OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sunnatulla Anorboyev. Yaxshilik urug’i (hikoya)

Yerda qor yo‘q — qora sovuq. Ikki chetda arjinoy nonday qop-qora shudgor. Asfalt yo‘l ho‘ ufqdagi o‘rmonga borib taqaladi. «Ikarus» yer tanobini tortib suvday boryapti. Ahyon-ahyon bug‘doy poxol g‘aramlari lip-lip o‘tadi.
Yaqinlashyapmiz — o‘rmon tobora bo‘y cho‘zyapti, go‘yo biz tomonga yopirilib kelayotganday. Yalanglikda haykal ko‘rindi: bosh eggancha ona sukutga cho‘mgan... Vujudim jimirlab, yuragim hapriqdi. Ko‘zim yoshlandi. O’ttiz yil... o‘ttiz yildan ortiq ko‘rishmagan birodarim u yerda meni orziqib kutayotganday edi.
Avtobusdan tushdim. Lablarim uchadi, tizzalarim qaltiraydi. Qani o‘zimni bosa olsam. Qabristonga kirdim. Hammayoq muz. Jimjit. Faqat oyog‘im ostidagi to‘ng yer kisirlaydi — ozor chekqanday tuyuladi. Kadamimni ehtiyotlab bosaman. Sochlari to‘zg‘igan yalang bosh ona. Yonog‘ida tosh kotgan tomchi yosh. Chehrasida mung. Dol bukilgan qomatida mung. Yupqa lablari qimtilgan. Motamsaro, ich-ichidan ezilib, pinhon yig‘lardi.
U mana shu ko‘yda, farzandidan ayrilgan necha minglab onalar ramzi, xalq dardi timsoli sifatida ko‘p yillar turgan. Bundan buyon ham turadi. Yog‘in-sochinli, jazirama issiq, qahraton sovuq kunlarda, zulmat tunlarda ham mana shunday yolg‘iz turaveradi. U go‘yo qarshisidagi qabr toshlari ostida qator yotgan, yer yuzida adolat va tartib o‘rnatish uchun fashizmga qarshi kurashda halok bo‘lgan mard o‘g‘lonlarining osuda uyqusini ko‘riqlardi.
Mozor, keta-ketguncha mozor. Bir-bir bosib, qabrlarni oralab, birodarimni izladim. «Kichik serjant Makarov Aleksandr Borisovich, 1922. 1943 yil 8 iyulda Vatan uchun bo‘lgan jangda qahramonlarcha halok bo‘ldi». Uning yonidagi qabr toshiga: «Oddiy askar Beyshenbekov Ummet, 1924. 1943 yil 9 iyul...» deb yozilgan. Undan narida Xudoyberganov, Olimboev, Dolenko yotibdi. Tasavvur etaman: bular o‘sha vaqtda endigina mo‘ylovi sabza urgan, o‘n gulidan bir guli ham ochilmagan yosh-yosh yigitchalar edi.
Bu yerda yotganlar bilan biz bir avlodmiz — deyarli bari tengdoshlarim. Ammo mening qon-qarindosh birodarim qani? Xayolan ulardan so‘roqlayman. Qabrda yotganlarning qiyofasi ko‘z o‘ngimdan ayon bo‘layotganday tuyuladi. Go‘yo ulardan biri: «Buyoqda», deganday, chap yelkasi tomon harbiylarchasiga keskin bosh irg‘aydi. Boshqasi ham ana shunday unsiz imo qiladi. Ba’zilari: «Salom, hamshahar!» deya kulib boqqanday bo‘ladi. Boshqasi esa: «Endi keldingmi?» deb ta’na qilganday qovoq uyadi. Majaqlangan chanoqlar, o‘pirilgan ko‘zlar... Ayrimlarining qo‘li, oyog‘i yo‘q, boshqasining qovurg‘alari mina portlab yoki bombardimonda tilka-pora bo‘lgan...
Saf tortgan qator-qator qabrlarni oralashda davom etaman. Oradan... bir soat ham o‘tibdiki, hamon izlayman. Yura-yura o‘rmon yoqasiga yetib qolibman. Qadamimdan ko‘zim ildam — tevarakka olazarak boqaman. Shunda daf’atan... U chetdagi toshda... ishongim kelmaydi... Yog‘in-sochin chaplashtirgan harflar bir-biriga ulandiyu... Yuragim gupillab urib ketdi. Oxir topdim!.. Seni topdim, jigarim! Peshonamni muzday marmarga qo‘ydim. Shunda birodarim go‘yo ko‘zlarini asta ochdi:
— Keldingmi? — dedi.
— Keldim, — deya shivirladim.
— Uzoq kutdim, — deganday bo‘ldi u.
Xijolatdan boshim xam. Yuzimning o‘ti chiqib ketganday bo‘ldi. Vijdonim qiynaldi. Qidirsang, bahona topiladi. Biroq o‘zimni oqlashni istamadim.
— Kech bo‘lsa-da, keldim... yo‘qlab, — dedim.
Sukunat. Ranjimadimikan? Yuzini o‘girib, chetga qaraganday bo‘ldi. Keyin yonimga kelib turdi. U hayotligida ko‘zlari chaqnab, olamga havas bilan boqardi. Shuning uchun ham hazilkash yangasi: «Bodroq ko‘z qaynim!» deya tegishardi.
