Nafaqat bolalarga.
Muallif
I z o h. O’ylab qarasam, bolalar o‘yinlarida gap ko‘p ekan. Biz o‘sha o‘yinlarda faqat jismonan emas, balki ma’naviy jihatdan ham chiniqar ekanmiz. Qanday odam bo‘ldik? Bu — chetdan qaraganda ma’lum. Biroq bizdagi, shaxsan o‘zimdagi airim sifatlar zaminini ham o‘sha o‘yinlardan ko‘raman. Axir, o‘yinda, g‘irromlik qilgan ayrim do‘stlarimizning keyinchalik, katta bo‘lgandan keyin ham Hayotda g‘irromlik qilganliklariga guvohmiz. Yoxud buning aksicha. Qisqasi, bolalik o‘yinlari har birimiz uchun ajib bir sinov davrlari — jabhalari bular ekan.
Men bolalar o‘yinlari mavzuida hikoyalar bityapman. (Muallif)
Bahor. Men bog‘imiz adog‘idagi devorning u yog‘ida yastangan yalanglikka chiqaman. Onam ishda — ertalab jiyron otimizni minib ketgan. Singlim Ra’no dugonalari bilan qo‘g‘irchoq o‘ynaydi. Men nima qilay? Uyda o‘tiraymi? Darslarim tayyor. Kechasi bajarib qo‘yganman. Tushgacha kunni o‘tkazish kerak.
Chillak, ya’ni onasop bilan bolasoshsh olib yo‘ng‘ichqapoyaga yo‘rtaman. Rahmatlarning devori yoniga borib, bukri yong‘oqning tanasiga onasop bilan bir-ikki uraman. Keyin yerga yiqilgan shoxlarni, butoqlarni savalayman. Ishqilib, ovoz chiqsin. Rahmat zshitsin. Bo‘lmasa kim bilan o‘ynayman. Guzardagi bari bola ertalabdan maktabga ketgan, birinchi smenada o‘qishadi. Faqat Rahmat bilan men ikkinchi smenada. To‘g‘ri, u mendan bir sinf yuqori o‘qiydi-ettinchida. Shunday qilib, uni qarsillataman, ashula aytaman. Kimnidir chaqirgan bo‘laman. Oxiri «Rahmat go‘ppon» chiqib keladi.
U semiz, yelkalari keng bola. Engashib yuradi, yerdan bir narsa topadigandek. Shuning uchunmi unga kimdir «go‘ppon» deb laqab qo‘ygan-u, uyam o‘sha laqabga o‘rganib qolgan. Lekin o‘zi ho‘kizdek kuchli. Bilaklari yo‘g‘on, chillakni ursa.. O! Chillakbolani ikki adir nariga o‘tkazib yuboradi.
— Ha, Bo‘rijon, nima qilyapsan? — deydi u devordan qarab.
— O’zim. Chillak o‘ynayapman, — deyman. — Keling.
— Sen g‘irromlik qilasan.
Men jim qolaman. G’irromlik qilaman unga. Masalan, chillak o‘ynayapmiz deylik. O’yin oxirida kimdir zuvillashi kerak. Kimdir chillakni uzoqqa otishi kerak. Qurib ketkur, hamma vaqt Rahmat birinchi bo‘lib tugallaydi. Ya’ni, men urgan chillakbola, qaerga tushmasin, u otganida naq onasopning yoniga kelib «yotardi». Shu bilan tamom. U urardi chillakbolani. Men uni onasiga yaqinlata olmasdim ham. Keyin nima bo‘lardi? U qadamlab sanardi. Marragacha. Keyin yana urardi. Yana boyagi ahvol, Bir vaqt qarabsizki, o‘yin adoq bo‘libdi. Navbat bizni zuvillatishga kelibdi.
Nima qilardim? Qarab turardim. U yenglarini shimarib, onasopni olib bolasopni tepaga otib, pastdan «Bir, ikki, uch, to‘rt» deb, chillakbolani yerga tushirmay koptokdek sapchitib-urib sanayberardi. Bolasopni to‘rt marta sakratib, onasopni unga tegizolgan bo‘lsa, to‘rt qo‘l uradi. Bolasopni onasopning tumshug‘idagi kemtikka qo‘yib, bir sakratadi-da, onasop bilan shunday uradi — bolasop kamida oltmish-etmish qadam nariga borib tushadi. Keyin u yerga borib, «ikkinchi chillakni» uradi. Keyin uchinchisini... To‘g‘ri, onasop bolasopga tegmay qolishi ham, bir uchiga «chirt» etib tegibgina ketishiyam mumkin. Lekin Rahmatda hech shunday bo‘lmasdi.
