OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodmon Otabek. Arosat (hikoya)

Kechki taomdan keyin Ma’suma qaynonasining gapirish uchun og‘iz juftlaganini sezib, sergaklandi. O‘g‘li Farrux televizordan ko‘z uzmas edi.
– Bolam, shu dang‘ir-dung‘uringni birpas o‘chirib turgin, maslahatlashiladigan gap bor, – dedi kampir nevarasiga qarab.
Farrux istar-istamas turib televizorni o‘chirdi. So‘ng «Nima deysiz?» degandek kampirga ko‘zini lo‘q qildi.
– Sen ham endi kichkina bola emassan, Xudo xoh­lasa yozga chiqib o‘n to‘rtga kirasan, – kampir gapni uzoqdan boshladi. – Otangning uydan chiqib ketganiga mana olti yil bo‘lyapti. Na xat bor, na xabar. Onangning gulday umri o‘tib boryapti.Uning ham yashashdan umidi bor. Sen bola buni tushunishing kerak.
– Xo‘sh, men nima qilishim kerak? Farrux zarda bilan gapirdi.
– Onang bilan kasalxonada birga ishlaydigan Farhod amaking onangga uylanib, senga otalik qil­moqchi. Shunga sen nima deysan?
– Menga boshqa ota kerak emas. Mening o‘z otam bor. Farrux jazavaga tushib baqirdi.
– Lekin otang bizni unutdi. Onang boyoqish kutaverib rangi somon bo‘ldi. Sabr-toqatning ham cheki-chegarasi bor, bolam. Eskichasiga olgandayam, er xotindan ma’lum muddatgacha xabar olmay qo‘ysa, nikoh bekor qilinadi.
– Otam boshqa yurtga o‘ynagani ketgani yo‘q, ishlab pul topish uchun ketgan. U baribir qaytib keladi, men bunga ishonaman. Balki...
– Men ko‘zim tirikligida oilamiz to‘kis-tugal bo‘lganini ko‘rsam, kelajaklaringdan ko‘nglim to‘q bo‘­lib ketsam deyman-da, bolam. Kampir yoshli ko‘z­la­ri­ni ro‘molining uchi bilan artdi. – Erkak oilaning ustuni. Ayolning boshida bir panohi-suyanchig‘i bo‘lishi kerak.
– Agar bu ishni mensiz hal qilib qo‘ygan bo‘lsang­lar – o‘zinglar bilasizlar. Ammo men rozi emasman!
Farrux zarda bilan eshikni yopib chiqib ketdi.
Ma’suma qaynonasiga xijolatomuz qarab qoldi.
– Baribir haliyam bola ekan-da, kampir afsus bilan bosh chayqadi. – Men uni es tortib qolgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylovdim.
– Hozir u o‘tish davrida, oyi, – Ma’suma qay­no­na­siga dalda berdi. – Bunaqa vaqtda hamma o‘s­mir­lar o‘jar, injiq bo‘lib qoladi.
– Ilgari yigitlar juda tez yetilardi. Bobur o‘n ikki yoshida taxtga o‘tirgan.
– Ilgari zamon boshqa edi, hozir boshqa, oyi.
– Lekin xom sut emgan bandasining fe’l-atvori haliyam o‘sha-o‘sha, hech narsa o‘zgarmagan! Mayli, endi ortiqcha safsataning hojati yo‘q, bo‘ladigan ishdan gap­lashaylik. Nima qilmoqchisan endi? Men senga rozilik berganman, yana o‘zing bilasan.
– Farrux bunaqa qiliq chiqarib tursa, menga hech narsa tatimaydi, oyi.
– Bir kunmas bir kun tushunib qolar. Yaxshi gap bilan yo‘lga solib olasizlar. Baribir ko‘nikadi, ko‘­nikmay qaerga borardi.
– Bilmasam, oyi. Boshim qotib qoldi. Nima qi­lishga ham hayronman. Farhod mendan javob kutyapti, ertaga unga nima deyman? Boshqasiga uylanavering desam «Menga sizdan boshqasi kerak emas» deyapti.
– Senga astoydil ko‘ngil qo‘ygan bo‘lsa, o‘zi ishonch­li, imon-e’tiqodli bo‘lsa, bunaqa erkakni qo‘ldan chi­qarma, bolam.