Yarqiragan keng manglayli, ochiq chehrasidan quvonch yog‘ilib turardi. Yo‘q, hozir uning «bodroq ko‘zlari» pirpiramas, nigohi oqshom kabi so‘niq, qiyofasida ushalmagan orzular nuqsi xuddi oxirgi bor yuborgan fotosuratidagiday... Boshida qizil yulduzli pilotka, egnida yelkalaridan qaynab chiqqan sho‘r dog‘li gimnastyorka, belida sirib bog‘langan kamar... (Front gazetasida bu fotosurat tagida uning to‘g‘risida hikoya qiluvchi maqola ham bor).
Ulkan mis qo‘ng‘iroqning hazin tovushi qulog‘imga chatindi. Buni Tojiddin ham eshitdi shekilli, seskanganday bo‘ldi nazarimda. Beixtiyor Beryozovka qishlog‘iga boqdim. U tepalikda joylashgan. Bu yerdan aniq ko‘rinadi. Ayniqsa, oppoq cherkov siyrak tuman ichida muallaq qalqib turganday. Uning baland minorasidagi katta-kichik mis qo‘ng‘iroqlar «Dong-ding, dong-ding!» qiladi...
Beryozovkalik keksalarning hikoya qilishlaricha, urush davrida bu qishloq necha bor qo‘ldan-qo‘lga o‘tgan. Urush boshlanishi oldida qurib bitkazilgan, hali bo‘yog‘i qurimagan yangi klub hammaning ko‘z oldida lovillab yongan. Snaryad, minalar zarbidan ne-ne umid bilan tiklagan boshpanalarining kuli ko‘kka sovurilgan. Butun boshli qishloqdan ilma-teshik bo‘lib ketgan shu cherkov va so‘ppayib-so‘ppayib uylarning mo‘rilarigina qolgan. Bu yerga dafn etilganlar o‘sha beomon janglarning qurbonlaridir. Sen esang, jigarim (qirq uchinchi yilning yozida xonadonimizning eshigini qoqqan mash’um qoraxatdan ma’lum), dushman istehkomlariga qarshi butun Kursk temir halqasi bo‘ylab boshlangan mislsiz shiddatli hujumda qatnashgansan, to‘qqizinchi iyul kuni esa...
— Yolg‘iz men emas... — deb shivirlaganday bo‘ldi Tojiddin.
Bilaman, birgina sen emassan. Do‘stlaring ham bor edi atrofingda. Polk... diviziya — hammalaring yoppasiga yov ustiga yopirilib hujum qilgansizlar. Ikkala tomondan ham minglarcha to‘plar, minomyotlar cho‘g‘ga aylangan po‘lat, ma’dan purkagan. Qiruvchi, shturmchi samolyotlar osmonu falakni to‘ldirib g‘izillab uchgan tonna-tonna bomba, qo‘rg‘oshin yog‘dirgan...
Mozorda yotganlar, nazarimda, so‘zlarimni eshitib bezovtalanayotganday edi.
— O’z suhbatimiz bilan hamsoyalaringning tinchini buzmaylik, yur, - dedim xayolan birodarimga.
Qabristondan asta chiqib, o‘rmonga kirdik. Darvoqe, bu yerdan ko‘rinib turgan qishloqni Beryozovka deganlaricha bor: o‘rmonda shoxlari sollangan, po‘sti oq, ola-bula atlasday yaltiroq qayin daraxtlari archa bilan aralash. Oyoq ostida qizg‘ish-sarg‘ish barglardan gilam: shox-shabbalar qisirlaydi. Sovuq. Ignabarglarda qirov.
Tojiddinning sovuqdan rangi o‘chgan, lablari gezarganday ko‘rindi ko‘zimga.
— O’zbekistonimizda sovuq bunchalik bo‘lmasa-da, har qalay u yerda ham xazonrezgi payt, — deyman birodarimga. — Biz tomonlarda kuz sho‘xligi shumlikka aylanib ketadigan paytlar ham bo‘ladi. Sog‘ingansan, bilaman. Hamma narsa ham sog‘inganda soz ko‘rinadi. Lekin to‘g‘ri, bu yilgi kuzdan ginamiz yo‘q. Dehqonning omadi kelgan — to‘kin-sochin kuz bo‘ldi. Paxtani-ku, o‘zing bilasan, esimizni taniganimizdan yagana, o‘toq, chopiq, terimga chiqardik. Mehnati og‘ir, ammo sharafli. Bu yil Kangkatog‘dan ham baland xirmon ko‘tardik oq oltindan. Ha, yuzimiz yorug‘! Shaharda, qishloqda — hammayoqda to‘y, maraka. Ayniqsa, juma yoki shanba oqshomi karnay-surnay, nog‘ora suronidan, yigitlarning xushchaqchaq qiyqirig‘idan yetti qat osmon yangrab ketadi...
Birodarimning ko‘zlarida havas, armon yalt etganday bo‘ldi.
— Aytganday...
Tojiddin mendan bir nima kutganday hushyor tortdi.
— Bir-ikki yil burun Norin yoqalarini aylanganimda... ho‘ yuragingdan urgan qiz bor edi-ku, o‘shani uchratdim.
Nazarimda Tojiddin titrab ketdi. Bir qizardi, bir oqardi. Bolalikdan qolgan uyatchanligi yonoqlarida zuhur etdi.
