Yaqinda men ishlaydigan boshkarmada demokratiya sari bir qadam qo‘yildi.
Biz ziyoli insonlarmiz, demokratiyani ba’zi birovlar tushunganidek "xohlagan odam xohlagan ovozda xohlagan gapini gapira olishi" deb tushunmaymiz. Agar kichkina odam kattakon odamni asosli tanqid qilib chiqsa va o‘sha kichkina odam kaltak yemasa - bu boshqa gap. Shu biz uchun demokratiya tantanasi.
Boshqarmamizning boshlig‘i bir ilmiy kitob yozgan. Imlo xatolariga qoqilib-suqilib u kitobni o‘qib chiqishga majbur bo‘lganmiz. Aslida bu kitobni u emas, kichik xodimimiz umidli aspirant Kenjaev yozganini qorovulimizning iti ham biladi. Lekin qaysidir bir jurnalistning ''odatda kitobning mualliflari ko‘pchilikni tashkil etsa, ism-sharifi eng oxirida qayd etilgani kitobni yozgan haqiqiy muallifi bo‘ladi'' degai qitmirona so‘zlarini boshlig‘imiz qaerdadir eshitgan ekan. Yaxshisi Kenjaevning familiyasini umuman muallif yoniga yo‘latmay qo‘ya qolibdi. Endi xuddi shu asarning muhokamasi payshanba kuni bo‘lishi kerak. Eng qizig‘i, bilasizmi, nima bo‘ldi? Tashkilotimizga vazirlikdan "muhokamada albatta bahs va tanqid bo‘lishi kerak" degan mazmunda buyruq keldi!
Obbo, buyog‘i qiziq bo‘ldi-ku!
Yo‘q. Siz o‘ylab ko‘ryapsizmi, ka-attakon, sersavlat, qorindor bir insonning kitobidan kamchilik topib, hammaning oldida baralla valdirab, izza qilishni tasavvur qila olasizmi?
Sirasini aytganda ilgariroq ham shunga o‘xshash tomdan tushgan tarashadek og‘zaki buyruq kelgandi tepadan. Mustaqillikka endi erishgan yillarimiz edi, chamamda. "Sovet davrida sohamizda nima ishlar qilindi?" degan mavzuda tezlik bilan doklad va maqola tayyorlashimiz lozim bo‘pqoldi. Yozdik. Maqoladayam, dokladdayam sovet davrining rosa po‘stagini qoqdik, sohamizga e’tibor bo‘lmaganligiga faktlar keltirdik, ko‘ksimizga oftob tegmaganini dalillar bilan isbotladik. Sal keyinrok bilsak, sovet davrida sohamizning rivoji to‘g‘risida ijobiy tarzda yozilishi kerak ekan. O, o‘shanda yozganlarimizning mazmunini bir soatdayoq teskarisiga ag‘darib chiqqandik. Yuqoridan kelgan buyruqni ikki qilish yaxshilikka olib bormaydi.
Ana-mana deguncha payshanba kuni keldi. Katta zalimizga tashkilotimizda katta-kichik lavozimda ishlovchilar yig‘ilishdi. Bizga aloqador qo‘shni tashkilotdan ham mehmonlar chaqirilibdi. Ilmiy xodimlarning chumchuqdekkinasidan tortib savlatidan ot hurkadiganigacha kursini egallab o‘tirishibdi. Muhokamani kuzatish uchun yuqoridan yo‘llangan vakilga so‘z berishganda shunday dedi:
- Marhamat, dilingizdagini so‘zlang. Ochiq-sochiq gapiring. Asosli tanqid to‘g‘ri qabul qilinadi. Qizg‘in bahslashishni va tanqid qilishni o‘rganaylik. Zamon bizdan shuni talab qilmoqda.
Kattakonimiz barchamizga kulimsirab boqib turibdi. Xuddi "qani, meni tanqid qilasizlarmi?" deganday.
