OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sobir Sayhon. Bug'doy ekib arpa o'rganlar (qissa)

Kamina — Orifjon Said Ma’ruf o‘g‘li Namanganning Naymancha qishlog‘idanman. Onam – Egamberdi qizi Bibirisolat.
Bu esdalikni Saroykamarda yoza boshladim. Bu yerlarga o‘n yil oldin ko‘chib kelganmiz. Yoshim 17 da. 1931 yilda tug‘ilganman. Daryoga yaqin qishlog‘imni elas-elas eslayman. Mullarahmat nomi bilan shuhrat qozongan bir domladan ozgina diniy dars olganman. U ulug‘ zot arab alifbosi,  o‘zbek imlosida yozib-chizar, ko‘proq Navoiy, Hofiz, Bedil, Mashrab, Muqimiy,“Tuhfatul Obidin”, “Hikmatnoma”dan dars berardilar. Tarixdan ham dars o‘tardilar. Mendan boshqa sakkiz o‘g‘il, ikki qiz shogirdlari bor edi. O‘sha zotning so‘zlariga qaraganda, kindik qoni to‘kilgan qishlog‘im bamisoli jannat ekan. O‘zim ham eslayman: uyimizdan yuz qadamcha narida lim-lim to‘lib oqqan soyning  ikki tomoni meva daraxtlari bilan to‘la. Yaqinimizda tepa misoli eski qal’a bor edi. U yerda o‘rik qoqib bergan onamning yuzini ko‘rganday bo‘laman. Domlamizning so‘zlari qishlog‘imni esga solar va dars oxirida qishlog‘imga qaytgim kelardi. Ammo nachoraki, ota-onam quloq bo‘lib, nom-nishonsiz ketganlardan. Akam qazo qilgan. Opam bo‘lsa oqsochlarday ham ona, ham opalik qilib, meni voyaga yetkazish uchun umri o‘tib borayapti. Qarindoshlar omonda qolish uchun qishloq ahli bilan birgalikda rasmiy idoralarga tilxat berishib, bizdan tonishib, jon saqlashar, qaytganimda ham  yuzimga boqadigan bir mehribon topolmasligim aniq edi. Asli naslim bilan faxransam ham, g‘urbatdagi ayrim muhojir yurtdoshlar kabi ajdodu boyliklardan quvonib yurishga ko‘nglim bo‘lmasov, deb o‘ylardim.
Domla judayam muloyim, dono, mehribon, xususan, men uchun go‘yo avliyo edi. U hayvonotdan boshlab, o‘simlik olamiyu, dunyo jug‘rofiyasigacha bilar edi. Zilzilani oldindan biluvchi ins-jins va ilonbaliqlar, o‘n quloch balandlikda devor bino qiluvchi chumolilar, qaysi o‘lkada qanday baland tog‘ va uzun daryo bor, qancha yomg‘ir yog‘ib, qaysi mavsumlarda hosil yaxshi bo‘ladi, ilon chaqqanga qaysi o‘simlik davo bo‘ladi — hamma-hammasini bilardi. Ijtimoiy, madaniy-ma’naviy sohalardan ham boxabar edi. Ayniqsa, Turkistondagi tillarning o‘zgarib ketgani haqidagi ma’lumotlarni jon-qulog‘im bilan tinglardim. O‘z Vatanimizda qo‘shni tojik birodarlarimiz bizlarni muhojir deyishardi. Ammo domla “barchamiz bir ota-onaning bolalarimiz”, deya jon kuydirardi. 
Afsuski, Vatanimdan butunlay ajrab qolish xavfi tug‘ilib, dunyomiz qorong‘u zindonga aylanib qolganday edi. Xuftonga yaqin domla uyimizga kelib, opamga “tezda siljib, izimizni yo‘qotmasak qora kunlarga qolajagimizni aytib, ma’qul ko‘rsak, o‘zi bilan Afg‘onistonga o‘tib ketish mumkin”ligini qayta-qayta uqtirdi. Bu zotning so‘ziga qaraganda, josuslar biz qatori ikki-uch xonadonning kimligi haqida mahalliy idoralarga xabar qilishgan. Payshanbadan jumaga o‘tar kechasi tong oldidan bor-yo‘g‘imizni tashlab, ikki-uch tugunchani olib, yo‘lga chiqdik. Qo‘shnilar shubhalanmasin, deb o‘choqqa o‘tin qalab, chovgum, qumg‘onga suv to‘latib qo‘ydik.
Qamishzorlar oralab ming mashaqqatlar bilan Amudaryo bo‘yiga keldik. U yerda sol-qayiq tayyorlab turgan gubsarchi turkmanlar yetagida narigi tomonga o‘tmoqchi bo‘lgan bola-chaqali ikki oilaga ko‘zim tushdi. Qo‘y terisidan shishirib yasalgan gubsar-meshlardan o‘n-o‘n ikkitasini bir-biriga bog‘lab, unda jonivoru odamlarni eltishardi. Pokizagina, cho‘qqi soqol, musulmon turkman birodarlarning so‘zlariga qaraganda, daryoning muhim nuqtalari hozirchalik qurshov ostida bo‘lib, narigi yoqqa o‘tish xavfli ekan. Kamida ikki kun kutish kerakligini, o‘t yoqmaslik, baland ovozda gapirmaslik, yovvoyi hayvonlar ko‘rinib qolsa, o‘q uzmaslikni tayinladi.
Javzo oyi. Havolar ancha ilib qolgan. Shunday bo‘lsa-da, kechalari salqin. Choy va issiq taom yo‘qligi sababli, talqon, quruq meva-cheva bilan tirikchilik qilardik. Domla asli namanganlik bo‘lsa-da, bu tomonlarga qanday kelib qolganini bilmasdik. Yuziga uzoq tikilganimdan ichimdagini sezdimi, o‘zi aytib qoldi:
— O‘g‘lim Orifjon,  bilaman, kimligimga qiziqayapsan. Kamina Vatanimga, xalqimga, xususan, sizlarga o‘xshash jabrdiydalarga xayrixoh bir odamman. Chunki barchamizning taqdirimiz o‘xshash. Qismat ekan, xom sut emganim sababidan o‘z yurtimdan ayro tushdim. — Biroz sukutdan keyin: — Ekkanini o‘radi, kishi, — deb qo‘ydi.
— Amaki, — dedim jur’at qilib. — Sizga o‘xshash yoshi ulug‘ otaxonlar ekibsizlar, albatta, o‘rasizlar. Ammo bizga o‘xshash norasidalarning gunohimiz nima ediki, ekmoqqa ham muyassar bo‘lmasak? Nima uchun sarsonmiz?!
Domla tabassum qilib kuldi, keyin qoshini chimirib dedi:
— Birniki mingga, mingniki tumanga, — deganlar. — Siz norasidalar boshqalarning kasofatiga uchragansizlar. 
Domla terlagan peshonasini, duv-duv oqqan ko‘z yoshini artib, o‘tkir ko‘zlarini ko‘zimga tikkancha davom etdi:
— O‘tgan ishga salavot. Bundan keyingi qismatimiz chin muhojirlik. Narigi qirg‘oq ham aslida o‘z Vatanimiz. Muqaddas tuprog‘imizning davomi. Muhojir bo‘lsak, payg‘ambar yo‘li. Nachora, o‘z yurtimizdan begona bo‘lib, xo‘rlandik. U yerga borgach, boshimizga qanday savdolar tushadi, Xudo biladi. Ammo, senga nasihatim shuki, qaerga borsang, boshingga qanday balo yog‘masin, kindik qoning to‘kilgan muqaddas yurt tuprog‘ini aslo va aslo unutma. Muhojirlik qoidasiga mos harakat qilib, ahdu vafo, Vatanga sadoqat degan tabarruk gaplarni unutmasang bo‘lgani. Xususan, o‘z yurtdoshlaringga yomon ko‘z bilan qarama. Ona tilingni saqla. Aziz Turkiston zaminidagi tillarning barchasi sen uchun — ona tili. O‘zbekchami, tojikchami, turkmanchami, qozoqchami, — barchasini dildan avayla. Birini-birovidan farqlatma. Chunki, tabarruk Turkiston ahlining barchasi — aka-uka. Bir ota-onaning bolalari. Qo‘l besh barmoq bilan obod. Bu dunyoda bir-birini hurmat qilganlargina manzili maqsudiga yetgay.
Bu nasihatlarning qanchasiga rioya va amal qila olishim bir Xudoga ma’lum. Chunki, tajribam yo‘q. Domlamning ko‘zlari uzoqlarga tikilgancha, xayolga cho‘mgan. Bir vaqt gubsarchining ovozi ikkimizni ham uyg‘otib yubordi. Peshin payti yo‘lga tushishimizni aytishdi.
Karvonimizda yoshi qirq beshlarda, ko‘rinishdan ayolmijozroq bir kishi —  Safar aka va uning yonida o‘n besh-o‘n olti yoshlardagi qoraqosh, oppoq, bo‘ydorgina, ammo judayam  suluv bir ayol bo‘lib, u kishining rafiqasi ekanligiga ishonish qiyin edi. Ulardan tashqari ikki duogo‘y otaxon bor. Sol-qayiq gubsarlardan biriga mening opam, tog‘am Qodirjon, Safar aka rafiqasi bilan va ikki otaxon  tugunchalarimizni quchoqlab, o‘tirib oldik. Narigi solga esa sakkiz kishicha erkak-ayol, turkman vatandosh va domlamiz chiqishdi. Ikkala solning ikki burchagida qalpoqli turkman vatandosh yigitchalar beligacha suv ichida turar, yana ikki yigit sol ustida bizlar bilan edi. Qo‘llarida arqon chirmalgan uzun yassi, uchi loy xoda bor. Demak, tirab turib, qayiqni harakat qildirar ekan, degan fikrga bordim. Shu payt to‘satdan uzoqlardan paq-paq o‘q uzilib, qichqiriq ovozi eshitildi. Gubsarchilar qo‘rquv va sarosima ichida uzun xodalarni ishga solib, qayiqlarni o‘rnidan jildirish payiga tushishdi. Endi 25 qulochcha suzganda yuqori tomondan oqib kelayotgan boshqa bir bo‘sh gubsar hadeganda yetib kelib, bizdan to‘rt-besh quloch orqaroqda suzib kelayotgan hamrohlarimizning qayig‘iga kelib gursillab urildi. U bo‘sh emas ekan, ichida yetti-sakkiz yoshu-qari qizil qoniga bo‘yalib yotardi. O‘lmay qolganlari to‘xtovsiz dod solar, oh-voh qilardi.
Ikkala gubsar ustidagi o‘ligu tirik aralash-quralash bo‘lib, suvga yumaladi. Dabdalasi chiqqan qayiqlar oqib ketdi. Uning orqasidan yana ikki-uch gubsar qip-qizil qon ichida bizga tomon oqib kelayotganini ko‘rib, kunim bitdi deya, men ham dod sola boshladim. Xayriyatki, suzib kelayotgan qayiqlar qirg‘oqqa yaqin bo‘lgani uchun to‘qnashmasdan o‘tib ketdi. Mahoratli gubsarchilarning bittasi suzib, bizgacha yetib keldi. Qolganlari esa iziga qaytib, narigi qirg‘oqqa yetib olishga harakat qila boshlashdi.
Daryo qizg‘aldoq dalasiday qip-qizil. Kelgindi, bosqinchi sho‘ro askarlari pistirmada turib, sanoqsiz Vatan egalari joniga zomin bo‘lganini gubsarchilar afsus bilan gapirishardi. O‘lganlarni Olloh rahmatiga olishini, qolganlarga esa sabr tilab, Xudoga iltijo qildik. Taqdiri azalda yozilgan ekan, qutulib qoldik. Daryo qirg‘og‘idagi qamishlar orasida yashiringanlarning birontasi ham omon qolmagani aniq.
— Xudoyo, — deyman, — doimo yo‘lingda jonfido, kamtarin va ma’sum bir xalqning nima gunohi bor? Mazlumlar “oh”ini eshitguvchi o‘zingsan. Vatandangina emas, hatto shirin jonlaridan ham ajrab qolganlarga nimaga rahm qilmading? Domla kabi ne-ne pok insonlar bekafan u dunyoga rixlat qilishdi.    O‘lsak-da, qolsak-da, daryo Vatanimniki edi. Oradan bir-ikki soatcha o‘tgandir, narigi qirg‘oqqa borganda vatangado bo‘lishning qanchalik mashaqqatli ekanini his etib, borlig‘im uvishdi.
Muhojirlik muborak bo‘lsin. Alvido, serquyosh ona-Vatan.
Alvido, kindik qonim to‘kilgan muqaddas tuproq.
Alvido, qavmu qarindoshlar, do‘stlar!
Alvido, tiniq suvlarga to‘la, hayotbaxsh anhorlarim!
Alvido, ariqlar bo‘yidagi yovvoyi jambil, rayhon, yalpiz va ki-yiko‘tlar!
Alvido, osmono‘par tog‘lar!
Alvido, Namanganjon!
Bu yog‘i muhojirlik. Qirg‘oqqa oyoq bosmasdan balchiqqa tushib, kechib o‘tish kerak. O‘shanda, gubsarchilar so‘ziga binoan, ayollar yuz-betlariga loy surtib, tabiiy chiroylarini yashirib, sochlarini to‘zitib, ust-boshlarini boshqacharoq qilib olishdi. Afg‘on askarlaridan jon saqlash uchun bu muhim ekan.
Shu asnoda bir narsa meni qattiq o‘yga toldirib qo‘ydi. Safar akaning rafiqasi mendan sira ko‘zini uzmasdi, daryoda qayiq ustida esa kelib yonimga  o‘tirib olgandi. O‘ng‘aysizlanib, undan uzoqroq o‘tirishga harakat qildim. 
Gubsarchilar bizlarni quruqlikka chiqarib qo‘yib, xayrlashib qaytishdi. Ular yo‘l pullarini oldindan olib, daf’atanoq bizlarni Vatandan judo qilib qo‘yaqolishgandi. Ikki otaxon ra’yiga qarab, jildirab oqib turgan suvda bet-qo‘l yuvib, tahorat olib, ikki rakaat shukr namozi ado etdik, duo qildik. Duomiz ijobat bo‘lib, ishimiz o‘ngidan keldi, shekilli, ittifoqo ikki xachir, besh-olti eshak va bir yag‘ir otni yetaklab bir cho‘pon shu yerdan o‘tib qoldi. Bizlarni ko‘rib, salom berdi, ko‘rinishidan tojikka o‘xshardi. Jiyak-li do‘ppi, olacha ko‘ylak va yapaloq gulli chit to‘n shundan darak berib turardi.
Bir eshakka qumg‘on, tuguncha va mayda-chuyda yuklangan, yegulik narsalar ham borga o‘xshardi. Sevindim. Havas ham qildim. Maysalar ustida o‘tirib, atrofdan quruq o‘tin to‘plab, choy damlashni taklif qilganimizda cho‘pon bajonu dil rozi bo‘ldi.
Tugunchalar ochilib, g‘urbat elda birinchi bor dasturxon yoyilib, xudo bergan ne’matlardan tanovul qildik. Eson-omon o‘tib olganimiz o‘zi Rabbul olaminning cheksiz marhamati edi.
Bir cho‘pondan yaqinroq bir qishloqqa olib borib qo‘yishini iltimos qildik. Cho‘pon: “Bugundan mening mehmonimsizlar. Men ham uch yilcha oldin sizlarga o‘xshab ming xil azob-uqubat ko‘rib, Vatanimdan ajragandim... xayriyatki, anavilarga yo‘liqmadim, yo‘qsa...” — dedi chuqur xo‘rsinib, alamli tabassum bilan.
Men ko‘rgan ba’zi shaxsiy qiyinchiliklarimni batafsil yozmadim. Chunki, maqsad o‘zimning emas, balki xalqimiz boshiga tushgan musibatlardan sizni oz-moz ogoh etish edi.
Yo‘lda, ishqilib, dag‘a1 larga duch kelmaylik deya Xudoga iltijo qilardim. Chunki, jilg‘ay va saksovullar orasida sochilib yotgan odam jasadlariyu qoq suyaklarni ko‘rganimda yuragim bo‘g‘zimga kelib, qo‘limga qalam tutolmay qolardim. Tangaday soya yo‘q. Beixtiyor ko‘z o‘ngimda Saroykamardagi biz o‘zimiz bunyod etgan bog‘larimiz paydo bo‘lardi.
Goh eshakda, goh piyoda ikki kun yo‘l yurdik. Nihoyat, bir qishloqqa duch keldik. Kechasi to‘s-tuproqli bir maydonchada to‘xtadik, cho‘pon zim-ziyo bir uyga kirib, ikki-uch eski kiyim olib chiqdi, qo‘lidagi oltingugurt botirilgan qiyoqlarni o‘choqdagi  o‘tdan olov oldirib, sahnni yoritdi. Cho‘ponning ismi Ochilbek ekan. Uning yordami bilan palos yoyib, tog‘am va mendan boshqa hamma qo‘lidagi tugunchalarni yostiq qilib, darrov uxlab qoldi. 
Ochilbekning so‘ziga qaraganda, qishloq atigi yigirma besh xonadondan iborat ekan, unda yashayotgan besh-olti yillik muhojirlar bizga o‘xshash yangilarga xizmat qilar, shundan tirikchilik yurgizishar ekan. Barchalari ham Amudaryodan o‘tib kelgan yurtdoshlar bo‘lgani uchun ahil ekanlar. So‘nggi kunlarda chegaradan o‘tuvchilar ozayib, bola-chaqa boqish qiyinlashib qolibdi. Yaqinda Vatanga qaytish umidi bilan yil bo‘yi imorat qilishga botinolmay yumshoq tepaliklarning ostini kavlab, g‘orlarda xoru zor yashab, shunga ham shukr qilisharkan. Bu joylarning eng xavfli tomoni ilon, chayon, qora qurtlar ekan. Ming chaqirimcha narida, qoyalar orasidan chiqadigan suvdan ichisharkan.
Ochilbek eshakka meshni yuklab, qo‘liga qumg‘on olib suvga otlandi. Men ham unga ergashdim. So‘zlashib ketyapmiz-u, u esa Amudaryo tomondan ko‘z uzolmasdi. Buni ko‘rib, meni g‘am bosadi. Hartugul Vatandan so‘z ochmadi. Bir soatcha unnab, mesh qumg‘on va chelakni suvga to‘ldirib qaytdik. Qishloq ahli ikkimizning himmatimizdan xabardor bo‘lib, kim sut, kim qaymoq, kim qatiq va qora non olib keldi. Ochilbek zudlik bilan  bir o‘simlik  bargidan  ko‘k choy damladi. Suhbat boshdan-oyoq Vatan haqida bo‘ldi. Qishloq ahlining ko‘pchiligi Farg‘onadan bo‘lib, usti-boshiga qarab bo‘lmaydi. Hammasining qovoqlari soliq — Vatanda qolgan qarindosh-urug‘laridan na xat, na xabar bor. Afsuski, ularning ko‘zlaridagi yoshini artishga ojiz edik. Tog‘am Qodirjon Ochilbekning odamiyligidan so‘zlagancha bo‘xchadan bir olachopon olib unga kiydirdi. Opamlar o‘zlari uchun atab tikkan atlas ko‘ylak, lozimni mezbonning rafiqasiga sovg‘a qildilar. Chunki, u mushtipar ayolning usti-boshi ta’rif etilmas darajada ilvirab ketgandi.
Ikki otaxon o‘zaro maslahatlashib, bittasi belbog‘idagi xaltachadan oltin tanga chiqardi. Keksa, cho‘qqisoqol bir otaxon minnatdorona bosh egib, uzundan-uzun duo qildi. Opam duogo‘yga bir Namangan do‘ppi kiydirdilar. Dasturxon yig‘ilgach, Ochilbek tog‘amga tepa ostida kavlangan bir yerto‘lani ko‘rsatdi. Borib ko‘rdik. Palos o‘rniga qamish bo‘yra, burchakda ikkita eski to‘shak va ikkita yostiq turardi. Tog‘am rahmat ma’nosida ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, minnatdorchilik izhor qildilar. Menga ishora bergach, non va tugunchalarni olib kelib o‘rnashdik. Shunga o‘xshash Safar aka va rafiqasini bir yerto‘laga, ikki oqsoqolni boshqa bir yerto‘laga joylashtirib, o‘zlari yon qo‘shnilarinikiga kirib ketishdi. Bizda aytarli pul yo‘q edi-yu, opamning bir talay rang-barang taqinchoqlaru, qimmatbaho bezaklari bor edi.  Ma’lum bir muddat amal-taqal yashab turishimiz mumkin.
Mana, oradan o‘n kun o‘tdi. Barchamiz o‘rtada pul to‘plab, Ochilbekka yegulik oldiramiz, qishloq ahliga malol kelmaslikka tirishamiz.
Ishim har kuni eshaklarga mesh ortib, suv olib kelish bo‘lib, o‘zimni shu bilan ovutardim. O‘n beshinchi kuni ertalab ikki chol rozi-rizolik tilashib, bir qishloqlik yigitcha yo‘lboshchiligida qaygadir jo‘nab ketishdi. Adabsizlik bo‘lsa ham bir voqeani yozmay tura olmayman. Safar aka bilan tanishganimdan beri rafiqasining bejo qarashidan xijolat edim. Hali yosh bo‘lganim uchunmi, bu boqishlarga ma’no berolmay hayronman. Lekin, u judayam jonon ayol. Yana ikki kun o‘tib, ular ham bir yo‘lboshchi rahnamoligida ketmoqchi bo‘lib, xayrlashgani oldimizga kelishdi. Xonobodga biz bilan birga ketasizlar deb turib olishdi. Rafiqasi shunday degan bo‘lishi kerak Safar akaga. Chunki, juvonning nigohi hamon menda edi-da. Tog‘am negadir ro‘yxushlik bermay, yana bir muddat qolib, o‘ylab  ko‘rishga qaror berdilar.
Qishloqda yangi kelganlardan biz qoldik, xolos. Ochilbek doim nasihat berib, dag‘alar so‘rashsa, uch yil oldin kelganmiz, deb javob berishimizni tayinlardi. Albatta, bunda bir sir bordir, ammo biz parvo qilmay yurardik. Soat, kun, haftaning ma’nosi miyamda boshqacha bo‘lib, go‘yo daqiqalar to‘xtab qolganday. Qaerdan, qachon kelganimni ham esimdan chiqarib, shu qisqagina muhojirlik ming yilday tuyulib ketmoqda edi. Bu yog‘i qandoq bo‘ladi, degan savol oldimizda tog‘day ko‘ndalang turardi.  
Kechasi tog‘am Qodirjonni qandaydir gazanda chaqib oldi. Ertalab qarasak ko‘zi, dudog‘i ko‘karib, nofarmonlashib, shishib ketibdi. Birpasda a’zoi badani tosh qotib, nafas ololmay qoldi.
Ochilbek biz do‘ppi kiygizgan cho‘qqisoqol  duogo‘y cholni yetaklab keldi. Janozalarda imomlik qilar, bir oz tabibligi ham bor ekan. Chol Ochilbekka qarab bosh chayqagach, opam uvvos solib yig‘lashga tushdi. Tog‘amni biy, ya’ni qoraqurt chaqqan ekan.
Tog‘am peshinga bormay jon taslim qilib, bizlarni Vatandan uzoq, yot elda yolg‘iz tashlab ketdilar. Qishloqliklar yordamida bir amallab ko‘mib, marosim o‘tkazdik.