— Eski oshnolarimdan biri... taniysan, sening ham oshnang: «Bizning eshikka ham kirib o‘ting, bir piyola choyimiz bor», deb qistab qo‘ymadi. Bordim. Shohi-atlas ko‘rpachalar, biqiningda paryostiqlar. Dasturxonda anvoyi noz-ne’matlar. Uzum, anor, nashvati — shirin-shakar mevalar. Achchiq ko‘k choy. Bolaligimizni esladik. Norindan baliqday suzib o‘tib, orolda mol boqqanlarimiz, to‘qayda yurib, qirg‘ovul qochirganlarimiz, daryo bo‘yidagi qumloqda kuch sinashganlarimiz — hech narsa qolmadi-yov. Sen chakki emas eding! Bolaligimda men chuvakroq, sen yelkador, otamizga tortganding. «Yotib otar» qilishning xo‘p mashqini olganding. To‘rt-besh yasharlik paytimiz bo‘lsa kerak. Hovlida ariq-ariq o‘ynayotgan edik, shekilli. Sen teshada kavlab, men enkayib tuprog‘ini qo‘lim bilan tortayotganimda boshimga bir nima qars etib tushdi... Men chirqiragancha yumalab qolganman. Sen bo‘lsang, qo‘rqqaningdan qayoqqadir tiraqaylab qochgansan. Ha, bilmasdan solib qolibsan. Onam bechora qayoqdandir paydo bo‘lib meni dast ko‘targanu o‘choq boshiga yugurgan. Kimdir sochimni qaychilab, tesha tekkan joyni ochgan. Yana kimdir kigiz kuydirib bosgan - qonni to‘xtatgan. Shundan keyingina sen eslariga kelgansan. Faqat nomozshomda, sigir podadan qaytgandagina seni qorong‘i molxonadan — oxur ichidan topishgan. Miq etmay bekinib yotib uxlab qolibsan. Ertasi kuni o‘rtamizda hech narsa bo‘lmaganday yana birga o‘ynab ketganmiz. Ana shunday, jigarim! Mening badanimda qonli urush bosgan tamg‘alar bilan birga sening kichkina momiq qo‘ling qoldirgan iz ham bor. Eski qadrdonimning dasturxoni atrofida o‘tirganimizda goho kulib, goho xo‘rsinib shularni ham esladik.
Suhbatimizga aralashib, fayz kiritgan uy bekasi... Kel, otini aytmay qo‘yaqolay. «Adasi, osh...» deya oshnamizning esiga soldi ibo bilan.
O’zing bilasan, biz erkaklar palov damlashda ayollarga nisbatan o‘zimizni ustasi farang sanaymiz. Ayollarimiz ham bizning bu «ojiz»ligimizdan juda mohirlik bilan foydalanishadi. Uy bekasi menga qarab jilmaydi-da:
— O’rtog‘ingiz oshga ustalar. Men hecham o‘xshatolmayman, — deb qo‘ydi. Oshnamiz ko‘p ajoyib mehmonnavoz kishi. Rafiqasining bu maqtovi shunchaki iltimos ekanini tushunadi. Biroq bo‘sh kelmay, hazilga hazil bilan javob qaytarib o‘rnidan turdi:
— Ha, yo‘g‘asam-chi! Hozir boplaymiz-da!
— Qarashib yuboraymi? — dedim.
— Yo‘g‘-e, bari tayyor! — dedi uy bekasi. — Faqat guruchni solib, bostirsalar bas.
— Silar o‘tiravuringlar! Birpastda gatop qilamiz!... — dedi-da, oshnam mehmonxonadan chiqib ketdi.
Suhbatimiz davom etdi. Yana — yoshlik xotiralari. Uy bekasi — sochiga oq tushgan ayol o‘ksinib qo‘yib seni esladi:
— Qovun-tarvuzlarimiz pishishga yaqin kapaga ko‘chib chiqqandik... Bu chekkada men, u chekkada ukam, o‘rtada acham... Supada qator yotamiz. Dadam ishchi bataloniga olingan, urush payti. Uyqum kelmay xayol surib chigirtkalarning chirillashi, qurvaqalarning qurillashiga quloq solib yotgandim. Osmon to‘la yulduz deng. Bir vaqt allaqanday sharpa... uyat qimaysizmi? — uy bekasi — to‘ladan kelgan kulcha yuz ayol men tomonga ibo bilan bokdi ro‘molining uchini tipshab.
— Qani, eshitaylik-chi, keyin o‘ylab ko‘ramiz! — dedim hazillashib.
— Xudo olsin! — deya qosh qoqdi u. — Yetti bolaning onasi bo‘lganimda kimam uyat qilardi! Qarasam oppoq oq kiyimda... oq ko‘ylak, oq shim, oq tuflida... Tanib turippan — Tojiddin! Ko‘zimni chirt yumdim. Yuragim urib ketyapti deng. Asta oyoq uchida yurib tepamga keldi. Nafas olishiga qadar eshitib yotippan. Ammo ko‘zimni ochishga ko‘rqaman. Yosh ekanman-da! Axiyri engashdi. Yostig‘imga nimanidir qo‘ydi-yu, yana oyoq uchida yurib uzoqlashdi. Ko‘zimni ochganimda u yo‘q edi: faqat bir dona qizil gul qoldirib ketibdi... — uy bekasi shunday dedi-yu, yerga qaragancha dasturxonning popugini himarishga tushdi. Anchadan keyin xo‘rsinib:
— Yosh ekanmiz... — deb qo‘ydi.
