OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodmon Otabek. Tavba (hikoya)

— Keldingizmi? — ayolning har kuni bir xil takrorlaydigan bu so‘rovida ko‘p yillar birga yashagan er-xotinlar o‘rtasidagina bo‘ladigan bir yaqinlik, mehr-sadoqat ohangi zuhur edi.
— Keldim, o‘zing tuzukmisan?
— Hmm...
Ayol sassiz yurib ayvonga chiqdi. Gazga choy qo‘ydi. Xontaxtaga dasturxon yozdi. Yelim xaltaga o‘ralgan nonni olib ushatdi. Sochiqqa o‘ralgan, hali sovimagan kosadagi mantini eri tomonga surib qo‘ydi. Choyni damlab kelib, qaytardi.
Akbarali kiyimlarini almashtirdi, yuvinib kelib xotini qarshisiga cho‘kdi.
— Ovqatingiz sovimasin, oling, — dedi xotini kosaga ishora qilib. — Halima manti qilgan ekan, hali tashlab ketuvdi.
Halima ularning to‘ng‘ich farzandi, qo‘shni uyda eri, bir qizi bilan yashaydi. Har ovqat qilganda ota-onasini yo‘qlab, nasiba olib keladi. O‘g‘illar — Farrux bilan Sherzod ham shu mahalladan qo‘nim topishgan.
Tuman gazetasida uzoq yillar bosh muharrir bo‘lgan Akbarali pensiyaga chiqqach, zerikib qoldi. Bir kuni shahardan talabalikda orttirgan yaqin do‘sti Shokir yo‘qlab keldi. Turish-turmushini ko‘rib, ensasi qotdi:
— Shuyam hayot bo‘ldimi, og‘ayni? Tomorqangni sho‘r bosib ketibdi, uni epaqaga keltirguncha iyig‘ing chiqib ketadi. Nima zaril senga bu yerda yashash? O‘lay agar, men bunaqa joyda bir kun ham turolmasdim.
— Xo‘sh, nima qil deysan?
— E-e, shunga ham bosh qotirib o‘tirasanmi? Hovlini sotib, shaharga — bola-chaqalaringni oldiga borasan-da! Zerikmayin desang, ish ham topiladi.
— Qaniy-chi, yana o‘ylab ko‘rarmiz... — Akbarali mujmal javob qildi.
Shokir shaharga borgach, do‘stining farzandlarini yoniga chorlab, maslahat berdi: «Otangni ancha yumshatib qo‘ydim, bu yog‘i endi o‘zinglarga bog‘liq, yana bir o‘rtaga olsanglar ko‘chib keladi».
Farzandlarning qiyin-qistoviga bolalarini sog‘inib, tez-tez ko‘z yoshi qilib oladigan xotinining obi diydasi ham qo‘shildiyu Akbarali noiloj tuman markazidagi katta hovlisini arzon-garovga sotib, shaharga ko‘chib keldi. Mo‘‘jazroq, ta’mirtalab bir hovlini sotib olishdi. Bekor yurib o‘rganmagani uchun Shokir direktorlik qilayotgan nashriyotda ishlay boshladi.
Xayolga berilgan Akbarali sovib qolgan choyni ho‘plarkan, xotiniga zimdan razm soldi. Bir zamonlar aqlu hushini o‘g‘irlagan, kuydirmajon chehrasi har kuni tushlariga kirib chiqadigan xotini qariy boshlagan, ajin to‘r tashlayotgan yuzlari salqi tortgandi. Ko‘pdan o‘ylab yurgan gapini bu gal ham ichiga yutishga majbur. «Yo‘q-yo‘q, aytolmayman. Aytish... mumkin emas! Aytsam... shafqatsizlik bo‘ladi. Bechora o‘zi zo‘rg‘a yuribdi, bunaqa gapni ko‘tarolmaydi».
— Ozgina qopti, yeb qo‘ya qolmaysizmi? — xotini choyni yangilarkan, kosadagi mantiga ishora qildi.
