OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ozod Mustafo. Besh suhbat (mansuralar)

SURAT VA SIYRAT


Surat siyratdan so‘radi:
– Har qancha urinmayin, seni ko‘rmoq va bilmoqdan g‘ofilman. O‘ngu so‘limga boqdim. Yo‘qsan. Qaerdasan o‘zing?
Siyrat dedi:
– Sen dunyoga yuz tutgansan. Shu sabab meni na anglaysan, na tushunasan. Bas!
Undan yuzingni bur! Ammo unga orqa o‘girma! Ana shunda men senga ko‘rinaman!

Suratxona – ajib maskan.
Mening yodim – bir piyola choy.
U yodimga oqqand solib, qo‘zg‘olon qildi.
Piyola ichidagi choy qoshiqqa ergashdi.
Ko‘pik va shamalar uning ortidan yurdi.
Deganlarim kandaydir g‘alati.
Har qadamimda uchragan suratlar allanimalarni eslatib yubordi menga.
Hozirgi gaplar xayolimga keldi.
Oddiygina qoidani unutganim yo‘q. 
Suratga uncha yaqin bormadim.
Juda yiroq ketmadim ham. 
O‘rtada turib barini bilib oldim. 
Atrofimdagi botiniylikni tuydim. 
Endi hech narsa sir emas. 
Hammasi menga zohirdek.
Musavvirga qizikdim.
Uni ko‘rish ishtiyoqi tug‘ildi. 
Har bir surat menga uni eslatadi.
Ajablandim. 
Hali musavvirni ko‘rganim yo‘g‘-u, ammo unga yaqin kishidayman.
Ancha yillik qadrdonmiz go‘yo. 
Jonsiz suratdan sas keldi.
Musavvir menga nimadir aytdi.
Gapirishga oshiqmadim.
Hozirchalik tinglaganim ma’qul.
Nima derdim men? 
Shunchaki sinchkov bo‘la qoldim. 
Keyin bir narsa boshimga taqaldi.
To‘g‘ri-da!
Qaysi suratkash suratlarida o‘zining ichki kechinmalarini, qarashlarini bayon etmaydi?
Musavvirning naqadar nozik did va aql egasi ekanligini angladim.
O‘zimni uning qo‘lidagi mo‘yqalamning hech bir mo‘yiga-da arzitmadim.
Qulog‘imga yana bir ovoz chalindi.
Qarshimdagi surat gapirdimi menga?
Ilgari bularning barini jonsiz deb o‘ylagandim.
Joni borga o‘xshaydi.
Unga yaqin bordim.
Atrofimda xech kim ko‘rinmadi.
Bemalol so‘zlayverdim.
Meni chaqirdingmi?
Gaping bormidi?
Aytaqol. 
Suratning so‘zlashini poyladim.
Indamadim.
Cho‘chitdimmi deyman seni?
Nega jimsan?
O‘zimning ham senda gapim bor.
Qanaqa gapligiga qizikdingmi?
“Surat” otlig‘ allanarsasan sen.
Siyrating kani?
Hamma suratda bo‘ladimi u? 
Bilaman, so‘zlashga uzun til kerak.
Senda u yo‘q.
Yuqorida bo‘rttirib gapirdim.
Qulog‘imga begona tovush eshitilgani rost.
Chuchuk tiling bilan meni chaqirmoqqa uringansan hoynahoy?
Ishora qilsang bas,
Seni darrov tushunib olaman. 
O‘zingni ko‘p ham qiynama.
Ehtimol, orqangdagi tirgak siyratingdir.
Yoki seni devordagi mixga ilib qo‘yganlarida, o‘sha mixni siyrat deb tushunsam bo‘ladi.