Xo‘sh, u urgan deylik, uch chillak masofani zuvillab kelish osonmi? Gap oson yo qiyinlikda emas. O’yinning tartibi shu: yutqazdingmi, zuvillashing kerak.
Lekin men... hali aytganimdek ish qilardimda. Ya’ni, u bolasopni sakratib sanay boshlar ekan, asta nari-beri qarab olardim-da, g‘izillab qochib qolardim. Devorimizdan sakrab o‘tib ketardim. Buyam yetmaganday to‘g‘ri uyga kirib, eshikni ichkaridan zanjirlab olardim-u, derazadan qarab turardim.
Rahmat bechora ba’zan devor kemtigidan oshib, uyimizga kelardi. Derazani taqillatardi. Keyin supa labiga o‘tirib olardi. Men derazadan qarab turaman deng. U, zuvillab ber, deb yalinardi.
Xullas kalom, o‘sha kuniyam Rahmat go‘pponni bir amallab devordan bu yoqqa tushirdim.
— G’irromlik qilmaysanmi? — dedi u.
— G’irromlik qilsam, o‘lay!
— Qasam ichding-a?
— Qasam ichdim.
O’ynay boshladik. Yana o‘sha ahvol. Sal vaqt o‘tmay Rahmat o‘yinni tamom qildi. Demak, u meni zuvilla-tishi kerak. Keyin men uni zuvillatishim mumkin.
Jim turibman. Rahmat bolasopni irg‘itib urdi. Zing‘illab ketdi. Yetmish qadamlar nariga tushdiyov. Sekin yurib bordik. U menga qarab-qarab qo‘yadi. Men jim. Ikkinchi chillakniyam urdi. Yana shuncha masofaga ketdi. Cho‘tlab ko‘rsam zuvillab kelolmayman.
Uchinchi chillakniyam urdi-e! Meteostantsyya degan joy bor edi. Ob-havoni tekshiradigan idora. O’shaning hovlisiga borib tushdi. O’la qolsam ham u yerdan marragacha zuvillab kelolmasdim. Rahmat chillakbola tushgan yergacha bilagimdan ushlab bordi.
Xo‘p, chillakbolani oldim. Chuqur-chuqur nafas ham oldim. Nima uchundir kaftlarimgayam tufladim. So‘ng xuddi o‘ljaga otiladigan tozidek oyoqlarim bilan turgan yerimni depsinib «tirnab» ham ko‘rdim. Nihoyat, chopdim.
Rahmat ham men bilan yonma-yon chopib kelyapti. Uning ahvoli og‘ir. Chopgani ustiga tag‘in mening og‘zimga qarashiyam kerak. Chunki nafas olib qolishim mumkin. Unda... yana g‘irromlik bo‘ladi.
E, chopaverdim. Oxir... yo‘q, bo‘lmadi. Chamamda marraga yetar ham edik. Lekin erinchoqlikmi, nima balo bo‘ldi-yu, yerga tikila boshladim. Bir yumronning iniga ko‘zim tushdi. Yaqinda tuproq chiqargan. Sariqqina bo‘lib turibdi. Shunga qarab burila boshladim. Boshiga yetganda, chillakbolaning uchiga tupurib, yumronning iniga tashlab yubordim.
Nazarimda, chillakbola chuqur ketmasligi kerak edi. Uning uchginasi ko‘rinib qoldi. O’zi, o‘yinning qonuni shu: marraga yetolmagan o‘yinchi bolasopni biron teshikka tiqib yuborishi yoki do‘ppisining ichiga tupurib, keyin uni do‘ppida qisib turishi kerak. Raqib uni onasop bilan urib tushirishi lozim. Lekin Rahmat sho‘rlik yumron iniga tushib ketgan bolasopni qanday urib chiqara oladi? Tag‘in shunisi borki, urib chiqargach, havoda yana to‘xtovsiz urib qolishi kerak. Keyin chillakbola borib tushgan yeridan yana zuvillash lozim.
Rahmat yumron iniga tikildi. Xo‘p tikildi-da:
— Sen uyaga tupurmading, chillakbolaga tupurding, — dedi.
— E, chillakbolaga tupursam nima, — dedim. — Baribir tupugim yerga tegadi.
— G’irrom.
— O’zingiz g‘irrom.
Rahmat bolasopni urib chiqarish uchun xo‘p o‘yladi. Iloji yo‘q. Nihoyat, onasop bilan chillakbolaning uchiga bir turtdi-da, indamay ketib qoldi.
