Kozim Puxtaev dam olish uyining zinasida bo‘ynini qisib, qo‘llarini paltosi cho‘ntagiga tiqib turar, qarshisida — kumush rang «xoda»ga qalpoq qilib kiygizilgan neon chiroq yog‘dusida pildirab-o‘ynab yog‘aetgan qor zarralarini iljayib tomosha qilar edi.
U pastga tushishi kerak. Lekin tushsa, tuflisi qorga botadi. Shuning uchun kimdir chiqsa, uning izini bosib yurib, bog‘ni aylanish, toza havodan istagancha simirishni mo‘ljallar edi.
Eshik sassiz ochilib, bo‘yi Kozim Puxtaevning bo‘yidan ham past va unikidan ham qalin palto kiyib, quloqchinni bostirgan Qo‘ldosh Botir chiqdi.
— E, Kozimjon...
— Qorni qarang, — dedi Kozim Puxtaev. — Bolalikda sandalda yotib qor yog‘ishini kuzatganim yodimga tushdi. Osmonda kattakon qor tog‘i bor-u, undan ushalib to‘kilayotganga o‘xshardi.
— Bolalikda bizam ko‘p qor kechganmiz, — dedi Qo‘ldosh Botir. — Yalangoyoq yursak ham hech balo bo‘lmasdi. Hozir tuflini yechib, karavotga o‘tguncha shamollab qolasan.
— Qani, bir aylanib kelamizmi?
— Albatta!
Kozim Puxtaev ellikdan oshgan, mayin-ipakdek kishi. U — yozuvchi. Asosan, tarixiy mavzuda qissalar yozar, Qo‘ldosh Botir esa jurnalist, bitta mashhur paxtakor sovxozi direktorini baayni «monopoliya» qilib olgan, o‘zi oltmishdan oshgan qariya esa-da, hamon dadil edi.
Ular zina pastiga qarashdi. Qor ko‘pchib turar, bitta ham pillapoya ko‘rinmas edi.
— Qani, Qo‘ldosh aka, torting, — dedi Kozim Puxtaev.
— E, o‘zingizdan...
Shunda epshk sharakdab ochildi. Yalang boshida sochlari hurpayib ketgan, bo‘yniga oqqina sharfni o‘rab olgan Usar Usmon chiqdi. U yosh shoir, endi yigirma oltiga kirgan, dangal va betgachopar yigit edi.
— O’-o‘! Qor zo‘r-ku!
— Zo‘r-zo‘r, — dedi Kozim Puxtaev. — Lekin, Qo‘ldosh aka deyman, hozirgi yoshlarimiz qiziq-a, so‘zni istagan ma’noda ishlataveradi.
— O’zbek tili buzilib ketdi, men sizga aytsam, — dedi Qo‘ldosh Botir. — Tilshunoslar nimaga qaraydi, hayronman!.. Qani, Kozimjon, jildik.
— Marhamat, aka.
— Hm, xo‘p. — Qo‘ldosh Botir bir oz ikkilandi-da, birdan oyog‘ini ko‘tarib, pastga bosdi. Toyib ketib, yiqilishiga sal qoldi. Kulib, nariroqqa bordi. — Qorni tagi muzlapti.
Kozim Puxtaev ehtiyotkorlik bilan pastga oyoq uzatdi, qo‘ydi. Keyin Qo‘ldosh Botirning oldiga bordi.
— Qani, shoir, keling siz ham. Aylanamiz, — dedi Qo‘ldosh Botir.
— Yo‘q, men sigaret chekishga chiqdim... — dedi O’sar Usmon neon chirog‘iga qarab.
— Cheking, foydasi bor.
Bular uchovlon favqulodda ushbu dam olish uyiga tushib qolgan, yozuvchi Kozim Puxtaev bilan jurnalist Qo‘ldosh Botir o‘qtin-o‘qtin tunlari sayrga chiqishar, shoir O’sar Usmon yolg‘iz yurishni yaxshi ko‘rardi. Tabiiy, ular yo‘laklarda uchrashib qolishar, shunda bir og‘iz-ikki og‘iz gap qotib o‘tib ketishar, gaplari to‘mtoq, har qaysisining gapida o‘zi istagan ma’no bo‘lardi.
