OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Hayot abadiy (hikoya)

Sovxozning bosh agronomi Nodir Ro‘ziqulov majlisdan qattiq tanqid yeb chiqdi. Uyga kelib, o‘zi yoqtirmaydigan qaynanasining «hemirisi yo‘q ekspeditori ham yangi uchastka qurib olyapti, yer bo‘lsa sizni qo‘lingizda» degan gapini eshitib: «Mening bo‘lgan turganim shu. Chidamasangiz qizingizni olib ketavering!» — dedi. Xotini ham shuni kutib turganday qizchasini ko‘tarib, onasiga ergashdi.
Nodir ko‘chaga chiqib, o‘zini qopmoqchi bo‘lgan qo‘shnisining itiga kesak otgan edi, itga qattiq tegdi shekilli, u shunday vang‘illab qochdiki, endi ko‘knori ichib, boshiga choponini tortayotgan bangi qo‘shnigor kayfi uchib, darrov devordan qaradi. Nodirni ko‘rib nima gapligini so‘radi. Nodir aybini bo‘yniga olgan edi, u: «Hayf sizga-ey, xo‘jayin, kuchingiz shu tilsiz maxluqqa yetdimi! Kuchingiz juda oshib, qo‘lingiz qichiyottan bo‘lsa, sekin meni chaqirmaysizmi!» deb, Nodirning ta’bini tirriq qildi, buyam yetmaganday, itini ayvonga chaqirib, unga shunday baqirdiki...
Nodir huvillab yotgan uyga kirib, qizchasining to‘shab qo‘yilgan ko‘rpachasiga ko‘zi tushdi, borib uning ustiga cho‘nqaygan edi, bolasining ona sutini eslatuvchi isi dimog‘iga urildi-da, ko‘ngli buzilib ketdi. Chopib tashqariga chiqdi, yuziga sovuq shamol tegib, to‘xtab qoldi. Bir nafas ko‘ksini ochib, ayvon panjarasiga o‘tirdi va to‘satdan shu qadar bo‘shashib ketdiki, yerga guppa yiqilib, o‘lib qoladigandek bo‘ldi. Haqiqatan ham guppa yiqildi...
Shamol qattiq esib, bujmaygan tok barglarini uning ustiga opkelib sochdi. Tongga yaqin shivalab yomg‘ir yog‘a boshladi. Bu ilk kuz yomg‘iri edi. Qovjiroq ko‘katlaru daraxtlarning turfa hidi atrofga anqib ketdi. So‘ng yomg‘ir tinib, havo ochildi, unda oppoq yulduzlar yarqirab yona boshladi. Atrof shu qadar sokin ediki, hatto yaproqlardan tomgan tomchilarning chakillashi ham eshitilardi. Shabada esa boshladi. Atrof salqin, birdaniga sovuq tushganday bo‘ldi.
Bu ajoyib o‘zgarishlarni Nodirgina ko‘rmadi, chunki u tirishib, o‘lib yotibdi. Oyoq-qo‘lini yozib, ko‘zlarini yumib, iyagini ko‘tarib bog‘lab qo‘yadigan bironta odam bo‘lmaganidan tirishib, kulala bo‘lib qoladi-da. Esiz, yomon o‘lim topdi-da, it qavmida ketdi, deyishadimi buni? Vasiyat ham qilmadi, yosh ketdi. Qizchasini ham ko‘rib, diydoriga to‘yolmadi, xotinidan ham rozilik ololmadi. Sovxoz ishchilari... Har holda uni hurmatlaydigan kishilar ko‘p edi. Ayniqsa, Cha-Chaning onasini aytmaysizmi. «Yog‘och topib bering, direktor yo‘q dedilar. Qish tushyapti, uyim bosib qoladi» deganida uchastka qurish niyatida bir kunlik yo‘ldan olib kelib, sim bilan o‘rab qo‘ygan taxtalarini unga berib yuborgan edi. «Kam bo‘lmang, umringiz uzoq bo‘lsin, o‘lgunimcha sizni duo qilaman», degan edi kampir boyoqish. U eshitsa, albatta yig‘laydi, bo‘masam-chi?!
