OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilshod Muhammadrajab. O'kinch (hikoya)

“Dadajon. Qishloqda hamma yaxshi. Men, ukalarim, bobom – hammamiz sog‘-salomatmiz. Men yettinchi sinfda o‘qiyapman. Baholarim hammasi “5”. 
...Sigirimiz tug‘di. Bobom sizning kelishingizga atab boqayotgan qo‘chqorimizni Ikrom amakining to‘yiga to‘yona qildilar.
...Sizni yangi yilda Qorbobo bo‘lib keladi, deb ko‘p kutdik. Kelmadingiz. Onamning aytishicha, men maktabni tugatadigan yili, bahorda kelarkansiz. Lekin bobom tez-tez kasal bo‘lib qolyaptilar. Shu yil uzum pishig‘ida u kishi to‘qsonga kirarkanlar. Sizni doim duo qiladilar...”
Avvallari uyga qaytishni o‘ylasa, ko‘z oldidan birin-ketin norasidalari o‘tar, hatto ularni tez-tez tushida ham ko‘rardi. Ayniqsa, kichik o‘g‘lining beg‘ubor nigohlari uni doim ta’qib etgandek bo‘laverardi. 
Kattalari-ku, mayli, dadasining kimligini, qaerdaligini yaxshi bilishadi. Kichik o‘g‘li uch oylik chaqaloq edi, tuzukroq erkalamabdi ham. Shuncha yil o‘tib, uyga kirib borsa-yu, “men otangman” desa...
Har gal bolalarini ko‘z oldiga keltirishga harakat qilar, ammo ularning chehralarini aniq tasavvur qilolmasdi. Faqatgina katta o‘g‘lining ikki enlik xatlari orqali ko‘p narsadan xabardor bo‘lishga harakat qilardi.
Avf etilganlar orasida o‘zining borligiga ishonch hosil qilgan Murodali chuqur entikdi. Ikki qo‘lini boshi orqasiga qo‘yib, yutindi. 
Besh yillik “qadrdon” karavotning g‘ijirlashi bu tun har galgidan ham yoqimsizroq tuyular edi. 
“…Tong otishiga hali ancha bor. Buncha cho‘zildi bu kecha! Yo tavba, hatto bu yerga kelgan birinchi kunlarim ham tez o‘tgandi xayolimda. Kechagacha oldindagi ikki yilni o‘ylab ham ko‘rmagan ekanman. Umid ham yo‘q edi-da. Kimim ham bor orqamda… Haqiqat bor ekan, kechirishdi. 
Advokat degani ham qiziq ekan-da. “Zaring yo zo‘ring bo‘lmasa, nima qilasan meni yollab”, deydi. Nuqul pul so‘raydi. Otamning bir umrlik topgani ketdi-ku, baribir… olarini olib, oxirida qo‘l siltab ketganiga nima deysan nomardning! 
Uf-f… boshingga tushmasa hech narsani tushunmas ekansan-da. O‘zimni himoya qilishga jo‘yali gap ham aytolmadim o‘shanda. “Aybdorman, urdim, ozgina ichganim ham rost”, deganim-chi! Uning asfaltga yiqilib tushib, kallasini yorib olishi kimning xayoliga kelibdi. Yana “hayot uchun xavfli” emish. 
Hech kim xayrixoh bo‘lmadi qora kunlarimda, hamma o‘gay ko‘z bilan qaradi. Hayotda faqat pichoqning dastasidan emas, ba’zan tig‘idan ham ushlashga to‘g‘ri kelishini qaerdan bilibman.
... O‘sha bir tarsaki bilan ahmoq aqlli bo‘lmagani aniq, lekin mening ro‘zg‘orim, hayotim, umrim sinib ketdi-ku.
Endi men kim degan odam bo‘ldim?
Qishloqqa qanday qaytaman, nima ish qilaman?