Nazarimda, Tojiddin jo‘shib ketdi. Qo‘ng‘irga moyil qo‘yko‘zlari chaqnadi. Keng chakkasidagi tangaday qoramtir (ismiga monand) xoli lov etib yonganday bo‘ldi. U shitob bilan olg‘a intildi. Men ham qadamimni tezlatdim. Negadir ichim to‘lib borayotibdi. Xilvat o‘rmonda dodlagam keladi. Qulochimni yozib osmon baravar xipcha oq qayin atrofida gir aylandim-da, Tojiddinning yo‘lini to‘sib, so‘radim:
— O’shanda ko‘nglingga tuggan so‘zlaringni unga?.. — chamasi men so‘rog‘imni tugatar-tugatmas butun qayinzor go‘yo: «Sevaman... Sevaman... Sevaman...» degan sadodan yangrab ketdi.
Tojiddin indamadi. Lablarini tishlab, ko‘zlarini xazonrezgi to‘shalgan yerdan uzmadi.
Oh, jigarim, sezib turibman, aytmoqchi bo‘lgan otashli so‘zlaring bari ichingda qolgan. O’zing bilan birga olib ketgansan!
Qachonlardir sen o‘pkang og‘zingga tiqilguday bo‘lib, bir qirg‘iz kelinchagining hazilini so‘zlab berganding. (Ha, biz aka-ukaning oramizdagi farq atigi bir-bir yarim yosh... deyarli tengdoshmiz. Shuning uchun ham eng yakin do‘stlar singari o‘rtamizda sir yotmas edi.)
Sen bedazorning chekkasida o‘tlayotgan qashqa sigirimizni sero‘t joyga siljitgansan-u o‘zing katta ariq bo‘yiga chiqib, ajriqzorga ag‘anagansan. Pastda sharrilagan suv, tepangda sarvqat mirzateraklar. Shabadada kumush barglarning shildirashi. Sen chalqancha yotib rohatdan entikkansan-u, uyquga ketgansan. Bir vaqt burningga pashsha qo‘nganday bo‘lgan. Sen qo‘l siltab haydagansan. Xira pashsha yana qo‘ngan. Yana qo‘l sermagansan. Shunda qiqirlagan kulgidan uyg‘onib ketgansan. Ro‘parangda... yo‘q, ertaklardagi gulqahqah parilar emas, ikkita yosh-yosh qirgiz kelinchak. Ulardan birining qo‘lida uzun g‘umay. Burningga qo‘nib, uyqungni bezovta qilgan «pashsha» shu g‘umay boshog‘i ekanini payqagansan. Shu kelinchak oyog‘i ostidagi tuprog‘i o‘ynab ketgan so‘qmoqqa qo‘lidagi g‘umaypoya bilan: «Bir o‘psang-chi!» deb yozib qo‘ygan. Uning o‘yinqaroq ko‘zlari senga tikilgan. Sen bo‘lsang dam tuproqdagi yozuvga qaraysan, dam kelinchakka. Qalbingda o‘smirlik hislari tug‘yon uradi. Yuragingning gupullashi, chakkangning lo‘qillashi garang qilgudek. Tomirlaringda qon qaynashi shunchalikki, aql-hushingni yo‘qotgansan. Senga qadalgan sho‘x, mug‘ombir ko‘zlar qarshisida tiling lol. Shunda qo‘qqisdan qaxqaha yangradi. Hazilkash yangachang qo‘lidagi g‘umay bilan tuproqdagi mehrli yozuvni o‘chirdi-da, ketdi-vordi. Ular katta ariqdan o‘tib, o‘siq makkajo‘xori ichidagi so‘qmoqqa burilganlarida sen tomonga qayrilib, yana xoxolashdi.
Bu voqea ikkovimizning gurkirab palak ota boshlagan beg‘ubor o‘smir qalbimizni anchagacha hayajonga solgan, o‘rtamizdagi sirli suhbat mavzuiga aylanib qolgan edi.
Qulog‘imga olis joyda chalinayotgan hazin bir kuy eshitilganday bo‘ldi. Ana goh zo‘rayadi, goh pasayadi. To‘lqinlana-to‘lqinlana o‘rmon ustidan o‘tayotganini ham payqab turibman. U go‘yo tund bulutlar ketidan qayoqqadir shoshadi. Yo, alhazar! Bu navo-ku. Elimizning iliq nafasi! Eshityapsanmi? U bizni mehribon ona kabi quchoq ochib chorlayapti.
Nazarimda Tojiddin ham eshitdi. Eshitdiyu titrab ketdi. Shunda o‘rmon ham chayqaldi. Daraxt shoxlaridap ukki pariday yengil, oppoq qirov to‘zg‘idi.
Tojiddin toqati toq bo‘lgan odamday, go‘yo hayqirdi:
— Shu haqda so‘zlasang-chi! Axir ota-onam... Oh, shu qadar sog‘inganmanki! Qavm-qarindosh, yor-do‘stlar omonmi? Aytaqol tezroq!
— Sabr qil, jigarim. O’zingni bos. Hammasini aytaman... — dedim-u, lekin so‘zni nimadan boshlashga boshim qotdi. Daf’atan ota-onamiz... Yo‘q, og‘ir zarba bo‘ladi unga. Hayotimizdagi eng charog‘on lahzalar, kunlarni yodiga solib quvontirgim keldi. — Jiydakapa esingdami? O’ttiz besh... o‘ttiz yettinchi yillar? Rayonda yagona to‘liqsiz o‘rta ma’lumot beradigap qishloq yoshlar maktabi? Ota-onamiz bag‘ridan uzilib yigirma besh kilometr yirokda yotib o‘qiganlarimiz?
