Bir tog‘amiz askarlik burchini Ukrainaning Qora dengiz sohilidagi harbiy qismlardan birida o‘tayotgan edi. Shu vaqtlar tog‘amga tez-tez xatlar yozib turardim. Maktubim odatdagidek: «Ushbu sog‘inchli maktubim tez va qisqa kunlar ichida yetib borib ma’lum va ravshan bo‘lsinki, Qora dengiz qirg‘oqlarida suzib yurgan tog‘am Pistonchiboyga!» deb boshlanardi.
O‘sha paytlar o‘quvchi yigit-qizlarning boshqa viloyat va shahar maktablarida tahsil olayotgan do‘stlari, dugonalariga tanishuv maktublarini yozish odat tusiga kirgan edi. Shundan foydalanib qolishni istagan singlim ham qaysidir shahar maktablarining birida o‘qiydigan bir qizga xat yozib, qiyomatli dugona tutunmoqchi bo‘libdi va xat yozishga kirishibdi. Umrida birovga xat yozmagan boyaqish singlim maktubni nimadan boshlashni bilmay, mening tog‘amga yozgan xatimdagi jumla bilan boshlabdi: «Ushbu sog‘inchli xatim tez va qisqa kunlar ichida yetib borib ma’lum va ravshan bo‘lsinki, Qora dengiz qirg‘oqlarida suzib yurgan dugonam Pistonchioyga!».
Ko‘p o‘tmay, singlimning maktubiga o‘sha dugonasidan javob xati keldi. Singlim hayajon aralash xat jildini ochib o‘qidi va nafasi ichiga tushib ketdi. Javob xatida: «Dugonajon, maktubingni oldim. Xat akamning qo‘liga tushib qolgan ekan, Qora dengiz sohillarida nima qilib yuribsan, deb meni rosa koyidi. Iltimos, meni tinch qo‘y, boshqa xat yozmay qo‘yaqol», deyilgandi.