Kech kuz o‘zining sarg‘ish etaklarini tog‘ yon-bag‘irlaridan butkul yig‘ib ulgurmay kun sayin qo‘li baland kelayotgan qish birdan quturib ketdi. Hali qilichining damini ko‘rsatishga fursati yetsa-da, keksa tog‘larga vajohatini ko‘rsatib qo‘ymoqchidek shamol va bo‘ron aralash ularning viqorli boshlari uzra qor purkay boshladi. Bunday telba qishlarning ko‘pini ko‘rgan oqsoqol tog‘lar esa uni pisand etmagandek mag‘rur ko‘krak kergancha jim qarab turishardi. Suruvni qishloqqa endirishga ulgurmagan Bekmurod qishning juda erta qilich qayrab qolganidan goh jahllanar, goh o‘zini boqibeg‘amlikda ayblab, chalma bilan o‘ralgan usti ochiq qo‘rada qunishib o‘tirgan suruvidan tez-tez xabar olardi. Ana, kechagina yaylovda jingalak junlari yaltirab, dirkillab yurgan yangi tug‘ilgan qo‘zichalar sovuqdan karaxt bo‘lgan oyoqlarini yerga bosolmay, bag‘rini nam yerga qo‘ygancha yotib olishdi. Bir kecha shunday yotsa ulardan ayrilishi aniq.
– Boymurod, – dedi u o‘tov oldida qo‘lini kuh-kuhlab gulxan yoqayotgan o‘g‘liga.
– Ha, – o‘g‘li namiqqan xas-xashakdan bo‘ralayotgan tutundan yoshlangan ko‘zlarini ishqay-ishqay otasiga qaradi.
– Beri kel!
Boymurod egnidagi paxtali choponining yengiga qo‘lini tiqib, qunishgancha otasining oldiga yugurib keldi.
– Nima deysiz?
– To‘qlilarni o‘tovga olib kiramiz.
“Hammasi sig‘maydi-ku” degandek o‘g‘li otasiga hayron boqdi. Ammo otasi hozir uning nigohidan ma’no uqadigan ahvolda emasdi. Shu bois choponining barini qayirdi-da, to‘qlichalarni ikki qo‘llab quchoqlagancha o‘tovga olib kira boshladi.
– Qishloqqa ensak-chi, ota, – dedi o‘g‘li unga yordamlasharkan.
– Ulgurmaymiz, hademay yer yaxlaydi. Qo‘y nozik jonivor. Yiqilsa qaytib turmaydi.
Boymurod o‘tovdagi bor to‘shanchilarni bir burchakka yig‘ib tashlab, qo‘zichoqlar uchun kengroq joy hozirladi. Harqalay izg‘irindan pana bo‘lgan to‘qlichalarga bir pasda jon kirib qoldi. Hayal o‘tmay dikirlashib, o‘ynoqlashib o‘tovni boshlariga ko‘tara boshlashdi.
– Ha, jonivorlar-a, – dedi Bekmurod o‘tovning bir burchagiga omonatgina yonboshlarkan, to‘qlichalarga qarab zavqlanib. O‘tov ichi unchalik issiq bo‘lmasa-da, har holda shamol va achchiq izg‘irindan ancha pana edi. Tashqarida esa hamon bo‘ron chiyillar, shamol o‘tovning kigiz eshigini kema yelkanidek shishirib, ichkariga itarardi.
– Ota, qo‘ylar hurkib qo‘ra devoriga sapchishayapti! – dedi tashqaridan hovliqib kirgan o‘g‘li. Bekmurod irg‘ib o‘rnidan turdi.
– Nega sapchiydi? Olapar bormi? – dedi qoziqqa ilingan qamchisini shosha-pisha olarkan tashqariga otildi. Ammo tashqariga chiqishi hamono o‘tov oldida dumini qisib o‘tirgan olapar undan najot istagandek oyog‘iga suykaldi. Itining qo‘rqoqligidan Bekmurodning jahli chiqib ketdi.
– He, o‘l! – deya ayamay boshiga qamchi soldi. Olapar vangillagancha o‘tov orqasiga o‘tib ketdi. Uning qilig‘idan Bekmurodning battar hayrati oshdi.
