OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asliddin Mustafoyev. Tegirmon (hikoya)

— Ota, — dedim Jamol bobodan olgan poytesha bilan yog‘och chopayotgan otamga eshak ustidan tushar-tushmas, — «Moja» nima degani?
—    Sarimsoq bobong aytdimi bu gapni? Qo‘yaver, e’tibor berma.
— Yomon gapmi, ota?
— Yomon gapmas-u, — otam ishini to‘xtatib menga qaradi, — un qani? Chiqarib kemadingmi?
— Tashlab keldim, navbat ekan. Salim aka bilan Jo‘ra akani bug‘doyini chiqarib, keyin biznikini. Shunga tashlab kelaverdim, sovuqda o‘tirmay deb.
— Qaysi tegirmonga tashlab kelding? — otam endi ishini butunlay to‘xtatib qo‘ydi. O‘rnidan turib choponining etagiga yopishgan payraha va yog‘och qipiqlarini qoqa boshladi.
— Malik akanikiga, — shoshib javob berdim men. — Nuriddin aka tegirmon toshini tishayotgan ekan, ertaga ishlaydi, dedi. Shunga, kelayotib Malik akanikiga tushirdim.
— Xah, — deb qo‘ydi otam boshini sarak-sarak qilib. — Tashlab kelar ekansan, Nuriddinnikiga qoldiravermaysanmi?
—    Enam uyda un qolmadi, degandi. Ertaga non yopishi kerak ekan, — dedim o‘zimni oqlash uchun boshqa gap topolmay.
Aslida onam qo‘shnidan un olib, non yopayotgan edi. Otam menga bir yov qarash qildi-da: «Bor, ulovni bostirmaga boylab kel», dedi. Eshakning ayilini bo‘shatayotgan vaqtim otamning enamga aytayotgan gapi eshitildi: «Tegirmoning bilan bozoringni o‘zing qil, degan gap chin-da. Mana bu Kenjangga hech aql bitmadi-bitmadi. Har bir narsani ipidan ignasigacha aytib turish kerak. Qachon o‘zi o‘ylab, fikrlab ish qiladi, bilmayman?!»
Hech narsadan bexabar onam otamning koyinishini eshitsa ham nonini yopib bo‘lguncha gapirmadi. Men bo‘lsam supaning yoniga o‘tib, boshimni xam qilgancha ko‘z ostimdan ularga qarab turardim. Bilaman, onam baribir mening tarafimni oladi. Enam nonlarni yopib bo‘lgach, qo‘lidan rapidani yechdi va idishdan suv olib, nonlarining yuziga sepayotib so‘radi:
— Nima gap? Kenja nima qipti?
— Nima qilardi, bug‘doydi Malikdi tegirmoniga tashlab kepti.
— Shunga shunchami? Hali bola-ku buningiz, — onam kulib tandirdagi nonlarga egilib qaray boshladi. — Endi o‘n ikkiga kirgan bo‘lsa? Hozirdan og‘ir ishlarni qildirasiz?
— Yuzga kirsayam bola bola-da sen uchun. Bu tengilar shaharda pirma yurgizyapti, magazin ochyapti. Kerak bo‘lsa Amir Temur o‘n ikki yoshida taxtga o‘tirgan.
— Amir Temurmas, — otamning gapiga tuzatish kiritgan bo‘ldi onam, — Bobur. Bobur taxtga o‘tirgan o‘n ikki yoshida. Uni zamoni boshqa bo‘gan. Majburlikdan o‘tirgan. Kenjangiz ayni o‘qiydigan vaqti boshini qora mehnatga tiqib qo‘yyapsiz?
— Faqat o‘qishdimas, hayotni ham o‘rganish kerak bola, — dedi otam onamga yon bergisi kelmay. — Kelajakda og‘zidagini oldirib qo‘ymaydi. Hozirdan latta bo‘lsa...
Otam gapining davomini aytmadi. Nechukdir ma’yus tortib jimib qoldi.
— Bug‘doydi tashlab kelgani uchun latta deyapsizmi? — enam endi ko‘chamizdagi janjalkash Rixsi xolaga o‘xshab qo‘llarini beliga «F» qilgancha, meni oqlash uchun tandir oldida g‘oz turardi. — Kechgacha olib keladi-da. Ulgurmasa, ertaga olib kelar.