Men va opam nima qilarimizni bilolmay, dovdirab qoldik. Ammo, qishloq ahli bizlarga taskin-tasalli berdi. Baribir, opam kundan-kunga sarg‘ayib borar, churq etmay faqat yer chizib o‘tiradigan, kechalari uxlamay, o‘zicha javrab chiqadigan bo‘lib qoldi. Bir kuni kechasi dong qotib uxlab qoldilar. Ayniqsa, men xursand bo‘ldim. Zora shundan kuch-quvvatga kelib, tuzalib ketsalar, degan umidda edim. Tongda xabar olsam, shiftga qarab ko‘zlari ochiq, qotib qolgandi. Dod solib Ochilbekka yugurdim. U kishi yana o‘sha cholni chaqirdi. Faqat afsuski, yarim kechada jon taslim qilganini aytdi. Opamni dafn etdik.
Xudo bundan battaridan saqlasin, degan so‘zning ma’nosini endi angladim. Yig‘i-sig‘i bilan marosim ham o‘tkazildi. Qishloq ahli go‘yo yaqin qarindoshlarday jonkuyarlik ko‘rsatishib, menga tasalli berishardi. Hatto o‘zlari ham: “Jon ayalar, opalar, akalar, otalar, tezda Vatanga qayting. O‘liklarimiz begona tuproqda qolgandan ko‘ra Vatan bag‘rida dushmanlar bilan yoqalashib, o‘lganimiz afzal”, deya fig‘on qilishardi.
Tog‘am va opamlarning qirqini o‘tkazdik. Ochilbek va rafiqasining fidokorligiga umrbod tashakkur aytib yuraman. Chunki, ular menga ibrat bo‘ldilar. Insoniylik degan narsa zotan pok turkistonliklar urf-odatidan bir namuna bo‘lsa kerak. Mehmonni aziz bilib, beminnat xizmat qilish yana qaysi millatda bor ekan? O‘z Vatanim Saroykamarda shuncha qadrlansam edi, g‘urbatda qolarmidim? Demak, g‘urbat adosi kishilarni bir-biroviga yaqinlashtirib qo‘yar ekan.
Opamdan qolgan boru yo‘g‘imni Ochilbek va rafiqasiga qoldirib, tog‘amdan qolgan uch oltinni olib, bir qishloqlik odamday Xonobod shahriga jo‘nadim. Qishloq ahli go‘yo o‘z farzandini kuzatganday kuzatib qo‘ydi.
Uchinchi kuni asr payti Xonobod shahriga borganimda, ko‘prikda dag‘a afg‘on melisaga ko‘zim tushdi. Uning bor-yo‘g‘imni shilib olishidan cho‘chib, bir panaroq joyda poylab turuvdim, toleimga qarang-ki, Safar aka o‘sha yerdan o‘tib qolsami. Ko‘rishib ketdik. Boshimdan o‘tganlarni bir-bir hikoya qilib berdim. Ikki ko‘zi aftodahol usti-boshimda. Xijolat bo‘lib, boshimni egdim. U rahmi kelganday, qo‘limdan mahkam ushlab, melisaga parvo qilmay olib o‘tib ketdi. Melisaning salomlashishiga qaraganda, allaqachon mahalliylashib, o‘z yo‘lini topganga o‘xshaydi.
Hovlisiga borganimizda rafiqasi sevinchdan pitillab, yaqin bir qarindoshini topib olganday ko‘zlari porlab ketdi. Xijolat bo‘ldim. Ahvolimni ko‘rib, suv isitib berdi. Yuvinib, taranib, Safar aka bergan kiyimlarni kiyib oldim. Nomozshom, xufton aralash tamaddi qilib, mehmonxonaga solingan o‘ringa kirib yotdim. Ertalab turganimda oftob bir-ikki nayza bo‘yi ko‘tarilib qolgan ekan. Hovliga chiqsam harir, moviy uzun ko‘ylak kiygan haligi nozaninga ko‘zim tushdi. Bosh egib, ehtiyot bilan Safar akani so‘radim. U juda sho‘xchan qah-qah urib: “Bir-ikki soatlarda kelib qoladilar”, — deb  javob qaytardi. Oldimga kelib: “Safar akaning kiyimlari sizga juda yarashibdi”, — dedi.
Men hurmat bajo keltirib: “Yaxshiliklaringiz uchun rahmat. Xijolatdaman”, — dedim. U to‘satdan ikki qo‘lini yelkamga tashlagancha:
— Arzimaydi. Siz har yaxshilikka loyiqsiz, — deb labini yaladi. Shu payt darvozadan Safar akaning tovushi kelib qoldi-yu, zudlik bilan o‘z xonasiga kirib ketdi.
Oradan bir hafta o‘tdi. Safar aka bilan xayrlashgandan keyingi voqealarni eslashdik, musofirchilikning rahmsizligi, Vatan sog‘inchidan damo-dam ko‘zlarimiz yoshlanar edi.
— Xo‘sh, — dedi mehribonlik bilan Safar aka gap orasida, — ko‘rinishdan hali yoshsiz, biror hunaringiz bormi? 
— Kelgindilar hunar o‘rganish uchun bizlarga fursat berdilarmi? — deya kuldim. — Ammo, opam yaxshi pazanda, ham tikuvchi edi. Milliy taomlar tayyorlash darsini olganday bo‘lganman.
— Unday bo‘lsa, — dedi Safar aka – bir afg‘on o‘zbek paloviga pazanda qidirib yuruvdi. Ertadanoq birga boramiz.
Ertasi sahar oshxonaga bordik.
— Usta, oshpaz olib keldim, — dedi Safar aka. Dag‘a afg‘on kaminani boshdan oyoq kuzatib, mensimaganday labini burdi:
— Ko‘ramiz.
Oshxonaga kirarkanman, kamida o‘n yildan beri tozalanmagan, zang bosgan qozonu, cho‘michga, kapgirga ko‘zim tushdi. Ichkarisi zindon kabi qop-qorong‘i, pashshalar vijillab, kishini talaydi. Ir-g‘ishlab yurgan bo‘rdoqi kalamushlarni ayting. Narigi tomonda yog‘ bosib, qorayib ketgan qamish bo‘yralar. Sopol kosachalarning holiga maymunlar yig‘laydi.
— Qani, boshla! — dedi amrona o‘shqirib dag‘a. Men bismillo deb ish boshladim. Yaxshiyam suv serob ekan, vaqtni o‘tkazmay, ko‘ringan narsa borki, yaxshilab  yuvdim, bujmayib, so‘lib qolgan sabzi-piyozlarni artib, to‘g‘radim, pashsha bosib rangi ko‘karib qolgan go‘shtni chayib, to‘g‘rab, zig‘ir yog‘i dog‘ladim. Guruchni toshini termoqchi bo‘lib qarasam, guruch nobop.
— Bo‘lmaydi, — deb imladim dag‘aga. U nimanidir fahmlab, narigi qopni ko‘rsatdi. Suv ko‘tarish, ko‘tarmasligini so‘rasam yelka qisdi. Hayron bo‘ldim, o‘zimcha issiq suvda yuvib damlab qo‘ya qolaman, dedim.
Besh qadoqcha guruch ajratib, toshini terib tog‘oraga soldim. Dag‘a boshimda posbonlik qilganday kuzatib turardi. Harakatlarimni tergamoqchi bo‘lardi-yu, ammo botinolmasdi.
Men oshni peshinga yaqin damlab qo‘ydim. Dag‘a do‘kon egasi ham baqlajon achchiq-chuchuk usulli qovurma tayyorladi. Peshindan keyin badburush, paxmoq soqol, iflos dag‘alar och bo‘riday yopirilib kela boshlashdi. Birorta o‘zimizning elatlardan ko‘rinmaganidan lagan-tovoq yo‘qligini payqagandim. Chunki lagan so‘raganimda, dag‘a kulib turib, dasturxon o‘rniga bo‘lsa kerak, men tozalab qo‘ygan qamish bo‘yralarni mushtariylar oldiga yozib qo‘ygan edi. Piyola kattaligida sopol kosachalarga baqlajon qovurma solib, ustiga yarimtadan shapaloqdek yupqa nonni qo‘ydi. Keyin dastasi qorayib, mog‘ori chiqib ketgan, ikkala pallasi ham teri tarozi olib kelib, bir pallasiga taxminan bir tosh, bir pallasiga osh qo‘yib tortdi-da, haligi yarimta nonning ustidan to‘kdi, xo‘randalar oldidagi bo‘yra “dasturxon” ustiga do‘qillatib, qo‘yib chiqa boshladi. Xo‘randalar palovni ilk bor ko‘rib turganlaridan hayron. Qovurmaga qo‘shib qo‘l bilan hovuchlab-hovuchlab olib, birpasda idishning rangini o‘chirishdi. Keyin qo‘llarini siltab-siltab, pulini to‘lab turib ketishdi. Og‘zim ochilib, hang-mang bo‘lib qoldim. Aziz xalqimning ozodaligi va nazokati esimga tushib, shunday vahshiylar orasida muhojir bo‘lib qolganimdan afsuslanib, ko‘zim jiqqa yoshga to‘ldi. Ammo, vahshiy bo‘lishsa ham ular hur. Bayroq egasi. Biz esa Vatansiz, darbadar bir muhojirlarmiz. Hash-pash deguncha osh tugab, xo‘rrandalar ketdi, ular o‘rnini qop-qora pashsha va arilar bosdi. Do‘kon egasining rangi ochilib, “ofarin”, deganday ko‘z qisdi. Gadoga pul berganday:
— Ol, senga! — deb menga uch tanga chaqa pul otdi.
Men uchun sadaqa emas, balki mehnatimga berilgan haqni olib, lippamga urdim. Chunki cho‘ntagim yo‘q edi. Bu hol bir oycha davom etdi, do‘konda  yotib turar, vaqt zamonlarda do‘kon devorlarini oq bo‘r bilan oqlar, bo‘yralar yog‘ini tozalab, ajabtovur qilib qo‘yardim.
Savdo yurishgan sari xo‘jayinning chiroyi ochilib, kunlik haqim besh oltingacha chiqdi. Xo‘randalar xursand. Qo‘shni do‘konchilar xursand. Meni ko‘rsatib, dag‘a tilida bir nimalar deyishardi.
Bozorga borib, bir turkman yurtdoshdan cho‘ntakli bir yaktak, bir do‘ppi, ko‘ylak-ishton va kovush sotib oldim. Safar aka bergan ki-yimlarni yuvib, uch kunda bir ust kiyim almashtiradigan, ulfat odamlarga yarasha olifta yuradigan bo‘lib qolgandim.
Bugun juma. Ertalab do‘kon yaqinida odamlar orasida 40 yoshlardagi bir do‘ppili kishiga ko‘zim tushdiyu, yuragim hapqirib ketdi. Chunki uning bu yerlik emasligi yaqqol ko‘rinib turardi. Yugurib borib, salom berib, hol-ahvol so‘rashdim. U alik o‘rniga yig‘lagudek holga tushdi. Keyin o‘shlik qirg‘iz ekanini, uch bola va xotini bilan yaqinda daryodan o‘tib, ish qidirib yurganini so‘zlab berdi va yig‘lab meni quchdi. Rahmim kelib, do‘konga olib borib, bir piyola choy quyib turuvdimki, xo‘jayin kelib qoldi. Yangi mehmon yoqinqiramay, xiyol xo‘mrayib qo‘ydi.
— Begonamas, xotirjam bo‘ling, — dedim men uni tinchlantirish maqsadida.
Jumadan so‘ng taomlarimiz tezda tugadi. Xo‘jayin kundalik besh afg‘onni bera turib:  “Do‘kon sanga omonat”, — deya xayrlashib ketdi. Mehmon qo‘limdagi pulga qarab, allanechuk bo‘lib ketdi. Chunki besh afg‘oniyga kamida 25 ta non yoki ikki qadoq go‘sht olish mumkin edi. Himmat yuzasidan unga bir afg‘oniyni berdim. 
— Otim O‘roqboy, bolalarga non olib boray, — deya xursandligidan sabri chidamay uchib ketdi. U ketgach, yana bir hamshahar kelib, salom berdi. Alik oldim. U  meni tanib, hol-ahvol so‘radi. So‘ziga qaraganda, sartaroshxonasi bor ekan. Kelasi juma kuni gashtagi borligini, agar mumkin bo‘lsa, o‘ttiz kishilik osh damlab berishimni iltimos qildi, turar joyi, nomini qog‘ozga yozib, menga uzatdi. Roziligimni olgach: “Xursand bo‘lasiz”, — deya o‘zi ham xursand jilmaydi. Men  puldan ko‘ra ko‘proq yurtdoshlarni ko‘rish orzusida Abdumannon akaning taklifini bajonu dil qabul qildim.
O‘shlik O‘roqboy har kuni kelib, suhbatlashib, sabzi-piyoz to‘g‘rashib, yordam beradigan bo‘lib qoldi. Men, mayli o‘rgansin, kezi bilan biror joydan ish topib berarman, — deya  har kuni bir afg‘oniy pul bersam, goho oziq-ovqat ulushimning yarmini yoki qolgan-qutgan nonu ovqatni tugib berib yuborardim. Payshanba kuni hamma ishni saranjomladim-da, juma kuni ishim borligini, o‘rnimga O‘roqboy bo‘lib turishini, pulini o‘zim berishimni xo‘jayinga aytib qo‘ydim. U yoqtirmaygina “xo‘p” ma’nosida bosh silkib qo‘ydi.                             Xonobod shahrining o‘rtasida “Bandar Buxoriy” degan muhojir yurtdoshlar mahallasi bor ekan. Bir tomoni ariq, dov-daraxt, toza havosidan Namangan Naymanchasida yurganday his yetdim o‘zimni. Uy egasi muloyimlik bilan qarshilab, mehmonxonaga olib kirdi. Kechasi tinch dam olib, og‘ir uxlab qolibman. G‘urbatga chiqqanimdan beri bu birinchi marta odamga o‘xshab dam olishim bo‘lsa kerak. Tushimga bir nuroniy odam kiribdi, u yonimga kelib o‘tirdi-da,  “Bezovta bo‘lmang, jiyanim, faqat e’tiqodingizga sodiq bo‘ling, g‘aflatda qolmang, — dediyu, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Chiroyli ona tilimda qilingan bu nasihatdan ta’sirlanib, dilim hapriqib uyg‘onib ketdim. Qarasam, hali tong otgani yo‘q. Yana uxlab qolibman. Yana tush ko‘ribman. Boshiga chust do‘ppi kiygan bir kishi qo‘lidagi kitobni menga bera turib: “Jiyanim, unda-munda shu kitobga o‘xshash kitoblarni ham o‘qib turing”, — dediyu, ro‘paradagi  bir boqqa kirib ketdi. Kitobning muqovasiga ko‘z tashladim: “O‘tkan kunlar”. Orqasidan yugurib, tiniq suv oqib turgan ariqdan hatlab, boqqa kirsam, odamlar namoz o‘qiyapti. Uyg‘onib ketdim. Shu payt azon ovozi ham keldi.  Tezda tahorat olib, bomdodga chopdim. Kun bo‘yi shu tush xayolimdan ketmadi. Xarajat tayyor ekan. Katta qozonda osh damlab, yana qovurma pishirib, achchiq-chuchuk, shakarob —hammasini bajo qilib qo‘ydim.
Jumadan chiqib, mehmonlar bitta-bitta kela boshlashdi. Barchalari savlatdor odamlar. Yurish-turishu gap so‘zlaridan odob yog‘iladi. Tamaddi qilindi, choy va mevadan so‘ng suhbat boshlandi. Meni ham davralariga chaqirib olishdi. Pazandaligimni maqtashdi.  Azbaroyi xursandligimdan ko‘zlarim yoshlandi. Ko‘pdan beri ilk bor meni ham inson o‘rnida ko‘rib ardoqlashlari vujudimni  titratib yubordi, o‘z qishlog‘imda turganday dilim ravshan tortdi. Cho‘qqisoqol bir otaxon so‘zni Vatan va istiqlolga qarab burdi: “Hammamiz 1502 yildan, ya’ni, Qozon xonligi va boshqa bosqinchilar tomonidan istilo qilingandan beri qullikda yashab kelmoqdamiz.Bu so‘zlar menga yangilikday edi, hushyor tortdim. Chunki men Turkiston 1881 yildagi Turkman muhorabasidan so‘ng yengilgan deb yurarkanman. Kim bilsin. Nima bo‘lganda ham shu davr ichida vatandoshlarimiz juvonmarg bo‘lib ketishdi. Choydan so‘ng navbat  qovunga keldi, xil-xil qovunlar                                                                                                                     dasturxonga o‘zgacha fayz kiritib yubordi.
Mehmonlardan biri yuzimga tikilib:
— Ofarin, o‘g‘lim, qovun so‘yishga usta ekansiz, — dedi, so‘ng: Afsuski, bu qovunlar vodiy va Buxoro qovunlariga o‘xshamas, — deya qo‘shib qo‘ydi. Xonobod pashshaning koni edi. Isitma va bezgak kasali xavfi katta. Hozir qovun yeb turgan odam, birdan isitmalay boshlaydi. Zax ta’siridan bo‘lsa kerak. Bozor noni mag‘zidan chumoli, pashsha chiqmasa, Xonobod shahrida yashaganingizga ishonmaysiz. Dag‘alar qatori yerlik xalqning ko‘pchiligi ham pokizalikka uncha e’tibor bermay, mikroblar bilan qarindosh bo‘lib ketishgan.
Mehmonlarning so‘zlariga qaraganda yaqin kunlarda Vatanning shirin qovunlari ham ko‘payib qolarmish. Sababi, ko‘chmanchi muhojir yurtdoshlar o‘sha sizu biz tanigan  qovun urug‘lardan olib kelishib, sinash uchun ekishga boshlashganmish. Xususan, bu mavzuga shahar hokimi Sherxon juda katta ahamiyat berayotgan emish. Chunki, u vodiy va Toshkentda o‘n yilcha yashab kelgan odam ekan. 
Gurungda Vatan qayta-qayta esga olindi, moddiy jihatdan nochorlashib qolgan milliy kurashchilarga qay yo‘sinda ko‘mak berish, yangi ko‘chib kelganlarga ish topish, melisaxonalarga tushib qolganlarni qutqazish, bolalariga ona tilini o‘rgatish borasida uzoq fikr olishuvlar bo‘ldi.
Bu suhbatdagi gaplardan angladimki, har qanday holda ham Vatanni unutib bo‘lmaydi. Xudo xohlasa, quchog‘ingga qaytaman, ona-Vatan!  Tasodifni qarangki, bir ish bilan bu yerga Safar aka kelib qoldi. Majburan davraga kirib o‘tirdi. Kechki payt:   “Uyga yuring” — deb turib oldi. Avvaliga unamadim. Ha, eshagingiz loydan o‘tibdi-da”, — deb kinoya qilgandan keyin xotinning harakatlaridan andishamni ichimga yutib, taklifini qabul qildim. Ketar payti uy egasi:
— Mehmonxona bo‘sh. Qolavering, — deya yaqinlik ko‘rsatdi. Qololmasligimni bilgach, pul bermoqchi bo‘ldi. Olmadim. Chunki  hamyurtlarimni ko‘rganim men uchun puldan qadrliroq edi. Har qancha rad etmay, cho‘ntagimga solib qo‘ydi.
Yo‘lda ketar ekan, Safar aka o‘zi bilan o‘zi gaplashganday, “tavba” der va yoqasini ushlardi. Qiziqsinib nima gapligini so‘radim.
— He, jiyanim, — dedi. — Ikki yurtdosh pul orqasidan  kelisholmay qolibdi. Pul bergan kishining so‘ziga qaraganda, boshida  sheriklikka shartlashishgan, ammo qarz  olgan kishi uch yildan beri  paysalga solib kelarkan, foydasidan kechdim desa ham  “pulim yo‘q” deb qasam icharmish. Ammo, o‘zi mol-mulki ko‘pligi bilan gerdayib yurarmish. Qizig‘i shundaki, qarzdor o‘zi, davralarning to‘rida o‘tirsa ham, ishi pok kishilarga loy otish ekan. Oradan bir yil o‘tibdiki, hanuzgacha uch yuz tilladan bir tilla ham qaytarmaganmish. Men ham o‘sha odam bilan gaplashib ko‘rgandim. O‘shanda: “Modomiki, sizlar o‘rtaga tushibsizlar, hurmatingiz uchun bir yil ichida to‘lash sharti bilan 100 oltinga rozi bo‘lsin. Sizlar guvohligingizda hujjat yozib beraman”, — degan edi. Pul egasi: “Men hajga ketaman. Mayli uch yuz oltin o‘rniga yuz oltin qaytarsin. Ammo, naqd to‘lasin”, — deb yalinib yuribdi haligacha. 
Vo ajabo! Vatandan judolikda peshona teri bilan topgan bechora bir kishining pulini hiyla bilan olib, qaytarmaslik gunohi azim emasmi? Xudodan qo‘rqmaydimi? Safar aka xo‘rsinib qo‘ydi.
— Xudovando, barchamizga insof bersin. Bu ham hal bo‘lib qolar, — dedim Safar akaga. 
Qovunxo‘rlik menga juda katta ziyon berib, to‘rt kun deganda Safar akaning xotini pishirgan quyuq-suyuq oshni ichib, o‘zimga kelgach, ish joyimga bordim. Xo‘jayin yo‘q. O‘roqboy o‘z ishi bilan o‘zi ovora. Salom bersam, alik olmadi. Ko‘rmagandir, deya yaqinlashdim. Hazar qilganday yuz o‘girdi. Shu payt allaqayoqdan xo‘jayin paydo bo‘ldiyu menga qarata o‘shqira ketdi:
— Qay go‘rda yuribsan, hoy o‘risning josusi, qochqinchi. 
Hayron bo‘ldim. “Safar aka xabar bergan edilar-ku” — deya tushuntirmoqchi bo‘ldim. Ammo u: “Birovlarning yuvundixo‘ri, yo‘qol!”, — deb hayqirgach, nafasim ichimga tushib ketdi. Chunki:“g‘iring” desam militsiyaga ushlab berishi aniq. O‘roqboydan  ovoz chiqmaydi. Xo‘ja-yin: “Mana, san besh afg‘oniyga qilgan ishni manavi ikki rupiyaga jon-jon deb qoyil qilayapti  degandan keyingina gap nimadaligini anglab, miyam zirqirab ketdi. Chunki, yaxshilik qilib yomonlik sotib olgandim. Ikki rupiya bir yarim afg‘oniyga teng. Vaholanki, qarashgani uchun O‘roqboyga kunda halolidan bir, ba’zan bir yarim afg‘oniy berib, hatto uch kun uchun besh afg‘oniyga kelishib olgan edik.“Gadoning dushmani – gado” deganlari rost ekan.
Men bug‘doy ekuvdim, arpa unib chiqdi. Yaxshilik qilib, yomonlik oldim. Shunda ham taqdirdan ko‘rib, narsalarimni yig‘ishtirdim. Ketayotib, ikkalasidan ham rozilik tilab, yaxshilikcha xayrlashmoqchi bo‘ldim. Ammo, ular javob o‘rniga it quvganday orqamdan mag‘zava ag‘darib qolishdi...

