yegulik tashlab qo‘yishardi. Dasturxon ham atrofdagilarning himmatiga qarab tuslanib turar ekan.
Suhbatimiz birdaniga so‘ndi. Negaki, kech kirib, hamma uyiga shoshila boshladi… 
Sekin asta men men ham uydan otilib chiqardimu mana shu joyga shoshilar edim. Bu yer meni o‘ziga ohangrabodek jalb eta boshlagan edi. Inson barcha sharoitga kshnika borishi va shu tariqa o‘zida yashovchanlik qobiliyatini namoyish etayotganini o‘zi ham ilg‘amasa kerak, deb o‘ylab qoldim. Bunga men o‘zim misolimda amin bo‘la boshlagan edim. Ammo nima bo‘lganda ham, bu choyxonadagilar mana shu olamda o‘zlarining borligini ko‘rsatib qo‘yishlari va turli qarashlarini hamda shu bilan birga g‘aroyib fikrlarni o‘rtaga tashlab kishini shoshirib qo‘yardi. 
Biroq, mening ham bu davraga singib ketolmayotganim goh-gohida ayon bo‘lib qolardi. Qozondagi o‘pkadek suvda qalqib turardim.Ovunchoq topganimdan, ko‘nglim chigilini shular bilan biroz bo‘lsa-da, yozilayotganidan ojiz qalbim bilan sezib turardim. Ammo yuragim baribir to‘lagicha ochilmasdi. Bu menga ham qorong‘u edi.
Choyxona yilning barcha fasllarida ham olomonga to‘la bo‘lardi. Keluvchilar ko‘rgan kechirganlarini shu yerga kelib, o‘rtaga tashlardi-da, biri olib, biri qo‘yib muhokoma qilishardi.Bu yerda men avvaliga aroq ichishni, ichganda xam o‘zimni bilmaydigan darajada yetdim. Va shu orqali tanimda bir huzur ham tuyadigan bo‘ldim. Boshimda tunu kun tinchlik bermaydigan, meni bandi qilgan har neki o‘y-yu xayollar birdaniga birdaniga g‘oyib bo‘lib qolardi. Shunda men o‘zimni juda erkin sezardim. Dunyo ko‘zimga yana ilgarigidek totli ko‘rina boshlardi. Menga chalg‘iganim va biroz bo‘lsa-da tashvishlarni unutganim hisob edi. Mastligimda butun olam oyog‘im tagida yotgandek bo‘lardi. Bu ham mayli, men bu yerda bora-bora qimor ham uynay boshladim. 
Kech kuz edi. Shamol aralash yomg‘ir ertalabga qadar betinim yog‘di. Azonlab o‘rnimdan tursam, xotinim o‘yg‘onishimni kutib o‘tirgan ekan. Yuz-qo‘limni yuvib kelib, dasturxon yoniga o‘tirdim.
-Tomdan chakka o‘tyapti, tog‘ora-paqirlar to‘lib bo‘ldi. Tepaga chiqib tuzatib tushing, - degan amr bo‘ldi.
Og‘ziga talqon solgan odamday jim o‘tirardim. So‘ng, narvonni topdimu devorga taqab, tomga o‘rmalay boshladim. Kechagi ichgan aroqlarim boshimni aylantirar edi. Nimagadir shu ishni qilgim kelmasdi, oyog‘im tortmayotgandi. Tomga chiqish men uchun juda azob edi. Yoshligimda yerga yursa osmonga sapchiydigan, shiddatkor bola edim. Tovonimdan ham, ko‘zlarimdan ham o‘t chaqnab turardi. 
Bir amallab tomga chiqdim. Havo aynigan, shamol turib, yana yomg‘ir yog‘adigan ahvol yuzaga kelmoqda edi. Bulutlar yanada kuyuqlashgan. Mo‘ljal qilib, teshilgan tunuka tomon boraman. Shu zaylda ketayotganimda, bir payt ne falokat yuz berib, oyog‘im sirpanib ketdi. O‘zimni bajara olmay qoldim. Tasavvvur qiling, mana shu gavdam bilan tomdan yerga quladim. Xudo deganim bor ekan, faqatgina bir qo‘lim bilan bir oyog‘im sindi. Qariganda bitishi qiyin kecharkan. Ancha azob tortdim. Hattoki, xojatga ham birovning yordamisiz borolmas edim. Boshida xotinim bilan bolalarim o‘lganining kunidan qarab turishdi. Men ularning joniga tegayotganimni sezardim. Bir kuni hech kim oldimga kirmadi. Jim yotaverdim. Ikkinchi va uchinchi kunni ham shu holda o‘tkazdim. Uchinchi kun juda tashvish tortdim. U yoqdan bu yoqqa ag‘darilib olishim mushkul edi. Yordamga muhtoj edim. To‘rtinchi kuni ertalab, qaynsinglim keldi. Men yotgan xonaning eshigini ochdi-yu burnini jiyirdi. 
-Faridalar Qrimga ketishdi. Akvariumdagi baliqlarga yemak berish uchun keluvdim. Uyam tugab qolibdi, oxirgisini berdim. Magazindan ularga ovqat opkelaman. Siz uydagilaringdan birovini chaqiring. Qarab tursin yoki bo‘lmasa sizni o‘sha yerga opketib qarashsin, - dedi.
-Yaxshimisiz, Naima, axir ular yozda ketardi-ku! – deyman xo‘rligim kelib.
-Ixtiyor o‘zida, qachon xohlasa, o‘sha paytda ketaveradi. Ayni o‘ynab kuladigan vakti kelgan, - deydi bepisandgina.
-To‘g‘ri aytasiz, ixtiyor o‘zida, meniki esa birovning qo‘lida,-deyman kesatgandek bo‘lib.
Biroq Naima parvo ham qilmaydi. Aslida, bu gaplar unga zarracha bo‘lsa-da, ta’sir kilmayotganligi anglab turardim. Ayni kalomlar Naimaning tabiati-yu ruhiyatiga xam mutloqo zid edi.
-Domla pochcha, siz bularni boshida o‘ylashingiz kerak edi. Opamni oyoqosti qilgan paytingizda bu ko‘rgulik borligini umuman o‘ylamagansiz, mana oldinda sizni kutib turgan taqdir bu ekan, - deydi shartta.