— Men to‘ydim, o‘zing-chi? O‘zing yevdingmi?
— Hmm...
Akbarali ovqatlanayotganda xotinining bilinar-bilinmas quruq nonni kavshab o‘tirganini esladi: «O‘zi yemagan. Odati shunaqa — agar nasiba bir kosa bo‘lsa, menga ilinadi. Bir o‘ziga qozon osib o‘tirmaydi. O‘zi yemay menga yediradi. Menga xuddi bolasidek qaraydi. Peshonamga shunday xotin bitgan-u, men noshukur...»
Xayol uni yana uzoqlarga olib ketdi... Mehriniso undan bir sinf quyida o‘qirdi. U ham maktabning ko‘zga ko‘ringan, a’lochi o‘quvchilaridan edi. Yaxshigina raqsga tushar, bayramlar, tantanalar usiz o‘tmasdi. Akbarali Mehriniso bilan ana shunday tantanalarning birida yaqinroq tanishib oldi. O‘shanda davrani boshqarish ikkoviga topshirilgandi. Qizaloqning qo‘ng‘iroqdek jarangdor, yoqimli ovozi ancha vaqtgacha quloqlari ostida aks-sado berib turdi. «Qo‘shiq aytsa ham bo‘lar ekan bunaqa ovoz bilan, — deb o‘yladi, faqat buni o‘zi bilmaydi, aytish kerak unga». Aytdi ham. Kutilmagan javobni eshitib hayron bo‘ldi.
— Otam artist bo‘lmaysan, deb ogohlantirib qo‘yganlar!
— Ie, otangiz kelajagingizni o‘ylamaydilarmi?
— O‘ylaydilar, ammo...
— Qiziq, otangiz... qaerda ishlaydilar?
— Otam... shu maktabda direktor.
— O‘h-ho‘!.. O‘zlari direktor bo‘laturib...
— Otam yaxshi odam! Men otamni yaxshi ko‘raman! — qiz qoshlarini beixtiyor chimirib, ranjigannamo so‘zladi.
 Direktorning qanday odam ekanligi oradan ko‘p yillar o‘tgach ma’lum bo‘ldi. Mehriniso bilan munosabatlaridagi iliqlik, yaqinlik yuqori sinfga o‘tgach, paxta yig‘im-terimida o‘zgacha tus olgandi. Qaerda, qaysi paykalda bo‘lmasin, Akbarali xuddi sehrlangan odamdek o‘z-o‘zidan Mehriniso paxta terayotgan egat yonida paydo bo‘lib qolaverar, qizning ko‘zga ko‘rinmas bir ohanrabosi o‘smirni o‘ziga chorlar edi. Ularning suhbati sira tugamasdi. Faqat bitta nozik mavzu – sevgi-muhabbat haqida og‘iz ochishmasdi. Chamasi, ular bu haqda gap ochishga hali erta deb hisoblashar yoki iymanishardi.
Maktabni bitirgach, shaharga o‘qishga ketdi. Omadi bor ekan, o‘zi orzu qilgan institut talabasi bo‘ldi. Qishloqda qolgan Mehriniso bilan xat yozishib turdi. Har gal qizdan xat olganda quvonchi ko‘ksiga sig‘mas, yashash yanada zavqli-shavqli tuyular, o‘zicha baxtli kelajak rejalarini tuzardi. Mehriniso Akbaralidan farqli ravishda o‘sha – eng kerakli, zarur so‘zni tilga olishdan hamon iymanar, ayni chog‘da o‘z muhabbatini iboli qizlargagina xos bo‘lgan betakror, nazokatli bir yo‘sinda, oddiy so‘zlar bilan izhor etardi.