— Ho, — deb baqirdim. — Men zuvillayman!
— Zuvillasang, zuvillayver!
Bolasopni indan chiqarib olib, bir zuvilladim. Hademay marraga yetib bordim. Keyin onasopni o‘nglab, Rahmatning yo‘liga chiqdim.
— Qayoqqa?
— Sen bilan o‘ynamayman.
— Zuvillaysiz.
Bechora bir oz o‘ylab turdi-da:
— Mayli. Lekin keyin o‘ynamayman, — dedi.
— Bo‘pti. — Ikki chillakkayam zuvillasa harna-da deb, onasopning kemtigiga bolasopni qo‘ydim. Sakratib, tik-tik ura boshladim. Qarangki, beshta bo‘ldi.
E, mening xursandligim! Buning ustiga, birinchi chillagimoq kamida oltmish qadam joyga borib tushdi. Ikkinchisi undan nariga. Xullas, men ham bolasopni meteostantsiya binosidan oshirdim. Rahmat go‘ppon eran-qaran borib, chillakbolani oldi. Marraga qarab yugurdi. Men u bilan yonma-yon boryapman. Terlab ketdi. Qizara boshladi. Chamamda, ko‘kara boshlaganda, marraga yetib bolasop qo‘yiladigan chiziqqa tupurdi-da, bir-pas dir-dir titrab turdi. Keyin «o‘h-o‘h» deya yo‘talib, uyiga ketdi.
Men ham xursand bo‘lib uyga qaytdim.
Oradan yana bir kun o‘tdi.
Yana chillakni ko‘tarib, hayatga o‘tdim. Rahmatlarning devori tagiga yetdim. Bukri yong‘oqdan tushgan shoxlarga qarsillatib soldim. Keyin yontoqning tanasiga tushira boshladim. Qobiqlari ko‘chib ketdi. Qani endi Rahmat chiqsa!
Keyin chillakbolani havoga irg‘itib, har tarafga ura boshladim. Qurib ketgur deng, endi uchadi! Sakson kadamlar nariga borib tushdi. Shunaqangi qilib to‘rtta chillak ursam, Rahmat go‘ppon zuvillab kelguncha o‘pkasi tamom bo‘ladi. Shunday qilib, chillakni qarsillatib urayotgan edim, Rahmat devordan qaradi.
Uyam zerikadi, bechora. O’ynagisi keladi. To‘g‘ri, u o‘rtacha o‘qirdi. Lekin mening nima ishim bor?!
Maqtanish emas, aytib qo‘yay, maktabda yaxshi o‘qirdim. A’lochilardan edim. Lekin haligiday qitmirlik deysizmi... shundan ham oz-moz bor ekan-da.
— O’ynaymizmi? — so‘radim.
— G’irromlik qilmaysanmi? — dedi. Nimagadir bu gap menga og‘ir botib ketdi.
— Agar o‘ynamasangiz, sizni «go‘ppon» deyman! — dedim.
Shunday kelishuvimiz bor edi. Bir kun u yalingandi-da: «Bo‘rijon, shunday dema. Mayli, boshqalar aytsayam sen aytma. Qo‘shnimiz-ku, uka».
Rahmat orqasiga burildi.
— Ra-mat aka, aka-a!
— Nima deysan?
— X,azillashdim. Keling aka, o‘ynaylik... Endi g‘irromlik qilmayman!
U bir oz jim turdi. Keyin devordan oshib tushdi.
O’sha kuni bozor edi. Lekin, nima uchun Rahmatni so‘rab chiqqanimni bilmayman. Boshqa bolalarniyam so‘roqlasam bo‘lardi. Kim biladi, unga o‘rganib qolgan ekanmanmi...
O’ynay boshladik. Men endi jiddiy, ehtiyotkor edim. U bo‘lsa har ikki gapning birida mening qachon qochib ketishim, qachon g‘irromlik qilishimni aytar, kulim-sirardi. Oh, mening joni-jonimdan o‘tib keta boshladi, uning gaplari!..
Chillak o‘yin odatdagicha tamom bo‘ldi. U bolasopni sakratib, tagidan asta-sekin urar ekan, o‘zim ham sanar edim: sakkizta bo‘ldi.
«O’ldim!» deb o‘yladim. Lekin negadir qochgim kelmas edi. Mug‘ombirlik qilishniyam o‘ylamasdim.
Nihoyat u ura boshladi. Birinchi chillak, ikkinchi chillak, uchinchi chillak...