So‘z shu yerda tugaydi. Uning ham va boz ustiga mening xam gaplashishga hushimiz qolmagan edi. Naima eshikni yopdi-yu tashqariga chiqib ketdi. Xonada yana o‘zim eski dardlarim bilan qoldim. Osmon yiroq, yer qattiq, deganlarini shu yerda bildim. Sim karovatda oyoq-qo‘li bog‘langan holda yotganimcha dunyoga, taqdirimga lan’at aytardim. Birov kelib mendan xabar olmasdi. Eng og‘ir ko‘rgulik mana shu edi menga. Tanimda simillab turgan og‘riq menga ta’sir o‘tkaza olmasdi. Men bunaka azobga ko‘nikib bo?ladim. Va bundan to‘lig‘icha kutilmoq istardim. Gapning rosti, jonimga qasd qilmoqchi ham bo‘ldim. Biroq, noiloj edim.Qo‘limdan hech narsa kelmasdi.
Mening ko‘zim endi ochildi. Odam har narsasiz yashashi mumkin ekanu lekin orsiz yashay olmaskan. Yaxshiyamki, olamda nomusu or yaralgan ekan. Ko‘p narsalarni qo‘ldan chiqarib boshlagan ekanman, deya uylay boshladim. Shu damda otam bechoraning menga qilgan olamjahon nasihatlarini beixtiyor eslayman.
”Bolam, enang bilan meniyam, manovi qarindosh –urug‘, og‘aynilarniyam o‘ylama, mayli. Lekin elni, tuproqni o‘ylagin. Yaxshidan yaxshisi ko‘p. Ko‘cha to‘la ayol. Iliq gapirganning ortidan iliqib ketaversang oxiri nima bo‘ladi? Urug‘ni bulg‘ading, bola. Lekin bir narsani bilib qo‘ygin bolakay, hali ko‘p narsani ko‘rasan. Uvol yomon narsa. Mayli boraver, oldingdan oq kun tug‘sin!»
Bugungi kunda kelin o‘sha otaning o‘g‘lini tashlab, sayru sayohatga ketgan. Er esa uyda oyoq-qo‘lsiz yotardi. Gunoxkoru jabrdiydani istab, uni yozg‘irishga fursat yo‘q. Hamma bir-biridan o‘tgan. Hamma haq.
Ko‘hna tarixni eslagim kelmaydi. Bundan xotiram og‘riydi. Umrning esa ko‘pi o‘tib xam bo‘ldi. Noumid bo‘laman. Xo‘rligim keldi. Baliqchalik mehrga, izzatu e’tiborga ham noloyiq ekanligimdan nafratlandim. Izzatim bitganini sezdim. Ko‘rpaga boshimni burkadimu yig‘ladim. Ko‘p va o‘ksib yig‘ladim. Anchadan beri yig‘lamagan edim. Hayhotdek hovlida, qorong‘u torkunjakli xonada, sim karavontning ustida oyog‘u qo‘li singan odamning yig‘lagani juda jonli chiqargan. Ovozimni chiqarib, baralla baqirib, ho‘ngrab yig‘layman. Xumorimdan chiqqunicha yig‘ladim. Tanimdan og‘riqlar ketdi. Xayolimdagi mushkulotlar ham tugab bitdi.Bunaqa huzurni va bunaqa halovatni yaqin orada to‘ymagan edim. Tanim yayradi. Gunohlarimni bir bir eslaganimda yig‘i yanada kuchayadi. Og‘riq esa o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketdi. Biroq o‘rnimdan siljiy olmasdim. 
Bir mahal, darvoza taqillab, ovoz keldi:
-Domla, uydamisiz?
-Omon aka, ovoz bering!
-Odamni sog‘intirib yubordingiz-ku!
Bu ovozlar choyxonadagi odamlarniki edi. Men ham jonholatda uydan turib ovoz chiqardim. Ular tortinib, hijolat bo‘lganicha uyga kirib kela boshlashdi. “Bahuzur kelaveringlar, men kutib ololmayman,” dedim. Ular men yotgan xonaga bostirib kelishdi-yu hangu mang bo‘lib qolishdi. Boya yig‘laganlarimdan ko‘zlarim ham sal-pal shishgan ekan, chog‘i, ular ham qarab –qarab qo‘yishdi. Vaziyatni tushuntirdim. Oradan hijolatpazlik ko‘tarildi. Ulardan biri yostig‘imni to‘g‘riladi. Yana biri oshxonaga kirib ovqatga unnadi. Biri choy keltirib, menga ham choy uzatadi. Ichdim. Dasturxonga hash pash degunicha ovqat keltirishdi. Suyuqroq joyidan menga ham suzib berishdi. Uni ham ichdim. Ozroq gurunglashgan bo‘ldik. Bir mahal ulardan yoshi kattarog‘i gap boshladi:
-Domla xafa bo‘lmaysiz. Sizga navbatma navbat yigitlar qarab turishadi. Issiq-sovug‘ingizdan xabar olamiz.O‘zingizni urintirmang.Hozircha Jabbor sen qolasan, domlani ko‘pam bezovta qilmaylik, qani ketdik, - deya do‘kondor Salim gapini tugatib yo‘lga tushdi.
-O‘tiringlar, gurunglashamiz, tong uzoq bo‘lsa? – dedim.
-Yo‘q, – deyishdi ular keskin.
Jabbor ikkimiz hangomalashib o‘tirdik. So‘ng unga ham javob berdim. Biroq u joyidan jilmadi. Unamadi. Yo‘q, Salim aka bilsayam, eshitsayam xafa bo‘ladi, dedi. Bu gapdan ikkimiz ham kulishdik. Gapidan Jabborning o‘zi ham iljayib qo‘yadi. 
Jabbor bilan suhbatlasha turib, o‘sha oqshom ming bir istihola bilan uyga telefon qildim. Ukamni chaqirdim.