Ma’suma indamay boshini quyi soldi. Qaynonasi o‘qimishli, tushungan ayol. Ellik yil muallimlik qi­lib nafaqaga chiqqan.Erining umri qisqa ekan, omonatini juda erta topshirgan.Kelinini o‘z farzandiday yaxshi ko‘radi, shu bois u bilan har qanday mavzuda ochiq-oydin gaplashadi. Yolg‘iz o‘g‘lining oilasiga befarqligidan siqilib yuradi. Bedarak ketganining oltinchi yilida o‘zi kelinini munosibroq joydan tengi chiqsa uzatishni ko‘ngliga tugib qo‘ydi. Niyatini yashirib ham o‘tirmadi. Kelini oldiniga bu gapga ra’y qilmay yurdi. Lekin hayotning yozilmagan qonuniyatlari, yo‘riqlari bo‘lar ekan. Hayot bir joyda to‘xtab qolmas ekan. Hayot davom etar ekan.
Farhod Ma’suma ishlaydigan viloyat shifoxonasida ko‘zga ko‘ringan jarroh.Uning qo‘li yengilligi, ayrim insofsiz hamkasblari kabi ta’magir emasligi haqidagi gap-so‘zlar el-yurtga ovoza bo‘lgan. Birkam dunyo deganlaridek, shunday mohir do‘xtirning oilaviy hayoti kemtik. Xotini ikki yil muqaddam jigar xastaligidan vafot etgan. Peshonasiga zurriyot ham bitmagan. Farhod kasalxonada ne-ne onasi o‘pmagan yosh qizlar turib Ma’sumani yoqtirib qoldi. Ularning kasalxonadagi tungi navbatchiligi tasodifmi yoki boshqa sababdanmi, ko‘pincha ayni bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolardi. Bu kunni har ikkisi orziqib kutishardi. Tundagi tongotar suhbatlar beiz ketmadi. Ma’suma kun sayin Farhodga bog‘lanib, axiyri unga ko‘ngil qo‘yganini o‘zi ham sezmay qoldi. Ayni chog‘da bu munosabatlarning nima bilan tugashini tasavvur qilolmas, ko‘z oldiga bedarak ketgan betayin eri, o‘jar o‘g‘li kelar edi. Shu bois Farhodning turmush qurish haqidagi taklifiga dabdurustdan qanday javob qilishni bilmay talmovsirab qoldi.
– Agar o‘g‘lingizni o‘ylayotgan bo‘lsangiz, buyog‘idan xotirjam bo‘ling, – degandi o‘shanda Farhod. – Uni o‘z o‘g‘limdek ko‘raman, biz bilan yashayveradi.
– Gap faqat... o‘g‘limda emas, Ma’suma ko‘nglidagi ishtibohni aytgisi kelmay ikkilandi.
– Xo‘sh, gap nimada ekan bo‘lmasa? – Farhod Ma’­sumaning kaftini baquvvat qo‘llariga olib, yuziga mehr bilan tikildi. – Ochiqroq aytavering. Men...tushunishga harakat qilaman.
– Hali u yoqda otasi...– Ma’suma «Tirikmi-o‘lik­mi?» degan gapni aytishga istihola qildi.
– E-ha, tushunarli, – Farhodning quyuq, tutash qoshlari beixtiyor asabiy chimirildi. – Yana qancha kutmoqchisiz? Bir umrmi? Insonning umri o‘lchovli-ku. Ayniqsa yoshlik. Agar eringizdan biron xat-xabar bo‘lganda edi, kutishingizdan ma’no bo‘lardi. Axir sizning ham yashashga, baxtli bo‘lishga haqqingiz bor-ku.
– Men...yana bir o‘ylab ko‘ray. Bu umr savdosi, shoshmaylik.
– O‘ylang, yaxshilab o‘ylang. – Farhod jahl ustida andak kesatibroq gapirdi.
– Mayli, qaynonam bilan maslahatlashib ko‘­raman. Tushungan ayol, biron yo‘lini ko‘rsatar...
Kelinining Farhod bilan munosabatlaridan xabardor bo‘lgan qaynona o‘sha kuni o‘zi bu haqda gap ochib qoldi. Ammo o‘g‘li Farruxning kutilmaganda iddao qilib, to‘nini teskari kiyib olganini ko‘rgan Ma’suma ikkilanib qoldi. Bir necha kungacha Farhodga nima deb javob qilishni bilmay, undan o‘zini olib qochib yurdi. Farhod esa Ma’sumanining xatti-harakatini tushunolmay xunob bo‘lardi.Ular yozgi ta’tilda to‘y qilishmoqchi edi.
