OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Baxtli bo‘linglar (hikoya)

Tashqarida lopillab laylakqor yog‘ardi. Zebo buvisining tanchasida mudrab o‘tirar, uning ko‘z oldidan qachonlardir kitoblarda o‘qigani yoxud odamlar tilidan eshitgani bir manzara o‘tar edi: derazalar!
Deraza oynalari lampochkalar nuriga yo‘g‘rilib ko‘rinadi. Ichkaridagi noz-ne’matlarga to‘la stol atrofida tik turgan odamlar qo‘llaridagi qadahlarini cho‘qishtirib, bir-biriga shirin orzu-tilaklar bildirishyapti.
Zebo xayolan o‘shalar davrasiga tushib qoldi: ana, bittasi Zeboning ham qo‘liga qadah tutib, peshonasidan o‘pdi. Zebo qarasa, u akasi emish. Ana, yangasi ham uni quchib o‘pdi: «Senga baxt tilayman, Zebo! Yangi yil bilan!» — dedi.
Qiz cho‘chib boshini ko‘tardi. Yon-veriga qaradi va shaxt bilan tanchadan turib ketdi. Ayvonga chikdi.
Ayvondan to‘g‘riga, o‘z uylariga qarab ketgan yo‘lka oppoq, undagi yolg‘iz odam qoldirgan izni ham qor ko‘mib boryapti.
Zebo kalishini kiyib, ayvondan tushdi. Qordagi izlarni tavakkal bosib pildirab ketdi. Chorpoya ostidan chiqqan it ham cho‘zilib kerishdi-da, qizning ortidan chopdi. Undan oldinga o‘tib, ro‘paradagi uy ayvoniga chiqib bordi.
Zebo nam tortib ketgan dahlizda kalishini yechib, o‘ng qo‘ldagi xonaga kirdi. Yuziga bo‘g‘riqqan issiq havo urildi. Cho‘yan pechning kulxonasini tozalayotgan onasi qoshida to‘xtadi.
— Ena, shaharga ketaman. Akamni ko‘rib kelaman!
Ona unga hayron bo‘lib qaradi.
— Hozirmi? Bayram o‘tsin. Keyin borib kelasan. Biznikiga ham bitta-yarimta mehmonlar keladi. Men yolg‘izlik qilib qolaman.
— Boraman! — dedi Zebo onasining gapini eshitmaganday. — Hozir ketaman! Nima berasiz, tayyor qiling hozir!
— Otangdan so‘ra bo‘lmasam. Hali-zamon kelib qoladi.
— Otam rozi bo‘ladilar. Menga pul bering! Sandiqni oching...
Ota-ona yolg‘iz qizlari bilan qolgan. Ular Zeboning so‘zini ikki qilishmasdi.
Zebo dahlizga qaytib chikdi. Narigi xonaga kirdi. Devorlarga ko‘z tashlab, to‘rdagi shkafni ochdi. Tugundan atlas ko‘ylagini, qoziqdan paltosini oldi. U bir-pasda kiyinib ham bo‘ldi.
Palto unga uzunlik qilar, guldrr shol ro‘mol uni katta qilib ko‘rsatar, ichi mo‘ynali etikchasining qo‘nji keng, qizga yarashmas edi.
Ona kirdi, chiqdi. Zeboning qoshida to‘xtadi. Nimadir deb to‘ng‘illadi. Oxiri:
— Borasan dedim-ku! — dedi.
Oradan bir soatlar vaqt o‘tdi chamasi. Zebo shaharga qatnaydigan avtobusda o‘tirar, avtobus qorga burkangan qishloqdan chiqib biyday dala yo‘liga tushgan, yo‘lning odoqlari oqarib, tumanlanib ko‘rinar, go‘yo avtobus allaqancha odamlarni olib noma’lum, sirli tomonga ketmoqda edi.
Lekin yo‘lovchilar mamnun, derazalardan olislarga ko‘z tashlashadi, bir-biriga qishning yaxshi kelgani, qor ham ayni vaqtida yog‘ayotganini aytishadi.
— Ha, qor bo‘lmasa Yangi yil bayrami bo‘ladimi! — deb qo‘ydi Zebo ham.
