OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nosir Boymirzayev. Polvoncha raqs (hikoya)

To‘ychi polvon yiqildi. Davradagilar bir qalqib tushdi.
— Halol! Normo‘min polvonniki halol! Polvonning zotini bering! 
Bularni To‘ychi polvon eshitmadi. U butunlay o‘zini yo‘qotib qo‘ygandi. 
"Endi elning ko‘ziga qanday ko‘rinaman?!" — To‘ychi  polvonning miyasiga  gurziday  kelib tushgan narsa shu bo‘ldi. U shaxt bilan davradan chiqib ketdi. Shu paytda unga qashqir yo‘liqqanda  ham bu vajohatni ko‘rib dumini qisgancha qochib qolgan bo‘lardi. U  aybni Normo‘mindan qidirmadi. Chindan ham u halol yenggandi. Hammasiga o‘sha qanjiq sababchi, deya bo‘ralib so‘kindi. Tavba, shu tobda u qanday qilib esiga tushib qoldi ekan, o‘zi ham hayron. Ha, yodiga tushdi. Normo‘min polvon Sho‘rchidan kelib edi. To‘ychi polvon u bilan avvallari salom-alik qilmagan bo‘lsa-da, uning olishini uch-to‘rt to‘yda ko‘rgan. O‘shanda u To‘ychidan yiqilgan polvonlarga chiqib yurardi. Goh yiqitib, goh yiqilardi.
Turdiqul rais anchadan beri yig‘ib yurganlarini bugun to‘kib-sochdi. To‘yidagi kurashga ko‘p-ko‘p nomdor polvonlarni chaqirdi. Kurash qizigandan qizidi. Anchadan buyon bunday kurashni ko‘rmagan kattayu kichik polvonlar uylariga xursand qaytadigan bo‘ldi, ishqilib, "bir nimalik" bo‘lib qolishdi.
Kurashning "tagi ko‘rinay" deganda, davraning bakovuli Hazrat polvon o‘rtaga chiqdi.
— Xaloyiq! — Uning ovozidan hamma tin oldi. — Eshitinglar, eng so‘nggi zot, "tovoq"ni e’lon qilayapman. Tovoqqa mana shu to‘y egasi Turdiqul rais bir tuya, bir qo‘chqor atabdi. Xullas, kim olsa — bir to‘n, bir qo‘chqor! Yuragimda o‘tim bor, degan polvonlar bo‘lsa, chiqaversin.
Hazrat polvon qo‘lidagi tovoqni davraning o‘rtasiga qo‘yar ekan, zotdagi puldan bitta besh yuztalikni olib, tovoqning tagiga bostirib qo‘ydi. Bu "xamir uchidan patir" degani bo‘ldi.
Davrada g‘ala-g‘ovur boshlandi. Birov "To‘ychidan boshqa kim ham  olardi" desa,  boshqa birov "Surxondaryodan ham polvonlar kelganmish, davradagi kurashda ko‘rinmadi, balkim "tovoq"ni kutib o‘tirgandir", deya bahslashardi.
To‘ychi polvon shoshilmadi. "Qani, menga kim raqib bo‘larkan", degan o‘yda davradan ko‘z uzmadi. Davra bir muncha sovib qoldi. Bu paytga kelib, To‘ychi polvonning polvonlik g‘ururi va g‘ayrati shu darajaga yetgan ediki, endi davraga chiqmay iloji qolmagandi. Uni qandaydir kuch davraga chorlardi. Axir, falonchining to‘yiga To‘ychi polvon kelarmish desa, chekka-chekka hududlardagi qishloq ahli ham yumushini tashlab, tomoshaga otlanadi. Qolaversa davradagi bu hayqiriqlarning aksariyati unga tanish, bular uning hamqishloqlari. Chekka qishloqlarda qaerdansiz, deb so‘raganlarga "huv-v To‘ychi polvonni eshitganmisiz, o‘shaning qishlog‘idanmiz", deydiganlar ham mana shular. To‘ychi polvonni davraga sudrayotgan qandaydir kuch ana shu edi. To‘ychi polvon boshini eggancha kamtarona "tovoq" tomon borar ekan, bularni ich-ichidan his qilib turardi. Mana, u zotni oldi. Bakovul uni yengidan tutgancha davra bo‘ylab aylantirmoqda:
— "Tovoq"ni Makriddan To‘ychi polvon oldi. Shu polvonga talabgorlar bormi-i-i, davraga chiqsi-i-n!