Tong otariga ukam ham yetib keldi. Uyga kirishda uni Jabbor tabassum va tavoze’ bilan kutib oldi. Ukam meni ko‘rib avzoyi o‘zgardi. “Hammasi bir boshidan aytib beraman,” deya imo qildim. Dasturxon tuzalgan. Nozu-ne’matlar muhayyo. Choy keltirildi. Bir piyoladan choy ichdik. So‘ng Jabbor ukamga yuzlanib:
-Aka, domla sal-pal suringanlar, unchalik xavotir olmanglar. Hammasi joyiga tushib ketadi, – deydi.
-Nima bo‘ldi, aka, tinchlikmi, parashyuti ochilmay qolgan uchuvchiday yotibsiz, - deya so‘roqlaydi.
-Tomga chiquvdim, tunuka eskirganmi yoki boshqami, xullas, oyog‘im toyib yiqildim. Bu yog‘i taqdir ekan, deb osmonga ko‘z tikib yotibman, - dedim.
-Tomga sizdan boshqa chiqadiganlar yo‘qmidi? – so‘raydi ukam.
-Falokatda, haliyam xudo bir asrabdi, domlani, - deya Jabbor ukamga yuzlanadi.
-To‘g‘ri, belim sinib, ko‘taram bo‘lib qolsam nima bo‘lardi, - deyman.
-Domla, yangam bilan bola-chaqalar uchun sizni yaratgan qaytarib berdi. Endi uning huzurini ko‘ring. Mana ukangiz keldi, sizlar bemalol gaplashib olinglar, keyinroq kelaman, xizmatlar bo‘lsa ayting?– deya Jabbor izn so‘ragadek bo‘ladi.
-Mayli, boraqoling, uka. Xizmatingizga rozi bo‘ling, rahmat, - deyman.
-Mayli, borib kelsin. Oq yo‘l. Lekin yana qaytib keling,- deydi ukam unga astoydil.
-Ana, bu boshqa gap, men albatta kelaman, aka, - deydi Jabbor kulib turib.
Ukam Jabborni kuzatgani eshikka chiqadi. Bir muddatdan keyin ukam qaytib keladi.Uning tusi o‘zgargan.Unga bor gapni aytdim. U meni uyga opketishga tushdi. Men ko‘nmadim. Ukam tashqari chiqib ketib, bir paytda yeguliklarni ko‘tarib kirib keldi. Biroz vaqt o‘tib, uyga oq xalatini kiygan do‘xtir ham bosh suqdi. 
Do‘xtir meni obdan tekshirdi. So‘ng, keksaligingizga qaramay, bitishi yaxshi, dedi. Faqatgina qimirlamay yoting, tuzalib ketasiz. Toychoqday chopib yurishingiz yaqin qopdi. Undan keyin tomga qarab sakramang, deya tayinladi. 
Kechga tomon choyxonadigilardan yana to‘rttasi keldi. Ularga yana o‘sha do‘kondor boshchi edi. Ukam bilan tanishdilar. Gurung boshlandi. Qozon osilib, o‘rtaga dasturxon yozildi. Qozon osildi. Oraga aroq tushdi. Menga ham uzatishdi. Biroq, rad etib, aroqni ichmadim. Ular ham meni qistab o‘tirishmadi. Suhbat qiziy boshladi. Ora-sira mening dardimga ham sherik bo‘lib, hali ko‘rmagandek bo‘lib ketasiz, deb qo‘yishadi. 
Tun kirib, vaqt allamahal bo‘lganida ulardan biri cho‘ntagidan kartani chiqarib o‘rtaga tashladi. Avvaliga bir qo‘l ikki qo‘l shunchaki o‘ynashdi. Keyin o‘rtaga pul tikildi. Menga tagpuli berib turishga bir ovozdan kelishib olishdi. Ukam ham ularga qiziqib, usta qimorbozlardek,kartalarni chapdastlik bilan olib, qo‘lida ushlab turardi. Ularning hammasi burgutdek bir-biriga sinchkovlik bilan qarab turishardi. Kimning qo‘lida nima borligini bilgisi kelardi. Biroq, birortasi ham sir boy bermasdi. Do‘kondor davradagilarni yuta boshladi. 
Tongotarga yaqin o‘yg‘onsam, davra hali ham qimor o‘ynar edi. Endi pul tugab, o‘rtaga narsalar o‘rtaga qo‘yila boshlagandi.Kim soatini,biri pichog‘ini va yana boshqasi telpagini qo‘yayotgandi. Ularni olamni unutib, butun vujudi bilan qimorga berilib ketgandi. Hammasi yutuqqa umidvor. Biroq do‘kondor hammasini shir yalong‘och qilgunicha yutib bo‘lgandi. Tong oqargan mahali u davradagilarga qarab, “buguncha o‘yin tugadi, endi ishga boramiz. Kechga agar Omon aka rozi bo‘lsalar shu yerga kelib, yana davom ettiramiz. Buning uchun bir ziyofat mendan,” dedi.
Barchasi jimgina quloq solib o‘tirardi. Birov oraga gap qo‘shmadi. Hammasi karaxt edi. Men ularni o‘tirishga unnadim. Ukam joyidan irg‘ib turib, choy damladi. Mehmonlar dasturxondan biroz totingandek bo‘ldilar-da, yuzlariga fotiha tortib yana o‘rnilaridan turib ketishdi.
Men ikki oy to‘shakda yotdim. Ukam jonimga aro kirdi. Bu vaqt orasida xotinimu bola-chaqalarim ham sayohatdan kelishdi. Ishonasizmi, xonamga bosh suqib, ahvoling qalay, deyishga tili bormadi. Umr poyoniga yetay deb turgan paytda ilojsiz qolish, qo‘lingdan hech narsa kelmay, birovga mut’e bo‘lib yashashning azobini mendan so‘rasa, hammasini bir boshdan aytib beradigan darajaga yetdim. Ular menga endi mutloqo qaramay qo‘ygandi. Go‘yoki, men ular uchun yo‘q odamdek edim. Hattoki, o‘z pushtikamarimdan bo‘lgan bolalarim ham holing ne, deb so‘ramasa dunyoning tugab bitgani shu ekan, deyishim kamlik qilarkan. Biroq, aybni ulardan izlashdan oldin, o‘zimga ham razm solaman. O‘zim ham so‘fi emasligimni, aybim borligini beixtiyor tan olaman. Biroq, qilgan gunohlarimni kechirsa ham bo‘lardi-ku! deb o‘ylab qolaman. 