Shundaymi?
Qaddingni yerga urmay, balandga ko‘taradigan shular-ku.
Sen kabilarning bari tirgakka tiralib, mixga ilinmagan. 
Ular qolip(ramka)ga kirmaganlari uchun shunday.
Hayron bulamanki, siyrat nega yashirin?
Oshkor etsa bo‘lmaydimi o‘zini?
Balki, mening fikr yuritmog‘im sababidan ushbu nav’ bo‘lsa-chi?
Qachonlardir aqlimni ishlatmog‘im shart-ku, axir. 
Siyratni sen yashirib turganing menga ayon.
Uni bilishdan mahrum etmoqchimisan meni?
...Tuhmatga qolding.
Adashdim chog‘i.
Jonkuyarliging yodimdan ko‘tarildi.
Eshikdan kirganlar suratlargagina qiziqishadi.
Siyratni unutayozadilar.
Sen esa ularga orqa o‘girasan.
Birovdan ranjimading.
Boshqalardan yuz o‘girganing ham yo‘q.
Ularga siyratni ko‘rsatmoqchisan, xolos.
Biror bema’nilik ko‘nglingga kelmadi.
Tomoshaga kirganlar buni o‘zgacha tushunishdi.
Boshqacha xayol qildilar.
Kuch ishlatib seni dunyo bilan yuzma-yuz qilib qo‘yishdi.
Ustingdan kulgan kabi yaramas nigohlar bilan bechora holingga bir zum tikildilar.
Ular ketishgach yana orqa o‘girding.
Seni chetroqdan kuzatib turuvdim.
O‘tgan kunim esimga tushdi.
O‘zimni o‘zimga eslatding.
Bir paytlar men ham sendek ish tutganman.
Bundan naf chiqmadi.
Seni tushunaman.
Hoziroq boshqacha yo‘l tutsang qiynalasan.
Asta-asta ko‘nikasan.
Xuddi mendek.
Hozirgi qilmishing noto‘g‘riligini tushunib yetasan.
O‘z holingcha qolaver.
Boshqalarning o‘zi ortingdagi narsani ilg‘asin. 
Devorga qandayin ilinib turganing qadding qay holda tik turganiga ajablanishmaydimi?
Demak, ortingda nimadir bor.
O‘zlari surat orqasiga yashirin seyf qurmaganmidilar.
Ortingda behisob boylik borligini unutib quyishgani aqlga sig‘maydi.
Seni ko‘rib eslamaydilarmi?
Bu suratlarning bari Eslatma ekani ularning yodidan ko‘tarilgan.
Eslaganlarning najot topishi haqida xushxabar yetib kelmaganmidi?
Nega ikki dunyo saodatini ko‘zlamaydilar?
Ularning hammasida ochiq ko‘z bor emasmi?
Ko‘ngil ko‘zlari uyqudadir ehtimol?
Qanday uyg‘otsam bo‘larkan?
Bunisi menga qorong‘i.
Shu jumboqqa javob izlab yuribman.
Senga aytadiganlarim ushbu.
Boshqa gap-so‘z qolmadi.
Keyingi suratlarga ham tikila qolay.
Lozim topsam ular bilan suhbat quraman.
Aytgancha, menga Musavvirning qaerdaligini aytolmaysanmi?
Shu haqida biror ishora qilmading.
Hechqisi yo‘q.
Boshqalardan so‘rab ko‘ray.
Ular bilishlari mumkin.
Tomoshaga kelganman.
Toki tomosha vaqtim tugamaguncha shu atrofda izg‘ib yuraman.