To‘ychi polvon atrofdagilarga zimdan burgut qarash qilib qo‘yyapti. Bu bilan u qani, marding bormi ichingda, deganday bo‘ladi. Davra yana soviy boshladi. Polvon zotida or kuchli-da, chidab turolmaydi. Shu payt davraga To‘ychiga qaraganda ancha yoshroq, qoruvligina yigit chiqib keldi. Kelib bakovulning so‘l qanotidan joy oldi. Hammaning nigohi shu ikki polvonga qaratildi. Yana Hazrat polvonning ovozi yangradi.
— Xaloyiq, eshitinglar! Hey, bolalardi orqaroqqa olinglar, davra kengroq bo‘lsin! — U yordamchi bakovullarga tanbeh berdi-da gapida davom etdi: — Tovoqni Kitob — Makriddan To‘ychi polvon olib edi, unga Surxandayraning Sho‘rchisidan Normo‘min polvon talab sob chiqdi. Bu ikkala polvondi zotiga Turdiqul raisni ukasi Rizoqul ham o‘n ming so‘m qo‘shdim, deyapti. Endi bu polvonlardi zoti bir tuya, bir qo‘chqor, o‘n ming pul bo‘ldi. Qani, polvonlar, sho‘x-sho‘x olishib, o‘rtada yiqitib, zotlaringizni halollab olingizlar!
Polvonlar har galgidek kurash davrasini zavq bilan kuzatib turgan chollarning qarshisiga borishdi. Keksa polvonlar: "Yigit piri qo‘llasin!", "Pirlar madadkor bo‘lsin!", "Yelkang yer ko‘rmasin!" deya duo berdilar. Shundan so‘ng polvonlar rizq ulashayotgan tuproqqa, yiqilsa ko‘tarib suyaguvchi Ona zaminga ta’zim qilishdi, yer o‘pib, Tangridan madad so‘rashdi. To‘ychi polvon boshini sarak-sarak qildi. Keng yelkalarini tez-tez qimirlatdi. So‘ng qo‘llarini ko‘kka cho‘zib, barmoqlarini jazavaga tushgan odamga o‘xshab silkita boshladi. Shu asnoda dik-dik sakrab ham turdi.
To‘ychi polvonning ko‘ngli to‘q. Raqibini "mendan yiqilgan polvonlar bilan olishib yurgan polvon-da", deb o‘yladi. Mensimasdan, bemalol olisha boshladi. Bir-ikki marta Normo‘min polvonning yelkasi yer ko‘rishiga oz qoldi. Hatto atrofdagilarning ba’zilari "Halol!" deb qiyqirib yuborishdi ham. Bu To‘ychi polvonni ancha havolantirdi. G‘oliblik hidini tuya boshladi. Biroq, Normo‘min polvon ham hadeganda bo‘sh kelay demasdi. Balki, butun kuchini bir joyga to‘plash uchun peshqadamlikni keyinga surib turgandir, kim bilsin, yana? Xullas, nonini qulog‘iga yemaganligi ko‘rinib turibdi. Ikki nomdor polvon kurashidagi xuddi mana shu sustkashlik To‘ychi polvonning xayolini o‘g‘irladi. Yoki xayoli unga xiyonat qildi. Shu tobda birinchi xotini Gulsanam yodiga tushdi, u ham unga xiyonat qilib, bir o‘g‘li bilan boshqaga tegib ketgan edi. O‘shanda To‘ychi polvon "bu ukag‘arning zoti toza chiqmadi, qoni buzuq ekan", deb javobini bergandi. Axir, To‘ychi polvonning xotini "o‘yinchi" emish, degan gapni ko‘targandan ko‘ra, anov purviqor Payg‘ambarsupa tog‘ini yelkasiga ortmoqlab yurgani ming karra oson. Tunov kuni jo‘rasi Xolbozor bir gapni topib keldi: "Gulsanamlar hozir Sho‘rchida yashayotgan ekan. O‘g‘li ham katta yigit bo‘lib qolibdi. Surxondaryodagi qaysi bir to‘yda uchratib qolganmish". Hozir olishayotgan raqibining ham Surxondaryodan ekanligi yodiga tushdi.
