DIYDOR
Ko‘p davralarda donishmand va mumtoz shoirning “Jahonning shodligi yig‘ilsa butun, do‘stlar diydoridan bo‘lolmas ustun” degan necha asrlardan beri yashab kelayotgan hikmatini takror-takror eshitib qolamiz. Ha, do‘stlar diydori shunchalar aziz, farahbaxsh... Ammo bu hikmatdagi boshqa bir so‘z doim xayolimni tortadi. “Diydor” degan so‘z... Qandaydir sirli, jarangli, maftunkor so‘z... Zero, mag‘zi, mohiyati, ma’nosiga munosib-da...
Hamkasb do‘stlarimizdan biri “Ko‘ngil diydor istaydi”, deb lutf etadi ba’zan... Bunda ham qandaydir hamohanglik, bog‘liqlikni ko‘rganday bo‘laman. Ko‘ngil va diydor bir-biriga ko‘p yaqin tushunchalarday... Zero, ikkisi ham samimiy his-tuyg‘ular, mehr, ezgulik nuri bilan yo‘g‘rilgan...
Diydor — sog‘inchning bitishi...
Diydor — visol...
Diydor — hijron va ayriliqqa qo‘yilgan nuqta...
Hammamiz hamisha diydorga oshiqamiz. Bola ona diydoriga talpinadi. Ko‘ngliga ishq cho‘g‘i tushgan oshiq yori diydoriga... Kun bo‘yi ish bilan band ota-ona oilasi, farzandlari diydoriga... Hafta yoxud oy o‘tib sog‘inishib qolsak, do‘stu qadrdonlar diydoriga... Xizmat taqozosi ila xorijga chiqadigan bo‘lsak, Vatan diydoriga... Sog‘inganda, ona yurt diydoridan azizroq ne’mat bo‘lmasa kerak.
Bir hafta yoki sal ko‘proq, boringki, bir oy yoxud biron yil, bundan qat’i nazar, Vatandan yiroqda bo‘lib, so‘ng ona yurtga qaytarkansiz, deylik, aeroportda samolyotdan tushishingiz bilanoq butun atrof, borliq ko‘zingizga cho‘g‘day ko‘rinib ketadi. Ehtimol, bolalikda uncha bilinmas bu... Lekin inson esini tanib, ulg‘aygani sari buni juda chuqur his eta borarkan.
Esimda, talabalik payti, bahor chog‘i ilk marotaba Qozon shahriga — talabalar anjumaniga borib qaytgach, Toshkent bo‘ylab ketayotganimda, ona shahrim yam-yashil daraxtlar bag‘riga g‘arq bo‘lgan afsonaviy diyorday tuyulgandi. Hali-hanuz o‘zga yurt safaridan qaytsam, shunday hissiyot ko‘nglimni chulg‘ab oladi. Birgina men emas, barcha yurtdoshlarimiz, yurtdan uch-to‘rt kun bo‘lsa-da olisga chiqqan vatandoshlarimizning qalbini shunday hissiyot chulg‘ashi tabiiy...
Axir, hijrondan so‘ng ona yurt diydoriga ro‘baro‘miz-ku...
Atoqli shoira Saida Zunnunovaning “Cho‘li iroq” nomli she’ri bor. Xalq qalbining nolalaridan yaralgan “Cho‘li iroq” navosining sehri, qudratidan so‘z aytarkan, “Do‘stlar diydorini g‘animat bilmay, sarobga shoshganga uni chalib ber”, deydi shoira...
Zero, o‘tli navo ta’sirida hattoki mudroq ko‘ngil ham uyg‘onib, sarob nima, haqiqat nima — anglasa, anglagani do‘stlar diydoridan, Vatan diydoridan ortiq bo‘lolmasligi ayon haqiqat-ku axir...
Balki shu bois ham, hammamiz hamisha diydorga oshiqarmiz...
KUZ XAYOLLARI
Kuzgi bog‘lar aro sokin kezayotgan insonning ko‘nglidan ne xayollar kechadi? Yo‘llarni to‘ldirgan xazonlar umrning yugurik shitobiga ishora etadimi? Yoki orzu-umidlarimiz ijobati yoxud armonlarning qismatidan shivirlaydimi kuzgi bog‘lar?
Umr — bahor bilan kuzning bir-biriga cho‘zilgan qo‘llariga solingan ko‘prikka qiyos etilsa, ertangi zangor fasl niyatlarini o‘ylayotgandir bu novdalar... Inson ba’zan sokin lahzalarni qo‘msab qolgani kabi, kuzgi sabolardan halovat topayotgandir bunda daraxtlar... Yoxud, aksincha, qaynoq quyoshning taftini qahratonning qatronlariga alishgisi kelmayotgandir ular... Har nechuk tabiatning bor sinovlariga mardona turguvchi mag‘rur daraxtlar bag‘rida hayot yolqini yashamoqda. Shu yolqin bor ekan, ayozlar pisand emas bu daraxtlarga...
Kuzgi bog‘lar aro sokin kezayotgan inson shularni o‘ylar, ehtimol... Odamzot umrining chinor umriga qiyos etilishi, to‘g‘rirog‘i, insonga chinor umri tilanishining boisi yanada teranroq ayon bo‘lar... Kuzgi bog‘larga tikilgani sayin xayollari chuqurlashib, o‘z qalbi bilan xoli qolib, o‘zligini izlar inson... O‘z-o‘zini yaxshiroq tushunar, ko‘ngil savollariga javob istar... Ko‘ngil bilan idrokning unsiz suhbati kechayotgan onlardir bular...