Ilmiy xodim Ismatov so‘z boshladi:
- Hurmatli hamkasblar. Bilasizlar, men kitob, umuman ilmiy va adabiy kitoblar shaydosiman. Men maktabga kirganimda birinchi marta sehrli qalpoqcha to‘g‘risidagi kitobni katta zavq-shavq bilan o‘qib chiqqanman. Bu kitobni bilasizlar - qalpoqchani kiyib olgan bola yo‘q bo‘lib qoladi. Ikkinchi marta esa men A. Qodiriyning romanini o‘qib ta’sirlandim, unda men yuqori sinfda o‘qirdim va uncha-munchaga aqlim yetardi. Va shu kitoblar asosida dunyoni angladim, idrok qildim, do‘stlar. Men uchinchi marta behad katta qiziqish bilan mutolaa qilgan asar bu hammamiz uchun hurmatli G‘ishmatulla akamizning barchamizga tanish ilmiy asarlaridir. Men anchadan beri sohamizda shunday jiddiy asar yaratilishini kutib kelardim. Sohamizni endi shu asar orqali idrok etaman. Kitobda ilmiylik va shu bilan birga o‘quvchiga tushunarli soddalik uyg‘unlashgan. Sohamiz bo‘yicha tahsil oluvchi oliy o‘quv yurti talabalari uchun bu ayni muddao buldi. Barcha uchun g‘oyat kerakli kitob muborak bo‘lsin, - deya so‘zini tugatdi u.
So‘z pensiya yoshidan o‘tgan fan nomzodi Tusmatovga berildi. U gapni uzoqdan, ya’ni barcha hujjatlar va ilmiy kitoblar begona tilda yozilgan zamondan boshladi. "Bizning ona tilimizga qarata rosmana o‘t ochishgan edi", deya o‘kinch bilan esladi u. ''Begona tilga o‘rganmagan biz kabi qishloqdan kelgan talabalar fanni o‘rganolmay domlalardan dakki yer edik. Hozirgidagidek emin-erkin o‘zbek tilida sof ilmiy asarlar bitadigan olimlarimiz qaerda edi u paytlarda", dedi.
- Asarda neft-gaz paydo bo‘lishiga oid qimmatli farazlar bayon qilingan. Masalan "erkak dinozavrlar murdasi neftga, urg‘ochilarining jasadi gazga aylanganligi" darhaqiqat fan olamida ulkan yangilik. Asarda dinozavrlar shunday tasvirlanganki, men xuddi qulog‘im bilan ularning qiyqirig‘ini eshitganday bo‘ldim.
Kitobga uzoq hamdu sanolar o‘qigach, bunga to‘rtta dissertatsiyaning materiali sarflanganini e’tirof etib, muallifni bemalol akademik atayverish mumkin, deb xulosa yasadi.
Yomg‘irday yog‘ilayotgan maqtovlardan peshonasi tobora tirishib borayotgan vakil muhokamani shartta to‘xtatib bo‘kirdi:
- Hoy, tili maqtovdan boshqa gapga aylanmaydigan bandalar! Sizdan nimani talab qildim? Tanqidni, eshitdingizmi, tanqidni!? Kitobning kamchiligini ko‘rsating. Do‘st achitib gapiradi, do‘st do‘stning kamchiligini ko‘rsatadi. Rahbarining kamchiligini ko‘rsatadigan botirlar bormi? Bo‘ldi, maqtov tamom, bundan buyon faqat tanqid va bahs bo‘ladi. Maqtovchi so‘zamollarni shu zaldan o‘zim quvib chiqarganim bo‘lsin.
Bilasizmi, inson juda moslashuvchan va yashovchan jonzot, shunday emasmi?
Ilojsiz vaziyatda imkon topganlar, chorasiz joydan tadbir bilan chiqa olganlar bor. Bizga hazilakam shart qo‘yishmadi. O‘ylang: asrlar davomida qonimizga singgan qadriyatga qarshi chiqish talab etilyapti.
Lekin baribir iloji topildi. Muhokamada faqatgina ilmiy asarni tanqid qilibgina qolmasdan, kimsan G‘ishmatulla akaga ham dakki beroldik.
Jiddiy so‘zlayaptimi, hazil qilyaptimi - aniqlab bo‘lmaydigan Xushtorov degan xodimimiz bor. Shu qo‘l ko‘tardi, ehtimol, zaruriyat yuzasidan tashqariga chiqishga ruxsat so‘ramoqchidir. Lekin o‘rtani boshqaruvchi "so‘z so‘ramoqchi" deb o‘ylab “marhamat" deb yubordi.