Tojiddin bosh irg‘aganday bo‘ldi.
O’ttizinchi yillar ancha og‘ir yillar edi. Internat-maktabimizda nonushtaga yarimta non bilan choy berishardi. Kechqurun ham shunday. Ba’zi kunlari oq non, ko‘pincha qora non. Tushligimiz ba’zan quyuq, ba’zan suyuq bo‘lardi. Ko‘pincha yovg‘on osh, qozon qusib qoraygan moshxo‘rda bilan qanoatlanardik. Maktabning yer uchastkasida sholi o‘toq qilardik, paxta terardik. Oyog‘imiz, egnimiz yupun. Kunlarimiz o‘tishi ham bir nav — goh och, goh to‘q. Ammo shunga qaramay, nolish nimaligini bilmasdik! Ruhimiz baland, kech kirishi bilan sen havaskorlar to‘garagiga choparding — takatum-tak — childirma chalarding. Men bo‘lsam, bo‘sh sinfga qamalib olib, yettinchi lampa chiroqni lipillatib, devoriy gazetaning navbatdaga sonini tayyorlardim. (Amalimni suiiste’mol qilib, ko‘proq o‘z «asar»larimni tiqishtirardim!) Toji Husniy... O’ta g‘amxo‘r murabbiyimiz bor edi! Sochini ustarada oldirib, yozda oq to‘r do‘ppi kiyardi. Tishlari sun’iy sadafdan. Biror narsadan hayajonlansa shaqirlab ketardi. Biz bolalar bolalik qilib qo‘ysak, koyish o‘rniga quyuq qoshlarini uchirib-uchirib samimiy kulardi. Husniyning oilasi Namanganda, o‘zi esa, yotog‘imizga yaqin alohida xonada yolg‘iz yashardi. Kechalari lampa chiroq atrofida dars tayyorlayotganimizda yoki o‘ringa yotganimizda kirib, mehribon onaday har birimizning tepamizga kelar, agar ustimiz ochilib qolgan bo‘lsa, yopib qo‘yardi. Keyin ohista yurib chiqib ketardi. Ertalabdan esa sinfda bo‘lar, ona tili va adabiyotdan dars boshlar edi. «A» bilan «O»ning farqiga bormaydi ukangiz, — derdi goho sening imloingdan ko‘ngli to‘lmay. Bir safar Taras Shevchenkoning «O’lsam, do‘stlar, qo‘yingiz...» misralari bilan boshlanuvchi «Vasiyat» she’rini yod o‘qiganingda jimgina o‘tirib tinglayotgan Husniy ko‘ziga yosh olganini gapirib berganding. Endi bilsam, buning ajablanadigan joyi yo‘q: keksalik alomati ekan...
Sen keyinchalik Farg‘onaga borib pedagogika institutining geografiya fakultetiga o‘qishga kirding. Qalbingda geografiyaga havas kim tufayli uyg‘ongan, bilasanmi? O’sha bir oyog‘i yog‘och geografiya o‘qituvchimiz Qurbonov tufayli! U qo‘ltiqtayoqda salobat to‘kib kirib kelardi. U bilan birga sinfga xarita, globus, ko‘rsatkich tayoqchasi ham kirib kelardi. Qarabsizki, qit’alar bo‘ylab xayolan sayohatimiz boshlanardi. Ko‘p maroqli sayohat!
U, sendan eshitgandimmi, bir oyog‘ini Namangan va tevarak-atrofdagi qishloqlar aholisi boshiga ko‘p kulfatlar solgan Omonpolvon to‘dasiga qarshi kurashda yo‘qotgan ekan. Shuning uchundirki, cho‘loqligidan hech o‘ksinmas, doim mag‘rur, qadam olishi bardam edi. Qurbonov bizni goho kunduz, goho kechasi ekskursiyaga olib chiqar, kompas bilan yulduzlar yordamida tomonlarni aniqlashni o‘rgatardi. O’sha vaqtlarda Jiydakapaning chetida ko‘hna tepalik — mozoriston bo‘lardi. Keksalar uni «Kat» deyishar, qadim zamonlarda tevarak-atrof to‘qay, botqoqlik bo‘lib, to‘qayzorda yovvoyi cho‘chqa, yo‘lbarslar yashar ekan. Odamlar esa Katda jon saqlashgan, deb rivoyat qilishardi. Kurbonov «tabiat quchog‘iga» ekskursiya uyushtirganda bolalarni, aksari, shu tepalikka boshlab chiqib, atrofni tomosha qildirishni yaxshi ko‘rardi. Oldinda o‘zi. Keksa, ko‘pni ko‘rgan sarkardaday mag‘rur qadam tashlardi. Yog‘och oyog‘i g‘ijirlardi. Biz esa uning sodiq qo‘shini, saflarimizni jipslab, tepalikka hamla qilardik. Yuqoriga chiqqanimizdan keyin hammamiz hansiragan, qizishgan bir kayfiyatda Qurbonovning atrofida doira yasaymiz. U bo‘lsa tayog‘iga tayanib, o‘ig qo‘lini boshimiz uzra ko‘tarib, atrofga suqdanib boqadi va xitob qiladi:
— Mana shu, Vatan!