IKKINCHI SUHBAT 
Tobut va beshik


Tobut beshikdan so‘radi:
– Bu ne hol? Dam oldinga yurmoqchideksan, dam orqaga? Maqsading ne?
Beshik aytdi:
– Qarshimda turli yo‘llar turibdi. Shularning qay biridan yurishga hayronman. Boshim qotdi. O‘zing-chi? O‘zing shoshilib qaerga borayotibsan?
Tobut dedi:
– O‘ylab nima qildim. Mening borar yerim aniq...

Beshikka pichirladim.
Hoy, eshityapsanmi?
Meni tanimading chog‘i?
Men anavi jinniman.
“Darvesh” degan laqabim bor.
Bir ishning boshini tutmay ko‘cha sanqib yuradigan bola bor-ku.
O‘sha menman.
Tanidingmi?
Tanigan bo‘lsang kel.
Birpas gaplashib o‘tiraylik.
Boshqalar bilan gaplashgim kelmaydi.
Ular nuqul mayda-chuyda narsalar haqida talashib tortishadilar.
Mening gaplarimni eshitmaydilar.
So‘ramasalar gapirmayman.
Sen esa gapimni bo‘lmay meni eshitib o‘tiraverasan.
Gaplarim chin bo‘lsa ham, uydirma bo‘lsa ham e’tirozing yo‘q.
Hozirgi demoqchi bo‘lganlarim senga taalluqli.
Sen beshiksan.
Ustingdagi qavat-qavat matolar men uchun seni dunyodan to‘sib turgan pardalarday tuyulmoqda.
Bu pardalar bir chetga surilsagina uni ko‘ra olishing mumkin.
Nega dunyoni sendan yashiradilar-a?
Ehtimol seni undan yashirayotgan bo‘lsalar-chi?
Yomon xayollarga berilma.
Shunday ham bo‘lsa bordir.
O‘ylaysan-ki, tagingdagi ikki qavat ko‘rpachani his qilib, bu dunyo deganlari naqadar yumshoq, naqadar mayin, orombaxsh.
Men aniq ko‘rib turibman.
Ko‘rpachadan bir qadam keyin – gilam.
Gilamdan to‘rt-besh qadam so‘ngra – qaro yer.
Dunyo qanchalik aldamchi!
Qanchalik ayyor va mug‘ombir.
U seni avramoqda.
Qulog‘ingdan tortqilayotgan odamzodning qo‘llari sen uchun toshdek qattiq bo‘lib tuyulmokdadir.
Ularning bu qilig‘i sening joningga tekkani aniq.
Doimo qulog‘ingdan ushlab tortganlari tortgan...
Qulog‘ing uzilib ketmaganiga qoyil!
Ba’zi-ba’zida tinch qo‘yadilar.
...Pardalar bir chetga surilganida hali dunyoni ko‘rishga ulgurarsan.
Ko‘rasan-u, taajjubing oshadi.
Ko‘zlaringga hayrat to‘ladi.
Savol nazari bilan atrofingga alanglaysan.
Qulog‘ingdan ushlab seni o‘zi tomon tortayotgan odamzodga angrayib tikilib qolasan.
Ikkinchi tomoningga ham qayrilasan.
Bu tomon bo‘m-bo‘sh bo‘ladi.
Savol tug‘iladi senda.
Ikkinchi tomoningdan kim seni o‘zi tomon tortqilamoqda.
Manavi bo‘shliqmi?
Dunyo deganlari shudir.
Ha, albatta.
Bir tomondan odamzod, qarshi tomondan dunyo seni o‘z-o‘zlariga tortmoqdalar.
Sen mana shu ikkovi o‘rtasida talashsan go‘yo.
Ularning orasida turib boshingga boshqa xayollar quyilib keladi. 
Bular seni o‘zlari tomonga tortmoqdamilar yoki bir-birlariga berib yuborishmoqchimi?