Ammo o‘zingni o‘zing kechirganing bilan boshqalar seni kechirmasa, dardingin yana kimlarga aytasan. Aslida, seni dardingning kimga keragi bor. 
Men yarimjon bo‘lib qoldim. Baribir ham uydan tashqariga chiqolmasdim. Holim yo‘q edi.Choyxonadagilar mendan xabar olib turishadi. Goh-gohida ukam kelib, xoli-jonimga qo‘ymay uyga opteman deydi. Men bormayman, deb xarxasha qilaman. Shukrki, qolgan jonim omonot ekan, deya o‘zimni avaylayman. 
Bir kuni Salim do‘kondor qo‘ni-qo‘nji to‘lib keldi. Yonida sheriklari bor. Mendan xabar olgani kelishgan ekan. Ko‘rib, gapning rosti xursand bo‘ldim. Yuragim to‘liqdi. Masalliqlarni sheriklari qozonga bosishdi. Do‘kondor suhbati soz odam ekan, ko‘rgan bilganlaridan gapirib, davrani kuldirib, og‘ziga qaratib o‘tirardi. Ovqat tayyor bo‘lgach, dasturxonga suzildi. Yigitlar ham atrofdan kelishdi. Yana aroq suzila boshladi. Menga ham tutishdi. Bir qultum ichaman, deb bir ikki qadahni bo‘shatdim. 
Ancha vaqtgacha gurunglashib o‘tirdik. Keyin odatdagidek, qimor boshlandi. Har doimgidek, menga tagpuli berishadi. Jimgina ularni kuzatib turaman. Nima bo‘ldi-yu, o‘zim ham qimorga berilib, shynay boshladim. Boshida bir ikki qo‘l yutdim. Keyin esa omadim keta boshladi. O‘yindan bemavrid chiqib bo‘lmasdi. Buniyam chidaganga chiqargan. O‘yinda oxirigacha qoldim. Anchagina narsa yutqazdim. Bu safar Jabborga omad kelgandi. Buni uning yurish-turishi tugul gapu so‘zlaridan ham bilib olsa bo‘lardi. Do‘kondor esa ko‘pni ko‘rgan odam emasmi, jimgina kuzatib turardi. Tong otar otmas ular uyiga tarqab ketishdi. Bu safar men ularni uydan turib kuzatdim. O‘zlari ham tiashqariga chiqishimni istashmadi. O‘rnimga yotdimu tong qotib uxladim. 
Birov meni turgandek bo‘ladi. G‘ira shira uyqu aralash burilib qarayman, tepamda xotinim bilan qizim turardi. Xotinimning qo‘lida o‘qlov bor edi. Endi bilsam, u meni o‘qlovi bilan turgan ekan. 
-Sheriklaringiz qani?-deya so‘roqlaydi u. 
-Ketishgan, -deyman.
- Ularni hoziroq chaqiring, -deydi qat’iy.
-Nimaga ? Tinchlikmi ? Ularda nima gapingiz bor edi? – deyman.
-Masala jiddiy. Kelinning sepiga atab olingan tillolar yo‘q. Onam bergan tillo baldoq ham qo‘qolgan! – deydi xotin.
-Qaerda turgan edi o‘zi o‘sha matohlar. Sheriklarimning bunga nima aloqasi bor?–deya ajablanaman.
-Matoh, demang! Mehnatingiz singmaganda-a, qimorga boy bergansiz, - deya xotinim uyni boshiga ko‘tarib uvvos soladi. -Tezroq chaqiring, bo‘lmasa, milisaga beraman, keyin kech bo‘ladi. Undan ko‘ra jimgina, yaxshilikcha joyiga qo‘ysin.Bo‘lmasa,tug‘ilganiga pushaymon bo‘ladi.
Shu zahoti chayon chaqqandek o‘rnimdan yarimjon bo‘lishimga qaramasdan irg‘ib turib ketaman. Boshim qotgan. Va ustiga nima qilishimni ham bilmasdim.Xonaning o‘rtasida so‘rrayib qotib qoldim. Karaxt bo‘lib qolgan edim. Atrofimda xotinim gapirib turardi. Quloqlarim uni eshitmasdi. Bir amallab, yuz-qo‘llarimni yuvib kelib, joyimga o‘tirdim. U haliyam shashtidan tushmagan. O‘g‘rini topish payiga tushgan. Meni qistaydi. Holi-jonimga qo‘ymadi.
Oxiri, Salim do‘kondorga voqeani aytib, ularni chaqirdim. Hammasi zudlik bilan yetib kelishdi. Orada tushuniksiz vaziyat. Xotinim beliga qo‘lini tirab, qo‘lidagi o‘qlovini o‘ynatganicha, dag‘dag‘a qiladi:
-Topasizlar, bo‘lmasa, milisa iti bilan keladi-da, masalaga oydinlik kiritadi. Shunda uyalib qolmanglar. O‘zingizcha kasal odamga qaragan kishi bo‘lib, uyni tunab ketish yaxshi emas.
-Kennoyi,kechirasiz, arslon bilan kelsa ham mayli, burgut kelib ko‘zimizni o‘yib olsin. Biz hamma ishni qilarmiz. Lekin o‘g‘rilik qilmaganmiz. Negaki, bu yerdan tuz totdik. Namakning qadri bor. Bizni yegan nonimiz ko‘r qiladi, agarda shu ishni qilgan bo‘lsak, - deydi Salim do‘kondor. 
Boshqalar jim turadi. Ularning nomidan Salim do‘kondor so‘zlardi. Biroq uning o‘zini ham so‘zini ham pisand qilmagan xotinim:
-O‘g‘ri hech qachon mana shuni men qilganman, demaydi. Kechgacha muhlat, qanday olgan bo‘lsanglar, yana shunday joyiga keltirib qo‘yinglar. Bo‘lmasa, boshqa chorasini ko‘raman, - deydi-yu, ularga javob berishga oshiqadi.