U suhbatga qo‘shilmagani uchunmi, gapiga hech kim parvo qilmadi, zero qiz ham ularga parvo qilmadi. Asta-sekin uning xayolidagi manzara — onasining «ertagayoq orqangga qayt!» deya yelkasini silagani, ota-sining avtobus shoferiga ortiqcha pul berib: «Akasining uyiga yaqin oborib tashlang», deya iltimos qilib Zeboni ko‘rsatgani, yo‘l yoqasida cho‘nqayib o‘tirgan ola-parning allaqanday siniq tovushda hurib qo‘ygani — uning xayolidan ko‘tarilib, avtobus oldinga jilgani sari qizning fikri-yodini tag‘in o‘ziga tanish, aziz manzara egallab olar edi.
Odatda avtobus shaharga kechki soat beshga qolmay yetib borardi. Bugun esa olti yarimda yetdi.
Tanish ko‘cha. Io‘l yoqasida o‘sha novcha daraxtlar! Qiziq, shaharda yo‘llarga qor tushgani qo‘yishmay-di-ya? Yer supurgich mashinalar va yana allaqanday kichkina avtobuschalar uyoqdan-buyoqqa o‘tib, asfaltni tozalab ketishyapti. Qor esa bunga o‘chakishganday.
Mana, besh qavatli baland imorat. Uning yuqori qavati ko‘rinmaydi! Bulut pasayib qolganday.
Zebo allaqanday ichki hayajonda yo‘lni kesib o‘tdi. U yo‘lkaga tushmayoq avtobus ham iziga qaytib ketdi.
Mana, yosh-yosh chinorlar! Barglari to‘kilmapti. Shoxlarini qor bosgan. Ana, archalar. Shu shaharliklar qiziq! Tog‘dan archa keltirib, uylari yoniga o‘tqazishadi. Shularga qarab zavqlanishsa kerak, yoki o‘zlarini tog‘da yashayotganday his qilishadimi?
Ana, akasi bilan yangasi turadigan imorat.
Bu imorat Zeboga yaqin, aziz ko‘rinib ketdi. Xuddi o‘z uyiga yetganday mamnun bo‘lib bir to‘xtadi, chap qo‘lidagi og‘irgina chamadonni o‘ng qo‘liga oldi.
Zinalar. Eshik. Zebo oppoq tugmachani bosdi. Ichkarida qo‘ng‘iroq jiringladi. Ship-ship qadam tovushlari keldi. Nihoyat, nimadir qitir etdi va eshik ochildi.
— E, Zebo! — baqirib yubordi akasi.
U yaxshi kiyinib olgan, egnida qora kostyum, bo‘ynida qizil galstuk, oyog‘ida yaltiroq tufli.
Aka singlisining peshonasidan o‘pdi. Yo‘lakka qarab qo‘yib, eshikni bekitdi.
— Yangam uydami, aka?
— Uyda... kiyinyapti! Sharifa! Zebo keldi! — Oqiljon Zeboga kulib boqdi: — To‘g‘ri qishloqdan kelyapsanmi?
— Ha, — dedi Zebo ham kulimsirab. — Yangi yilni ko‘rgani keldim. Maylimi?
— E! — dedi aka. — Zo‘r ish qilibsan-da, singlim! Enam qalay? Boboy tuzukmi? Paltoyingni yech! Etikni ham. Ana shunday. Endi menga ber! Mana bu yerga ilib qo‘yamiz. Sovqotibsan-a? Ichkariga o‘t!
Oqiljon hovuchiga yo‘talib qo‘yib, unga zalni ko‘rsatdi. O’zi chap qo‘ldagi yo‘lak bilan borib, yotoqqa kirdi. Eshikni zichlab, xotiniga shivirladi:
— Zebo keldi.
Sharifa siniq kulimsiradi.
— Ayamlar yuborishibdimi?
— Yangi yilni o‘tkazgani kepti.
Ayol eriga ma’noli tikildi. Er chimirilib, burnini qashib qo‘ydi.
— Parvo qilma. Zebo uyda o‘tiradi, — dedi.
— Yolg‘iz... Qanaqa bo‘larkan?
— Him, bilmadim endi... o‘tirishga oborib bo‘lmaydi. Umarni bilasan, odamlarni saralab chaqirgan. Keyin, umuman, Zebo u davraga to‘g‘ri kelmaydi.