Qiziq!
Odamzod seni dunyo tomonga surib qo‘ymoqchidek.
Dunyo esa aksincha.
U seni odamzod tarafga siljityapti.
Mana senga – dunyo!
Sen bilmoqchi bo‘lgan narsalarning hammasi shu.
Chalkash-chulkashliklar seni qurshab olgan.
To‘g‘ri deganing xato.
Xato deganingni to‘g‘ri deyishga majbursan.
Barchasini xayolingdan chiqar.
Boshidan o‘ylashga tush.
Tag‘in shu gap.
Boshqachasi bo‘lmaydi.
Hech narsani o‘ylamay, bir yerga tikilib turaver.
Zerikmasliging uchun boshqa narsalar haqida gapirib beray.
Hozirgi ko‘rganlaring hammasi emas.
Boshlang‘ich taassurot.
Sen belanchakni ko‘rmading.
Men uni bilaman.
Yoshligimda ko‘rganman.
Sal-pal esimda.
U ham sen kabi ikki o‘t orasida sarson bo‘lgani -bo‘lgan edi.
Tuzilishi taxminan shunday.
Yap-yangi uzun arqon ikki qavat qilinib, uning bir uchi eshikning zulfiga, ikkinchi uchi qarshi tomondagi deraza dastagiga bog‘lanadi.
O‘rtada arqonlarning orasi salgina kengroq ochilib, ustiga ko‘rpacha tushaladi adashmasam.
U ko‘p vaqt odamzod va bo‘shliq orasida tebrangach, oxir-oqibat hayvoniy hirsiga bog‘landi.
Ya’ni bo‘shliq tomon siljib ketdi.
Shu bilan talashib-tortishish tugadi.
Menga uning bu qilgani yoqimsizday.
Butun umr avvalgi holicha qolishini durust ko‘rardim.
Senga demoqchimanki, uning ishini takrorlab o‘tirma.
Boshqacha yo‘l tut.
Kuzatgan edimki, odamzod belanchakni dunyo tomon siljitib yuborardi, vassalom.
Uni o‘zi tomon tortib o‘tirmasdi.
Chetga tislanardi.
Belanchakning har ikki tomonidan bo‘shliqqa tortilishiga indamay qarab turaverardilar(!)
Balki uning mening ko‘nglimdagidek ish tutmaganiga boshqalar sababchidir.
Belanchakning bunda aybi yo‘qdir.
Xayriyatki, sen beshiksan.
Odamzod seni o‘zi tomon tortmaslikdan ilojsiz qolgan.
Umuman, atrofingdagi jonli-jonsiz narsalarni erinmay kuzat.
To‘g‘ri yo‘l qaysi ekanini ko‘rsatib turuvchi Alomatlarni uqib ol.
Tobutga ko‘zing tushsa, uni nega boshlariga ko‘tarishlarini o‘ylab ko‘r.
Uning butun tanasi xokisor.
Sen esa har dam yerdan oyog‘ingni uzmoqchi bo‘layotganingga aqling yetar shunda.
O‘zingdagi kamchilikni bartaraf etishga urinarsan balki.
Nega bu so‘zlarni senga pichirlab aytayotganimga hayron bo‘lma.
Kimdir buni eshitib xonaga kirsa suhbatimiz bo‘linadi.
“Kim bilan gaplashayapsan?”, degan bema’ni savollarni bera boshlaydi.
Men bo‘lsam beshik bilan deb to‘g‘risini aytaman.
Kirgan kishi ustimdan kulib xonadan chiqib ketadi.
Bularni senga aytmasam ham bo‘lardi.
Gap yo‘g‘ida aytdim-da.
Tilimga boshqa so‘z kelmayapti.
Shunday ekan, omon bo‘l, beshikvoy.

