OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mamlakat Normurodova. Yostiq ostidagi pul (hikoya)

Nuragan devori qabriston bilan tutash hovlining past-baland qilib qurilgan ikki xonasi bor. Ularning birida munkillab qolgan kampir tasbeh o‘girardi. Qaqshagan lablari Qur’on oyatlarini pichirlar, xayoli hozirgina nevaralari yeb qo‘ygan yog‘li patirda edi. Kechqurun yeyman deb ko‘zdan panaroqqa yashirgandi. Bir zumda topishibdi. Eh, qariganda izzat-xurmat qilishmasa qiyin ekan...
Novchadan kelgan rangpargina kelin eshikdan boshini suqib so‘radi:
— Suyuq osh qilsammikan, oyi?
— Hay, keli-in! Man qornimga emas, qadrimga yig‘layman! Buvingni narsalariga tegmalaring, deb bolalaringni tejab-tergasang-chi, a?
— Yana nima qilishdi? — kelinning siyrak qoshlari chimirildi.
— Nafsi buzuqlaring hali yerman, deb qo‘ygan patirimdan urvoq ham qo‘yishmabdi!
Kelinning tarashadek qaqshagan lablari bir tomonga tortildi.
— Shumtakalaringiz gapimni qulog‘iga olmasa... Qo‘ying, bugun bozordan yog‘li patir obkelaman.
— Obkelarmishlar... Nima, tovug‘ingiz pul bosib yotibdimi?
— Bitta-yarimtasi kelib qolar, — kelin qabristonga ishora qildi.
— Azroil ham aynidimi, nima balo?! Uch kundan buyon mayit yo‘g‘-a... — kampir tasbehini o‘girishga tutindi. — La ilaha illalloh...
Kampirning yolg‘iz o‘g‘li qabristonda go‘rkovlik qiladi. Xonadon tirikchiligi bir nav o‘tar, Tursunalining belkuragi tinmagan paytlari qora qozon qaynab turadi. Lekin qancha mablag‘ bo‘lsa yamlab-yutaman degan tirikchilik go‘rday og‘zini ochib turibdi. Tursunali yozda o‘g‘illarining qo‘llarini halollamoqchi, ungacha uyini ta’mirlashi kerak...
Tursunali to‘niga o‘ralib, belkuragini obdon charxlaydi. Xiyol egik, ammo go‘shtdor yelkasi bir maromda tebranadi. Oqdan kelgan so‘lg‘in yuzida ajinlar quyuqlashib, hali qirqqa yetmagan qiyofasini ulg‘aytiradi. Belkurakning po‘lat tig‘i quyosh nurida ko‘zni qamashtiradi.
Muhimi, hozir yer yumshoq. Erta-indin havo qizib, tuproq qotadi. Tursunali kun tig‘ida halloslab, ikki-uch belkurak bilan ishlaydi. Lahadni qiyalab kavlash ancha mushkul. Marhum qiblaga qarata xiyol yonboshlatib qo‘yiladi. Buning uchun maxsus yasalgan ixchamroq o‘ymalagich Tursunaliga zab asqotardi-da. Esiz, shuni yo‘qotib qo‘ydi! Tolib go‘rso‘xta bir narsa qildi-yov! Tolib — ichidan pishgan odam-da, xayolidan o‘tkazdi Tursunali o‘ziga qolsa, lahad kavlayotgan paytida ustidan tuproq tortvorsa... Yo xudo, mayit daragini uzoqdan payqaydi-ya! Sal bo‘sh kelsa, Tursunalining mijozlarini ilib ketadi. Yuzing, ko‘zing bormi demaydi! Mijoz oldida u bilan baravar kuyayotgan hamdard, notavonga aylanadi. Pul desa jasad o‘rniga go‘rga kirishga ham tayyor! “Sen belkurakni tashla, kinoda Afandini o‘ynasang durust”, — dedi bir kuni Tursunali hamkasbiga. “Be, Afandi go‘r og‘zidan ko‘p qochgan, bu yerdanam qochadi”, deydi tirjayib Tolib go‘rkov. Ha, gapni sindiradi u bachchag‘ar! Mayit egasidan mo‘maygina pul undirguncha rosa jilpanglaydi. Marhumning yaqini «Shundog‘ jigarimdan ayrildim, pul nima ekan, arvoh rozi bo‘lsin» deya xasislik qilmaydi.
