OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sobir O‘nar. Aka-ukalar (hikoya)

To‘g‘risi, bizning uyga quyosh  hoji boboning imoratidan oshib tushadi. Oftob bizga nurlarini to‘shashdan avval hoji boboning uyini yoritadi: keng-mo‘l, devor-darmiyonsiz dasht hovlisi. Pastga enib tushadigan joyda bir oyog‘i "oqsoq" T-28 traktori ikki yildan beri qadalgan ko‘yi, haykaldek turadi, mabodo u yursa ham yo biror transportning shatagida, yo pastga qarab sho‘ng‘ib o‘t oldiriladi, qishloqda akkumulyatori sog‘ transportni o‘zi uchratish qiyin.
Har qalay traktor shu turishda birovga zarari tegayotgani yo‘q. Hoji boboning kichik o‘g‘lidan nevaralari uni tayyor, "indamas" eshak qilib minishlarini hisobga olsak, "foydali jonivor" qatoriga qo‘shsayam bo‘laveradi.
Bir uyda uch oila jam bo‘lgan. Katta o‘g‘il cho‘lda, lekin bola-chaqasi shu hovlida. Kichik o‘g‘il shu yerda. Kichigining bolalari to‘rtta. O‘rtanchasi ikkinchi marta uylandi. Birinchi xotini tug‘mas chiqdi — qo‘yib yubordi. Ikkinchisidan uch qiz bor. Kelin,  qishloq tili bilan aytganda naq "qora tovon", ya’ni kecha-kunduz tinim bilmaydi,  yozda, kuzda yaqin-atrof qirning tezagini yasalganday qilib uyiga tashiydi. Qish bo‘yi  uch ro‘zg‘or shu o‘tin hisobidan isinadi,  rohatlanadi. Albatta, boshqalari ham qarab turishmas, ammo kattayu kichikning tilida shu kelin. Kam uyqu hojining har tahoratiga iliq suv tayyor,  har choy so‘raganida achchiq choy ham tayyor. Odamlar unga o‘g‘il tirnoq tilashadi. Ko‘pning duosi ko‘l, boz ustiga hoji boboyam qishloqda yagona hoji — duosi ijobat bo‘lib, ajabmas, Olloh  ol qulim deb o‘g‘il ato etsa.
U kampiri bilan yashaydigan kichik nashaxonaning devoriga hojining onasidan qolgan childirma oq surpda saqlanadi. Tabarruk. Kampir yuz yoshni qoralab qazo qildi. To‘qson yoshlaridayam avji kelib sumalak boshida yo artisti yo‘q to‘ylarda qarsillatib bir-ikki terma aytib tashlab kelinchaklarni o‘ynatib yuborar edi.
Bultur hoji bobo Makkai munavvaraga, haj ziyoratiga borganida onasini ham hajji badal qildirib kepti. Yaxshi-da. Shundan bo‘lsa kerak, bu uy nurli, barakali.
Mening sinfdoshim, hojining kichik o‘g‘li ko‘pkariga qiziqadi. Bir cho‘biri bor. Gashtak ko‘pkarilarda ha-ha deb to‘daga urib turadi. Norbo‘ta obdon ichar edi, otasi hoji bo‘lgach, taqqa to‘xtab nomozxon bo‘lib oldi. Lekin "shayton o‘yini" — ko‘pkaridan qolmaydi.
Biz ertaga Qizil olmada bo‘ladigan ko‘pkariga ikki chavandoz va ikki yaydoq kechin ola yo‘lga tushdik.
Men Qizil olmaga emas, shu qishloqning boshidagi qaynotamnikiga, Ingichkaga boramiz, otlarni qantaramiz, joyi bor, ertalab to‘yxonaga tushamiz, dedim. Ko‘mak aka bunga ko‘nmadi. To‘y egasi Qorabosh mening qirq yillik qadrdonim, borsak, hamma narsani to‘kib tashlaydi, boshqanikiga borganimizni eshitsa xapa bo‘ladi, deb turib oldi. Qorong‘u tushgan, lekin elektr yo‘q. Bizda-ku, kechqurun ikki-uch soat chiroq yonadi, bu sho‘ring qurg‘urlarda shuyam yo‘q ekan.