Nimadan qo‘rqdiykin bu? Nahotki, suruvga bo‘ri oralagan bo‘lsa? Yo‘g‘-e, hozir chilla davri emas. Bunday paytda bo‘ri qo‘raga dorimaydi. Og‘zi bog‘liq bo‘ladi deyisharmidi-ey, ota-bobolari. Agar bo‘ri oralagan bo‘lsa ham iti bo‘rilarni pisand etmasdi-ku. Nima jin urdiykin uni? O‘tgan yili katta arlon bo‘rining kekirdagini uzib tashlagan olapari shumi? Bekmurod hayron bo‘la-bo‘la qo‘l chirog‘ini suruvga qaratdi. Bir-birining ustiga chiqqudek bo‘lib burchakka qisinib olgan qo‘ylar qo‘rquvdanmi yoki sovuqdan dir-dir titragancha najot istab turishardi. Bekmurod qo‘ra eshigini ochib ichkariga kirishi hamono suruv gurr etib, battar hurkib ketdi. Chiroq yorug‘ida ko‘zi mashina faralaridek yalt-yult qilayotgan qo‘ylar o‘zlarini duch kelgan tomonga urishib, bag‘illay boshlashdi. Bekmurod ajablanib qo‘ra eshigidan chiqdi. Va tashqaridagi xarsangga o‘tirib, bir oz ularni kuzatdi. Bu paytda bo‘ron sal sekinlashgan, maydalab shiddat bilan yog‘ayotgan qor allaqachon yon-atrofni oqartirishga ulgurgandi.
– Olapar nega bunday qiladi? – dedi Bekmurod o‘g‘liga.
– Bilmasam, bo‘rining daragini sezgan ko‘rinadi.
– Bo‘ridan qo‘rqmasdi-ku.
– Besh-o‘nta bo‘lsa-chi?
– Og‘zingdan yel uchirsin-ey. Hali bo‘rilar ochlikdan izg‘iydigan palla emas-ku.
– Ota, ertaga qishloqqa enamizmi?
– Tong otsin-chi, ko‘rarmiz.
Bekmurod ko‘zlarini bir nuqtaga tikkancha uzoq jim qoldi. Bir oz tinchib qolgan suruv esa hurpaygan yungiga qo‘ngan qorni silkiy-silkiy, suvdan shilta bo‘lgan yerga cho‘kkalab oldi. Sovuq suyak-suyagidan o‘tdi shekilli, Boymurod kirza etikli oyog‘ini bir-biriga urib isinishga tushdi. Oxiri bo‘lmadi:
– Ota, o‘tovga kiraversam bo‘ladimi? – dedi bir oz iymanib. Otasi bir so‘z demadi. Chunki u o‘g‘lining gapini eshitmagandi. Boymurod o‘tovga kirib ketaversammi ham dedi. Ammo hamon zabun holda o‘tirgan otasiga rahmi keldi.
– Zaxga o‘tirmang, ota, – dedi uning oldiga borib.
– A? Ha-ya, – otasi garangsib o‘rnidan turdi-da, qo‘raga yana bir qur nazar tashladi.
– Endi nima qilamiz? – dedi so‘ng o‘ziga-o‘zi gapirgandek. Shu payt juda olis-olislardan jondorning uligani eshitildi. Bekmurod birdan sergak tortdi.
– Bo‘rimi? – dedi xavotirlanib. O‘g‘lining ha, deyishga yuragi dov bermadi.
– Qishloqqa tezroq enish kerak, – dedi otasining savoliga javoban.
Yarim kechagacha bo‘ralatib yoqqan qor tongga yaqin taqqa to‘xtadi. Osmonda bulutlar bir oz siyraklashdi-yu, so‘ng qora matoga marjon taqqandek charaqlab son-sanoqsiz yulduzlar paydo bo‘ldi. Havo birdan ochilib ketganligi bois izg‘irinli shamol turdi. Yomg‘ir va qor suviga bo‘kkan yer oyna misol yaltirab yaxladi.
– Boymurod, tur o‘g‘lim. Xudo urdi bizni. Havo ochilib ketibdi. Suruv o‘pkasidan ayriladi chog‘i.
