OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Kimsasiz hovli (hikoya)

— Oy borib, omon kel, bolam. Sendan boshqa suyanchig‘im yo‘q... — Umar aka o‘g‘li Ummatning ko‘ksiga peshanasini ishqab-ishqab yig‘lar, Hosila opa uning yelkalarini silab-siypar edi.
— Ena! Ota deyman! Urushga ketayotganim yo‘q-ku, kelaman! — derdi Ummat g‘ashlanib va allanechuk quvonib.
— O, bolam, meni!..
— Tez-tez xat yoz!
Mashinalarga chiqishga buyruq berildi. Ota-onaning gaplari ado bo‘lmay og‘izlarida qoldi. Ummat ularning bag‘ridan chiqib, mashina kuzoviga intildi. Askar yigitlar allaqachon o‘tirib olishgan edi. Mashina ham Ummatning chiqishini kutib turgandek jildi.
Umar aka bilan Hosila opa ham boshqa ota-onalar qatori orqaga qaytishdi. Umar aka shalog‘i chiqqan «Volga»siga kirib o‘tirdi. Hosila opa ham joylashgach, sekin, qo‘llari qaltiragan holda haydab ketdi.
Shu kuni ular ishga chiqmadilar. Ummatjon harbiyga ketmas bo‘lsa, turgan gapki, magazinda bo‘lishardi. Er-xotin dam olish kuni nimaligini bilmasdi: birlamchi, ishni sevganlaridan. Ikkilamchi, omborda, magazin ortidagi omborda qancha mol bor! Uni Barbosga ham ishonib bo‘lmaydi. Nima, bir itni bir narsa berib o‘ldirish qiyinmi?
Qorovul Qadambek piyonista bo‘lsayam sergak, lekin bari bir... ichuvchiga ishonib bo‘lar eqanmi!
Xullas, bugun Umar aka bilan Hosila opaning necha-necha yillar davomida birinchi marta dam olishga chiqqan kuni edi. Ummatjonning ketishi kerak bo‘lib qoldi-da. Yo‘g‘asam-ku...
Ular hovliga yetishdi. Hosila opa temir darvozani ochib kirdi. Ichkaridan o‘tib, g‘ishtin garaj eshigini ochdi. Umar aka mashinani ichkariga qo‘yib chiqdi. Hovlidagi g‘arq pishib turgan bir tup xurmo tagiga — eski chipta kresloga o‘tirib, boshini egdi.
Hosila opa garajni yopib, erining qarshisida turgan boshqa kresloga xo‘rsinib cho‘kkan ham edi, ancha narida — Ummatjon bilan Qadambek yasagan yog‘och katak oldida cho‘zilib, o‘zlariga loqayd tikilib yotgan Jekka ko‘zi tushdi-yu:
— Voy-voy! — deb chayqaldi, — Siz-da, o‘zingiz-da! — dedi eriga. — Shuni opqolsa bo‘lardi...
— E, aljima, — dedi Umar aka ijirg‘anib. — Haliyam aqling kirmadi-kirmadi-da. Raykom sekretarining o‘g‘li ketayottanda, hazilmi senga...
— Hoy! — Hosila opa kreslo suyanchig‘iga musht urdi. — Nega meni nuqul aqlsiz deysiz? A! Axir, o‘ylab ko‘ring o‘zingiz...
— Uf! Yana o‘sha gap... E, men o‘lay!.. — Umar aka o‘rnidan turib ketdi.
— Sizniyam topganingiz shu.
— Bo‘ldi-bo‘ldi-i! Hozir shu gaplarning vaqtimi? Hosila opa jimidi. Yana ko‘zi Jekka tushdi.
— Uni yotishini ko‘ring! Voy...
Umar aka itga gangib tikildi. So‘ng qoshiga borib
398
cho‘nqaydi. Boshini siladi. It tumshug‘ini yerga cho‘zib ko‘zlarini xiyol yumdi.
— Shuyam xafa-ya! — dedi Umar aka.
— Xafa bo‘ladi-da! Egasi ketdi!
— Bunga bir nima berish kerak... Tashvish bilan bo‘lib, itni och qoldirdik.
— E-e... O’zingiz bering.
Umar aka ko‘ksini uqalab o‘rnidan turdi.
— Unday dema, xotin. Zamon tinch. Hosila opa tag‘in yig‘lay boshladi:
— Bari bir-da...