* * *

Qaerga borishimni bilmay, bir choyxonaga borib qo‘ndim. Bomdod azonini eshitgach, o‘zimga kelib, masjid tomon yo‘naldim. Tasodif degan narsa shu yerda ham meni yolg‘izlatib qo‘ymay, Safar akaga duchlashtirdi. Voqeani batafsil tinglagach, afsuslanib meni uyiga olib ketdi.
Bir oycha bo‘ldi. Bomdod chiqib ketib, xufton qaytaman. Juma va shanba kunlari xizmatim bois gap egalarining mehmoni bo‘lib, ularning davrasida ham qorin to‘ydirib, ham ma’naviy fayzlanib yuraman.
Ba’zan kunduzlari mardikorchilikda, ba’zan to‘ylarda ko‘maklashib, kechalari mashrabxonlik bilan o‘zimni  ovutaman. Hamshaharlar orasida e’tiborim joyida. Ana shu hurmat borligida Safar akaning uyidan ketib, hayotimni to‘g‘rilab olishim kerak, degan fikr miyamda aylanardi.
Bugun juma. Tobim yo‘qligidan gashtakka borolmasligimni xabar berib qo‘ydim. Safar aka qaergadir ketgan. Xonamni ichkaridan qulf-lab qo‘yib, isitmalab yotibman. Bir payt kimdir eshik qoqdi. Terlab yotibman, ovoz bermadim. Eshik esa to‘xtovsiz duk-duk qilardi. Oxiri mayin ayol ovozi eshitildi:
— Ont ichaman, sizga zararim tegmaydi. Mastava olib keldim. Siz bilan ikki og‘izgina gaplashib olmoqchiman. Xo‘p demasangiz, hayotimga zomin bo‘lasiz. 
Rosa u yoq-bu yog‘ini o‘ylab, eshikni ochdim-u, burchakka biqinib oldim. 
Zaifa kirib patnisni xontaxta ustiga qo‘ydi-da, o‘zi eshik oldiga chekinib, meni dasturxonga taklif qildi.
“Rahmat” deganday bosh irg‘adim-da, mastavaga butun nonni bo‘ktirib, pok-pokiza tushirganimni o‘zim ham bilmadim. Ikkalamiz ham jim. Bir-birimizning og‘zimizni poylardik. Nihoyat u:“Kechiring, Orif aka” — dedi-da, ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Nima deyishni bilmay, duduqlanib qoldim. Juvon yarim soatcha dostonini so‘zladi.“Safar akangiz meni pul kuchi bilan nikohlab olganlar. Sevganim xuddi sizga o‘xshagan chiroyli yigit edi. Taqdirga tan berib, nomusimni saqlab kelmoqdaman. Ammo, uyat bo‘lsa ham aytay, u kishi (Safar aka) erkaklikdan mahrum, xunasa. Bilib turib, zulm bilan olib yuribdi. Men“Talog‘imni bering”, desam,“O‘lganimda olasan”— deydi. Agar o‘rtaga tushib ozod bo‘lishimga yordam bersangiz, bir umr xizmatingizni qilardim. Boshqa niyatim yo‘q. Agar niyatim buzuq bo‘lganda erkak zoti Hirotdan kelibdimi”, — deya ko‘z yoshi qildi.
Uni yupatish o‘rnida aytganim shu bo‘ldi:
— Singlim, bu gaplarni siz aytmadingiz, men eshitmadim. Chunki, sizlar shar’iy er-xotinsizlar. Sabr qiling, bir yo‘li chiqib qolar. Tez uyga kirib, ishingizni qiling, Safar aka kelib qolsalar, shubhalanishlari mumkin. Menga ishonganingiz uchun rahmat. 
Gapim tugamay, tashqaridan oyoq tovushi eshitildi. Eshik lang ochilib, Safar aka paydo bo‘ldi. Xotiniga ko‘zi tushdiyu zaifaning sochidan sudrab, do‘pposlay ketdi. Kayfim uchib,“hay-hay”lab, yonlariga borgan edim, Safar aka shartda xanjarini chiqarib, menga o‘qtalib qoldi: 
— Yo‘qol, benomus! Qo‘ynimda ilon saqlagan ekanman. Qo‘limda ajaling yetmay turib yo‘qol, iflos! 
Nachora! Qo‘ni-qo‘shnining eshitib qolishidan qo‘rqib, isitmada apil-tapil kiyinarkanman:“Iltimos, gapimni tinglang avval”, — deya ming‘irladim. Ammo uning gapimni eshitishga toqati yo‘q edi,“Yo‘qol, itvachcha!” — deya qichqirdi ko‘zlari qonga to‘lib. Bir amallab uydan chiqdim-da, yarim kechada choyxonaga bordim. Asli tolesizlik peshonaga yozilgandan keyin qiyin ekan, yana bug‘doy ekib, arpa o‘rdim. Ey Xudo, bu ne ko‘rgulik!

* * *

Tuzalib qolganday bo‘lsam ham, vujudim lattaday ezilgan. Baribir Mozori Sharifda istiqomat qilish havasi ko‘nglimdan ketgani yo‘q. Hamroh istab, shahar chekkasidagi dehqon bozor tomon yo‘naldim. 
Saroy darvozasi oldida ikki ot qo‘shilgan yangigina izvosh Qunduz shahriga jo‘namoqchi bo‘lib, yana bitta yo‘lovchi kutib turgan ekan. Tavakkal qilib, besh afg‘oniy to‘lab, shunga chiqib oldim. Mendan boshqa yana uch yo‘lovchi, aravakash bilan besh kishi edik. Ichkarida bittasi Mozori Sharif tojiklaridan bo‘lib, nomi G‘ulomsahiy ekan.
Yo‘l anchagina bor. Suhbatlashib ketdik.
G‘ulomsahiyning kabobpazlik do‘koni bor ekan. Orzu qilsam“Ish tayyor”, — dedi. 
— Nasib, — deya javob berdim ichimdan suyunib. Oldin bu shaharga omon-eson borib olish kerak edi. Qabristonga o‘xshash vayrona qishloqlardan o‘tib boryapmiz. Aholi haddan tashqari nochor va ibtidoiy. Yirik toshli yo‘llardan izvosh silkina-silkina yuradi, barchamiz ichi tushgan qovundek bo‘ldik o‘ziyam.
Qunduzda bir kecha-kunduz dam oldik. Ko‘cha-ko‘y aylanib, saroyga qaytdim. Bir yerlik kishining so‘ziga qaraganda, shahar obodonchiligiga sabab, yangi ko‘chib kelayotgan farg‘onalik muhojirlar ekan. Ammo, men yo‘lda hamyurtlarimga duch kelsam ham,  so‘rashishga botinolmay, go‘yo hammalari so‘nggi voqeadan xabarlari borday hadiksirab, so‘rashishga cho‘chirdim.“Kishi xiyonat qilmay turib shunchalik qiynalsa, xiyonat qilganlar qanday bosh ko‘tarib yurarkin-a?!” — o‘ylardim o‘zimcha.
Ertasi kuni taxtadan yasalgan ibtidoiy solda Qunduz daryosidan narigi tomonga o‘tib oldik. Bu tomon u yoqdan ham besh battar ekan. Atrof qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadigan biyobon. Nomi ham “Ismi jismiga monand” deganday:“Dashti Qobodiyonning besh tomoni”. Ammo daryoning laqqa balig‘idan yeb, mazza qildik.
G‘ulomsaxiyning so‘ziga qaraganda, bu cho‘lning shimoli Amudaryoga, g‘arbi Maymanaga va janubi Mozori Sharif shahriga borib taqalarkan. Zotan biz shu cho‘ldan yurib o‘tgan edik. Ikki otli aravada uch kishi kechayu kunduz yo‘l yurib, nihoyat manzili maqsud — Mozori Sharifga yetib keldik.
Darhaqiqat, shahar G‘ulomsaxiyning maqtaganicha bor ekan. Xususan, Ravza ziyoratgohiga gap yo‘q. Bolaligimda Ho‘qand saroyini ko‘rgan edim. Uning yonida Ravzaning me’moriy shakli judayam boshqacha. Faxr-lanadigan tomoni shundaki, bu obida ham bobolarimiz Husayn Boyqaro va Navoiy hazratlaridan qolgan meros. Aslida-ku, bu tuproqlar ham ona-Turkistonga qarashli.
...To‘g‘ri G‘ulomsaxiyning hovlisiga borib qo‘ndik. Bir kun dam olgach, bozorga tushib, xarajat qilib qaytdim. Uy egasining ruxsati bilan boplab olti kishilik osh damladim.
Uy egalari kuniga olti afg‘oniyga ish taklif qilishdi. Bir hafta keyin ish boshlashga kelishdik.
Payshanba kuni edi. Bozor tushdim. Bozorda mo‘l-ko‘lchilik,  har rastada kamida yigirma-o‘ttiz muhojir hamyurt savdogar bor. Tub aholining aksarisi — pokizagina kiyingan tojik, turkman kishilar. Agar yakkam-dukkam dag‘a bo‘lmasa, go‘yo Namangan bozorimi deysiz. Qonga o‘xshash, burmali ishton kiygan dag‘alarning iflosligi ko‘ngilni ozdiradi.
Teparoqdagi do‘konda o‘tirgan qora soqolli nuroniy kishi barvasta qomatini ko‘tarib, meni chorlaganday bo‘ldi. “Menmi?” — deya barmog‘imni ko‘kragimga bigiz qildim. “Ha”, — degan ma’noda bosh likillatdi u. Salom berib, yaqinlashdim. Novchaligiga qaramay, chaqqon sakrab do‘kondan pastga tushdi. Mahkam quchib so‘rasha ketdi:
— Vodiydanmisiz? Yangi keldingizmi? Ismingiz nima? — degan  savollar bilan yuqoriga boshladi. Duoi fotihadan so‘ng birpasda apoq-chapoq bo‘lib ketdik. Qondoshlik mo‘‘jizasi shu bo‘lsa kerak, deb o‘ylab, yuragim orziqib ketdi.
Yangi tanishim    hunarimni so‘rab qoldi. Oshpazman, dedim.
— Mening ismim Javlon. Andijonning Dardak qishlog‘idanman. Do‘kon o‘zimniki. Hovli, bog‘im bor. Bu kecha mehmon bo‘lasiz,— dedi u. 
— Omon bo‘ling, tashakkur, boshqa joyga boraman deb qo‘ygan edim. Ismim Orif, yangi keldim. Xudo xohlasa, hali ko‘p ko‘rishamiz. 
— Attang. Menda tole bo‘lsa, Vatandan ajrab qolarmidim, — deya so‘lish oldi do‘kondon.
“Vatan” so‘zini eshitib, a’zoi badanim titrab tushdi. Undan uzoqlashganim sayin muhojirlarga shuncha ko‘p duch kelmoqda edim.
“Azon yaqin” deya turmoqchi bo‘ldim. Ammo samovarchi bir choynak choy, meva-cheva to‘la patnisni Javlon akaga uzatdi. 
— Hali vaqt bor, jiyanim. 
U ikki-uch ismni aytib chaqirgan edi,  zum o‘tmay torgina do‘koncha odamga liq to‘ldi, qo‘ydi. 
Bir-bir ko‘rishdik. Barchalari ham Vatandan xabar kutganday menga mo‘ltayib qarab turar, savol ustiga savol berar edilar. Shunda ichlaridan bittasi:
— Birodarlar, hammaga birdaniga javob qaytarish qiyin. Yaxshisi, mehmonni gapimizga taklif qilaylik, o‘shanda gap olamiz jiyanimizdan, — dedi ko‘zlari yoshga to‘lib. 
Shu to‘xtamga kelib, xayrlashdik.

* * *

Keyingi hafta uchrashuvi uchun xo‘jayindan ruxsat so‘raganimda u bajonu dil xo‘p deb, qo‘limga anchagina qog‘oz pul ham tutqazdi va qo‘shib qo‘ydi:
— Yakshanbaga ruxsat, bemalol. 
Ertalab  yuvinib-tarandim-da, yo‘lga tushdim. Ravza uzoqlardan ko‘zga tashlanib turardi. Mozori Sharif shahrining faxri bo‘lgan feruza gumbazi necha asrlardan beri beshikast, savlat to‘kib turibdi. Bino ichidagi davraxonalarda siyrak qabrlar bor. Sahna o‘rtasida go‘yo hazrati Alining mozori. Vaholanki, hazrati Ali bu tomonlarga kelgani ham yo‘q. Ammo rivoyatga ko‘ra, turli taraflardan kelgan muridlar hazrat Alining mayyitini o‘z yurtlariga olib ketish uchun yettita tobut olib kelishgan emish. Tobutlardan:“men qaysi tobutda ko‘rinsam, o‘shalarnikiman”, — degan ovoz kelarmish. Yettita tobutda ham u kishi namoyon bo‘ladilar, binobarin tobut egalarining har biri  hazrat Alini o‘zlari bilan olib ketganiga ishonar edi. Shunga o‘xshab, Far-g‘onadagi Shohimardon qishlog‘i ahli ham shunday e’tiqodga ega edilar.
Ravza hovlisining shimoliy tomonida chorbog‘ va hazrati Abbos ziyoratgohlari, kun chiqarda Boloyihazor yasama tepasi, kun botar tomonida aholi hovlilari va bir tup chilonjiyda va bir archa daraxti qalamday havoga tiralib o‘sgan. Xalq orasida Sabr daraxti nomi bilan mashhur. Uning yonida judayam chiroyli chinnilar bilan bezangan xaroba bir obida. To‘g‘rirog‘i, u Ravzadan alohida. Ammo yo‘l bilan bir-biriga ulanganidan Ravzaga qarashliga o‘xshardi. Afg‘on rahbarlari bu binoni buzib, turk izlarini yo‘qotish harakatida emishlar.        
Ravzaning janubiy tomonidagi katta ko‘chaning o‘ng tomonida hazrati Bahovuddin Balogardonning ziyoratgohi bor. Ravzaning yana bir xonasida eski podsholardan Sheralixonning qabri yastangan. Ravzaning keng hovli sahni ko‘k-sariq to‘rtburchak, qizg‘ish pishiq g‘ishtlar bilan farshlangan. Minglarcha oq kaptarlar g‘ujg‘on. Bu kaptarlar ajdodi asli Samarqanddan olib kelingan ekan, oralarida birorta qorasi yo‘q.
Ravzaning janubiy darvozasida paxmoq soqol, sallasi katta, duo-go‘y eshonlar o‘tirishardi. Aslini so‘rasangiz, ular kovush poylagan tekinxo‘rlardan boshqa narsa emas. Tijorati rivojlangan Mozori Sharif savdogarlarining ko‘pchiligi turkiy xalqlar bo‘lib, nisbatan ziyoli kishilardir. Dag‘a afg‘onlar hokimiyat g‘ururi bilan o‘zlarini osmonda tutishadi, bu yaxshimas, albatta, ammo o‘z eli orasida birodarona hamjihatlik ko‘zga tashlanib turadi. 
Juma namozidan keyin Javlon aka bilan birga Abdurashid Samarqandiy ismli bir yurtdoshning bog‘iga qarab jo‘nadik. Suv tanqisligiga qaramay, mahalla juda pokiza. Serdaraxt. Xususan, hojatxona masalasi Xonoboddagilarga qaraganda ancha durust. Bu shaharning havosi qishda juda sovuq, yozda juda issiq bo‘lib, ayniqsa garmselini jahannamdan nishona deyishadi.
Ana shunday “jahannamiy” havoda to‘satdan salqin joyga kirib tiniq suv to‘la baliqlar o‘ynab turgan chinor ostidagi hovuz bo‘yida cho‘g‘day, turkman gilamlari ustiga to‘shalgan atlas ko‘rpachalarda dam olib, mehmon bo‘lish qanaqangi huzur bag‘ishlashini o‘zingiz bilavering.
Bizlarni darvozaxonadan bog‘ egasi Abdurashid Samarqandiy qarshilab, mehribonlik ko‘rsatdi. Darvoza peshonasiga arabcha imloda judayam chiroyli va juda yirik yozuv bilan“Abdurashid Samarqandiy” deb yozilgan. Mehmonlar salom berishib, birin-ketin kela boshlashdi. Ko‘zim qip-qizil turkman gilami ustidagi atlas ko‘rpacha va oq parqularda. Go‘yo Vatanimdagi bir boqqa kirib qolgandayman.
Mehmonlar joylashgach:“Iloyo kelasi majlisimizni Vatanda o‘tkazish nasib etsin”, — deya yuzlariga fotiha tortishdi. Bir lahza ovozlar tovlanib, ko‘zlar yoshlandi. So‘rashish asnosida Javlon aka meni“pazanda ukamiz, Orifjon”, — deya tanishtirdi. Bosh egib, ikki qo‘lim ko‘ksimda, ta’zim qildim. Keyin davrada o‘tirganlar o‘z nomlarini va qaerlik ekanliklarini bir-bir aytib, rohatbaxsh sovuq suvda qo‘l chayishdi, milliy taomu  ne’matlardan tanovul qilishdi. Taomdan keyin bir-ikki oyat tilovat qilishib, yana Vatan ozodligi, tinchlik-omonlik uchun duo o‘qishdi. Choydan keyin uy egasi menga qarab:“Oramizga xush keldingiz, Vatan hidini olib keldingiz” deya yana bir bor iltifot ko‘rsatishdi.  
Abdurashid aka novcha, barvasta kishiga:
— Qani, qori Soyib, marhamat, — deya murojaat etdi.
Ul zotning laqabi shoir Uviy, nomlari Qori Muhammadsharif ekan. U kishi ham ko‘z yoshini artib turib, o‘n-o‘n ikki misrali bir she’rini o‘qib, davradagilardan olqish oldi. Undan so‘ng Mirzahakim nomli ho‘qandlik hazilkashga so‘z berildi. Undan so‘ng bir ko‘plari Hurriyat, Vatan va muhojirlik haqida o‘z ulushlarini bayon qilib,  yurtdoshlar orasida juda qadrli bo‘lgan Shoilhom Toshkandiy orzusiga binoan“Hijron turur jafosidan jon bo‘ldi beqaror”, — degan hazin ashulani boshladi. Jamoat piqillab yig‘lashib oldik. Ke-yin hamma menga qarab, Vatan haqida ma’lumot istadi.
Qishloqdan chiqishdan boshlab, shu majlisgacha o‘z hikoyamni so‘zlab, hurmat ko‘rsatdim. Vaqt ancha kech bo‘lgach, fotihaga qo‘l ochib, yana bir bor Vatan ozodligi uchun duo qilindi.