Tong otdi. Ko‘chadan o‘tib ketayotgan bo‘lim mudiri o‘zining ishga erta ketayotganini bildirish uchun devordan mo‘ralab qaradi-yu, odatdagidek, Nodirni ayvon oldidagi kosagullar yonida ko‘rmadi. «Uxlab qoptilarmi?» deb o‘ylab, «O’rtoq Ro‘ziqulov!» deb chaqirdi. Unga hech kim javob bermadi. «Nima, bular qirilib ketganmi?» deb ichkariga kirgan edi, ayvonda g‘ujanak bo‘lib yotgan bosh agronomni ko‘rib qoldi. «Nima balo, mastmi? Bu ko‘p ichsa ham hech mast bo‘lmasdi-ku?» deb o‘ylab, uni chaqirdi. Bir vaqt agronomning o‘lib qolganini ko‘rib, dodlab yubordi.
Tumonat odam yig‘ildi... Albatta yig‘iladi-da, kimsan sovxozning bir rahbari olamdan o‘tadi-yu, odam yig‘ilmaydimi. Marhum ko‘plarga yaxshilik qilgan edi...
Hanifaning yig‘lashini ko‘rsangiz edi! «Vo, to‘ram! Meni kimlarga tashlab ketdingiz, o to‘ram! Qizingiz: «Mening dadam qani?» desa, nima deyman? Enamnikiga ketmay o‘lay! Bunday bo‘lishingizni qaydan bilibman? Yoningizda o‘tirsam bo‘lmasmidi? Vo, to‘ram!»
Ha, shunday! Kishining yaxshiligi keyin bilinadi. Hali bu xotin ko‘p yig‘laydi. Qaynanasi-chi? E, tang, kuyovingni shunchalik sevar ekansan, hayotligida nega uni tergayverding, lo‘li! Yo bu samimiy yig‘layaptimi? Balki yig‘isi samimiydir. Bir hisobda maddoh kampir ham haq edi. Shular biron narsaga zor bo‘lmasin, der ekan-da. To‘g‘ri, Nodir oilasiga ko‘p beparvo edi. Xolxo‘ja milisaning: «Sen g‘irt proletarsan!» deganida jon bor.
Hammasi o‘tdi-ketdi, endigi pushaymon o‘zingga dushman.
Direktor ham yig‘layaptimi? Ha-a, yig‘layapti. Nodirbek, halol bir agronom dunyodan o‘tsa-yu, u ko‘ziga yosh olmaydimi!..
Axir, Nodir tuzuk xodim edi. Direktor nima o‘ylayotganikin? Nodirning favqulodda o‘limi uni hayron qoldirayotgan bo‘lsa kerak-a? Ehtimol kecha majlisda tanqid qilgani uchun afsus qilayotgandir? Chidolmagan, nohaq gapni ko‘tara olmagan, deb albatta. Shunday bo‘ladi. Bilib tanqid qilish kerak. Bu odam qobil, tanqidga chidaydi deb do‘pposlayveradimi kishi deganni.
Mana, kafanga o‘ralgan bosh agronomni tobutga soldilar, ko‘tar-ko‘tar qilib, Qizilqoya qabristoniga olib ketdilar.
Hammasi orqadi qoldi. Xotin, bola, uy. Araz, diqqatpazlik, g‘iybat... Ish. Sovxoz. Ishchilar...
Qishloq ham orqada qolib ketdi.
Xalqimizning yaxshi odati bor-da. Eshakda ketayotgan bir odam shartta pastga tushib, chopib kelib, tobut shotisini yelkasiga oldi. Ellik qadamcha ko‘tarib bordi-da, boshqaga berdi. Fotiha o‘qib, orqada qoldi. Ana bir shofyor ham mashinasini to‘xtatib, kabinadan tusha solib, tobutga qarab chopdi.