-Kechirasiz, qancha kutsangiz ham biz yo‘qolgan narsangizni joyiga keltirib qo‘yaolmaymiz. Mahalla-kuydan so‘rang, bizni kimligimizni. Azbaroyi eringizga rahmimiz kelgandan bu yerga kelib ketib yurdik. Bunday bo‘larini bilsak, oyog‘imizni umuman bosmasdik. Tavba, bunaqasini ko‘rmagandim, - deydi do‘kondor salmoq bilan.
So‘ng ular menga qarashdi. Boshim bo‘ynimga osilib qolganini ko‘rib, ular ham avj qildi:
-Eringiz yosh boladek uyda yotadi-yu siz esa sayru sayohatda yurasiz. Qaysi ayol bu ishni qiladi, - deya avj qila boshlagan Salim do‘kondorning gapini bo‘lib: 
-Bu boshqa masala,- deydi xotinim.
-Tilloning yo‘qolgani ham boshqa masala, buning bizga aloqasi yo‘q, - deydi Jabbor.
Muzokora yakunlanmasdan, sheriklarim uydan jahl bilan chiqib ketadi. Keyin xotinim chor atrofga jar solib, tomoshani boshlaydi. Hovlini mirshab bosdi. Ular o‘zlari bilan kuchugini olib kelmagan edi. Negaki, iskovuch it olmoqchi bo‘lganlar islar allaqchon ketib bo‘lgandi. 
Ular avvaliga bo‘lgan voqeani xotinimdan eshitishdi. Orada menga ham qarab qo‘yishadi. Uyatdan tirishib o‘ldim. Keyin menga yuzlanib, so‘roq qila boshladi:
-Voqea qanday bo‘ldi. Taxminan soat nechilarda o‘yin tugadi. Kimlar bor edi?
Men bilganlarim va ko‘rganlarimni bir boshdan aytib beraman.Ular eshitganlarining hammasini qog‘ozga tushirishardi. Shunda ulardan biri, aftidan rahbari bo‘lsa, kerak, guvohlarni surishtiradi. Guvohlar, yo‘q , deydi xotinim. Unday bo‘lsa, otaxonning sheriklarini chaqirish kerak. Qaroqchi chollar, - deb qo‘yadi.
-Ana o‘zlari chaqirsinlar, hech narsani bilmagandek o‘tiribdi-yu, - deydi xotinim ham kesatib.
-Amaki, sheriklaringizni bu yerga chaqiring! – amr qiladi mirshab.
-Ular hozir ketishdi. Yangangiz muhlat bergan, tilloni joyiga keltirish uchun. Shunga hoziroq ketuvdi, - deyman pinagimni buzmay.
-Hazilning o‘rni emas, amaki, tezroq chaqiring, voqea joyida hammasini hal qilganimiz yaxshiroq, - deydi yana biri muomila bilan.
-Odamni uyaltirdi, bu xotin. Ularni endi nima deb chaqiraman. Qaytib kelishi gumon ularning, - deyman.
-Unday bo‘lsa, gumoningiz kimdan? – deya birdaniga so‘roqlaydi boshqasi.
-Xudo biladi, kim olgan u tilloni? – deyman. – Gumon iymondan ayiradi. 
-Unday bo‘lsa, bir boshidan surishtiramiz, - deya rahbari jahd bilan kursiga cho‘kadi. - Axmedov gumonlanuvchilarni voqega joiyga chaqir, kelmasa, uyidan sudrab opkel, tushungdingmi?!
-Bo‘pti, bajaramiz! – dedi-yu mirshab mulozim ishga tushdi. Salim do‘kondorga qo‘ngiroq qildi. 
Do‘kondor bechora nomusdan ikki bukilib, uyga sheriklarini ergashtirganicha kirib keldi. Men uning yuziga qaray olmadim. Ular nafratini yashirib utirmasdi. Bu esa yuz-ko‘zlaridan shundoqqina bilinib turardi. 
-Bu yerda sodir etilgan o‘g‘rilikdan xabardorsizlar, gumonlanuvchilar, ayting-chi, tillo buyumlarni kim olgan? Yana shuni ham qo‘shib qo‘yishim kerakki, yolg‘on guvohlik berish va tergovni chalg‘itishga urinish qo‘shimcha moda bilan jazonining og‘irlashuviga olib keladi. Biroq, masalaning yana bir tomoni xam borki, chin dildan, pushaymon bo‘lib, ichimlik yoki chekuv ta’siri olib qaytarib berishning chorasini topolmayotgan bo‘lsangiz, darrov shu ishni amalga oshiring. Bu esa jazoni yengillashtiradi. Hattoki, uni jazodan ozod etishimiz ham mumkin. Kennoyimning tavsiyasiga binoan, shu vaqtgacha o‘ylab ham ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, - deydi mirshablarning rahbari xona buylab qadam tashlab ularga nutq irod etarkan.
-O‘rtoq, boshliq, hamma gapingiz to‘g‘ri, qarshiligimiz yo‘q. Mana shu yerda o‘tirganlar bu uyda faqatgina mehmon bo‘lganmiz. Omon akaning holidan xabar olish uchun kelganmiz. Bundan tashqari, birortamiz ilgari sudlanmaganmiz. Boz ustiga ota-bobolarimizdan birortasi o‘g‘ri o‘tmagan. Hozir bu gapni birov eshitsa, ko‘cha-kuyda yurgiligimiz qolmaydi, - dedi Salim do‘kondor. 
-Qo‘ying, bu gaplarni, hozir hammangiz chaqirsa tergovga yetib kelaman, tashqariga chiqib ketmayman, deya tilxat yozib berasizlar, - deya amr qildi mirshab.
-Bo‘pti, Omon aka, aslida nima yo‘qolgan, bahosi qancha? – so‘raydi Salim do‘kondor betoqat bo‘lib.
-Ana, bular endi o‘ziga kelyapti, - gapga qo‘shildi Farida.
-Boshlanishi shunday bo‘ladi, - deya mirshab tirjayadi.
-Akangiz uning bahosini bilmaydi. Ikkita zirak va ikkita uzuk yana bir tillo baldoq bor edi. Narxi taxminan uch ming bo‘lmasayam, ikki yoki ikki yarim ming dollar turardi, - deya xotin erining o‘rnidan so‘z boshlaydi.
