Umrining oxirgi daqiqasigacha bir og‘iz so‘z demagan insonning ayni jon berar vaqtida tilga kirishi juda g‘aroyib hol edi. Bu holat bir menga emas, balki uni tanigan, bilgan hatto eshitganlarning ham barchasini hayratlantirdi.
O‘sha kuni na qo‘li, na oyog‘i va na ko‘zi qolgan bu bemor jon berar paytida tilga kirdi. U shunday baland ovoz bilan gapirdiki, jarrohlik xonasidagilarning barchasi muzxonaga tashlangan baliqday qotib qolishdi. Xayolimizni bir joyga jamlab, to o‘zimizga kelgunimizcha bemor allaqachon uzilgandi. U nimalar deb gapirganini hech kim tushunmadi. Ovozi chiqishi bilan go‘yo qaytarib bo‘lmas bir ofat kelayotganday hamma o‘zini yo‘qotib qo‘ygandi. Necha yillik tajribasi bo‘lgan bosh jarroh ham bunday holatga birinchi bor duch kelishi bo‘lsa kerak, azbaroyi hayajonga tushib qolganidan og‘zini kappa-kappa ochar, ko‘zlari soqqasidan chiqib ketgudek bo‘lib, goh chapdan o‘ngga, goh o‘ngdan chapga aylanardi. Bu holni ko‘rib yordamchi shifokor, hamshira, farrosh ayol, barchasi murda bilan ishlari bo‘lmay qoldi. Bosh jarrohning atrofida gir aylanib, unga “birinchi yordam” taraddudiga tushib ketishgandi. Men esa qo‘limdagi jarrohlik pichog‘ini mahkam tutgancha murdaga qarab turardim. Uni birinchi marotaba ko‘rgan odam bu xonada turganlardan ham battarroq holatga tushishi aniq edi. Uning tashqi tuzilishi inson qiyofasidan butunlay uzoqlashib ketgandi. Murdaning bir paytlar o‘yib olingan ko‘zlari o‘rnida terak po‘stlog‘ida paydo bo‘ladigan xolchalarga o‘xshash chuqurchalar bor edi. Faqat ular gorizontal va ketma-ket joylashganligi uchun uquvsiz haykaltarosh yasagan beo‘xshov yumuq ko‘zga o‘xshab ketar, ikki qo‘li va oyoqlari qirqib tashlanganligidan uning butun jussasi endigina tayyorlanib, o‘rnatishga taxt qilingan byustni eslatardi. Oftob ko‘rmagan, sarg‘ishtob yuziga qarab murda ancha vaqtdan beri to‘shakka mixlanib qolganini bilish qiyin emasdi. Jussaga tikilib turarkanman, miyamga kelib qolgan savolga javob axtara boshladim. Nima uchun bunday bo‘ldi? Ha, bu savol birinchi marta xayolimga kelishi edi. Nega shu paytgacha kelmaganiga o‘zimning ham aqlim yetmasdi. Axir uni ilk marotaba ko‘rganimdayoq yoki undan keyin ham shu savol tug‘ilishi mumkin edi-ku?
Bemorni birinchi bor ko‘rgan kunim ishga kelganimga to‘qqiz oy bo‘lgandi. O‘shanda u ikki oyog‘i kesib tashlangan, nogironlar aravachasida turardi. Rangi biroz siniqqan, biroq egnidagi zamonaviy ko‘ylak, soqolining qirtishlab olingani, sochining bir tarafga silliq qilib taralganligi, bilagidagi muskullarning bo‘rtib chiqib turishi buni bilintirmasdi. Qattiqroq razm solmasa deyarli sezilmasdi. Oyoqlaridan tashqari, boshqa barcha a’zolari soppa-sog‘ bo‘lib ko‘ringani uchun unga unchalik e’tibor bermagandim. Ammo ishxonada kimdir bemorning tilsiz ekanligini aytganidan so‘nggina qiziqishim ortib, navbatchilikda qolgan kunim kasallik varaqasini ko‘rib chiqishga kirishdim. Oyog‘ining kesib tashlanishiga sabab bo‘lgan tashxisdan fig‘onim falakka chiqdi. Necha yillardan beri ishlab, o‘z ishining ustasi bo‘lgan shifokorning qilgan ishidan hayratda edim. Kasallik varaqasiga “varikoz” yozilgan bemor oyog‘ining kesib tashlanishi haqiqatdan ham ajablanarli edi. Bundan bir jahlim chiqsa, bir jarroh besabab bu ishni qilmagandir, degan o‘y bilan uni oqlardim. Biroq haqiqat aytilmagan so‘zday mavhum edi. Bu so‘zni ayttirish uchun esa men turli yo‘llarni o‘ylab topardim. Biroq uddasidan chiqolmay xunobim oshardi.
