Saratonnning issig‘iga chiday olmagan qishloq odamlari kech tushib, havo salqin bo‘lishini kutib yotgan mahal Nazar domlaning uyidan qiy-chuv ovoz eshitildi. Bu g‘ala-g‘ovurlarga ko‘nikib qolgan qo‘shnilar: «Nazar ichib kelib xotinini yana do‘pposlayapti, hech aql kirmadi-da, bu betavfiqqa, Xudoning bergan kuni shu hol. Farzandlari bo‘y cho‘zsayam, urush-janjalini kanda qilmaydi-e, tavba», deya janjalga aralashish befoydaligidan g‘o‘ldirashib qo‘ydilar. Oradan bir kun o‘tib, tongda Nazar domlaning uyidan yana yig‘i tovushi eshitildi. Devor-darmiyon qo‘shni Shomurod uydan chiqayotgan ovozni eshitdiyu, jahllanib o‘rnidan turdi. Qo‘shnisining uyiga yetgach, darvozasini tepib kirdi. Uyqusini buzganlarni endi haqoratlash uchun og‘zini juftlayotgan edi, ichkaridan, «Voy otam-ov, voy otam-a-a», degan yig‘i eshitildi. Hovliqib ovoz chiqayotgan uyga kirdi va tek qotdi. Yerda Nazar domla yarim chalqancha holda boshi orqasiga tesha qadalgancha o‘lib yotardi.
* * *
Baquvvat, mo‘ylovi lablari ustiga osilib qolgan, ko‘zlari chaqchaygan, bilaklarini tuk qoplagan Qosimning choyxonada bemalol o‘tirganidan ranjigan Normat aka chiday olmay, gap qotdi:
– Ov, Qosimboy aka, esingiz borida ketsangiz bo‘lardi, uyingizda xotiningiz ikkiqat. Otangiz sho‘rlikning ko‘zi ojiz bo‘lsa, qo‘lidan nimayam kelardi. Xudo ko‘rsatmasin, mabodo xotiningizni to‘lg‘oq tutib qolsa bormi?
Kayfi oshib qolgan Qosimning go‘shtdor yuzlari beo‘xshov ko‘pchidi.
– Sen enag‘ar, qachondan beri odam bo‘lib qoldingki, birovning g‘amini yeysan? O’zingni eplab ol, juldurvoqi. Tupurdim senday aqlbozga. Bor, achchiq choyingdan olib kel, – deb bir otim nosni kapaladi.
Oraga sukunat cho‘kdi.O’tirganlar bir Qosimga, bir undan yoshi ancha kichik Normatga boqardi. Ko‘rinishidan ozg‘in, ko‘zlari atrofi ichkariga botinqiragan, novchadan kelgan Normatning asabiylashgani aft-angoridan bilinib tursa-da, u bosiqlik bilan «hayf senga gap», degan ohangda xontaxta ustidagi choynakni ijirg‘anib oldi. Endi orqaga o‘girilgan edi hamki, Qosimning «Tez kunda oqsoqol bo‘lsang ajabmas, o‘zingniki qolib, birovning ketini tozalaysan», degan bepisandlik bilan aytilgan gapiga chidolmadi.
– Sen noshukursan, iflossan, o‘g‘ri, yalangoyoq!
Normatning qanday qilib orqaga o‘girilganini, qo‘lidagi choynakni Qosimning naqd yuziga otganini hech kim payqamay qoldi. Devday savlati bor odam o‘tirgan joyida tappa yiqildi. Barchaning kapalagi uchdi. Qosimning og‘zi-burnidan qon sharillab oqdi. Yuzidan kaftlarini olib, qonni ko‘rgach, vajohat bilan Normatga o‘zini otgandagina o‘tirganlar «hay-hay»lab oraga qo‘shilishdi. Qosimning changalidan bir amallab Normatni ajratib, tashqariga olib chiqishdi.