Ha, kuzning hikmatlari ko‘p.
Biroq, eng muhimi, bu to‘kin va donishmand faslda faylasufga aylanib qolgandek sezadi o‘zini inson. Qalbi va umri, baxti, ertasi haqida o‘ylaydi. Elu yurti, Vatani, farzandlarining nurli istiqbolini tilaydi.
Shu kunlarga yetganiga shukur qiladi.
Kuzgi bog‘lar — ko‘hna va buyuk haqiqatlarni yana bir bor yodga soladi. Shoir aytgan «bir pari fasl» bu! Shu bois ham, kuzgi bog‘lar aro kezayotgan inson atrofga qarab, har gal nimanidir kashf etgandek bo‘ladi.
Bundagi xayollar esa hamisha poklikka, go‘zallikka, abadiyatga daxldordir.
ILDIZLAR VA GIYOHLAR
Tog‘lardagi ildizlarga boqqanmisiz hech?
Daraxtlarning ildizlari ochiq ildizlar...
Matonat va bardoshning suvratiga o‘xshaydi ular...
Ne so‘z bilan aytish mumkin ular shaklini? So‘z ojiz, ta’rif-da ojiz. Faqat ko‘rish, anglash kerak. Qancha to‘zonu dovullar selu qatronlarning zulmini yenggan, metin bo‘lib ketgan ildizlar...
Elimizning irodasini eslatmaydimi ular?
Bardoshu qat’iyatini, mardona yalang to‘shini...
Doim ko‘ksi ochiq, chayir bobolarning suvrati ko‘z oldimizga keladi. Tarix degan tog‘ni, toshlarini yorib chiqqan ildizlar emasmi ular?
Ularning yonida ajib giyohlar unadi... Shifobaxsh giyohlar...
Necha dardga davo bo‘ladi bu giyohlar...
Yana qancha qudrat yashirinib yotgan ekan ularning tomirlarida?
Qancha mehr va malham yotgan ekan?
Mehr malhami...
Elimizning qalbini eslatadi ular...
Saxovatini eslatadi.
Shu aziz Vatan qo‘ynida, tog‘u toshlar bag‘rida xalqimizning ko‘hna va ulug‘ xislatlariga timsoldek — ildizlar va giyohlar yonma-yon yashaydi.
Matonat va malham, mehr va bardosh yonma-yon yashaydi.
Mangulikning siri shundadir balki...
ZIYORAT
Tilimizda «ziyorat» degan purma’no so‘z bor. Bag‘ridan nur taratayotganga o‘xshaydi bu so‘z...
Qadr, oqibat, samimiyat va ezgulik timsoliga aylangan chunki...
Ko‘ngil ziyorati...
Tabarruk maskanlar ziyorati...
Vatan ziyorati...
Yurtimizda ko‘plab qadamjolar shunday ziyorat manzilidir.
Ko‘hna Samarqandning Chelak tumanidagi Imom al-Buxoriy maqbarasi ham shunday tabarruk maskanlardan... Har kuni minglab yurtdoshlarimiz ezgu niyat bilan bu yerga ziyoratga kelishadi.
Buyuklik, poklik ziyoratiga...
Poklik va buyuklikning sirini anglash uchun ham zarur bu ziyorat...
Zotan, bu tuproqda buyuk zot duosining nuri, zakosining yog‘dusi bor. Bu yodgorlikni kezgan inson, dilida ixlosi bor inson shu nurni tuyadi, albatta. Ko‘ngli yorishadi...
Toshlar bag‘ridan otilib chiqqan buloq suvlaridan icharkan, vujud-vujudiga sokinlik va farog‘at inganday bo‘ladi.
Ruh va mangulik, umr mazmuni haqida o‘ylash uchun xo‘p ma’qul maskan...
Ha, buyuk ajdodlar avlodimiz...
Bebaho ma’naviy meros vorislarimiz...
Ayni chog‘da, shu shavkatni, shu g‘ururni o‘stirmoq uchun o‘zimiz ham biron ish qila bildikmi?
Bizdan kelajakka nima qoldi?
Umrimiz, mehnatimiz aqalli bir zarra bo‘lib, buyuk kelajak binosiga kor kelmoqdami? Yaramoqdami?
Bunday tabarruk maskanlarda bu savollar haqida chuqurroq o‘ylay boshlarkansiz.
Shu merosni to‘liq anglash, yurakka jo etish, dildagi g‘ururni o‘stirish, Vatanga fidoyilikdan ortiq saodat yo‘qligini ham ich-ichdan his eta boshlarkansiz shunda...
Tabarruk zotlar ruhini quvvati, ta’siri ham shundandir balki... Yurtimizning turli go‘shalaridan kelgan ziyoratchilarning duoyu tilaklari mushtarak bo‘lgan bu dargohda ko‘ngillar birlashishi bejiz emas.
Butun mamlakat buyuk ajdodi qoshiga ziyoratga kelganday...
Butun mamlakat yakdil va hamjihat ekaniga nurli timsoldir bu balki...