Kun bilan tun xuddi yil chiroqlaridek tinimsiz o‘rnini bir-biriga bo‘shatib berardi. Jumboq esa jumboqligicha qolaverdi. Unga bo‘lgan qiziqishim so‘nib, bemor to‘g‘risida o‘ylamay qo‘ydim. Marhumga o‘xshash bemorlar ko‘pchilikni tashkil qilganidan bo‘lsa kerak, endi shifoxonaning “havo”siga o‘rganib ketgandim. Lekin marhumchalik hech biri menda chuqur taassurot qoldirmagandi. U garchi gapirmasa-da, aytmoqchi bo‘lgan gaplarini ko‘l harakatlaridan yoki ko‘zlaridan o‘qib olish qiyin emasdi. U doim tabassum bilan qarab turar va joni chekayotgan azoblarni sezdirib qo‘ymaslikka urinardi. Biroq bemorning ko‘zlariga boqib, u bilan suhbatlashish jarayoni ko‘pga cho‘zilmadi. Yuragimdan otilib chiqishga uringan isyon bosh jarrohning o‘tli qarashlari oldida bosh egib, so‘nayotgan cho‘g‘dek xiralashib borardi. Bosh jarroh bemorning ko‘zlarida “katarakta” bor, deya tashxis qo‘ygan, ammo jarroh kataraktani emas, balki ko‘zning o‘zini olib tashlashni qaror qilgandi. Bu ishga aralashmayman deb bosh tortolmadim. Go‘yo kimdir bo‘g‘zimdan olib, “Gippokrat qasami”ni buzayapsan, deganday bo‘laverdi. Vaholanki, bemorning ko‘zlari soppa-sog‘, biz esa ularni olib tashlashimiz kerak. Qanday bedodlik, deya hayqirgim kelardi. Biroq bemorning bamaylixotir o‘tirishini ko‘rib shashtimdan tushdim. Bemorni yomon ko‘rib ketdim ham. U esa biz aytgan narsalarni ikkilanmay bajarardi. Jarrohlik stoliga yotgunicha uning ko‘zlarida hayot aks etib turdi. Faqat narkoz ta’siridan so‘ng yonib turgan ko‘zlar, bir lahza ichida, hayotga to‘ymay jon bergan murdaning ko‘zlariga o‘xshab qoldi. Ming-minglab tiriklarni “yorib”, ko‘nikib ketgan jarroh uchun so‘niq ko‘zlarni ko‘chirib olish odatiy hol edi. U xuddi kulchacha yasash uchun xamirdan bir chimdim olgan novvoyday ko‘zlarni joyidan ko‘chirib tashladi. Bemorning keyingi hayoti bundan-da ayanchli bo‘lishini bilib, sezib tursak-da, birontamiz gapirishga botinolmasdik. Mana shu lahzalarda tilsiz bemorga havasim kelib ketdi. Gapirolmaslik ham bir tarafdan baxt ekanligini anglab yetdim. Endi bemor ko‘zsiz, oyoqsiz yashashga mahkum etilgandi. Bosh jarrohning “Endigi navbat qo‘liga”, deganida ham indamadim. Mendagi kuch-g‘ayrat yo‘qolib borayotgandek edi go‘yo. Ular nima desa, shunga ko‘nishga o‘rganib qolgandim. Bemorlarning barchasi bir-biriga o‘xshash bo‘lganligi uchunmi, nazarimda, ularning ruhiyatiga singishib ketayotgandek edim. Bemor oyog‘ining kesilishi, ko‘zining o‘yib olinishi va navbat qo‘lining ham kesilish jarayonlari qisqa vaqtlar ichida amalga oshirilayotgandek ediki, bularning barchasiga endilikda kundalik mashg‘ulotni takrorlayotgandek behafsala qarardim.