Umar aka, nihoyat, qaddini rost tutib, temir panjarali derazalar tagidan eshik tomon ketdi. Yo‘l-yo‘lakay axlat paqir ichida tikka turgan supurgini olib, yotqizib qo‘ydi. Uvalangan raxlari chaplab yamalgan tsement zinadan ko‘tarilib, yomg‘ir suvidan bo‘yog‘i ko‘chib ketgan eshikni qo‘sh kalitda ochib kirdi.
Yo‘lakda o‘zini ancha bardam sezdi. Qandil chirog‘i yoqig‘li qolgan ekan. Yon devorlarning zarhal rangda tovlanishi, to‘rdagi eshikka tutilgan yapon ajdahosi og‘zini ochib turgan harir pardaning jimjimalari, poldagi cho‘g‘dek gilam uning ko‘ngliga allaqanday tasalli bergan bo‘ldi.
Keyin, u nimaga kirganini eslagandek, shoshib tuflisini yechdi-da, devorga o‘rnatilgan qizil telefon apparatini ko‘tarib, tagidan bir juft kalit oldi. To‘rdagi eshikka yaqin chap eshikni ochdi.
Birpasdan keyin u parqu to‘shakda, chetlari chetlariga moslab buklangan yashil, silliq, yaltiroq ellik so‘mlikdan bir talayini kaftida silab o‘tirar, lekin ko‘zlari yoshli edi.
Allanarsani taqir-tuqir tushirib-tepib, Hosila opa kirib keldi.
— Utiribsiz.
Umar aka behol bosh irg‘adi. Hosila opa erining qo‘lidagi yashil pullarni ko‘rib, tilla tishlarini shimib o‘ylandi.
— Shu pul tuzuk, — dedi. — O’ntaliklaringiz yaramaydi. O’tgan oqshom sandiqni ochsam, ichida mita yuripti. Kim biladi hali...
Umar aka xotiniga olayib tikildi.
— Rostmi? — dedi asta.
— Ko‘ring o‘zingiz!!
— Uf-f.
Pullarda mitti-mitti hashoratdek dog‘lar ko‘ri-nar, ular juda beozordek edi. Umar aka sandiqqa engashdi-yu, xotiniga ma’noli qarab: «Bor!» dedi. Hosila opa tashqariga chiqdi. G’uborli osmonga, temir darvozaga tutash devorga qo‘shilib o‘sgan tolning sap-sariq barglariga ko‘zlari qadalib o‘tgancha, shippagini oyog‘iga ilib-ilmay yo‘lkaga tushdi.
Xonaga qaytib kirib:
— Hech kim yo‘q, — dedi. — Lekin shu tolni kesish kerak. Ko‘chadan bir sakrasa, qo‘li yetadi kishining...
Umar akaning qulog‘iga gap kirmas edi: u yumshoq tumbada — oyoqlari orasida uyulgan dasta-dasta pulga termilib o‘tirardi.
— Shular, bir qarasang, oddiy qog‘oz-a. Gugurt chaqsang, yonib ketadi, — dedi, nihoyat.
— Aljimang. Aljib qopsiz.
— He-e, xotin! — Umar aka qo‘llarini tizzasiga tiradi. — Ha, aytmoqchi...
— Nima, «aytmoqchi?»
— Bir nima demoqchi edim.
— It! — deb yubordi Hosila opa. — Shuning boriga shukr.
— Ha... Vey, nimaga ovqat bermayapsan haliyam? Yana esli deydi o‘zini.
— Xo‘p, bularni... — Hosila opa pul uyumiga tikildi-da, birdan titkilay ketdi: pachkalarni olib, o‘ngu so‘liga qaraydi. Negadir hidlab ham ko‘radi. Ba’zi dog‘li, ezilganlariga ko‘zi tushsa, burnini jiyiradi. — Bari bir, — dedi keyin, — elliktalikka aylantirish kerak.
— Ahmoq, o‘ntalikda gap ko‘p! — dedi Umar aka. — Bor. Itga qara.
— Sob qo‘ying joyiga.
Umar aka bosh irg‘ab, tag‘in engashib oldi.
Bu pullar unga... ularga osonlik bilan kelmagan.
Rdamlarni aldashning o‘zi bo‘lmaydi, har daqiqada yuragingni hovuchlab turasan; OBXSS bor, militsiya, jurnalist degan bir balolariyam bor... To‘g‘ri, ayrimining tomog‘iga tashlasang, labini yalab chiqib ketadi. Lekin shundayam qo‘rqib turasan: ko‘nglida nima bor — kim biladi.