Otam tandirxonadagi loy g‘ishtdan ko‘tarilgan taxta o‘rindiqqa borib o‘tirdi. Keyin meni imlab chaqirdi:
— Kenja, bu yoqqa kel.
Men otamning mehr bilan chaqirishidan iyib, oldiga oshiqdim. Otam yoniga o‘tirg‘izib, yelkamni siypab erkalagan bo‘ldi. Keyin nasihat qilayotgan kishilarday gapira boshladi. Shu payt otamning gapirishi mulla Shamsiddinning va’zlariga o‘xshab ketdi. Otam hech bunday gapirmas edi.
— Har kim o‘ziga to‘g‘ri bo‘lishi kerak, qolaversa, pishiq ham. Bir hovuch bug‘doy uchun moshoq terganimiz esingdan chiqdimi, onasi? — otam onamga yuzlandi, — terganimiz mayli, o‘sha bug‘doyni yashirib, yuragimizni hovuchlab uyga kelardik. Xudoga shukr, u davrlar o‘tib ketdi. Endi to‘qlikka sho‘xlik deb ko‘chaga sochib qo‘ymaslik kerak. Men Nuriddinga ishonaman. Malik ham yomon bola emas, faqat qo‘li biroz egri. G‘iybatini qilmayin deb senga aytmagandim. Tegirmonda tarozidan urarkan. Bu eng yomon narsa — katta gunoh. O‘sha harom puli bilan tegirmonini saroyga o‘xshatib qo‘ygan. Unga ketgan taxtaning o‘ziga bir imorat bitadi. Oqibatini o‘ylamagani uchun ham Malikni xushlamayman. Kenjamni aldab yuborishini o‘ylab koyingandim.
Otamning gaplarini eshitib, ichimda bir nima uzilganday bo‘ldi. Xuddi tegirmonga qaytib borsam Malik aka qo‘limga yarim qop un berib, qaytarib yuboradiganday tuyuldi. Padarimning pinjiga suqilib «Endi nima qilay, ota?» — dedim.
— Birga boramiz, — dedi u yelkamga qoqib.
Bu orada enam tandirdan nonlarni uzib, savatga tera boshladi. Dimog‘imga urilgan nonning yoqimli hididan ishtaham ochilib, boyagi dilxiraliklarni unutganday bo‘ldim.
Malik akaning tegirmoniga kechga yaqin jo‘nadik. Yo‘lda yana Sarimsoq boboni uchratdik. U kishi bog‘ida, qabrlarga o‘xshatib ko‘mib qo‘yilgan tokzorini oralab yurardi. Otam salom berdi, men ham. Sarimsoq bobo alik olgach, «Ha, yo‘l bo‘lsin kech bo‘lganda?», dedi.
— Tegirmonga, — dedi otam eshakning biqiniga oyog‘i bilan niqtab. — Nevarangiz bug‘doy tashlab kelgan edi, shunga...
— Ha-a, — dedi Sarimsoq bobo chap qo‘li bilan soqolini silab. — O‘g‘lingdi boya ko‘rgan edim. Unga «Otangga ayt, seni ko‘p ishlatavermasin, moja bo‘lib qolasan», dedim. Senga aytdimi?
— Qo‘ysangiz-chi aka shunday gaplarni. Bolalarni avaylayversangiz qiz boladay nozik bo‘p qoladi. Hozirdan suyagi qotmasa biz dunyodan o‘tgandan keyin qiynaladi.
Sarimsoq bobo yana nimadir dedi, lekin biz u kishidan ancha uzoqlashib qolganimiz sabab eshitmadim. Yo‘rg‘alab ketayotgan eshak ustida otam bilan mingashib borarkanman so‘radim:
— Ota, moja bo‘p qoladi, degani nima degani?
— Bu Sarimsoq bobong o‘ylab topgan gap. Mayda bo‘lib o‘smay qoladi, degani bo‘lsa kerak. Odamning suyagida bo‘lsa o‘sib ketadi. Mehnatdan o‘smasa, ota-bobomiz o‘smay qolardi, men o‘smay qolardim. Senday vaqtimda kolxozda ishlardik. Qop-qop bug‘doy-arpa tashirdik. Hozirgiday ellik kilolik qoplar kam bo‘lardi. Hammasi “etmishlik” edi.