Bir kuni Ma’suma ishdan kelsa, o‘g‘li... otasi bi­­lan chaqchaqlashib o‘tiribdi. Ma’sumaning yuragi hayajondanmi, hayratdanmi, bir hapriqib ketdi, o‘zini arang qo‘lga olib, sekingina, til uchida «Keling» dedi-yu ichkaridagi xonasiga kirib ketdi. Nima gapligini keyin qaynonasidan eshitdi. Ma’lum bo‘lishicha, eri tuhmat bilan qamalib qolgan emish. Xat-pat yozishning iloji bo‘lmaganmish. Ancha-muncha pul ishlab kelibdi. O‘g‘lining ulg‘ayib qolganini ko‘rib suyunibdi. Unga mashina olib berarmish. Endi hayotini yangidan boshlarmish...
Ma’suma o‘ylanib qoldi. Qiziq, eri hayotini...kim bilan boshlar ekan? Nahotki yarashmoqchi bo‘lsa? Darvoqe, ular urish-janjal qilib, qo‘ydi-chiqdi bo‘­lishgani yo‘q-ku! Domlani chaqirib qayta nikoh o‘qi­tishsa tamom-vassalom, yana hech nima bo‘lmagandek eru xotin-qo‘sh ho‘kiz bo‘lib yashayverishadi. Shoshma, o‘zi shuni xohlaydimi? Domla qiroat bilan «Falonchi falonchi qizi, siz falonchi falonchi o‘g‘lini tan mahramlikka qabul qilasizmi “deya so‘roqlasa, dadil « Ha» deya oladimi?
U bo‘lishi mumkin bo‘lgan shunday manzarani ko‘z oldiga keltirarkan, beixtiyor seskanib ketdi. Ko‘nglida eriga nisbatan hech qanday yaqinlik, iliqlik tuymadi. «Mehr ko‘zda» deganlari shu ekan-da» deb o‘yladi.
Oradan kunlar o‘tdi. Mansur o‘zini uyda emin-erkin tutar, o‘g‘li bilan tobora apoq-chapoq bo‘lib, inoqlashib borardi. Ota-bola goh kinoga, goh futbolga tushishar, ba’zan qayoqqadir g‘oyib bo‘lib qolishar edi. Ota mehriga tashna bo‘lib yurgan Farrux o‘qishidan chalg‘ib, vaqtida darsini qilolmas, ba’zan maktabga ham bormas edi.
Ma’suma tashvishlanib qaynonasiga shikoyat qil­di. U hamon eri bilan ochiqroq gaplashishdan o‘zini olib qochib yurardi.
– Endi ko‘nglingni kengroq qilaver, bolam, – dedi qaynona salmoq bilan. – Ota-bola sog‘inib qolishgan ekan, mayli, mehri qonib, bir-biriga to‘yib olishsin.Nima bo‘lgandayam o‘z otasi. Darvoqe, ering ham ancha o‘zgarib, mulla mushukday muloyim tortib qolibdi. Burniga suv kirgandan keyin o‘zgarmay qayoqqa borardi. Kecha u bilan ochiqroq gaplashdim. «Endi maqsading nima?» desam, «Agar Ma’suma meni kechirsa, kechirolsa yarashardim. Issiq joyimni sovutib nima qilaman?» deyapti. Shunga...sen nima deysan?
Ma’suma falakning gardishi endi bunaqasiga aylanib ketishini yetti uxlab tushida ko‘rmagan edi. Hayotining xush-noxush kunlarida asosiy suyanchig‘i bo‘­lib qolgan qaynonasidan maslahat so‘radi:
– O‘zingiz... nima deysiz, oyijon?
– Eh, bolam-a, men nima ham derdim. Hayotda ro‘shnolik ko‘rishingni, kech bo‘lsa ham, baxting ochilishini istayman-da. Bu yog‘ini endi o‘zing hal qilishing kerak.