Oddiy xaridorlarning ichidayam olasi uchrab turadi.
Bu pullar o‘z-o‘zidan kelmagan, shuni deb er-xotinning umri sovurildi hisob...
Qurib ketgur ayrim baza boshliqlari yomon-da!
E-e, hammasining og‘ziga bir narsa tutishingga to‘g‘ri keladi, hatto yuk ortuvchisi ham umidvor.
— Hoy, Jek ovqat yemayapti.
— Nimaga?
— Men qaydan bilay! — Hosila opa shunday deb, yana ko‘ziga yosh oldi. — Ummatjon bo‘lsa...
Umar aka shosha-pisha pullarni sandiqqa tashladi.
— Shubangni ol! — dedi jahl bilan. — O’shani chiqarganing uchun bunga haligilar tushgan!
— Qish kelyapti deb...
— Bari bir kiymaysan-ku?
— Uyda kiyaman!
Umar aka miyig‘ida iljayib, chiqib ketdi. Hosila opa yoshligida o‘yinchi bo‘lgan. O’shanda rosa kiyinib yurardi. Umar akayam uni o‘sha kezlar rosa o‘ynatgan o‘z doyrasiga...
O’shanda u kishi... yosh yigit — doyrachi edi. Odam boshda tutgan kasbini unutolmas ekan. Hosila opa ba’zan xushi kelganda, ya’niki, mo‘may pul qo‘lga kirganda: «Bitta cherting-e, yigit!» deb qoladi. Umar aka childirmani tizzasiga tirab qo‘yib, bilagidan chiqqancha qotib qolgan qiyshiq qo‘li bilan chaladi.
Otasi doyra chalib, onasi o‘yin tushganda Ummat-jon yotib-yotib kulardi. Bular xafa bo‘lishmasdi. Ummatjonning kulgisi beg‘ubor edi. Uning kulgisi sabab bularning zavqi oshardi. «Cherting-e, yigit!» — derdi Hosila opa battar avjlanib.
Jek hamon tumshug‘ini cho‘zib, ko‘zlari mo‘ltirab yotar, oldidagi sirli kosada turgan kolbasa kesimlariga qaramasdi. Umar aka tag‘in uning boshini siladi. It quloqlarini bo‘yni tomon pasaytirib, ko‘zlarini xiyol yumdi, xolos.
— Tavba! — Umar aka inqillab o‘rnidan turdi. — E, xotin! Qorni ochsa, yeydi.
— Ha, men ham shuni o‘ylab turibman.
Yo‘q, Jek boshqa qaytib ovqat yemadi. Hafta oxirida o‘ldi.
Umar aka bilan Hosila opa Jekning o‘limidan qattiq qayg‘urishdi. Ummatjon Jekni yaxshi ko‘rardi.
Ketar oldidan iti bilan rosa yalashib-yulqashgan, hattoki katagini ham yangilab bergan edi.
Bu fojiani unga sirayam bildirmasliklari kerak: xafa bo‘ladi, tag‘in xafachilikda biror ishkal chiqarmasin.
Har qalay, bu ahvolning ham tabiiy chorasi topildi: magazin omboridagi Barbosning bir bola-sini Qadambek orqali topib keltirdilar. Ajab! U Barbosdan ham ko‘ra Jekka ko‘proq o‘xshab ketardi.
Hosila opa hovli devori ustini aylantirib tikanli sim bilan o‘ratdi. Bu ancha xunuk edi; nimasi bilandir qamoqxona devorlarini eslatardi.
Biroq... olam hodis, bir nima deb bo‘lmaydi.
Ichkarida ancha mol bor...
Sandikdagi pullar — ularning bir ulushy.
...Endi bular tarixidan ikki shingil so‘zlash ham mumkindi. Umar aka o‘n olti yoshida otasini poezd bosib ketgach, undan meros qolgan doyrachilikni kasb qilgan — rayondagi xalq teatrida biroz ishlab, ke-yin sayoq otarchilarga qo‘shilib ketgan edi. Ko‘p yurdi, ko‘p topdi, topganini sovurdi. Albatta, u pullar suyuq ayollar yo‘liga ketdi.
Bu orada Farhod kanali qurilishida ham bo‘ldi. U yerda do‘konchilik qilib yurganida, bor molini bir kavkazlik oshnasi urib ketib, o‘zi u sovg‘a qilgan bir papog‘u bir xanjar bilan qoldi. Xayriyat, sog‘ chikdi.
