OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Rajab. Malakali muhabbat (hikoya)

Abdurahmonning hayoti alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdi. Qaerdanam malaka oshirishga bordi-ya. Borishga-ku bordi, qaerdanam qo‘qonlik do‘ndiq qizchaga yordam berdi. Jimgina o‘z yo‘liga ketabersa bo‘lmasmidi? Yo‘q. Hamma jim ketsa ketadi-ku, Abdurahmon indamasdan ketolmasdi. Uning tabiati shunaqa, oqko‘ngil. Birovning ko‘ngliga ozor yetkazgisi kelmaydi. Birovni nohaq xo‘rlashsa, indamay ketolmaydi. O’shanda qo‘qonlik do‘ndiqqina qizchani shilqim taksichidan qutqarib oldiyu unga qattiq bog‘lanib qoldi. Bir oy o‘qish davomida bir kun ham ko‘zdan qochirmadi. Abdurahmon dunyoda hali go‘zal, mehribon, oqko‘ngil qizlar yo‘qolib bitmaganiga iqror bo‘ldi. Umrida ilk bor ko‘nglining tub-tubida o‘z hayotiga qarshi isyonmi, norozilikmi hissini tuydi: «Xudoyimning men uchun yaratgan bandasi bu yoqda ekan-ku, men qayoqlarda yuribman».
Abdurahmon qizni sevib qoldi deyishimiz qiyin. U muhabbatni ilohiy tushuncha deb hisoblaydi. Buning ustiga oilali yigit. Quyib qo‘ygandek o‘ziga o‘xshash bir yashar o‘g‘ilchasi bor. Abdurahmon dunyoda hammadan ko‘ra ko‘proq o‘g‘lini sevadi. Hatto malaka oshirishga borganda o‘g‘lining suratini ham olib ketgandi. O’sha qo‘qonlik qizchaga uning suratini ko‘rsatgandi ham. «Vuy, muncha shirin bu kichkintoy, Rahmonjon, iloyim baxtli bo‘lsin», degandi u qiz suratni mehr bilan silab.
Abdurahmon malakasini oshirib keldiyu u qizni, uning gaplarini qo‘msaydigan bo‘lib qoldi.
Mana, hozir ham ko‘rpani ko‘kragigacha tortib, yulduz to‘la osmonga boqib xayol surib yotibdi. «Iloyim baxtli bo‘lsin».
Umuman, baxt o‘zi nima?!
O’z uying, ko‘krakkacha tortilgan ko‘rpang, yoningda beozorgina uxlayotgan xotining, beshikda pishillab uxlayotgan bolangning tovushini eshitib yotish, osmon to‘la yulduzlarni ko‘rish, onda-sonda hurayotgan itlarni, bemahal qichqirgan xo‘rozlarni, katta yo‘ldan o‘tayotgan mashinalar ovozini eshitib, tomirlaringda oqayotgan qonni his etib, jimgina xayol surib yotish baxt emasmi?
Qo‘radagi ikki qo‘yu bir echking, hovli adog‘iga bog‘langan, yomonligidan dumi cho‘ltoq o‘g‘ri sigiringning borligi, kassadagi bir yuzu yigirma to‘rt so‘m puling baxtmi?!
Qisqasi, Abdurahmon u qizni tez-tez eslaydigan bo‘lib qoldi. Ayniqsa, uning xayrlashuvdan oldin aytgan bir og‘iz so‘zini umrining oxirigacha yodidan chiqarmasa kerak. «Siz baribir yaxshi odamsiz, Rahmonjon aka».
Shu bir og‘iz so‘zda mehr, hurmat, achinish, minnatdorlik, yaqinlik, yana qandaydir anglab bo‘lmas tuyg‘ularni ifodalovchi ohang borligini mana endi anglab turibdi Abdurahmon. Hali hech kim Abdurahmonga yaxshi odamligini bunday ohangda aytmagandi. To‘g‘ri, uning yaxshiligini tez-tez ta’kidlab turishardi. Lekin hech kim, hech qachon bir og‘iz so‘z bilan bunday ohangda aytmagandi. Hatto xotini ham.
Darvoqe, xotini. Abdurahmon xotinini sevadimi? Xotini-chi?