UCHINCHI SUHBAT
Qamchin va jilov


Qamchin jilovga aytdi:
– Namuncha tepsa tebranmassan.
Na pastga tushasan, na tepaga ko‘tarilasan?
Men kabi ko‘kka intilsang bo‘lmaydimi?
Qarasang-chi, sendan tobora yuqorilab bormokdaman.
Jilov dedi:
– Otni yugurtirmoq uchun sen keraksan.
Yugurgan otni to‘xtatmoqchi bo‘lishsa mendan najot kutishadi.
Ot yugursa sen chavandozdan yiroq ketasan.
Meni esa o‘zlariga tortadilar.
U to‘xtasa meni qo‘yib yuborib, seni o‘zlariga yaqin tutishadi.
Sen aytganchalik bir yerda turganim-turgan emas aslo.

Qamchin qo‘limga tushsa ta’zirini bermoqchi bo‘lib yuruvdim.
Bir kuni tasodifan yo‘limda uchrab qoldi.
Birovnikimikan deb to‘rt tomonimga alangladim.
Hech kim ko‘zimga ko‘rinmadi.
Asta uni qo‘limga oldim.
Koyiy boshladim.
– Loyga belanib yotibsanmi, qamchinjon!
O‘zingga o‘xshamay qolibsan-ku.
Juda eskirgansan.
Nimjonsan.
Qaysi otning ustidan tushib qolding.
Ot seni tuyoqlari bilan bosib ham o‘tgandir.
Senga aytadiganlarim ko‘p.
Bir yerga o‘tirib olmasam oyoqlarim og‘rib qoladi.
Manavi to‘nka ustiga o‘tira qolay.
...Senga tanbeh bermoqchi edim.
Qarasam o‘pkang to‘la.
Salga yig‘laysan deya nasihat qilmoqchiman.
Bir paytlar otga qiziqqansan, bilaman.
Unda hozirgidek nimjon bo‘lmagansan.
Serg‘ayrat, ayni kuchga to‘lgan paytlaringni aytayapman.
Otni hamisha yugurtirishga oshiqarding.
Yugurtirganing yugurtirgan edi.
Nimaning ortidan quvib yetmoqchi bo‘lgansan.
Maqsading bormidi o‘zi?
O‘ylagansanki, otni qancha tez yugurtirsang shuncha azizsan.
Seni shunchalar tepaga ko‘targanlari-ko‘targan bo‘lishardi.
Men bu holatni bir chekkadan kuzatib turgandim.
O‘shandan keyin seni bir kunmas-bir kun uchratib qolsam, tanbeh bermoqchi bo‘lib yuruvdim.
Bilmadim, sen o‘shamisan yoki boshqasi?
Boshqa bo‘lganing bilan baribir o‘sha men ko‘rgan qamchinning ishini takrorlaganing aniq.
Bu telba nega mening boshimni qotirayapti, deb xayol qilma.
Hali bunga xursand bo‘lasan.
Shuning uchun gaplarimni oxirigacha eshit.
Yana qancha bilmadim-u, ammo xizmatga yaraydigan ko‘rinasan.
Yo‘qsa bu gaplarni senga aytib o‘tirmagan bo‘lardim.
Ot bilan bog‘liq xotiralaringni esga ol.
Avvalo, uning ustiga chiqib olgansan.
Keyin sekingina qamchilagansan.
Ot yo‘rg‘alay boshlagan.
Qattiqroq qamchilaganingda u yugura ketgan.
Shu yo‘sin ishingni davom ettirgansan.
Chavandozdan tobora yiroqlashib borayotganingga ko‘zing tushmadimi?
Jilovning unga yakinlashayotganini ham ko‘rmagandirsan.
 Ot to‘xtab bir yerga bog‘landi.
Chavandoz seni belbog‘iga qistirib, birrovga qaergadir kirib chiqmaganmidi? 
Shundagina unga yaqinlashganingni sezmaganmiding?
Sezgansan.
Ammo, otni yugurtirish ishtiyoqi seni tark etmagan.
Tag‘in chavandozdan yiroqlasha boshlagansan...
Seni kuzatib turib qamchilayapsanmi yoki nimagadir ishora qilib, ko‘rsatmokdamisan degan shubha uyg‘ongandi menda.
Bir paytlar maktab chog‘lari ustozimiz yozganlarini doskadan ko‘rsatib turadigan uzun tayoqlari yodimga tushdi.
Tartibni buzsak shu bilan savalab turardilar.
Naqadar gumrohsan sen!
Ko‘zlaring ko‘r!
O‘zing ko‘rsatib turgan narsani nahotki payqamayotgan bo‘lsang.
Sen otning orqasiga qamchilamayapsanmi axir?
Uning shahvoniy hirsini qo‘zg‘ovchilari aynan mana shu tomonida.
Demak, nafsu balo har kimni keraksiz narsa ortidan yugurishga majbur etadi degani emasmi bu.
Hech narsaga erishmay butun tanang qaqshab og‘rigani qoladi xolos.
Charchoq butun vujudingni egallaydi.
Holsizlanasan.
Jilovga ham termulib qaramading.
Bularning bari to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi Alomat ekanini qaerdan ham bilarding sen badbaxt.
Nafsingni tiyishingga ishoramasmidi bular.
O‘zingdagi otni yugurtirmoqqa bo‘lgan ishtiyoqni so‘ndirishing lozim edi.
 Ot yugursa jilovni tortib uni to‘xtatadilar.
Yoki kerakli tomonga burishadi.
Jilov otning boshiga taqilganini ko‘rib turgan eding-ku.
Nafsing seni tug‘yonga solganida aqlingni ishlatishing kerakligini bildiruvchi Alomatni ham to‘g‘ri anglay olmading.
Mana endi ot seni ustidan tushirib, bosib o‘tib ketganiga nima deysan?
Sen yana bu dunyoning noz-ne’matlariga o‘ch eding.
Buni aniq ko‘rganman.
Chavandoz seni vosita qilib otning qorniga niqtasa, ot birdan tez harakatlana boshlagan.
Men esa sening nafsing buzuq ekanini shundan bilib olganman.
Qattiqlik boshingda bor.
Bu bo‘lmag‘ur xayollarni surayotganingdan darak.
Jilov bo‘lsa bunday o‘ylarni oyog‘i ostiga olgan.
Kalondimog‘ bo‘lma.
Jilov bilan yarash.
Undan bilmaganlaringni so‘rab ol.
U aytsin.
Yo‘l boshida ot ko‘rindi.
Hoynahoy, egang sening tushib qolganingni payqab, ortiga qaytib izlashga tushgan.
Seni to‘nka ustida qoldiraman.
Topib olishlari oson bo‘ladi.
U hali yiroqda.
Kutib o‘tirishga vaqtim yo‘q.
Sen bilan gaplashaman deb talay vaqtimni yo‘qotganim yetar.
So‘zlarimni unutma.
Aytganimday qil.
Chavandozdan ayrilmasang bo‘lgani.
Yaxshi qol, qamchinjon.
Menimcha, sen bilan qayta uchrashmaymiz.
 

