OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Azamat Suyunov. Yolg‘onning umri qisqa (hajviya)

Fakultetimizda ko‘pchilik «yaxshi» va «ya’lo» baholarda o‘qishga intilar edi. Namunali o‘qiydigan talabalarning o‘qituvchi-professor, hamkurslari oldida yuzi yorug‘ bo‘lib, obro‘si ham shunga yarasha bo‘lardi. Bundan tashqari, stipendiyasi oshardi. 
Besh qo‘l baravar emas deganlaridek, tanish-bilish yoki pora evaziga adashib kirib qolganlar ham topilardi. Domlalar talabalardan fanlarni o‘zlashtirishni qattiq talab qilar, bilmaganlarga asosli sabablar bo‘lmasa, umuman baho qo‘yishmasdi. Bunday qat’iyatli domlalarning aksariyati tama’girlikdan yiroq edi. Yuqori bosqichda o‘qiydigan bir talaba tanish-bilishlar yoki pora evaziga oliy dargohga kirib qolgan, shekilli, o‘qishni eplolmay qiynalib yurardi. U ba’zi rahmdil domlalarni turli bahonalar bilan laqillatib, sinovdan o‘tib olaverardi. Bir gal qattiqqo‘lroq domladan baho ololmay, rosa xunob bo‘ldi. Domla esa yaxshi o‘qimasligi yetmaganday, darsga ham to‘liq kelmaganini, shuning uchun ham imtihon topshirolmayotganini aytib, talabani auditoriyadan chiqarib yubormoqchi bo‘libdi. Shunda talaba domlaga yolg‘on gapirib, yaqinda otasi vafot etgani, bir gal rahm-shafqat qilishini o‘tinib so‘ragan ekan, domla ko‘ngli yumshab «uch» baho qo‘yib beribdi. 
Oradan bir yil o‘tib, yana shu domlaning darsi jadvalga qo‘yildi. Imtihon payti yaqinlashgach, haligi talabaning otasi qon bosimi oshib, chindan ham joni uzilibdi. Imtihon kuni u domlaga otasining qon bosimidan vafot etganini aytib, yana bir marta shafqat qilishini iltimos qilganida, domla: «O‘zi nechta otang bor edi?» deb baho qo‘ymay, rosa yugurtirgan edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.