Bemor qo‘li kesiladi degan kuni kechasi bilan uxlolmay chiqdim. Qo‘llarim qaqshab, go‘yoki mening qo‘llarim qirqiladiganday bosinqirab, uyg‘onib ketaverdim. Erta tongdan g‘ashlik hukm sura boshlagan ko‘ngilga taskin berish uchun chora topolmay, ishga otlandim. Shifoxonada barcha oyoqqa turgan, u tomondan bu tomonga zir yugurishardi. Bir necha muddat qo‘l-oyog‘i kishanlangan mahbusday qimir etmay turdim-da, keyin bemor yotadigan xonaga shoshildim. U xonada nogironlar aravachasida o‘tirgancha graffel bilan priborga nimalarnidir yozardi. Buni ko‘rib hayratga tushdim. Bemor qachonlardir “Brayel yozuvi”ni o‘rgangan va hozir o‘sha ilmini amalda qo‘llayotgandi. Ko‘zi ojizlarning maxsus daftar-qalamini kim qachon keltirib bergani yana bir jumboq edi. Shu lahzalarda men bu haqda o‘ylamasdim. O‘ylaganim: gunglar alifbosini, brayel yozuvini qachon o‘rgana qoldi ekan? Axir u tug‘ilganidan buyon shifoxonadan ko‘chaga chiqmagan bo‘lsa. Buni menga qorovul aytib bergandi. “Bola chala tug‘ilgan, asrab qolishning iloji yo‘q”, degan xabarni eshitgan ota-onasi “Umidimiz sizdan” deya bosh jarrohga chaqaloqni tashlab ketishgan ekan”, degandi o‘shanda qorovul. Shu ketganicha qaytib biror marotaba xabar olishmagan ekan. Aslida esa bola chala tug‘ilmagan. Faqat bosh suyagi jussasiga nisbatan kattaroq bo‘lgan. Nega bola tug‘ruqxonada emas, aynan mana shu shifoxonada tug‘ilgan, degan savol ko‘nglimga kelgandi o‘shanda. Biroq savol tug‘ilishi qanchalar tabiiy bo‘lsa, uning javobsiz qolishi ham shifoxonadagilar uchun shunchalar tabiiy edi. Ishchilarning hammasi “programma”lashtirilgan robotlarga o‘xshab bosh jarrohning chizgan chizig‘idan chiqmasdi. Bosh jarroh ham o‘zicha buyruq bermas, biz uchun mavhum bo‘lgan kimningdir buyrug‘iga itoat qilardi.
To hamshira qiz kelib, “Operatsiyaga tayyorlanar ekansiz”, demagunicha uni kuzatib turdim. Hamshira menga gapirish mobaynida bemorning qo‘lidagilarni tortib olib deraza tokchasiga itqitib yubordi-da, aravani itarib yo‘lakka chiqdi. U bemorni jarrohlik xonasiga olib ketayotgan edi.
