OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sobir Abdulla. Shoir Hangomiy va qo‘tir echki (hikoya)

Bir zamonlar shaharning chekkaroq mahallasida yashovchi bog‘dor Mustafoqul ismli mulla kishi yoshi qaytgandan keyin birdaniga o‘zini shoir e’lon qilib, Hangomiy taxallusi bilan poyma-poy g‘azallar to‘qiy boshladi.
Bog‘da ketmon chopib yoki tokni xomtok qilib turganda ilhom kelib qolar, ketmonni u yoqqa, tok qaychini bu yoqqa uloqtirib supadagi qalam-davvotga yugurar, dam shosha-shosha yozar, dam xayol daryosiga g‘arq bo‘lib, osmonga qaragancha turib qolar, dam diqqatu, dam danak topib olgan jinnidek og‘zi qulog‘ida.
Erining bu kayfiyatidan fig‘oni chiqqan xotin, erining chala qoldirgan ishini davom ettirib turib, g‘udillaydi:
— Shaerligingiz qursin! Na mehnatingizda baraka va na ovqatingizda maza!.. Qariganda shaerlikka balo bormidi! Koshki bunday odam eshitganda huzur qilib, quloq soladigan shig‘ir bo‘lsa!.. Boshdan-oyoq chalama-chakki gaplar!..
Xotinining g‘udillashidan ensasi qotgan Hangomiy, qalamni zarda bilan xontaxtaga tashlab, uni koyiy boshlaydi:
— Hoy, esi past!.. Javray berib, ilhom parisini qochirib yubording-ku!.. Tushunmaganingdan keyin jimgina yura bermaysanmi?.. Astag‘firullo!
Bitta g‘azalni oxiriga yetkazgandan keyin, uni o‘qib berib, hordig‘ini chiqarish uchun «zarshunos» shinavanda istab, guzarga yo‘rg‘alab qoladi. Hangomiydan yurak oldirib qolgan hammahalla noshinavandalar bir-birlarini turtib, «Hangomiy she’r olib kelyapti!..» deyishib qo‘yishar va tezroq tarqalish tadorikini mo‘ljallashardi.
Bu o‘tirganlar orasidan hazil-mutoyibaga o‘ch, shumroqlari ham topilib qolar, u odam Hangomiyga choy uzatib, daf’atan she’rdan so‘z boshlar edi:
— Domla Hangomiy, bugun kechikib qoldingizmi?.. Yangilaridan bormi, taqsir?.. Shinavandalar to‘planishib, chiqishingizni kuta-kuta, yo‘lingizga ko‘zlarimiz to‘rt bo‘ldi!..
Hangomiy bu so‘zga chippa-chin ishonar, piyolani kigizga qo‘yib, yonidan g‘azalni olishga shoshilar, bir qo‘lida cho‘qqi soqolini tutamlab turib, cho‘kka tushib olib, o‘eiga xos ohangda o‘qishga boshlar:

«Kamoli jilvagohing ar-ariy sarvi suman paydo, 
Dahoni kavsaringga shar-shariy vasfi chaman shaydo. 

Tamomi anbiyolar markabi vasfing suvoridir, 
Tamomi ag‘niyolar shuhrating qoshida vovaylo. 

Quduming sharpasidan surmagardir huru g‘ulmonlar, 
Uluming suprasidan gar nasibdir luqmai halvo. 

Junun bozorida kezdim sani istarda Hangomiy, 
Qadi yoqut, yuzi ar-ar, ko‘zi oy, so‘zlari shahlo!..»