Meteostantsiyadan ham o‘tib ketdi. «Ibrat» kolxozining hovuziga boradigan ariqqa yetdik.
Bolasop ariqning ichida.
Uni oldim. Oldim-u, nima jin urdi meni, shartta ariqqa tushdim. Muzdekkina. Loy.
— Zuvillaymi? — dedim.
— Zuvilla, — dedi Rahmat.
O’ylab turib, do‘ppimni oldim-da, buklab tishladim. Sezib turibman, Rahmat xursand bo‘ldi. Bunaqada nafas olaman desang ham, ololmaysan.
Lekin marraga yetishim ham... e-he, bir soat nafas olmay yugursam ham, yetishim gumon. Birdan zuvillab jo‘nadim. Rahmat yonimda. Og‘zimga tikilib boryapti. Ko‘zi menda bo‘lgani uchun qoqilib ketadi. Bir-ikki yiqildi. Lekin men vaqtdan foydalanib, nafas olsam bo‘lardi. Negadir ololmabman. U yana menga yetib oladi.
Ketyapman. Sezdim. Qizara boshladim, qandaydir shishib ham ketdim. Keyin, yaqinda Rahmat ko‘karganidek ko‘karishgayam tushdim deyman. Lekin ketyapman.
Oxiri.. bo‘lmadi-da! Nafas olmay bo‘ladimi? Bora-bora tekisroq joyga yetganda, do‘ppini og‘zimga oldim-u, o‘t ustiga tupurdim. Rahmat mamnun bo‘lib kulimsiradi.
— Tuzuk-tuzuk, — deb o‘ziyam nafasini rostlab oldi. Keyin chillakbolani xuddi tupurgan yerimga qo‘yib, uchiga shunday turtgan edi, u xuddi chigirtkadek dik etib sakrab ketdi. Shu paytning o‘zida Rahmat ura qoldi.
Bilmadim, bolasopning qaeriga urdi. U uchgandan uchib, yolg‘on emas, ko‘rinmay ketdi.
Qarangki, xuddi hovuzning bo‘yiga borib tushibdi. Rahmat chillakbolani olib, menga berdi. Men uni olib, tag‘in do‘ppimni buklab tishladim. Tag‘in zuvillay ketdim. Ariqdan o‘tayotganda toyib yiqildim. Lekin zuvillashdan to‘xtamadim. To‘xtasam, u yana chillak urishi kerak.
Tura solib, yana chopa ketdim. Boyagi yotgan yerimga yaqinlashish qayda... ancha berida holdan toyib, to‘xtab qoldim. Do‘ppini og‘zimdan olib yerga tupurdim. Tupugim bir toshga tushgan ekan.
Rahmat chillakbolani shu toshga qo‘yib tag‘in sal urgandi, u sapchib ketdi. Endi, ishoning-ishonmang, chillakbola hovuzning naryog‘idagi hammom hovlisiga borib tushdi. Saldan keyin qarabsizki, qishloqdan chiqdik. Pillachilarga mingbosh o‘radigan dashtdamiz. Rahmatning o‘ziyam holdan toygan ekanmi, endi chillak urishga shoshilmadi.
Birpas u yoq-bu yoqdan gaplashdik. Keyin men:
— Uring! Hozir kech bo‘ladi! — dedim.
U jahl bilan yana urdi...
...Dashtning adog‘ida Ko‘kqiya boshlanadi. O’sha yerga yetdik. Menda qadam bosishga majol yo‘q. Rahmat ham charchab bo‘lganicha bo‘lgan.
— Bo‘rijon, ke, bo‘ldi qilaylik, — dedi nihoyat.
— Nima deyapsiz? — baqirib yubordim. Qiziq! Odam shunaqa bo‘lib qolishi mumkin ekan. — Urasiz. Zuvillayman! — dedim.
— Bo‘lmasa, zuvilla!
— Xo‘p.
Mingbosh o‘radigan dashtimizning yarmigayam yetolmadim: Ishoning-ishonmang, kun botib ketgan edi. Podalar qaytadigan paytdan ham osha boshladi.
Rahmatning chillagi endi Ko‘kqiyaning soyiga tushib ketdi. Biz tepalik yoqasiga yetganda Rahmat mening bilagimdan ushladi.
— Bo‘rijon, qo‘y. O’zim senga chillakbola yasab beraman.
— Yo‘q. Nima deyapsiz siz? — Endi chinqirib yubordim. Ko‘zimga hech narsa ko‘rinmasdi. — Yuring! — dedim. — Chillakbolani topamiz. Men zuvillab chiqaman.