* * *
Chiroqlari o‘chirilgan zim-ziyo uyda kalima qaytarib o‘tirgan O’rozqul cholning yelkasi bir uchib tushdi. O’z-o‘zidan quloqlari shang‘illadi. Qayta-qayta kalima qaytardi. Yarim tunda ham o‘g‘li kelavermaganidan bezovtalandi.
Kelinining tez kunlarda farzand ko‘rishini ko‘nglidan o‘tkazarkan, hali tug‘ilmagan bo‘lsa-da, xayolan jujuqqina nevarasini ko‘z oldiga keltirdi. Ko‘zi ojiz bo‘lsa ham nabiralarini o‘zi tarbiyalashni o‘ylarkan, o‘g‘li Qosimga hecham o‘xshamasligini dildan istadi…
Xotinining Qosimni qiynalib tuqqani-yu, bu olamdan ko‘z yumar chog‘ida aytgan so‘zlari xayoliga bot-bot kelaverdi.
– Otasi, o‘g‘limizni eson-omon katta qiling. Mening o‘rnim bilinmasligi uchun uylaning. Ona mehri baribir boshqa bo‘ladi. Uni hech narsaga zoriqtirmang, ko‘nglini o‘ksitmang. Birovlarga xo‘rlatib ham qo‘ymang. Sizdan roziligim mana shu…
O’rozqul cholning nursiz ko‘zlaridan yosh oqdi. Unsiz, iyaklari titrab, yig‘lab ham oldi.
So‘qir odam butun borliqni ko‘rishini qanchalik istashini tasavvur etar ekan, tuyqus ko‘nglidan kechgan fikrdan alamzada bo‘ldi: Xudoning irodasi bilan ojiz tug‘ilgan bandalar bir umr yorug‘ olamni ko‘rish istagida armon bilan yashaydi. Mening-chi?! Mening ko‘zim ochiq edi-ku?! Agar bu gunohim uchun jazo desam, ko‘nglimda yomonlik yo‘q edi-ku!
Meni kechir, kampir! Sening vasiyatingni bajarolmadim. O’gay ona, baribir o‘gay dedim. Yaxshisimi, yomonimi, ikkoviyam bir go‘r, dedim. Uylanmadim. O’zim tarbiyalab, katta qilaman, dedim. Afsus, kampir, haddan ziyod mehrning ham kasofati bo‘larkan. Qosimni odam emas, hayvon qilib o‘stiribman. O’g‘irlik qilib qamalib ham chiqdi. Uylansa odam bo‘lar degandim…
* * *
Betavfiq o‘g‘ilga kim ham qiz berardi. Qosimning yoshi ham o‘ttizni qoralab qoldi. O’rozqul chol o‘ylay-o‘ylay oxiri qo‘shni qishloqdagi Tirkash o‘rning o‘tirib qolgan qiziga sovchilikka bordi. Unga ro‘y-rost bor gapni aytdi. Tirkash o‘r aslida o‘r emas ekan, birinchi gal borgandayoq ish bitdi-qoldi. To‘y ham elnikidan kam bo‘lmadi.
Kelini tilla chiqdi. Hammasiga chidaydi. Bir oy o‘tar-o‘tmas, o‘g‘il ichib kelib kelinni so‘kadigan odat chiqardi. Keyin do‘q-po‘pisa aralash shapaloq tortadigan bo‘ldi. Bora-bora bu kun-kunora takrorlanuvchi odatga aylandi. O’rozqul chol birovning oyday qizini badbaxt qilib qo‘yganidan o‘kindi. Keliniga «ket» deb, aytgisi keldi. Ammo aytolmadi. Oriyatni o‘yladi, zurriyodini o‘yladi. Orada g‘am-alamdanmi, Xudoning irodasimi, cholning ko‘zi ko‘rmay qoldi. Tilla kelinning ikkiqatligini bilgach, biroz ko‘ngli yorishganday bo‘lgandi. Balki, o‘g‘lim ota bo‘lganda, otalikni his etganda, vazminroq bo‘lar, deb o‘ylardi. Ammo…
* * *
Uyda yolg‘iz o‘z-o‘ziga unsiz so‘zlayotgan O’rozqul cholning sukunatini tashqaridan jig‘ibiyron bo‘lib, so‘kinib kelayotgan o‘g‘li Qosimning ovozi buzib yubordi.
