OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sobir O‘nar. Begona mehmon (hikoya)

Bu bir rivoyat. Lekin o‘zim unga ishondim. To‘qigan joylarim ham bor, to‘qimaganlarim ham. Lekin g‘alati. Sababi...

Matlab aslida shu Oqmoralni deb dunyoga kelgan ekan. Saksonga kirib umrining boshi-ketini o‘ylasa shunday bo‘lib chiqdi. Shuncha yil-a, shuncha uzun umr-a, sarson-sargardonlikka evrilgan qismat, ana, boring, peshona-ya. Oqmoralni deb yashagan yillari asli uni qizdan yuzlab chaqirim nari, xuddi quyundagi xashakday begona manzillarga uloqtirib tashlayveribdi. Qaridi, churidi, endi manglayiga tarsillatib shappat urdi.
Hali ham Talas tog‘larida tayog‘ini, chorig‘ini sudrab yurar edi. Qo‘ra-qo‘tonu tog‘-adirlarda bu atroflarning egasi bo‘lgan yangi boy – Zamonboyning xizmatini qilardi. Bir to‘p otliq qurollangan yigitlar kuppa-kunduzi kelib qo‘rayu kapasini ship-shiydam qilishdi. O’rischa-qirg‘izcha qurama tilda baqira-baqira shu yerda chol bilan birga molboqarlik qilib yurgan Qoraqulni, xotini va ikki go‘dak bolasiniyam otib tashlashdi. Ularga tashlanayotgan uchta bo‘ribosarniyam avtomatdan tarillatib o‘t ochib yer tishlatishdi. So‘ng biri Matlab cholga yuzlanib Zamonboy endi yo‘qligi, manavi davongirlar allaqachon uni narigi dunyoga ravona qilishganini bemalol, dona-dona qilib tushuntirdi, so‘ng boyning yilqi uyuri, podasi, qo‘y otarlari qaerdaligini surishtirdi. Butkul himoyasiz qolgan chol soylar, adirlarning nomini aytib, mollar o‘tlayotgan manzillarni aytdi. Haligi otliq qoshlarini chimirib turdi-da, cholning yuziga zarb bilan qamchi qo‘ydi. Tirqiragan qon ko‘zlariga tushdi, “voh, padaringga la’nat” deya qo‘llari bilan yuzini to‘sguncha bo‘lmay qo‘lidan sudragancha qo‘ra yonidagi yakkamixda boylangan baytal yoniga opkelib, o‘sha mollar yurgan joyni bizga ko‘rsatasan, deya buyruq qildi. Chol yuzidan tushayotgan qop-qora qonni artib ulgurmay, baytalni egarlash asnosida imillayotgani sabab bo‘ksasidan tag‘in bir qamchi yedi. Beixtiyor yigitni bo‘ralatib so‘kib yubordi. Yonoqlari pir-pir uchdi. Ammo negadir bosmachi yigit bu safar po‘pisa qilmadi. Chamasi bu qari inson hali-hanuz unga kerakligini eslab qoldi.
– Ko‘zing-betinga qarag‘anda sart chig‘arsan? – dedi ajablangannamo.
Chol iyagigacha kelib barmoq enligida sumalakday bo‘lib turgan qonni ijirg‘anib jabduqqa artarkan, sen to‘ng‘iz qo‘pgurga buning nima qizig‘i bor, o‘ldirish niyating bor ekan, shu yerda bir o‘q bilan tinchitib qo‘yaqolmaysanmi, demoqchi bo‘ldi. Iyagi, lablari titradi-yu, hech narsa demadi. Balki omonlikdan umid qilgandir. Egarga o‘tirar-o‘tirmas yigit baytalning sag‘risiga achchiq qamchi bosdi. Otini pishqirtirgan ko‘yi uning ortidan yo‘rtdi.
Xullas, ojiz-notavon chol ming qo‘yli boyning qo‘y-echki, qoramolu uyur-uyur yilqilarini otliqlarning oldiga solib haydatib yubordi. Evaziga tag‘in ikki qamchi yedi, noinsoflar uning ostidagi baytalni ham oldilariga solgancha adirlar quyisigacha bo‘kirgan ko‘yi ot qo‘ydilar.
Chol endi taqdir bitigi bir yerga kelganiga, balki so‘nggi kun yashayotganiga tamom iqror bo‘ldi. Xudo o‘ldirmasa odam ne mashaqqatlarni orqalab, boshdan o‘tkazib yuraverarkan. Ana qismat: qaerda tug‘ilding, qaerda yashading, qaerda o‘lmoqdasan? Xo‘p, o‘zi nima uchun yashading? To‘g‘rirog‘i, yashagan eding?
Ko‘z oldida o‘zi tug‘ilib o‘sgan Xartang qishlog‘i jonlandi. Otasining el qatori bir qarichgina yeri bor edi, lekin qo‘li gul edi shekilli, olam-jahon uzum yetishtirardi. Ota-o‘g‘il eshakaravada Samarqand bozoriga eltib, qand-novvot, o‘zlariga, uka va singillariga, onasiga ham kiyim, ro‘mollar xarid qilib qaytishardi. Otasi uning zamonga mos bo‘lib o‘sishini, kelajakda katta odam bo‘lishini astoydil xohlardi. Shunday bo‘layotgandi ham. Samarqanddagi ochilgan universitetga kirdi. Ne balolig‘ bo‘ldikim, yigit uzoq yurt – Jambuldan kelgan Oqmoral degan qizga oshiq bo‘ldi-qoldi. Bora-bora qiz ham unga ko‘ngil qo‘ydi. Lekin na yigitning, na qizning ota-onasi ularning turmush qurishiga rozi edi. Oralarini surishtirib qarashsa naqd besh yuz chaqirim keladi. Tavbangdan ketay, o‘zbekman deganning ham ne yerlarga urug‘i sochilgan-a! Jambullik sof o‘zbek, quralay ko‘z Oqmoral! Xullas, ikki tomonning ham ota-onasi norozi, yigit-qiz o‘qish tugagach, o‘z uylari-o‘lan to‘shaklariga qaytishdi. O’sha mahallar qishloqlarda o‘qituvchi kam, Matlab hademay hashar bilan qurilgan qishloq maktabiga direktor bo‘ldi. Ammo qizni unutolmadi. Kitoblardagi singari kecha-kunduz oh chekdi. Xatlar yozdi, xatlar oldi. Oqmoral! Ma’nosi qozoqchadan o‘zbekchaga o‘girilsa – oq ohu emish. Oq ohu! Qizning otasi bir qalin qozoq oshnasining taklifi bilan shu ismni tanlagan ekan. Ne bo‘lg‘ay, o‘sha qozoq oshna Oqmoral go‘dakligida o‘g‘liga beshikkertdi ham qilib qo‘yibdi. Oqmoralning yozishicha ularda udumni qattiq ushlar emishlar. Udum shariatdan ham ustun emish.
