Talaba edim. O‘qishdan ajralmagan holda ishlayman. O‘rta maktabda jismoniy tarbiyadan saboq bergan o‘qituvchimiz o‘g‘lini yetaklab Toshkentga olib kelgandi. Tibbiyot institutiga o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan ekan, uni ijara joy bilan ta’minlab, o‘qib tayyorlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratdik.
Qabul vaqti boshlangach, hujjatlarini topshirishga ham ko‘maklashdim. Birinchi imtihon rus tilidan diktant edi. Yettita xato bilan «qoniqarsiz» baho olib, birinchi imtihonidan yiqilib qoldi. Uning gapiga qaraganda, yonida o‘tirib diktant yozgan abiturient ko‘p xato qilsa ham «uch» baho olgan ekan.
Shu kunlari domlamiz ham o‘g‘lidan xabar olgani kelgan edi, birga tibbiyot institutiga borib, apellyatsiya hay’atiga ariza yozdik. Chunki bundan ilgari ham qishloqdan o‘qishga kelgan ayrim abiturientlarning bahosini apellyatsiya tekshiruvdan o‘tkazdirib, «qoniqarli»ga o‘zgartirgan vaqtlarim ham bo‘lardi. Javoblar hozirgidek kompyuterga solinmasdi-da. Buni ham tekshirtirdik. Yettita xato qilgan ekan, baho o‘zgarishsiz qoldi. Urinishlarimiz behuda ketgach, domla o‘g‘lini olib qishlog‘iga ketdi...
Ishlar ijobiy hal bo‘lmasa-da, domlaning hurmatini qilib abiturientning orqasidan yugurib, uch-to‘rt kun ishga ham, o‘qishga ham borolmadim. Domla yurtiga qaytgach, bo‘lgan voqeani hamqishloqlariga aytib, «bitta kam xato qilganida o‘g‘lim o‘qishga kirardi», debdi. Shunda qishloqdoshlari «Xursandboyga aytmabsiz-da, ham tahririyatda ishlaydi, ham o‘qiydi, shunaqa paytda yordamini ayamasdi», deyishibdi. Shunda domlasi tushmagur nima dermish: «Xursandboy o‘qimaydi ham, ishlamaydi ham. o‘irt daydi ekan. O‘qib-ishlaydigan odam uch-to‘rt kun bizning orqamizdan sarson bo‘lib yurmasdi».