O‘sha kezlar Akbarali xizmat yoshida bo‘lgani uchun sentyabr oxirlarida chaqiruv qog‘ozi oldi. Oktyabr oyida kursdoshlari paxtaga, Akbarali esa harbiy xizmatga jo‘nab ketdi. Mehriniso bilan yozishmalar davom etdi. Bir kuni Mehrinisodan buyurtma xat oldi. Maktubdagi «Otam meni majburan qarindoshining o‘g‘liga erga bermoqchi, chorangizni ko‘ring!» degan jumlani o‘qib, boshiga birov to‘qmoq bilan urgandek garangsib qoldi. Otasi ziyoli, o‘qigan-tushungan odam bo‘laturib, nahotki shunday qilsa, nahotki qizining xohish-irodasi bilan hisoblashmasa?!
Akbarali qishloqdagi haddi sig‘adigan hamma tanish-bilishlariga xat yozib, ahvolni tushuntirdi, iloji bo‘lsa otani insofga chaqirib, yordam berishlarini o‘tindi. Ikkilana-ikkilana qizning otasiga ham xat yozishga jur’at etdi. Yegan-ichgani tatimadi. Ozib-to‘zib ketdi. Nihoyat, xatlariga javob kela boshladi. Hammasining mazmuni bir xil: ota o‘jarlik qilib turganmish. Qiz allaqachon unashtirilibdi, fotihani buzib bo‘lmas emish!
Axiyri harbiy qism komandiri huzuriga kirib, dardini aytdi. Komandir tushunadigan odam ekan, ko‘nglini ko‘tarib, navbatsiz ta’tilga ruxsat berdi. Afsuski, g‘isht qolipdan ko‘chgan, keskinroq chora ko‘rmoqdan boshqa iloj qolmagan edi. Otasining fe’lini yaxshi bilgan Mehriniso bor gapni yashirmay, to‘g‘risini aytdi. Yuzaga kelgan vaziyatda endi pandu nasihatlar, chora-tadbirlar ish bermas, Akbarali xizmatga ketishi bilan oradan ko‘p o‘tmay Mehrinisoni erga berib yuborishlari aniq ekan.
— Xo‘sh, unda nima qildik bo‘lmasa? — Akbarali og‘ir xo‘rsindi. Mehrinisoning nozik qo‘llarini qaynoq kaftiga olib, ko‘zlariga tikildi.
— O‘zingiz... bilasiz. — Qiz yigitning mehr to‘la o‘tli nigohiga dosh berolmay, ko‘zlarini yerga tikdi. Ayni chog‘da har qanday choraga rozi ekanini bildirib qo‘ygani uchun xijolat chekdi. Qizdan ayni shu javobni kutgan Akbarali sal yengil tortdi. Hal qiluvchi so‘zni endi u aytishi lozim edi.
— Bo‘lmasa, gap bunday, — dedi yigit bir tomoq qirib olgach, jiddiy tortib. — Men sizni... olib qochaman!
— Voy, o‘ylab gapiryapsizmi? — kutilmagan taklifdan qiz cho‘chib tushdi.
— Ha, o‘ylab gapiryapman. Bundan boshqa choramiz yo‘q.
— Qiziq, meni... qayoqqa olib qochasiz?
— Qayoqqa bo‘lardi, hozircha boradigan yagona makonim – xizmat joyimga olib ketaman.
— Qiziq, men u yerda nima qilaman? Qaerga joylashaman?
— U tomoni bilan ishingiz bo‘lmasin, hammasi yaxshi bo‘ladi. U yerda ham yaxshi insonlar ko‘p, yordam berishadi. Muhimi – ular bizni tushunadi. Qo‘rqmang, bizni butun armiya o‘z himoyasiga oladi.
Mehriniso bunday taklifni mutlaqo kutmagan edi. O‘ylanib qoldi. Ota-onasi bu ko‘rgulikni ko‘tara olarmikin? Uni ...kechirisharmikin?
— Ota-onangiz... ota-onamiz keyinchalik bizni kechirishadi, — yigit qizning xayolidan kechgan ishtibohni sezgandek dalda berdi. — Nabiralari bilan kelib kechirim so‘raymiz.