— Bari bir... nimadir qilish kerak. U yolg‘iz o‘zi o‘tirmaydi-ku, Yangi yilni kutaman deb kelgan bo‘lsa?
— Him-m, qo‘shnilarning ham u tengi qizlari yo‘q, — Oqiljon keskin qo‘l siltadi. — Bir yo‘li topilar. Aytmoqchi, biz vaqtli qaytamiz-ku? Ikkiga qolmay yetib kelamiz... — U quvonib ketdi. — Umarning esi bo‘lsa bir soat o‘tirmay turib, «aylanamiz!» deb qoladi. O’tgan yili o‘zimiznikida o‘tirgandayam shunday bo‘lgandi.
— Ha-ya. Unday bo‘lishi ham mumkin. To‘xtang, unga o‘zingiz tushuntirib ayting, men aytolmayman.
— Yaxshi. Kiyin tezroq. Oqiljon qaytib zalga bordi.
— Hozir yangang keladi... Kiyinyapti. O’tir!
Zebo xona o‘rtasida qotib turar, burchakdagi odam bo‘yi archaga tikilib qolgan, archa bamisoli qo‘g‘irchoqdek bezatilgan edi.
— Zebo?
Qiz akasiga kulib qaradi.
— Archani yaxshi bezatibsizlar!
— Ha, endi... O’zim yaxshi ko‘raman archa bezatishni! Yangang ikkalamiz bezadik. E, bugun uch soat vaqt shunga ketdi, — Oqiljon allaqanday ma’yuslanib kresloga cho‘kdi. — Endi, bu ishning ham bir gashti bor-da...
Zebo akasining hurmati uchun so‘ziga bosh irg‘ab, stulga o‘tirdi.
Yangasi keldi.
Bir soatdan keyin Zebo xonada yolg‘iz qoldi.
...Akasi bilan yangasi juda qadrdon bir o‘rtoqlari uyiga aytib qo‘ygani, o‘tgan yili bu yerga kelishgani, bormasalar bo‘lmasligi, lekin uzoq o‘tirmay qaytib kelishlari va Zebo bilan birga Yangi yil bayramini shu yerda davom ettirishlarini aytib, Zebodan qayta-qayta uzr so‘ragan bo‘lishdi.
Zebo ularning so‘zini eshitib turdi-da:
— Yo‘q-yo‘q, meni o‘ylamanglar, akajon. Rahmat, — dedi. — Bilaman. Men ham dugonalarim uyiga chaqirsa, sizlarni boshlab bormayman-ku. Yangajon, boraveringlar. Men uyda o‘tiraman. Zeriksam ko‘chalarni aylanib kelaman.
— Yoki... Sharifa, shu yerda qittak-qittak qilamizmi? Kelinglar! — U chap qanot devor ostida turgan stol boshiga bordi. Ikkilandi. — Hozirdan-a, Sharifa?
— Ixtiyoringiz, — dedi xotini.
Zebo akasi bu ishni o‘zi uchun qilayotganini fahmladi.
— Akajon, qo‘ying. Vaqtida ichganingiz yaxshi. Kechikib qolasizlar, boringlar!
Xayrlashayotib Oqiljon singlisining peshonasidan yana o‘pdi. Sharifa ham uning yelkasidan quchib qo‘ydi.
Akasi bilan yangasining ketib qolishgani Zeboga og‘ir botmadi. Qaytaga uyda yolg‘iz qolgani unga yokdi. Qiziqib, yana archa qoshiga bordi. Butoq tanasiga yopishib turgan tulkiga tikilib: «O’lmabsiz!» dedi. Burniga chertmoqchi bo‘ldi. Lekin archa ustiga tashlab qo‘yilgan yaltiroq qog‘oz shildirab ketib, archa titradi. Qiz tezgina qo‘lini tortib oldi.
So‘ng archani o‘rab olgan mitti lampochkalarni yoqmoqchi bo‘ldi.Hali akasi yoqib ko‘rsatgan edi. U izlanib televizor qoshiga bordi. Polda yotgan shtepselni olib, tokka tiqqan edi, qorayib-yashillanib turgan archa lop etib qizardi. Uning shoxlari, butokdar, barglari orasiga yashiringan lampochkalar bodrab yondi.