* * *

Mozori Sharif aholisining husni-xulqi, Vatanimizga qo‘shniligi, non, qaymoq va mevalarining mo‘lligi Vatanni eslatganigami,  unga bog‘lanib, olti yilcha qolib ketdim. Ahyon-ahyonda Toshqo‘rg‘on shaharchasiga borib kelaman. Tarixiy Balx, otalar yodgorliklari, xususan, Ahmad jangchining mozoriga ziyoratlar, tarixiy voqealar haqida hayratomuz hikoyalar meni ajdodlar tuprog‘iga bog‘lab qo‘ydi.
Yana Oqnay, Sariko‘l, Maymana, Andxo‘y degan bir ko‘p shaharlarni aylanib chiqdim. Barchasi ham tarixiyligi bilan ma’lum va mashhur.
Mozori Sharifdagi muhojir yurtdoshlarning gapu gashtaklari mazmunidan Vatanga intilishini ko‘rib qoyil qolaman. Har suhbatda Ovrupo va Turkiyada milliy kurashchi vatanparvarlar tomonidan nashr qilingan kitoblar, jurnallar va gazetalardagi chiqishlar meni mahliyo etardi.
Ibn Sino, Alisher Navoiy, Bobur, Najmiddin Kubro, Xo‘ja-obid, Abdurahmon Jomiy, Muqimiy, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Sadriddin Ayniy, Maxtumquli, Abay, xullas, aksari mumtoz yozuvchilar va ularning asarlar ustida bo‘ladigan suhbatlarda men aslimni taniganday bo‘laman. Bunday yig‘inlarda beg‘araz xizmat qilar va bundan o‘zim ko‘proq huzurlanardim.
Ayrim xarajatlar, xususan, moddiy tomondan qiynalib qolganlar uchun pul to‘planganda men ham baholi qudrat hissamni qo‘shaman. Ish joyimda xo‘jayin xursand. Haqqimni begidir ado etib turadi.
Jonimni qiynagan bir narsa — gilamchi turkman ayollarining ahvoli juda chatoqligi edi.
Bizda sho‘rolar bo‘lsa, bu yerda dag‘alar oddiy xalq boshiga bitgan balo edi. Sho‘rlik xalq o‘z molini Afg‘oniston iqtisodiyotiga qo‘shgan hissa deb bilgan holda mehnatiga yarasha haq ololmasdi. O‘zbekligim uchun shundan ayniqsa iztirob chekardim.
Shu orada bir voqea bo‘lib o‘tdi.
Xo‘jayinim G‘ulomsaxiyning bir qayinsinglisi bor edi. Bir-ikki bor darvozaxonada sochi uzun dag‘a yigit bilan adabsiz vaziyatda ko‘rgan edim. Ikkalasi qo‘rqib, sirlarini fosh qilmasligim uchun rosa yolvorishdi. “Menga nima”,— deb qo‘ya qoldim. Bir oycha keyin xo‘jayin, xonani tozalab, kir-pirimni yuvib bersin deb  o‘sha qizni yubordi. Rad qildim. Ammo xo‘jayin o‘zi kelib undagandan keyin ilojsiz kalitni berib, chiqib ketdim. Xuftondan so‘ng qaytib, ne ko‘z bilan ko‘rayki, dag‘a yigit bilan qiz yuvuqsiz holda yotishardi. Yigit tezda kiyinib chiqib ketdi. Uning do‘ppaygan cho‘ntagiga ko‘zim tushib, yuragim shuv etdi, yostiqlar orasini titkiladim. Yillar mehnat qilib, yemay-ichmay, Vatanga qaytish uchun to‘plagan aqchamni “er yutgan” edi. Vaqtni o‘tkazmay xo‘jayinga yugurib, pul voqeasini bayon qildim-u, qiz haqida indamay qo‘ya qoldim.
G‘ulomsaxiy hayron bo‘lib, bugungacha bergan pulini ichida hisoblaganday dedi:
— Juda katta pul-ku.
— Ha. Juda katta pul.
G‘ulomsaxiy qizni chaqirib, so‘rab ko‘rdi. Ammo natija yo‘q. Qo‘limni burnimga tiqib qolaverdim. Mirshabga beray desam, dag‘a mirshablar hujjat so‘rab, boshimga balo orttirishdan qo‘rqdim. Hatto hamshaharlar orasidagi birorta do‘stlarimga masalani ochmay, eski ishimda davom etdim. O‘sha-o‘sha dag‘a yigit ham, qiz ham ko‘rinmay ketdi.
Oradan olti oycha o‘tdi. Mish-mishlarga qaraganda, qizning homiladorligi  oshkor bo‘lib, G‘ulomsaxiy uni kaltaklabdi. Haromining otasini so‘rashganda, juvon o‘lgur menga yuklab qo‘ya qolibdi.
Xo‘jayin ham og‘zi qulog‘ida, hiringlaydi:
— Xotirjam bo‘ling, yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qoladi, darhol to‘yni boshlaymiz.
— Nima, to‘y?! — dedim, jonim chiqib. 
— Boshga tushganni ko‘z ko‘radi, deydilar kallaxom o‘zbak.
Chaparasta jahlim chiqqanini sezdi, shekilli, sal muloyimlik bilan gapirishga o‘tdi. 
— Yolg‘on!!! – dedim javoban, titrab.
— Avval o‘ylab ish qilsayding, ahmoq? — deya o‘shqirdi G‘ulomsaxiy.
Hechdan ko‘ra kech, deya o‘sha voqeani batafsil so‘zlab bergan edim, ammo u ishonish o‘rniga:
— To‘ydan keyin xinoni... — dedi, — qizning otasi dag‘a, men ham qo‘rqaman, sho‘ro josusi deya qamatib yuborishi mumkin.
— Bir dag‘ani xotin qilib yashagandan zindonda chiriganim ma’-qul!!! – qichqirdim men.
Shovqinga butun uy ahli yoppasiga yugurib chiqdi. Xususan, G‘ulomsaxiyning men hanuzgacha ko‘rmagan alvasti kelbat xotini supurgisi bilan hujumga o‘tdi:
— Kallaxom o‘zbak, josus, qochoq, chapandoro!.
Kaltakdan a’zoi badanim shilinib, to‘g‘ri Javlon akaning oldiga bordim. Voqeani eshitgach, ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmay, hayron bo‘lib qoldi. Yuvintirib-kiyintirib, bir kecha mehmon qildi. Ertalab bir ot aravakash birlan kelishib, meni Toshqo‘rg‘onga kuzatib qo‘ydi.
Aziz yurtdoshlarim bilan xayr-ma’zurni nasiya qilib qochganim uchun hali-hanuz o‘zimni kechirolmayman. Yana bir bor bug‘doy ekib, arpa o‘rganim qoldi.

* * *

Toshqo‘rg‘onda ham birmuncha do‘stlar orttirdim. Hunarim soyasida besh-o‘n tanga to‘plab, qora to‘riq ot sotib oldim. Bir majlisda bedilshunos adib birodarlarning suhbatidan azbaroyi ta’sirlanganimdan shu azizlarning maslahati bilan savr oyi oxirlarida Oybek shahri tomon jo‘nadim. Dovon oshib, charchasam ham qiynalmay Oybek shaharchasiga yetib keldim. Atrofi aksar pistazor bo‘lgan shahar ozodagina ekan-u, ammo ziyoli kishilari yo‘qday, asl xalqi o‘zbek, tojik, hazora. Afsuski, dilozor, dag‘a afg‘onlar bu yerda ham istagancha topiladi. O‘n kuncha dam olib, Pulhur tomon yo‘l oldim. Pulhurda tanish-bilish topilmadi, bu g‘irt azob edi. Hammaning maqsadi ketmoq. Xoru zorlik mendan boshqalarning ham qismati ekan. Bir amallab ikkinchi vatanim Turkiyaga borib olishim kerak, degan to‘xtamga keldim. Vatandosh kerak ekan kishiga. Balki Qobulda niyatimga yetarman? Afg‘on dag‘a qishloqilaridan, nisbatan tojiklar yashaydigan Chorikor, Saroyxo‘jadan o‘tib, keyin Kobulga yetib keldim. Ikki tog‘ orasida joylashgan shahar o‘rtasidan daryo oqadi. Ammo daryodan siz o‘ylaganday ko‘m-ko‘k, tiniq suv oqmaydi. Shaharning iflosligini ta’riflab, ta’bingizni buzmay qo‘ya qolay. Ikki-uch qavatli loy uylar oralab, tor ko‘chalardan o‘tishning o‘zi bo‘lmaydi. Sho‘rbozor va xiyobon atrofidagi ko‘chalarda ko‘proq hazora qavmi yashaydi. U yerlarda ovqatlangan sog‘ odam ertasi o‘lmasa ham indinga yetishi dargumon.
Ammo Boburshoh maqbarasigacha ariq kavlanib, zilol suv olib kelingan bo‘lsa-da, bugunda jildirabgina oqadi. Havosi yaxshi. Rahmatli Bobur“Vatanga yaqin bo‘layin”, degan maqsadda shu yerga ko‘milishni orzulagan bo‘lsa kerak. Afsuski, ming mehnat bilan voyaga yetkazilgan bog‘-rog‘lar befayz, maqbara xarobaga aylanib, hovuzlari suvsiz, qimmatbaho marmar toshlar o‘g‘irlangan. Hazrat Bobur shu yotishda mendan ham g‘aribroq tuyulib, qalbim zirqirab, ziyoratlarida uzoq o‘tirib qoldim. Ruhlariga Qur’on tilovatlar bag‘ishladim. Ozgina bo‘lsa-da, taskin topib, yana yo‘lga tushdim.
Ko‘pdan buyon suhbatga muhtoj yurardim. Tasodifni qarangki, suhbatdoshlardan yolchidim. Sartarosh Nazirjon, men bilan tengdosh, mehribon, xushxulq yigit. Shu bozorning o‘zida o‘ntacha sartarosh, uch oshxonachi, bir gilamfurush, uch novvoy, bir kovushdo‘z, uch kulchapaz, ikki qandolatchi turkistonliklar bilan tanishdim. Moddiy holatlari qanday bo‘lishidan qat’i nazar, doim bir-birovlaridan boxabar. Ikki yuzga yaqin savdogar birodarlarning yagona maqsadlari — Vatanni ko‘rish. Yana dardim yangilandi.
Jamiyatda voqea-hodisalar ichida alloma zotlar davrasida  yurganimmi yoki cho‘ntakka bir oz pul tushib, o‘zimni o‘nglay boshlaganimmi, tilim chiqib, nazarga tushgan esam-da, baribir, boshim g‘alvadan chiqmasdi.
Usti boshim bashang. E’tiborim ham joyida. Bir kun og‘ir yuk ko‘tarib, terlab ketgan bir hazora odamga duch kelib qoldim. Chingizxon nevaralaridan bo‘lgan bu bechora xalqning ishi dag‘a afg‘onlarga xizmat qilib xo‘rlanish. Yuki juda og‘ir ko‘rinadi, ustiga-ustak ikki bo‘lak. Birini eplasa, narigisi yumalab qiynaydi. Odamiylik qilay deb yukining kichikrog‘ini dast yelkamga oldim, besh yuz qadamcha yuruvdikki, ikki melisa bizni to‘xtatib, yuklarni tintiy boshlashdi. “Tfu-u!” deb yuzimga tupuk sochganicha, qo‘limni qayirib bog‘ladi. “O‘zbak xar, sartbachcha!” – deya savalay ketdi. Og‘iz ochirmay melisaboshiga olib bordi. 
— Sen o‘zing bir qochoq, muhojir bo‘lsang-u, nimangga bino qo‘yasan. Ayt pulni kimlardan olasan? 
Bittasiga javob olmay, boshqasini aytadi. Bir payt bo‘ynimdagi charm tumorchani ushlab, battar avjga mindi:
— Hali bu o‘lkamiz konlarining xaritasi bo‘lsa kerak, a?
“Xo‘sh, qani, gapir endi” degandek ko‘zlarimga tikildi. Men ham dangal dedim:
— Xudoga shukr, siz ham, men ham musulmonmiz. Ochib ko‘rsangiz bilasiz, bezgak duosi. 
U o‘qrayib qo‘ydi-a, yukni ocha boshladi. Men parvo qilmay o‘z-o‘zimga so‘zlardim:“Kishi baloga qolurmi, o‘z ixtiyori bilan?” Melisa hushtak chalib yubordi. 
— Voy-voy, hali o‘z vataningni sotib, endi bizday pok millatga xiyonat qilmoqchimisan? 
Og‘zidan bodi kirib, shodi chiqardi. Nima balo bo‘ldi desam, haligi ko‘tarishib kelganim o‘n-o‘n ikkitacha to‘pponcha ekan.
— Narigi yuk kimniki? — so‘radi melisa.
— Ikkalasiyam shu badbaxt o‘zbakniki! – dedi hazora.
Lol bo‘lib qoldim. Hazora tap tortmay tuhmat qilardi. O‘t balosi, tuhmat balosidan asra, deb bekor aytmas ekan. Bir vaqt melisa, hazora, hammol, melisaboshi shundoq narigi xonaga kirib, gaplashib chiqishdi. Demak, hammol oldindan kuzatuvda bo‘lgan. Tasodifni qarang-ki, qopqonga men tushib o‘tiribman. Ammo haqiqat ma’lum bo‘lgach, endi bir o‘q bilan ikki qushni nishonga olishmoqda edi. Melisaboshi hovuridan tushib:“Agar shu ahvolda qozixonaga tushganingda dom-daraksiz ketarding. Undan ko‘ra...” – deya boshdan oyog‘imni kuzatib, nazaridan o‘tkazganicha ko‘zlarimga tikilib, javob kutdi.
—  Qozixonasi ham odil-ku! — dedim tilimga erk berib.
— O‘zbaklarda Buxoro tillasi ko‘p bo‘ladi-a? Xohlasang, bu ishni yopdi-yopdi qilib, senga yaxshilik qilishim mumkin. 
— Rahmat, ammo boy emasman, — deya ming‘illadim.
“O‘zing bilasan” degan ma’noda yelka uchirdi. Qo‘rquvdan tizzalarim qaltirab, majolim qolmadi. Chunki bu o‘lkaning qonuni melisa edi. Butun qaroru farmonlar ularning oldida chikora. Mozori Sharifdagi voqeadan keyin bor topgan-tukkanimni belimga bog‘lab yurardim. Ichkari xonaga ruxsat so‘rab, kiyimlarimni yechib, qog‘oz va tanga pullarni pesh taxta ustiga to‘kib, melisani chaqirdim. “Butun boyligim shu”, deya egilib, ta’zim qildim. “Bu yuk meniki emas, ahmoqlik qildim. Xudo xayringizni bersin, musofir odam bilib turib bunday noma’qul ishlarga bosh qo‘sharmidi? Ishoning, hurmatli sohib!” –deya yalindim.
— Hali hujjating ham yo‘qdir?
Boshimni quyi solib, sukut saqladim. Xo‘jayinning yonida turgan mahmadona bir o‘zbek melisa uning qulog‘iga bir narsalar deb pichirladi. Keyin meni qo‘yib yuborishdi.
Ancha oldinroq hamyurtlar meni Ismoiljon degan bir kishi bilan tanishtirishgan edi. U Turkiya elchixonasida haydovchi bo‘lib ishlardi. Maqsadimni aytganimda, u ma’qullagandi:“Ofarin! Inson kabi yashamoq uchun, kishi albatta, o‘z qondoshlari orasida bo‘lishi kerak!” Qo‘ying-chi, elchixonaga olib bordi. Kobulda elchixonaga kirish o‘limdan qiyin. Chunki, josuslikda gumon qilinib, zindonlarda chiriyotganlar qancha.
Elchixona mashinasida boqqa kirdik. Yahyobek nomli ochiq chehrali, barvasta bir kishi iltifot bilan qarshiladi. Boshimdan o‘tganlarni batafsil hikoya qildim. “Otaturkka farzand bo‘lib, Vatanim Turkistonni ozod qilish – yagona maqsadim”, — dedim ko‘zlarimdan yosh quyilib. Ismoiljon akaning:“Elchi yaxshi odam, shoir tabiat”, deganicha bor ekan. Elchi peshonamdan o‘pib, ko‘nglimni ko‘tardi. Kotibni chaqirib, ikki varaq  qog‘ozga nimalarnidir yozdi, qo‘l qo‘ydi va menga ham qo‘l qo‘ydirgach: “Turkiya chegarasiga borganingda, ko‘rsatasan”,— deya qog‘ozni qo‘limga tutqazdi. Keyincha men uchun tabarruk bo‘lgan bu qog‘ozni charm g‘ilofchaga joylab, tumorday bo‘ynimga osib oldim.  Haligi melisa xo‘jayini so‘raganida“bezgak tumori” deganim o‘sha hujjat edi.

