O‘zbekning nimasi ko‘p, to‘y-tomosha va ma'rakasi ko‘p. Bog‘cha mudirasi Lola Ahmedova o‘zining ellik yoshini nishonlash maqsadida ikki haftacha oldin jamoa a'zolariga dasturxon yozib, osh berdi. Hovli sahni supurib-sidirilgan. Bu yerdagi saranjom-sarishtalik kishi bahri-dilini ochadi. Mehmonlarning poyi qadamlaridan xonadon sohiblari xursand. Hatto qo‘shni bog‘cha tarbiyachilari ham kelishgan. Bunday paytda mudiraning qo‘ni-qo‘shni va yor-birodarlari ham qo‘l qovushtirib o‘tirishganlari yo‘q, albatta.
Ziyofat boshlanib, «qittak-qittak»dan so‘ng dasturxon atrofidagilar dadillashib, qulfi-dili ochildi. «Xush kelibsizlar», «Qadamlariga hasanot», «Olib, yeb-ichib o‘tiringlar» deyishdan charchamagan o‘rtakash G‘ani Rasulov cho‘ntagidan buklog‘liq qog‘oz olgach, unga ko‘z yugurtira boshladi.
- Aziz hamkasb va hamkasabalar, yubiley tantanasini ko‘ngildagidek nishonlash maqsadida biz bu yerga to‘planganmiz. Avvalo, to‘ygacha bo‘ladigan xizmatlar bilan tanishsak. - U biroz tin olgach, barmoqlari orasidagi sigaretini bir-ikki chertib qo‘ydi. Ko‘kka o‘rlayotgan tutun go‘yoki u bilan raqobatlasha- yotgandek edi. - Bir tandir kabob. Kim bu xizmatni zimmasiga olmoqchi?
Shu payt bog‘cha xo‘jalik mudiri Rahmat Hasanov qo‘l ko‘tarib, o‘z o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
- Olti pachka bog‘lama mineral suv... - O‘rtakashning gapi tugar-tugamas mudiraning shaharlik jiyani Furqat ismli yigit o‘rnidan dast turdi.
- Va plyus olti pachka bog‘lama «Koka-kola» hamda shuncha «Fanta». Jami o‘n sakkizta bo‘larkan, - qo‘shimcha qildi o‘rtakash.
Shundan so‘ng u ro‘yxatni o‘qishda davom etdi. Obinonni hamshira Gulasal Ochilova, tandir patirni oshpaz Gulsara Egamova va tovuq go‘shtini qo‘shni bog‘cha mudirasi Orzigul Oripova olishdi.
- Yigirma kilo olma.
Hadeganda yig‘ilganlar orasidan sado chiqavermagach, bu «xizmat» turi egasi topilguncha ochiq qoldirildi.
- Ro‘yxatning oxiri dahshat, - dedi o‘rtakash ovozini balandlatib. - Oramizda hech kim chetda qolmasligi kerak. Navbatdagisi nok va mandarin. Har biri o‘n kilodan.
O‘z zimmasiga oladigan «mard» topilavermagach, bunga ham jur'at qilib, shaharlik jiyan o‘rnidan turish uchun chog‘lanayotganida, o‘rtakashning: «Endi siz kostyumingiz tugmalarini yechib bemalol o‘tiravering», degan gaplari uning shashtini qaytardi. Nihoyat, ko‘pning qiyin-qistovidan so‘ng nok va mandarin bog‘cha uslubchisining chekiga tushdi.
- Dudlangan kolbasa.
- Men olmoqchiman, - o‘rnidan tezda qo‘zg‘aldi hamkasblardan biri.
- Dumg‘aza.
- Men tayyor, - dedi orqaroqdan kimdir oshiqinqirab.
- Qazi, pishloq va ko‘katlar.
- Men, men...
Oxirida «xizmat»ga «labbay» deguvchilar soni ko‘payib qoldi. Aftidan, ro‘yxat so‘ngida kamxarj oziq-ovqat va sabzavot mahsulotlari qayd qilinganligidan boshqalar ham navbat olishga shoshib qolishgandi.
- Devzira guruch bilan o‘simlik yog‘i qolib ketmasin, - deya o‘rtaga luqma tashladi kimdir.
- Bular ham hisobda bor, - dedi o‘rtakash ro‘yxatdagilarni qayd qilish bilan andarmon bo‘lib.
Qisqasi, to‘y tantanasida bo‘ladigan xarajatlar deyarlik taqsimlab bo‘lindi. Bazmi-jamshid oxirlab, hamma uy-uylariga tarqalishga chog‘lanishayotganda devor-darmiyon qo‘shnilardan bir qanchasining ajablanib: «Bog‘cha opaning o‘zlaridan nima xizmat? Shunday bo‘lsa, to‘y-hasham qilishdan ne hojat?» degan shivir-shivirlari quloqqa chalindi. Davradagi o‘rtakash esa bezovtalanib qoldi va ularga jo‘yaliroq javob qilolmaganidan sarosimaga tushib, nigohlarini boshqa nuqtaga oldi.