-Mayli, gap-so‘z ko‘paymasin, bugun bo‘lmasa ertaga albatta, kechiktirmasdan pulni yetkizamiz. Tilxatni qo‘yib turinglar, hammasini aytganlaringdek qilamiz, - dedi Salim do‘kondor.
Farida bilan mirshablar goh menga, goh gumondorlarga qarab qo‘yishadi. Aftidan, ish bunchalik tez hal bo‘ladi, deya o‘ylashmagan chog‘i. Keyin menga yuzlanishib:
-Domla, tillolarni kim olganligi ma’lum, endi siz ko‘p hijolat bo‘lmang. Halol pulga kelgan mol yana qaytib egasini topadigan bo‘ldi, - deydi jo‘rovozda.
Men indamay turaman. Hamma tarqaldi. Xonada yana yolg‘iz o‘zim qoldim. Kech bo‘ldi. Ovqat keltirishdi. Ishtaham yo‘q edi. Yemadim. Yotdim. Yana o‘yga toldim. Odamizotning ishlariga lol qoldim. O‘g‘ri kim, to‘g‘ri kim bilmay qoldim. O‘yimning oxiriga yetolmay ovora buldim. 
Sim karovatda uyoqdan buyoqqa ag‘darilib yotaman. Uning g‘ijirlashi yoqmaydi, jonim og‘riydi. Asablarim qaqshagan. Shu yotganimcha qachon uxlaganimni bilmayman. Bir mahal deraza taqillaydi. Shoshib tashqariga chiqdim. Qarasam, ukam turibdi. Ichkariga boshladim. Hol-ahvol so‘rashdik. Undan nega bemahalda yurgani-yu bu yerga kelishining sababini so‘rayman. Uning ham javobi tayyor ekan. Birdaniga aytdi – qo‘ydi;
-Aka, yetar endi. Qo‘ying bu yerlarni. Ketdik. Bolalarim katta bo‘ldi. Uy ko‘p. Bir uyni beraman, bolalarimdan biri sizga qarab yuradi. Katta shaharda bir o‘zingiz ovora bulib yurmang. Men sizga ukaman, xato kimdan o‘tmaydi, deysiz. To‘r oyoqda turib ot ham qoqiladi. Peshanangizda shu narsalar bor ekan, mana ko‘rdingiz. Bu yog‘iga xudo sharmanda qilmasin. Ota-onangiz yashagan elda tuyu tomoshalarga qatnashib, elning oldi odamlari orasida yurasiz. Siz bu yerga sig‘maysiz.Rostini aytadigan bo‘lsam, sig‘dirishmaydi. Begonaligiga boradi. Bilaman, u yer tugul olamga ham sig‘may ketyapsiz. Lekin o‘lchamini oldim, aka ketmasangiz bo‘lmaydi. Hammasi o‘ylab – ko‘rib keyin keldim. Qani, narsalarni yig‘ishtiraylik. Vaqt borida yo‘lga tushamiz.
-Yo‘q, uka, biroz shoshma. Hali bir-ikkita qiladigan ishlar bor, - deyman.
-Ey, - deya beparvo qo‘l siltaydi u. Qari odamda yana qanday ish bo‘lishi mumkin. Yoki meros masalasidami… Yoki yana boshqa bolalaringizni ko‘rib xayrlashishni istayapsizmi? Aka, bo‘ldi orqaga qaramang.
Ukamning shashti juda baland edi.Sharti esa og‘ir edi. U o‘zi qilayotgan ishga astoydil berilgan bo‘lib, buyumlarimni jamodonga solardi. U yelday kelib, qushday olib ketmoqchi bo‘lardi. Biroq men unga sodir bo‘lgan voqeani bir boshidan oqizmay-tomizmay aytib berdim. Ukam ko‘zlarini kata-katta ochdi. Unga monand og‘zi xam ochilib angrayganicha so‘zlarimga quloq solardi. Suhbat so‘ngida boshini changallaganicha kursiga o‘tirib oldi. Ancha vaqt jim o‘tirdi. Men ham bu paytda so‘zimni tugatgan edim.
-Aka, qo‘ying, u odamlar pulni keltirib tashlaydi-yu sizning nomusingiz toptaldi. Siz beburd bo‘lasiz. Ular keyin sizni odam o‘rnida ko‘rmaydi. Obro‘yingiz to‘kilgan bir paytda yana bu ishlarni qilsak, ota-bobolarimning ruhi chirqiraydi. Hammasini men bo‘ynimga olaman. Yangamga shu kerak. Kuch-ko‘ronni ko‘tarib siz uyga, men esa turmaga ketaman. O‘lmasam, yana qaytib boraman. Bu isnodga chidab bo‘lmaydi. Orqamizdan hech kim yomon gapira olmasin, aka, - deydi ukam qat’iy.
Bu orada tong otadi. Aka - uka choy ichib turgan chog‘imiz, Jabbor eshik taqillatib, ichkariga kirib keladi. Gap so‘z aytmasdan qo‘lidagi tugunchani dasturxon ustiga tashlaydi. 
-Domla, Salim akam berib yubordilar. Tillolarning puli. Yetmasa, aytasiz, yana qo‘shamiz, – deydi-yu ketishga chog‘lanadi.
Ukam uni ketishga qo‘ymaydi. 
-O‘tiring, Jabborjon, kayfiyatingiz tushkun. Pulni siz to‘lamaysiz, mana men to‘layman. Mehmon odamni urintirish yaxshimas. Kerak edi, harajat tortib qoluvdim. Garov berib pul oluvdim. Vaqtida keltirib joyiga qo‘yish esimdan chiqibdi. Begona emas, akamniki-ku, deya haddim sig‘ib oluvdim. Yangam bu yoqda to‘polon ko‘taribdi. Orada biroz tushunmovchilik bo‘libdi. To‘g‘ri tushunasiz, deb o‘ylayman, uka. Bir qoshiq qonimni mana hozir akamdan so‘rab o‘tiribman. Hozir yangamga ham bor gapni yotig‘i bilan tushuntiraman, - deydi ukam.