TO‘RTINCHI SUHBAT
Tayoq va hassa


Tayoq hassadan so‘radi:
– Sen-u men bir daraxtning ikkita shoxlarimiz.
Ammo nega senga suyanishadi-yu, menga emas.
Hassa dedi:
– Aslida ularning maqsadi zaminga tayanish xolos.
Sen esa oyog‘ingni yerdan uzib yo‘qlikka qadam qo‘ygansan.
Shunday ekan, senga suyanmasliklaridan noliganing nimasi? 
Buning sababini nega mendan so‘ramoqdasan?

Suruv ko‘cha changitib ketayotuvdi, daraxtning bosh barmoqdek keladigan bir tanasi o‘z to‘pidan ajralib ularga ergashdi.
Yoqinqiramay unga boqdim.
Joyida qolaversa bo‘lmasmidi?
Avvaliga qo‘ylarga yaqin bormadi.
Meni ularning egasi deb o‘yladi chog‘i.
Ochig‘ini unga aytdim.
Bekor qilding.
Haliyam ortingga qayt.
Qaytishni istamayotgan bo‘lsang bilib qo‘y: men bu qo‘ylarning egasi emasman.
Shunchaki bir yerga borayotuvdim.
Yo‘limda mana bular paydo bo‘ldi.
Ularni hurkitib yubormayin deya sekingina ortlaridan borayapman.
Ular qaerga borishini biladi.
Tezroq boshqa tomonga qayta qolsaydi.
Chang-to‘zondan nafasim bo‘g‘ilib bormoqda.
Bir-ikki yo‘taldim ham.
Senga bekorga yuzimni burishtirib gapirayotganim yo‘q.
Hammasiga chang sabab.
To yo‘llarimiz ayrilguncha gaplashib boraylik.
Hozirchalik hamrohim ekansan, senga gapirmoqqa haqqim bor.
Bilasanmi, boshing qaysi-yu tanang qaysiligiga haliyam aqling yetmadimi?
Shuncha gapni yuzingga aytdimmi yoki tanangga qarab aytdimmi, hayronman.
Menimcha, yo‘g‘on tomoning boshing bo‘lsa kerak.
Ingichka tarafing – tanang.
Boshing tanangga chatishib ketgani yaxshilik alomati emas.
Tanangning istaklariga buysunayotgandek ko‘rinayapsan menga.
Ha, shunaqa shekilli.
Tanang oldinda bormokda.
Boshing esa orqada.
Bu ko‘chadan hassa o‘tmadimi?
Uni ko‘rmaganmiding?
Uning boshi tanasiga moyil emas.
Boshi boshqa tomonga o‘sgan, tanasi boshqa tomonga.
Harakatlari ham senikidan farq qiladi.
Avval boshi oldinga siljib, so‘ng tanani o‘ziga ergashtiradi.
Ehtimol shoshilayotganing uchun ham shundaydir.
Shoshilmaganingda boshqacha yurgan bo‘larmiding?
O‘shanda senga suyanishgan bo‘lishardi.
Qo‘ysang-chi shu qo‘ylarni.
Ularga ergashib nima qilasan?
O‘z tanlagan yo‘lingdan yurganing ma’qul emasmi?
Aslida, shular seni dovdiratib qo‘ydi.
Oyog‘ingni qo‘lingga olib ularning ortidan yugurmoqdasan.
Aytib qo‘yay:
Toki qo‘ylarni qo‘rasiga qaytarib olib kelib qamamaguningcha tinchimaysan.
Qamagach ham senga tinchlik yo‘qdir balki.
Ularni birma-bir sanashga to‘g‘ri kelar.
So‘zlarimga e’tiroz qilmay yo‘lingdan ham qolmayotganingga qaraganda meni o‘taketgan mug‘ombir, deb o‘ylayapsan chog‘i.
Meni ortga qaytarib o‘zi qo‘ylarga ega chiqmoqchi degan xayollarga boryapsanmi?
Aslo!
Menga bularning keragi yo‘q.
Tinchgina sokinlikda yashaganim ma’qul.
Bular nimaga o‘chligini bilasanmi o‘zing.
Tikan gulini xush ko‘rishadi.
Seni ular tikanzorga yetaklamoqda.
Toshga qoqilib yiqilsang ham, tovoningga tikan kirib dod-voy solsang ham ularning sen bilan ishi yo‘q.
Boshini bir ko‘tarib qaraydi-da, na sening holingga achinmay, na ustingdan kulganga o‘xshamay yana bo‘ynini pastga egadi.
Ularning yuzida biror o‘zgarishni sezmaysan.
Qorinlari to‘ysa bo‘lgani.
Sen bilan necha pullik ishlari bor.
Bu gaplarimni tinglab tanangga yoki manavi bir guruh qo‘ylarga nafrating qo‘zg‘almasin tag‘in.
Men bu ikkisini tilga olib, sening nafsingga ergashib borayotganingni aytmoqchiman.
Shaytonning turli hiyla-nayranglari, uning qanaqaligi, seni qandayin yo‘l bilan avramoqchi ekanini mana shular ko‘rsatib turadilar.
Qo‘ylaringning bo‘lgani yaxshi.
Qancha ko‘p bo‘lsa shuncha durust.
Faqat sen mol-davlating borligidan kibru havoga berilmasang bo‘lgani.
Vaqti kelganida chorvangning zakotini ber.
Qolgan fursatlarda xayr-ehson qil.
Qolaversa, tanangni pokiza sog‘lom saqlash sening burching.
Unga nahs tegib ifloslanishiga yo‘l qo‘yma.
Mana, qo‘ylar boshqa tomonga burildi.
Sen ularning ortidan ergash.
Mening yo‘lim boshqa tomonda 
Qaytayotganimda yana ko‘rishamiz.
Unutma, qo‘ylarni qo‘rasiga qamaganingdan so‘nggina tinchishing mumkin.
Ungacha har tomonga yuguraverib, joning xalqumingga tiqiladi.
 