Biz soyga endik. Chillakbola sho‘rsuv oqayotgan jilg‘aga tushgan ekan. Oldim. Rahmat menga qarab turibdi.
— Bo‘rijon, — dedi. Tavba, ko‘zi jiqqa yoshga to‘lgan edi. — Men kechdim.
— Kechmaysiz. Biz o‘ynayapmiz!
— Axir, charchading! — U o‘tirib oldi. — Meniyam qornim ochib ketdi. Jo‘yak olaman deb hech narsa yemagan edim.
— Menga baribir.
Rahmat irg‘ib turdi.
Men yana zuvilladim. Ko‘kqiyaning o‘rkachiga chiqdim deganda yuztuban yiqilib qoldim. Rahmat kelib ko‘tarmoqchi bo‘lgandi, siltanib, o‘zim o‘tirib oldim. Lekin hadeb o‘tirish, dam olish ham tartibni buzish sanaladi. Entikib o‘rnimdan turdim-da, chillakbolani uning qo‘liga berdim.
U bir bolasopga qaradi, bir menga. Keyin uni yerga tashladi. Men shosha-pisha yerga tupurdim-da, chillakbolani qo‘ydim. Rahmat uzoq o‘ylandi. Keyin yengini shimarib, tag‘in bir turtgandi, chillakbola o‘ynab ketdi. Rahmat yana onasopni siltadi. Keyin chillakbola qayoqqa uchdi? Rahmat ham, men ham bilolmay qoldik.
— Yuring. Topamiz.
— Topolmaysan.
Jinni bo‘lgan ekanman-da!
Uning yengidan ushlab oldim. Ana shunda Rahmat birdan yerga o‘tirib oldi-da, uyalmay-netmay yig‘lab yubordi.
Men hayron.
— Ramat aka?
— E, bor-e, — u o‘rnidan turib keta boshladi. Men uning yo‘lini to‘sdim.
— Nima deysan axir? O’ynamayman sen bilan, — deb baqirib yubordi.
Shunda sal-pal o‘zimga keldim, shekilli. Endi uni tutib turishdan foyda yo‘qligiga aqlim yetdi.
— Bo‘lmasa nima qilamiz?
— Ketamiz. Mayli, sen yutding! — dedi u.
— Yo‘q, siz yutdingiz.
— Bo‘lmasam, kel, ikkovimiz birga zuvillaymiz. Bu g‘alati taklif edi.
— Mayli-yu, g‘irromlik bo‘ladi-da, — dedim.
— Nimasi g‘irromlik! Men roziman.
— Baribir, Ra-mat aka.
— Uf... Qornim ochdi! — U yana yig‘lay boshladi. Semiz odamlar tez ochqasa kerak-da.
— Bo‘lmasa qolganini ertaga zuvillab beraman.
— Mayli, mayli.
Shunda meni yana jin urdi.
— Yo‘q, ertaga kelmaysiz!
— Rost, kelaman, — dedi Rahmat. — Bugun bo‘ldi. Ketaylik. Jon uka, sen g‘irrom emassan. Bildingmi? Seni g‘irrom desam, o‘lay agar.
Men jim qoldim. Shu gapni eshitmoqchi edimmi? Bilmayman. Lekin ko‘pdan beri aytilib yurilgan bu so‘z, demak, yoqmas ekan-da menga?
Shunchalik shumlik, shaytonlik qilib, uni o‘zimga olmay yurar ekanmanmi?
Balki qiynalib bo‘lsayam g‘irrom bo‘lmaslikka aqlim yetdimi? Uniyam bilmayman.
... Lekin, bir narsani endi qayd etishim mumkin: o‘sha kundan keyin Rahmat bilan yana o‘yinimiz davom etishga etdi-yu, men qochmaydigan bo‘ldim. Hatto u to‘g‘rida o‘ylashdan uyalardim. Ko‘kqiyaning boshigacha borganimiz, sho‘rsuvli jilg‘agayam tushganimizni eslasam, o‘zimdan o‘zim xursand bo‘lib ketardim.
Qandaydir... g‘irromlik boshqa, ha-ha, qandaydir juda katta, chidam, bardosh, hatto mardlik talab qila-digan ishlarga ham qodirdek sezardim o‘zimni.
To‘g‘ri, keyinchalik u qadar mard bo‘lib qololmadim. Biroq shu yo‘ldagi ilk qadam o‘sha kun qo‘yilgan edi.