Zebo hayajonga tushib, archa qoshiga qaytdi. Undan ko‘z uzolmay qoldi: muncha chiroyli!
«Odamlar biladi-ya? Hamma narsani chiroyli qilishadi», deb o‘yladi u.
Yarim soatdan keyin Zebo uy chiroqlarini o‘chirib, eshikni qulfladi. Zinalarni bir-bir bosib, pastga tushdi. O! Ro‘paradagi derazalarda chiroqlar yonibdi-ku! Hammasida archa bordir-a? Anavi deraza — qora. Egasi o‘tirishga ketgan. Anavi uydayam odam yo‘q. Ular ham yangi yilni o‘tkazib qaytishadi hali.
U ko‘chada qancha vaqt aylanib yurganini bilmaydi.
Bo‘ralab yog‘ayotgan qor tagida junjikib xiyobonda ketarkan, yo‘l yoqasida qo‘nqayib turgan faner uycha oldida to‘xtab qoldi. Uychaning bitta devoriga archa ko‘tarib ketayotgan ayiqcha surati solingan. Ikkinchi tomonida quyoncha bilan qo‘l ushlashib turgan Qorqiz! Uchinchi tomonida kattakon Qorbobo!
«Shu yerda archa sotishgan, — o‘yladi qiz. — Odamlar olib ketishgan!» U xo‘rsindi — tog‘da o‘z boshiga o‘sib yotadigan archalarning bu yerda tanqisligi qizga juda yoqib ketdi.
U joyidan jilgan ham edi, ro‘paradan kelayotgan yigit unga urilib ketayozdi. Uning ham qo‘lida... archa. Kichkina archa. Ha, birovning uyiga boryapti. Shoshganini qarang! Vaqtida harakat qilish kerak edi. Hali buni bezatish kerak. Beparvo ekan.
Ana, qo‘lida zont tutgan ayol shoshib ketyapti.
Zebo ko‘chada odamlar siyraklashib qolganini ko‘rib, qattiq hayajonga tushdi: Yangi yil o‘tib ketmadimi?
Orqaga qaytdi. Yo‘li qayoqda? Akasining uyi qayoqda? Qani, shu xiyobon bilan boraversin-chi.
U tez yurib borar, etikcha ichidagi oyoqlari sovqotayotgani endi bilinar, qo‘lini og‘ziga tutib kuhlar, lekin jilmayar va antiqa bir joyga borayotgandek shoshar edi.
Qiz shu hovliqishda tanish imoratga yetdi. Zinalar. Eshik. Ichkariga kirib, eshikni yopdi-yu, zalga kirib yig‘lab yuborayozdi. Archaga o‘rnatilgan mitti chi-rokdarni o‘chirmay ketgan ekan.
Xona qizarib, juda sirli, juda ham go‘zal bo‘lib turibdi. Buning ustiga, issiqqina.
Zebo shosha-pisha yechindi. Kiyim-boshini boya akasi qo‘ygan joyga ohista osib qo‘ydi. Etikchasini ham yechdi-yu, yangasining oq tuflisiga ko‘zi tushdi. Shunda uning hali chiqayotganida qora, laklangan tuflini qog‘ozga o‘rab sumkaga solayotgani yodiga tushdi. Kulimsirab va zavqlanib, tuflini kiydi.
O’ziga o‘zi zehn solib, shohona qadam bilan zalga qarab yurdi. Uning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilib ketgan edi.
Beixtiyor deraza yoniga bordi.
Qor sekinlagani uchunmi, qarshi tarafdagi uylar derazasi yaqin bo‘lib ko‘rinar, bir necha deraza ortida chiroyli kiyingan erkak-ayollar bor edi. Ana, bittasi qattiq kulib, boshini yigiti orqasiga yashirdi. Anavi uyda yorug‘ ko‘p. Qandilini qarang! O’ntalab lampochka yonib turibdi.
I-ya, anavi odamlar nega to‘zib qolishdi? Qo‘llari-da qadah. Bir-biriga uzatishyapti? Hozir ichishadi... Yangi yil!
Zebo yalt etib televizorga qaradi, oqarib turgan ekranda qop-qora soatning millari «12» raqami us-tiga borib qolgan edi.
A-a, ana u strelka sekundni ko‘rsatyapti. Sekund... Uyam «12» ga yaqinlashib boryapti!