Tepamizda charaqlagan quyosh, uzoqlarda Oloy tog‘i. O’rik shoxlari orasidan esa oynaday yaltirab Norin ko‘rinadi. Undan berirokda sholipoya, paxta dalalari. Kun botishda esa keta-ketguncha bog‘-rog‘lar, qishloq tomlari. Shular orasida aeroplanga o‘xshab ketadigan bizning maktab-internatimizning hashamatli binosi ham bor.
Jigarim, Vatan so‘zini birinchi bor sen bilan men o‘sha geografiya o‘qituvchimizdan eshitmaganmikanmiz? Vatanga muhabbat urug‘ini bahorgi shudgorday ko‘pchigan bizning murg‘ak qalbimizga ilk bor u sochmaganmikan?
Harqalay, sen sinfdoshlaring tomonidan tan olingan «jug‘rofiyachi» eding: xaritaga orqa o‘girib turib bolalarning falon shahar, falon tog‘ yoki daryo qaerda, degan savollariga falon qit’a, falon mamlakatda, falon joyda, deya aniq javob qaytararding.
Sen chinakam sayohatlarni orzu qilarding... «Yozgi ta’tilda Norinning boshiga bormaymizmi?» deya o‘rtoqlaringning yuragiga o‘t solarding. Shundan keyin ulug‘vor daryoning tog‘ boshidagi qor erishidan hosil bo‘lgan jildiragan irmoqchadan boshlanishini tasavvur etganingda ko‘zlaring hayratdan pirpirab ketardi. Umuman, sen tabiatga hayrat bilan boqarding. Bir yangi so‘z, yoki g‘alati o‘xshatish ham seni hayajonga solardi. Yodimda, «Alpomish» dostoni qo‘lingga tushgan kezlar edi. Bir safar tun yarimda meni uyqudan uyg‘otib:
— Manavi so‘zni eshit, — deya pishillaganding qulog‘im tagida. Zavqing toshib borayotganini kosasidan chiqayozgan ko‘zlaringdan ham bilsa bo‘lardi:
Qurru-yo qur, hayt-a, to‘ramning oti!
Oq to‘shim — yayloving, sochim — shipirtki.
— Oq to‘shim — yayloving... Ana! — deya xitob qilganding kitobni yopib. -Bundan ortiq sadoqat bo‘ladimi!
Sen keyincha armiyaga chaqirilganingda yukxaltangga o‘sha otashin muhabbat, chinakam sadoqat, beqiyos jasorat haqidagi xalq dostoni «Alpomish»ni solibsan. Ham dono, ham soddadil, ham jo‘mard, ham mehr-shafqatli xalqimizning dur-gavhar so‘zlaridan tizilgan bu doston sening og‘ir, qahramonona yo‘lingda hamisha hamrohing bo‘lganiga aminman. U balki qabringda ham sen bilan birgadir. Seni dafn etgan quroldosh do‘stlaring uni yostiq o‘rnida boshing ostiga qo‘yishgandir?
Tojiddindan sado chiqmasdi. U o‘sha armiyadan uyga oxirgi marta yuborgan suratidagiday ma’yus. Boshida pilotka, egnida gimnastyorka... Suratda shunday. Qor-qirovli qora sovuq. Buning ustiga, o‘rmon bo‘lishiga qaramay uni boshqacha, qishlik formada — boshida quloqchin, egnida shinel kiygan qiyofada tasavvur eta olmadim. U boshini ham qilgancha, etigini sudrabroq bosib men bilan yonma-yon borardi. Nimanidir so‘rashga jazm etgan kishiday lablari qimtilgan. Payqadim. U gapni chalg‘itib uzoqtsan boshlaganimga ko‘ngliga g‘ulu tushgani aniq: sezmasligi mumkin emas. Oh, mehribon ona, padari buzrukvorimiz! Qaysi til bilan unga, ular olamdan o‘tgan, deya olaman?
— Esingdami, dadangdan dakki eshitganing... Ho‘, temir yo‘l yoqasida suv sug‘organingda?
Tojidtsin esladi shekilli, asta bosh irg‘adi.
— Yozgi ta’til paytlari qo‘limizdan kelgancha sigir-buzoqqa qarash, tomorqadagi ekinlarni o‘tash, chopikdan chiqarish, tom suvoq deganday, uy-ro‘zg‘or ishlariga qarashardik. Bir kuni ekinlarni sug‘orib yurgan otamiz ta’ziyaga boradigan bo‘lib qoldilar. Sen ishlariga qarashib turadigan bo‘lding. G’o‘zalar ayni gulga kirgan payt edi. Otamizning qo‘llaridan ketmonni olib, kartani bir aylanib kelgansan. Jildiratib taralgan suv, sening nazaringda ozga o‘xshab ko‘ringan: egatlardagi suv kartaning yarmiga ham yetmagan ekan-da. «Dadam kelgunlaricha ekinni suvdan chiqarib qo‘ya qolay...» deb o‘qariqdan suvni ko‘paytiribroq ochgansan. Zora maqtasalar, degan niyatda qilgansan buni. Keyin tut tagiga chiqib yonboshlabsan. Ariqdagi suvning sharillashi, g‘ir-g‘ir esgan shabadaning ko‘kragingta tegib erkalashidan mast bo‘lib, uyquga ketibsan. Bir vaqt dadangning baqiriq-chaqirig‘idan uyg‘onib ketibsan. Qarasang: «Eh noshud bola, noshud bola!» deya o‘qarikqa chim bosayotgan ekanlar kartaga urib ketgan suv bilan olishib. Shunday tepangda esa u kishining shalpangkuloq oq eshagi seni ermak qilayotganday baqrayib turgan emish.