Shu payt Tursunalining darvozasi yonida mashina to‘xtab, eshigi ochilib-yopilgani eshitildi. To‘n kiyib, beliga qiyiq o‘ragan baland bo‘yli semiz kishi hovliga kirdi. Uning dumaloq yuzi so‘lg‘in, ko‘zlari qizargan edi. U boshidan mo‘ynali telpagini olib, g‘ijim dastro‘moli bilan peshonasini artdi. Oq oralagan sochlari yomg‘irda qolganday boshiga yopishgan edi.
— Keling, — Tursunali unga peshvoz chiqdi.
— Assalomu alaykum, menga go‘rkovning uyi shu yerda deyishdi.
— Ha, ha. Man bo‘laman, keling... — mezbon semiz kishining nam kaftini siqdi.
— Bugun desayiz... sahar, — mehmonning ko‘zlarida yosh yiltillab, lablari titradi, — akamni berib qo‘ydik.
— Xudo rahmat qilsin! — Tursunali kaftlarini yuziga tortdi. — Bo‘ylari, og‘irliklari qanaqa edi?
— A? — Mijoz savolga tushunmadi.
— Go‘r mayitning gavdasiga moslab qaziladi, — dedi Tursunali.
— Ha-ha, tushundim, tushundim. Og‘irliklari 90 ga yetmasdi, bo‘ylari qancha edi-ya... ha, sakson edilar, akaginam rahmatli. — Semiz kishi nam dastro‘molini nuqul u qo‘lidan bu qo‘liga olardi.
— Biru sakson deng...
— Shunday. Bugun peshinga chiqaramiz.
— Tuzuk... Xilxonalari bormi?
Semiz kishi nima tuzukligiga aqli yetmaganday bir zum talmovsiradi.
— Xilxona?... Ha-a... Yo‘q, — keyin nimadir esiga tushganday alohida ta’kidladi. — Iltimos.., tuzukroq joydan qazisangiz. Qancha desangiz beraman, — mezbon qo‘lini cho‘ntagiga tiqa boshladi.
— Shoshmang, marhum nima ish qilardi?
— Akaginam rahmatli institutda domla edilar. O‘tgan yili dang‘illama uchastka qurdilar! Ikkita yaltillagan “Neksiya” hovlida turibdi. Kennoyimga alohida, o‘zlariga alohida. O‘g‘ilda inomarka! Hammasi qolib ketdi! Iltimos, qancha desayiz beray, soya-salqin joydan...
— Qabristonning hamma joyi yaxshi, — dedi Tursunali, — ba’zi joylari toshloq, o‘nqir-cho‘nqir deganday, ammo soya-salqin, tuprog‘i yumshoq, kaftdek tekis yerlari ham... qidirsa topiladi.
— Tushunaman, tushunaman, mana, hozircha yetmish ming, anovi, tekis yeridan, iltimos... Rozi bo‘ling aka, rozi bo‘ling. — Semiz kishi yetti bog‘lam pulni Tursunalining choponi bariga soldi.
Tursunali yetmish mingni ko‘rib iyib ketdi. Yordamchilari bilan ishga kirishdi. Ikki yosh yigit u aytgan joydan — yo‘lga yaqin, katta daraxt ostidagi tekis yerdan go‘r qaziy boshlashdi. Birdan havoning rang-ro‘yi aynidi. Yigitlar boshlariga tsellofan yopinchiq tutib oldilar. Buning ustiga kutilmaganda to‘siq chiqib, ishga pand berdi. Katta daraxtning baquvvat ildizi ular qaziyotgan tuproq ostida tomir yoygan ekan. Ildizni qo‘porish uchun har bolta urishganida, daraxt silkinib ketardi. Tursunali tuproqdan bo‘shay deb qolgan ildizni kuch bilan tortgan edi, qirrasi kaftini kesib yubordi. Qo‘li qonab achishdi. Shogirdi ro‘molchasini yirtib, ustozining qo‘lini siqib bog‘ladi. Belkurakni mahkam tutish qiyinlashdi.