Xushtorov darrov o‘zini o‘nglab olib:
- Bu kitobning katta kamchiligi bor, - dedi. Hamma unga ajablanib boqdi. -Bunga muallif jiddiy e’tibor bermagan. Amerika va Rossiyada bosiladigan «Oil and gas» singari jurnallarni hammamiz ko‘rganmiz. Neft-gaz sohasiga oid yangiliklar bosiladi. G‘ishmatulla akamning kitoblari shu jurnalning bir yillik sonlaridan ko‘ra ahamiyatliroqdir. Xo‘sh, nega endi qayoqdagi jurnal yaltiroq, pishiq, sifatli qog‘ozga bosiladi-da, G‘ishmatulla akaning kitoblari oddiy qog‘ozga bosilishi kerak. Bu katta nuqson, o‘rtoqlar. Axir bu kitob neftchilar orasida talashib o‘qilishini muallif bilmaydimi? Ehtimol, biladi, ammo bunga yetarli e’tibor qaratmagan. Axir bunaka kitob pishiq va sifatli qog‘ozga bosilmasa, bir-ikki yilda titilib varaqlari yirtilib ketadi-ku! Biz muallif oldiga shu talabni qo‘yamiz: kitobingiz sifatli bo‘lsin, keyingi nashrlarda buni hisobga oling.
Mana qo‘rqmay gapirsa bo‘larkan-ku. Keyin O‘rdaev so‘z olib kitobning elektron nusxasi internet sahifalarida hanuzgacha paydo bo‘lmaganligini kamchilik sifatida baholadi. U so‘zini "ehtimol ba’zilar, zaruriyati bormikan, deb qarashi mumkindir, ammo kitob yetib bormagan yerga internet yetib boradi. G‘ishmatulla aka asarlarini internetga joylamaganliklari sohamiz mutaxassislarini qiynashdan boshqa narsamas. Buni kechiktirganni kechirib bo‘lmaydi", deb tugatdi.
Shundan so‘ng muhokama qizib ketdi. Molqo‘ziev O‘rdaevning fikriga qo‘shilgan holda kitobni beto‘xtov ingliz, frantsuz, ispan, arab va yapon tillariga o‘girilmayotganini gapirdi. "Muallifga agar bu zarur bo‘lmasa chet ellik neftchilarga kerak", deb chinqirdi. "Kimki bunga panja orasidan qarar ekan uni ayab o‘tirmayman. Va qarab ham o‘tirmayman. Sharqshunoslikda o‘qiyotgan o‘g‘limga aytib turib shartta indonez tiliga tarjima qildiraman", dag‘dag‘a kildi u.
Shu orada fan nomzodi Tusmatov bilan professor Domlaev qizg‘in bahslashib ketishdi. Hali Tusmatov "dinozavriing tovushini eshitdim" degandi. Domlaev esa kitobning paleontologik qimmatini eslatib "mutolaa chog‘ida o‘sha davrga sayohat qilganday tuyulganini" bildirdi. "Miyamizga bor-yo‘g‘i 16 foiz informatsiya quloq orqali, 80 foiz informatsiya esa ko‘z orkali yetkaziladi", deb qo‘ydi.
Tusmatov buni eshitib qolib "siz meni kitobning qimmatini tushunmaslikda ayblayotibsizmi. quloq orqali kam informatsiya o‘tadigan bo‘lsa nega unda radio degani bolalab ketgan?" deb jirilladi. Domlaev "kimning qaysi a’zosi yaxshiroq ishlasa, o‘sha orqali informatsiya oladi", deb sirpanchiqrok gap qilgandi, buni Tusmatov ko‘zi yaxshi ko‘rmasligiga sha’ma qilayotibdi, deb tushunib, "a’zolarimga til tekkizmang", deb qo‘lini paxsa kildi. Biz maza qilib kuldik, ikkala olim bo‘lsa dakan xo‘rozdek cho‘qishib ketdi.
Hammani hayron qoldirib umidli aspirant qimtingancha so‘z so‘radi. O‘zi kitob yozib, yana hammaning oldida o‘zi tanqid qilishini aqlimizga sig‘dirolmay turibmiz.
- Kitobning adadi kam, - dedi Kenjaev. Zalda "adad" nimaligini bilmaydiganlar bor ekan "tiraj", deb qo‘ydi. - Hurmatli ustozlarimiz yuqorida bu durdona asar barchaga zarurligini ta’kidlab o‘tishdi. Modomiki, barchaga birdek zarur ekan, nega bor-yo‘g‘i ikki ming nusxa chop etildi. Besh ming, o‘n ming, ehtimol, yigirma besh yo ellik ming nusxada bosib chiqarish payti kelmadimi? Adadini ko‘paytirmaslik - fanimiz uchun xiyonatdir. Bunga aslo chidab bo‘lmaydi.