Keyin yana doyrachilik...
Ittifoqo bir qish muzda sirg‘alib yiqilib, qo‘li bilagidan chiqib ketdi. Tabibga soldirgan edi, qiyshiq bitdi. Keyin to‘g‘rilataman deb nogiron qilib qo‘ydi.
Bu uning uchun fojia bo‘ldi: doyrani ilgarigidek zo‘r chalolmas edi...
O’shanda bir o‘yinchi qizga ko‘ngil berib, u — «tegarman», bu — «olarman» bo‘lib yurgan edi. Uyinchini topish osonmi! To‘y ko‘p mahali edi. Izlab-izlab ma’shuqasi xizmat qiladigan otarchilarni topdi. Lekin qiz ketib qolgan ekan.
Tavakkal qilib, uyiga borgan edi, bir po‘rim bi-lan o‘tirgan ekan. Uni «erim» deb tanishtirdi. Umar indamay chiqib ketdi.
Tentirab yurib, shu rayonga kelib qoldi-da, ochning ko‘ngli holvaga ketibdi degandek, qo‘g‘irchoqlar do‘koniga kirib qoldi.
Qarasa, mudira ko‘ziga tanishday. Bir zamonlar o‘z doyrasiga o‘ynatib yurgan Hosilaxon...
So‘rashdilar. Umar unga ahvolini aytdi. U do‘kon ichkarisiga kiritib, oldiga ul-bul qo‘ydi. Ishdan keyin, bir oz-bir ozdan ichishdi. Keyin Hosila dangaliga shunday dedi:
— Menga uylanasanmi? Umar o‘ylandi:
— Odaming yo‘qmi?
— Aftimga qara.
Ertasiga Umar unga uylanar bo‘lib shart qo‘ydi:
— Oyog‘ingni qiyshiq bossang o‘lasan!.. Keyin, meni «siz»laysan.
Hosila yiqqan bisotini sarflab ancha tuzuk to‘y qildi. Umar uning bir xolasidan qolgan hovliga «yig‘ilib» bordi. Keyin, Hosila to‘yda bosh bo‘lgan magazin direktoridan iltimos qilib, erini ham qo‘shni non do‘koniga ishga oldirdi.
Umar savdo ishidan xabardor edi, eplab ketdi.
Oydan oy, kundan kun o‘tib, bular bir magazinda ishlay boshladilar.
...Ummatjon besh yoshga kirganda, Hosilaga hozir ishlayotgan magazin direktorligi tegdi. Saldan keyin direktorlikni erining nomiga o‘tkazib, boshqa hamma ishni o‘z qo‘liga oldi. Magazin katta. Uchta bo‘limi bor: birida mebel sotiladi, birida — gazmol, yana birida — ro‘zg‘or buyumlari.
Qo‘llarida o‘zlaridan bo‘lak yana uchta qizcha ishlaydi.
To‘g‘ri, bu magazinni olish oson bo‘lmadi. Hosila bultur urilib ketgan shahar savdo boshlig‘iga ko‘p narsa va’da qilgan edi: uni uzguncha bo‘lari bo‘ldi.
Lekin, keyin...
Ular ishga pishiq-puxta edilar: ikki savdo xodimining tili bir bo‘lsa, ko‘p ish qilsa bo‘larkan.
...Qisqasi, ularning imoni ham, umrlari ma’nosi ham pul bo‘lib qoldi. Planni bajarish — bi-rinchi o‘rinda, albatta. Biroq magazinga borishdan maqsad — bugun nima tushadi, degan talabni qondirish, xolos.
Biroq ular kamtar, ko‘rinishda kamsuqum, ko‘pchilik o‘rtasida ko‘zga tashlanmasdi ham.
Qadambekni aldab-suldab hayhotdek hovlisini sotib olishgach, endi orzu-havas ko‘yiga tushdilar: pishiq reja bilan imorat boshlashdi. Darhol uning atrofi xom g‘isht bilan o‘ralib, ichki tomon tsement suvoq qilindi. Imorat bitgach, derazalariga ichkaridan temir panjaralar o‘rnatildi.
Bunga ancha xarajatga tushdilar.
...Bu yokda Ummatjon o‘sib kelardi.
Endi ular boshlashdi.
Pul, pul, pul...
Uning yo‘lida vijdon, andisha, odamiylik — sariq chaqa.
Agar ularning moli tekshirilsa, shu rayonda emas, qo‘shni rayonlarda ham «yomonotliq» bo‘lib, bir «Jiguli»ni varillatib yurgan manman degan olifta magazinchining molidan o‘n chandon ko‘p chiqadi.
