— To‘g‘risini aytsam, — dedi Adham ikkinchi shisha bo‘shaganidan keyin qulfi dili biroz ochilib. — Asli o‘zi do‘xtirman, Tibbiyot institutini tugatganman. Tez yordam sohasida oz-moz ishlaganman ham.
Uning bu gapidan G‘ijduvonning barkashidek katta va silliq basharasiga, ayiqdek serjun va bahaybat gavdasiga angrayib qarab qoldik. U salkam ikki yildan beri biz bilan yonma-yon bozorda mayda-chuyda sotar, har oyda bir marta uch-to‘rt bozorchi qo‘shilib, gap-gashtak o‘ynar edik. Ammo shu o‘tgan qariyb ikki yillik tanishligimiz davrida uning o‘tmishi bilan loaqal qiziqmagan, tibbiyot xodimi ekanligi esa yetti uxlab tushimizga ham kirmagandi.
— Xo‘sh, undan keyin-chi, — gapni chuqaladi A’zam naynov og‘ziga katta bir bo‘lak go‘shtni tiqib gazak qilar ekan, ko‘kka moyil ko‘zlarini shig‘raytirib. — Odam do‘xtiri bo‘lganmisiz ishqilib... O‘ boyagidek... haligi... nimaydi? Mol do‘xtiri bo‘lgansizmi?
Adham bo‘liq sonlarini qorniga tortib, o‘ng‘ay o‘tirib oldi-da, oqiga to‘latilgan navbatdagi piyolani ko‘tarib yubordi, og‘zini karrakday ochib, cho‘zib bir kekirib qo‘ydi. So‘ng xotiralar ummonidagi duru gavharlarni socha boshladi:
— Otam kalxo‘zning rayisi edi. U doim meni erkalab: “Bolam kattarsa rayis qilaman!” — derdi. Enam esa tez-tez kasal bo‘p turgani bois do‘xtir bo‘lishimni istardi. Nihoyat maktabni bitirganimdan keyin enam ustun kelib, Tibbiyot institutiga kirishimga otamni ko‘ndirdi. O‘ziyam institutga kirib, bitirib chiqqunimcha bir kalxo‘zning puli ketdi-yov! Sadag‘ang ketgur bu institutda odamning murdasidan tortib, har xil dardi bedavo kasallarni ham ko‘rishingga majbur qilisharkan! Ayniqsa, kasalxonalardagi tungi navbatchiliklarni aytmaysizmi?.. Ammo chindan ham “Talabalik — oltin davrim” deganlari rost ekan! Qizlar bilan kinoma-kino sang‘ishmi, kallayi sahargacha davom etadigan o‘tirishlarmi, ziyofatlarmi — hammasini bearmon ko‘rdik. Xullas, shu tariqa olti yilning ko‘kini kiyib yuboribmiz. U paytlari institutni bitirganingdan keyin davlat taqsimotidan o‘tardik. Xullas, bizni ham taqsimot kengashi saxti-sumbatimizga qarab o‘tirmasdan “Tez yordam” do‘xtiri sifatida taqsimlab yubordi, deng.
Biror oy institutni bitirganimiz sharafiga ziyofatma-ziyofat yurdik. Undan keyin “Tez yordam” stantsiyasiga ilimiliqqina bo‘lib kirib bordim. O‘shanda bosh hakim allaqanday bir do‘xtirchaga qo‘shib, bir oy tajriba o‘tashga qo‘ydi. Men so‘takdek yosh bolaning orqasidan “Tez yordam” jomadonini ko‘tarib, mazanglab yurishni o‘zimga ep ko‘rmasdan, u bilan yaxshilikcha muomarla qildim-qo‘ydim.
Do‘xtirchaning cho‘ntagiga besh so‘mni yumaloq-yostiq qilib tiqdim-da, yaxshi tavsifnoma berasan, qolganini o‘zimga qo‘yib beraver, dedim. U ham o‘zimizdan ekan: “Mayli, ukaxon, — dedi. — Faqat xol qo‘ymasang bo‘ldi!”
Xullas, tajriba o‘tash muddati tugadi. Hamma qatori ohori to‘kilmagan oppoq xalatda taltayib turibmiz, deng. Bir mahal nozikniholgina dispetcher qiz meni yo‘qlab, qo‘limga chaqiruv qog‘ozini tutqazdi. Unda: “Bemor Falonchieva Pismadonchi, 78 yoshda, qon bosimi ko‘tarilgan, pismadon manzilda”, — degan bitiklar borakan.
Shunday qilib, “Tez yordam” moshinasida ayyuhannos solib, qizil-yashil chiroqlarni yaraqlatib kampirshoning hovlisiga kirib bordik. Yo‘lda qo‘limdagi dorishunoslik darsligini varaqlab, bosim tushiradigan dorilarning nomlarini, miqdorini yodlab bordim. Bo‘sag‘ada baland-past bo‘lib, kampirshoning kam emas, ko‘p emas, naq sakkizta barzangidek o‘g‘li turganakan. Ularni ko‘rib, kapalagim uchib ketdi.