Hozir boradi... So‘ng asta o‘tadi... Yangi yil ham kiradi... Eski yil o‘tadi!
Qizning yana yig‘lagisi kelib ketdi. Hiqillab yana derazaga qaradi.
U nega qarab turibdi? Nimani kutyapti? Axir, o‘zi ham nimadir qilishi kerak-ku? Nima? Kiyinishi kerakmi? Kiyimi ustida, yomon emas. To‘g‘ri, ko‘ylak etaklari yangasinikiga o‘xshab kaltamas. Lekin tuzuk. Sochi... turmaklab olsa bo‘larkan. Mayli, endi vaqt o‘tdi.
Nimadir qilishi kerak!
Chiroqni yoqsinmi? Unda... ular ham Zeboni ko‘rishadi. Yolg‘iz ekan deyishadi. Bu ishi to‘g‘rimas!
Axir, u mana shu manzarani — Yangi yil kutish daqiqalarini, odamlarning quvonib qadah cho‘qishtirishlari, tabrik qilishlarini ko‘rmoqchi edi-ku!
Yana-tag‘in... bu manzarani shaharda allaqanday deraza ortida turib ko‘rmoqchi edi. Shu orzusiga yetdimi hozir?
Lekin o‘zi ham bularga qo‘shilishi kerak-ku?!
U shoshib stol yoniga bordi. Ha-a! Ana, ichimlik! Ana idishchalar. Unga mana shu narsa yetmayotgan ekan. Yo‘q, u icholmaydi. Ichib ko‘rmagan. Nafasi bo‘g‘ilib qolmasin tag‘in. Yoki mast bo‘lib qolsa, sharmandalik! Akasi nima deydi.
Yaxshi emas.
U stoldan oppoq chinni piyolani olgani, oshxonaga o‘tgani, chiroqni yoqib, vodoprovoddan piyolaga suv qu yib olgani, tag‘in deraza yonida paydo bo‘lganini sezmay qoldi.
...Ana, odamlar uyokda...
Zebo qo‘lidagi qadahni oldinga uzatdi:
— Baxtli bo‘linglar! — dedi. Ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi. — Omon bo‘linglar, — shivirladi u va garangsigan ko‘yi so‘z aytishda davom etdi: — Siz ham, siz ham... Akajon, siz ham! Yangajon, siz ham omon bo‘ling! Ena! — beixtiyor allaqayoqlarga qarab oldi. — Otajon siz ham.
U baxtiyor edi. Uning qo‘llari qaltirar edi. Piyolani sekin labiga eltdi-da, muzdek suvni ichib yubordi.
Tashqarida qor yog‘ar, har bir uy, har bir go‘shada bayram. Zeboning akasiyam do‘stlari davrasida, yangasi ham o‘sha yerda. Yirokda... qishlokda ota-onasi ham bayram shodiyonasida. Zebo bu yerda, lekin u hozir o‘zini qizg‘ish mitti chiroqlar yonib turgan nimqorong‘i uydamas, o‘shalarning davrasida, yo‘q, anavi notanish odamlarning, butun shahar, butun qishloq uylarida, chehrasida Yangi yil, yangi baxt zavqi gupurgan odamlar orasida his etib, ularning g‘ala-g‘ovuri ichida gangib o‘tirar, o‘zigina ularga baxt-saodat tilab qolmay, ularning ham o‘ziga baxt-saodat tilayotgan so‘zlarini eshitar, butun vujudi, fikri-zikri, borlig‘i bilan bayram, Yangi yil quvonchiga chulg‘anib qolgan edi.
Haqiqatan ham kechasi soat ikkidan keyin eshik ortidan qadam tovushlari keldi. Yangasi va akasi boshchiligida bir qancha erkak va ayollar gul-gul ochilib kirishdi.
Bayram davom etdi!
Ertalab Zebo qishloqqa qaytdi. Tanish bekat. Avtobus. Tanish yo‘l. Dovon. Biyday cho‘l. Qishloq. Uylari. Otasi. Onasi. Buvisi.
Tancha. Tashqarida qor gupillab yog‘moqda. Zebo tancha yonida mudrab o‘tiribdi. Uning xayolida kitoblarda o‘qigani yoxud odamlardan eshitgani boshqa manzaralar...

1976

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.