O’sar Usmon gurs etib pastga tushib, sigareta tutatdi. Ular ikkovlon — oldinma-ketin qorda iz qoldirib, eng uzun xiyobon tomon ketishar edi. O’sar birpas tutun buriqsitdi-da, to‘g‘riga qarab yo‘nalgandi, qor ostida ko‘lmak bor ekan — tuflisi tushib ketdi. Qor betiga suv sachradi. O’sar so‘kinib tislandi va anavilarning ketidan qarab xayolchan kulimsiradi-da, asta-sekin ular izini bosib keta boshladi.
Qor yog‘ar, atrof tinch, g‘irch-g‘irch ovozlar ham yoqimli va bu tinchlikni ta’kidlar edi.
— Da-a, — dedi Qo‘ldrsh Botir yalanglikka chiq-qanlari sari tuflisi qorga tobora chuqurroq botib borarkan. — Shu payt bizning qahramon ham qor kechib yuripti! Shubham yo‘q.
— Yo‘g‘-e, — deb kuldi Kozim Puxtaev. — Xotinining qo‘ynida yotgan bo‘lishiyam mumkin.
— Siz ishonmaysiz-da! — Qo‘ldosh Botir to‘xtab unga qaradi. — Xotinini bir oylab ko‘rmagan paytlarini bilaman. U mehnat uchun tug‘ilgan, Kozimjon. Mehnat uchun!
— Qiyin ekan.
— Siz kulasiz-da.
— Nega... Bo‘lishi mumkin, Qo‘ldosh aka. Men u odamni yaxshi bilmayman. U kishi haqidagi bor tasavvurim — sizning ocherklaringiz bilan cheklangan.
— Men u hakda yana bir kitob yozaman!
— Yozing, aka.
Shunda Qo‘ldosh Botir orqalaridan kelayotgan kishini ko‘rdi.
— O’sarmi? — dedi.
Kozim Puxtaev ham yelkasi osha qarab oldi.
— Shu... Shuni ko‘rsam, asabim buziladi, aka.
— Meni aytmaysizmi! — Qo‘ldosh Botir keskin burildi. Ikki qadam bosgandi, tuflisi ichiga kirgan qor badaniga o‘tdi. G’inshinib to‘xtadi. — He, bundaylar kattalarga hurmatni yo‘qotib qo‘yishgan... Uka, bularning jilovi juda-a bo‘sh qo‘yildi-da!
— Lekin hadeb ramkaga solisham to‘g‘rimas... shu, o‘zlariyam o‘ylashi kerak-da.
— A, balli! — Qo‘ldosh Botir O’sarning yaqinlashib qolganini ko‘rib, tag‘in shoshib jilgandi, shimining pochasi ko‘tarilib qoldimi — boldirlari muzlab ketdi. — Kozimjon, yonma-yon yuring.
— Gapiravering, eshityapman.
— Qaysi kuni liftni bosib, kutib turgan edim. Tushib keldi. Shu payt anavi naynov paydo bo‘ldi. Yonimda tugun bor edi, ko‘targunimcha, u liftga kirib olsa bo‘ladimi!
— Ana, odob!
— Tag‘in o‘zini okdaydi. «Nimaga oldin kirib oldingiz? Otangiz tengli odamman-a!» desam, «Ana shuning uchun kirib oldim-da!» deydi. Kirib olmasa, lift ketib qolar ekan!
— He-he-he. Ammo bu gapida jon bor.
— Be, shunday demang-da, Kozimjon! Menga desa, lift bir umr ketib qolmaydimi! Hurmat kerak.
— Lekin sizning gapingizdayam jon bor.
— Gap shunda-da! — Qo‘ldosh Botir xo‘rsinib yubordi va beixtiyor oyog‘iga qaradi. Qor... hademasa, tizzasiga chiqadigan. — Vey, shuning she’rlari haqida qanday fikrdasiz?