— Shu kelbating bilan qo‘rqdingmi? — uni mazax qilmoqchi bo‘ldim men.
— To‘g‘risini aytsam,jo‘ra, ulardan zig‘ircha ham qo‘rqqanim yo‘q. Ammo qo‘limga umrimda emlovchi ignani ushlamagan, amaliy darslardan qochib, kayfu safoda yurgan mendek do‘xtir nima ham qila olardi, deysiz. Buning ustiga kitobdan hozir o‘qib olgan dorilarim hammasi miyamda alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdi. Tavakkal qildim-da, o‘zimni kampirsho yotgan ayvonga urdim. Boyaqish kampir mening ishtirokimda asfalosofilinga ketib qolmasa go‘rgaydi! Titrayotgan qo‘llarim bilan jomadonni ochib, kitobdan qarab olgan bir necha ampula dorini aralash-quralash qilib, “emi-demi shu bo‘lsin, kuf-suf” dedim-da, kampirshoning tomiriga bir amallab sanchdim. Barzangilar poygakda timrayib turishardi. Birpasdan keyin kampirshoning ahvoli battar og‘irlashdi. Shoshib-pishib bosimni qayta o‘lchadim-u, ko‘zlarimga ishonmadim, asbob 60 ga 30 mm. simob ustunini ko‘rsatardi.
— Ichib-pichib kirmaganmiding, ishqilib, — voqealarning rivoji o‘z komiga torta boshlaganidan qiziqsinib so‘radim men ham.
— Qayoqda deysan, — dedi u. — Ammo yolg‘on bo‘lmasin, bir kun avval Jiydazor ko‘chasidagi choyxonada sobiq hamkurslar bilan miriqib ichgandik. Bu ro‘yomikan, deb qayta o‘lchab ko‘rdim, ko‘rsatkichlar boz — boyagidek. Bosim bunday keskin kamayib ketsa, odam hushidan ketib qolishi yoki dorulbaqoga rixlat qilib yuborishi turgan gap. Keyin dorishunoslikdan yodimda qolgan bosim ko‘taruvchi dorilarni eslashga urindim, jomadonni titkilab ko‘rsam, ikki-uch xili borakan, ularni aralashtirib kampirshoni emladim. Barzangilar mendan ko‘zlarini uzmaydi, deng. Birozdan keyin kampirsho o‘sal bo‘lib, tili kalimaga kelmay qoldi.
— Nima, o‘ldimi, — vahimaga tushib so‘radi Aziz yana nima uchundir karragi singan burnini ehtiyotlab.
— O‘lmabdi-yu, undan ham battar bo‘lipti, — hikoyasida davom etdi u. — Qon bosimini qayta o‘lchab ko‘rsam, 320 ga 280 mm.ni ko‘rsatib turibdi, deng. Men lavang, shoshganimdan kampirshoga filning me’yorini yuborib qo‘yibman.
— Qon bosimini o‘lchaydigan asboblar 300 dan ziyodni ko‘rsatmas edi, shekilli, — hayron bo‘lib so‘radim men.
— Ey, og‘aynichalish, — dedi u so‘ljayibroq. — U zamondagi asboblar 350, hatto 1000 mm. simob ustunini ham ko‘rsatardi. Faqat shunday kasalni topsang bas! Xullas, bunday holda bir soniya vaqt ham g‘animat, kasalning umrini lahzalar hal qiladi. O‘zimni yo‘qotib o‘tirmadim-da, birvarakayiga 5-6 ampulani aralash-quralash qilib, kampirshoning duch kelgan joyiga suqdim. U hatto ninaning og‘rig‘ini ham sezmay qoldi. Bosimni o‘lchab ko‘rsam, 40 mm.ga 0 ni ko‘rsatib turardi. Men sekin, zahar tang qilganini bahona qilib, hojatxonaga yo‘naldim-da, o‘sha joydan quyonning rasmini chizib yubordim.
— Shunday qilib kampirshoni tinchitdingmi? — oramizdan kimdir palag‘da ovozda so‘radi. U esa nimkosadek piyolaga qariyb bir shisha aroqni ag‘dardi-da, bir ko‘tarishda bo‘shatib, orqasidan sarimsoqni gazak qilar ekan:
— Lekin joni qattiq ekan kampirshoning, — dedi xomushroq ohangda. Odam yashayman desa, tibbiyot ham hech narsa qilolmasakan. Men surib yuborgandan keyin barzangilar o‘lim to‘shagidagi kampirshoni kasalxonaning jonlantiruvchi bo‘limiga olib kelishibdi. Muolajadan so‘ng u ikki-uch kunda otdek bo‘lib ketibdi. Aytishlaricha, u hozir to‘qsonlardan oshib, davru davron surib yurganmish. Men esa shu qochgancha, “Tez yordam”ning ostonasiga ham qaytib qadam bosmadim. Hali ham hujjatlarim o‘shoqda yotgan bo‘lsa kerak.
U hangomasini tugatdi. Biz esa ana shunday do‘xtirning qo‘liga tushib qolishdan Yaratganning o‘zi asrasin, deb oxirgi qadahni bo‘shatganimizda, tun yarmidan oqqan edi.