To‘ychi polvonning chalg‘ishi pand berdi. Raqibi uning o‘ngini olib, o‘ziga qulay chilni qo‘llaganini sezganida kech bo‘lgandi. Uni hech bir usul bilan qaytarib qolish imkoni yo‘q, endi o‘zining yarim, nari borsa bir daqiqadan so‘ng "yulduz sanash"ini his etishdan o‘zga chorasi qolmagandi. Shunday bo‘ldi ham.

Bu kecha To‘ychi polvonning ko‘zi uyquga ilinmadi. Mag‘lubiyat alami bir daqiqa ham orom bermadi. Ovqat ko‘tarib kirgan xotinini ham so‘kib-so‘kib, Gulmat nosfurushnikiga nosga chiqarvordi.
Tong payti, xo‘rozlar hali qichqirishga ulgurmasdan To‘ychi polvon dalaga yo‘l oldi. Otining xurjuniga ketmon, belkuraklarini solvoldi. Erta bahor Payg‘ambarsupaning kunchiqar tomonidan yer olib edi. O‘zicha yeriga ishlov bergan bo‘ldi.
Tushga yaqin kun qitzigandan qizidi. To‘ychi polvonning tomog‘i quridi. Xurjunini yelkaga ilib, yaqin atrofdagi do‘lananing tagidan chordona qurdi. 
"Oysuluvim aqlli xotin, — ko‘nglidan o‘tkazdi u. — Menga bildirmasdan xurjunga bir kosada qatiq, ikkita non, bidonchada suv solib qo‘yibdi".
To‘ychi polvon tushdan so‘ng yana ishida davom etdi. Qosh qorayishi bilan ot jilovini uyi tomon burdi. Bu kunlarda To‘ychiga otidan bo‘lak mahrami-do‘st yo‘q edi. Shu taxlit bir necha kun elning ko‘ziga ko‘rinmadi. Bu orada polvonning hovuri birmuncha bosildi. Alamlari unutilganday bo‘ldi. Endi u intiqlik bilan navbatdagi kurashni kutardi. Normo‘minni xalqning ko‘z o‘ngida yiqitib, yuzi yorug‘ bo‘lishi kerak. Axir davralarning to‘ri, osh betidagi ilikning zo‘ri o‘ziniki bo‘lgan. To‘ychi polvon qirq kundirki, birovga katta gapirolmaydi.  Odamlar "Avval Normo‘minni yenggin-da, keyin ko‘kragingni ker", deganday bo‘laveradi. Ha, o‘shanda To‘ychi polvon kuragi bilan yiqilmadi, yuragi bilan yiqildi.
To‘ychi polvon kutgan kun keldi. To‘rt-besh polvon og‘aynilari bilan Sho‘rchidagi to‘yga yo‘l oldi. Kurash boshlanishidan bir kun oldin kelib, shu atrofdagi hovlilarning birida qo‘noq bo‘lishdi.
Ular yetib kelganlarida davrada bolakaylar navbati tugab, gal o‘smir-yigitchalarga yetgandi. Davra atrofi tumonat odam. Ular bir-birlarining yelkasi osha bo‘ylashib davradan ko‘z uzishmas, polvonlarning kurashishini katta bir zavq bilan kuzatishmoqda. Asta-sekin kurash "kattalasha" bordi. Birin-ketin nomdorroq polvonlar kurasha boshladi. To‘ychi polvonning sheriklaridan Nayim polvon davraga chiqdi. Davradagilar uning qashqadaryolik ekanini eshitgach, polvonga nopisandlik bilan qichqirishdi.
— Ha, Fayzulla, bo‘sh kelma, shuni yiqitolmasang, nima qilib yuribsan, — deya o‘z hamqishloqlarini olqishlay boshladilar. 