Meni yana xayollar chulg‘ab oldi. Ular bemor aravasining g‘ildiraklariga osilib, jarrohlik xonasiga shoshilardi. Hozir bemorning qo‘li ham kesiladi. Keyin nima bo‘ladi? Keyin bemor bundan ham dahshatliroq holga tushib qoladi. Nimalarnidir yozib, o‘zini ovuntirib yashayotgan bemor qo‘lidan ham ayrilsa, hayotdan butunlay uzilib qoladi-ku! Bunga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Lekin qanday qilib? Shu payt ko‘z o‘ngimdagi devor, devordagi tibbiyotga oid suratlar, yo‘lak, bularning barchasi suv solingan shaffof idish ortidan qaragandek ko‘rina boshladi. Boshimni kimdir qattiq qisayotgandek tuyuldi. “Qon bosimim ko‘tarilyapti”. Miyamdagi birinchi signal aniq va bexato tashxis edi. Biroz muddat hech narsani o‘ylamaslikka tirishib, devorga suyanib turdim. Organizmim to‘liq o‘zini tiklamagan bo‘lsa-da, o‘zimni ozroq yengil his qilgach, jarrohlik xonasiga jo‘nadim. Endi qarorim qat’iy edi – bemor qo‘lining kesilishiga yo‘l qo‘ymayman! Shuncha vaqt azob tortgani yetadi. Hayotimda hech bo‘lmasa bir marotaba kimgadir yaxshilik qilay... Yo‘q, niyatim amalga oshmasligini sal fursatdan keyin angladim. Yetib borganimda jarrohlik xonasi taqa-taq berkitilgan edi. Operatsiyagacha hali chamasi o‘n daqiqacha bor, ammo eshik allaqachon berk. O‘zim ham bu operatsiyaga qatnashishim kerak-ku? Nima uchun bunday qilishdi? Hozir taajjublanib o‘tiradigan payt emas edi. Eshikni qattiq urib baqira ketdim: Ochinglar eshikni! Men kirishim kerak, oching eshikni! Eshityapsizlarmi?!
Ichkaridan hamshiraning ovozi keldi:
– Halal bermang. Kirishingizga ruxsat yo‘q. Bosh jarroh shunday dedi.
– Haqqi yo‘q uning! Bemorning qo‘lini kesishga haqqi yo‘q! Men kirishim kerak, oching eshikni, – chinqirdim tomog‘im qirilgudek bo‘lib.
– Birovlarning taqdirini o‘zgartirishga sening haqqing yo‘q. Ishtirok etishing mumkin, xolos. – Endi yo‘g‘on ovoz keldi ichkaridan. Bu bosh jarroh edi.
Uning ovozini eshitib negadir bo‘shashib ketdim. Eshikka suyangancha o‘tirib qoldim. Qiziq, ovoz qulog‘im ostida xuddi ninasi bir chiziqqa tuzib qolgan plastinkaday takrorlanardi: “Birovlarning taqdirini o‘zgartirishga sening haqqing yo‘q. Ishtirok etishing mumkin, xolos. Birovlarning taqdirini...” Shu zaylda jarrohlik xonasi ochilgunga qadar o‘tiribman. Bosh jarrohning gapidan so‘ng o‘zimga kelib, o‘rnimdan turdim. U yo‘lak bo‘ylab ketar ekan:
– Uch oydan keyin tilini operatsiya qilamiz. O‘shanisiga ishtirok etishingiz mumkin. Tilda bizga notanish, mayda pufakchalar paydo bo‘lyapti, – dedi. Keyingi belgilangan sana bemorning oxirgi kuni ekanligini bu paytda bilmasdim.
* * *
Yo‘ldaman. Qabristondan birga chiqqan sheriklarim mendan ancha ilgarilab ketishibdi. Kimdir yelkamga qo‘l tashladi. Bosh jarroh ekan. Gapirgim kelmadi, indamay ketaverdim. To uyimga olib boradigan yo‘l boshiga kelguncha shu zaylda yurdik. Bosh jarroh men bilan xayrlasha turib shunday dedi:
– Bu siz bilan so‘nggi ko‘rishishimiz bo‘lsa kerak. Mening faoliyatim nihoyasiga yetdi. Endi qaytishim kerak.
– Qayoqqa? – so‘radim uning horg‘in yuziga tikilib.
U gapirmadi, faqat ko‘zlari bilan osmonni ko‘rsatdi.