Lekin bular kamtar — faqir: xaridorlar bilan yetimchadek muomala qiladilar.
Ular kulgini yaxshi ko‘rishadi. Kunduzlari ishlab, tunlari totli suhbat asnosida, kimni qanday «tushirganlari», kimga chap berganlarini aytib, xaridorlarning ustidan kulishadi. O’zlari dono, aqlli. Chunki ular pul topish yo‘lini bilishadi. Ularning pullari bor!
Keyin... istiqbol haqida shirin xayol surish bosh-lanadi.
Ummatjon! Ummatjon!..
Mana, Ummatjon harbiyga ketdi. Uning iti ham o‘ldi. O’rniga keltirilgan kichik Jek gurillab o‘syapti... Er-xotin esa magazinda: xaridorlarni aldashyapti, ular ustidan kulishyapti... o‘zlariga ola qaragan bitta-yarimta shubhali «xit»ning ko‘nglini ham ovlab, keyin shubhalari qiynog‘ida ham qolishyapti. Endi ularning ashaddiy dushmanlari — OBXSS odamlari yo militsionerlar yoki jurnalist, yoki shubhali shaxslargina emas...
Ular hammadan qo‘rqishadi.
...Ummatjon ketgandan beri bir yil o‘tdi. Undan xat kelib turipti. Xizmati chegarada. «Sizlarni so-g‘inaman. Lekin bu yerda qolib ketishim ham mumkin», deb yozadi. Keyin, albatta: «Mahallaga salom, Qadambek boboga salom... Jekka salom!» deydi.
Umar aka bilan Hosila opaning quvonchlari!.. Keyin uning «qolib ketishim ham mumkin» degan gapidan g‘oyat hayron bo‘lishib, bir-biriga tikilib qolishadi.
Holbuki, Ummatjon bolalikdan ota-onasini hayron qoldirishni yaxshi ko‘rardi. Ba’zan shkafga kirib olib, ularni kunlar sarson qilar, keyin chiqib, qah-qah urib kulardi.
E’tirof etish kerak: u sodld, qing‘irlikdan yiroq yigit edi.
Bular kabi ota-onaning bolasi unday bo‘lmaydi, deb o‘ylash mumkin. Lekin gap shundaki, Umar aka bilan Hosila opa ko‘pchilikda qoldirib yurgan «yaxshi» taassurotlarini o‘g‘illariga qoldirishni istamaganlaridanmi, o‘z qing‘irliklarini Ummatjondan zinhor yashirishar, bolaning nazarida, ota-onasi sutdek oq, musichadek beozor edi.
Ha, ular qanday kamtar, kamsuqum.
Ishdan boshqa narsani bilishmaydi...
Bir kuni kechqurun «subbotnik»dan qaytib, barg yozib qolgan xurmo tagida, kreslolarda horg‘inlikdan mast bo‘lib o‘tirishar, Hosila opaning ovqat qilishga hushi yo‘q, o‘rtadagi uchoyoqli stolchada taomning «qurug‘i»dan kolbasa, yaxna go‘sht, ikra bor edi.
— Qarang, shu xurmo «odam» bo‘ldi-ya!
— E! Hozir Toshkentdayam o‘syapti.
— Yeng endi!
...Taomlardan cho‘qinib, qorinlarini «aldashgach», iliq ko‘klam oftobida mizg‘igilari kelib turarkan, o‘rtada beozor suhbat davom etdi:
— Bahor ham o‘tib ketyapti!.. Biz magazinga qamalib yotibmiz.
Umar aka javob bermadi: u temir darvoza tagida qulog‘ini ding qilib yotgan Kichik Jekni ko‘rsatkich barmog‘i bilan imlardi. Nihoyat, amr ohangida;
— Je-ek! — degan edi, avlodi bo‘rilardan aynigan, biroq egasiga binihoya sodiq ovcharka uchib keldi va Umar akaning tizzasiga suykalib, unga porlab turgan ko‘zlarini bir muddat tikdi-da, asta yerga bag‘rini berib yotdi. Umar aka uni silab-siypadi. — Xotin, xuddi Katta Jekning o‘zi-ya! Yo qudratingdan!
— Ummatjon kelsa taniyolmaydi, — dedi Hosila opa.
— Lekin otpuskaga kelsa, bari bir biladi...
— Unda mayli!