Otam tegirmonga yetgunimizcha bolaligi haqida hikoya qilib bordi. Malik aka bizning bug‘doyni do‘lga solib endi chiqarayotgan ekan. Otam «Nechchi kilo chiqdi?» deb so‘radi.
— Qirq to‘rt kilo, — javob berdi Malik aka.
Otam menga bir qarab qo‘ydi-da:
— Yo‘l-po‘lda tushirib qo‘ymaganmiding, Kenja? — dedi. Otamning jahli chiqqani yuz-ko‘zidan bilinib turardi.
— Yo‘q, — dedim asta. — Siz o‘ngarib bergan ko‘yi opkelib tushirdim.
— Unda meni tarozim aldabdi-da, — dedi otam jahllanib, — qirq to‘qqiz kilo tortgandim.
— Meni o‘g‘riga chiqaryapsizmi? — dedi Malik aka ham qizishib. — Tarozi — Xudo rozi, degan gap bor, aka. Haqqingiz kerak emas. Bir qopingizdan ikki yarim kilo olaman mehnatim uchun, shu ham yetadi bola-chaqamga.
Otam indamadi. “Men adashgandirman-da”, deb qo‘ydi, xolos. Keyin kissasidan zanjirli soatini chiqarib qarab qo‘ydi-da:
— Qancha vaqtda chiqadi? — dedi.
— Yarim soatlarga borib qolar. Sizlar u xonaga kirib choy ichib o‘tiringlar, — dedi Malik aka hojatmandlar kirib o‘tiradigan xonasini ko‘rsatib. So‘ng unning gardi o‘tirib qolgan telpagini yechib kaftiga urib yaxshilab qoqdi. — Hash-pash deguncha bo‘lib qoladi.
Biz Malik aka ko‘rsatgan xonaga kirdik. Tashqarida kuzning ayozli tuni boshlangan, kelgunimizcha sovuq o‘tib ketgani uchun o‘zimni gurillab yonib turgan pechka oldiga urdim. Otam so‘riga chiqib o‘tirdi. Keyin Malik aka uzatgan choyni olib oldiga qo‘ydi, lekin ichmadi. Uning mehribonchiligidan yolg‘on gapirmasa kerak, deb o‘yladim. Ammo shu paytda kimga ishonishni ham bilmas edim. Bir piyola choy ichgulik vaqt o‘tmay chiroq o‘chib qoldi. Bir maromda ishlab turgan tegirmon bir nima tiqilib qolganday «g‘i-irq» etgan uzun tovush chiqarib to‘xtadi. Malik aka shoshganicha chiqib ketdi. Qorong‘uda turtinib-turtinib biz ham ortidan chiqdik.
— Shuncha payt o‘chmagan tokning bugun o‘chganini qarang, — dedi tegirmonchi chiroq yoqayotib. — Kelib qolar.
— Chiqqanini tortib ber, — dedi otam tund ohangda. Qolganini chiqarib qo‘ysang, Kenja olib ketadi.
Malik aka hozirgina chiqqan issiq unni tortib qopga sola boshladi. Men yordamlashdim. Fonar yorug‘ida unni taroziladik: o‘n to‘qqiz kilo ekan. Qopning og‘zini bog‘lab eshakka ortdik-da, uyga qaytdik.
Kechki ovqatdan keyin otam dasturxonga fotiha o‘qiyotib «Bolalarimning haqqini yeganlarning bolalariga balosi ursin» dedi. Onam esa bu gapga «Astag‘firulloh, unday demang, sizning ham bolalaringiz bor. Qarg‘ishning oqibati yaxshi emas», dedi. O‘sha kuni kechasi bilan isitma qilib uxlolmay chiqdim. Tong otganda ko‘zim ilinibdi. Bir payt onamning gaplaridan uyg‘onib ketdim.
— Malikning tegirmoni yonib ketibdi, tokdan o‘t chiqqanmish. Bechoraga jabr bo‘libdi-da. Sizga aytdim, qarg‘amang, deb. Hali ham Xudo asrab joni omon qolibdi. O‘tni o‘chiraman deb ozroq kuyganmish. Balnisaga olib ketishibdi.
— Gunohkor bandangni o‘zing kechir! — dedi otam mahzun tovush bilan osmonga qarab. Keyin og‘ir qadam tashlab tashqariga chiqib ketdi.
Otam Xudodan o‘zini kechirishini so‘radimi yo Malik akani, bunisini bilmadim.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.