«Shodivoy juda hushyor, bo‘shangroq kishilarning tanobini tortib turadi», deyishdi bir davrada.
— Namuncha uni maqtadinglar, mana men bir devor qo‘shnisi bo‘lsam-da, hali biror martayam boplab ketolgani yo‘q! — dedi Salim ferma.
Bu gap Shodivoyning qulog‘iga yetdi. Indamadi. Payt poyladi. Fermaning shundoqqina yonginasida Polvonariq bor. Ko‘prik o‘rniga kattagina xoda yotqizilgan. Salim ferma har kuni shu xodadan o‘tib, uyiga qatnaydi. Bir kuni kechqurun ishini tamomlab uy tomon ketayotsa, Polvonariq bo‘yida qo‘shnisi Shodivoy chayqalib turibdi.
— Ie, qo‘shni, kayf taraq-ku, qaerdan kelayotibsiz?
— Ziyofatdan...
— Qani, qo‘lingizni bering, yetaklashib uyga yetib olamiz.
— Mast bo‘lsamam o‘zim ketaveraman, siz yo‘lingizdan qolmang!
Salim ferma ichida o‘yladi: «Axir mast odamga ishonib bo‘ladimi, tag‘in yakkacho‘pdan o‘taman deb suvga shaloplab... Qolaversa, qo‘shnichilik. Shunday paytda uni tashlab ketish nomardlik-ku». So‘ng u Shodivoyning yoniga borib, uni orqalab ko‘taribdi. Shu ko‘yi uyigacha yetkazibdi. Yetgunlaricha bo‘lari bo‘libdi, badanidan ter quyilibdi. Darvozasidan kirgizib, ortiga burilishi bilan Shodivoy sharaqlab kulib yuboribdi. Mast emas, tetik. Tirjayib: «Shuncha joydan ko‘tarib keldingiz, rahmat qo‘shni», deb turganmish.
Salim ferma churq etmabdi. Lekin ichidan zil ketib, o‘ylabdi: «Menday odamni bopladi-ya, azamat!»