— A-a... ungacha buyam to‘pposday bo‘lib qolar.
— Eshshakday bo‘ladi, deng... Vey-vey hoziroq... aftiga qarang. Undan ham ziyrak!
— Barbosdan tarbiya olgan-da.
...Bundan to‘rt oycha muqaddam Qadambekning masla-hati bilan Barbosni o‘n kun kunduzi uyga keltirib qo‘yib, undan go‘yo hadis oddirishgan edi: Barbos hovli sahniga qo‘ngan musichani ham qo‘ymas, nari ko‘chadan bir sharpa eshitilsa ham darvoza tagiga borib pisib yotardi.
O’zi, ajoyib hayvon-da, bu zot! Itni o‘zimizda odamlar hurksin, hovlini qo‘risin, ovozi chiqsa, o‘g‘ri ham qochadi, deb saqlashadi ko‘pincha.
Bu jnivor esa — xuddi bo‘rining o‘zi: na huradi, na odamni qo‘rqitadi. Indamay yotsa-da, vajohatini ko‘rgan odamning imoni qirq gaz uchadi.
— Hoy, siz bir narsani o‘ylaysizmi hech?— so‘rab qoldi Hosila opa. — Ummatjon armiyadan kelsa...
— Nimani o‘ylashim kerak? — dedi Umar aka. — Kelishi sharofatiga restoranda ziyofat qilib berasiz...
— Restoranda?
— Res-toran-da! — uqtirdi Umar aka. — Hali hammani shu yerda to‘playmiz, deb ham qolarsiz?
— Yo‘g‘-e...
— Sen menga shuni ayt, uni qaysi o‘qishga joylab qo‘yishimiz kerak? O’g‘ling ancha sodda...
— A-a, uni bilaman.
...Ummatjonning soddaligi mahalla odamlariga ham besh qo‘lday ayon, uni ko‘plar maqtashar edi. O’zi ham katta-kichik demas, bemalol aralashib ketaverardi.
Ummatjon Qadambekka ham yoqardi. Yigitcha unga uylaridan gazak o‘g‘irlab oborib berar, uning alkash-chalkash gurunglarini g‘oyat qiziqish bilan tinglardi.
Umar aka irg‘ib turdi.
— O’zi kelsin!.. Diydoriga bir to‘yay! Bas... Keyin aytganini qilamiz! Borimiz o‘shaniki-da!
— O’shaniki!
— Ey, uch-to‘rt yildan keyin magazinni topshirsak...
— Unday demang! — dedi Hosila opa ko‘zlari ola-kula bo‘lib. — Keyin nima qilamiz?
— Aqlliman deysanu o‘ylamaysan...
— Xo‘sh?
Umar aka turdi-turdi-da, kulib yubordi.
— O’zim ham bilmayman.
...Shundan keyin ular bugungi hashar haqida, rayon prokurorining nemischa mebel kerak, deb iltimos qilgani, unday mebeldan bir emas, bir nechtasi do‘kon ortidagi omborda turgani holda, unga «yo‘q» deganlari va unday mebel kelishi hamon u kishining uyiga telefon qilishlarini aytganlarini. Eslashib kulib o‘tirishdi.
— Lekin o‘zi yaxshi odam-a, — deb qoldi Hosila opa.
Umar aka xotiniga ola qaradi:
— Ha, yoshgina yigit...
— Tavba! Qarisangiz ham quyilmaysiz-da!
— Yo‘q, o‘zingizga boqing...
— Xo‘p. U yomon odam!
— Bu boshqa gap.
— Bir kelib qolgandi-da.
Umar aka itni yana bir oz siladi-da, chuqur xo‘rsindi.
— Odamning-ku, yaxshisiyam ko‘p, — dedi asta. — Lekin sen, men shunday joydamizki..
— Tushunaman-e!
— O’gmishimizni esla...
Hosila opa erining gapini o‘zicha tushundi:
— Yana boshlayapsizmi?
— Obbo! — Umar aka yana kulib yubordi. — Hali aytdim-ku, ishdan chiqsak deb...
—Xo‘sh?
U miyig‘idi kuldi.
— Ilgarigidek... yashab ketaolamizmi? — Keyin darhol xotiniga qaradi. — Yo‘q, — dedi. — Hozir, shukr, obro‘yimiz ham bor. He, ilgariyam...
— Ko‘ryapsizmi, davlatning, xalqning savdosini deb, yeyish-ichishimizda halovat yo‘q dedim, Xushbekovga.