Koyinma. Otamiz sening bunday «bolalik» qiliqlaringdan xafa bo‘lsalar, yaxshi ishlaringni ko‘rib quvonardilar. Esingdami, yon qo‘shnimiz Xolbuvini buqachasi yumalatib qochgani? Juda semirib, quturib ketgan edi-da, jonivor! Xolbuvi kechki payt buqachasini boylab qo‘ygan joyidan yechib, hovlisiga yetaklaganicha qaytayotgan ekan. So‘na chaqqanmi, qaydam, qo‘ng‘ir buqacha o‘qalog‘lab Xolbuvini yikitibdi. Arqon qo‘l-oyog‘iga o‘ralib qolganmi, kampirni ancha joygacha sudrab sarson qilibdi. Buni sen katta yo‘dtsan velosipedda o‘tib ketayotib, tasodifan ko‘rib qolibsan. Velosipedingni tashlab, yordam bergani yuguribsan. Yetib borganingda Xolbuvi kiyim-boshi dabdala, tirsaklari shilingan, tuprokqa belanib yotgan ekan. Sen, sho‘rlik kampirni dast ko‘tarib uyiga eltib qo‘ygan eding.
Keyin uning buqachasini qidirib ketganding. Rahmatli onamiz shunda: «Qo‘ya qolsang bo‘lardi, bolam. Seni ham mayib qilmasin yana!» deya javrab kuyinganlari! Yo‘q, semizlikdan kuturgan buqachani podadan tutgansanu tumshug‘idan mahkam no‘xtapab, allamahalda olib kelgansan. Shunda otamizning turishini ko‘rsang edi! Oqsurp ko‘ylak-ishtonda. Yalang oyoqlarida kalish. Mosh-guruch soqol ko‘krakka tushadi. Ikki qo‘llari orqada. Og‘izlaridan bir so‘z ham chiqmagan esa-da, senga tikilgan ko‘z qarashlaridan: «Quyib qo‘yganday o‘zim-a! O’g‘il bola degan bundoq bo‘pti!» deya ich-ichidan quvonayotganlari ayon edi.
Ana shunday, jigarim, sen o‘zing sezmaganing holda, bolaligingdanoq boshqalarning og‘irini yengil qilish uchun hoziru nozir eding. Va shu yo‘lda, tug‘ilgan elingdan minglarcha kilometr yiroqda qullikka qarshi joningni tikding.
Otamiz uzoq umr ko‘rdilar. Suyagi mehnatda qotgan, ko‘zlari ne-ne mashaqqatu quvonchli ishlarni ko‘raverib pishgan, qo‘llari ketmon, o‘roq, ayri ushlayverganlaridan g‘adir-budir, haqiqiy dehqon edilar. Kelbatiyu so‘zlari ham dehqoncha, beso‘naqayroq... Lekin sovuq qish kunlari oyoqni sandalga tiqib, qo‘llariga Mashrabning «G’azallar»ini olib mutolaaga kirishganday bo‘lsalar, tovushlari titrar, ko‘zlari lim-lim yoshga to‘lar, mehnatda dag‘allashgan dillari misli simobday balqib ketar edi. Ammo bari bir u kishi hayotda tabiatan kurashchan odam edilar. Bizni muqadtsas jangga kuzatayotgashgarida men u kishining ko‘zlarida yosh ko‘rmadim (sen ham ko‘rmagandirsan, jigarim). Aksincha, vagon oldida turib dod-faryod qilayotgan onamizga va boshqa xotinlarga dalda berib:
«O’g‘illaring yigit bo‘lib Vatan himoyasiga otlanishibdi. Buning uchun yig‘lash emas, faxrlanish kerak!» deya nasihat qilgan edilar. Darhaqiqat, u kishining faxrlanganlariga aminman. Shukrki, sen bilan biz otamizning yuzini yerga qaratmadik. Biz himoyachilar safida bo‘ldik. Biz minglar, millionlarcha edik. Kuchli va makkor, shafqat nimaligini bilmaydigan, xalqlarimizga kelajakdagi qullar, cho‘rilar deb qaraydigan nemis-fashistlarning yo‘lini to‘sdik. Sen ana shunday beomon jangda, tarixda «Kursk yoyi» nomi bilan mashhur bo‘lgan buyuk jangda qurbon bo‘lding. Bu shum xabar eshigimizni qoqqanda otamiz o‘q tekkan sherday ingrab yuborgani, mushtipar onamiz esa sochini yulib zor-zor yig‘lagani aniq. Qavm-qarindosh, qo‘ni-ko‘shnilar to‘planib aza ochganlari ham ma’lum. Biroq ota-onamiz, ayniqsa onamiz sen haqingdagi qoraxatga u qadar ishonmaganlar. Qoraxatga ishonchsizlik bilan qarashlarlariga bois: bir kampir qoraxat olgan ekan-u, lekin o‘g‘li eshikdan o‘z oyog‘i bilan kirib kelibdi. Uchqo‘rgonda ham bittasi... Onamiz oxirgi nafasiga qadar sening yo‘lingga ko‘z tutdi. Yodingdami, ayni saraton qizitgan payt, qo‘sh quloqlik xurmachadagi qatiqni bir ko‘tarishda bo‘shatganing? Onamiz: «Tojidtsinim qatiqni yaxshi ko‘rardi», deya sen uchun o‘sha xurmachada qatiq uyutardi. Non yopganida esa: «Bolam zog‘orani yaxshi ko‘rardi», deb makkajo‘xori unidan alohida hamir oshirardi... Oxirgi marta yotib qolganida ikki ko‘zi devorda osig‘lik turgan, o‘sha sen tishlab ketgan patirda bo‘ldi. Oh, onaizor!