* * *

Kobulda ulug‘ xosiyatli yurtdoshlardan biri bu — ko‘p og‘ir kunlarda sinashta do‘stimiz Islomjon nosvoy edi. “Nosvoy” laqabiga sabab kuniga ikki nosqovoqni bo‘shatadi, desam ishonavering. Qachon qaramang, og‘zi to‘la nos. Bir gap so‘rasangiz avval “tuf” deb tuflaydi-da, gapingizga javob berib, yana chekib oladi, tuflayverib tuproqni nosvoy gilamga aylantirib yuboradi. O‘sha  Islomjon avval Hindistonga, undan keyin Turkiyaga ketmoqchiligini aytib, hamroh  bo‘lishimni so‘radi, bu ayni muddao bo‘ldi. Safardan bir kun oldin hammomga borib yuvinib, yaxshi niyatda poklanib oldik. 
Ikki do‘st maslahatlashib, Turkiyaga Hindiston yo‘li bilan emas, Eron yo‘li bilan borishga qaror qildik. Yurtdoshlar bilan rozi-rizolik tilashib, yo‘lga tushdik. Ustiga yuk ortilgan  mashinaga chiqib, boshqalar qatori yuklar ustiga  joylashdik. Mashina har o‘ttiz-qirq chaqirimda buzilar, ko‘plashib itarib, motorni zo‘rg‘a o‘t oldirib, yana yo‘lga tushardik. Xayriyatki, yo‘lda biror marta dag‘a afg‘on tekshiruvchi yoki yomon niyatli kimsa yo‘liqmadi. Ertasi bomdod bir amallab G‘azna shaharchasiga yetib bordik. Bir zamonlari mashhur bo‘lgan G‘azna shahrining havosi musaffo. Binolari xom g‘isht, somon suvoq. Lekin qadimgi osori atiqalar shon-shuhratidan nishon yo‘q, qabriston misoli o‘lik bir shahar. Mahmud G‘aznaviy, Abu Rayhon Beruniy va boshqa tarixiy ajdodlar ruhiga duoi fotiha o‘qib, saroydagi musofirxonada ikki kecha-kunduz dam oldik. Uchinchi kuni ot kiralab, Qandahor tomon yo‘lga tushdik. Yo‘llar bir ahvol bo‘lib, xalqining holiga maymunlar yig‘lardi. Biz ham piyoda yurgan hisobi, uchinchi oqshom Qandahorga yetib keldik.
Bu shahar ham bizga yaqin bir zotlarga bag‘ridan abadiy joy bergani uchun qadrli. 
Usti-boshimiz terdan chirib, jiyib ketdi. Yaxshiyamki, tugunchada ikki-uch sidra kiyim olganmiz. Saroy choyxonasiga borib tushdik. Suv yo‘q ekan. Choyxonachidan so‘rasam: “suv yo‘q, choy bor”, desami? Achchig‘imni ichimga yutib, bir afg‘oniy berib, iltimos qildim. Xumchada suv olib keldi. Oz ko‘rindi. Yana pul berdim. Yana bir ko‘zachada suv olib keldi. Ismoiljon ikkalamiz yuvinib, keyin yotib uxladik. Tongda uyg‘onganda qarasak, xasak degan qonxo‘r hasharot a’zoi badanimizni yeb, go‘shtini chiqaribdi. Bo‘larimiz bo‘lib, shahar-pahar aylanmay, bir yuk mashinasiga o‘tirib, Grish, Farro, Kofiriston yo‘li bilan Hirot sari yo‘l oldik.  Chorsu va Farot degan joylarni bu dunyoning jahannami desa bo‘ladi. Aholisi kallakesar, o‘g‘ri. Yillarcha oldin minglab tojik, o‘zbek, qirg‘iz, qozoq, turkman — vatandosh muhojirlar bu tomonlarga Amudaryo bo‘yidan piyoda haydab keltirilib, surgun qilingan. Nazoratchilarning gapiga qaraganda, yuztadan sakson muhojir ochlik, suvsizlik, qiyinchilikdan o‘lib ketgan ekan. Afg‘on ma’murlari dehqonchilikdan xabardor muhojirlarni qulday ishlatib, bu yerlarni obod qilishmoqchi bo‘lishgan. Ammo yerli xalqning jaholati va zulmiga dosh berolmay qolganlari ham, qochib ketganlari ham dunyodan o‘tishgan. Ammo ayollar mahalliy erkaklar bilan vatan tutib, afg‘onlashib ketishgan. 
Bozorga kiraverishda  dag‘a sifat bir kishiga duch keldik. Bashang kiyingan, pokizagina bir yigit. “Nomim Bobur”deganda og‘zim ochilib qoldi, Islomjon nosvoy shoshib, nosini yutib yubordiyov. Bobur dariy tilda“g‘iljay afg‘onlaridanman, ammo asli nasabim turk” deganda yana bir bor shoshib qoldim. Biror xufiya bo‘lsa kerak, degan gumonda biroz hushyor tortdim. 
— Bu yerda go‘ristonlar bor. Ko‘pchiligi ayollarniki, siz tomondan kelganlar. 
So‘ng maqtanganday: “Rafiqam tatar”, —  deya tabassum qildi. 
— Domod ekansiz-ku, — dedim suyunib.
— Ha. Shuning uchun bizga mehmon bo‘lasizlar.
— Kimligimizni so‘ramaysizmi? — dedi Islomjon nosvoy.
— Kimligingiz yuzlaringizdan ma’lum-ku.
Mezbon astoydil iltifot qilardi. Buni ham Xudoning bir inoyati bilib, mezbon ortidan ergashdik. 
Ayvonli uy. Go‘yo Farg‘ona hovlisi deysiz. Shinam, ozoda. Ro‘mol o‘ragan rafiqasi bizdan qochmay, hol-ahvol so‘rab, ko‘ziga yosh oldi.  Tatarcha lahjasi g‘oyat zaif. Surgun yillari sakkiz yoshlarida bu yerlarga kelib qolib, ota-onasidan yetim qolganda Boburning otasi rahmi kelib, qanoti ostiga olgan va keyinchalik o‘g‘liga nikohlab qo‘ygan ekan. 
Bobur rafiqasiga:“Nega yig‘laysan? Mening hamyurtlarimga shikoyat qilmoqchimisan?” deya hazillashdi. Anchadan beri sog‘inganim vodiycha ohangdan tanimga bir halovat yugurganday bo‘ldi. Chunki dag‘alarda bunaqa hazilnamo gaplar yo‘q hisobi.“Rostdan ham tomirida turk qoni bor ekan”, degan o‘y kechdi ko‘nglimdan.
Taomlar afg‘oncha. Pokiza. Tamaddidan keyin qo‘l yuvmoqchi bo‘lib, ruxsat so‘raganimda hovli burchagidagi hammomni ko‘rsatishdi. Mazza qilib yuvinib, poklanib oldik. Qazo namozlarining adosida ulug‘ tangrimga shukr, jinsimizdan bo‘lgan uy egalariyu o‘lib ketgan mazlumlar haqiga duo qilib, ko‘z yoshi to‘kdik. Kechasi ayvonda, pokiza ko‘rpalar ostida uxladik. Ertasi bomdod minnatdorchilik evaziga nimadir qilmoqchi bo‘lib, bir narsaning tayinini topolmay, oxiri pul chiqarib bermoqchi edik, Boburjon ranjib: “Duragaymisiz?” – deya bizni uyaltirdi.
— Noto‘g‘ri fahmladingiz, Boburjon, — dedim o‘zim ham xijolatda, — bu pul mehmonnavozligingiz evaziga emas, balki xarajat uchun. Sizlarga esdalik uchun bir turkistoncha palov pishirishni o‘rgatsam, devdim, xolos. Xafa bo‘lishingiz o‘rinsiz.
Boburjonning yuzi birdan yorishdi. Islomjon nosvoy hazillashib: “Iltimos, pochchangizni ranjitmang”, — deya ko‘z pildiratdi. Shu bilan besh kishilik palov uchun ro‘yxat qilib, pulni Boburjonning qo‘liga majburan tutqazdim. Bobur ichkari xonaga kirib, rafiqasi bilan kelishib chiqdi. So‘ng duduqlangan tarzda :“Ismi sharifingiz?”— deya so‘radi.
— Ismim Orif...
— Ha, Orif bo‘lsangiz, “shap-shap” demay shaftoli” deyishingiz kerak-ku, axir,— dedi iltifot bilan.
— Xo‘sh?
— Agar ma’qul ko‘rsangiz, kechqurunga qarindoshlarni, turkistonlik birodarlarni ham taklif qilsak ...
— Necha kishi? – dedim u hali so‘zini tugatmay. 
— Ko‘pi bilan o‘n besh-o‘n olti kishi.
— Unday bo‘lsa, ro‘yxatdagi mayda-chuydalarni uch barobar olasiz.
U“bajonidil”, deya xalta-xulta olib, bozorga jo‘nadi. Mendan ham omi va sodda bo‘lgan Islomjon nosvoy to‘ng‘illaganday bir narsalar demoqchi bo‘lar, ammo gapi bo‘g‘ziga tiqilib, ko‘zlarini pirpiratishdan nariga o‘tmasdi.
— Do‘stim,— dedim unga va o‘zimga ham taskin beruvchi so‘zlarni izlab. — Ahvolingizni his qilib turibman. Parvardigor qudratiga qoyil bo‘lmay iloj qancha? Dengiz ostidan marvarid topish qancha qiyin bo‘lsa, bu keng olamda bir jonkuyar do‘st topish ham shunaqa. Bu Xudoyimning inoyati emasmi, nima deysiz?
“Nosvoy”  ham boshini liqillatib, ko‘ziga yosh oldi. Boburjon qaytgach, birgalashib oshga tayyorgarlikni boshladik. Boburning rafiqasi Maryamxon besh qadoq kattalikdagi cho‘yan qozon olib keldi.  Uning so‘ziga qaraganda, bu qozon Qozon shahridan, ota-onasidan yodgorlik bo‘lib, Qurbon hayitlarida kalla pishirish va boshqa paytda kirga suv isitishda ishlatilar ekan. Xudo ishning o‘ngidan keltirganiga suyunib,“bismilloh” deb ishni boshladim.
Boburjonning so‘zicha, bu mavsumda sabzi anqoning urug‘iga teng. Ammo bir tanishi voqeani eshitgach, oshdan tatib ko‘rish sharti bilan tuproqqa ko‘mib qo‘yganidan uch qadoqcha sabzi topib beribdi. Kuldim. Maryamxonga palov damlash usulini qo‘ldan kelganicha o‘rgatib, peshindan keyin mehmonlarni kutdik. Mehmonlar birin-ketin kelib bo‘lishgach, ayvonga dasturxon yozib, qo‘lbola oshimizni oltita sopol laganga suzib, dasturxonga tortdik. Ayron, qatiq bor. “Nosvoy” ikkalamiz choyni afzal ko‘rdik. Havo issiq. Mehmonlar palovni bizga o‘xshab oshamoqchi bo‘lishar, ammo udda qilolmay, bir-birovlariga ko‘z tashlab, kulishardi. Oxiri, qora undan qilingan yupqaga o‘rab, oshay boshlashdi. Ba’zilari hovuchlab yegani holda xursand bo‘lib, minnatdorchilik izhor qilishardi. 
Keksalarning so‘ziga qaraganda, o‘ltirganlarning barchalari ham bir zamonlari Farg‘ona tomonlardan majburan haydab keltirilganlarning bolalari ekan. “Urug‘”lari aynib, shu ahvolga tushib qolishgan. Lekin goh-goh qondagi qadimiylik xuruj qilib, o‘z hollarini o‘zlari tushunolmay, nimadandir ko‘ngillari to‘lmay, hardamxayol yurishar ekan. Ichlaridan o‘rta yoshlirog‘i: “shu kunlarda bir o‘zbakni ushlab qamashganmish, qo‘l-oyog‘i, bo‘yniga zanjir urib, kishanlab, zindon qilishganmish”, — deb qoldi. Bu so‘z “Nosvoy” ikkalamizni ham tashvishga soldi. Chunki Kobuldagi vaziyat nozik, bir oz cho‘chidim, desam yolg‘on bo‘ladi. Borib, yo‘qlab qo‘yishni istaganimizda  o‘tirganlar baravariga: “Jinni bo‘ldingizmi, sizlarni ham ushlab, qamoqqa tiqishsinmi?”— deya e’tiroz qilishdi.  To‘g‘risi, rahmimiz kelsa ham “erkaklikning o‘ndan to‘qqizi qochmoq” degan nomardona naqlga rioya qilishdan o‘zga choramiz qolmadi. Chunki o‘sha kishi “Vatanparvar” tashkiloti yoki olmonlar bilan ish olib boruvchilardan bo‘lib chiqishi mumkin edi. Shundan keyin mezbonlar: “Xabar olganimizda sizlardan ham salom aytib qo‘yamiz”,— deya va’da berishib, shu bilan bu mavzuga nuqta qo‘yishdi. Nachora, har kallaga bir taqdir bitilgan bo‘lsa, ko‘rmay iloj qancha? O‘sha qardoshimiz haqiga duo qilishdan boshqa biror choramiz yo‘q edi.
Dasturxonga fotiha qildik. Vatandan chiqqanimizdan beri ilk bor shunday xursandlikka noil qilgan, huzurli daqiqalar ato etgan Ollohga shukrlar aytdik.  Bu dili pok, qadrshunos insonlar suhbati necha zamonlardan beri cho‘kib yotgan ko‘nglimizga bihisht sabolarini, bo‘ylarini olib kirdi. Xudoyimning insonlarni millat va elatlarga nima uchun ajratganligining ma’nosiga tushungandek bo‘ldim. Nahotki, insonlar milliy qadriyatni, o‘zaro milliy muhabbatni anglashlari uchun har biri biz kabi azoblarni boshlaridan kechirishlari kerakligini tushunolmay o‘ksidim. Inson zoti asli bir otaning bolasi bo‘lishidan tashqari, ular orasidagi jigarchilik munosabatlari ham g‘oyat nozik va ilohiy tuyg‘u ekanligini Boburjonning oilasi va mehmonlari davrasida yurak-yurakdan his qildim.
Ertasi bomdod payti mezbonlar bizni yo‘lovchilar saroyiga eltib qo‘yadigan bo‘lishdi.  Uydan chiqar ekanmiz, Maryamxon bir yaqinidan ayrilib qolayotgandek damba-dam ko‘z yoshlarini artardi. Men ham yig‘lab yubordim. Belimdagi qinli chust pichoqchasini olib, esdalik uchun qoldirdim. “Yana ko‘rishgaymiz”,— degan orzu bilan ayrilishdik.

* * *

Yo‘l azobi – go‘r azobini torta-torta  Hirotga ham kelib tushdik. Ko‘pdan buyon bir narsaga qiziqib yurardim. Xirotdagi tarixiy obidalar va Karrux qishlog‘idagi Xudoyorxonning mozorini ko‘rib, ziyorat qilish nasib bo‘ldi. Afsuski, ajdodlarimizga qarashli tarixiy obidalar ataylab vayron qilingan. Yuraklarimiz ezildi. 
Tabiiy bo‘yoqlar bilan rang berilgan chinni koshinlar, muzayyan imorat va bino devorlari yo‘l tekislash bahonasida barbod qilingan. Tarixiy mozor va yodgorliklarning ahvoliga yig‘lab, fotiha qilishdan boshqa chora yo‘q.
Xudoyorxon qabri haqida bir-biriga zid rivoyatlar bor. Shunday bo‘lsa-da, kim yotganligiga qaramay, islomiy qoidalarga ko‘ra, e’tiqod bilan duoi fotiha ado qildik. Joylari jannatda bo‘lsin. Hirotda o‘n besh kun qolib ketdik. Hujjat yo‘q, ish yo‘q, zaiflab qolgan bisotimizga ehtiyotroq bo‘lib yuribmiz. Bir amallab Eron tuproqlariga o‘tib olsak, u yog‘iga xudo mehribon degan umid bilan chegaraga yetib bordik. Ammo rasmiy Islomqal’a darvozasidan o‘tish qiyinga o‘xshadi. To‘g‘risi, sarhaddan chekkaroq so‘qmoq yo‘llar orqali, yerli yo‘lboshchilar yordamida o‘tib oldik.
Eron zaminiga o‘tib, ushlanib qolganda “hujjatlarimni yo‘qotdim”degan bahonalar qilishar ekan. Tasodifan, Eronda yashovchi turkman qardosh duch kelib, choyxonada bir soatcha suhbatlashdik. Otasi dag‘a afg‘on, onasi eron turkmanlaridan ekan. O‘zbekcha tandir non yopuvchi novvoy, palov pishiruvchi pazanda kerak, deganda suyunib ketdim.
Ko‘rning elagi bir ko‘z, xudo berdi ikki ko‘z, deganlariday, ish o‘ngidan keladiganga o‘xshardi. Agar oxiri voy chiqib qolmasa, hozircha ishning borishi yaxshi.  Tanishimiz: “Pulingiz bo‘lsa, chorasi bor”,— dedi ko‘zi ostidan sinchkov ma’noli qarab.
— Modomiki, siz, puldor ekansiz to‘lab turing, biz ishlab sizga qaytaraylik, — dedim.
— Men pulimga mayda-chuyda xarid qilib qo‘ydim. Bo‘lganda bajonidil edi,— dedi ovozining yarmini ichiga yutib.
— Xo‘sh, qancha kerak bo‘larkan?
— Borib, chegara soqchisi bilan kelishib kelish kerak. Sizlarda qancha bor?
Ikkalamiz gaplashib qo‘yganday yarim pulimizni olib, o‘rtaga to‘kdik. U esa ko‘zlari olayganicha darrov harakatga tushdi.
— Pul sizda tura tursin, men hozir soqchi bilan gaplashib kelaman.
Besh yuz-olti yuz qadamcha joydagi soqchi huzuriga g‘izillab borib qaytdi va “Bu pul oz, ammo yaxshilikka bo‘lsin. Qolganini o‘zim to‘lab qo‘yarman”,— deya pulni cho‘ntakka urib, yo‘lga boshladi. Sakkiz yuz qadamcha afg‘on chegarasidan yurib, daraxtlar orasiga kirib ketdik. Yana bir oz yurgach, bugunda Eron, Xuroson atalmish zaminga qadam qo‘ydik. Oldimizda ko‘rinib turgan qishloqqa ikki yuz qadamcha qolgach, yo‘l boshlovchimiz,“Sizlar boraveringlar, men hozir kelaman”, deya ortiga qaytdi. Biz minnatdorchilik bilan qishloqqa kiraverishda kutib turishimizni aytdik. Xudoning marhamatini ko‘ringki, har tarafi qip-qizil qumdan iborat bu o‘lkaning xalqi ozod va hur. Jannatiy vatanga ega, bizlar esa zalil va xormiz. Dilimiz mahzun, boshimiz egik, qishloq tomon yurdik.
Qishloq bizni begona va g‘arib bilib, akillagan itlari va badbashara turqlari bilan qarshilagandek tuyuldi. Xavotir ila xaroblikda bizdan qolishmaydigan bir choyxonaga kirdik. Salom berib, choy so‘radik. Choyxonachi:“Choy yo‘q, ayron bor”,— dedi mayin, ammo minnatli ohangda. Terlab turib sovuq ichish zararligidan ayronga rahmat aytib,“hamrohimiz kelgunicha dam olib tursak bo‘ladimi?” deya iltimos qildik, choyxonachi xuddi yonimizda yurganday boshimizdan o‘tgan voqealarni bir-bir hikoya qilib, so‘zi oxirida maslahat bergan bo‘ldi:
— Endi uni kutib ovora bo‘lmanglar. Chunki u bu yerlarga kelolmaydi. U ham bir qochoq afg‘on fuqarosi. Ishi aldoqchilik. Yaxshisi, sizlar melisa kelmasidan oldin narigi qishloqqa yetib oling-lar. O‘sha yerdan yo‘lovchi mashinalarga minib, bir amallab Tehronga yetib olsangizlar, katta shahar, kun ko‘rib ketishlaringiz mumkin.
O‘zicha yaxshilik qilmoqchi bo‘lgan choyxonachi bir zum tikilib turib,“Shiamisizlar?” deb so‘radi achingan tarzda. Indamadik. Dilimda esa,“Shiamasman, o‘zbekman”, — derdim xo‘rlikdan yuraklarim pora-pora bo‘lib. Lekin kim bo‘lsak ham bir ojiz muhojir, qochoq edik. Bu safar bug‘doy ekib, arpa o‘rishni qo‘yaturing, cho‘ntakdagi arpani ham ikki qo‘llab tariqqa almashtirgandik. Demak, yo‘lboshlovchimiz biz bergan pulni o‘zicha halollagan ekan. Ammo sog‘u salomatligimizga, chegaradan o‘tib olganimizga shukr qildik. Ikkinchidan, bor pulimizning yarmiga chuv tushgan esak ham biz hech kimni aldamaganimizdan ruhimizda bir yengillik paydo bo‘lgan edi. Hech qachon birovni aldamay, tilanmay, o‘zi muhtoj bo‘lgani holda so‘nggi chaqalarini ham sadaqa qiluvchi haqiqiy turkistonlik ajdodlar ruhiga rahmatlar tiladik. O‘zimiz ham ana shunday zotlardan ekanimiz dilimizni faxrga, ko‘zimizni yoshga to‘ldirdi. Yo‘lboshlovchining kelmasligiga ko‘zimiz yetgani holda, va’daga xilof bo‘lmasligi uchun yana ikki soatcha kutdik.  Choyxonachi  ko‘z ostidan,“Ahmoq ekansiz-ku!” degandek masxaromuz qarardi.  Shu alpozda, agar ayronidan ichmasak, quvib yuborishi aniq.  Ayronidan olib kelishini so‘radik. Choyxonachi labi siniq ikki sopol, sirli piyola va ko‘zachani olib kelib oldimizga qo‘ydi.  Piyola, menimcha, balki tutilgandan beri yuvilmagan. Ko‘ngil tortmasa ham majburan ayron bilan chayib tashlab, bir piyoladan ichgan bo‘ldik. Rahmat aytib, yo‘l-yo‘riq so‘rab, keyin “yo xudo” deb yo‘lga tushdik...