— Sen boplaysan ammo-lekin!..
...Oradan yana bir yil o‘tdi. Umar aka bilan Hosila opaning yurish-turishida ilgari ko‘rilmagan bir shoshqaloqlik paydo bo‘lgan, bunga faqat Ummatjonning kelish muddati yaqinlashgani sabab, deb bo‘lmas, undan kattaroq pinhoniy sabablar ham borga o‘xshardi.
To‘g‘ri, Ummatjon chegarada xizmat qilayotgani uchunmi, yo‘l uzoq, bir yo‘la bitirib boraman, deb otpuskaga kemadi. Shu bois Umar aka bilan Hosila opa toza diqqat bo‘lishdi, sal narsaga bir-biri bilan aytishib qolgan paytlari ham bo‘ldi. Bu — bir. Keyin buyog‘i — savdoning ham mazasi qochdi. Mol ko‘p, xaridor ko‘p, lekin kimdan olaringni bilmaysan. Tekshir-tekshir... Xaridorlarning ham tilginasi chiqib qolgan, bir tiyinning ustida ming marta o‘lib-tiriladi. Savdoda ikki xil baraka bor, biri — davlatu xalqniki, ikkinchisi — eplagan sotuvchiniki. Shu ikkinchisiga putur yetdi-yu, vahimasi ham er-xotinni tentiratib, asabiy qilib qo‘ydi. Endi uncha-muncha tanishga ham «aka-uka» deb o‘tirishmas, mabodo magazinga tumonli kirib qolsa, ikkisi bir og‘izdan «talab berishardi».
— Gap bormi? Ayting... Yo‘q, biz siz o‘ylaganlardan emas!.. Ishonmasang, ana OBXSSga bor, melisaga bor!.. Bizlar bir oylikxo‘r odamlarmiz! Savdodan yomonlar, ustiga qo‘yib sotarlar chiqqan bo‘lsa, chiqqan! Bizga nima!..
— Mana, bizning turish-turmush!..
Haligi odam bunday gapni eshitgandan keyin izza bo‘lib chiqib ketardi.
Er-xotin esa, shu asno o‘zlarini yanada dono va udda-burro sezishardi. Aqchalari ko‘paygandan ko‘paymoqda: o‘ntalik qizil pullar yashil elliktaliklarga aylangan, endi o‘n qator dasta bilan bir qator dastaning bo‘yi tenglashib qolgan edi.
Er-xotinning pulga mukkalari bilan ketishiga sabablardan yana biri — vaqtning ziqligi, harna, ularni bu yerga bog‘lab qo‘yishgani yo‘q, bir kunmas-bir kun ishdan ketishlari tayin. Boshqa sabablarini bilgich odamlar bunday ta’riflashadi: pul — baloyi azimki, domiga tushgan kimsa o‘zini to‘xtatolmaydi.
...Bir kuz kechasi. Yo‘laklarda daraxtlardan to‘kilgan yaproqlar shildirab yugurishar, esayotgan shabada juda yoqimli edi. Kichkina shahar ahli uyquga ketib qolgan. Faqat ko‘cha soqchilari, mast-alastlar hamda vokzallardagi avtobus va poezd kutayotgan yo‘lovchilar uyg‘oq.
Toshkent poezdidan bir necha askar bolalar ham tushishdi. Aksarini kutgani chiqqanlar bor ekan — ular to‘xtab qolishdi-yu, bir yigit chamadonini yengil silkitib, perronga chiqdi.
Atrofga qaradi. Bekatga bordi. Odam ko‘p. Xiyobon oralab piyoda ketdi.
U rayondagi eng yirik magazin oldidan o‘tayotib to‘xtadi-da, gulzor chetida, cho‘tkachilarning boshpanasiga o‘xshab turgan yog‘och uychaga qaradi. Unda chiroq bor edi.
U ildam o‘tib bordi.
— Qadambek bobo!
Buklama karavotda engashgan ko‘yi uxlayotgan qariya cho‘chib boshini ko‘tardi. Qo‘li yonboshida yotqizib qo‘yilgan miltiqqa yugurdi.
— Tanimayapsizmi? Ummatjonman-ku, men! — dedi yigit. — E, yashang-e! Toza mast bo‘psiz... Bermayman endi! Sizga deb «Pertsovka» olib edim.
Chol turib, ko‘ziga yosh oldi.