Matlab bu so‘zlarni o‘qib naqd olov kabi yonib ketardi. Oq yuzli suluv–oq ohuni jizg‘anak bo‘lib birovlardan, noma’lum yigitlardan rashk qilardi. Bu dard shu qadar kuchli ediki, oxir oqibat kasalmand ahvolga keldi. Tunlari deyarli bo‘zlab chiqadigan bo‘ldi. Otasi buni sezib, tezroq boshini bog‘liq qilib qo‘yish tadorigiga tushdi. Ko‘p o‘tmay otasi o‘z tog‘asining qiziga uylantirib ham qo‘ydi. Bir oy yashashdi. Yigit hamon Oqmoralning ko‘yida joni o‘rtanar edi. Axiyri kunlarning birida he yo‘q, be yo‘q, Samarqand vokzaliga borib qaydasan Jambul deya jo‘nadi-bordi.
Topdi. Oqmoralini topdi. Gapning qisqasi, yigit ham shu yerda o‘qituvchilik qila boshladi. Shu yurtning egasiman deganlar ham allaqachon qizga sovchi qo‘ya boshlagan edilar. Kolxoz raisi urushga borib kelgan o‘g‘liga so‘rattirgan, yigit yarimjon bo‘lib kelgan, so‘ng peshonadan ko‘rib ortiq bezovta qilmay qo‘yadi. Beshikkertdi bo‘lgan yigit ana-mana to‘y qilaman deb tayyorlanib yurgan kezda xirmonda yarim qop g‘alla bilan qo‘lga tushib qamalib ketadi. Taqdirning kulganini ko‘ringki, Matlab kamtarona to‘y qilib Oqmoraliga erishadi. O’zining qaynotasinikida ichkuyov bo‘lib yashay boshlaydi. Ammo baxtli edi. G’oyat baxtli edi! Hatto ortda qolgan ota-ona, ro‘zg‘or, xotini ham esidan chiqib ketdi.
Qishloq ahli bir begona joydan kelib elning eng suluv qiziga uylanib olganini tumshuqlarining tagidagi xazinani o‘marganday qabul qildi. Urushdan keyingi siyosiy ayblovlar avjga chiqqanda Matlabning ustidan ham chaquvlar boshlanadi. Maktabda ishlab yurgan oddiy o‘qituvchini qariyb vatan xoini sifatida qamoqqa oladilar. Matlab Sibirga surgun bo‘lib ketadi.
Oqmoralning ota-onasi, hatto o‘zi ham kuyovdan umidini uzadilar. Chunki Sibirga surgun bo‘lganlar deyarli qaytmas edilar. Umrbod surgun qilishdimi: yo och-nahorlikdan, yo kasallikdan o‘lib ketaverardi.
Oqmoralning Matlabdan qolgan gumonasi bor edi. “Xalq dushmanining bolasi” degan tamg‘adan qo‘rqib otasi Jambul kasalxonasiga borib bolani oldirib tashlaydi. Kunlarning birida beshikkertdi qilingan yigit qamoqdan qaytadi. Ota-onalar maslahatni bir joyga qo‘yib yoshlarning boshini qovushtiradilar. Besh yil, o‘n yil o‘tadi hamki, ulardan farzand bo‘lmaydi. Yigitning undovi, ota-ona istagi bilan Oqmoral erining boshqa turmush qurishiga rozilik beradi, ammo o‘zi ham shu eshikda sig‘indi bo‘lib yuraveradi.
Taqdirning hukmiga qarang: Matlab oradan yigirma ikki yil o‘tib, yana deng, sog‘-salomat to‘rt muchali but – Oqmoralning eshigini qoqib keladi. Ahvolni bilgach oh urib Majnun kabi sahrolarda darbadar bo‘lib yuradi, tog‘-toshlar, adirlarga boradi. Cho‘ponlarga yordamchi tushadi. Shu yerda qolib ketadi. Qariydi. O’zini qismat hukmiga havola qiladi.
Oxirini, mana, ko‘rib turibsiz...
Ammo buyam kam emas ekan. Hali oxiri emas ekan...

* * *

Chol yaralarining, suyaklarining og‘rig‘idan qiynalib bir necha odim tashlarkan, qo‘l bilan tekislangandek tep-tekis katta toshni ko‘rdi. Borib oyoq ildi. Dam olib, so‘ngra soydagi zilol buloq suvidan yuz-ko‘zlarini chayib, qon tekkan kiyimini ham yuvib olishni niyat qilib qo‘ydi. Taqdir endi tag‘in hukm o‘qtalayotganini ichidan his qildi. Bir zum o‘ziga achinib xo‘rligi keldi.
Axir, endi yorug‘ dunyoda hech bir suyanchi, tayanchi qolmabdi. Sherigi – cho‘pon bolani ham itday otib tashlashdi. Xotini, ikki bolasini ham. Xo‘sh, bu bechoralarda nima gunoh edi? O’ldirmay ham shuncha molni haydab ketaverishsa bo‘lardi-ku. Kimning kuchi yetardi u ablahlarga. Yo tavba, yo qudratingdan, kim bular, nega ko‘zlariga buncha qon to‘lgan? Alhazar, yo alhazar!