Uylanganiga uch yil bo‘libdi-yu, bu haqda jiddiyroq o‘ylab ko‘rmabdi. Malaka oshirishga borib kelgach bir narsani angladi, xotinining unga ko‘ngli yo‘q. Azbaroyi yaxshi odam bo‘lganligi uchun ham birga yashab kelmoqda. Abdurahmon buni angladi-yu, o‘sha qizchani tez-tez eslaydigan, hatto tushlarida ham ko‘radigan bo‘ldi. Doimo bir xil alpozda tushiga kiradi: oyog‘ida ixchamgina ko‘kish etik, egnida yoqasiz kulrang palto. Yalangbosh. Sochlari kitoblarda yozilganday tim qo-ra, bilakday emas, yelkadan kesilgan. Shamolda mayin-mayin o‘ynaydi. Mehribon ko‘zlari jigarga moyil, quralay. Ingichka terilgan qoshlari beozor chimirilgan. Hech yerida xoli ham, dog‘i ham bo‘lmagan tarang yuzlari oppoq va silliq. Yelkasiga osib olgan ko‘kish sumkasining bog‘ichidan chap qo‘li bilan mahkam ushlab olgan. O’ng qo‘lida Abdurahmonning qiqirlab kulayotgan qip-yalang‘och o‘g‘ilchasi. O’g‘ilchasini Abdurahmonga tutar ekan, ko‘zlarida g‘ilt-g‘ilt yosh aylanib, kulib turib shunday deydi: «Siz baribir yaxshi odamsiz, Rahmon-jon aka». Shunday deydi-yu, g‘oyib bo‘ladi. Havoda muallaq qotgan, chinqirib yig‘layotgan chaqaloq qo-ladi. Abdurahmon cho‘chib uyg‘onadi. Uyg‘onadi-yu, yonida pishillab uxlayotgan xotinini, beshikda big‘illab yig‘layotgan o‘g‘lini ko‘radi. Sekingina xotinining oyoq tomonidan aylanib o‘tib beshikni tebratadi. Beshikni tebrata turib xayol suradi. Muhabbat nima?
Jufti haloling bo‘la turib, tushingda nomahramni ko‘rish muhabbatmi?
Shiringina uxlayotgan xotiningni uyg‘otishni ko‘zing qiymasdan, yarim tunda turib bu dunyoda yolg‘iz suyganing — o‘z farzandingning beshigini tebratish muhabbat emasmi?!
Nahotki bir paytlar o‘zi darsdan haydab chiqargan o‘quvchisi haq bo‘lib chiqsa. «Muhabbat bu — romantik tuyg‘u, real narsa. Faqat yuragida jasoratga jur’ati yo‘q kimsalar uni ilohiy tushuncha, deb o‘ylashadi. Muhabbat real. U insonni o‘zligini anglashga undovchi oliy tuyg‘u», deb darsda Abdurahmon muallimning gaplarini inkor etgandi usta Madiyorning o‘jar ken-jasi. Abdurahmon o‘sha o‘jar o‘quvchisining gaplarini tez-tez eslaydigan bo‘ldi. Umuman, Abdurahmon malaka oshirishga borib keldi-yu, ko‘nglida nimadir g‘alayon ro‘y berdi. Goh o‘zicha uzoq-uzoq xayol surib qoladi. Goh ko‘nglida kechayotgan o‘ylarini she’rga solgisi keladi. Qiynaladi. Shunda umri bino bo‘lib biror marta she’r yozmaganligiga afsuslanadi...
Hatto bir marta o‘sha o‘jar o‘quvchisini o‘qituvchilar xonasiga chaqirib ochiqchasiga gaplashdi. Baribir natijasi Abdurahmonni qoniqtirmadi.
