Jovli Xushboqqa bag‘ishlanadi!
...-chi yilda ikkinchi kursda o‘qirdim. Sentyabrning malham havosidan simirib, kerishib uyg‘ondim va bugun birinchi soat dars yo‘qligini yoqimli his bilan esladim. Ijara xonamizda mendan boshqa hech kim yo‘q — bolalar darsga ketishgan.
...yuvinib, taranib, oppoq, o‘zimga yarashgan, yelkasiga “Kelajak” deb bitilgan futbolkani kiyib, kolbasa va non olgani do‘konga tushdim. Kolbasaning kilosi ming so‘m edi. Non olib bo‘ldim. Cho‘ntagimdagi bir dona besh¬yuztalik aqchani g‘ijimlab turibman. Odam tirband, nonga navbat turganday xaridorlar turnaqator tizilgan. Nachora, bir suluvgina ayolning ortidan navbatga turdim. Ayol yo nemis, yo ingliz... tag‘inam kim biladi, balki frantsuzdir. Yelkasida yoyilgan qo‘ng‘iroq, sariq sochlari, tik tushgan kalta burni, goho yarim qiyalab qolguvchi yuzidagi botiq qovoqlardagi moviy ko‘zlari yonidagi kuchukchasiga bir nimalar deyotgandek. Ishqilib, sharqlik emas va mehmon ham emas. Qay bir ajdodining rizqi sochilib, bizning yurtlarga kelib qolganmiyam deb o‘yladim.
Yoshi nari borsa o‘ttizda. Ehtimol bir-ikki farzand ham ko‘rgan. Yarim qarichgina oramizdagi masofadan bo‘yniga tushgan nozik halqalardan taxmin qilayapman bularni. Jigarrang, yupqa libosidan o‘rta bo‘y, oq-sariq yetilgan vujudi mening esimni o‘g‘irlab, chimildiq toriday titrab ko‘rinayotir. Ortimda turgan, jomadan tutgan chol negadir tipirchilab ortimdan turtib yubordi — bexosdan ko‘ksim bilan ayolning nozik yelkasiga tegib ketdim. Hozir shartta o‘giriladi-yu bobillab beradi deya o‘yladim. Qayoqda... pinaginiyam buzmadi. “Hay, kuchingdan”, deb qo‘ydim ichimda. Hali uylanmagan, yantoqzor dashtlarni oralab kelgan bo‘zbolaning ko‘ksidagi tuyg‘ularni tushungaysiz-da, do‘st. Qo‘lim ixtiyorimdan chiqib, uning nozik, oppoq, toshib turgan bilagiga tegdi. “Qilt” ham etmadi. Uch barmog‘im to‘rtinchisini, so‘ng beshinchisini chaqirib oldi. Iliq, atir bo‘yi ufurib turgan mayin bilakdan ohistagina, bir marta tutdim. Va cho‘qqa tekkandek darhol tortib oldim, negaki — haqqim yo‘q. Bunday xayol qilishga-da haqqim yo‘q-ku! Ammo... yuragimning bir joyda turib bosayotgan qadamini, menimcha, bu nemismi, inglizmi suluv ham ilg‘agandir. Yuraklar tilmochni yomon ko‘radi!
...Xullas, unga navbat keldi. Va ship-ship etib do‘konchi yigitga ro‘para bo‘ldi.
Shunda uning nozik yelkasi osha cho‘g‘day qip-qizil hamyonidan o‘n besh ming so‘m pulni sanayotgan, oshiqning yuragiga botirib olgandek ol tirnoqlariga ko‘zlarimni uzmay qarab turdim.
Ayol pulni sotuvchiga uzatdi va bir og‘izgina so‘z ayt¬di:
— Chappi!
Sotuvchi unga rosa uch kilogramm “Chappi” — itning maxsus etli ovqatini tutqazdi — kilosi besh ming! Ayol sumkani qo‘lga olarkan, hamyonni ham unga joyladi. Bu qo‘lida, yetovdagi paxmoq kuchukcha esa ayni shuni kutib turgandek chap orqa oyog‘ini ko‘tardi-da beton sahnga... choptirvordi — yaramas!
Yengilgina charm shippagimga peshob sachradi. Ayolga qaradim. Xijolatlik yoki uzrxohlik qilar degan o‘yda uning chehrasiga entikib nazar tashladim. Shunda...
...uning go‘zal chehrasida shunchalar sovuq ifodani ko‘rdimki, seskanib ketdim. Terilgan, chimirilgan qizg‘ish nozik qoshlari o‘rtasidagi tuguncha hayotimga nuqtadek urildi, go‘yo. Shoirning “Yurak bo‘lishi yolg‘onmi odamning ichida” degan nidosini so‘zsiz pichirladim.
Ayolning nigohidagi kibr, nopisand¬lik va beshafqat istehzo mening tarashlanmagan hayot tarzim, erkaxayol qalbimga xanjardek yarqirab sovuq botdi. A’zoyi badanimning bilinar-bilinmas qaltirab ketganini tuydim.
So‘ngra... u qachonlardir muzlab qolgan qalbini opichlab chetga — yo‘lakka burildi. Yo‘q, aslo men uni ayblamayman — muzlagan qalb erimaydi. Ammo...
...meni sotuvchi shoshiltira boshladi.