Ko‘zlarini yirib ocharkan, yon tomonidagi Chotqolning xuddi zinalarday qat-qat ko‘tarilib ketganini birinchi bor ko‘rdi. Cho‘qqilari oppoq qor bilan o‘ralgan. Aytishlaricha tog‘ ustida kattakon bir muz qoplagan ko‘l ham bor emish. Ko‘lning ustiga tinimsiz qor yog‘armish, ko‘l ostidan sizgan suv tog‘ yonbag‘irlaridan buloq bo‘lib otilib chiqarmish.
Menday muz qotgan sho‘rliklarning ko‘z yoshlari ular...
Cholning ko‘ziga qor har qachongidan ham ko‘ra oqaribroq, hatto yaltirab turgandek ko‘rindi. Bir paytlar eshitgan edi: o‘sha tog‘larda oq barslar yasharmish. Ha, oq barslar. Past adirlarga ular yo‘-lamaydi shekilli. Aytishlaricha oq barslar faqat shu yerda bo‘larmish. Oppoq barslar. Ular o‘sha yoq-larda kun ko‘ruvchi o‘zlariga o‘xshash oq kiyiklarni yeb oziqlanarmish.
Oq morallarni...
Oqmoral!..
Kimlarga yem bo‘ldi, oziq bo‘ldi u ohu!
Umr esa o‘tdi-ketdi. Mendan ne qoldi?
Xartang... Juda olis, judayam olisda qoldi... Ota-ona tuproq bo‘lib ketgan chiqar. Uka-singillar-chi?
Nimaga sarflandi bu umr?
Barmoqlari bilan toshni piyparkan, miyasiga uchqundek bir xotira urildi.
...Ikki oqsoqol hamrohligida bir aziz mehmon tashrif buyurgan edi. Bir kun burun Zamonboyning o‘zi kelib qo‘y so‘ydirib, ot go‘shtidan qazi-qarta ham tayyorlatib ketgan edi. So‘ngra ertasi kuni o‘tov atrofini sheriklari bilan tozalab yaydoq joyga kigiz to‘shab mehmon kutgandi. Bir mehmon keldi: oq kostyum-shimda, oq ko‘ylak, oq tuflida, yoshi o‘tinqiragan bo‘lsa-da, quyuq sochlarini orqaga taragan, bay-bay, yuzidan nur tomadi, nur-ku mayli, ma’no, donolik yog‘adi. Kigizga o‘tirib boshiga qirg‘izi qalpoq ildi. Suratchi uni, sheriklarini suratga oldi.
Taomdan ko‘p tanovul qilmas ekan. Endi sog‘ilgan sutdan sipqorishni yaxshi ko‘rarkan. So‘ngra qimiz, qimronni. Oqsoqollardan ovul-urug‘larni surishtirdi. Bir oqin chol do‘mbira olib “Manas”dan aytdi. Sel bo‘lib eshitdi. Piyoda kelib xuddi shu toshda o‘tirishdi. Matlab choldan bu adiru soylarning nomini so‘radi. Urug‘-avlodini ham so‘rab qoldi. Qisqa aytgan edi, “bu qiziq” dedi. Bir kelganda alohida “so‘ylab berish”ini tayinladi. Matlab chol mo‘mingina bo‘lib qo‘l qovushtirib turdi. “Oq barisni ko‘rganing barma?” deb so‘rab qoldi. Yo‘q javobini olgach, shu yerda shuncha yil yashasang ham ko‘rmaysanmi degandek iddao qildi.
Bunga o‘n yil bo‘ldi.
Keyin bilsa... Ha, keyin bilsa, u odam uncha-muncha emas, huv pastdagi ovulda bolaligi o‘tgan, dunyoning eng zo‘r yozuvchisi naqd Chingiz Aytmatovning o‘zginasi ekan. Ha, Chingiz Aytmatov!..
Undan beri zamon o‘zgardi. Dunyo ham o‘zgardi. Aytmatov ham yo‘q. Ha, uni shu atrofdagi o‘zining ovuliga dafn qildik deyishuvdi. Zamonboy aytuvdi bu gapni. Matlab chol bilan suhbati qiyomatga qoldi. Bu dunyoda qayta ko‘rishuv nasib qilmapti.
O’shanda Matlab bobo “Nima uchun bir og‘iz aytmadinglar, men uning qissalarini, “Qiyomat” romanini yoddan bilaman-ku, ikki og‘iz tuzuk-quruq gaplashtirmapsizlar ham, bir katta boy deb o‘ylabman, attang-a!” deb o‘rtanib ohu zor qilgandi. Aytmatov qarigan chog‘ida so‘nggi romani – “Qulayotgan tog‘”ni yozdi. O’shanda u mana shu tog‘, mana shu tog‘ bag‘ridagi oq barslar, mana shu qotil to‘dalarning razilliklarini, oxir oqibat o‘z qavmining ne ahvolga kelib qilayotgan qilmishlarini qalamga olgan ekan-da...
Hay, go‘ring nurga to‘lgur, Chingiz do‘stim-a!..
O’shanda hey, o‘zbek chol, bu yerlarda nima qilib yuribsan, deb so‘rading, so‘rashga so‘rab dardu diydiyomni eshitmading-ku. Tinglaganingda, bilganingda biror asaringga kiritib men g‘arib cholni ham kitoblaring kabi dunyoga doston qilgan bo‘larmiding?..
Endi bo‘lsa, na Oqmoral, na Chingiz, na Zamonboy bor dunyoda...
Dunyo huvillab qoldi.