Bu baqir-chaqirlardan ruhi tushdimi, yo raqibi rostdan ham zo‘r ekanmi — bu Nayim polvonga ayon. Har qalay, tomoshabinlarning bilgani — davrada Nayim polvonning yelkasi "er iskadi". Nayim polvonning origa To‘ychi polvon yonidagi Po‘lat polvonni turg‘izib yubordi. Po‘lat polvon bilan Fayzulla polvonning kuchi bir oz teng keldi shekilli, ularning olishishidan davradagilar zerikdi. Bakovul ikkala polvonning kuchi teng ekan, deb natijani durang qilmoqchi bo‘ldi. Yana davrani olomonning baqir-chaqiri tutdi. "Indamang, olishsin, Fayzulla o‘lar-qolar joyda emas, polvonning shashtini qaytarmang!". 
Bu qiy-chuvlardan kuch olgan Fayzulla polvon "Yo, Ali!" deya qo‘qqisdan Po‘lat polvonni "qo‘shsha"ga oldi. Po‘lat polvon "gurs" etib o‘ng yoni bilan tushdi. Hamma shuni kutib turgan shekilli, birvarakayiga "Halol!" deb yuborishdi.
Po‘lat polvon bakovulga har qancha e’tiroz bildirmasin, davra raisi hamkorlariga qarshi borolmadi. "Fayzulla polvon, zotingizni oling!" deya e’lon qildi. Shu payt tishini-tishiga bosib o‘tirgan To‘ychi polvon otilib chiqdi. To‘ychi polvonning vajohati shu qadar vahimali ediki, hozir u o‘n-o‘n besh chog‘li odam bilan do‘pposlashganda ham ularning barini yerga ko‘rpachaday "to‘shab" qo‘yishga ko‘zi yetardi. To‘ychi polvon bakovulga yopishdi:
— Nega g‘irrom aytasan? Kimni aldamoqchi bo‘layapsan! Bu o‘yiningni borib enangga qil!..
To‘ychini sheriklari zo‘rg‘a ushlab qolishdi. Shunda davradagilar bunisi ham olishsin, armonda ketmasin, deya To‘ychi polvonni masxara qildi. To‘ychi polvon qarasa, rostdan ham o‘zining gali kelganga o‘xshaydi. Qolgan ikki-uch sherigidan umid yo‘q. Ularni Fayzullaga qo‘yish — bulutsiz osmondan yomg‘ir kutganday bir gap. Fayzulla polvon ustma-ust g‘alabadan ancha o‘zini bosib oldimi, qishloqdoshlari oldida havolandimi, ishqilib, bakovulga qarata: "Mayli, chiqaman", dedi. Bu To‘ychi polvonning g‘azabini battar oshirdi. Bakovul bir yonida Fayzulla polvon, bir yonida To‘ychi polvonni yetaklab davraning o‘rtasiga chiqdi.
— O‘ng tomonimda turgan Sho‘rchidan Fayzulla polvon, chap tomonimdagi qashqadaryolik To‘ychi polvon. To‘ychi polvon oshnalarining origa Fayzulla polvonga talab solib chiqyapti, bu ikkala polvonning zoti — bir qo‘chqor, bir taka!..
Fayzulla polvon raqibiga tezroq chiqsang-chi, deganday davra aylanib turdi. To‘ychi polvon yaktagini kiyib chiqarkan, yo‘l-yo‘lakay belbog‘ini bog‘lab oldi. Raqibining keng ko‘kraklariga, chayir mushaklariga ko‘zi tushgach Fayzulla polvonning ichidan qirindi o‘tdi. Lekin buni bildirmaslikka urindi. Polvonlar davraga chiqishdi. Davrada endi ikkalasidan boshqa hech kim olishayotgani yo‘q. Hammaning ko‘zi shu ikkala polvonda. To‘ychi polvon raqibiga yaqinlashdi. Epchillik bilan Fayzulla polvonning ichiga kirib belbog‘idan tutdi-yu, beliga mindirib, "Yo, pirim!" deya hayqirdi. Hayqiriq tinganda Fayzulla polvon bor bo‘yi bilan davra o‘rtasida cho‘zilib yotardi. Ko‘z ochib, yumguncha bo‘lib o‘tgan bu hol sharmandaligi Fayzulla polvon uchun yillarga tatirdi. Fayzulla polvon Fayzulla polvon bo‘libdiki, hali bunday kuchli raqibga sira yo‘liqmagan edi. U yomon yiqildi shekilli, zo‘rg‘a o‘rnidan turib davrani tark etdi. Shu payt qaerdan paydo bo‘ldi, davrada Normo‘min polvon ko‘rindi. G‘ala-g‘ovur boshlandi.