— Juda qaltis!
— A-a... Tag‘in bosishyapti!
— Bosmaganigayam qo‘ymaydi-da.
— A?
— Bosmaganiga...
— Siz oldinga o‘ting, uka! Yomon eshityapman. Quloqchin o‘lgur ham...
Qo‘ldosh Botir birdan chetlanib, qorga battar botdi. Kozim Puxtaev tomoq qirgancha uning izlarini bosib o‘tdi-da, ko‘pchib-ko‘pirib yotgan oppoq so‘qmoqqa qaradi.
— Qo‘ldosh aka, balki orqaga qaytarmiz?
— Yo‘-o‘q, yo‘q! Oxirigacha boramiz! Kunlik normamiz shu-ku! Qor yog‘di deb...
— Qalin tushdi-da.
— Qalin-qalin. Ammo-lekin, dalaning joni... Bizning qahramon xudoga shukur deyotgan bo‘lsa kerak hozir!
— U kishi xudojo‘ymi?
— G’irt ateist! Gap-da bu...
O’sar Usmon yaqinlashib qoldi.
— E, O’sar? Sizam kelyapsizmi? — dedi Kozim Puxtaev.
O’sar ikki tufli bosilgani uchun kengayib qolgan izlardan bemalol yurib kelarkan:
— Ha! — dedi.
— Zo‘r qor bo‘ldi-ya!
— Juda!
— Qani, shoshilayotgan ko‘rinasiz, oldinga o‘ting. O’sar unga, keyin Qo‘ldosh Botirga qaradi. So‘ng oldinga — asfaltga yoyilgan paxtadek bo‘lib yotgan qorga ko‘z tashladi-da:
— Shoshib qayoqqa borardim, — dedi. — O’zlaringdan... Sizlar katta. Bizlar orqalaringdan yurishimiz kerak.
Qo‘ldosh Botirniki tutib ketdi:
— E, qachondan buyon orqamizdan yuradigan bo‘lib qoldingiz? — dedi. — O’ting.
— Baribir... Ayb bo‘lar-ov.
— He-he-he. — Kozim Puxtaev engashib kuldi.
Qo‘ldosh Botir birdan oldinga o‘tib, qor kechib ketdi. Kozim Puxtaev O’sarga «marhamat» degan bo‘lib, Botirga ergashdi. Lekin endi uning iziga qadam bosganda ham tuflisi ichiga qor kira boshladi.
— Qo‘ldosh aka, tulki qorda yurganda dumi bilan izini siypab yo‘qotib ketaverar ekan-a?
— Ha! — dedi Qo‘ldosh Botir. — Lekin hozir bo‘ri yuradigan payt!
— Men bo‘rini bir marta ko‘rganman.
— Men — ming marta.
— Siz alomat!.. Tavba, qachon shuncha qor tushdi-ya? Hayronman!
— Oqshom boshlagan edi, ko‘rmagan ekansiz-da.
— E, mening xayolim o‘n sakkizinchi asrda edi!.. O’sar! — Puxtaev birdan burilib so‘radi: — Nimalar yozayapsiz?
— Menmi? — dedi endi rosmona izdan yurib kelayotgan O’sar Usmon. — Sizlar yozmagan narsani yozyapman.
— O! Nima ekan u?
Qo‘ldosh Botir ham to‘xtab qaradi.
— Hayot, — dedi O’sar. — Bugungi kunni yozyapman. Nihoyati shu.
— Nihoyati shu... — Ishshaydi Qo‘ldosh Botir. — Bizlar nimani yozib yurgan ekanmiz?
— Siz anavi... poraxo‘r, ko‘zbo‘yamachi bor-u, oti nima edi? Shuni yozyapsiz-da.
Botirning jig‘i-biyroni chiqib ketdi.
— Bu... Kozimjon, buning gapini eshityapsizmi?
— Eshitolmadim... O’sarboy, biz-chi, nimani yozayotgan ekanmiz?