– Sen it emganlarning enalaringni uchqurg‘ondan ko‘rsataman…Hiq…
Odatdagidek, o‘g‘lining ichib kelayotganini bilgan ota o‘tirgan joyida g‘ashlandi. Yuragi taka-puka bo‘ldi, o‘tirganicha g‘udrandi: «Ey Xudo, kelinimga qo‘l ko‘tarmasin-da, ishqilib…»
Ikkiqat ayol erining kelishini kuta-kuta ko‘zi endi ilingan edi. Erining shovqin-suronidan cho‘chib uyg‘ondi va miltillab turgan fonusning yorug‘ini balandlatish uchun o‘rnidan turgan ediyamki, ko‘z oldi jimirlab ketdi, boshi aylanib, cho‘k tushdi.
Qosim har galgidek qichqirdi:
– Turmaysanmi, qiztaloq. Senga aytayapman, ov…
Bo‘g‘oz zaifa erining vajohatidan qo‘rqib, qancha urinmasin, o‘rnidan turishga madori yetmadi. Buning ustiga qornida paydo bo‘lgan sanchiq ham turishiga imkon bermadi.
O’rozqul chol oromini yo‘qotgandi. O’rnidan turib, devor suyangancha ovoz chiqayotgan tomonni tusmolladi. Ochiq turgan eshikka yetar-etmas kelinining inqillagan ovozini eshitdi. Yuragi hapriqirib ketdi. Xavotiri yana-da oshib, bo‘g‘iq ovozda baqirib yubordi:
– Kelinning ko‘zi yormoqchi, Qosimjon. Harakatingni qil, bolam, – dedi-yu, ammo, kayfi bor o‘g‘ilga gap kor qilmasligini his qilib, nochorligidan yig‘lab yubordi. Qaltirab-qaltirab ichkariladi. Ko‘zi ko‘rmasa-da, o‘g‘lining kelinini tepkilayotganini his etgach, jon holatda ovoz tomonga o‘zini otdi. Bir amallab o‘g‘lining oyog‘iga yopishishga arang ulgurdi.
– Jon bolam, unday qilma. Bolaning uvoliga qolasan…
* * *
Qosimning changalidan qutulganiga shukur qilgan Normat yorilgan labini tili bilan paypasladi. «Ha, ko‘rnamak, noshukur, yaxshilikni bilmagan, hayvon..!» U o‘nqir-cho‘nqir tosh ko‘chali soy yoqalab ketarkan, o‘zicha so‘ylanardi. Ammo uyiga yetar-etmas, yuragi shuv etib ketdi va shoshib O’rozqul cholning uyi tomon jo‘nadi.
Normat O’rozqul cholning uyiga yaqinlashgach, uzoqdan elas-elas kelayotgan ovozni eshitib, bir dam to‘xtab quloq tutdi. Atrofida ahyon-ahyonda boyo‘g‘lining vahimali tovushi, qurbaqalarning qurillashi eshitilardi. Biroz yurgach, tin olib atrofga yana qulok tutdi. Tunning sokinligidan shitir etgan ovoz ham aniq eshitilardi. Shu vaqtda qulog‘iga O’rozqul cholning yalingannamo va achchiq gap-lari eshitildi:
– Iloyo zurriyodingdan qaytsin…
Bo‘g‘oz xotinini urayotgan Qosim orqasidan poylab kelib, jon holatda bo‘yniga arqon solgan chayir va navqiron Normatni ilg‘amay qoldi. Nafas olishi qiyinlashib, madori quridi. Normat barzangi hamqishlog‘i gursillab yiqilgandagina arqonni biroz bo‘shatdi.