— Ana endi kurashning zo‘ri bo‘ladi, — deyishardi tomoshabinlar. — Chunki Normo‘min polvonning keyingi paytda rosa kuni tuqqan, uning oldini kesib o‘tadigan polvon yo‘q hozir.
Bakovul polvonlarni tanishtirib, zotini ovoza qildi. Davra chetida raqibini kutib turarkan, To‘ychi polvon butun kuchini bilaklariga to‘pladi. Kurash boshlandi. Birinchi ushlashishdayoq Normo‘min polvonni tizzalatib qo‘ydi. Keyingi ushlashuvlarda ham To‘ychi polvon Normo‘minni ancha dovdiratib qo‘ydi. Normo‘min polvon o‘qtin-o‘qtin davra aylanib yurdi, bu o‘zini olib qochayotgani bo‘ldi. U bakovulni durang bilan tugatib berishini kutardi. Bakovul ularga oxirgi ikki "qafas"ni e’lon qildi. Bu ikkita ushlashuvdan so‘ng, hech qaysi tomon yiqitmasa, kurash durang bilan ajrim topadi, degani edi.
To‘ychi polvon bezovtalandi. U Normo‘minni yiqitaman, deb necha kunlar oromidan ayrildi. Endi imkon bo‘ldi, deganda esa... Shularni xayolidan o‘tkazarkan, raqibiga yanada sinchkovroq qaradi. Shu payt bir narsani sezib qoldi: Normo‘min polvon og‘irligini ko‘proq chap yoniga tashlab turibdi. To‘ychi polvon vaqtni boy bermay deya, shahd bilan raqibining, chap tovoniga "qoqma" berdi. Raqibi butun kurash davomida shuni kutayotgan edi, og‘irligini chap oyog‘iga tashlab, To‘ychi polvonning o‘ng oyog‘idan ko‘zini uzmasdi. Bu uning tuzog‘i edi. To‘ychi polvonning bor kuchi bilan tepgan "qoqma"si bekor ketdi. Raqib chap oyog‘ini olib qochishga ulgurdi va epchillik bilan muvozanati qochgan To‘ychining o‘ziga o‘sha usulni qaytarma qildi. To‘ychi polvonning ikkala oyog‘i ham yerdan uzilib, bor bo‘yi bilan ag‘nadi. To‘ychi polvonning ko‘ziga bu dunyolar qorong‘i bo‘ldi. Bu gal uning jahli chiqmadi, avvalgiday ko‘zlariga qon quyilmadi, bo‘g‘ziga nimadir kelib tiqildi. To‘ychi polvon ich-ichidan bo‘zladi. Hamma yig‘lasa ham polvon yig‘lamasin ekan.
Bir ovoz azaga chorlayotgan jarchining ovoziday quloqqa yomon keldi: "To‘ychi polvonning origa chiqadigan bormi? Qani, Qashqadaryodan kelgan polvonlar, nega nafaslaring chiqmay qoldi?.."
Hamma bir-biriga qaraydi. Hozir yer yorilganida, birinchi bo‘lib unga To‘ychi polvon o‘zini otgan bo‘lardi. Biroq yer juda qattiq bo‘ldi, osmon esa yiroqdan-yiroq. Bakovulning ovozi yana bir bor yangradi. Olomon orasidan kimningdir "Qo‘ying, bakovul, ko‘p qiynamang, bechoralarni boshqa pichoqqa ilinadigani qolmadi" — degan masxarasi eshitildi. Shu payt davraga bir yigitcha otilib chiqdi. Yoshining o‘n olti-o‘n yetti yasharligini hisobga olmasa, bo‘y-bastiga qarab uni “yigitcha" deb bo‘lmasdi.
