Jabbor akani Xudo urdi: bugun olgan maoshini ichib qo‘ydi. Aslida u yakkayu yagona qizi — Zahroning tug‘ilgan kuniga marjon shodasini sotib olib sovg‘a qilmoqchi edi. Afsuski, hammasi chappasiga ketdi.
Jabbor aka yo‘lak chekkasidagi yog‘och o‘rindiqqa behol cho‘kib chuqur nafas oldi. Tevaragiga ma’yus, to‘nib qaradi.
Quyosh so‘nggi shu’lalarini shahar ustidan shosha-pisha yig‘ib olmoqda. Balandu past imoratlar hurpayib ko‘rinadi. Keng yo‘lda mashinalar serqatnov. Bekatlarda yo‘lovchilar siyrak.
Uning ko‘ngli g‘ashlandi. Tamom... hammasi tamom. Endi xotinimga nima deyman... qizginamning yuziga qanday qarayman, degan noxush o‘ylar uning ich-ichini ayovsiz timdalar edi.
Jabbor aka allaqanday qo‘shma korxonaga qarashli omborda yuk tashuvchi bo‘lib ishlaydi. Maoshidan noliydigan joyi yo‘q. Goh-goho hatto mukofot puli ham berib turishadi. Biroq allaqachon ellik yoshni hatlab o‘tgan, sochlari siyraklashib, quyuq oq aralashgan bu ishchi topgan-tutganini u oydan bu oyga arang yetkazadi. Sababi uning o‘ziday oddiy: u ichkilikka ruju qo‘ygan. Kun ora uyiga gandiraklab, sudralib kirib boradi. Xotini avval-boshda uni ancha jerkiydi-yu, keyin yuvinib-chayinishiga, o‘rniga yotishiga ko‘maklashadi. Jabbor aka xotinining mehribonchiliklaridan juda xijolat bo‘ladi. Uning ko‘pgina shishadosh jo‘ralarining ayollariga o‘xshab tong otguncha ayyuhannos solib, qarg‘anib chiqishini istaydi. Jabbor aka, ayniqsa, qizi Zahroning oldida o‘zini juda noqulay sezadi, uyaladi. Ota bo‘lib yakkayu yagona farzandining ko‘nglini kerakligicha ovlayolmayotganidan, kerakligicha mehr-muhabbat ko‘rsata olmayotganidan o‘kinadi. Shunday kezlari og‘ziga boshqa ichkilik olmaslikka o‘z-o‘ziga so‘z beradi, qo‘llarini musht etib, tish qayraydi. Biroq, oradan uch-to‘rt kun o‘tmasdanoq yana uyiga chayqalganicha kirib kelaveradi.
Bugun ertalab u o‘zgacha bir kayfiyat bilan ishga otlandi. Axir qizining tug‘ilgan kuni. Zahro roppa-rosa o‘n sakkizga to‘lyapti! Unga bir yaxshiroq sovg‘a qilmasa bo‘lmaydi-ku, axir?! Pul masalasi hal: bugun maosh oladi.
Jabbor aka ishga otlana-otlana xotiniga Zahroning tug‘ilgan kuniga marjon shodasi sovg‘a qilmoqchi ekanini beixtiyor aytib qo‘ydi. Xotini mamnun-mamnun jilmaydi. Otasining niyati qo‘qqis qulog‘iga chalingan Zahro quvonchdan yal-yal yashnadi.
Biroq...
Yo‘lak chekkasidagi yog‘och o‘rindiqda bukchayibgina o‘tirgan Jabbor aka chuqur tin oldi. Qop-qora, oriq yuzlari alamdan battar qorayib ketganday bo‘ldi. U soqollari tikanakday o‘sgan iyaklarini asabiy qashlab, bugun bo‘lib o‘tgan voqealarni bir-bir ko‘z oldidan o‘tkazdi.
Maosh olgach, boshliqlarning ko‘zini shamg‘alat qilib ko‘chaga otildi. Yuragi toshardi uning. Markazdagi oldilari oynavand, serhasham magazin tomon jo‘nadi. Xuddi shu do‘konda u marjon shodasini ko‘rgan. Anchadan beri shu g‘alati matohdan qiziga sovg‘a qilishni diliga tukkan. Afsuski, bu niyatiga shu paytgacha erisha olmagan. Ammo endi hech bir bahona ketmaydi. Pul bor, niyat bor, sabab bor: tug‘ilgan kun...
Jabbor aka hovliqqancha borardi. Ammo katta chorraha biqinidagi har bir tosh-kesagigacha o‘ziga tanish ichimliklar do‘konchasi yonidan o‘tayotganida qadamlari beixtiyor sekinlashdi. Axir u yerda baqaloq sotuvchi turli ichimliklarga limmo-lim yog‘och qutilarni g‘ayrat bilan ichkariga tashirdi-da.