Ma’suma shu lahza o‘zini o‘zi tushunolmay hayron bo‘ldi. Nahotki ikkilanayotgan bo‘lsa? Axir bunday bo‘lishi mumkin emas-ku. Farhod bilan gapni bir joyga qo‘yishgan-ku. Xo‘sh, unda nega to‘yni tezlatgisi kelmayapti? Nega? Ha, endi tushungandek bo‘ldi. U o‘g‘li Farruxni, uning kelajagini o‘ylayapti. Ilgari, hali otasi kelmasdan turmushga chiqishiga rozi bo‘lmagan bola endi daydi otasini topib olgandan keyin ro­zi bo‘larmidi? Aslo rozi bo‘lmasa kerak. Shunday ekan, bolani norozi qilib baxtli bo‘la olarmikin? Qolaversa, Farhod har qancha ishonchli, yaxshi inson bo‘lmasin, begona bolaga o‘z otasidek otalik qila olarmikin? Ammo-lekin va’dalari katta. Ishonsa bo‘larmikin? Bu birkam dunyoda har lahza ko‘rib turibdi, muhimi – to‘ygacha emas, to‘ydan keyingisi muhim. Keyin nima bo‘ladi, bunisini Xudo biladi. Umr savdosida tavakkalchilik ketmaydi. Demak, hozircha shoshmay turgani, ko‘ngliga quloq tutgani ma’qul. Balki rostdan ham erini kechirib, yarashib qo‘ya qolgani durustmikin? Nima bo‘lganda ham ko‘z ochib ko‘rgani. Oyisi aytganidek, burniga suv kirgani rost bo‘lsa, balki yaxshi yashab ketishar. Eridan ko‘ngli qolgan bo‘lsa nima bo‘pti, ko‘ngil nimalarni qo‘msamaydi. Bir shoir aytgan ekan: «Talpinma ko‘p, devona ko‘ngil». Qolaversa, ayol kishi ko‘nikuvchan bo‘ladi. Bu yog‘iga endi o‘zi uchun emas, yolg‘iz bolasi uchun yashaydi. Bolaga yomon bo‘lsa ham o‘z otasi kerak.
 Navbatchilikda Farhod bilan bo‘lgan suhbatdan ko‘ngli to‘lmadi. To‘yning muddati haqida gap ochilganda Ma’suma «Yana biroz shoshmay turaylik» dedi-yu baloga qoldi. Farhod to‘lib-toshib turgan chog‘i, birdan tutaqib ketdi:
– Xo‘sh, yana nimani kutamiz? Nimani? Nega kutamiz? Yana qachongacha kutamiz? Men ham odamlarga o‘xshab, odamdek yashashni istayman. Ammo siz nimani istaysiz – tushunmayman. Agar niyatingiz boshqa bo‘lsa, uni ayting.
– Iltimos, menga bunaqa...baqirmang. Hali...xotiningiz emasman!
– Kechirasiz, sal qizishdim. Ammo siz ham meni tushunishingiz kerak-da. Umrimiz o‘tib boryapti, yashashga ulgurish kerak.
– Shoshgan yigit...xotinga yolchimaydi. – Ma’suma hazil bilan vaziyatni yumshatmoqchi bo‘ldi. Ammo Farhodning ko‘ngliga shu tobda hazil sig‘masdi.
– Darvoqe, xo‘jayiningiz kepti deb eshitdim, tab­riklayman. Balki... o‘zgarish sababi...
– Birinchidan, kinoyangiz o‘rinsiz, ikkinchidan, men o‘zgarganim yo‘q, o‘zgarmayman ham.
– Rostdanmi?
– Men yolg‘on gapirolmayman.
Farhod Ma’sumaning yelkasidan avaylab tutib, ohista bag‘riga bosdi. Ular shu ko‘yi ancha turib qo­lishdi...
Ertasi kuni oqshom cho‘kkanda Ma’suma uyda o‘g‘­lining otasi bilan ulfatchilik qilib o‘tirganini ko‘rib, qo‘rqib ketdi. Birinchi marta eriga baqirdi:
– Bu nimasi? Bolani ham o‘zingizga o‘xshagan alkash qilmoqchimisiz?
– Ko‘p vahima qilaverma. Farrux ...xiqq... f-faqat p-pivo ichyapti. – Shirakayf Mansurning tili zo‘rg‘a aylanardi.
– Baribir emasmi? Tezda yo‘qoting bu savilni!
– B-buni o‘g‘il bola ichadi. Sen...nimaniyam bilarding?!
 Shovqin-suronni eshitgan qaynona ichkaridan hal­loslab chiqib keldi.
– Nima to‘polon? Tinchlikmi o‘zi?
– Buni qarang, oyi! – Ma’suma xontaxta tagida qa­lashib yotgan shishalarga jirkanib qaradi. – Kuppa-kunduz kuni bolani yo‘ldan uryapti. Nima uchun ota-bola tez-tez yo‘qolib qolishadi desam, gap bu yoqda ekan-da...
– Mansur! – kampir o‘g‘liga jahl bilan xitob qil­di. – Aqling joyidami o‘zi? Bu nima qilganing?