* * *

Yurib-yurib, biroz pokizaroq, Xuroson mintaqasiga qarashli bir  qishloqqa keldik. Aholi orasida turkman, o‘zbeklar ham bor. Tasodifan Mozori Shariflik Xudoyberdi (gilamfurush)ni ko‘rib suyunib ketdim.  Ammo dilimga bir qo‘rquv tushdi.  “Mozordagi voqealardan xabari bo‘lsa-chi? Buning so‘zlaridan nam olib, hamrohim “nosvoy” bilib qolsa-chi?” 
Tavakkal salom berib, qo‘lini ushladim. Hamrohim bilan meni ko‘rib quvonib ketdi. Chunki u ham biz kabi yolg‘iz va g‘arib, oldindagi safar ustida o‘ylanib turgan ekan. Bir choyxonaga kirib, bir bardoqdan choy ichib o‘tirib, maslahatlashdik. Uning so‘ziga qaraganda Tehron tomonlarda “ushla-ushla!!” avjiga chiqqan. Shuning uchun avval Hindistonga o‘tib, Bombey va Karochi, undan Arabistonga, keyin Turkiyaga o‘tish osonroq emish. Ammo yo‘l yiroq, pulimiz kam. O‘zi ba’zi ishlari uchun Ko‘hta shahriga bormoqchi ekan.
“Nosvoy”ga vaziyatni uqtirdim. Hindistonda notinchlik. Yo‘lni Tehron tarafga o‘zgartirdik. Mozori shariflik qondosh bilan xayr-lashib, yo‘lga chiqdik. Oqshom payti edi, bir mashina yo‘lovchi qidirib biz turgan joyga kelib qoldi. Haydovchisi ozariy yigit ekan, masalani ko‘ndalang qo‘ydi:
— Parvo qilmanglar, sizlarni sog‘u salomat olib borib qo‘yaman. Xo‘p desangiz, ish ham topib beraman. Ammo shartim bor. Ikkalangiz to‘rt kishilik pul to‘laysizlar.
O‘ylanib o‘tirmasdanoq taklifni qabul qildik. Tugunchalar qo‘limizda, haydovchi yoniga joylashib oldik.
Mashinamiz uch-to‘rt joyda buzilib, uch-to‘rt kun yo‘lda qolib ketdik. U yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirib, manzilga ancha yaqinlashib qoldik.
— Turkistonlikmisizlar? — qiziqdi yigit lahjamizga e’tibor berib.
— Topdingiz, o‘zbekmiz, — dedik baravariga.
Haydovchi yuz-ko‘zimizdan o‘pib, boshqatdan ko‘risharkan:“turk turkning qardoshi, maniyam, ozarniyam”, — dedi ozarchalab. Va yana ham yaqinlik ko‘rsatib, gurunglashib ketdik.  Besh kun deganda Tabriz shahriga yetib keldik. Qardoshimiz ozarilar mahallasida Mustafo degan choyxonachi bilan tanishtirib qo‘ydi. Rahmat aytib, yo‘l pulini bermoqchi edik, “Xudoga omonat bo‘linglar, ishlaringiz o‘ngidan kelsin, jonim, qardoshim!”— deya bizni hayron qoldirgancha, ko‘ziga yosh olib xayrlashdi. 
Bir qondoshning lutfiga loyiqlik ham saodat ekan. Quvonib, o‘zbek bo‘lib yaratilganimizga shukr qildik. Bu yerdagi “mish-mish”larga qaraganda podshoga qarshi bir harakat sababli “ushla-ushla” avjiga chiqqanmish. Shubhali, hujjatsiz  kishilarni ushlab, noma’lum bir joyga yuborishayotgan emish. Shu sababli, hatto bozor aylanishga qo‘rqib, biz ham ish joyimizda mehnat bilan ovvora bo‘lib qoldik. Erondagi tarixiy obida va diniy ziyoratgohlarni aylanish orzusida edik, afsuski, muyassar bo‘lolmadik.
Biz tushgan oshxona egasiga pazanda kerak ekan. Ishimiz yurishib ketdi. Xo‘jayin ham xursand, biz ham. Eroncha va ozarcha taomlarni tez o‘rganib olib, hunarimizni boyitdik. Xo‘jayin to‘g‘riso‘z, shirinsuxan, turkparast kishi ekan. Shuning tavsiyasi bilan  ish joyimizga yaqin bir hovlidan ikki xona ijara tutib, ozoda, pokiza yashay boshladik. Kirimizni  oltmish yoshlardagi bir kampir yuvib, xonamizni ham supurib qo‘yardi. Qarshilashib qolganda, ba’zan  besh-o‘n tanga berib, xursand qilardik. Shu tariqa Tabrizda uch yilcha qolib ketdik.
Yigitlik chog‘imiz, nafs degan jonivor meni bezovta qilmasa ham  Islomjon nosvoy juda qiynalib, nuqul:“Haromga yurishning gunoh azobidan ko‘ra, domlamning nasihatlariga amal qilmaslik azobi kuchliroqdir”, deya bot-bot takrorlardi. Bir kuni onamiz o‘rnidagi xizmatchi ayol ozari tilda nasihat qilib qoldi:
— Agar shu yerlarda qolmoqchi bo‘lsangiz ma’qul bir qiz topib, uylanib, bola-chaqalik bo‘lingiz. Aks holda yoshlaringiz bir joyga borgach, qiynalib qolasiz. 
Men Vatan ilinjidan noumid  emasligimni so‘zlab, mehribonchiligi  uchun“rahmat” dedim.
— Unday bo‘lsa, — dedi u. — Bu yerda, forsiy xalq orasida shar’an siyg‘a usuli bor. Vaqtincha nikohlab, halol yo‘l bilan xotin olsangiz bo‘ladi.
Men shartta rad javobini berdim. Ammo Islomjon nosvoyga bu gap juda ma’qul tushdi. Xo‘jayin kulib : 
— Ha, pul ko‘payib qoldimi? — deya hazillashdi.
“Puli ko‘paygan — xotin, bangi — ko‘knor oladi”, — degan naql yurarkan bu yerlarda. Islomjon nosvoy bir oy ichida o‘ziga teng bir bevani nikohlab olib, o‘zi bilan o‘zi bo‘lib ketdi. Oradan olti oycha o‘tgach, Turkiyaga ketmoqchi ekanligimni do‘stimga bildirib, javob kutdim. U kishi hayotidan mamnun, rafiqasi homilador, yukli ekanini aytib, uzr so‘radi. Xo‘jayinga ochildim.
— Anchagina puling to‘planib qoldi, — dedi u astoydil, — Ammo, hujjat masalasi bor, chegaradan o‘tishingiz xavfli. Lekin buning yo‘lini biladiganlar ham topiladi.
O‘z fikridan o‘zi xursand xo‘jayin ertasiga dag‘a gubsakni chaqirdi, birgalikda gaplashdik. Uzun bo‘yli, sersoqol, badburush kishi xo‘jayinga qarab dedi:
— Puli bormi? 
Mustafo sal achchig‘i kelib, bosh irg‘adi:
— Xotirjam bo‘l. O‘rtada man borman.
— Besh ingliz oltini bersa, chegaradan o‘tkazib qo‘yaman. Ammo o‘n oltin bersa, Karochiga olib borib qo‘yaman. Sharti shuki, yo‘l pulini o‘zi to‘laydi. Ikkinchi shartim, Eron chegarasidan chiqib olguncha rafiqamning eski afg‘oncha kiyimini kiyib oladi. Uchinchisi, men so‘ramagunimcha churq etmaydi. To‘rtinchisi, haqqimni oldindan to‘laydi.
30 ta oltin pulim bor edi.
— Mayli, — dedim o‘ylab o‘tirmasdan. O‘sha kuniyoq xo‘jayindan pulni olib, 10 oltin miqdorida riyol to‘lab, dag‘ani xursand qildim. Tuz-namak bo‘lgan yurtdoshim Islomjon nosvoy bilan xayrlashib, halollik, omonlik tilab, Gulzay bilan bir saroyga bordik. Xonada alvasti kelbat bir xotinga Gulzay dag‘achalab, bir narsalar degandi, ayol sevinganidan bir eski, qora uzun ko‘ylak, bir kir oq lozim, ilvillab ketgan bir doka ro‘mol olib chiqdi. Dag‘aning ishorati bilan ust-boshimni chiqarib, sassiq dag‘a qiyofasini ki-yish bilan a’zoyi badanim jimirlab, bir narsalar chaqa boshladi.“O‘la, jinni”, deydigan odam yo‘q. Goh kulib, goh ko‘z yoshi qilib, dag‘a kiyimida, mayda qadam tashlab, yo‘lovchi kutib turgan usti ochiq mashinaning haydovchisi yoniga o‘tirib oldim. Yo‘llar deyarli ravon. Uch kecha yo‘l bosib, Zohidon degan chegara shaharchasidan Hindistonga o‘tib oldim.
Xayolim bir necha yil avval  Turkman og‘a aytgan so‘zga ko‘chdi. Chunki o‘shanda hozirga o‘xshab,“dag‘a ayol” bo‘lishga ko‘nganimda allaqachon manzilimga yetib olgan bo‘lardim. Ahvolimga goh kulaman, goh yig‘layman. Nima qilishimni bilmayman. Chegarachilarning ko‘pchiligi dag‘a Gulzayni tanib, ba’zilari esa xotini xayol qilib, menga ham yaxshi so‘zlar edilar. Uzunquloq gaplarga qaraganda, dag‘alarning barchasi yo qoradori sotar, yo odam olib qochar ekan. Hind chegarasidagi Mirjavo shaharchasi ahlining nochor holini ko‘rib, beixtiyor obod va ozod Vatanim esga tushib, og‘ir xo‘rsindim. Shuncha ko‘rganim noxush manzaralar holva ekan hali.
Odamlarning qumursqaday ko‘pligini ko‘rib, esxonangiz chiqib ketadi. Chegaradan eson-omon o‘tib olgach, o‘zimning usti-boshimni kiyib oldim. Ammo, erkakning xotinga o‘xshab yurish azobini mendan so‘rang. Buning ustiga “eringiz” dag‘a Gulzay bo‘lsa! Xotinining jiyib ketgan usti boshini Gulzayga berganimda, u qora ko‘ylakni hidlab, bag‘riga bosdi.
Ko‘chalarda minglab odamlarning uzanib yotishi odamzotning qanchalik qadrsizligini ataylab namoyish qilganday. Katta-kichik ana shunday shaharu shaharchalardan o‘tib, sakkiz kun deganda Karochiga yetib keldik. Gulzay xayrlashib, iziga qaytdi. Yillar Eronda bo‘lib, ziyoratgohlarni ko‘rolmaganimdan afsusda edim. Shuning uchun bo‘xchamni quchoqlab, pulni belimga tugib, Karochi shahrini aylanib chiqmoqchi bo‘ldim. Ammo xiyol o‘tmayoq, fikrimdan voz kechdim. Chunki necha million aholi yashaydigan bu shahri azimdagi xalqning ahvoliyu muhitning iflosligini ko‘rib, ko‘ngil aynib ketaverdi. Ko‘chaning bu tomoni shunday. Narigi tomonda esa qavat-qavat chiroyli binolar, pokiza magazinlar. Yana xayolim ajdodlar xotirasiga ko‘chdi. Ular bizga meros qilib jannat Vatanni tashlab ketishdi. Ammo biz uni eplolmadik. Bugun xaritada tole qushi qo‘ngan Pokiston nomli bir hur davlat ko‘rinadi. Bilasizmi, bu xalq kimning merosxo‘ri?     Boburshohning merosxo‘ri... Falakning kajraftorligiga qarang...  Bir soya joyda og‘rigan oyog‘imni uqalab turganimda, uzoqdan qora-qura xaloyiq orasidan qotma, o‘zbekbashara  bir barvasta kishini ko‘rib qoldim. O‘zimdamasman.
– Amaki! – deya qichqirdim va unga tomon yugurdim. U ko‘pni ko‘rgan sinovchan ko‘zlari bilan bir zum boqib turdi-da,“Siz Farg‘ona vodiysidansiz-a. Na qilib yuribsiz?” – dedi va quchoqlashib ko‘rishdi. Asli-nasli samarqandlik ekan.
Ikki yurtdosh ko‘zyoshi to‘kib, ho‘ngrab yig‘lardik. Birdan o‘zimizga kelib, atrofga ko‘z tashlasam, to‘planganlar rahmdillik bilan dardimizni so‘rab, ba’zilari:“pulni kissavurga urdiribdi”, ayrimlari“bolasini yo‘qotibdi”, yana boshqalari“nonini yo‘qotib qo‘yibdi” kabi xayollarga borib afsuslanishardi. Yangi yurtdoshimning ismi shariflari Hoji Shamsuddin bo‘lib, o‘zlari Bombeyda turar, hojatbarorlik bir ish bilan bir haftaga bu yerga kelgan ekan.
Boburni va urdu tilini juda yaxshi bilarkan. Oppoq soqolli, nuroniy bir chol yordam bermoqchi bo‘lib:
– Nima yo‘qotdingiz, qimmatbaho narsami? – deb so‘rab qoldi. Darvoqe, pokistonliklar juda rahmdil, insofli kelar ekan. Hoji Shamsuddin aka cholga javoban:
— Ha, jondan aziz narsamizni yo‘qotdik. — dedi urduchalab. Chol:
— Nima ekan, jondan aziz narsa? — deya taajjublandi. Shunda Hoji aka ko‘ziga yosh olib turib, dona-dona qilib dedilar:
— Vatanimizni yo‘qotdik. Jondan aziz boyligimizdan ajrab qoldik. Buxoro, Samarqanddan ajrab qoldik.
Buni eshitib, to‘planganlardan bir talayi yig‘lab yubordi. Ularga qo‘shilib, biz ham ho‘ngrab yig‘ladik. Saldan keyin, hoji akadan ularning yig‘isi sababini so‘radim. U kishi:“Ular ham bevatan. Chunki kindik qoni  to‘kilgan tuproqlarini majburan tark qilishgan. U joylar hozir Hindiston, hindu-majusiylar qo‘lida. Bular esa musulmon bo‘lgani uchun haydalganlar”, – dedi. Shunday bo‘lsayam ishorat bilan bittasidan so‘radim:
— Nima bo‘ldi? Siz nega yig‘laysiz?
U meni quchib, Shamsuddin akaning qo‘lini ushlab, battar ho‘ngrab yubordi. Shunda ikki qo‘limni ochib, Xudoga iltijo qildim:
— Itni ham o‘z Vatanidan judo qilma, Ollohim!
Hamma o‘zi bilan o‘zi bo‘lib, yig‘i-sig‘i ichida, biz ham asta u yerdan uzoqlashdik. Ertasi ertalab Hoji aka ikki kishilik g‘aroyib riksha aravasiga o‘tqazib, meni soya-salqin bir joyga, uch-to‘rt xonalik binoga olib bordi. Atrofi devor bilan o‘ralgan. Bir tomonda tandir, o‘choqdagi cho‘yan qozon boshida qorachadan kelgan, keksaroq bir kishi osh suzardi.
Salomlashib, ichkariga kirib ketdik. Kenggina xona. To‘g‘rida bug‘doyrang, o‘rta bo‘yli bir kishi bizni ko‘rib, o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
“Xush keldingiz” ma’nosida qo‘l qovushtirib, to‘rga o‘tqazdi. Hoji aka:
— Bular Orifjon, yangi kelibdilar, — dedi. Xonadagi kishi qo‘l berib so‘rashib, yaqinlik ko‘rsatdi.
— Mo‘minjon, — deb o‘zini tanishtirdi u. Ko‘zlarim porlab, go‘yo yarim Vatanni topib olganday suyunib ketdim. Fotihadan so‘ng:
— Siz bafurja dam oling. Ikki soatdan keyin majlisimiz bor. Uyg‘otamiz, — deya iltifot ko‘rsatdi. 
Shamollab kelay deb turdim-da, tashqari chiqib, hojatxonami, deb bir eshikni ochsam, to‘g‘rida bir haykal turibdi. Cho‘chib tushdim. O‘zimcha, o‘zbeklardan ham butparast chiqar ekan-da, — deya taajjublandim. Ketimdan Mo‘minjon aka“ho-ho” lab yetib kelib izoh berdi:
— Hojatxona narigisi. Bu hovli hindular butxonasi ekan. Pokistonliklar bu joydagi butni shundayligicha saqlash sharti bilan vaqtincha turkistonliklar jamiyatiga topshirgan. Qulflashning keragi yo‘q. Chunki mayda-chuydalarimizni shu yerga qo‘yamiz. 
Qaytib kelib, uzandim-da, pinakka ketdim.
Uyg‘onganimda daraxt ostidagi so‘ri ustida 8-10 kishi suhbatlashib o‘tirishardi. Qo‘l-betimni yuvib kelib, davraga yo‘nalib salom berdim. Hammalari bir-bir joylaridan qo‘zg‘alishib, qo‘l berishib, keksalari esa quchoqlashib, ko‘zlari alamli yoshlanib, hol-ahvol so‘rashdi. Duoi-fotihadan keyin Mo‘minjon aka majlisni ocharkan, menga qarab yana bir bor“xush keldingiz” deya so‘z boshladi.
— Aziz yurdoshlarim! Hamida opaning qizlari Shohsanam jiyanimizning xastaligidan xabardormiz. Ammo yangi mehmon bilib qo‘yishi uchun qisqacha ma’lumot berib o‘tishni ma’qul ko‘rdim. Shunday deya menga qarab qo‘ydi. – Jiyanim, Pokistonda yashovchi biz turkistonliklar bir-birimizdan xabardor bo‘lib turishga majburmiz. Nochorlarimizga baholi qudrat yordam berib kelmoqdamiz. Uch oy burun Hamida opaning xo‘jayinlari qazo qilgan edilar. Marhum saxiy kishi edilar. Hamma marosimlari o‘tdi. Ammo afsuski, do‘xturlik maktabida o‘qib yurgan 18 yoshdagi karimalari Nodiraxon to‘satdan xastalanib yotib qoldilar. Do‘xturlarning so‘ziga qaraganda, yuraklari xasta ekan. Bugungacha yashab yurishlarining o‘zi mo‘‘jiza ekan. Ammo bundan keyin zudlik bilan davolanmasa xatar bor. Eng kechi bilan olti oy ichida jarrohlik amali kerak emish. Hindis-tonda buning iloji yo‘q, Landan /London/ga borish kerak,  deyishdi. Buning uchun juda katta mablag‘ kerak bo‘ladi. Taxminan 90-100 oltin. Shoshib qoldim. Bombeydagi yurtdoshlarga murojaat qildim. Kishovudan 10, Pindidan 25, Bombeydan 30. Karochidan 15 — jami 80 oltinimiz bor. Yana kamida o‘n besh-yigirma oltin kerak bo‘ladi. Xo‘rsindi. Tandirda non yopib turgan xushro‘ygina, oq yuzli yigit davraga qarata:
— Ko‘rdingizmi?— dedi qandaydir to‘lqinlanib.
— Ha, — dedi Mo‘minjon, — mamnuniyat bilan.— Ikki boy yo‘l xarajatini to‘lashga so‘z berishdi.
O‘tirganlar boshlarini quyi solib, indamay qolishdi. Men o‘zimcha holimni cho‘tga soldim. Bir narsa beray desam, safar uzun. Bermay desam, vijdonim qabul qilmaydi. Erta-kech mening ham boshimga shu kulfat tushib qolishi mumkin-ku. Shartta  hamyonimni qo‘lga oldim-da, undan yaltirab turgan o‘nta oltinni olib o‘rtaga tashladim.
Hamma joyidan bir-bir turib kelib, meni quchib tabriklashdi. 