* * *

Chol avvaliga shu o‘rgangan joyini makon tutmoqchi bo‘ldi. Biroq kimsasiz go‘sha uni yutib yuboraman derdi. Zamonboyning chindan ham kuni bitgan ko‘rinadi – birov-yarim bu atrofdan na uni, na boshqani yo‘qlab ham o‘tmadi.
Matlab chol noiloj tugun ko‘tarib yo‘lga tushdi. Jambulga bora-bora chegarada to‘xtalib qoldi. Yonida boshpurti bo‘lmaganidan harbiylar orqaga qaytarib yuborish payidan bo‘lishdi. Baqirishib qolib ularning kattasi bir kecha qamab ham qo‘ydi. Ertasi kuni bir mayor kishi qari odamni nima qilasizlar qiynab, deb qo‘yib yubordi. Shungacha cholning g‘azabi qo‘zg‘ab ichkaridan bularni bo‘ralatib so‘ka boshlagan edi. Chiqqandan keyin ham kechagi katta harbiyga: “qarab tur, bola, shu qilganingga men anavi suv omborining dambasini portlatib yuboraman, hammani suvda cho‘ktirib yuboraman!” dedi o‘dag‘aylab.
– Qo‘yib yubor uni, – dedi mayor. – Qariya bilan teng bo‘lasanmi. Shu holiga, mayli, dambani portlatib yuboraqolsin. – Shunday deya u hiringlab kulib cholga “xayr” degandek qo‘lini silkib qo‘ydi.
Keyingi chegarada u tag‘in to‘siqqa duch keldi. Fig‘oni falakka chiqib hammangni portlatib yuboraman, deb baqirdi. Yana tutildi. Lekin hamma cholning bu ish qo‘lidan kelmasligini bilib turardi.
– Neng bar? – deb so‘radi harbiy yigit.
– Aqcham jo‘q.
– Portlato‘dig‘an neng bar debatirman.
– O’zim bilemin.
– Bul jerde og‘ayin-tuvising barma, kim degandi qidiribatirsan?
Matlab bobo tanigan-bilganlarini birin-ketin esladi, aytdi. Ba’zilarini chegarachilar biladigan chiqdi. Aftidan, chol nuqul marhumlarni tanirkan. Oxiri toqati toq bo‘lib “Oqmoralnikiga boraman!” dedi.
– Biz erkekpen so‘ylashamis, qotin qolqini bilmeymis. O’t, o‘taber, – deya cholning yelkasidan surib nariroqqa itarib yubordi.
Shahar shu darajada o‘zgarib ketibdiki, u bilgan binolarning hech qaysisini topa olmadi. Tentiray-tentiray bir zamonlar ferma ombori mudiri bo‘lib ishlaydigan oshnasi Matyoqubning uyini izlab topdi. Oshnasi qarib bukilgan, lekin gap-so‘zi tetik edi. Oh urib, ohdan so‘ng bir oz lof urib tongotar gurung qilishdi. Kun kelib, o‘lar vaqtida suyagim begona yurtda chiriydigan bo‘ldi-da, deb hasrat qildi. Oshnasi, endi senga borar yurt yo‘q chiqar, qolgan umringni menikida o‘tkaz, nevaralarim seniyam, meniyam tepib-tepkilab ko‘mishadi, dedi. Aytishlaricha ukasining qo‘lida qolgan Oqmoral uzoq yillar maktabga direktorlik qilib, keyin qarilik nafaqasiga chiqibdi. Qarigani ham bilinmaydigan suluv kampir bo‘lib qolibdi.
Bu orada mahalla-ko‘yda Talas tog‘idan oshib kelgan bir devona chol suv omborni portlataman debdi, melisa qamab, so‘ng chiqarib yuboribdi, u Oqmoral degan ayolni so‘rab yurganmish, degan gap chiqdi. Suv omborini bir yoqlik qilishga-ku kuchi yetmas, ammo suluv kampir bu cholga kim bo‘larkin – shunisi qiziq edi.
Shu zayl kunlar o‘tdi. Cholning ko‘nglida Oqmoralni izlab topsam, o‘tgan-ketganiga hay berib obdon suhbat qursam degan orzu-istak ham paydo bo‘ldi. Matyoqub oshnasini qabatiga oladi, hech bo‘lmaganda qarib-churiganda bir diydorlashay devdim, deya, eshik qoqib boraveradi, boshqa nima ham derdi.
Kunlarning birida kutilmagan shov-shuv gap chiqdi. Tepadagi suv omborining suvi toshibdi. Jambul suv ostida qolayotganmish deyishardi odamlar. Matlab cholning dami ichiga tushib ketdi.
Rostdan ham suv omborining dambasi ochilib ketgan bo‘lsa-ya, deb o‘takasi yorilguday bo‘ldi. Xalqda gap yotarmidi: yaqinginada bir devona chol chegarachilarga suvingni toshiraman, dambani portlatib shaharingni suvga bo‘ktiraman, deb do‘q qilgan ekan, shu chol aytganini qilganga o‘xshaydi, endi o‘ldik, toqqa qochmasak qutulolmaydiganga o‘xshaymiz.
Suv omborining shahar tomonga quyilib enish qismida haqiqatan ham ikki yon mahallaga suv toshib chiqqan, poliz, chorbog‘lar suv ostida qolib, paxsa devorlarni zaxlatib ichkariga ham suv urib kira boshlagan, odamlar jon halpida qo‘liga ilingan narsani olib, tepalarga qocha boshlagan, shoshganlaridan kim piyoda, kim ulov, kim mashinada har yonga tirqirar edilar. Bu suluv kampir yashaydigan mahalla edi. Quyosh ufqqa chekina boshlagan edi, kim podasini qirga haydagan, kim qoplab olgan bo‘xchasini orqalagancha suv kechib tepaga o‘rlagan, kimlardir bola-chaqasini opichlab, yetaklab, qiy-chuv qilib do‘nglikka, huv o‘sha Talas tog‘lariga tomon chopib borar, sarosimaga tushgan aholi omon qolishga tirishar edi. Ufq quyoshida qizarib pichagina yorishib turgan tog‘ odamlarning nechog‘li vahimali tovushlariga to‘lib ketgan, bu bandai ojizlarning o‘zlari esa misoli bir tiyiqsiz, tutqich bermas kattakon mol podasiga aylangan edi...