— Siz o‘n sakkizinchi asrni. Xonlarning buzuq-ligi, beklarning poraxo‘rligi, xalqning qiynalgani...
— Xayriyat-e!..
— Shoshma, hey bola! — dedi Qo‘ldrsh Botir. — Men haqimda nimalar deding?
— Eshitdingiz-ku? — dedi O’sar. — Nima, uning poraxo‘rligi, amalparastligi yolg‘onmi? Hamma biladi. O’zingizam... Faqat ko‘rib ko‘rmaslikka olasiz.
— Bu qanaqa gap, a, Kozimjon?
— Orqaga qaytsakmi deyman? Siz ham qor kechib...
— Meni qo‘ying...
— Bo‘lmasa, jildik.
— Ha!.. — Qo‘ldosh Botir tag‘in ikki odim otdi-yu, nima uchun odim otganini unutib, tag‘in burildi. — Sen O’sar, gapingni qaytib ol! U odam... geroy-a! Deputat! Shu gaping qulog‘iga yetsa...
— Ana shu-da...
— Uni kazo-kazolar qo‘llab turganda... E, uyatsiz! Adabsiz! Kozim, to‘xtang! Bu bola bilan yurmaymiz!
— Menam yurmas edim-u, yo‘l bitta-da, — dedi O’sar.
— Yo‘l bitta... Bo‘lmasa, oldinga o‘t!
— Yo‘q. Biz kattalarni hurmat qilamiz.
— E, hurmatingni...
— Axir, o‘zingiz hurmat qilish kerak deysiz. Liftga ham ulardan oldin kirma deysiz... Bir gapda turish kerak-da!
— Hay, o‘rtoqlar, arzimagan gap uchun... — Kozim Puxtaev taraflarni murosaga keltirmoqchi bo‘ldi. — Qo‘yinglar. Qo‘ldosh aka, siz kattasiz...
— He, katta bo‘lmay ketay! Bu mening butun ijodimni bir pulga chiqardi-ku!
O’sar unga tikildi.
— Xafa bo‘lmang. Shunga arzisa kerak-da.
— Men arz qilaman!
— Bemalol.
— Qo‘rqmaysan, a?
— Haq gapni aytishgami?
— Buning makkorligini ko‘ring, Kozim!
— Qo‘ldosh aka, Usarjon yosh... Yoshlik qilyapti endi. O’sar, siz ham bir gapdan qoling, uka... Nima foydasi bor. Qaranglar, havo qanday yaxshi!
— Anavi qarasin! — dedi Qo‘ldosh Botir. — Bularni bilaman... Mana shu havodanam ayb topishadi. Senlarnimi...
— Qo‘ldosh aka, yetar, — dedi O’sar. — U davrlar o‘tib ketdi. Men ishonaman, hozirgi davrlar ham o‘tadi.
— Bu nima deganing?
— Siz maqtab yurgan qahramonlarning davriyam o‘tadi, deyapman.
— Voy-voy. Kozimjon?
Kozim Puxtaev xo‘rsindi.
— Endi hayotda har narsa bo‘lishi mumkin, O’sarning gapidayam jon bo‘lishi mumkin.
— Nega mumkin deysiz? — O’sar Puxtaevga tik qaradi.
— E, endi menga yopishasizmi? — dedi Kozim Puxtaev. — G’alati ekansiz. Sizlarni murosaga chaqirmoqchi bo‘lsam...
— Kerak emas.
— Kerak bo‘lmasa... ana, katta yo‘l!
— Esiz, Kozim aka. Yaxshi talantingiz bor. Lekin qo‘rqoqsiz. Bugungi kun haqida yozishdan qo‘rqasiz, keyin bir gap bo‘lib qolmasmikan deb...
— E! — Kozim Puxtaev turgan yerida gir aylanib ketdi. — Qo‘ldosh aka, bu yigit bo‘lganicha bo‘lgan ekan-ku!
— Men nima deyapman, uka!
— Siz o‘zi adabiyot nimaligini bilasizmi? Bilmas ekansiz. Birov tarixiy mavzuda yozadi...