Shu payt xonamga xotinim ham kirib keladi. Biroz o‘tib, uning ortidan mirshablar ham yotgan joyimga bostirib kelishdi. Jabbor endi gap boshlamoqchi bo‘lib turgan joyida, ukam ildamlik bilan so‘zga tushadi;
-Marhamat, kelinglar, dasturxonga qaranglar. Yanga uzr, garovga tillolarni qo‘yib picha pul oluvdim. Vaqtida opkela olmadim. Qarzim ko‘payib ketdi. Xavotirga tushmang, hammasini qaytaraman. Faqatgina uyga borib kelishim kerak. Uzr, men gumroh shuncha odamni ovorai sarson qildim. 
-Ana o‘g‘ri o‘z oyog‘i bilan kelibdi. Sizlarga ham oson bo‘ldi, - deb xotinim mirshablarga yuzlandi.
Ular xam vaqtni boy bermasdan, ukamni kishanband qilishib, mahkamaga olib ketishdi. Jabbor ikkimiz uyda bir-birimizga ne qilarimizni bilmay qarab o‘tirgan chog‘imiz Salim do‘kondor kirib keldi. Men ulardan uzr astoydil so‘radim. 
-Domla, tillo ukangiz olmagan. O‘g‘ri bita gumon mingta. Ko‘ngil sezadi, bola bechoraga jabr qilibmiz, Jabbor? – deydi Salim do‘kondor.
-Mayli, taqdirida shuyam bor ekan,- deyman.
-Domla imoratni qurayotgan paytida poydevorini mustahkam bo‘lishiga e’tibor qaratishgan. Biz buni unutib qo‘yganmiz. Lekin har kim o‘lsa, go‘ri boshqa. Birovning gunohini bo‘ynimga olmay. Ukaga katta jabr qildik. Jabbor, mahkamasiga bor, pulni ber, aybimizni tan oldik, degin. Mehmonga kelgan bolani qamatib yuborsak, keyin eshitgan quloq nima deydi. Sharmanda bo‘lishdan ko‘ra, yurmagan yaxshi, - deydi do‘kondor.
Shu maxal, darvoza qattiq taqillab qoldi. Mehmonlarni qo‘yib, o‘zim eshikka otildim. Chiqsam, darvozamiz yonida tez yordam mashinasi turibdi. Yonida tanish chehrali kishi oq xalatda menga quchoq ochdi.
-Omon aka, bormisiz? – deydi.
Uning quchog‘idan chiqar ekanman, “raxmat, uka, qarilik gashtini suryapman. Mana uydaman. Shogirdlar yo‘qlab turadi,” deyman.
-Ustoz uzr. O‘g‘lingiz - Mo‘min Rajabovni bizning shifoxonaga opkeluvdi. Sal-pal mazasi qochgan ekan. Biroz davoladik. Hurmatingiz bor, atay keldim, oldingizga. Xosroq gap ham bor ediki, shuniyam aytmasam bo‘lmaydi. “Bola bezorilarga qo‘shilsa mayliydi-ku-ya, lekin anavi o‘tlardan ham tatib ko‘radigan bo‘lgan ekan. Shifoxonamizga og‘ir ahvolda keltirishgan edi, bir amallab tuzatdik. Surishtirib bilsak, bola sizdek aziz ustozdek farzandi ekan. Birovga aytmadik. Anonim deydi-ku! Anna shu tarzda, sir tutib davoladik. Keyin domlajon, mana bu narsani ham opqo‘ying.Yigitning kissasidan chiqibdi. Hamshiralar menga keltirib berishdi. Harna, omonat, “ deya qo‘limga bir tugunchani tutqazdi.
-Nima bu o‘zi? – deyman shoshib.
-Domla, bu tilla ziragu uzuk yonida baldoq ham bor. Bola o‘tga ishlataman deb, uydan beso‘roq olib chiqqan bo‘lsa kerak. Bularning hammasida shu odat bor. Xumor tutgan paytida ko‘ziga hech narsa ko‘rinmaydi. Bolani endi ko‘zdan qochirmang. Doim nazorat qilib turing, - deya uqtirardi do‘xtir.
-Rahmat, uka, dunyo turguncha turing! – deyman o‘pkam to‘lib. 
Shu gapni unga aytamanu yerga o‘tirib qopman. Do‘xtir bechora meni ham, bolamni ham uyga kiritadi. Bir mahal o‘zimga kelsam, boshimda ukam va do‘kondor boshchiligidagi choyxonachi ulfatlarim turardi. 
Ukam hafta – o‘n kun uyimda yurdi. Opketaman, deydi. Men esa tixirlik qilib unamayman. Oxiri u uyiga ketdi. 
Har tomonlarni o‘ylab, men xam uning ortidan manzilimga boryapman, uka, deya menga yuzlandi hamrohim.

* * * 

Yo‘ldoshim menga qarab turadi-yu yana ko‘zlarini olislarga tikadi. Bu bolaga ayni gaplarni nima uchun aytdim, o‘zi, deb o‘ylasa kerak, deyman. Uka, kechirasiz, anavi odamlar turgan joyga bir saklang. Ul-bul xarid qilay. Uyga quruq qo‘l bilan kirish o‘ng‘aysiz, deydi. Mashinani sekinlatib, yo‘l chetida to‘xtayman. Sherigim shoshib tushib ketadi.
Uni kutib tura, mashinaning yukxonasidan boshpurtimni qidiraman. Narsalarni titkilar ekanman, raxbarimiz Xayriddin Nosir bergan konvertni beixtiyor yirtilganiga ko‘zim tushadi. Nima sababdan yirtildi ekan, deya qo‘limga oldim. Ochib o‘qigim keldi. Biroq, birovning nomasini o‘qish, odobdan emasligi esimga tushadi-yu yana shashtimdan qaytaman. Shayton vasvasa qiladi-da boz o‘qigim keladi, u yerdagi sirlardan voqif bo‘lgim, rahbarimizning kechinmalarini bilgim keladi. Biroq omonotni egasiga yetkazishim kerakligini o‘ylayman. O‘zimni o‘zim bu ishdan qaytaraman. 