Ota-bola oldinma-keyin qo‘ra tomon yurishdi. Burnidan suv oqib, pishqirib qolgan qo‘ylarning ho‘l yunglari sovuqdan taxtadek muzlab qolgandi. Bekmurod bora solib qo‘ra eshigini ochib yubordi. Ammo suruv qimir etmadi. Boymurod chuh-chuhlab ularni qo‘radan chiqarishga urindi. Oqsay-oqsay qo‘radan chiqqan suruv xarsanglar panasida dikkayib turgan xas-xashaklarni erinchoqlik bilan chimdiy boshladi. Hayal o‘tmay osmonga zar kokilli quyosh chiqdi. Oppoq qor bilan qoplangan yaylovlar uzra tilla tangga sochilgandek bo‘ldi.
– Endi qishloqqa enamizmi? – dedi Boymurod otasiga umidvor termilib.
– Bir oz kun mayinlashsin. Tushga yaqin enarmiz.
Boymurodning nazarida otasi yana boqibeg‘amlik qilayotgandek edi. Uning xayolida hoziroq suruvni qishloqqa haydab tushishmasa yana nimadir ro‘y beradi-yu, so‘ng ular umrbod shu tog‘larda qolib ketishadi.
Oradan biror soatlar o‘tgach yo‘lni tekshirib kelish uchun Bekmurod tog‘dan pastga enib ketdi. Oq chopon kiygancha o‘shshayib turgan tog‘lar va sukutga cho‘mgan keng yaylovlar bilan birga Boymurodning yakka o‘zi qoldi. U katta xarsang ustiga chiqib bir oz suruvni kuzatgan bo‘ldi. So‘ng otasi ketgan tomonga dam-badam qarab qo‘ya boshladi. Nihoyat pastdan otasining boshi ko‘rindi. Qo‘lidagi tayog‘iga tayana-tayana tepalikka chiqib kelarkan, o‘zidan javob kutib turgan o‘g‘liga qarab “yo‘q” degandek bosh chayqadi. Boymurod otasining bosh tebratishiga ham qanoat qilmay sakrab o‘rnidan turdi-da, unga peshvoz chiqdi.
– Yer yaxmi, ota? – dedi yuragi po‘killab.
– Hech surobi yo‘q. Bu turishda qishloqqa enolmaymiz.
– Suruv-chi? Suruvni sovuqqa oldirmaymizmi?
– Bilmadim, o‘g‘lim. Juda boshim qotdi. Nima qilishga hayronman.
Kun peshindan og‘ar-og‘mas yana izg‘irin turdi. Quyosh tig‘ida bir oz erib, g‘ovak bo‘la boshlagan qor izg‘irin zo‘ridan muzga aylandi. Suruv yana qo‘raga qamalishga mahkum etildi. To‘qlichalar esa o‘tovga. Suruvni qo‘raga qamashgach, Bekmurod o‘tovdan ikkita dastkola olib chiqdi-da, birini o‘g‘liga tutqazdi.
– O‘tin yig‘ib kelib qo‘ra atrofida olov yoqmasak suruvdan ayrilamiz.
Ota-bola qurigan tog‘olcha-yu, yovvoyi do‘lanalarning shox-shabbalarini dastkola bilan chopishib, ancha o‘tin yig‘ishdi. So‘ng uni qo‘ra atrofiga to‘plashib, olov yoqishdi. Namiqqan shox-shabbalar bir oz buruqsab turdi-yu, so‘ng birdan charsillab yona boshladi. Bekmurod endi ho‘l o‘tinlarni ham olovga qaladi.
– Ota, yana o‘tin olib kelaylik, – dedi o‘g‘li. Bekmurod erindi. Olov tafti uning horg‘in vujudini nihoyatda elitgandi.
– Bo‘p qolar, – dedi esnab. – Ana, qo‘y jonivorlarga ham jon kirib qoldi. Tili yo‘q-da, bechoralarning. Sovqotdim deyolmasa.