Hamma darsga kirib ketganda X-«A» sinfida o‘qiyotgan usta Madiyorning kenja bolasini Abdurahmon muallim o‘qituvchilar xonasiga chaqirib keldi, Nima ayb qilganligini anglayolmagan o‘quvchi muallimiga jim — hayrat to‘la ko‘zlarini tikib jimgina o‘tirar edi. Gapni boshlay olmayotgan muallim o‘quvchisiga bir stakan choy quyib berdi. Stakanga ikki chaqmoq qand solib, kumush qoshiqcha bilan yaxshilab aralashtirgach, mehribonlik bilan o‘quvchisiga tutdi: «Ich, do‘stim». Bunday mulozamatni kutmagan o‘quvchi ochilib-sochilib, joylashib o‘tirdi. Suhbat o‘z-o‘zidan qovushib, undan-bundan gaplashishgach, Abdurahmon sekin maqsadga yaqinlashdi:
— Mana, sen she’r yozib turasan, shoirsan, — dedi Abdurahmon o‘quvchisiga xushomad ohangida. Yigitcha o‘qituvchisini yaxshi ko‘rib ketdi. Shu paytgacha hech kim uni shoir demagandi. Uyalib ko‘zini yerga olib qochdi. Abdurahmon esa maqsadga yaqinlashgan sayin ovozi mayinlashib borardi:
— Sendan bir narsani iltimos qilsam yo‘q demaysanmi, — dedi Abdurahmon o‘quvchisiga yoqish uchun iltijo bilan. — Mening ko‘nglimda bir she’rning g‘oyasi yuribdi. Hech tinchlik bermaydi. She’rga solay deyman-u, baribir chiqmayapti. Sen shuni she’r qilib bermaysanmi, do‘stim?
— Mayli, agar qo‘limdan kelsa. Qani, ayting-chi g‘oyangizni, — dedi o‘quvchi o‘qituvchisiga astoydil yordam bergisi kelib.
— Rahmat, — dedi Abdurahmon o‘quvchisiga yana choy quyib uzatarkan. — O’sha she’rning so‘zlari taxminan shunday bo‘ladi. — Abdurahmon ko‘zini devorga osig‘liq dunyo xaritasiga tikib gap boshladi: Abdurahmonning ko‘zlari xuddi ko‘pdan buyon kutib yurgan kishisini ko‘rib turgandek quvonch bilan porlardi. Ovoziga sog‘inch, mung, quvonch ohanglari aralashib dona-dona so‘zlardi: — Qaerdasan, e, meni qiynayotgan kuch? Nega meni qiynaysan, nega qalbimga azob so-lasan? Nega oromimni o‘g‘irlaysan? Sen qanday ro‘yosanki, seni izlay-izlay topganimda yana yo‘qotdim? Seni izlay-izlay shu narsaga amin bo‘ldimki, men o‘zimni topdim. En-di seni topish uchun nima qilish kerak. Menga yo‘l ko‘rsat, e, meni qiynayotgan ro‘yokor kuch!
Abdurahmon chuqur xo‘rsinib o‘quvchisiga qaradi. Yigitcha ichdan qaynab kelayotgan kulgusini yashirish uchun zo‘r berib choy ho‘plardi. Burnining usti terlab ketgan, g‘alaba nashidasini surayotgani ko‘zida o‘ynayotgan quv tabassumidan yaqqol sezilib turardi. Stakanni qo‘yar ekan, oshkora tabassum bilan so‘radi:
— Sarlavhasi muhabbat bo‘lsinmi?
— Nega endi muhabbat? — deb astoydil ranjidi muallim.— Bu yerda muhabbat haqida so‘z yo‘q-ku?
— Baribir,— dedi yigitcha ishonch bilan.— O’sha sizni qiynayotgan ro‘yo — romantik kayfiyat bor, eng muhimi, sizni olg‘a undovchi kuch — real kuch bor. Muhabbat esa insonni olg‘a undovchi oliy tuyg‘udir,— Usta Madiyorning o‘jar kenjasi bir paytlar o‘zini darsdan haydalishiga sababchi bo‘lgan fikrlarini muallimiga takrorlash imkoniyatidan foydalanib qoldi. Hozir u bahslashadigan kayfiyatdamasdi.
Abdurahmon o‘quvchisining sha’masini ilg‘adi. Shunday bo‘lsa-da, necha yillardan beri to‘tiday takrorlab, o‘quvchilarning qulog‘iga quyib kelayotgan, o‘zi ham bir paytlar qaysidir o‘qituvchisidan eshitgan falsafani takrorlashdan o‘zini tiyolmadi:
— Adabiyot — bu hayot. Sovet adabiyotining asosiy yo‘nalishi sotsialistik realizmdir. Har qanday romantika ikkilamchidir.
