OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Qorbobo keladi (hikoya)

— Qorbobo qaerda?
— O’rmonda.
(Jiyanlarimning suhbatidan)


Hovlimiz Kuytan tog‘ining archazor yonbag‘rida bo‘lib, tevaragi pastak devor bilan o‘ralgandi. Lekin, ayvondan turib qarasangiz, devorlar ko‘rinmaydi: daraxtlar shunaqa qalin. Bu daraxtlar orasida bir tup archa ham bor edi.
Men shu hovlida to‘rt faslni kuzatib, to‘rt faslni qarshilardim. Lekin, bular orasida eng yaxshi ko‘rganim — qish fasli edi. Gap shundaki, men qish mahalida, qish bo‘lganda ham qirchillama kunida, birinchi yanvarga o‘tar kechasi, Qorbobo kelishidan sal oldin tug‘ilgan ekanman. Shuning uchun mendan biron kishi, dunyoga kelib, ko‘zingni ochib, ilk bor ko‘rgan narsang nima, deb so‘rasa, onamdan keyin qishni, qorni, Qorboboni ko‘rganman, deyman. Xullas, bu to‘rttalasini ham yaxshi ko‘rardim.
Biroq, ko‘p o‘tmay bularning bittasiga shubha tug‘ildi-yu, hammasiga bo‘lgan muhabbatim shubha ostida qoldi.
Hovlimiz etagidagi do‘nglik ustida joylashgan maktabda Yangi yil bayrami bo‘ldi. Qorbobo keladi, degan gapni eshitiboq, o‘sha yoqqa qarab uchdim.
Maktab zali, o‘rtada archa... Atrofda o‘quvchilar. Hammasining og‘zi qulog‘ida. Bayram!
Nihoyat, Qorbobo keldi! Oppoq kiyingan, soqollari ham oq. Qo‘lida savatcha. Unda turli-tuman, qiziq-qiziq o‘yinchoqlar... «Bayramlaring muborak!» dedi Qorbobo. U uzoq yurtlardan, notanish bolalardan salom aytdi, ke-yin bizga sovg‘alar ulashdi, keyin ketdi... Ketdi!
— Qaerga ketdilar? Qaerga? — deb so‘radim. Kimdir:
— O’rmonga, — dedi.
— O’rmonga!
— Nimaga o‘rmonga ketdilar?
— Qorbobo o‘rmonda yashaydi.
Maktabdan chiqib, toptalib, sarg‘ayib qolgan qorli so‘qmokdan hovlimizga borarkanman, o‘rmonga qarardim.
— Qorbobo o‘rmonga ketdi! — dedim onamga. Onam kulimsiradi.
— Qachon keladilar?
— Yanagi Yangi yilda.
Men kuta boshladim. Bahorda ham, yozda ham, kuzda ham kutdim. Yana qor tushdi. Yana Yangi yil keldi. Maktabga yugurdim. Usha zal. O’quvchilar. Archa... Yana Qorbobo keldi! Bizni tabrikladi, salomlar aytdi, sovg‘alar berdi, yana... ketdi!
Tashqariga chiqib, o‘sha qorli so‘qmokdan atrofga alanglab, uyga borayotgandim, o‘quvchilarning gapini eshitib qoldim:
— Mana, Qorbobo. Shu odam — Qorbobo.
— Qani? — so‘radim men alang-jalang bo‘lib.
— Anovi ketayotgan muallim-da.
— Yolg‘on! Qorbobo o‘rmonga ketdi.
Bolalar mendan kulishdi, meni mazax qilishdi.
— Nega Qorboboning o‘zi kelmadi?
— Kelibdi-ku maktabga.
— Yo‘q. U odam muallim ekan. Bolalar shunaqa dedi.
— Shunaqa bo‘ladi-da rasmi, — dedi onam.
— Nega? — alam bilan qichqirdim men. — Axir u kishi Qorbobo emas-ku. U kishi muallim-ku! Qorbobo o‘rmonda-ku!
Onam menga qarab turdi-da:
— Rost, Qorbobo o‘rmonda. Bu kishi muallim, dedi.
— Nega kelmadilar o‘zlari?
— U kishi boshqa maktablarga ketgan. Quvonganimni ko‘rsangiz! Hovliga chikdim. Devordan osha o‘rmonga ro‘para bo‘ldim. Sovuqda diydirab «Qorbobo, nimaga kelmadingiz?» dedim. Nazarimda, u kishi javob berganday bo‘ldi: «Kelgusi yil kelaman!» Lekin, kelgusi yili ham kelmadilar. Undan keyingi yillarda ham. Bu orada o‘zim ham o‘quvchi bo‘ldim va tushundim: Qorbobo degan kishi o‘rmonda bo‘lmas ekan, o‘shanda meni aldashgan ekan, o‘zim-o‘zimni aldab yurgan ekanman. Lekin bari bir ishonmasdim: Qorbobo bor, u o‘rmonda yashaydi, yangi yilda keladi, sovg‘alar olib keladi, tabriklaydi, deb o‘ylar edim. Shuni o‘ylasam, o‘rmon ham, yangi yil ham, tug‘ilgan kunim ham, qish ham, hammasi sirli bo‘lib ko‘rinardi, yosh boladay quvonar edim. Qorbobo yo‘q, desam-chi? Sir toyib bo‘lar, o‘rmon-o‘rmondek, qish-qishdek, yangi yil — shunchaki bir bayramdek, tug‘ilgan kunim esa, tug‘ilishim kerak bo‘lgan bir kundek tuyular, yuragim bo‘shab qolardi. So‘ng yana zo‘r berib shivirlardim o‘zimga: «Qorbobo bor... u o‘rmonda...»
Mana, o‘smirlikdan ham o‘gib qoldim. Qishlog‘imdan, maktabimdan, hovlimiz, o‘rmonimizdan yirokdaman. Endi ko‘p narsaga aklim ham yetadi. Kishi o‘zini-o‘zi aldashi yaxshi ish emasligini ham bilaman. Lekin nima qilay? Hamon o‘sha ikkilanish bor menda. Hatto, endi ko‘proq ishonib qolganman: «Qorbobo bor, u o‘rmonda, u sovg‘a olib keladi, u salom olib keladi, u bizni tabriklaydi...»
Bilmadim, bu xayol chol bo‘lib bukchayib qolganimda ham o‘zgarmasa kerak.

1967

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.