Shu kuni Oqmoral kampir yashaydigan tepa mahallada ro‘y bergan edi voqea. Ukasi avval tom-orqasiga suv tarab, ariq boshidan xabar olib kelib bamaylixotir so‘riga kelib yonboshlagan, choy damlatib opasi va kampiri bilan ul-buldan ikki og‘iz hangoma qilishga tushgan edi. Bir vaqt kampiri taragan suvingiz hovliga toshib ketdi-ku deb baqirib qoldi. Shosha-pisha o‘rnidan turib shippagini oyoqqa ilay desa suv ana-mana poyabzalini hovli chetidagi og‘ilxona tomonga tez oqizib ketdi. Birdan qo‘rqib qolib ariq boshiga yugurdi, ammo suvning bu qadar zudlik bilan ko‘payganini ko‘rib dong qotdi. Vahimadan “O’ldik, uydan chiq hammang!” deb baqirib yubordi.
Suv shu darajada tez ko‘payib borardiki, odamlar mish-mish tarqalgan darvesh cholning qo‘poruvchi ekaniga chippa-chin ishonib qolishdi. Umumiy dard insonlarni birlashtiradi, degan gap bor. Ammo falokatning hammasi ham ularni birlashtirmasligi, aksincha, kimlargadir yov qilib ham qo‘yishi mumkin ekan. Misol uchun suluv kampir, ya’ni Oqmoral bugun shu uydagi oila a’zolari ichida yagona toshqin qurboni bo‘ladigan chiqdi. Sababi u ukasining xotini, kelini, o‘g‘il-qiz va nevaralari siqqan “Volga” mashinasiga sig‘may qolib ketdi. U boshda jiyanlarining “Amma, tezroq chiqing mashinaga!” degan da’vati bilan “Volga”ning old o‘rindig‘iga joylashib olgan edi, keyin oila a’zolari ko‘p emas, kam emas, naqd o‘n olti kishi ekani ma’lum bo‘ldi.
O’n olti kishi-ya! Shuncha odam bir yengil mashinaga qanday sig‘ishi mumkin? Lekin do‘ppi tor kelganda sig‘ib ham ketarkan. Orqa yukxona esa shitob bilan ortilgan ko‘rpa, bo‘xcha va kiyim, poyabzallar bilan allaqachon to‘lib bo‘lgan edi.
Ana xolos! Shu vaqtda mashinaning eshigi berkilmay qoldi-ku. Jigarlar bir-birining ustiga buklanib-suqilib tirband bo‘lib olgan edilar. Eshikni uka tashqaridan itarib zo‘riqib yopmoqchi bo‘ldi, foydasi bo‘lmadi, odam haddan tashqari ko‘p edi. Shunda erkakning kallasi ishlab qoldi. Old eshikni ochib opasiga ma’noli tikildi. Birdan ko‘zlarini pirpiratib:
– Opa, – dedi.
Kampir bir ma’noni sezib qoldi va bo‘shashdi.
Uka davom etdi:
– Saksonga kirdingiz-a?..
– Men o‘lgur... Men o‘lgur... – kampir sarosima va xijolat hissi yuziga urib, ukasining nevaralarini itarib-surib mashinadan tushdi.
– Xafa bo‘lmang yana, axir sizning yoshingizga kim yetdi, kim yetmadi. Uning ustiga... uyga qorovullik qilib turasiz. Aytib bo‘ladimi... kim bilsin, yana... O’g‘ri-po‘g‘rilar ham yo‘q emas... Kechirasiz-da, ahvolni ko‘rib turibsiz-ku. Bizdan norozi bo‘lmang...
Kampir ahvolni oldinroq tushunmagani uchun haqiqatan afsus qildi.
– Men merov, men esar... chirog‘im, aylanay, jonimni o‘ylaganimni qara. Miyamni yeb qo‘yibman-da... sen shoshil, tezroq hayda, bu turishda yo‘llaring berkilib qoladi. Mendan rozi bo‘linglar... Qara, kallam ishlamaganini. Ehtiyot bo‘lib hayda.
Uka mashinaga o‘tirib motorni yurgizdi. Opasi u o‘rgatganiday eshikni orqasidan zarb bilan yopdi.
Endi yurgan ham ediki, katta nevarasi qichqirib yubordi:
– Voy, sotkam...
– Baqirma-e, odamlar ne ahvolda-yu...
– Yo‘q, bo‘lmasa tushaman...
– Sotka kerakmi, jon kerakmi sanga...
– Bahromning sovg‘asi edi... Mayli, silar ketaveringlar...
Uka achchiq bilan tormozni qattiq bosib shartta kabinani ochdi-da, qichqirdi:
– Opa! Opa deyman! Garangmi... Opa-a!
Kampir endi ayvon tepasidagi supaga chiqayotgan edi. Bir oz garangsib turib qoldi. Ukasining tovushini eshitib ortiga o‘girildi. Qo‘lini silkidi. Tezroq jo‘namay nima qilib turibsizlar, demoqchi edi.
– Mayli, men silardan roziman, – dedi so‘ng. Keyin: – Suvda cho‘kkan shahid bo‘larmish, tashvish chekmanglar, – dedi-da, vidolashayotgan kabi qo‘lini u yoq-bu yoqqa chayqadi. Yana ortiga o‘girilmoqchi edi, ukasi jonining boricha bo‘kirdi:
– Sarvining sotkasini opchiqing deyapman! Eshityapsizmi, televizorning ustida, zaryadda ekan.
Kampir bu gapni eshitdi chog‘i, uyga kirib ketdi. Qaytib chiqib apparatni baland ko‘tarib ukasiga ko‘rsatdi. So‘ng yana supaga qarab yo‘naldi. Ukasining jon-poni chiqib ketdi.