"To‘y tog‘a" deb tovush berganimizdan so‘ng kimdir oyog‘iga kalish kiyib chiqdi. Qorabosh akaning armiya jo‘ralari kelib, ular bilan ichib mast bo‘lib qolganini aytib, bermon tomon boshlanglar, deb soyning narigi betida turadigan Esirgap degich ukasinikiga boshladi. Esirgap bir chag‘at joydan uy solgan ekan, otlarimizgayam joy tegmay, duch kelgan joyga bog‘lab ichkariga kirdik. O‘rtada moychiroq, kun sovuq, pechkaga o‘tin tashlanmagan, qunishibgina o‘tirib oldik. Bir mahal dasturxon keldi, non yo‘q; allazamon o‘tib non keldi, choy yo‘q. Obbo, bu yog‘i necha puldan tushdi endi deb o‘tiraberdik. Ko‘mak akaning joniga tegdim:
— Haliyam kech emas, surdik bizning qaynotanikiga.
Ammo aka unamadi. Qaynotang mehmon qilolmaydi. Bular el kezib yurgan, dong‘i chiqqach odamlar deb meni mulzam qildi.
Yana bir muddatdan so‘ng bir taqsimchada tosh konfet va bir taqsimchada, chamasi bulturgi hayitdan qolib ketgan parvarda keldi. Boshqa hech narsa kelmadi. Chavandozlar biror yog‘liroq ovqat yeb qorin to‘yg‘azish qayg‘usida, biz nochavandoz, haybarakallachi Ko‘mak aka ikkimiz to‘yda eski oshnalar bilan miriqib ulfatchilik qilish ishtiyoqida edik. Dodimiz Xudoga yetmadi chog‘i,  qamoqqa tushgan to‘rt o‘g‘londay o‘tiraverdik. Ovqatdan darak yo‘q, hech kim xabar olmaydi. Uxlaylik desak, uy sovuq, pechkaga o‘t qalanmagan. Bir vaqt  bir odam kelib pechkaga o‘t qalab kerosin sepdi, olov yonganday bo‘ldi, ammo u yana o‘chdi. Qaytanga  uy tutunga to‘ldi.
Ko‘mak aka dimiqib derazani ochdi. Deraza ortidan bir nimaning  xirillagani eshitildi.
— Ana, mehmonga siylov deb qo‘y so‘yilayotir, — dedi Ko‘mak aka xursand bo‘lib qo‘llarini bir-biriga ishqalagancha.
Lekin xirildoq uzoq davom etdi va birdan to‘xtab, "onangni falon qilay", degan bo‘g‘iq so‘kinishga aylandi. Har qalay bu "siylov" biz uchunmi, boshqa birovga atalganmi — dabdurustdan bilish qiyin edi. Aloha, buning orqasidan tarsillagan tovush keldi.  Chamasi  ikki erkak  bo‘g‘ishayotgan edi. Ketma-ket so‘kinishlardan keyin shunday ekani ayon bo‘lib qoldi.
Ko‘mak aka chiqib ularni ajratib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Qo‘ying, janjalga aralashib, ertaga melisaga qatnab o‘lmang, deb uni zo‘rg‘a to‘xtatdim. Ammo janjal zo‘rayib, so‘kinishlar ham oliy maqomga ko‘tarilayotgan edi. Endi ular bir-birini tayoq bilan solayotgani eshitilardi. Sapchib o‘rnimdan turdim. Agar biz uchun urishayotgan bo‘lsanglar, mana, ketdik, sizlar to‘xtatinglar, demoqchi edim.
Shundoq dahlizga chiqishimni bilaman, oyog‘im  satilga tegib ketib, suv to‘kilib, oyog‘im sirpanib, yerga dumg‘azam bilan o‘tirib qoldim. Orqa oyog‘im paypog‘im aralash naq tizzamgacha loy, suv bo‘ldi. Shungayam qaramay tashqariga otildim. Ayvonda, xira fonus yorug‘ida, ustun tagida birov  uzun tushib yotibdi. Qarasam, ayol kishi, ko‘tarib turg‘izay desam, o‘lik. Tap-taxta bo‘lib qotib yotibdi. Ichkaridan bir chol chiqdi.  Fonusni yaqin opkeldi. Chol ham og‘ziga kelganini qaytarmay anovi ikki urishqoqni so‘kib yotibdi.