Ota-bola bor o‘tinni olovga qalab o‘tovga kirishdi. Bir burchakka yig‘ib tashlangan to‘shanchilarni to‘shab, kiyimlarini ham yechishmay, o‘ringa cho‘zilishdi. Hayal o‘tmay Boymurodning pishillagani eshitildi. Bekmurod o‘zicha hushyor yotmoqchi bo‘ldi. Charchoq zo‘ridan ko‘zlari yumilib ketay desa-da, o‘zini qattiqlikka olib, ancha payt uyg‘oq yotdi. O‘rnidan turib ikki marta suruvdan xabar olib keldi. Oxirgi xabar olganida qo‘ylar bir oz bezovtadek tuyuldi unga. Olaparga qaradi. U ham dumini qisib, egasiga javdirab turardi.
– Nima bo‘ldi senga? – dedi Bekmurod uning boshini silab. – Qaridingmi yo?
It ayanchli g‘ingshib egasining qo‘llarini yaladi. Bekmurodning yuragi g‘ashlandi. Paxtali choponiga mahkam o‘ranib, tashqarida bir oz aylandi. O‘cha boshlagan olovga chala yongan kundalarni itarib qo‘ydi. “Osmonga bulut chiqsaydi” deya ko‘kka umidvor termildi. Ammo yulduz to‘la osmonda bir parcha ham bulut ko‘rinmas, achchiq izg‘irin kishining yuz-ko‘zini chaqib olay derdi. Bekmurod qo‘loqchinli telpagiga qanchalik o‘ranmasin, sovuqqa bardosh berolmadi. “Bir oz isinib kelay” deya o‘tovga yo‘l oldi. Ko‘rpaga o‘ranib yotgandi, tanasiga ancha iliqlik yugurdi. So‘ng kipriklari o‘z-o‘zidan qovusha boshladi. Bir payt keng yaylovda yurganmish. Atrofi qo‘y-qo‘ziga to‘la. O‘t-o‘lan tizzadan. Lekin negadir o‘g‘li ko‘rinmasmish. “Boymurod, Boymurod” deya yon-atrofni qidirib, uni topolmabdi. Bir payt qarasa o‘g‘li baland cho‘qqida xomush o‘tirganmish. Tush, deya chaqirgan ekan u asta-sekin cho‘qqidan pastga tusha boshlabdi. Lekin shu payt hammayoq birdan muzga aylanibdi. O‘g‘li esa muzga tayrilib ketib... “O‘g‘lim!” Bekmurod o‘z ovozidan o‘zi cho‘chib uyg‘ondi. Hovliqib yonboshiga qaradi. O‘g‘li yo‘q. Tashqaridan esa qandaydir qo‘rqinchli shovqin eshitilardi. It uliyaptimi, qo‘y barayaptimi bilib bo‘lmasdi. Bekmurod bir muddat nima qilarini bilmay kalovlanib qoldi. So‘ng shundoq oyoq tomonida turgan etigini kiya solib tashqariga otildi.
– Boymurod! – deya baqirdi o‘tovdan chiqar-chiqmas. O‘g‘lidan biror sas-sado eshitilmadi. Qo‘rqib ketgan Bekmurod qo‘ra tomon yugurdi. Ammo u yerda ayanchli manzaraga duch keldi. Qo‘ra eshigi lang ochiq, bor-yo‘g‘i o‘n-o‘n beshtacha qo‘y qo‘ra burchagida qunishib o‘tirar, yana shunchasi esa negadir oyoq ostida sulayib yotardi. “Sovuq uribdi” xayoliga shu o‘y urilishi hamono bora solib qo‘ylarni ushlab ko‘ra boshladi. Ammo negadir qo‘liga shilimshiq narsa ilashdi. Hayron bo‘lib, hidlab ko‘rdi. Qon! Nahotki, bo‘ri dorigan bo‘lsa?! Shosha-pisha yonidan qo‘l fonarini chiqarib, uni aftodahol cho‘zilib yotgan qo‘ylarga tutib ko‘ra boshladi. Birining kekirdagi uzilgan, boshqasining dumbasi g‘ajilgan, yana birining shunchaki qorniga tish botirilgandi. Hech qaysi qo‘y to‘laligicha yeyilmagan, go‘yoki ular ermakka bo‘g‘izlangandek edi. Bekmurod boshini changallab qoldi. Jon berolmay oyoq silkitayotgan chalajon qo‘ylarning bo‘g‘ziga pichoq tortishi kerakligi ham yodiga kelmadi. Shu zaylda qancha o‘tirdi, bilmaydi. Bir payt o‘g‘lining yo‘qligi miyasiga urildi-yu, sakrab o‘rnidan turib ketdi.