– Bu yoqqa opkeling!
Kampir gapga endi tushundi chog‘i, bu yoqqa qarab yuraverdi. Ukasi sabri chidamay tez-tez bordi-da, opasining qo‘lidan sotkani yulib oldi.
– Voy-y, jigarim-a, men bu sabilni ovoling, gaplashib turamiz deb tushunibman-a, kechirasan-da, qarichilik...
Uka kelgancha “Volga”ning motori o‘chib qolgan, endi kalitni qancha burasa ham mashina o‘t olay demasdi.
– Opamizni norozi qildik-da, – dedi xotini.
– Nima? – deb qichqirdi unga choli.
– Opam norozi emasmikan deb o‘ylayapman-da. Mana, texnikangiz ham yurmay qoldi-ku.
– Ming‘irlama-e. Har narsani gapiravermay tur, ne ahvoldamiz-u... bidirlaysan. Opam saksonga kirdi, saksonga... Bo‘lmasa o‘rniga sen qol. A, qol, tush mashinadan!
– Dadajonisi...
– Bo‘lmasa men qolay, mana, hayda mashinani.
– Dadajonisi... Sizni deb...
– Bo‘lmasa ming‘irlama.
Ammo mashina hamon joyidan qimirlamasdi.
– Opa! – deb tag‘in chaqirdi uka.
Opasi qaragan edi, ukasi qo‘l imlab chaqirdi. Tez bo‘ling degandek qo‘lini zarb bilan silkitdi.
Opasi kavushini oyog‘iga ilmay shoshib kela boshladi. Lozim-ko‘ylagi tamom shalabbo bo‘lgan edi. Suv tobora ko‘payib borardi.
– Ukajon, meni qo‘y, men endi bu dunyoning odami emasman. Roziman, – dedi ko‘zlari mo‘ltirab.
– E, men buni aytayotganim yo‘q. Mashinaning orqasidan turtib yuboring, yurmayapti.
– Ha-ya, esim qursin, kuchim yetarmikin?
– Yetadi, yetadi, sal turtsangiz bo‘ldi, naryog‘i pastlik, yurib ketadi.
Kampir mashinaning ortiga o‘tib bor kuchi bilan itara boshladi. Uka ham kabinadan chap oyog‘ini chiqarib tiragancha chirana boshlagan edi, mashina qo‘zg‘alib yurib ketdi. So‘ng pastlikka yo‘nalib motori ham o‘t oldi.
Nevaralar chiy-chiylab “Ammam qolib ketdi, ammam suvga cho‘kadimi?” deyishardi.
Mashina bir oz pastlikka qarab yurdi-yurdi-da, so‘ng yo‘nalishini o‘zgartirib tepalikka qarab ketdi. Tekislikdagi asfaltdan tezligini oshirib oldi-da, qirga qarab chiqqan tosh yo‘ldan ortiga qum-shag‘allarni sachratgancha o‘rlab jo‘nadi. Shu zayl bora-bora kichrayib ko‘zdan yo‘qoldi.
Suluv kampir undan ko‘z uzmay turdi. G’oyib bo‘lgach “xayriyat” deb qo‘ydi.
Endi uning nazdida toshqin toshaversa, hammayoqni suv olib ketsa bo‘laverardi. Chunki endi falokatga, illo o‘limga ham ruhan tayyor edi.

* * *

Namozshom tushganda Matlab chol qiy-chuv qilib sarosimada toqqa oshiqayotgan olomonga qo‘shilmay bir o‘zi tentirardi. U ayni toshqin boshlangan tepa mahallaga borishni niyat qilgandi. Bu toshqin hali boshlanishi ekani, agar chindan ham damba o‘pirilgan bo‘lsa hademay qiyomat qoyim bo‘lishini u dilidan his etardi. Ammo damba degani shundoq tashlab, himoyasiz qoldiriladigan joy emas. Hamma joyda bo‘lgani singari bu yerda ham u qo‘riqlansa kerak. Davlat uchun strategik ahamiyat kasb etadigan, aholi uchun esa jon ozig‘i bo‘lmish suv omborini ehtiyot qilmaslik mumkin emas. Zero, o‘sha Jambulga tushib kelayotgan kuni ham harbiylar suv omborini portlatib yuboraman deganida mazax qilib kulishgan edi-ku.
Qarshisida ariqlarni allaqachon to‘ldirib chetdagi yo‘llarning ham shag‘al toshlarini shaldiratib oqib tushayotgan suvning u qadar dami baland emasligidan vahimaga tushmay borayotgan cholning ko‘nglida nedir xotirjamlik bor edi. Va ne bir xayolda, urushdan keyingi dastlabki yillarda qurilgan mamlakat miqyosida ulkan suv inshooti hisoblangan suv omborining shaharga quyiladigan qismida o‘sha kezlarda bunyod etilgan osmon bo‘yi charxpalakni ko‘zlab borardi. Charxpalak tepadan beton kanalda shitob bilan oqib tushuvchi katta suv ustiga o‘rnatilgan bo‘lib, uning suv to‘ldirilgan idishlari ham doshqozonday keluvchi cho‘yan idishlar bo‘lganidan shamol tegirmoni singari tez aylana olmas edi. Biroq charxpalak aylanib tepaga ko‘tarilavergach biri chap, biri o‘ng tomondagi katta beton ariqda suv quyuvchi katta cho‘yan qozondan to‘kilayotgan suv oftob shu’lasida ajib jimirlab o‘ziga xos kichik kamalaklar hosil qilar, ko‘rgan ko‘zni quvontirardi. Shu atrofda bunyod qilingan istirohat bog‘ining terak, archayu chinorlariga shamolda duv-duv uchib keluvchi suv zarralari kelib urilar, daraxtning namiqqan toza yaproqlari quyosh nurida o‘zgacha yaltirardi. Matlab, o‘sha vaqtlarda ayni kuch-g‘ayratga to‘lgan bo‘z bola, maktabdan bo‘sh kezlari Oqmoral bilan bu yerlarga kelar, soatlab gurung qilib to‘ymas edi. Kechagina edi. Xuddi kechagina edi. Ammo undan beri qancha suvlar oqib ketibdi. Suvlar oqibdi-yu, xotira, shirin bir tuyg‘ulardan o‘zga nima qolibdi? Azobu uqubat, tuhmat, Sibir... Bu yoqda Oqmoralning sho‘r qismati... U ko‘rib guvohi bo‘lib turgan qismatda Oqmoralni ayblay olmasdi ham. Illo Sibirga surgun degani ajal komiga tik oyoqda bormoq degani edi-ku. Lekin shu pariro‘y qizni deb uning butkul umri ko‘kka sovrilib bo‘ldi.