— Baribir men siz aytgan g‘oya bo‘yicha she’r yozsam, sarlavhasini «Muhabbat» deb qo‘yar edim.— O’jarlik bilan takrorladi yigitcha Abdurahmon o‘quvchisiga javob berar ekan, shu narsani ta’kidlab iltimos qildi:
— Men seni shoir, ko‘p narsani tushunadi, deb ko‘ngil sirimni izhor etdim. Endi biz do‘st bo‘lib qoldik, senga ishonsam bo‘ladi-ya?!
— Albatta, malim. Menga ishona bering, sizdagi holat menda tez-tez bo‘lib turadi. Bu yaxshilik alomati. Mana ko‘rasiz, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi. Men esa baribir sizga she’r yozib kelib beraman,— dedi mahmadona o‘quvchi o‘qituvchisiga xayrxohlik bildirib.
Usta Madiyorning o‘jar bolasi va’dasiga vafo qilib ertasiga Abdurahmonga she’r yozib kelib berdi. She’rning sarlavhasi «Muhabbat» edi. Tabiiyki, bu she’r Abdurahmonga yoqmadi. Abdurahmonning boshi qotdi. O’ylay-o‘ylay, oxiri malaka oshirishda o‘qib yurganida uchrashuvga borgan qorachadan kelgan, lo‘liga o‘xshash shoirga xat yozishga qaror qildi. Abdurahmonga bu shoir yoqib qolgandi. O’sha uchrashuvda Abdurahmon qo‘qonlik qizcha bilan eng oldingi qatorga o‘tirgandi. Uchrashuvda qo‘qonlik qiz shoirning beshta she’rini yoddan o‘qib bergandi. Shunda shoir bir dasta gul bilan sahnadan tushib kelib, qizning qo‘lini qisib, samimiyat bilan shunday degan edi:
— Rahmat sizga singlim. Xalqimizning sizday nozikta’b qizlari bor ekan, o‘zbek xalqi hech qachon shoirga zor bo‘lmaydi.
Keyin qizning yonidagi Abdurah-monning qo‘lini ham olib:— Sizga ham rahmat, do‘stim. Sizday bahodir yigitlarning vazifasi shunday go‘zal qizlarni ko‘z qorachig‘iday asrash, qadriga yetish,— degandi do‘stona ohangda.
Abdurahmon dangalchiligi uchun yoqtirib qolgan o‘sha shoirga quyidagi mazmunda xat yozib yubordi.
«Salom, hurmatli Muhammad Yusuf. Sizga xat yozayotgan olis Ulus qishlog‘idan adabiyot o‘qituvchisi Abdurahmon Pratov bo‘laman. Siz balki meni eslarsiz. Esingizda bo‘lsa shu yil bahorda o‘qituvchilarning bir oylik malaka oshirish kursiga uchrashuvga borganingizda sizning she’rlaringizni yoddan o‘qib berib, hammani qoyil qoldirgan chiroyli qiz bor ediki, shu kishining yonida o‘tirgan yigit men edim. Bu gaplarni shunchaki yozayapman. Sizga xat yozishdan maqsad, meni qiynayotgan ikkita savolga javob topishda yordam berarsiz, degan umiddaman.
Yaqinda, adabiyot darsida, erkin temada bir o‘quvchim bilan tortishib qoldim. U o‘quvchi ham she’r-pe’r yozib turadi. Men: «Muhabbat ilohiy tushuncha», desam, u zumrasha: «Yo‘q, malim, muhabbat real kuch, u insonni o‘zligini anglashga undovchi oliy tuyg‘u», deydi.
Umuman, muhabbat o‘zi nima? Oilalik kishi boshqa birovni sevib qolishga ma’naviy haqqi bormi? Siz bunga nima deysiz, hurmatli Muhammad Yusuf aka?! Iltimosimni yerda qoldirmasligingizga ishongim keladi. Ishonchimni oqlasangiz , sodiq muxlisingizning qalbiga quvonch ulashgan bo‘lar edingiz.
Sizga hurmat saqlab, maktubiga javob kutuvchi uluslik Abdurahmon Pratov».
Oradan o‘n besh kun o‘tib, Abdurahmon Toshkentdan maktub oldi. Konvert ustiga shunday yozilgan edi: SHOIR ABDURAHMON PRATOVga.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.