– Sadqayi odam ket-e. Homilador ayolgayam qo‘l ko‘taradimi-a, tavba, – deb har ehtimolga qarshi uning oyoq-qo‘lini bog‘lab tashladi.
Keyin ingranayotgan zaifaga yordamga o‘tdi. Ahvolni sezgach, shosha-pisha qishloqdagi doyalik qiluvchi kampirga chopqilladi. Allamahaldan so‘ng kampir bilan kirib kelgach, vaziyat yengillashdi. Kampir zaifa uchun bilgan amalini qilishga kirishib ketgan edi. Bu vaqtda ancha yengil tortgan Normat O’rozqul chol bilan allamahalgacha dardlashib o‘tirdilar. Biroq O’rozqul cholning tez-tez uh tortishini g‘am-tashvishidan deb o‘ylagan Normat faqat taskin berish bilan cheklanardi. Lekin..
Tong yorishar-yorishmas, bu xonadonga quvonch bilan birga tashvish kirib kelganida, odamlar O’rozqul cholning achchiq va xunuk qismatiga achindilar. Ota yurak xuruji tutib, u dunyoga rixlat qilgan edi. Normat janozada o‘zi bosh-qosh bo‘ldi. Boshi egik Qosim nima qilarini bilmay garangsirdi.
* * *
Olmaning tagiga olma tushadi, deganlari rost ekan. Qosim otasi o‘ylagandek, o‘g‘il farzandi tug‘ilgach, odamshavanda bo‘ldi-qoldi. Oradan yillar o‘tib, farzandi ham huddi o‘zi kabi baquvvat, qoruvli yigit bo‘ldi. O’g‘lining xatti-harakatlari quyib qo‘ygandek o‘ziga o‘xshaganidan Qosim tugul odamlar ham hayratlanardi.
– Yo tavba, odam bolasi ham shunchalik otasiga o‘xshaydimi, – dedi choyxonada o‘tirganlardan biri.
– Nimasini aytasiz, – deb gapga qo‘shildi, choyni damlab kelib, qaytarayotgan Normat.
– Ota qoni bor-da. Bir vaqtlar sho‘rlik rahmatli O’rozqul chol choyxonaga kelib, ichidagi dardini yorgan edi. Men o‘shanda yosh, navqiron edim. «Bolam ona mehrisiz o‘sganidanmi yoki yakkayu yagona o‘g‘lim bo‘lganidanmi, bilmadim… tabiati yengil bo‘ldi. Tengqursizlar, senlaram pand-nasihat qilib turinglar. Zora, biroz o‘zgarsa» degandi...
Suhbat orasida kimdir Normat akaga kesatdi.
– O’shanda o‘zingiz ham oppoq bo‘lmagandirsizki, «oq choy» ichadigan joy quriganday choyxonani maishatxonaga aylantirgansizlar. Eshitganman tarixini …
Bu gapdan Normat akaning rangi oqarib ketganini ko‘rib, o‘tirganlardan biri vaziyatni yumshatish uchun, gapni yana Qosim haqidagi hangomaga burdi.
– Ha, to‘g‘ri aytasiz, Normat aka, qon-qoniga singib ketgandan keyin na ota, na ona mehri ham kor qilmas ekan. Isbot ana, siz aytgan rahmatli O’rozqul cholning nevarasining otasi ham, onasi ham bor. Lekin hamma undan bezor. Qilgan ishi qing‘irlik. Tunov kuni Qosimboy akaning uyi yonidan o‘tayotgan edim, urush-janjalning ovozini eshitib qoldim. Kirsam, Qosim aka o‘g‘lini og‘ilga kirgizib, rosa savalayotibdi. Bola paqirning ko‘karmagan joyi yo‘q. Borib ajratdim…Hovuridan tushgan Qosimboy akaga bolani bunchalik urmang, uraversa eti qotadi, desam sening ishing nima, deb jerkib berdi. Qo‘l siltab chiqib ketdim. Keyinchalik bilsam, o‘g‘lingiz Shomurod Qosim akaning o‘g‘lini kechasi qo‘rasida ushlab olibdi.