Buvasining gapi yodiga tushdi. Go‘r qazishda jarohat olish yaxshilik nishonasi emas. Buvasi odamning to‘y-ma’rakasi, oxirgi kuni qanday o‘tishi va so‘nggi manzilining hozirlanishiga qarab, o‘sha kishining qanday yashaganini aytib berardi. To‘y-ma’rakadagi baraka, iliqlik odamlarning oldiga yoyilayotgan dasturxonning fayzi yig‘in egasining ko‘ngliga bog‘liq, derdi. Marhum umrida ko‘p yaxshiliklar qilgan bo‘lsa, oxirat safari yengil bo‘ladi, deb qayta-qayta ta’kidlardi. Shu tobda buvasi tirik bo‘lganida bormi... qo‘li qonaganining sinoatini ocharmidi...
Yomg‘ir kuchayib, oyoq bosish og‘irlashdi. Sellofan yopinchiqqa urilayotgan yomg‘irdan go‘rkov yigitlarning quloqlari shang‘illardi. Tursunali «Kasofat!» deya so‘kinib, qaddini rostladi. Ho‘l yengi bilan lab-dahanini artdi. Boshini balandlatib, qora charm kamzuli, qo‘lida uyali telefoni, o‘ziga qarab turgan sersoqol yigitga ko‘zi tushdi.
— Bo‘ldinglarmi? — so‘radi yigit.
Tursunali «Ha» ishorasini qildi. Yigit telefonini qo‘log‘iga tutib «papa, vыezjayte», dedi.
Qabristonning katta yo‘li mashinalar bilan to‘lganida yomg‘ir tingan, ammo havoning avzoyi ochilmagan edi. «Jip» markali qora avtomashina orqasi katta ochilib, tobut chiqarildi. Janoza namozi o‘qilayotganda, bir chekkada asbob-anjomlarni loydan tozalayotgan Tursunalining shogirdlaridan biri ustoziga asta shivirladi:
— Aka, huv anovi yigitni tanidim. Marhumning o‘g‘li. Otasi tog‘amning qizini o‘qitgan. Bitta imtihoni falon pul ekan!
— Jim! O‘tganlar haqida yomon gapirmaydilar. — Tursunali shogirdini eshitmaganga oldi.
...Hovlida Tursunaliga besh yoshli qo‘ng‘iroq sochli o‘g‘ilchasi peshvoz chiqdi:
— Ada, ada, buvimlani-chi mosina olib ketti, — dedi ko‘zlarini katta-katta ochib.
— Nima? Qanaqa moshina?
— Oq mosina.
Uydan bola ko‘targan ayoli chiqdi. Ko‘zlarida xavotir aralash erining ust-boshiga tikildi. Eri nima gap deganday qarab turardi.
— Havo ayniganigami, birdan toblari qochdi. Boshlari qattiq og‘ridi. Voy, qo‘lingizga nima qildi? Bezararmi? Keyin... Nima qilarimni bilmay, do‘xtir chaqirdim. Qon bosimlari baland deb, olib ketishdi. Ustingizni almashtiring...
— Ukol-pukol qilmadimi?
— Qildi, foyda bermadi. U yerda do‘xtirlar qaraydi, deb olib ketishdi. Siz xavotirlanmang, xavfli emas ekan.
— Ul-bul tayyorla, oyimning oldiga o‘taman.
— Oldin mana buni yeboling, — ayoli erining oldiga qovurilgan kartoshka qo‘ydi. Besh yashar o‘g‘li otasiga suykaldi:
— Ada... manam yeyman.
— Hozir yeding-ku, — ona bolakayga o‘qraydi.
— Ol, o‘g‘lim, ol, bugun sanga ko‘p go‘sht olib kelaman. Mazza qilasan...
Ota-bola kartoshkani bir pasda tushirishdi. Darvoza taqillagan edi, ayoli chiqib, qo‘lida kichik qog‘oz bilan kirdi.
— Ikki mahalla narida bittasi o‘tibdi. Soat uchda chiqarisharmish, — dedida go‘dagini o‘ynata boshladi.
Tursunali qog‘ozdagi yozuvga qarab ish boshlaganida, osmonning qovog‘i ochilgan, quyosh yuz ko‘rsatmoqchiday havo mayin tortgan edi. Qatorasiga hamma marhumlar qo‘yilayotgan taqir yerdan bir pasda go‘r qazildi.
Marhumaning tuprog‘i yengil ekan. Belkurak yerga botar-botmas uvalanib ko‘char, go‘rkov yengil urinish bilan ularni yuqoriga otardi. Quyoshning iliq tafti Tursunalining yelkasiga xush yoqar, shogirdlariga hazil-huzul qilib ham qo‘yardi. U hozir ishini tugatadi-yu kasalxonaga — onasining yoniga jo‘naydi. Keyin uyiga bozor-o‘char qilishi kerak.