“Ob-bo, zap ustidan chiqibman-u”, deb yuborganini Jabbor akaning o‘zi ham sezmay qoldi. Lekin darrov sergak tortdi. Qayga, ne sababdan ketayotganini esladi.
U cho‘ntagidagi pullarni kaftida siqqanicha yo‘lida davom etdi. “Yo, ozgina yutib olsammikan, a... Charchoqlarim tarqardi-da...” deb o‘yladi Jabbor aka negadir asabiylashib. Yutoqdi. Lekin ertalab sovg‘a daragidan yal-yal yashnagan qizining chehrasi ko‘z o‘ngida jonlanib, yana olg‘a yurdi.
“Yo‘q, buguncha ichmayman”, deb pichirladi u qo‘llarini musht qilib.
Shu payt ichkilik do‘konidan sirg‘alib ikki sayoq chiqdi. Ular Jabbor akaning hamshisha og‘aynilaridan edi. Do‘stlarini ko‘rdiyu negadir uning ko‘ngli ravshan tortib ketdi. Ichkilikboz og‘aynilarining ko‘ziga ko‘rinmay, ildam-ildam qochib qolishning o‘rniga, qadamlarini susaytirib, ularning ko‘ziga tushish uchun atay g‘imirlab yurdi.
“Do‘stlardan qochish yaxshimas”, deb o‘yladi u o‘zini o‘zi aldab.
Nihoyat, orqadan tanish hushtak yangradi. Shusiz ham toqati toq bo‘lib turgan Jabbor aka yalt etib o‘girildi.
Og‘aynilar yetib kelishdi.
— Bu deyman... Tomoqlar qurib bitibdi-yov, a, — deb pixilladi hamshishalardan biri Jabbor akaga qarata.
— Yur, biz bilan, — sirli im qoqdi ikkinchisi.
Jabbor aka botinmaygina ming‘irladi:
— Yo‘g‘-e, ishim bor-da...
Ikki hamshisha baravariga xoxolashdi:
— Ha, endi, — dedi aroq qo‘ltiqlagani, — xotindan qo‘rqqandan keyin qiyin-da.
— Hech kimdan qo‘rqmayman, — to‘ng‘illadi Jabbor aka.
Ko‘zlari shilpiq, taqamo‘ylov do‘sti betoqat depsindi:
— Yurasanmi, yo‘qmi?
Jabbor aka bir cho‘chib tushdi-da, beixtiyor ularga ergashdi.
Shundan keyin nima bo‘ldi, aniq-tiniq eslayolmaydi. Agar adashmasa, u boshi sal qizigach, odatdagiday saxiyligi tutib cho‘ntagidagi bor pulni o‘rtaga tashlagan, og‘aynilaridan chaqqonrog‘i shartta olib yana do‘konga yugurgan...
Jabbor aka titrab-qaqshab yo‘lak chekkasidagi yog‘och o‘rindiqdan turdi. Ko‘z oldi tinib ketdi.
“Hozir boraman-u, yerto‘laga tushib o‘zimni o‘zim osaman. Bunday sharmandali hayot nima kerak? Qizginamning ko‘ziga qanday qarayman endi?” deb o‘yladi Jabbor aka entikib.
Shu payt ko‘cha muyulishidan Zahro ko‘rindi. Aftidan, u mayda-chuyda xaridlar uchun mahalla do‘koniga chiqqandi.
Jabbor aka titrab ketdi. Beixtiyor daraxt panasiga yashirinmoqchi bo‘ldi. Biroq ulgurmadi.
— Dadajon!
Zahroning qo‘ng‘iroqdek quvnoq ovozi uni yo‘lak o‘rtasiga mixlab qo‘ydi.
— Dadajon, nega kech qoldingiz? — Zahro otasiga yaqinlashib unga xavotirlanib qaradi.
Jabbor akaning g‘ijim, chang-gard yuqi tekkan ust-boshi hamma voqeani so‘zsiz aytib turardi.
Zahro jilmayib borib otasining pinjiga tiqildi.
— Ozgina ichibsiz-a, dada... — dedi u erkalanib. — Men uchun... tug‘ilgan kunim uchun ichibsiz-a... Men sizni yaxshi ko‘raman, dada...
Jabbor akaning o‘pkasi to‘lib ketdi. Beixtiyor qizining yelkasidan quchib, sochlaridan o‘pdi. Uning ko‘zlaridan toshib, yonoqlariga oqayotgan yoshlari, quyoshning kechki shu’lalarida marjon shodalaridek yaltirar edi...