* * *

Ikki haftacha shu yerda e’zozu ikromda bo‘ldim. Bu orada mening bo‘ydoqligim barchaga ayon bo‘lgandi. Hunarimni so‘rashdi. Pazandaligimni sinamoqchi bo‘lganday osh damlattirib ko‘rishdi. Juma ziyofatidan keyin oshpaz Hojimat aka bir so‘z aytib qoldi. Boburshoh evaralaridan bo‘lgan keksa er-xotin shahar tashqarisidagi bog‘da yolg‘iz yashasharkan. Ko‘pdan bo‘yon bitta-yarimta turkistonlik pazanda qidirib, bulardan iltimos qilib kelar ekan. Men aynan o‘sha er-xotin qidirgan odam ekanimni aytib, tabriklashmoqchi bo‘lishdi. Ammo men Turkiyaga borish niyatida ekanimni bildirib, qanday bo‘larkan, deya ikkilandim.
Mo‘minjon aka bu ish darrov hal bo‘la qolmasligini, kamida bir yil kutish kerakligini aytib, ungacha bemalol ishlab turishimni maslahat berdi. O‘sha kechasi sevinchdanmi, charchabmi, tosh qotib uxlabman.
Bomdodga turib, u yon-bu yonimni qarasam, hamyonim bor-u, o‘zi bo‘m-bo‘sh. Oltinlar yo‘q. Shoshib, Mo‘minjon akaga aytdim. U ham nima deyishga hayron. Ovozimizga uyg‘onganlar yotar joyimni tintib ko‘rishdi. Ammo foydasiz.
— Osimjon Singga qachon jo‘nadi? — so‘radi Mo‘minjon aka.
— Ikki kun bo‘ldi, — deb aniqlik kiritdi yana bittasi. 
— Hoji Shamsuddin akani Bombeyga jo‘natishgan kuniyoq Sing tomon jo‘nagandi, — dedi yana bittasi.
Darhaqiqat, bu odam xasta Nodiraxonni Londonga jo‘natish kuni men bilan suhbatlashgan va o‘sha kundan beri ko‘ringani yo‘q edi. 
— Demak, kechasi darvoza ochiq qolib, tashqaridan kirgan usta o‘g‘ri yoki sochi uzun bachcha bolalarning ishi bu, — dedi Mo‘minjon aka xafa bo‘lib.
Jamoadagilar noqulay ahvolga tushib qolishdi. Gumon qilmasligim uchun ko‘rpa-to‘shaklariniyu bor-yo‘qlarini tintib ko‘rishimni talab qilishardi. Men jamoaga hurmatan uzr so‘radim. Chunki, Mo‘minjon aka aytganiday, kechasi uyqu aralash bir begona odamni ko‘rganday bo‘luvdim. Tushimdir,  deb o‘ylagandim.
Har narsada bir xayr bor, albatta. Qaytanga shu bahona bo‘lib, ishga kirib oldim, shundan ikki yilcha qolib ketdim. Bu orada Nodiraxon ham sog‘ayib qaytdi. 
Men ham fursatdan foydalanib, Mo‘minjon aka maslahati bilan Turkiya elchixonasiga murojaat qilmoqchi bo‘ldim. Ammo u: “Oldin boshqa bir ish bor”,— deb, meni shahar o‘rtasidagi bir hovliga olib bordi. G‘oyat chiroyli, o‘rta yoshdagi sipo bir ayol kishi eshik ochdi. Hovlida xuddi ayolning egizagi bir qiz: “Xush keldingizlar”, — deya salom berdi. Xonaga kirdik. G‘oyat pokiza dasturxon noz ne’matlar bilan bezangan. Fotihadan keyin meni tanishtirgach, ular yordamim uchun qayta-qayta rahmat aytib, minnatdorchilik izhor qilishdi. Men ularni hech ko‘rmagandim. Hatto qiz davolanishga ketayotganida ham ko‘rganim yo‘q. Keyin qiz qaytadan o‘ziga xos nazokat bilan tashakkur bildirib, umr bo‘yi meni unutmaslikka ahd qilganligini aytdi. Hech bo‘lmasa bir inson hayotining yaxshilanishiga hissa qo‘shganimdan suyundim. Qo‘lbola palov, choy-mevadan so‘ng, fotiha qilib, jamiyatga qaytdik. Hovlida odatdagiday yana aziz yurtdoshlar davra qurishgan. Salom berib kirganimizda barchasi chapak chalib, qarshi olganidan hayron bo‘ldim. Choy ichilib, suhbat boshlanganda kimdir duduqlanib, Hamida opa va qizi Nodiraxondan so‘z ochdi. Go‘yo hamma mening ularga ichkuyov bo‘lishim tarafida emish. Haligi yurtdosh nihoyat menga qarab:
— Xo‘sh, nima deysiz? — dedi.
Men birgina g‘amim — Vatan qidirish ekanini, bundan tashqari bunga na  moddiy, na ma’naviy jihatdan tayyor emasligimni tushuntirdim. Bekorga bir qizning haqqiga zomin bo‘lishni istamasligimni aytdim. Atrofdan luqmalar  yog‘ila ketdi:“Moddiyga ehtiyoj yo‘q. Ishingiz va hunaringiz bor”,“Arslonday yigitsiz, diniy ilmingiz ham o‘zingizga yarasha. Ma’nan qanday qiyinchiligingiz bor?”,
“Ham ona, ham qayliq topib olish har yigitga ham nasib bo‘lavermaydi...”
Ammo men o‘zimni kuyovlikka loyiq ko‘rolmas, negadir o‘zimdan shubham bor, irodam zaif edi. Omi Mo‘minjon aka sukut qilar, fikrimni uqqanday yuzida andisha alomati sezilardi.
Kimningdir:“Sal jadal bo‘ling-da, g‘am degan narsa hammamizda ham bor. Qaerda qorningiz to‘ysa, o‘sha Vatan-da!” — degan gapi naq jigarimga xanjar  urganday bo‘ldi. 
— Ichingizda mendan loyiqroq yigitchalar bor. Bu ishni mensiz hal qilinglar, iltimos, — deya yalindim.
Men takliflarini qabul qilmasam ham, yurtdoshlarimning mehr-oqibatidan xursand edim. Majlisga jimgina quloq solib o‘tirgan keksaroq yoshdagi Hojimat aka o‘zicha bir narsani bilganday, peshana jiyirib turib, bir ibratli hikoya bilan mavzuga yakun yasadi:
— Orifjon yana o‘ylab ko‘rsin. Javobini erta-indin kutamiz. 
Ertasi jamiyatdagilar orasida Kobuldan olti-etti oila Turkiyaga ko‘chmoqchi bo‘lib, murojaat qilgani haqida gap tarqaldi. Bular go‘yo hozirgacha afg‘onlarga aloqasi bo‘lmagan va olmonlar bilan turkistonliklar ozodlik tashkilotiga a’zo bo‘lib, olmonlar mag‘lubiyatidan so‘ng qamalib chiqqanlar va bola-chaqalar emish. Xursand bo‘lib ketdim. Niyatim ma’lum bo‘lgandan so‘ng ham avvalgi masalaga qaytib, oila qilib shu yerlarda qolishga da’vat qilishdi.
Ammo men boshdan beri Turkiyaga niyat qilib qo‘yganimni, xudo nasib qilsa, bir kun farz adosi uchun u pok, muqaddas yerlarni ziyorat qilajagimni so‘zlab, uzr aytdim. Qat’iy qarordan keyin Mo‘minjon aka bilan birgalikda rikshaga minib, Turkiya elchixonasiga jo‘nadik.
Yo‘lda Mo‘minjon aka biroz tashvishlangan bo‘ldi:
— Hujjatingiz yo‘q. Qanday bo‘larkan?
— Hujjatim bor, — dedim kulib.
— Qani? — dedi hayron bo‘lib, — Shu paytgacha og‘iz ochmaganingizga qoyilman.
— Siz so‘ramasangiz nima deb og‘iz ochaman?
— Bo‘pti, qani?
— Mana, — deya bo‘ynimdagi charm g‘ilofli tumorni ko‘rsatdim. Buni  hazil hayol qilib, dedi:
— Aqlingiz joyidami o‘zi, jiyanim? U uxraviy hujjat foydasiz. Dunyoviy  hujjat kerak.
Shundan keyin tumorni yirtishimga to‘g‘ri keldi.
— Ie, qoyil-e, bu qaerdan chiqdi? 
— Mana shu uxraviy tumordan.
— Bezgak tumoridanmi? O‘zbekman deysizu, ammo ishingiz puxta, — deya kuldi Mo‘minjon aka.
— Ha, bu hujjat umrimning eng katta xazinasi. 
So‘z bilan ovora bo‘lib, elchixonaga borganimizni ham payqamay qolibmiz. 