Tursunali mayitni lahadga qo‘yishayotganida oq kafanlik matoning har joyida sarg‘ish dog‘lar borligiga ko‘zi tushdi. Oldiniga hayron bo‘ldi. Keyin bir yuvg‘ichdan eshitganini xotirladi. Kafanlik qancha uzoq saqlanib, uringan bo‘lsa, mayit uchun shuncha savob emish.
— Rozi bo‘ling, inim, — deya yoshi ulug‘ bir kishi Tursunalining qo‘liga qog‘ozga o‘rog‘liq pul tutdi. — Ayaning yostig‘i ostidan chiqdi, yig‘ib qo‘ygan ekan.
— Marhuma nima ish qilardi? — odatiga ko‘ra so‘radi go‘rkov.
— Farroshlik qilardi. Hech kimi yo‘q edi rahmatlining.
— Olloh rahmatiga olgan bo‘lsin! — bir necha kishi Tursunali bilan baravar yuziga fotiha tortdi.
Tursunali qushday uchib, kasalxonaga bordi.
Lapanglagan do‘xtir uning qarshisida o‘ylana turib, ko‘zoynagi oynasini obdon artdi.
— Ancha urindik, yugurdik... olib qoldik, bor choralarni ko‘rishga to‘g‘ri keldi... — dedi baqbaqalarini silkitib, — buyog‘ini endi o‘zingiz bilasiz...
— E, rahmat do‘xtirjon, katta rahmat... mana bu xizmatlaringiz uchun, — dedi o‘g‘il ikki “pachka” pulni stol chekasiga ilintirarkan.
Do‘xtirning baqbaqalari ko‘pchigan xamirday yoyildi:
— Men onaxonga qat’iy tayinladim, ukam. Yog‘li, quyuq, qovurilgan ovqatlarni yemay tursinlar! Ko‘k choy ichsinlar, onaxon! Limon, ko‘katlar opkepbering ukaginam! Mol go‘shtini qaynatib beringlar. Ha-a, baraka toping! Mana bu dorilarni bugunoq yetkazing-a, — deya do‘xtir engashib yoza boshladi.
Tursunali uning stol qirrasiga tiralayotgan qorniga qarab, beixtiyor chamaladi: ”Bu odamga lahadni eniga to‘rt qarich olsa to‘g‘ri kelar, yo‘q, beshtadir-ov...”
Hafta o‘tib, uning ro‘zg‘ori yana kartoshkaga qoldi, “tuzuk yer” mijozi tashlab ketgan pullardan shalpaygan yelim bog‘ichlar qoldi.
Tursunali cho‘ntaklarini kovladi. Bo‘m-bo‘sh. Qo‘liga uch-to‘rt bo‘lak qog‘ozchalar ilindi. Ularni o‘qiy boshladi. Mana bu haydovchining bo‘y o‘lchami, og‘irligi.., bunisi jigari qurib o‘lgan oshpazniki. Mana bu belgilar kimga tegishli edi-ya... Esi qursin, bu farroshniki-ku! Yostig‘i ostidan pul topilgan farroshniki. Tursunali beixtiyor o‘sha pullarni nimaga sarflaganini eslashga urindi. Dorilarga, do‘xtirlarga, bozorga.., yo‘q.., u pullarni qaerga qo‘ydi ekan? Birdan sakrab turib o‘rin-ko‘rpalar yig‘ilgan taxmonning o‘rtasiga qo‘lini suqdi. Barmoqlari qog‘ozga o‘rog‘liq narsaga tegdi. Bu o‘sha — farrosh xotinning yostig‘i ostidan topilgan pul edi.
Kunlar ilib, daraxtlar gulladi. Qabristondagi dov-daraxtlar kurtak yozib, yam-yashil tusga kirdi. Faqat bir oy ilgari tiklangan qabr tepasidagi katta daraxt qayta gullamadi. Bu yerning ilgarigi soya-salqin, fayzli tarovatini naqshinkor panjaralaru, oyoq ostigacha yotqizilgan yaltiroq marmar toshlar ham tiklamadi. Azim daraxtning quriy boshlagan shoxlari bahor shamolida yalang‘och va sovuq chayqalardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.