Tojiddin ham ko‘kka boqib oh urganday bo‘ldi. Ketimizga qaytdik. Kimsasiz o‘rmonda yolg‘iz ikkimiz. Uchgan zog‘ yo‘q, faqat oyoq ostidagi to‘ng xazonrezgilargina shitirlaydi. Tepamizda qirov bog‘lagan tikan bargli shox-shabbalar sollanib turardi.
Nazarimda, Tojiddin qattiq qayg‘urib, hamon oh urardi.
— Ko‘p kuyaverma, jigarim, — dedim asta. — O’lim haq. Buni bo‘yinga olish kerak. Ota-onamiz yomon yashamadilar. Ular ham turmushning achchiq-chuchugi, yomon kunlarni ham, yaxshi kunlarni ham ko‘rishdi. Ota-onamiz ucho‘n farzand dog‘i naqadar og‘ir ekanini bilsang eding! Ular bunga ham chidashdi — sabr-qanoati tog‘day odamlar edi ota-onalaring. Ular olamdan birovning haqiga xiyonat qilishu dilozorlik nima bilmay, haqgo‘ylik bilan yaxshilik urug‘ini sochib o‘tishdi.
— Sen o‘zing-chi, Sayfiddin? — deganday bo‘ldi Tojiddin ko‘z qirini tashlab.
— Men ham ularning yo‘lini tutganman. Yaxshidan ot qoladi, yomondan — dod, degan maqol bor. Mana sen, sening qatoringda yotgan do‘stlaring avlodlarimizning bugungi farovon hayoti uchun, fashizmga qarshi qonli kurashda jon berdinglar. Sizlarga chinakam mardona o‘lim nasib etmish. Shuning uchun ham nomlaringiz marmarga o‘yib bitilgan: nomingiz dillarimizda, tillarimizda. Hech qachon na bo‘ron o‘chira oladi, na asrlar suroni. Men ham umid bilan yashayapman... O’z ishim bilan, o‘z so‘zim bilan ko‘pchilikning dilida ziyo yoqolsam, yaxshilik urug‘ini socholsam deyman... Albatta, urug‘ sochishdan oldin, dehqon shumgnyalarni tomiri bilan yo‘qotish, chiritish uchun dalasini shudgorlaydi... Hech narsa hech qachon bemashaqqat, o‘zidan-o‘zi yuzaga kelmagan. Men ham yaxshilik urug‘ini sochay, deb el qatori mehnat qilyapman. Mehnatimning samarasi qachon bo‘lmasin bir kun yuzaga chiqar, yarqirab do‘stlarimning ko‘zlarini quvontirar, dillarida ezgulik uyg‘otar, degan umid bilan yuribman... Yashashning ma’nosi ham shunda emasmi, jigarim?
O’rmon go‘yo silkindi. Son ming kumush zarralar ko‘zni qamashtirgudek yaltirab tevarakka sochildi.
Daraxt shoxlari orasidan quyosh ko‘rindi. U uzoqda, tutayotgan qishloq tomlari ustida so‘niqqina yiltillardi.
O’rmondan chiqib qabristonga qarab yurdik. Haykal qarshisida bir dam to‘xtadik. Kimgadir o‘xshaydi. Yerga tikilgan ma’yus nigohi, yelkasiga tushgan shol ro‘molining popugini tutgan barmoqpari, ko‘m-ko‘k tomirlari o‘ynab chiqqan suyakdor qo‘llari... Aytganday, nimasi bilandir onamga ham o‘xshabroq ketadi, ha-ha, onamizga...
...Qabr tepasiga bordim.
Kun botmoqda. Qaytishim kerak. Buni u ham sezdi. Bilaman, ko‘zi qiymayapti. Ayrilgisi kelmaydi.
— Qo‘yib yubor... ilgimdan tutma. Boray. Hali bu dunyoda mening bitmagan ishlarim ko‘p. Ulgurishim kerak!
Tiriklarning o‘liklardan farqi uning mehnat qilishi, yaratishida emasmi? Men, jilla bo‘lmasa, o‘zim va sen uchun ham ishlashim kerak. Sening tiriklar orasida o‘rning yo‘qolmasligi uchunoq ishlashim kerak!
Ketdim. Orqamga qaray-qaray ketyapman. U engashib, ikki ko‘ziga yosh olib qolganday edi, nazarimda.
— Unutma, — deganday bo‘ldi.
— Yo‘q, jigarim, unutib bo‘lar ekanmi! Qor ketib, tabiat qayta uyg‘onganda kelaman. Maysa-giyohlar gurkirab o‘sganda, lolaqizg‘aldoqlar qir bag‘rini alvon rangga bo‘yaganda... Albatta kelaman quchoq-quchoq gul ko‘tarib, jigarim...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.