– Hm… shunaqa deng, attang – deb bosh chayqadi gapdan chalg‘ib, hovuridan tushgan Normat aka bu gap-lardan allaqachon xabari bo‘lsa-da, bilmaganga olib. Negadir yon qo‘shnisini yomonlashni o‘ziga ep ko‘rmadi.
Qosimboyning o‘g‘li esa qing‘ir ishlarni qilaverdi. Ota uni savalayverdi. Kaltakdan farzandning eti, otaning esa boshi qotdi. O’g‘lining qilig‘idan to‘yib ketgan maktab direktori ham kunora chaqirgani-chaqirgan. Yalong‘och qilib ham savaladi.
Ona avval boshda erining, so‘ng esa eti qotgan farzandining dastidan kuyindi. Kasalxonaga tushdi…
* * *
O’g‘il institutni bir amallab tugatib, qishloq maktabiga o‘qituvchi bo‘lib, ishga kirganida hammaning og‘zida ancha vaqt gap bo‘lib yurdi. Qarib kolgan Normat ota rivoyatnamo gap qildi.
– E-ey, odam bolasini hayotning o‘zi tarbiyalaydi. Otang bolasi bo‘lma, odam bolasi bo‘l, deganlaricha borda-a..Eh, bu kunlarni ota-onasi bir ko‘rganda bormidi. O’g‘lini endi odam qilib edi-ya. Attang…
Ammo bu xursandchilik ko‘pga cho‘zilmadi. Yangi kelgan o‘qituvchining qo‘pol va beo‘xshov harakatidan maktab bolalari tugul, boshqalar ham hayiqadigan bo‘ldi. Kunlarning birida darsda bolalardan biri sho‘xlik qilgan ekanmi, yangi o‘qituvchi qulog‘idan tortib doskaga bir-ikki siltab qapishtirgan. Bolaning qulog‘i yirtilib ketib, rosa urush-janjal bo‘lganida, Normat ota bir amallab bosdi-bosdi qilishga ulgurdi…
* * *
Kunora janjaldan to‘yib ketgan farzandlar el oldida aroqxo‘r otasining dastidan bosh ko‘tarolmay qoldi. Katta o‘g‘il har janjal so‘ngida «Ena, otam nega bunaqa bo‘lib qolgan? Nega gapimizga quloq tutmaydi. Biz ham hamma qatori yashashni istaymiz», degandi, ona sho‘rlik piq-piq yig‘lashdan nari borolmadi. Qarindoshlarning pand-nasihatlarini bir pulga ilmaydigan otaning bu hulq-atvorini ko‘pchilik tushunmasdi ham. Faqat ko‘pni ko‘rgan qariyalargina gohi-gohida gap kelganda: «Qoni shunaqa», derdi xolos…
* * *
Maktabdan ertaroq qaytayotgan o‘rtancha o‘g‘il oilasidagi bir kun oldingi janjalni eslab, uyiga oyog‘i tortmadi. Uzoqlarga ketib qolgisi keldi. Ammo onasining betobligi uchun bu qaroridan qaytdi. Ustiga-ustak akalari bozorga ketgan edi. Kunning issiqligidan boshidan oftob o‘tdimi, burnidan sharros qon oqdi. Yuzini oqayotgan ariqqa borib yuvar ekan, suvga tomchilagan qonni ko‘rib, negadir eti uvushdi. Ikki kun oldin akalari otasiga «Endi yana onam bilan janjal qiladigan bo‘lsangiz yomon bo‘ladi, ota», degan gaplarini esladi.