Mehrinisoning chehrasi kutilmaganda yoqimli bir hisdan yorishib, muloyim tortdi. Uyalgansimon boshini yigitning ko‘ksiga bosdi... Ertasi kuni Shokir Akbarali bilan Mehrinisoni vokzaldan Sibirga kuzatib qo‘ydi.
Akbarali Mehriniso bilan harbiyda kechgan, go‘yo juda uzoq o‘tmishda ro‘y bergandek tuyuluvchi g‘aroyib, baxtli hayotini shirin bir tushga o‘xshatadi. Har gal uni eslashdan huzur qiladi. Hayotda sevgisiga, sevganiga erisholmaganlarning oh-vohlari, vaj-korsonlarini tan olmaydi, hazm qilolmaydi. Bunday kimsalarni noshudlikda, irodasizlikda ayblaydi. Albatta, agar sarhisob qilib aytiladigan bo‘lsa, o‘tgan hayotidan rozi, hatto mamnun. Faqat ...o‘sha mash’um xatoga yo‘l qo‘ymaganda edi, hammasi risoladagidek, bekamu ko‘st, beg‘ubor bo‘lardi.
O‘shanda tahririyatda kotiba bo‘lib ishlaydigan beva ayol Nazokatning tog‘da yashaydigan yolg‘iz onamni ko‘rib kelaylik, degan iltimosiga yo‘q deyolmay yo‘lga chiqqandi. Ko‘zga yaqin, istarasi issiqqina bu juvonning o‘ziga bo‘lakcha, goho oshkora suq bir nazar bilan qarashini sezib yursa ham bunga jiddiy e’tibor bermasdi. Mashina past-baland tepaliklar, adirliklardan o‘tayotganda Nazokat nogoh taklif qildi:
— Iltimos, shu yerda birpas to‘xtaylik. Atrofni qarang go‘zalligini!
Nazokat Akbaralining qo‘lidan tutib, qizg‘aldoqlar tomon yetakladi. Akbarali beixtiyor, so‘zsiz, itoat bilan ayolga ergashdi. O‘sha lahzadan boshlab inon-ixtiyori o‘zidan soqit bo‘lganini sezmay qoldi. Ayol uni qo‘lidan bo‘shatmas, olg‘a boshlar va nimadir demoqchi bo‘lar, bahor havosidan entikib, ko‘ksiga sig‘mayotgan istakdan ko‘zlari olovdek yonardi...
Mashinada urishib qolgan odamdek indamay borisharkan, Akbarali ayoldan, undan ham ko‘ra ko‘proq o‘zidan ijirg‘anardi. Eng qimmatli narsasini bir zumda yo‘qotib qo‘ygan odamdek tajang edi. Noqulay sukunat uzoq davom etdi.
— Qo‘rqmang, hech kimga aytmayman!..
— Gap bunda emas! — dedi Akbarali jahl bilan.
— Nimada bo‘lmasa?
— E-e!.. — Akbarali xit bo‘lib qo‘l siltadi...
 ...O‘sha voqeadan keyin Akbarali halovatini yo‘qotdi. Ichini noma’lum, sarkash bir g‘ashlik tinimsiz kemirardi. Hali-hamon nega xiyonat qilganini tushunolmas edi. Shayton yo‘ldan urdimi? Ayolning makriga uchdimi? Axir yaqin-yaqingacha chin yurakdan sevgan odam hech qachon xiyonat qilmaydi, degan tushuncha-e’tiqod bilan yashab yurardi-ku! Uni nima jin urdi? To‘g‘ri, Nazokat hech kimga og‘iz ochmadi. Yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qoldi. Ammo o‘zi-chi?.. O‘zi biladi-ku! O‘zidan qochib qayoqqa boradi? Gunohini yuvishga qolgan umri yetarmikin? Taqvoga berilgandan buyon Alloh astoydil tavba qilgan bandasi gunohini kechirishiga ishonardi. Ammo yuragida o‘chmas dog‘ bo‘lib yotgan o‘sha gunohdan butunlay forig‘ bo‘lish uchun birgina tavbaning o‘zi yetarmikin? Hozircha boshqa chorasini bilmaydi. Demak, birgina yo‘l qolgan – xotiniga aytish, tavba-tazarru qilish kerak. Agar aytmasa, uni yuragida olib yuraversa, xotinini yana bir karra aldagan bo‘ladi.