— To‘ychi polvonning origa men chiqaman! — 
Uning ovozi barchani o‘ziga qaratdi. Hamma hayron. To‘ychi polvon ham. Hayronligini boisi, bu zuvalasi pishiq yigit qashqadaryolik polvonlar o‘tirgan tarafdan emas, balki surxondaryoliklar qatoridan chiqib kelgandi. Yigitcha gapini boshqa takrorlamadi. Aslida bunga hojat yo‘q edi. Davraga otilib chiqayotgan paytdayoq uning ovozini hamma eshitib bo‘lgandi. Normo‘min polvon ham ajablandi. U yigitchaga boshdan-oyoq razm solarkan, bu qarashdan "sen qoluvding o‘zi", degan ma’noni anglash qiyin emasdi. Bakovul polvon bilan haligi yigitni davra o‘rtasiga yetaklab chiqdi. Hamma bakovulning og‘ziga qaragan. Hammaning qulog‘i ding.
— O‘ng qo‘limdagi — surxondaryolik Normo‘min polvonga chap qo‘limdagi manavi polvon talab solib chiqdi! 
(Bakovul yigitchaga o‘zingni tanishtir, deya qulog‘ini tutdi.
— Surxondaryodansan, shekilli, oting nima?
— Yo‘q, Qashqadaryodanman. Otim — Ergash. 
— Xaloyiq! Tinchlaninglar! — bakovul yana hammani o‘ziga qaratdi: — Chap qo‘limda turgan polvon — Qashqadaryodan Ergash polvon, bu ikki polvonning zoti bir tuya, bir qo‘chqor, o‘n ming pul bo‘ldi. O‘rtada kim halollab yiqitsa, zot  shuniki-i!
Kurash boshlandi. Davradagilar bir-biriga pichirlay boshladilar.
— Ey-ya, bu elbayonlik Mahkam brigadirning o‘g‘li-ku!
— Yo‘g‘-e, Mahkam brigadirning o‘g‘li yo‘q edi, shekilli.
— To‘g‘ri, bu ikkinchi xotinining bolasi. Onasiga ergashib kelgan.
— Ey-ha, bu haligi Gulsanamning o‘g‘li-da, Qashqadaryo tomonlardan kelib qolgan.
Gap shu joyga kelganda To‘ychi polvon shartta orqasiga o‘girilib qaradi. U hammasini eshitib turgandi. Oxirgi gap esa etlarini jimirlatib yubordi. Peshonasiga issiq ter qo‘yildi. Bu hayajonmi,  sevinchmi, g‘ururmi — To‘ychi polvonning o‘ziga ham noayon.
To‘ychining otasi bir paytlar katta polvon o‘tgan. Ergash polvon, desa, chekka-chekka hududlargacha tanishardi. To‘ychi polvon o‘g‘illik bo‘lganida onasi hayot edi. O‘g‘lining ismini momosi topgan, nevaram bobosiday polvon bo‘lsin deb, ismini Ergash qo‘ygan edi...
— Yo, otam! — Bu hayqiriq To‘ychining xayolini to‘zg‘itib yubordi. 
"Halol!", "Otangga rahmat!", "Ergash polvon, zotingizni oling!" Davra ahli qiyqirib polvonni olqishlashardi. To‘ychining ko‘zlaridan duv-duv yosh quyildi. Ergash polvon davra o‘rtasida qo‘llarini ko‘kka cho‘zgancha boshini sarak-sarak qilib, barmoqlarini silkitib-silkitib, sakrab-sakrab o‘ynardi. Bu raqs shunchalik zavqli ediki,  u kindik qoni to‘kilgan joyning orini oqladi.
Ergash polvon ijrosidagi raqs polvonlar o‘yini, deyiladi. Uni hech kim polvonchalik mahorat bilan ijro etolmaydi. Bu o‘yinni ko‘rgan har qanday kishining ham yeng shimarib, kurash tushgisi keladi.
To‘ychi polvon o‘z o‘yinini tanib, hayratdan yoqa ushladi — qoniga tortibdi-da, o‘zimga o‘xshabdi. Mana, qancha vaqtlar o‘tdiki, keyingi paytda To‘ychi polvon kurashlarda bunday yayrashni, bunday huzurni tuymagan edi. U davraga yugurib chiqdi. 
— O‘g‘lim!  — deya hayqirib, Ergash polvonni bag‘riga bosdi. So‘ng qo‘llarini ko‘kka cho‘zgancha, barmoqlarini silkitib-silkitib, sakrab-sakrab o‘ynadi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.