– E-e, siz unga q-quloq solmang, xotin kishi j-javrayveradi. Hammasi bir go‘r, u yoqdagisi ham sh-shunaqa...ozgina ichib qo‘ysam, jazavaga tushardi, bunisiyam...
Bu gapni eshitgan Ma’suma yalt etib qaynonasiga qaradi.
– Gapini eshitdingizmi, oyi?! Eshitdingizmi deyapman!
– Bu mast odamning gapi, bolam. O‘zicha val­di­rayveradi-da. Sen parvo qilma.
– Mastlik – rostlik, oyi. Mana endi hamma narsa ma’lum bo‘ldi...
Tunda Ma’suma uzoq vaqtgacha uyqusi kelmay shipga tikilib yotdi. Garchi eridan ko‘ngli qolgan bo‘lsa-da, uning boshqa oilasi borligi to‘satdan oshkor bo‘l­­gach, o‘zini haqoratlangan, tahqirlangan kabi his etdi. Endi Farhodning taklifini paysalga solish o‘rinsizligini o‘yladi. Bir mahal, ko‘zi endi ilinay deganda xonaning eshigi sekin g‘iyqillab ochilganini payqadi. G‘ira-shirada ko‘z qirini tashlab, erining oyoq uchida kirib kelayotganini payqadi. Shosha-pisha o‘zini uxlayotganga solib, ko‘zlarini chirt yumib oldi.
Eri karavoti yoniga kelib, turib qolganini pishillab nafas olayotganidan sezib turardi. «Ajabo, maqsadi nima ekan? Yonimga kirib yotmoqchimi yoki kunduzgi qilmishi uchun kechirim so‘ramoqchimi?»
Oradan bir piyola choy ichgulik fursat o‘tgach, Mansur qanday kirib kelgan bo‘lsa, yana shunday so‘zsiz-sassiz chiqib ketdi.
Ma’suma ishxonasida Farhod bilan jiddiyroq gaplashib olish uchun qulay fursat kutib yurdi. Ammo bir necha bor xonasiga borganda uning Mahfuza ismli go‘zal hamshira bilan xo-xolashib turganini ko‘rib, hafsalasi pir bo‘ldi. Bu hol bir necha bor takrorlangach, yigitni birinchi bor rashk qildi, ko‘ngli g‘ash tortdi.
Uyda u yana bir kutilmagan, g‘aroyib yangilikdan ogoh bo‘ldi. Eshikdan kirishi hamon Farrux bo‘yniga osilib yig‘ladi:
– Oyijon, meni kechiring. Men sizni tushunmay, ko‘p vaqtdan buyon xafa qilib yurdim. Endi hammasi boshqacha bo‘ladi. Hayotimiz ham boshqacha bo‘ladi. Biz endi boshqacha yashaymiz. Axir odamlar bir-birini aldamay, yolg‘on gapirmay, to‘g‘ri, halol yashasa ham bo‘­ladi-ku. To‘g‘rimi?
– Axir nima gap o‘zi? Mundoq tushuntiribroq ga­pirsang-chi?.
– Mana, ko‘rib qo‘ying, otamning rostdan ham o‘sha yoqlarda boshqa oilasi, boshqa bolalari bor ekan. – Farrux stolda yotgan konvertni ochib ko‘rsatdi. Unda Mansurning ikki qo‘lida ikkita go‘dakni ko‘targan hol­da, sochlari sap-sariq yosh xotin bilan tushgan surati bor edi.
Siri uzil-kesil, ashyoviy dalillar bilan oshkor bo‘lgach, Mansur uyda ko‘p turolmadi. Ertasigayoq jomadonini ko‘tarib, jo‘nab ketdi.
Ma’sumani ishxonada uydagidan ham ko‘ra kutilmagan, antiqa «xushxabar» kutib turardi. Qabulxonada ishlaydigan, ko‘pdan buyon Farhodni tuzog‘iga ilintirolmay dog‘da qolib yurgan Ruqiya ismli beva ayol yo‘lakda Ma’sumani ko‘rishi hamon yoniga imlab cha­qirib, qulog‘iga shivirladi:
– Eshitdingizmi? Farhod Mahfuzaga uylanarkan. To‘y kuni ham belgilanibdi.
Ma’sumaning ko‘z oldi qorong‘ulashib ketdi, yi­qilib ketmaslik uchun beixtiyor devorga suyanib qoldi...

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 5-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.