— Sizam ilgari zamonaviy mavzuda mashq qilgansiz.
— Siz o‘zi nimani qotirib qo‘ydingiz-a? Nimaga muncha karillaysiz? Sizga kim huquq berdi?
— Huquqni... kasbim berdi. Bir narsani qotirib qo‘ygan bo‘lmasam, bunga birinchidan sizlar aybdor... Sizlarning izingizdan yurib yozolmaganmiz.
— Ana xolos!
— Lekin kelajakda yozaman.
— Oldin yozib ko‘rsating. Keyin gapirasiz.
— Nichevo... Endi yozaman.
— Yozib bo‘-o‘pti! — dedi Qo‘ldosh Botir. — Hozirgi yoshlarning hammasi shunday.
— Ko‘ramiz-da.
— Bo‘lmasam... bizgayam ko‘rsat! Yo‘l ko‘rsat!
Ular ittifoqo sergak tortishdi. Sovuq Kozim Pux-taevning ham jonidan o‘tdi. Qo‘ldosh Botir esa, tizza bo‘yi qor ichida turardi.
— Nega to‘xtab qoldik? — dedi O’sar Usmon.
— Seni o‘tishingni kutib!
— Yo‘q. Yurolmay qoldingiz.
— Bo‘lmasa, sen yur!
— Darvoqe, siz yoshsiz-ku? Bir yo‘l ochib bering-chi. Qor qalin ekan, — dedi Kozim Puxtaev. — Shu yergacha bizning izimizdan keldingiz. Sira qiynalmay...
O’sar Usmon bir soniya sukut qildi-da, shaxd bilan qaytib ketdi. Imorat yerto‘lasidan kurakni olib kelib, bulardan oldinga o‘tdi va yo‘lkaning qorini kuray boshladi.
Qor qalin. Kuralgan qor oldinda kurtuk bo‘lib qolar, O’sar uni goh o‘ngga, goh so‘lga otar va tag‘in oldinga surar edi. Nihoyat, so‘qmoq oxiriga yetdi. U terga botgan, bo‘yin-boshidan bug‘ ko‘tarilar edi.
Kurakni yelkaga qo‘yib qaytdi.
Kozim Puxtaev bilan Qo‘ldosh Botir qori ilk bor surilgan yerda depsinib turishardi.
— Marhamat! — dedi Usar. — Yo‘l ochiq! — Ikki qadam o‘tgach, burildi. — Yo‘l ochish mana bunday bo‘ladi... Nima demanglar, bari-bir, katta yo‘lni yoshlar ochar ekan.
U ketdi.
— Da, — dedi Kozim Puxtaev. — Qo‘ldosh aka, nima qildik, yoshlik ochgan yo‘ldan yurib ko‘ramizmi?
— Yurmayman! — dedi Qo‘ldrsh Botir. — Kerak emas... Qor kechsam kechamanki, bundan... yo‘q!
— Qo‘ldosh aka, qaysarsiz.
— He, endi... boshqacha bo‘lib nima topardik!.. Tavba! Men poraxo‘r, amalparastni yozib...
Kozim Puxtaev mayingina kuldi.
— Endi, aka, uning gapidayam jon bor... Lekin sizning fikringizgayam to‘la qo‘shilaman!
— Sizniyam tushunish qiyin-da, Kozimjon... Juda-a ba’zan og‘ib ketasiz...
— Qayoqqa?
— Hm... O’tmishga-da, masalan... Siz ham bir vaqtlar zamonaviy mavzuda yozardingiz. Keyin birdan...
— Buyog‘ini bizga qo‘ying, aka.
— Esa bizning yozish bilan ham...
Ular beixtiyor adoqqa qarab ketisharkan, to‘xtab qolishdi. Bir-biriga qarab jilmayishdi va orqaga qaytishdi.
Ular baribir yoshlik... ochgan yo‘ldan kelishardi.
Shukur Xolmirzayev. Qish hangomasi (hikoya)
1987