...Suv beton ariqdan toshib chiqib atroflarni yuvib ketayotgandi. “Toshqinga sababchi” bo‘lgan devona chol esa shu atrofda tag‘in o‘zining taqdirini tomosha qilib yurardi. U bir zamonlar Oqmoral bilan sayr qilib kelib shudring zarralari ila chayilib qorayib qolguvchi, ikkalasi ustiga chiqib entikib yuzlarini suvga tutib turuvchi kattakon temir quvur oldiga kelib qoldi. O’shanda charxpalak qozonlaridan beton ariqqa to‘kilib, so‘ngra shu quvurga g‘aldir-g‘uldir shovqin ila quyilib deyarli to‘lib oqadigan top-toza suvga tomosha qilib dillari zavqlanar, suv zarralari ho‘l qilgani yetmaganday bir-birlariga hovuch-hovuch suv sepishar, yigitning oq neylon ko‘ylagi, qizning endi urfga kirgan shohi atlasi badaniga chippa yopishib qolar, qizning durkun ko‘kragi rostmana bilinib qolar, pushti durrachasi ostidagi qalin o‘rilgan qora sochlari ham zilol suvda birrov cho‘milib olar, devonavash yoshlik sururiga qo‘shilib ro‘mol tagidan ko‘ksi uzra bir quloch dorday bilanglab chiqib kelib, sho‘xlikka qo‘shilar edi. So‘ngra yoshlar go‘yo ust-boshlarini quritish uchunmikan, qalin daraxtlar panasiga o‘tib uzoq qolib ketishar, ehtimol, ust-boshlari namdan arigach, qizarishib chiqib kelishardi...
Yigitlik chog‘ini eslab, yana nimalardir ko‘ksiga to‘kilib chol ag‘anab yig‘lagisi keldi.
Ammo atrofni yoritib turgan projektorlar yorug‘ida quvur og‘ziga tiqilib turgan kattakon qora narsaga ko‘zi tushib bir narsaga aqli yetganday ko‘ngli nurlandi. Yana tek qotib biror harom o‘lgan mol emasmikan deb to‘xtadi. Baribir seskandi. So‘ng qari cholni mol gavdasi cho‘chitganiga hayron bo‘ldi, ammo ne-ne bo‘ri-qashqir izg‘ib-kezgan Talas ovloqlarini bir zum eslab quvur og‘ziga suv kechib keldi. Qarasaki, go‘yo to‘fon urib yotgan joyda chindan ham bir narsa tiqilgan. Bir katta shahar ahli shunga ahamiyat bermabdi-ki, deb ajablandi. Yeng shimarib bir uzun tayoq topdi-da, uni quvurga uzatib, tiqilgan narsani itarib oqizib yubormoqchi bo‘ldi. Kuchi yetmadi. Naryoqdan, quvur ustidan yurib kelmasa bo‘lmas ekan. Shunday qildi. Quvur ustidan kelib tayoq suqqan edi, tag‘in bo‘lmadi. Bir ko‘rpa yo teriday narsa shox-shabba bilan qo‘shilib quvur og‘ziga qoplanib qolibdi. Qish kezlari charxpalak to‘xtatib qo‘yilishini esladi. Qanaqadir bir tormozga o‘xshagan murvati bo‘lishi kerak. Yo‘q, uni chol axtarib topolmadi. Tag‘in quvur ustidan yurib keldi. Yotib olib boyagi qoplamani bir uchidan bor kuchi bilan tortdi. O’sha parchasi yirtilib chiqib keldi. Yana yotib olib tortaverdi, tag‘in bir parcha uzilib chiqdi. Yana tortsam chiqadi deb o‘ylagan edi, yo‘q qolgani qaytanga mahkamroq yopishib qolgan edi. Cholning miyasi ishlab ketdi. Boyagi qalin tayoq bilan ko‘rpa yo kiyim qoplangan shox-butani urib-surib yuborgani yaxshiroq ekan. Suv oqimiga qo‘shib tayoqni suqib itaraverdi. Shunda deng, shox-shabbalar sinib-sinib suv oqimining tezligi bilan ular quvurning ichiga birdaniga singib g‘oyib bo‘ldi. Atrofga oqayotgan toshqin ham tuyqus to‘xtadi-qoldi.
Mahalla-guzar tim-tirs edi. Chol o‘zicha zo‘r ish bitirganini his etdi. Ammo atrofda hech kim yo‘q, chamasi hamma jon hovuchlab qiru do‘ngliklarga o‘rlab ketgan, balki... balki boshqalar tun zulmatida vahimayu bedorlikdan charchab uyquga cho‘mgan edilar. Har qalay dunyoni suv bosmayotgan edi-ku. Tepalikdagi ikki guzarga suv toshgan edi, xolos.
Chol borar manzilini belgilay olmas, lekin o‘ta charchagan edi. Kesilgan chinor kundasiga o‘tirib tin oldi. Baribir yoshlik xotiralari uni tark etmasdi. 