… Bola uyiga yaqinlashgan edi. Onasining uvlagan yig‘i ovozini eshitdi. Darvozasi oldiga borib, kirarini ham, kirmasini ham bilmay qoldi. Lekin onasining:
– Yordam beringlar, kim bor? – degan dod-voyini eshitgach, ichkariga yugurdi…
G’irt mast ota kasal xotinining sochini qo‘llariga o‘rab, kaltaklayotgan edi.
– Hali senmi o‘g‘illarimni menga qarshi qiladigan. Ko‘rsatib qo‘yaman, enag‘ar!...
Yugurib borib otasining qo‘liga yopishgan o‘g‘il, bir zum o‘tmay ikki metr nariga yuz tuban yiqilganini anglamay qoldi. Biroz oldin qonagan burnidan yana qon oqdi. Boshi aylanib gandiraklaganicha onasini beayov urib-tepkilayotgan otasiga nafrat bilan tikildi. Qo‘rquvdan ko‘zini yumdi. Keyin ochdi. Ko‘zlari oldiga avval tip-tiniq bo‘lib oqayotgan ariq ko‘rindi. So‘ngra o‘sha ariqda qip-qizil oqayotgan qon namoyon bo‘ldi. U bechora onasining «Bolam, qutqar», degan nolasini eshitgandan keyingina o‘ziga keldi. Keyin ko‘zlarini kafti bilan bekitgancha shoshib tashqariga chiqdi. Darrov ortiga qaytdi. Qo‘lidagi teshaga bir zum tikilib turdi va uni azot ko‘tardi. Zum o‘tmay ko‘z o‘ngida yana o‘sha qonli ariq namoyon bo‘ldi.
* * *
Eshik ochilib Nazar domlaning farzandlari kirib kelganida, ona-bola ostonada bir-birini quchoqlagancha o‘tirardi. Avvaliga ular bu holatni tushunishmadi. Keyin dahshatdan dong qotdi…
Qo‘rquvdan titragan ona va farzandlar «endi nima qilamiz», deganday bir-biriga javdirab boqishdi. Sovuq sukunatni kaltakning zo‘ridan badanlari qorayib, uzun sochlari to‘zg‘igan ona buzdi.
– Nima bo‘lsa ham hozir «otam»lamanglar. Mavridi emas…
Bu kecha na onaning, na farzandlarning ko‘zi ilindi. Erta azonda padarkush o‘g‘ilning beixtiyor «otam»lagan ovozi qo‘shnilarning tinchini buzdi. Bu paytda qishloqning eng keksalaridan bo‘lgan, yoshi yuzni qoralagan oqsoqol Normat otaning o‘g‘li Shomurod kirib kelgan edi…
Shomurod oldi-ortiga qaramay, bu ko‘ngilsizlikni keksa otasiga yetkazish maqsadida oyog‘ini qo‘liga olib uyiga qarab chopdi. U uyiga kelgan chog‘ Normat oqsoqol bomdod namoziga tahorat olayotgan edi. O’g‘lining tuyqus kelib, shosha-pisha aytgan so‘zlarini eshitib, rangi o‘chdi.
– Yo alhazar, yo alhazar, astag‘furulloh…Tavba qildim, tavba qildim. Bu ne ko‘rgulik, – deya kalima qaytara ketdi.
* * *
Voqeadan voqif bo‘lgan Normat oqsoqol, bir muddat o‘ylanib turdi. Keyin marhumning xotini va farzandlarini, o‘zi bilan birga kelgan Shomurodni ham yoniga chaqirdi.
– Judayam xunuk ish bo‘pti, xunuk, – Normat ota chuqur nafas oldi. – Gap shu yerda qoladi, eshitdilaringmi?! Murdani to‘g‘irlab, joyiga yotqizinglar… qolganini menga qo‘yib beringlar…
* * *
Quyosh ko‘tarilmasdan qishloqda motam ovozi ko‘kka o‘rladi… Tushga yaqin marhumni mozorga qo‘yib kelishdi…
Mozor boshida oqsoqol o‘ylab o‘yiga yetolmadi. «Qosim bilan bolasi o‘rtasida nima bo‘lgan ekan-a?!»