Ne qilayki, nomani o‘qigim kelardi. Konvert yirtilgan edi. Oysuluv muallima bu xatni qo‘liga olganida o‘qimaydi-yu, bir joyga yashiradi. Keyin o‘zi yolg‘iz qolganida ochib ko‘radi. Ichida qayd etilgan dil izhorlaridan ko‘ngli yayraydi. Bir necha kun mana shunday kayfiyatda yuradi. Keyin sirdan biror kim xabardor bo‘lmadimikan, deb xayol suradi. Xatning yirtilgani ana shu paytda yodiga tushadi. Va tayinki, bu paytda, muallima meni nomani ochib o‘qigan, deydi. 
Xatni yirtilgan konvertga qayta joylayman-da, yana yukxonaga tashlayman.
Bu bilan men xayolimdan kechayotgan ishtiyoqni ham tashlagan bo‘ldim. Shu paytda sherigim halloslaganicha mashina tomon kelardi. Uning qo‘ni-qo‘nji to‘la edi. Unga yollashgan kishi bo‘lib, eshikni ochdim. Narsalarni ortga tashladik. U o‘tirgach, mashinani o‘t oldirib, yo‘limizda davom etdik. Safarimizning bu yog‘i oz qolgan edi. 
Men yo‘lakay ziyoratgoxga kirmoqchi edim. Sherigimga ayni istiholamni aytsam, unga xam bu taklif ma’qul tushdi.
Boshida aytganimdek, bu ziyoratgoh qishlog‘imning yonida edi. Ikkimiz yo‘lda borarkanmiz, jimgina ketardik. Men yo‘ldoshim - Omon akaning boshidan kechirganlari o‘zimcha mushohoda qilardim. 
Manzilga yetib keldik. Ulovdan tushamiz. Kech kuzakning shamoli esardi. Atrof tiramohning ko‘kiga belangan. Qabriston ichi sokin. Do‘mpaygan qabrlarni ham ko‘k maysalar qoplagan. Jimjitlik. Shamol esardi. Hali hamon yomg‘ir ham yog‘ish ehtimoli bor. Dimoqqa namiqqan xashaklarning hidi uradi. O‘zim yurgan so‘qmoqlar, ko‘chalaru yo‘llarga intiq bo‘lib qarayman. Tanish odamlarni uchratgim keladi. Yosh boladek sakrab-sakrab o‘ynagim keladi.
Va olisdan ota-onamning qabriga qarab qo‘yaman. U yerda yana boshqa jigarlarimning hoki ham bor edi. Ularni birma bir ko‘z oldimdan o‘tkaza boshlayman. Xayolim olis zamonlarga ketadi…
Hamrohim bilan sekin–asta maqbara tomon yura boshlaymiz. Atrofdagilar bizning yurish-turishimizdan mehmon ekanligimizni bilib, sekingina yo‘l berishadi. Salomlashib, ziyorat joyiga boramiz. Men sherigimni o‘zimdan oldin ichkariga boshlayman. U kiradi, ortidan men ham. Duo qilib, yuzimga fotiha tortdim. So‘ng o‘rnimdan sekingina jildim-da, ortga qaytdim. Tashqariga chiqdimu chekkaroqda sherigimni kutib o‘tirardim. Atrofimga meni tanigan yurtdoshlarim kelib, so‘rashdi. Men xam ularning kayfiyatiga mos so‘zlarni topib, gurunglashib o‘tirdik. 
Qarasam, rahbarimiz – Xayriddin Nosir ham olomon orasida ko‘ringandek bo‘ldi. Balki, birovga o‘xshatayotgandirman, deya qayta tikilaman. Xuddi o‘zi, adashmapman–Xayriddin Nosir edi u. Yelkasiga birdaniga bosh qo‘ndirilgandek, bo‘yni bilinmasdi. Katta kallasini silkiganicha kim bilandir gaplashib turibdi. Yonida yana bir qancha odamlar unga muntazir. O‘zimni sekingina panaga olmoqchi bo‘laman. Ammo qiziqsinib va boz ustiga kalovlanganimcha atrofimdagilardan so‘rayman,”anovi odam Xayriddin akami?” Ular ham o‘girilganicha,” ha, Xayriddin, Uzoqbuloqdagi Nosir buvaning o‘g‘li,” deyishadi. Endi rostdan ham o‘zimni chetga olishim kerak, deb hozirlik ko‘rib turgan joyimda, qanday paydo bo‘ldi, bilmadim, rahbarimiz – Xayriddin Nosir sekingina bilagimdan tutib turardi. Shoshib salom berdim. Alik oldi. Va bilagimdan tutganicha ohista chetga tortdi. “Sizning oyog‘ingiz yetgan joylarga bizlar xam boraylik, dedik uka, bahonada ziyoratga ham kirdik. Sherigingiz qani? Po‘lat, xat qaerda? Hali bermagan chiqarsiz? Uni o‘zimga qaytarib berasiz. O‘ylab ko‘rdim, nevarali odamga uyat bo‘larkan! Buning ustiga eski yaralarni tirnagan bilan, o‘zimizga ziyon qilarkanmiz! Birov eshitmasin, bilmasin ham uka. Xatni bering va buning ustiga ustak birovga aytmaslik bo‘yicha va’dangizni ham bering, men tinch yuray, sharmanda bo‘lmayin. “ 
Va’da berdim. Xat mashinaning yukxonasida, bu yerdan chiqsak beraman, dedim. Ikkimiz birgalashib, sherigimni kuta boshladik. Betoqat bo‘lardim. Olamjahon vaqtdan keyin sherigim, bo‘g‘riqqnicha maqbara ichidan chiqib keldi. U kela turib, uzr so‘rar so‘ramas, “ey, uka, Xayriddinjon bormisiz, qaerlarda yuribsiz? Sizni ko‘rar kun xam bor ekan-ku!” deya rahbarimizning quchog‘iga otildi. Rahbar ham yo‘qotgan odami topgan kishidek achomlashdi. Men ularga hayron bo‘lib qarab turadim. Ular bir zamonlar ijarada birga turishgan ekan… 
Mashinaga o‘tirarkanmiz, rahbarimiz mendan konvertga solingan xatni oldi-da, pastlikka tushib, uni soyga oqizdi. “Endi Po‘latjon, ishlar bitdi. Omon akani olib, biznikiga o‘ting, uyda o‘tirib, suhbatni davom ettiramiz,” dedi. 
Biz oldinma keyin yo‘lda ketar edik…

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.