“O‘tirib kelgan”, deya qo‘lini bigiz qilishadi. Sandiqdagi diplomni boshimga uramanmi? Endi maktabga borolmasligim aniq...”
So‘nggi kunlarda nima uchundir munkayib qolgan otasining “Bolam, besh yil chidadim. Endi bardoshim yetmas-ov. Tezroq uyga qaytmasang, ko‘zim ochiq ketadi”, degan so‘zlari Murodaliga tinchlik bermasdi. 
Xayriyat, avf etishdi. Qani endi hoziroq bu yerdan uchib ketsa. 
Shom mahal xayollari chuvalashib, boshi g‘ovlab piyoda ketayogan Murodali yo‘lovchi mashinaning ketma-ket signalidan o‘ziga keldi. Xayriyat, kech bo‘lsa-da, qishlog‘iga yetib oladigan bo‘ldi...
Murodali qishloqqa yaqinlashganda, saratonning chirildoq chigirtkalaridan boshqa bari jonzot uyquga ketgandi. Uylari siyrak qishloqning yakkam-dukkam chiroqlari ko‘ringach, mashinadan tushib, bu yog‘iga yayov ketdi. 
“Qanday boraman uyga, bolalar uxlashgandir!”
Uning chalkash xayollarini yaqindan eshitilayotgan qo‘ng‘iroq ovozi va cho‘ponning “qurey-qurey”i buzdi. Mashinadan kimningdir tushib qolganini ko‘rib turgan cho‘pon u tomon ancha yaqinlashib qolgandi.
Murodali tanidi. Hoshim cho‘pon-ku! Hech ham o‘zgarmabdi. 
Murodalining ko‘ngli yorishdi. 
– Assalomu alaykum, Hoshim bobo! Hormang, men… Murodman! 
– Ha, jigarim, bormisan? Keladi, deb eshitib edik. Kutaverib, ko‘zimiz to‘rt bo‘ldi-ku, bolam...
Hoshim cho‘pon Murodalini bag‘riga bosdi. Boshini sarak-sarak qilib, yelkalari silkinganicha eshitilar-eshitilmas bir necha bor “hay, attang, hay attang”, deya pichirlab qo‘ydi.
Qo‘ylarni qir tomondagi yotog‘ida qoldirishib, yo‘lga tushishdi. Nimalarnidir so‘ramoqchi bo‘layotgan Murodali Hoshim cho‘pon boshlagan yolg‘izoyoq yo‘ldan jimgina kelaverdi.
Qishloqqa yetay, deb qolishganda cho‘pon yorildi:
– O‘g‘lim, sen yosh bola emassan. Ko‘p narsani ko‘rib qo‘yding. Boshing toshdan bo‘lsin, ilohim. Bu yog‘iga mahkam turasan-da endi...
Hech narsaga fahmi yetmagan Murodali cho‘pon qorong‘ida timirsikilanib qabriston tarafga burilganida, ko‘ngilsiz hodisani sezganday a’zoyi badani qaltiray boshladi. 
Hali tuproqning nam hidi ketmagan, do‘mpayib turgan yangi qabr yonida to‘xtashdi. Hoshim cho‘pon qabr oldida cho‘k tushib qiroat bilan qur’on tilovat qila boshladi.
Oxirgi marta rahmatli onasini qabrga qo‘yganda mozor ko‘rgan Murodali hech narsaga tushunmadi, yerga tikilgancha tilovatga quloq tutdi.
Pichirlab o‘qilgan duodan so‘ng Hoshim cho‘pon taskin berishga urindi:
– Murodali, bolam, buyog‘i endi bandalik. Ikki kun bo‘ldi, boboyni berib qo‘ydik... 
Murodali boshqa hech narsa eshitmadi. O‘pkasi to‘lib, o‘kirib dodlagancha nam qabr tuprog‘iga o‘zini otdi...

“Yoshlik” jurnalining 2011-yil, 7-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.