* * *
Qorovul yo‘l to‘sib, ruxsat bermay turgandi, ichkarida, maysalar ustida mayda qadam tashlab, u yoqdan-bu yoqqa yurib turgan uzun bo‘yli, qoraqosh, xushsuvrat bir odam yonimizga kelib, kimligimizni so‘radi. Qo‘limdagi bir varaq qog‘ozni ko‘rsatishim bilan ikkalamizni yetaklab, bino ichiga olib kirib ketdi. Bashang xonadagi kursilardan joy ko‘rsatdi. Rasmiy ust-boshini kiyib chiqib, qaytadan qo‘l berib so‘rashib, yaqinlik ko‘rsatdi.
— Qog‘oz kimniki?— dedi muloyimlik bilan turkchalab. — Surat yo‘q-ku.
— Meniki, afandim.
Janob Mo‘minjon akaga qarab“bizga bir daqiqaga ruxsat”, deganday meni yetaklab, ichkariga boshladi. Qo‘lida qog‘oz, savollarga ko‘mib tashladi. Yoshim, kimligim, qaerdan kelganim, nima uchun Turkiyaga ketayotganim, savodim, Vatanim, Turkiya va Turkiston haqida... Mehrim tushganidan unga bir-ikki maqtov so‘zlari aytdim. Albatta,  chin dildan. So‘zlarimdan ta’sirlandimi, Mo‘minjon akani ham ichkariga chaqirdi. Iltifot ko‘rsatib: “Nimadan qiynalsangiz, bemalol kelavering”, — deya qo‘liga qog‘oz topshirdi. Men ichimdan suyundim. Chunki mendan keyingilarga yo‘l ochilganday  ko‘rinmoqda edi. Karochida ekkan bug‘doyim barakali hosil berdi, deya shukr qildim.
Kotib yigitning ikkalamizni darvozagacha kuzatib qo‘yganini ko‘rib, bizni to‘sgan qorovul o‘zgacha hurmat ko‘rsatdi. Ertasi gerdayibroq kirib bordim. Milliy g‘urur boshimni ham tik qilib qo‘ygandi.
Salom berib ichkariga kirishim bilanoq kotib qo‘limga bir qog‘oz tutqazib, dedi:
— Elchibek majlisda. Manovi hujjat bilan Bag‘dodgacha bemalol borasan. U yerdagi elchixonamizga borib, o‘zingni tanishtirib, hujjatingni ko‘rsatsang, yangi hujjat tayyorlab berishadi. Poezdga pul to‘lamay, Turkiyaga yetib olgach, fuqarolik olib turk bo‘lasan, — dedi.
— Men zotan turk o‘zbegiman, afandim, — dedim hurmat bilan.
— Qardoshim, albatta, turksan. Ammo, turk fuqarosi bo‘lasan demoqchiman, — dedi kotib hazillashganimni payqab.
— Tashakkur, sog‘ bo‘lingiz, — deya o‘zim bilgan besh-olti turkcha so‘zni qatorasiga ishlatib tashladim. — Elchibekka salom va minnatdorchiligimni bildirarsiz. Eshik tagida kotib o‘zining yoqasidagi oy suvratli turk bayrog‘i nishonini olib, mening yoqamga taqib qo‘ydi.“Rahmat”,— dedim ona tilimga ham navbat berib.
Jamiyatga qaytganimda vatandoshlar hujjatni bir-bir qo‘lga olib ko‘zlariga surtishdi. Xushxabarni eshitib, xo‘jayin ko‘ziga yosh oldi, tabrikladi. 
Mo‘minjon aka bilan kemaga chipta olgani bordik. Chiptachi hujjat so‘rab qoldi. G‘urur bilan hujjatni ko‘rsatdim. Zarhal yozuvli hujjatni ko‘rib, ko‘zi qinidan chiqquday bo‘ldi, boshini hurmatan likillatib, chipta berdi. Ayni paytdagi g‘urur va sevinchimni qay qalamda qay so‘z bilan ta’riflay? Bu mas’ud daqiqalarni Vatandan yiroqda, xoru zorlikda sarson-sargardon yurganlargina his etadi, xolos.
Kuzatishga chiqqan Karochida yashovchi aziz yurtdoshlarim,  hamshaharlarim qadrini yana ham teranroq tuydim. Hamyurtlarsiz muhojirot dunyosining bir zindondan ne farqi bor! Men yuqorida oppoq ust-bosh kiygan yurtdoshlar pastda bir-birimizga ko‘rinmay qolgunimizcha qo‘l silkishdik. 
Kechki payt bir orolchada to‘xtadik. Ba’zi yo‘lovchilar kemadan tushib, qayiqchalarga minib, qayoqqadir jo‘nashdi. Ikki kun ichida uch-to‘rt orolchada to‘xtab, uchinchi kuni Maskad degan joyga yetib keldik.
Men chipta olarkanman, yo‘l kira haqi to‘lab, oshxona haqini bermagan ekanman. Yurtdoshlar olib chiqqan nonu meva, mayda-chuydalar ham tugab, och qolish ehtimoli ko‘rindi. Maskadda yuk tushirish uchun 12 soatcha to‘xtab qoldik. Non masalasida hayron bo‘lib, yuk olib borayotgan qop-qora, barzangi, dudoqlari qalin, vahshiysifat, ammo ko‘zlari ichidan kulib turgan bir hammolga murojaat qildim. Uqdi shekilli, meni bir panaroqqa yetaklab, past ovozda: “Sen sunniymisan”,— deganday duduqlandi.
— Alhamdullilloh, sunniy, — dedim iftixor bilan. Qora odamning ismi Hanif ekan. Hanif menga imo-ishoralar bilan “shu yerda kutib turishimni” tushuntirdi. Chorak soatcha ko‘zdan yo‘qolib, qaytib keldi. Qo‘ynidan oq qog‘ozga o‘rog‘liq nonni chiqazib, menga tutdi. Rahmat bildirib, bir qismini bermoqchi bo‘ldim. Ammo u: “Ahu, ahu”, — degancha uzoqlashdi. 
Xizmati uchun minnatdorchilik izhor qilib fotihaga qo‘l ochgach, u ham qayta yonimga kelib, bir narsalar deya duo qildi. Xudo bandalarini har xil qilib yaratarkan. Qora odamdan ko‘ngli oqlar, oppoq kishilardan ko‘ngli qoralar chiqarkan. Xudoning karomatiga qoyil bo‘lmay iloj yo‘q. Yetti kun arab chegaralari bo‘ylab, Baxrayn, Maskad va yana bir muncha joylardan o‘tib, sakkizinchi kun deganda turli suvlar birlashib, dengizga quyiluvchi katta, keng daryoga yoki havzaga yetib keldik. Ikki tomon, xususan, Iroq qirg‘oqlari yam-yashil, qalamday to‘g‘ri, sanoqsiz xurmo daraxtlari osmonga bo‘y cho‘zgan. Eron qirg‘oqlarida ko‘proq neft  ishxonalariyu, binolar saf  tortgan. Bir joyda kemaga yuk ortuvchi hammollardan bittasining egnida katta lotin harflari bilan “Turkiston” deb yozilgan kiyimini ko‘rib juda ham hayratlandim: “Voajab! Butun dushmanlarimiz muqaddas Turkiston nomini o‘chirmoqchi bo‘lib turganda bu qadrshunoslik fikri kimning aqliga kelgan ekan-a?”
O‘ylanib turganimda ingliz bayrog‘iga ko‘zim tushib qoldi. Demak, ushbu manzil ham, “Turkiston” libosli mardikor ham turkistonlik boylarniki emas. Xo‘rsindim. Yana kim biladi deysiz. O‘sha“Turkiston” bilan gaplasha olmadim. Sakkizinchi kuni peshindan oldin Basraga yetib keldik. Havo jahannamday yonardi. Qorovullarning turqi badburush. Hammollarning baqir-chaqiri quloqni qomatga keltiradi. Hamma bitta-bitta tushib, bojxona tomon yurmoqda. Men ham ergashib, bojxonachi oldiga bordim. Tugunchamdan boshqa narsam yo‘q. Qo‘limdagi qog‘oz-hujjatni ko‘rgan bojxona ma’muri ikkilanibroq:
— Turk? — dedi barmog‘i bilan nuqib.
— Ha, turk, — dadil javob berdim, men.
— Ho‘! — dedi ko‘zi qinidan chiqquday bo‘lib.
Aftidan tarix o‘qimaganga o‘xshardi. Agar o‘qiganida, Iroq tuproqlarida adolat o‘rnatganlar Turkistondan kelgan turklar ekanini bilgan bo‘lardi.
Meni bir xonaga yetaklab, boshdan-oyoq tekshirib, g‘ayri qonuniy narsa topolmagani alam qilib, g‘ijindi. Chunki pulimni ham tiyinigacha    yozdirgandim. Oxiri meni it quvganday qilib, bojxonadan chiqarib yubordi. Hayron bo‘ldim. Bu baraka topgurlar dag‘alardan ham o‘tib tushadi-ku...  Asfalt yo‘llar saqichday erib,  domiga tortguday bilqillaydi.
Bekatda ko‘p turmadim. Taksilar g‘iz-g‘iz o‘tib turibdi. Bittasiga ishora qildim.
— Shaharga qanchaga olib borasan?
— Dinormi?
— Yo‘q, dollar.
Yoniga chaqirib, qulog‘imga: “Dollar mamnu’1”, — dedi. Fahmlab yelka qisdim. U yoq, bu yoqqa alanglab olgach: “Xamsa2 dollar”, — dedi besh barmog‘ini ko‘rsatib. Sutdan og‘zi kuygan qatiqni puflab ichar, deganlariday, bo‘sh kelmadim:
— Bir dollar.
“Yo‘qol” deganday qo‘lini yelpidi. Orqadan boshqa taksi kelib to‘xtadi. Afti-angorimdan til bilmasligimni sezib, uch barmog‘ini ko‘rsatganicha bir narsalar dedi. Men:
— Ikki dollar, — dedim. O‘ylanib turib, rozi bo‘ldi. Demak, bu yo‘l ikki dollarlik yo‘l ekan. Sevindim. Olib borib, bir rasta oldiga tushirib qo‘ydi. Do‘konlaru taxlanib qo‘yilgan matolarni ko‘rib, og‘zim ochilib turuvdimki, ro‘paramdan qo‘lida bir dasta alaqchin do‘ppi ko‘targan o‘zbek bashara odam ko‘rinib qoldi. Qorayib, arablashib ketgan. Ammo ko‘zi va nimasi bilandir o‘zbekligi sezilib turardi.
U ham menga ko‘zi tushgach, xuddi kutib olgani chiqqanday: “Xush kelibsiz, hamyurtim”, — deya quchoq ochdi. Xudoyimga shukr qilib, so‘rasha ketdik. Uning do‘ppilari, mening bo‘xcham odamlar oyog‘i ostida dumalardi. O‘tkinchilar bizga ajabsinib, malollanib qarar, lablarini burib o‘tib ketishardi. Ko‘z yoshi desangiz, daryo. Soqqa topib olgan bolalarday bir yig‘lab, bir kulib, sochilgan narsalarni yig‘ib olgach: “Bir joyga borib o‘tirsak”, — deb taklif qildim. Ammo hamrohim:“Bu shialar masjidi, narigisiga bora qolaylik”, deya o‘sha yoqqa yetakladi. Hayron bo‘lib yuziga qaradim.
— Nomim Qosimjon. Aslim O‘shdan — jalolobodlikman. Rafiqam kobullik dag‘a.
“O‘h”, dedim ichimda,“bu bechora zindonda yashar ekan-ku. Qiyomatda to‘g‘ri jannatga kiradi, Xudo xohlasa”. Navbati bilan o‘zimni tanishtirdim.
U qayta quchoqlab, o‘z dostonini  so‘zlab ketdi. Ammo men o‘zimdamasman, gaplari bir qulog‘imdan kirib, narigisidan chiqib ketayapti. Yolg‘iz“xotinim dag‘a” degani qulog‘imda qolgan. Bir choyxonaga bordik. Havo yondirayapti. Yaxna suvni ko‘nglim tusagan. Oshnam choy chaqirib, mehmon qilmoqchi bo‘ldi. Birpasda arab bola stakanchada choy olib keldi. Choynak yo‘qligiga hayron bo‘lganimni ko‘rgan Qosim aka kulimsirab dedi: “Xavotirlanmang, yana olib keladi”.
Bulbulning ko‘z yoshidaygina sovub qolgan choyni bir ko‘tarishda yutdim. Hayotimda ilk bor bunaqa choyxo‘rlikka ro‘para kelishim. Mezbonim yana choy chaqirmoqchi edi, men unamadim. Pulni to‘lagach: “Uyga boramiz”, — deb turib oldi. Charchaganimni bahona qilib, meni biror arzonroq mehmonxonaga eltib qo‘yishini  so‘radim. U xafa bo‘lganday, unamadi. Sira ko‘nmaganimdan keyin bir kechasi besh dollarlik mehmonxonaga olib borib qo‘ydi.“Rahmat” deb xayrlashdim. Qosim aka keta-ketguncha necha bor qayrilib qararkan, qo‘l yelpib, ko‘zini arta-arta ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
“E, Xudo, — dedim o‘z-o‘zimcha. — bu shahri azimda hamyurtlarsiz bir o‘zi  qanday yashab kelayapti ekan. Uyda dag‘a  rafiqasiga qanday chidaydi?” Aytishiga qaraganda, besh yildan beri ilk bor hamyurtini, ya’ni meni ko‘rib turishi ekan. Farzandi yo‘q, yoshi bir joyga borgan...
Yuvinib, biroz yengillashib, uzandim. Uxlamoqchi bo‘luvdim, uxlolmadim. Basrasi jahannamning o‘zi ekan. To‘lg‘onib, Qosimjon akani o‘ylab, go‘yo oynada o‘zimni ko‘rardim. Bomdodga yaqin uxlab qolibman. Mehmonxonachi uyg‘otganda soat 10 larga borib qolgan, tashqarida Qosim aka kutib turardi.
Uzr so‘rab, qazo adosidan so‘ng, tanovul qilgani bozorga tushdik, keyin stantsiyaga borib, Bag‘dod poezdiga chipta oldik. Ertasi oqshom jo‘nar ekan. Demak, ertagacha hali ancha vaqt bor. Hamrohim bilan bir oshxonada men tanimagan taomlardan tamaddi qilgach, vaqt zoe qilmay, ba’zi joylarni ko‘rmoqchi bo‘ldim. Ammo Qosimjon“oftob urib, kasal bo‘lib qolasiz”, deya yo‘l bermadi. Majburan mehmonxonaga borib, choyxo‘rlik qildik. U yer-bu yerlarga borishdan ko‘ra do‘st suhbati g‘animat, dedim.
Qosimjonning so‘ziga qaraganda bir kechaligi 25-50, hatto 100 dollarlik mehmonxonalar bor ekan. Sarrofga borib, 50 dollarni dinor qilib oldim. Ertasi oqshom Qosimjon aka kuzatgani keldi, yig‘idan ko‘zlari qizarib ketibdi. Hamdardlik bildirib: “Yuring, Turkiyaga ketaylik”, — dedim. U uzoqlarga tikilib turib:“Xudo xohlasa”, — deb qo‘ya qoldi. Ajrashish payti keldi. Na undan, na mendan sado chiqadi. Jimgina quchoqlashdik. Yuragimizdan joy olgan“Vatan” hidining yarmi unda, yarmi menda, so‘zsiz xayrlashdik.
Ertasi peshinga yaqin Bag‘dodga kirib keldik. Darhol Turkiya elchixonasi tomon uchdim. Bino tepasidagi oy-yulduzli bayroqni ko‘rib, salom berdim. Darvozabon mirshabga vaziyatni uqtirgach, mirshab qaergadir qo‘ng‘iroq qildi. Ichkaridan  bo‘y-basti kelishgan bir yigit chiqib, meni ichkariga yetakladi. Juda katta, chiroyli bezatilgan sahna to‘rida 50 yoshlar chamasi  bir zot eski qadrdonlarday istiqbolimga yurdi, qo‘l berib so‘rashdi.“Xo‘sh, xizmat?”, deganday iliq nazar tashladi. Men hujjatlarimni chiqarib berdim. O‘qigach, boshqatdan quchoq ochib, yuz ko‘zimdan o‘pib dedi:
— Arslonim, ota yodgorim, boboyigit, xush kelibsan, o‘zbegim...
Ho‘ngrab yig‘ladim. Yupatmoqchi bo‘lsa-da, o‘zimni tutolmadim.
— O‘g‘lim, yig‘lama, — derdiyu o‘zi ham yoshli ko‘zlarini qayga yashirishni bilmasdi.
Keyin bardoqda sovuq suv, bulbulning ko‘ziday sopol piyolada qahva oldirib keldi. O‘zi oyoqda, men kursida, o‘tirib qahva ichdik. Qahva—kuygan no‘xat ta’midagi bir ichimlik. Zo‘rg‘a yutib, ustidan suv ichib yubordim. Keyin bilsam, turklar eng mumtoz, hurmatli mehmonlarini qahva bilan siylasharkan. Bizda“bir kun tuz yegan joyingga qirq kun salom ber” deganlaridek,  turklarda“bir qultum qahvaning hurmati qirq yil” degan ibora bor ekan. Men esa nafaqat xizmat, hatto jonimni berishga ham tayyorman. Turk dunyosi uchun, turk uchun, Turkiston uchun, tug‘ilgan yerim, kindik qonim to‘kilgan tuproqlar uchun har zamon xizmat qilishga tayyorman. 
Hujjatlar tayyor bo‘lgach, mehribon kishi:“Nomim Behja, turkman, biygachiman”, — deya o‘zini tanishtirdi. Mamnuniyat bilan qo‘lini o‘pdim.
— Birga ovqatlanamiz, — dedi u. 
Uyalganimdan dovdirab, ming bahona bilan uzr so‘radim.
— O‘zing bilasan, o‘g‘lim. Mayli, qachon jo‘namoqchisan?
— Hoziroq, — dedim o‘ylab o‘tirmasdan.
— He, yo‘q! — dedi u. — Hazillashayapsanmi? Chilan, ya’ni poezding ketishiga hali ikki kun bor. 
Yonidagi yigitga pul berib:“Chipta olinglar”, — dedi. Yigit g‘oyat vazmin, sipo. Savollar berib tanishgan bo‘ldi. Ko‘proq: “Ruscha bilasanmi, ruslarni yaxshi ko‘rasanmi?”— deya sho‘rolarga  munosabatimga qiziqdi. Men: “O‘lkamni tanigan, xalqni hurmat qilgan, tan olgan teng millatni yaxshi ko‘raman. Bosqinchilardan nafrat qilsam ham, agar chiqib ketishsa, uning millatidan nafrat qilmayman, hatto yaxshi ko‘rib qolishim mumkin”,—dedim. U kulib, ajoyib bir qarash qildi. “Insonning ishi qiziq-da”— dedi cho‘zib. Nima demoqchi, tushunmadim. Borib chipta oldik.  Meni bir mehmonxonaga joylab,  ikki kechalik yotoq va  ovqat pulini to‘lab,“Xudoga omonat, o‘g‘lim”, — deya xayrlashdi. Mehmonxona juda salqin va pokiza. Mazza qilib uxladim. Ertasi kuni barcha tarixiy joylarni, ko‘p ziyoratgohlarni,  bozorlarni aylanib, Dajla daryosi qirg‘og‘ida  baliqxo‘rlik  qildim.
Yo‘lga chiqadigan kunim  “Masjidi o‘zbekiya” jome masjidida peshinni o‘qib, bu osori atiqani meros qilib qoldirgan ajdodlarimiz haqiga duo qildim. Katta ko‘cha bo‘yida g‘oyat  keng hovli, ichida kamida ming kishi sig‘adigan sahn va ichkarida mehmonxona,  musofirlar uchun 8-10 xona, yana bir hovlicha bor. Ammo ichkarida arablar  istiqomat qilmoqda. Aytishlaricha, orqasi askarxona bo‘lgani uchun  bu jome  masjid yaqinda yo‘q qilinib, o‘rniga zamonaviy askarxonalar  bino qilishmoqchi ekan.
Biz turkistonliklar  yolg‘iz vatanda emas, balki chetdagi, go‘yo odil musulmon  o‘lkalarda ham  haqsizlikka uchragan mazlumlarmiz. Afsuslanishdan boshqa chora yo‘q. Masjid devori soyasida mayda-chuyda sotib o‘tirgan Muhammadali ismli  yurtdoshga duch keldim. Yaqinda Vatanga qaytish umidida ekan, 80 yoshdagi onasi bilan  yasharkan. Yurt sog‘inchida yurak-bag‘ri kuyib yurgan  bu yigit dardiga davo topganday, meni kuzatib qo‘ymoqchi bo‘ldi.  Asr payti bekatga birga chiqdi. Ko‘z yoshi sel bo‘lib oqar, bir kuni ilohiy adolat  qaror topishiga umidvor. Vatan ozod bo‘lib, haqsizlar Xudoning g‘azabiga uchrashiga ishonchi komil bo‘lganidan tasalli topardi. Bekatga borganimda Basra temir yo‘lidan kengroq boshqa temir yo‘l  ustida bir qator vagon turibdi. O‘txona ustida turk bayrog‘i hilpirardi. Vagon derazalaridagi pardalarda oy-yulduz nishonasi. Moviy rangli vagon, ustiga lotin harflarda juda katta qilib:“Turkiya jumhuriyat davlat temir  yo‘llari — Istambul, Bag‘dod turist ekspressi” — deb yozib qo‘yilgan. 
Chidayolmay, sevinchdan piqillab yig‘lab yubordim.  Muhammadali aka o‘ksib-o‘ksib ko‘z yoshi to‘kardi. Aslida ikkalamiz ham nima uchun yig‘layotganimizni bilmasdik. Ammo ichimizni toshirgan tuyg‘u shuki, biz millat edik, inson edik. Xudovandi karim hech bir millatni bayroqsiz qo‘ymasin, degan duo bilan Yaratganning o‘ziga sig‘indik. Muhammadali aka bilan qayta-qayta quchoqlashib xayrlashgach, bo‘xchamni quchoqlab, poezdga irg‘ib minib oldim. Pastda qolgan ma’yus yurtdoshimning bukilib qolgan qaddi-qomati, sel bo‘lib oqayotgan ko‘z yoshi hali-hali esimdan chiqmaydi. 
Chipta tekshiruvchi hujjatlarimni tekshirgach, haddan tashqari yaqinlik ko‘rsatdi. Hatto dam-badam choy, yegulik olib kelib, xabar olib turdi. Poezd Iroq chegarasidan Turkiya tomon yaqinlashganda xushsuvrat turk mirshabi yo‘lovchilarni tekshirgach, navbat menga kelganda alohida bir yaqinlik ko‘rsatib, harbiychasiga salomlashdi:
— Xush keldingiz, Ota yodgori qardoshim, — deb erkaladi. Chegara, askarxona tomidagi Buyuk Turk bayrog‘i guyo shahidlar qoni kabi samoda hilpirab, xayolni tortar, hayajondan ichlarim dir-dir titrar edi. Haligi turk mirshab ahvolimni angladi chog‘i, Suriya politsiyasiga  hujjatlarimni ko‘rsatib, yo‘lboshchilik qildi. Poezdimiz Turkiyaning Islohiya bekatiga kirgach, turk mirshabi qarindoshini kutgan kabi qo‘lida gul bilan qarshilab, iltifot ko‘rsatdi. Uch soatcha mehmondorchilikdan keyin shaharning mashhur uzumlari bilan mehmon qilishdi. Ko‘kalamzorlar ustidagi lolarang turk bayrog‘i shabadada yengil hilpirab, og‘riqli qalbimni ohista silayotgan kabi jonim huzur qilardi. Atrofimda turkona iltifot, so‘zlashuv, tovushdagi yumshoq ohang, qardosh til ta’sirida o‘zimni ona-Vatandagiday his etdim.
— Oh, ona tilim, jon tilim, izzatu nafsim, g‘ururim ifodasi o‘zbek tilim. Mana senga tengdosh, ildizi bir qardosh, birodar tili. Arablar bilan chegaradoshlikdan orada arabcha so‘zlashganlar ham bor. Ikki kecha, ikki kunduz tog‘u, tosh, katta-kichik shahar oshib, Istambulning Haydar bekatiga yetib keldik. Yo‘lda Jahon, Sayhon daryolarini ko‘rib, Vatandagi Sayxun, Jayxun daryolarim yodimga tushdi. Yurtdoshlik, dindoshlik, tildoshlik qandoq ham go‘zal-a!
Poezddan keyin, dengizda 45 daqiqacha suzib, boshqa dunyo, ya’ni Turkiyaning Ovrupo qismiga o‘tdim. Taksi ushlab, tarixiy Sulton Ahmad maydoni yaqinidagi o‘zbeklar ko‘chasi, o‘zbeklar takyaxonasi, ya’ni musofirxonasiga yetib oldim. Uch qavatli bu binoning uchinchi qavatida kamida uch yuz kishi sig‘adigan bir masjid va tevaragida mehmonxonalar bor. Bir zamonlar buxorolik Qushbegi tomonidan turkistonlik hojilar uchun musofirxona maqsadida qurilgan bu bino oldidagi xonalarda bir ko‘p yurtdoshlar, xonadonlar, vaqtincha yashab, ishlarini yo‘lga qo‘yishgach, chiqib ketishgan. 
Menga zina ustidagi kichik bir xonachani bo‘shatib berishdi. O‘rnashib oldim. Keldi-ketdi va dasturxon ochgan yurtdoshlar ko‘payib, ancha o‘zimga kelib qoldim. G‘amli kunlar ortda qolgani shukronasiga har hafta kamida besh-olti kishini mehmonga chorlab, do‘st-yorlar orttirdim, ishga sho‘ng‘ib ketdim. Pazandalik hunarim asqotib, yurt-doshlar orasida tilga tushdim.
Belimni rostlab, g‘amim biroz aridi, kam-ko‘stsiz yashayotganimdan mamnunman, ammo eski dard — to Vatanim mustaqil bo‘lmas ekan, ko‘ngil xotirjam bo‘lishi amri mahol. Istanbuldagi yurtdoshlar Turkiston va milliy mustaqillik yo‘lida ustuvor turganini ko‘rib, ich-ichimdan bir quvoniq kelib, umidlanardim.
Chunonchi, qo‘qonlik do‘xtir Solijon Erkin boshchiligidagi Turkiston milliy jamiyati nashrlari shu yo‘lda faoliyat olib borayotganlardan. Goh takyaning keng bir xonasida milliy liboslar ko‘rgazmasi tashkil etilar, goh yig‘ilishlarda milliy o‘yinlar, milliy taomlar namoyish qilinib, qadriyatlar esga olinardi. Hatto Nav-ro‘zlarda sumalak pishirib, ajdodlar an’analarini tiklashga urinishardi. Keyinchalik, Turkiya madaniyat markazlari yordamida Turkiston ko‘makchi jamiyati  faoliyat boshladi. Madaniy, siyosiy va ijtimoiy faoliyatlar yerlik turk qardoshlar ichida e’tibor topa bordi, hatto davlat idoralari nazariga tushdi.
Jamiyatlarning siyosiy faoliyat olib borishi man qilingan bo‘lsa-da, biz, turkistonliklar, bu borada erkin edik. Xususan, urushda asir tushib, keyin Turkiya homiyligida yurtga olib kelingan hamyurtlarning hayoti turk qardoshlar orasida alohida e’tiborga ega edi. Bir zamonlar Turkiya istiqlolida ishtirok qilib, shahid bo‘lgan turkistonliklar Afg‘on pasportlariga ega bo‘lganlari uchun afg‘on hisoblanishar, bu afg‘onlar manfaatiga xizmat qilardi. Turkistonliklar va jamiyatlar orqali haqiqat ro‘yobga chiqib, men va menga o‘xshaganlar e’tiborga tushib qoldik. Rasmiy idoralarning bizlarga ko‘rsatgan aloqa va e’tiboridan cho‘chigan sho‘rolar turkistonliklarni ichidan yemirish maqsadida oramizda yurgan  duduq Mahmudga o‘xshagan maxfiylar borligini rivoyat qilishardi. Vatandan ayro muhojirlarga “Vatan xoini”, ularni yomonotliq qiluvchilarni esa “Vatanparvar, millatchi” deya bong urayotganlar Mahmudning dumlari ekanligini aniqlaganlar bor edi. Xalq ikkilanib qolgan. Ammo egri o‘ltirib, to‘g‘ri so‘zlaganda qaysi tomonda bo‘lishidan qat’iy nazar boy-kambag‘ali, yoshu qarisi, hammasiyam Vatan, Turkiston va turk-lar uchun har zamon jon fido qilishga tayyor yurtdoshlar edi. Vatan bilan aloqa bog‘lash uchun men ham bir necha bor qishlog‘imga xat yozib, qarindosh-urug‘imni qidirgandim. Afsuski, ular yo surgun qilingan bo‘lardi yoki qo‘rquvdan bizlardan tonishardi. Asl maqsadi chetdagi turkistonliklar orasiga fitna suqish bo‘lgan Toshkentdagi “Do‘stlik jamiyati” xat yo‘llab, go‘yo bizlarga yordam bermoqchi bo‘lardi. Men ham qo‘rqmay, jasorat bilan bilib turib xatlashardim. Chunki jamiyat boshida aqli raso, xususan, samarqandlik Ziyomiddin aka, undan boshqa shoir Miad Hakimov,  Ramz Bobojon va Ahmad Luqmon degan vatanparvar, ko‘ngli oq, devyurak kishilar bor edi. Bular asli ruhan Vataniga sodiq kishilar edilar.
Yaqin kelajakda yorug‘ kunlar umidi bilan yaxshi niyatlarda chetdagi yurtdoshlar bilan aloqa bog‘lash payiga tushgandim. Shu sababli takyadagilar orasida shov-shuv ko‘tarildi. Qiziq, umrida bir bor Vatanni eslamaydiganlar vatanparvaru, bizga o‘xshashlar, baxtsizlar qora bo‘lib qolishgandi. Men parvo qilmay, munosabatni uzmay, Vatandan tarqatilgan puch xabarlar orasidan yashirilgan to‘g‘ri xabarlar chiqib qolar, degan umidda edim. Va bu umidim puchga chiqmadi. Chunonchi, 1988 yildan boshlab sovetlar qurgan soxta imoratning mixlari o‘ynab, Gorbachyov boshchiligida“qayta qurish” rejalari chizilib,“erkin fikr” kabi iboralar quloqqa chalinib qoldi. To‘g‘risi, 70 yil zulm ostida kaltak yeb mehnat qilgan, asl jumhuriyat xalqlariga yangicha siyosat asosida sirtini silab turib, yaxshi gap bilan avrab, yana ham ko‘proq foyda olmoqchi bo‘lishardi. Ammo“qayta qurish” bir turtki bo‘ldiyu ichdan yetilib kelgan ozodlik tuyg‘usi junbushga keldi. Qadim Turkiston jumhuriyati  milliy xalqlari ham fursatni g‘animat bilib, milliy tuyg‘u otashida haqlarini talab va himoya qila boshladilar. Bu yog‘i o‘quvchiga ma’lum. O‘zbekiston 1991 yil 1 sentyabrda o‘z milliy bayrog‘ini tikladi.
O‘zbekiston gazetalari Prezident I.Karimovning“Biz nima uchun birovlar oldida tiz cho‘kishimiz kerak? Biz o‘z xalqimizning xohish istagiga qarab ish ko‘rishimiz kerak” kabi  fikrlar bilan chiqa boshladi. Bu haqiqiy uyg‘onish edi. Nihoyat, Turkiston, xususan, o‘zbek xalqining  butun dunyo diqqatini o‘ziga jalb etganligi ulug‘ saodat edi. Men o‘zimga achinib ketaman, chunki bir umr bug‘doy ekib, arpa o‘rib keldim. 
Takyada uzoq qolishim menga to‘g‘ri kelmayotgandi,“Hazrati Ayub” tomondan bir hovli sotib olib, o‘sha yerga muqim o‘rnashdim. Mabodo Vatanga qaytolmasam, shu tabarruk yerda xokim qolar, deb o‘yladim.
Vatanga qaytish harakatlaridan  natija chiqmadi. Men siyosatchi emas, oddiy inson edim. Sho‘rolarda insoniy tuyg‘u o‘rniga hayvoniy tuyg‘u hokim edi. Shu bois ham u abadiy qololmadi. Xudoning adolati tajalli qilib, sho‘rolar parchalanib, aziz o‘lkam ozod bo‘ldi. Ochilgan darvozalardan biz tomon kirib kelgan, men doim sog‘inib kutganim  yurtdoshlarimga hamisha bag‘rim ochiq. O‘rni kelganda ba’zilarga moddiy va ba’zilarga ma’nan yordam berib, yo‘l ko‘rsataman. Ha, oralaridan bitta-yarimta jonkuyar qarindoshim chiqib qolarmikan deb umid qilaman-u, ammo umidlarim puchga chiqadi. Hozircha hech kim chaqiruv qog‘ozi yuborib, Vatanga da’vat etganicha yo‘q. 
Mazlum Vatanga-ku, borolmagan edim, endi Olloh madad bersa, ozod Vatanga bir kuni qaytib borish menga ham nasib etar. Chunki  Vatan sog‘inchi  dilu jonimni yoqmoqda. Xayr, Xudo iymondan ayirmasin. Vatan omon bo‘lsin, Vatan sog‘ bo‘lsin! Rangi ro‘yim somon bo‘lsa ham, mayli, ona-yurtim omon bo‘lsin. Avvalda ham, hozirda ham hech qanday qiyinchilik va judolik meni fikriy, g‘oyaviy yo‘limdan qaytarolgani yo‘q. 
Biz esa Vatanimizga sig‘madik, ammo Vatan muhabbati, Vatan orzusi bilan oxirat ostonasigacha yetib kela olibmanmi, demak bundagi hikmat ham Ollohimga ayondir. Omon bo‘lingiz...
Jabrdiyda o‘zbek xalqi tarixida shunday davrlar bo‘lganki, fan va madaniyat ahli erkin nafas olish, yayrab-yashnab ijod qilish, ilmiy asarlar yaratish uchun boshqa yurtlarga ravona bo‘lganlar. Ammo bolsheviklar tarix sahnasiga chiqqanlaridan keyin ko‘hna Turkiston va turkistonliklar hayotida shunday mushkul davrlar boshlandiki, ozgina yer-suvi bo‘lib, emin-erkin yashayotgan kishilar “quloq” qilindi, yer-suvi, mol-mulki tortib olinib, o‘zlari aziz jonlarini, bola-chaqalarini XX asrning“ya’juj-ma’juj”laridan saqlab qolish istagida xorijiy mamlakatlarga bosh olib ketdilar. Ularning bir qismi chegara joylarda tutib olinib, otib tashlandi, boshqa bir qismi Amuni kechish chog‘ida daryoga g‘arq etildi, omon-eson qolganlar esa Xitoy, Afg‘oniston, Turkiya, Saudiya Arabistonidan boshpana topdilar.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.