— Afv et, bo‘talog‘im! — U qattiq intilib, Ummatjonni quchdi. U beti, bu betidan o‘pdi. — O’tir, o‘tir, bo‘taloq... — O’zi o‘tira solib, gap boshladi. — Seni sog‘inar edim! Meni hurmat qilarding, bilaman...
— Albatta hurmat qilaman!
— Kam bo‘lma! — Chol shunday deb, boshini egib bir zum jim qoldi-yu, birdan xurrak torta boshladi.
...Ummatjon birpas jilmayib turdi. Keyin tislana-tislana uzokdashdi.
Ummat yaxshi xizmat qilib, ko‘p narsani ko‘rib, yetilib, ko‘p narsaga fahmi yetar bo‘lib qolgandi-ku, biroq haligacha soddalik, beg‘uborlik va bolalarcha sho‘xlik uni tark etmagan edi...
U uylariga yetib, darvoza tirqishidan qaradi. Hech narsa ko‘rinmadi. Ota-onasi yo darvozada tirqish ham qoldirishmagan, yoki hovli chirog‘i o‘chiqligi uchun shunday «ko‘rindi».
«Nima qilay? — deb o‘yladi. Qo‘li elektr qo‘ng‘iroqqa cho‘zildi-yu, ortga tortildi. — Syurpriz qilaman!»
So‘ng darvoza tagiga engashib qaragan edi, nimaningdir pish-pish etgani eshitilib, yuragi qinidan chiqqudek bo‘lib ketdi.
— Jek, Jek! — dedi.
Darvoza g‘alati tirnaldi-yu, jimidi.
— E, Jek og‘ayni! — dedi-da, devordan oshib tushish uchun tislanib qaradi. Ko‘cha chirog‘i nurida harbiylikdan tanish tikanli sim ko‘rindi. — Obbo!..
Otam ham, onam ham qiziq-da! — dedi-da, qo‘ng‘iroq tugmachasini bosdi.
Bolalikdan tanish qo‘ng‘iroq ohista jiringladi. U kuta boshladi; boshqa sas eshitilmadi.
«Qattiq uxlashipti-da», dedi-yu, hayrat bilan es-ladi: oldin ham bir necha shunday ovora bo‘lgan edi.
Umar aka bilan Hosila opa kechasi eshik ochishni allaqachon tark etishgan edi.
...Ummatjon yana devor boshlariga qaray ketdi-yu, birdan ko‘zi tolga tushdi. «O’-o‘!» deb yubordi. So‘ng o‘ylanib, chamadonini garaj ustiga otdi: hali oladi. Olmasa... bir hisobda olmagani ham tuzuk. «O’g‘ri tunadi», deydi, ularni bir oz qo‘rqitadi, keyin...
Qah-qah otib kuladi.
U shahd bilan tolga tirmashdi-ku, lekin bo‘lmadi — etiklari tiyg‘ondi. So‘ng yugurib kelib, bir sakradi-da, shoxga osilib oldi.
U devor ustida!
Ana, hammayoq barala ko‘rinyapti.
...U pastga qaradi; hovlilari. Sekin simdan o‘tib, bir qo‘li tol butog‘idan tutdi-da, pastga sakradi. Shu... bir balo gardanidan bosdi.. Tipirchilab ag‘darilgan edi, bo‘yniga yopishdi.
Hosila opa, odatda, vaqtli uyg‘onib, hovlini bir kezib chiqar, keyin, choy qo‘yib, Umar akani uyg‘otardi.
Bugun ham barvaqt tashqariga chikdi-yu, hovli yuzida yotgan, chaynalgan askarcha shapkani ko‘rib qoldi. Gangib borib, egilmoqchi bo‘lib turganida, xuddi birov unga: «U yoqqa qara!» deganday bo‘ldi.
Qarab...
...Xotinining bo‘g‘iq ovozidan uyg‘onib ketgan Umar aka ham shoshib tashqariga chiqdi. Zinadan tushganda, ko‘zi uyqudan arimagan edi.
Nihoyat u ham...
— O, bolam!.. O, men!.. — deya oldi.
Kichik Jek, zo‘r ish qilganu egasidan siylov-siypalash va yana allanimalardan umidvordek xurmo tagida cho‘nqayib o‘tirardi. U Umar akaning ham yiqilganini ko‘rib, qo‘zg‘aldi. Asta yurib kelib u kishini, so‘ng Hosila opani hidlab ko‘rdi.
Keyin, tol tagiga qarab qo‘yib, yana xurmo ostiga bordi-da, cho‘nqayib o‘tirdi.

1984

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.