Mehriniso erining anchadan buyon nimanidir aytmoqchi bo‘lib, qiynalib yurganini sezar, vaqti-soati kelganda o‘zi og‘iz ochib qolar, deya arqonni uzun tashlab yurardi. Ammo hadeganda eridan sado chiqavermagach, boyaqishning mushkulini oson qilmoqchi bo‘ldi.
— Ko‘pdan buyon sezib yuribman, bir nima demoqchi bo‘lyapsiz-u ammo negadir botinolmayapsiz. Biron gapingiz bo‘lsa ayta qoling, o‘zingizni ham, meni ham qiynamang.
Akbarali taraddudlanib, xuddi jinoyat ustida qo‘lga tushgandek talmovsirab qoldi. Xotinining yuziga qaray olmadi. Ichidan zil ketdi. Peshonasidan sovuq ter chiqdi.
— To‘g‘ri, senga... muhim bir... yo‘q-yo‘q, unchalik muhim ham emasdir, ammo aytmasam bo‘lmaydigan bir gapni, bir sirni aytishim kerak. Vaqti-soati kelganda aytarman ham... Faqat sen... meni shoshirma. O‘zim aytaman, albatta aytaman.
— Zarur gap bo‘lsa, ayta qoling endi odamni xit qilmay! — dedi xotini betoqat bo‘lib. — Axir men begona emas, o‘ttiz yil bir yostiqqa bosh qo‘ygan umr yo‘ldoshingizman-ku! Menga... ishonmaysizmi?
Akbarali boshini xam qilgancha dasturxon chetini ezg‘ilab o‘tiraverdi. Anchadan keyin hadiksirab xotiniga qaradi. Boyaqish mo‘ltiragancha hamon erining og‘ziga tikilib o‘tirardi. Akbarali shundagina bu gapni ortiqcha paysalga solsa xotiniga ham jabr bo‘lishini angladi.
— Men... sening oldingda gunohkorman, shunga... tavba qilmoqchiman.
— Siz... gunohkorsiz? — xotini yanglish eshitdimmikin, deya qayta so‘roqladi.
— Ha, gunohkorman.
— Qiziq, qanday gunoh ekan u?
— Men senga... xiyonat qilganman. Boshqa... ayol bilan. Faqat bir marta...
 Akbarali mana shu dahshatli so‘zlarni aytayotganda xotinining yuzidagi adoqsiz iztirob aralash bir lahza qotib qolgan ayanchli holatni ko‘rib titrab ketdi. Xotiniga rahmi keldi. O‘zidan nafratlandi. Ayni chog‘da eng qiyin qilko‘prikdan o‘tib olgandek sal yengil tortdi. Ammo bu lahza bir zumgina davom etdi.
— Nega? Nega?!.. — xotinining ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi.
— Koshki buni o‘zim ham bilsam! — dedi Akbarali peshonasiga ayovsiz mushtlab. — O‘zing yaxshi bilasan — xotinboz emasman, sendan boshqa ayolni... ko‘rmaganman, ammo nima jin urib o‘sha kuni...
— Bas! — dedi Mehriniso jahl bilan. — Qanday qilib ifloslik qilganingizni aytib o‘tirmang. Nafratlanaman...
Xotini undan nafratlanyaptimi yoki o‘sha ifloslikdan — Akbarali bilolmay qoldi. Bu boradagi har qanday gap xotinini jazavaga solishi mumkinligini o‘ylab, noiloj tilini tiydi.
— Qiziq, qilgulikni qilibsiz, endi bu gapni menga nima uchun aytayapsiz? Nima uchun?
— Axir o‘zing qo‘ymading-ku ayta qoling deb! — Akbarali xotiniga hayron bo‘lib tikildi.