A’zoi badanim muzlab ketdi. Bu yog‘i yetmaganday endi manovi qotillikkayam guvohlikka o‘tsag-a. Kampirni ko‘tarib ichkariga olib kirdik. Nafas olish yo‘q, oyoqlari muzlab boryapti. Shu payt  harbiy muallimimiz hushsiz odamni orqa bo‘ynidan mahkam qisib boshini oldi tarafga egish kerak degan gapi xayolimga keldi va shunday qilgan edim, kampir birdan xirillab yubordi,  og‘zidan ko‘pik chiqib ketdi. Ammo endi nafas ola boshladi. Kampirni uzala qilib qo‘yib kelinimi yo  qizimi biroviga oyog‘ini uqalayveringlar, deb chiqib ketdim. Ayvonda chol katta  zarang tayoqni ushlab  ikkala yigitga bu yoqqa chiq, ikkovingni urib o‘ldiraman, deb po‘pisa qilayotgan ekan.
— Otaxon, qo‘ying, biz siznikiga to‘yga keldik, mehmoningizmiz, — deb yalina-yalina bazo‘r qo‘lidan tayoqni oldik.
Yigitlardan birining boshi yorilib yotibdi, qon sharillab oqyapti, ikkinchisining esa yuzlari tirnalgan, ko‘zlari qovoqday shishib ketgan. Biz shunisini o‘rtaga oldik. Jo‘rajon, bizlar tinch ketaylik, do‘xtir chaqir, akangning yarasini bog‘lasin, onangniyam ko‘rib qo‘ysin, dedik.
— Do‘xtir uzoqda, men bormayman, — dedi u.
— Qaerda, biz borib kelaylik bo‘lmasam.
— Qo‘shilishda.
— O‘ho‘, o‘zlaringda do‘xtir yo‘qmi?
— Biznikiyam o‘sha, Qo‘shilishdagi.
Shunday deb u burilib boshqa uyga kirib ketdi. Na bo‘lg‘ay, biz shu holimizcha qotib qoldik. Shu orada bir mototsikli bor odamni topib, yalinib, oxiri benzin puli deb, to‘rt-besh so‘m berib, do‘xtirga jo‘natdik.
Ko‘mak akaning sabri chidamadi. Narigi betga, to‘yxonaga boraylik, deb turib oldi.
Men yana Ingichkaga boraylik, dedim.
Ammo endi kech edi.
Hamrohlarim — Olmos va Norbo‘ta polvonlar bu fojeaga sherik bo‘lib qolishdan cho‘chiganlaridanmi yo janjaldan zada bo‘lishdimi, otlarimizniyam olib bu yerdan ketaylik, deb qistalang qilishdi. Xullas, janjalkashlarning  akasi, to‘y egasi Qorabosh polvonnikiga o‘tar bo‘ldik. Borsak, tag‘in boyagi kalishchan dastyor chiqdi. Bizni uyga olib kirdi. Kirsak, uy to‘la mehmon, barisi mast. Sigaret tutunidan nafas olib bo‘lmaydi.
Noiloj kirib o‘tirdik. Hechqursa qornimiz qovzanar deb o‘yladim. Lekin dasturxon nochor edi. Na ovqat, na qorinni aldashga durustroq narsa bor. Bir-ikki piyola choy ichganimiz ichimizni bir oz ilitdi.
Ko‘mak aka mastlarga qo‘shilib besh-olti piyola aroqni yutib oldi. Qiyshanglab ularga o‘xshab chuchmal hangomalardan ola ketdi. Mastlar esa ko‘pga dosh berolmadi, cho‘zilib-cho‘zilib uxlab qolishdi. Hatto dastyor yigit ham pechga suyangancha pinakka ketibdi. Biz cho‘zilishimizga umuman joy yo‘q edi. Endi uyqu bosardi. Ilojsizlikdan janjalxonaga ketishga majbur bo‘ldik.