Marhumning isi kuni umri bo‘yi voqealarning guvohi bo‘lib kelayotgan Normat oqsoqol tilovat qilib, ketar chog‘i padarkush farzandni yoniga chorladi. Boshi xam bo‘lgancha, arang yurib kelgan, ranglari bo‘zday oqarib, vijdon azobida qiynalayotgan bolaga sal yumshatibroq muomala qilib, barchasini so‘rab oldi.
– Otang o‘lar chog‘i senga biror narsa demadimi?!
Bu kutilmagan savoldan dovdirab qolgan bola yig‘lamsirab:
– Yo‘q, faqat … men orqadan kelib urganimda… yarim burilib yelkamga qo‘lini qo‘yib ko‘zimga tik boqdi. Qaytdi, qaytdi dedi. Keyin esa chuqur uh tortib yiqildi… – deganida Normat oqsoqol uzoq o‘yga toldi. O’tmishga qaytdi. So‘ngra ovozsiz ichida so‘zlandi. «Rahmatli Qosim bilan Nazarning o‘rtasida bir gap o‘tgan ekan-da! Rahmatlik O’rozqul cholning qarg‘ishi... Qaytar dunyo, deb shuni aytsalar kerak-da?!”
* * *
Bo‘lib o‘tgan bu voqeani aslida qanday sodir bo‘lganini ko‘pchilik bilmas edi. Faqat yoshi bir joyga borib qolgan qariyalargina gap kelganda choyxonada tusmollab ahyon-ahyonda eslab qolishardi…
Qishloq oqsoqoli Normat ota o‘zi tengi va sal kichik chollarning hangoma mavzusi shu voqega taqalib qolsa, gapni boshqa tomonga burib yuborar edi. Keyin-keyin esa kim shu mavzuni boshlagudek bo‘lsa, jerkib beradigan bo‘ldi.
* * *
– Normat oqsoqol og‘irlashib qoldi.
Negadir oqsoqol kunining so‘nggi paytlarida ham Nazar domlaning bolalari haqida yana qayg‘urdi. Shunday. Oqsoqol umr bo‘yi bo‘ynimda gunoh bilan yuribman, deb o‘ylagandir. O’zini ko‘rish uchun kelganlarga yana o‘sha voqeani ro‘y-rost aytib berdi. Gapining so‘nggida bir so‘z qildi:
“Dunyoning darvozasi bitta. Shu bitta darvozadan kirib kelasan va ketasan. Lekin kelish boshqa-yu, ketish boshqa ekan. Kimdir o‘sha darvozaga qaytib kirgunicha umrining mazmunini hisob-kitob qilib o‘tkazadi. Bunday kishilar insof-diyonat, yaxshilik, mehr-oqibat, vafo degan narsalarga amal qilib yashaydi. Ayrimlar esa shaytonga do‘st tutinib, o‘zligini unutib, nomaqbulliklar qiladi. Ha, hammamiz ham xomsut emgan bandamiz-da. Qizig‘i shundaki, yaxshisiyam, tavba qildim, yomoni ham shu bitta darvozaga duch keladi. Buni hayot der ekan-da. Bugun bir vaqtlar sir bo‘lib kelgan voqeani sizlarga aytishimning sababi shuki, zora bilib-bilmay qilgan gunohlarim kamayar. O’shanda elga jarida qilganimda bir oilaning parokandaga yuz tutishiga sababchi bo‘lmasmidim, birodarlar?!
Sizlardan iltimosim, Nazarning bolalariga qattiq gap qilmanglar…».
Hamma yig‘lab yubordi.
Juma kuni oqsoqolni butun qishloq ahli tuproqqa qo‘yib qaytdi…