Qattiq qarsak bo‘ldi.
Shu dargohda o‘ttiz yildan beri ishlaydigan, bir martayam erga tegmagan, sandiqday bo‘lib semirib ketgan shaddod Savri opamiz:
- Men G‘ishmatulloning o‘zining ayblarini yuziga aytmoqchiman, - deb na’ra tortishi bilan xamma qiziqib uning og‘ziga qaradi. - G‘ishmatullo har yili bahorda xorijdagi sanatoriyda, kuzda esa o‘zimizning respublikamizdagi sanatoriylarda dam oladilar. Yaqinda adir tomondagi sanatoriyda dam olganlarida ko‘rgani bordim. Bor-yo‘g‘i sakkiz xil ovqat tayyorlanar ekan. Vannaxonasining toshi qizilligini aytmaysizmi? Asabga ta’siriniyam o‘ylashmaydi qishloqi vrachlar. Qishki cho‘milish havzasi butunlay to‘g‘ri kelmaydi. Maishiy buyumlari Xitoy bilan Eronniki, bittayam yevropeyskiysi yuk. G‘ishmatullo, do‘stim, - murojaat qildi g‘amxo‘rlarcha. - Balki siz o‘ylamassiz, ammo salomatligingiz bizga kerak, qolaversa oilangizga kerak. Kamtarlik ham evi bilan-da. Shuning o‘rniga Shveytsariyagami yoki o‘zimizning Kavkazgami yo‘llanma olsangiz nima qilardi? Sizning katta aybingiz - dam olishga beparvosiz. Yuzingizga aytganim uchun xafa bo‘lmang, - deb kulib-kulib o‘tirib oldi.
G‘ishmatulla aka jilmaygancha unga bosh irg‘adi.
Shundan keyin boshliq nomiga tanqidlar yog‘ildi. Birov qabulxonani oynavand qilib qayta qurilmaganligi va eshigi releli emasligidan ayb topsa. ikkinchi birov tushlikka zinhor choyxonaga emas, faqatgina markazdagi restoranlarga borish lozimligini tavsiya qila ketdi. Boshliqning bir piyonista o‘g‘li omborda ishlardi va ish paytida otasining "slujebniy" mashinasini huda-behudaga minib chiqib ketaverardi. Shu o‘g‘ilchagayam bitta "slujebniy" ajratib berilishiii uch-to‘rt kishi qattiq talab qildi, Hamma gapirgach, men chetda turamanmi, deb "tokaygacha G‘ishmatulla aka "espero"da yuradilar. Allaqachon "xunday sonata" olishlari kerak edi. "Slujebka"ni beto‘xtov yangilashlarini qatiy talab qilaman", desam hamma qarsak chalib yubordi.
Molqo‘ziev yana so‘z olib xo‘jayinning kadrlar bo‘limida ishlovchi uchinchi xotini allaqachon yetuk mutaxassis bo‘lib yetishganligi, biroq hanuzgacha uning lavozimi ko‘tarilmayotganligi katta xato ekanligini bildirdi. Kadrlar bo‘limining boshlig‘i esa xo‘jayinni aynan bugun dolzarb bo‘lib turgan masala -yoshlar kelajagiga beparvolikda aybladi. Shu yil ikkita talaba o‘quv amaliyotini o‘tab ketgan edi. Ularni darhol ishga qabul qilinmaganligini afsus bilan ta’kidladi. "Ikkovlarining ham o‘ta zukko va bilimdonliklarini ko‘zlaridan payqagandim. Xo‘sh biri qizingiz, biri jiyaningiz bo‘lsa nima bo‘pti? Biz uchun ular - ertangi kun vorislaridir", dedi.
Vazirlikning vakili yaxshi kayfiyatda jo‘nadi.
Xo‘sh, birodar, endi ayting-chi, sizning dargohingizda birov jur’at etib kattakonning xatosini yuziga ayta oladimi? Ishonchim komilki - yo‘k, kattakoningiz "ikki karra ikki - besh bo‘ladi" desa ham "to‘ppa-to‘g‘ri" deb tasdiqlaysizlar. Agar tajribamiz sizga ma’qul kelgan bo‘lsa, kadrlaringizni yuboring qayta tarbiyalab jo‘natamiz.