Borsak, boyagi "o‘lgan"  kampir hech narsa ko‘rmaganday tashqarida g‘imirsib yuribdi. Yo tavbangdan ketay, bu qanaqasi — xuddi jo‘rttaga qilganday-a! Bari bir o‘lmagani tuzuk bo‘pti
Ko‘mak aka aljiragancha:
— O‘lmaydi bu tosh kampir, mening onam. Qorabosh polvondi shul tuvg‘an, — derdi va tentiragancha birinchi bo‘lib boyagi mehmonxonaga kirib ketdi.  Biz hali etiklarimizni yechib ham ulgurmay bir ayol ichkaridan otilib chiqdi. Ne bo‘lganini bilmay qoldik.
Kirsak, moychiroq yorug‘ida Ko‘mak aka ko‘zlari haykalnikiday tosrayib qotib turibdi. Kayfidan asar ham qolmagan.
— Nima qildingiz? — deb so‘radim.
— Hech narsa, hech narsa, — dedi u yig‘laguday bo‘lib.
— Qariganda buytib sharmanda bo‘lmay o‘lganimiz yaxshi.
— Hech narsa, hech narsa, — derdi u yana, — boyagi janjalkash yigit deb o‘ylapman, qorong‘ida kelinchak ekanini bilmapman, yuzini ochsam indamadi, ko‘rpani ko‘tarib orqasiga bir tepsam chiyillab echkiday sakrab turib ketdi. Endi nima bo‘ladi?
— Boyagi janjalda odam o‘lmadi har tugul,  o‘lsa — endi o‘ladi, tayyor bo‘p turing, — dedim.
— Neujeli, ay, neujeli?
— Mana, qarab turasiz...
Indallosini aytganda shu xavf-xatar bor edi-da. Shuni hisobga olib uyning chiqish-qochish tirqishlarini mo‘ljallab ikkala derazasini ham ochib etiklarimizni ham kiyib, bardam bo‘lib tek turibmiz. Eshik tomondan sharpa kelsa, pastga qarab sakrashga shaymiz.
Deraza orti kamida uch qulochlik pastlik, uy nishabga qurilgani uchun tosh qalab qo‘yilgan,  toshdan narisi pastlik,  qulasang shu yerdan qulab mayib bo‘lasan. Boyagi bo‘g‘ishma shu pastlikda ro‘y bergan.
Tong ham ota qolmadi, mijja ham qoqmadik. Ko‘mak aka mastlikda qilib qo‘ygan  ishidan pushaymon "meni o‘ldirish kerak, meni" deb uf tortadi nuqul. Devorlarga qarasam, nuqul kashta, so‘zana ilingan, o‘rtada kelin bilan kuyovning to‘y  libosida tushgan cheti yog‘och, usti oynali kattagina portret surati.
— Siz buning emas, naq  kelinning ketiga tepgansiz. Hozir kuyov bolta ko‘tarib kelib hammamizni chopadi, — deb gazladim men.
— O‘ldik, voy, — dedi Ko‘mak aka. — Rostdan ham kelinning uyi bu.
Ammo, ne tongkim, qotillikka arzirlik mazkur voqea bu janjalli uyda e’tiborsiz qoldirildi. Bari bir derazalar lang ochiq, ertalabga dovur chegaradagi hushyor askar maqomida tongni ham ottirdik.
Shuncha g‘avg‘olarni o‘z bag‘riga singdirgan qish kechasi juda uzun edi...
Tong yorishar-yorishmas uyga bir quchoq o‘tin ko‘tarib chol kirdi.
— Mehmonjonlar, qishning izg‘irinida tirazalardi ochib qo‘yganlaringiz nimasi? Polvonlar-da bular, polvonlar.
Bu tashrifdan biz balo ariganini chuqur anglab yengil tin oldik. "Qatlga mahkum" Ko‘mak aka ham  dabdurustdan o‘ziga kelib, cholni otam deb guldiray ketdi.