Anovi ariq chetidagi bo‘liq o‘t-o‘lan ko‘mgan joylarda o‘sha choqda urf bo‘lgan qora xrom tuflisining, Oqmoralning ham uchli, poshnasi ham uchli oq tuflisi izlari bordir. Lekin endi bularning qanday ahamiyati bor?
Tobora horg‘inlik o‘z izmiga tortib va xiyla tun shabadasidan junjikib borar ekan, bu yerda tunab bo‘lmasligiga, Matyoqub oshnasinikiga enib bormasa bo‘lmasligiga iqror bo‘ldi. Beli ham zirqiray boshladi. Issiq ko‘rpaga o‘ranishni niyat qildi.
Omonat bu dunyoda o‘zi biror kun xotirjam orom topdimmi, deb o‘yladi. Ne ajabki, unday kunni eslayolmadi.
Shunda... nariroqdagi daraxtlar ortidan bir xilqat qora tortib kelayotganini payqadi. To‘g‘ri o‘ziga qarab kelardi. O’rnidan turib tomoq qirib qo‘ydi. U ham bir to‘xtadi-da yo‘talgan bo‘ldi. “Ayol kishi”.
Bir oz yurib peshvoz chiqqanday bo‘ldi chol va:
– Keling, – deb qo‘ydi yo‘liga.
– Assalomu alaykum, bobo. O’zi qushuyquman desangiz. Shu bugun qo‘shnilaru bola-chaqa, barisi uylarini tashlab qirga ketishdi. Toshqin yomon ekan.
– Siz-chi, bir o‘zingiz qoldingizmi?
– Bir o‘zim... ha, uyqorovul ham kerak-ku... Vahimasi yomon bo‘larkan. Har kim jonini o‘ylab qolarkan. Uning ustiga bir dovon oshib kelgan devona chol avvaldan suv ombor toshadi, deb karomat qilgan ekan. Odamlarning og‘zida shu gap edi, suv toshgach, ana, devonaning bashorati amalga oshdi, deb hamma shoshib qoldi.
– Bu toshqin emas, anovi charxpalakning suvi, – dedi chol.
– Qanaqasiga?
– Shunaqasiga-da. O’zi... obbo, qiziq bo‘pti-ku, farzandlaringiz sizday kampirni toshqin bosayotgan uyga qorovul qilib ketishgani g‘alati bo‘pti-da...
– Sharti ketib, parti qolgan bo‘lsam. Qaridim. Bu dunyoda ko‘rarimni ko‘rib bo‘ldim. Orzu-havaslarim amalga oshdi-oshmadi, har nechuk bir odam katori yashadim. Hayot ortda qoldi. Endi qirga chopib qutulgan bilan nima o‘zgarardi?
– Shuni ayting! Men ham ko‘chaboshidagi Matyoqub jo‘ramnikida edim. O’tgan-ketgandan gaplashib hangomalashib yotgan edik, bola-chaqasi guzarni suv bosyapti deb vosvoslardek mashinaga chiqib, jo‘ramniyam mindirib tepaga ketishdi. Meni begona... begona mehmon... deb qoldirishdi. Xafa emasman. O’zi kimman ularga? Vaqti-zamonida bir farishtaning ortidan dovdirab ergashib kelgan daydi itman-da...
– Daydi it emassiz, – shunday deya kampir negadir mung‘ayib engashib oldi. – Siz Samarqandning Xartang qishlog‘idansiz. Dunyo hadisshunoslarining peshqadami Imom Buxoriy dafn etilgan qishloqdan.
– Bilarkansiz, bilarkansiz-a... – So‘ng birdan tetiklanib: – Qaydan bildingiz? – deb so‘radi va qulog‘ini yelpana qilib turdi.
– ...
(Shu joyda Kumushbibining “Siz o‘shamu?” nomli mashhur savolini keltirsak bo‘lardi. Ammo qahramonlarimizning biri kampir, biri chol. O’xshash joyi shundaki, bular ham bir-birlarining diydorlariga to‘ymadilar. Tarix zulmi diydordan ustun turdi: ikkisini ikki yoqqa yulqib uloqtirib yubordi. Biz uchun qizig‘i ham shu: birovnikiga o‘xshamagan qismat. Qolaversa...)
Qolaversa...
(Chol va kampirni bir-biriga suyantirib diydiyolashtirib qo‘ysak ham bo‘lardi. Xohlasangiz Siz shunday tasavvur qiling. Yaxshisi biz hikoyachi sifatida bu holatga teginmaylik. Sababini tushunib turibsiz: yengil holat emas...)
Alqissa, suluv kampir chol bilan ukasining hovlisiga tushdilar. Tongni qarshi oldilar. Hayot joy-joyiga tushdi. Toqqa chiqib ketganlar ham birin-ketin tushib kelishdi. Suluv kampirning ukasining jujuq nevaralari toqqa mashinada qanday chiqib borishgani, tik qiyalardan qo‘rqmay o‘tib borishganini birin-ketin ham burro, ham soqovlanib gal bermay hikoya qilishardi.
Lekin ertalab ketayotganlarida kecha chiqqan joylaridan mashina pastga qarab tusholmabdi. Bobosi kechqurun bu yerlardan qanday chiqdik ekan, deb yurak hovuchlab qolibdi. Yordamchi kutib turganmish...
Chol ham, kampir ham ularga yordam kerakligini tushunishdi. Bir-biriga im qoqib o‘rinlaridan qo‘zg‘alishdi...
(Matlab va Oqmoral ertakdagidek murod-maqsadiga yetmagandir. Lekin murodu maqsad nima o‘zi? Izlasang topa olasanmi?
Xullas, bu yog‘i Sizga havola. Xohlasangiz Matlab cholni qarigan chog‘ida Samarqandga jo‘natib yuboring, xohlasangiz ikki qariya keksalik gashtini birga sursinlar. O’zingiz qolganini istaganingizcha to‘qiyvering.
Bizning ishimiz bitdi.)

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.