— Sizning bunchalik tubanlikka borishingizni men qayoqdan bilay?!
— To‘g‘ri, meni har qancha qoralasang ham haqlisan. Agar meni kechirolsang – kechir! Oxiratimni o‘ylab, tavba qilmoqchi edim.
— Xiyonatni... kechirish mumkinmi? — Mehriniso eriga nafrat bilan tikildi. — Oxiratingizni o‘ylabsiz-u meni o‘ylamabsiz-da! Axir men endi qandoq yashayman?..
— Agar meni... chindan sevgan bo‘lsang...
— Sevgiga til tegizmang, endi sevgi haqida gapirishga haqqingiz yo‘q.
— Xo‘p, xo‘p... — tili qisiq Akbarali itoat bilan boshini egdi. Egilgan boshni qilich kesmas, deb o‘yladi.
— Men ahmoq bo‘lib, sizga ishonib... xuddi dekabristlarning xotinlariga o‘xshab orqangizdan Sibirlarga borib yuribman.
Oraga uzoq, noqulay sukunat cho‘kdi. Har qanday gap xotiniga yoqmasligini bilgan Akbarali churq etmay o‘tiraverdi. Axiyri xotini o‘zicha hukm chiqardi. — Men baribir bu ko‘rgulikni hazm qilolmayman, endi bu yerda siz bilan xotirjam yasholmayman. Ketaman, meni qishloqqa oborib qo‘ying.
 Akbarali xotini shahardagi nevaralarini bir-ikki kun ko‘rmasa turolmasligini bilgani uchun bu po‘pisadan qo‘rqib o‘tirmadi. Uni ayolining «endi xotirjam yasholmayman», degan gapi o‘ylantirib qo‘ydi. Bejiz xavotirlanmagan ekan. O‘zi kasalmand ayol endi uzoq-uzoq o‘ylanib, xayol suradigan bo‘lib qoldi. Ishtahasi butunlay yo‘qolib, ozib-to‘zib ketdi. Endi eri ishdan kelganda eshikni ham borib ocholmas edi. Uzzu kun joyida cho‘zilib yotgani-yotgan edi. Bu ko‘rguliklarning hammasiga yolg‘iz o‘zi aybdor ekanini bilgan Akbarali ichidan zil ketib, o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib yurdi. Dardini birovga aytib, ko‘nglini bo‘shatolmas edi. Goho o‘zi bilan o‘zi pichirlashib qolardi: «Ajabo, xom sut emgan banda bilib-bilmay eng yaqin odamining umriga zomin bo‘larkan-da. Xudo ko‘rsatmasin, agar xotinimga bir nima bo‘lsa, bunga eng avvalo o‘zim aybdor bo‘laman. O‘zim!.. Unda men qandoq yashayman?..»
Axiyri xotinining ahvoli og‘irlashgach, kasalxonaga yotqizishdi. Boyaqish tuzalish o‘rniga kundan-kunga ahvoli og‘irlashib, so‘nib-so‘lib borar, dardi ichida bo‘lgan Akbaralining ichiga qil sig‘mas edi.
Umr shami so‘nib borayotganini sezgan xotini bir kuni Akbaralini yoniga imladi.
— Qo‘lingizni bering, — dedi ovozi allanechuk titrab.
Akbarali hayron bo‘lib qo‘lini uzatdi.
— Unisiniyam bering.
Akbarali battar taajjublandi, xavotirlanib, ikkinchi qo‘lini ham uzatdi. Ayol erining ikki kaftiga yuzlarini bosgancha uzoq turib qoldi. Shu tarzda eri bilan vidolashayotgan ayol ohista pichirlab, dedi:
— Men sizdan... baribir... roziman...
Ayol shu ko‘yi qayta bosh ko‘tarmadi. Rozi-rizolik izhorida aytilgan o‘sha «baribir» degan so‘z Akbaralining yuragiga bir umr toshdek cho‘kib qoldi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.