Pechka ustidagi choynak hushtak chalib qaynadi. Choy ustida ko‘pkari haqida gurung ketdi. Go‘yo bu uyda kecha suronli jang-jadallar bo‘lib o‘tmagandek.
Norbo‘ta polvon bari bir gap orasi kechagi tepalashgan yigitlar sizga kim bo‘ladi, deb so‘radi. Chol avval "onangni palon qilaylar" dedi-da, so‘ng:
— Ikkoviyam mening ulim, — dedi.
— Yo‘g‘-e, — dedi Olmos chavandoz, — biz to‘ydan ikki mast kelibdi deb...
— Kallasi yorilgani kichkinamiz. Erkaroq. Besh-olti qafasda kaklik saqlaydi. Akasi rayondagi moliyachi jo‘rasi kelib havas qilsa, opketaver   deb bittasini bervoripti. Boya kelin shuni eriga aytib qo‘yipti. Keyin shu janjal-da: so‘yaman, chopaman deydi akasini, o‘zlaringiz ko‘rdingizlar-ku, kimga qiyin— o‘ziga qiyin. Boltaning uchi tegsa kalla ketar edi, keyin nima bo‘lar edi — o‘lar edi. To‘yda aza chiqar edi. Uyat-da. Bu yoqda ko‘pkariga odamlar aytilgan. Mana, sizlarday polvonlardi miymon qip yotippiz. Katta ulimizding Qorabosh polvon deb chiqqan oti bor, tuvrima, polvon?
Olmos polvon bo‘zday oqarib, hatto ko‘karib ketdi.
— Yaxshi bo‘lib qoldimi axir ulingiz?
— Narigi tomda o‘laman deb jotipti, kim biladi. Toshtemir duxtur kelib boyladi, uningam kayfi borakan, aroq so‘radi, bermab edik, ketib qopti.
— Kampir sog‘mi ishqilib? — dedi Ko‘mak aka.
— Bu enangdi... — deb tag‘in so‘kindi boboy. — Bu ikki birday jigit razbor qilaversin, demay ora ochaman, deb o‘rtaga tushgan. Birovi nari tur deb tirsaklab yuboripti, borib kallani ustunga urib opti, pak qoldi o‘lib qolishiga. Haliyam ustun bor ekan, bo‘lmasa toshdevoldan pastga tushib bo‘yni qayrilib o‘lar edi. Hay, e’tibor qilmang, miymonlar, ko‘pka¬ridan gapiring...
Tamaddi qilgach to‘yxonaga o‘tar bo‘ldik. Otlar o‘sha yerda qolgan, uloqqa tayyorlash kerak. Choshgohda Keragatoshning yaylovida ko‘pkari boshlanadi.
Janjalxonadan chiqayotib kechasi kampir yiqilgan joyga razm soldim. Xudo asrabdi. Agar ustunga urilmay toshdevordan pastga tushib ketganida, rostdan ham bugun azaxonada o‘tirarkanmiz...
Atrofga qalin tuman tushibdi. To‘yda qozon osilgan. Odamlar g‘imirlab qolgan. Otlarimizni og‘ilning orqasiga o‘tkazib bog‘lab qo‘yishibdi. Har qaysining oldida bir bog‘ beda... Chavandoz uchun bundan ortiq jazo yo‘q. To‘q ot ko‘pkariga yaraydimi? Uni quruq qiynaganing, qamchi tushirib badanini og‘ritganing qoladi.
Kutganimizday ko‘pkari ham murdor bo‘ldi. Polvonlarimiz solimgayam, jalovgayam tashlay olishmadi. Boz ustiga tuman juda quyuq edi.
Qishloqqa oshib tushganimizda, garchi kech tushayotgan bo‘lsa-da, quyosh chiqdi. Bu — ertaga kun iliq bo‘lishining belgisi.
Uyga kelib Qizil olma qishlog‘i tomonga qaradim. Hoji boboning uyi ravshan, oqarib ko‘rinardi. Cho‘ldagi o‘g‘li bir telejka opkelgan shekilli, pastlikka qarab turgan traktorga taqib qo‘yibdi. Ertaga yurgizsa kerak...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.