– Boymurod! – deya ikki qo‘lini og‘ziga karnay qilib chaqira boshladi. Lekin o‘g‘li xuddi suvga tushgan tosh kabi zim-g‘oyib bo‘lgandi. It ham ko‘rinmaydi. Suruvning esa yarmi yo‘q. Bekmurod qo‘liga zarang tayog‘ini oldida o‘ylab ham o‘tirmay tog‘dan pastga ena boshladi. Aniq biladi: o‘g‘li omon qolgan suruvning yarmini olganu qishloqqa jo‘nagan. Ikki kundan buyon ketaylik, deya hol-joniga qo‘ymayotgandi. Yo‘lma-yo‘l ketarkan, shu xayollarining rost bo‘lib chiqishini Xudodan o‘tinib bordi. Ammo...
* * *
O‘sha kuni Boymurod Olaparning nolali g‘ingshishidan cho‘chib uyg‘ondi. Qarasa otasi uxlab yotibdi. Bir xabar olay-chi, deya tashqariga yolg‘iz o‘zi chiqdi. Chiqdi-yu, dahshatdan qotib qolay dedi. Qo‘ra eshigi lang ochiq. Bo‘g‘izlangan chalajon qo‘ylar jon achchig‘ida tipirchilaydi. Hurkib ketgan suruvning yarmi esa duch kelgan tomonga qarab, tum-taraqay qochib ketayapti. Hozir oldini qaytarmasa, ulardan ham ayrilishi aniq. Shu atrofda bo‘rilar izg‘ib yurganligini ham o‘ylab o‘tirmay suruvning ortidan yugurib ketdi.
– Olapar, Olapar, – deya itini chaqirgandi, u bir oz taysallab turdi-da, so‘ng noiloj egasining ortidan ergashdi. Ammo hurkkan suruvni qaytarib bir joyga jamlashga na Boymurodning qurbi yetardi va na Olaparning. Boymurod suruv ortidan quva-quva jar labiga yaqinlashib qolganligini sezmay qoldi. Eng birinchi oldinda yugurib ketayotgan serka jarga quladi. Ortidan ikkita sovliq. Boymurod hozirgina yugurib ketayotgan qo‘ylarning birdaniga g‘oyib bo‘lib qolganligidan ajablanishi hamona oyog‘i muzli yerda toyib ketdi. Va pastga shiddat bilan sho‘ng‘ib ketarkan jon talvasasida muzli toshlarni changallay boshladi. Ammo yaxlab, qirralari ham sip-silliq bo‘lib qolgan xarsang toshlar hayot uchun kurashayotgan bolaga najot qo‘llarini cho‘zmadilar. Bola dahshat ichra pastga qaradi. Og‘zini o‘radek ochgancha poyida ajal muntazir turardi. O‘lim sharpasi juda yaqin, judayam yaqinginasida ekanligini his etdi u. So‘nggi bor vahshiy tog‘larga qaradi. Go‘yo shunday bo‘lishi kerakdek ular ham juda beparvo va sovuq edilar.
– Olapar, Olapar! Qutqaz meni! – deya qichqirdi umid bilan. It egasining chorlovidan kuch olib, shiddat-la pastga yugurdi. Ammo jarning chuqurligini ko‘rib, birdan turgan joyida taqqa to‘xtadi. Yana oldinga talpinmoqchi bo‘ldi. Ammo yuragi dov bermadi. Asta xarsang ustiga cho‘nqaydi-da, osmonga qaragancha nolali uliy boshladi. Bola esa so‘nggi umididan ham ayrilganligini his etdi. His etdi-yu, bor ovozda baqirib yubordi:
– Ota-a-a-a!
Uning qichqirig‘iga tog‘lar aks-sado berdilar:
“Ota-a-a-a! Ot-a-a-a! A-a-a!