Qabriston. Negadir bu yerning tuprog‘i qizil. Nodir dinga ishonmas edi. Ammo shu qabriston oldidan o‘tayotganda, ko‘ngliga allaqanday vahima tushar edi. Kechasi o‘tganda ovozini chiqarmas, u yerdan eshitilayotgan boyqushning sayrashi Nodirni qishloq yo‘liga tushgancha ta’qib etar edi: «Bu yerda o‘liklar qo‘rqmasdan qanday yotisharkin-a? I-e, ular axir, hech narsani sezmaydi-ku? Axir, o‘lik o‘lik-da. Kesak nima-yu, o‘lgan odam nima?..»
Mana, marhum qabrgayam qo‘yildi. Mehribon ota go‘rga birinchi bo‘lib tuproq tashladi. Odamlarga hayronsan! Muncha shoshishmasa? Bosh agronom tezroq ko‘zdan yo‘qolsin deganday go‘rga tez-tez tuproq tashlashadi-ya.
Jimjitlik. O’lik sukunat. Mozor, qizg‘ish uy, manavi qaqqaygan qari tut daraxti hech narsani sezmaganday turibdi. Uning kovagiga chumchuqlar har vaqtdagidek shoshib kirib chiqyapi. Ana, namgina tuproq uyumi ustiga bir qarg‘a qo‘ndi.
Inson hayoti shu ekan-da. Tug‘ildi, o‘sdi, o‘qidi, ishladi, odamlar bilan urishdi, yarashdi. Ro‘zg‘orni o‘yladi, tashvish tortdi. Sevdi... nihoyat, o‘ldi.
Oilada bir necha kun yig‘i-sig‘i, rasm-taomillar. Keyin? Uni eslab yurish...
Bu orada sovxozga boshqa kishi, ikkinchi bo‘limning boshlig‘i bosh agronom bo‘ldi.
Ota ham, ona ham asta-sekin g‘am bukkan qaddini tiklashdi. Yosh kelinga sovchi keldi. Sovchi uchinchi kelishida qaynana ko‘ndi.
Keyin?.. Yoshgina qizi, onasining keyingi erini otam deyishga o‘rgatadi uni qaynana. Yo?..
Nodir bo‘lsa sezmas, eshitmas bo‘lib qabrda yotibdi.
Darvoqe, u qanday bo‘lib o‘ldi?
O’sha kuni majlisdan tanqid yeb keldi, qaynanasi bilan uy xususida janjallashdi, xotini ketib qoldi, ko‘chada itni urib, egasidan dakki eshitdi...
Keyin eshikka chiqqanda ko‘kragiga sovuq shamol urildi.
Bu kuz shamoli shunchalik yoqimli, huzurbaxsh ediki, Nodirning xo‘rligi keldi. Keyin... bu adolatsizliklarga chidolmay, o‘zini achchiq ustida o‘ldirib qo‘ydi.
Bu kimga foyda bo‘ldi? Kim uni maqtadi? Nima bo‘ldi, keyin nima?
O’sha kechagi seryulduz osmon ham, oppoq yulduzlar ham o‘z o‘rnida. Daraxtlar, yomg‘ir... Shabada.
Hayot Nodirsiz ham davom etyapti.
...Ayvon panjarasida bo‘shashib o‘tirib qolgan Nodir cho‘chib boshini ko‘tardi va chuqur xo‘rsinib o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Sigareta chekib yana bir nafas turdi-da, ko‘chaga chikdi. Qo‘shnining ko‘ngli yumshab, itga achinganini aytdi va «mashoyixlar aytibdiki, Ka’baga o‘t qo‘yib, butga cho‘qin, lekin mo‘rchani og‘ritmagil, ha, shunaqa bo‘ladi-da», dedi. Nodir bolalarini olib kelgani qaynanasinikiga yo‘l oldi. Yo‘l bo‘yi oqshom eshitgan tanqidini eslab, tahlil qilib, xatolarni bartaraf qilish yo‘llarini rejaladi.
Hali Nodir panjarada xayol surib o‘tirganida, bo‘yniga bir necha tomchi yomg‘ir tomgan edi, endi shivalab yog‘a boshladi. Qovjiroq o‘t-o‘lanlar, daraxtlarning taxir yozgi hidi anqib ketdi.

1970

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.