Bir necha kundirki, yangi hajviyamni hech nihoyasiga yetkaza olmayman, har tarafdan nabiralarning to‘paloni. Uyda yozaman deyman-u, sharoit ko‘tarmaydi. Ishxonada esa hali boshliq chaqiradi, hali tashkiliy ishlar. Eng yomoni — telefonning tinimsiz jiringlashi.
— Labbay, ha redaktsiya. Adashmadingiz, eshitaman. Ey, Quvonchbek aka! O‘zlarimi? Ha, bizni ham yo‘qlar ekansiz-da.
— Shu desangiz uka, bir maqola jo‘natgan edim. Sizga berishgan bo‘lsa, ilojini topib, iltimos...
— Akajon asaringizni oldik. Kelasi sonlarning biriga rejaga kiritganmiz.
— Endi, uka, shu maqola bilan suratimiz ham birga chiqsa, degan edik-da. Iloji bo‘lsa, favvora oldida tushgan suratdan foydalansangiz. O‘ziyam juda boshqacha tushganman-da, nima deysiz? Ha-ha-ha...
— Quvonchbek akajon, siz iltimos qilasiz-u, biz yo‘q desak uyat bo‘lar.
Mana, miyadagi fikrlar ham tarqadi-ketdi, bugun ham hajviya oxiriga yetmaydi chog‘i.
Gazetaning navbatdagi soni chiqqach, Quvonchbek “Uydan qochib ketganda” sarlavhali asari bilan suratiga ko‘zi tushgan, chamasi, darhol qo‘ng‘iroq qildi.
— Assalomu alaykum, ukajon. Gazetani ko‘rdik. Bir og‘iz rahmat deb qo‘yay dedim. Juda chiroyli joylashtiribsiz, ayniqsa surat go‘zal chiqibdi.
— Akajon, bir og‘iz so‘zingiz. Har holda hurmatingiz bor, xizmatlar bo‘lsa tayyormiz.
— Yana bir maslahat, uka. Jiddiy asarlarga, hikoyalarga ham muallifning surati bilan chiqish qilayapsizlar. Bir kichikroq hikoya qoralab qo‘ygan edim. Mabodo qo‘lingizga borib tushsa, iltimos o‘sha favvora oldida tushgan surat bilan chop etsangiz juda xursand qilgan bo‘lardingiz-da, uka.
— Bo‘ldi akajon. Ko‘nglingiz xotirjam bo‘lsin. Albatta shu surat bilan chop etamiz.
Bu qurmag‘ur suratning bir sehri bormi deyman-da. Har safar shu surat bilan chiqsak, degani-degan. Mana, hikoya ham matbuot yuzini ko‘rdi. Ertaga yana qo‘ng‘iroq bo‘lishi tayin. Shunday ham bo‘ldi.
— Salom ukajon, hormang, ijodlar, ishlar, uydagilar hamma-hammasi yaxshimi. Bor bo‘ling, ukajon. Siz borsiz — biz bormiz-da. Ijodkor bo‘lgandan keyin har sohada bir qalam tebratging kelar ekan. Shu desangiz, uka, bir kichkinagina hajviya yozdik. Ilojini qilsangiz shunga ham o‘sha favvora oldidagi suratni...
— Quvonchbek akajon, sizni tushundim. O‘zi aslida hajviy asarlar, katta bo‘ladimi yoki kichik bo‘ladimi, surat bilan berilmaydi. Akajon, harakat qilamiz, bir iloji topilar.
Ertasi kuni ishxonaga keldim-u, darhol go‘shakni ko‘tarib raqamlarini terdim.
— Assalomu alaykum, Quvonchbek aka. Bu safar sizga o‘zim qo‘ng‘iroq qildim. Uzr, akajon. Bugungi gazetani, albatta, oling. Bir kichikroq hazilimiz bor. Axir, bugun kulgi kuni. Salgina tabassum ulashgimiz keldi sizga...
Gazetaning so‘nggi dam olish sahifasida kattakon rangli surat berilgan va bu “mashhur” suvratga shunday tagso‘z yozilgandi: “Ukajon, iloji bo‘lsa, shu rasmni kelgusi sonda ham chop etsangiz. Yoshlik bir o‘tdi-da...”.
Mana, nihoyat hajviya ham yakuniga yetdi. Lekin o‘ylab qoldim — surat bilan chop ettiraymi, yo shundayligichami...