Hangomiy unisini buklab yoniga soldi, ikkinchi cho‘ntakdan bunisini olayotganda odamlar asta-sekin turib, tarqala boshladilar. Bu ahvoldan xunobi oshgan Hangomiy uyiga jo‘nadi va uyiga yetguncha javrab, koyinib, bo‘g‘ilib bordi:
— Senlarni odam deb, g‘azalxonlik boshlasamu, senlar vujudni quloq qilib tinglab, huzur qilish o‘rniga, boz ustiga mendek katta shoirning yuzi xotirimni qilmay, jo‘nab qolsanglar!.. Ah!.. Esizgina she’r lazzati-yu, mening qiymat vaqtim!..
Hammahallalaridan arazlagan Hangomiy ko‘chaga chiqishni tark qilib, xotini non yopayotgan bo‘lsa tandir boshida, kir yuvayotgan bo‘lsa, tog‘ora yonida cho‘nqayib, birin-ketin she’r o‘qir, ammo xotini tushmagur bir bor bo‘lsa ham erining ko‘ngli uchun ta’sirlanib, boshini qimirlatmas, aksincha, koyib, bunday deb g‘o‘ldirar edi:
«— Shu she’rxonlik o‘rniga menga qarashib yuborsangiz-ku, tezroq bo‘lib olar edim! Bilasizki, men she’rga tushunmayman, bunga hushim ham yo‘q! Uning ustiga-ustak, nima haqida yozganingizni anglab bo‘lmaydi!..
Xotindan she’r to‘g‘risida uch-to‘rt bor dakki yegan Hangomiy yuragini bo‘shatib qaytish niyatida bir keksa shoir-bog‘dor og‘aynisi yoniga jo‘nadi. Kirib borsa, keksa shoirning bog‘ida keksa-yu, yoshlar gavjum, yoshlar xizmat qilmoqdalar, keksalar o‘tirib, tebranib, tizzalariga urib shoirdan she’r tinglamoqdalar.
She’rxonlik tugab, shinavanda odamlar tarqalgandan keyin Hangomiy keksa shoir og‘aynisidan so‘radi:
— Sizning hammahallalaringiz she’rga tushunadigan odamlar bo‘lsa kerak, a?!
— Men, oddiy, hammahallalarim tushunadigan she’r yozaman, sodda til bilan muhabbatni, mehnatni ulug‘layman, uni eshitib ketish uchun meni yo‘qlab o‘zlari kirib keladilar, men ularni istab yurmayman!..
Hangomiyga bu haqqoniy so‘zlar maqtanchoqlikka o‘xshab tuyuldi, yuragi ko‘tarmay, tezroq jo‘nadi, uyiga yetguncha yana g‘o‘ldirab bordi:
— Hamma ham tushuna bersa, orasida tumtaroq iboralari bo‘lmasa, sodda tilda, oson iboralar bilan yozilgan bo‘lsa, she’r bo‘ptimi? She’r degan qiyin, odamlarni hayratda qoldiradigan bo‘lishi kerak!..
She’rga tushunmaydigan, avom hammahallalari, qolabersa o‘z xotinidan kuygan Hangomiy alamini ichiga yuta-yuta, kasal bo‘lib yotib qoldi, bundan xabar topgan hammahallalar tabib boshlab kirdilar, tabib uzoq tomir ko‘rib, dardni aniqlay olmagandan keyin, yotib qolish sabablarini bilishga qiziqdi, surishtirdi, aniqladi, odamlarni chiqarib yuborib, domla Hangomiyga iltimos qila boshladi:
— Kamina o‘zim tabib bo‘lsam ham, she’r shinavandasiman! Janobingizning shoirlik dovrug‘ingizni ko‘pdan eshitib yurgan bo‘lsam ham, kelib suhbatingizni topish, she’rlaringizni eshitib, bahramand bo‘lish menga ko‘pdan muyassar bo‘lmas edi! Mumkin bo‘lsa, she’r o‘qib bersangiz...
Bu gapni eshitgan Hangomiyning dardi yengillashdi, ko‘zlari yarq etib ochilib, yostiq ostidagi she’rga qo‘l yugurtirdi va uni yotgan yerida o‘qiy boshladi, tabib go‘yo butun vujudini quloq qilib joni dili bilan tinglashga tushdi, boshini tinimsiz likanglatib, beixtiyor tizzasiga urdi va ba’zan oh tortib, yeng uchida ko‘z yoshini artgan bo‘ldi, ba’zi satrlarni takror o‘qishga shairni majbur qildi, so‘ng soatiga qarab, bunday dedi:
— Menga qolsa, kechgacha yoningizdan jilmay she’r tinglar edimu, soat to‘rtda bir og‘ir kasalga borishim o‘rtaga tushib qoldi. Salomatlik suhbat boqi, ertaga yana kelaman!..
Tabib ertasi kelib, Hangomiyni ko‘rpa ustida emas, eshik oldida qo‘lida bir dasta qog‘oz bilan, mushtoqlikda kutayotgan holda uchratdi. U kirib, yana she’r tingladi, ketar paytida tabib o‘z fikru mulohazalarini aytdi:
— Sizning kasalingiz uchun dori-darmon kerak emas, faqat siz she’r o‘qiganingizda ro‘parangizda doim chayqalib, likanglab she’ringizni ma’qullab turadigan bittagina bekorchi bosh kerak! Ammo bu bosh odam boshi yoki boshqa bosh bo‘lishining ahamiyati yo‘q, nomiga bosh bo‘lsa bo‘ldi! Siz she’r o‘qiganingizda u doim likanglab tura bersa, inshoollo, sizda hech qanday nosog‘likdan asar qolmaydi!..
Hangomiyga tabibning hoziqona, oqilona maslahati juda manzur bo‘lib, ertasiga qanday bo‘lmasin, bir qimirlab turadigan boshni istashga tushdi. Bunday qimirlab, tasdiqlab turadigan boshni mahalladan topishga aqli bovar qilmagandan keyin, Hangomiy shahardan chetroqqa chiqib istadi, yura-yura, banogoh bir chakalakzorda bog‘liq turgan qo‘tir echkiga ko‘zi tushdi.
Echki bog‘langan yerida tippa-tik anqaygancha, uzoqdan ko‘rikib turgan pastqam eshikka qarab, tinimsiz bosh qimirlatib turar edi. Chunki bu keksa qo‘tir echki bir kasalmand, asabiy kampirning echkisi bo‘lib, echki ham o‘zidek asabiy!..
Hangomiyga uning tinimsiz bosh likanglatishi juda yoqdi, echkining qarshisida cho‘kka tushib o‘tirib olib, hamma she’rlarni bir boshdan o‘qishga kirishdi, echki ham bir ohangda bosh qimirlatib, she’rlarni juda ma’qullar edi va goh-goh pashsha qo‘ngan tuyog‘ini yerga qattiq urib qo‘yar, uning bu tuyoq qoqishi xuddi tabibning tizzasiga urib, takror o‘qilishini iltimos qilganiga o‘xshab ketib, Hangomiy o‘sha satrni qaytib o‘qir edi.
Hangomiyning tinkasi qurib, bo‘g‘zi quruqshadi, ariqdan suv ichib, belidagi nondan sindirib kavshandi va bir burdasini echkiga berdi. O‘shanda ham echki to‘xtovsiz bosh qimirlatar edi.
«Shinavanda» echkining bu qadar she’rga «o‘ch», «zarshunos»ligidan quvonib ketgan Hangomiy uning junlaridan silab turib bunday dedi:
— Tasanno, mavlono echkiy!.. Mening she’r o‘qishim senga shunchalik zo‘r ta’sir ko‘rsatgani shundan ma’lumki, hatto men o‘qishni to‘xtatsam ham sening bosh qimirlatishing to‘xtamayapti! Shundan ma’lumki, she’rxonlikni har kuni davom ettirsak ham senga malol kelmaydi!..

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.