BESHINCHI SUHBAT
Tor va noxun


Tor noxundan so‘radi:
– Ey sitamkor, namuncha menga azob bermasang? Seni hech uchratmagan edim. Tanimasdim. Qaerdan paydo bo‘la qolding?
Noxun dedi:
– Tepaga tortilmaganingda yoningga yaqinlashmagan bo‘lardim. Tepaga tortilganing sabab endi sen bilan birgaman.
Gohida barmoqlarim haqida o‘ylanib qolaman.
O‘zimga yoqqan narsalarimni barmoqlarim bilan ushlab, mayingina silagim keladi.
Aynan shularning ustida tirnoqlarimning borligi menga boshqacha tuyulib ketdi.
Ehtimol, ular qichigan joyni qashlash uchundir.
Axir, biror yerim qichisa u yerni siypalashdan ne foyda?
Ammo, sochning bir tolasidek nozikkina torni shu tirnoqlarim bilan shuncha paytgacha azoblab kelibman!
Bu endigina xayolimga keldi.
Aybimni yuvish uchun undan uzr so‘ramoqchi bo‘ldim.
Uning yoniga bordim-u, gapni nimadan boshlashni bilmay uzoq vaqt uylanib qoldim.
Keyin bir chekkadan gapni boshladim.
Buni qaragin-a, torvoy.
Bugun tirnoqlarim ostidan kir qidirayotuvdim xayolimga sen kelding.
Et va tirnoq qil o‘tmas birodar.
Vaqti kelganda shu tirnoq birodarini azobga soladi.
Boshi kirga to‘lgan bo‘ladi u paytda.
O‘zimning tirnoqlarim haqida gapirayapman.
Qolaversa, bular bilan seni rosa azoblagan ekanman.
Men o‘zi kuy chalishni bilmayman.
Negayam seni chalmoqchi bo‘ldim, hayronman.
Devorga qarasam seni ko‘rdim.
Shartta oldim-u chaldim.
Hech kimga yoqmaydigan qandaydir ohang yaratdim.
Oxirgi marta shunday bo‘lgandi.
Bundan ilgari ham seni ko‘p bor chalmoqqa uringanman.
Gapning ochig‘i sendan uzr so‘ramoqchi edim.
O‘ylab qarasam seni qiynoqqa solib qo‘yibman.
Bundan keyin sira senga qo‘limning uchini tekizmayman.
Zerikmagin, deb qo‘limga olaman-da allanarsalar haqida senga so‘zlab beraman.
Ammo chalmayman.
Faqat meni kechirsang bo‘lgani.
Meni kechirasanmi?
Mayli, so‘kking kelsa so‘kaver.
Xafa bo‘lmayman.
Men shunaqaman.
Birov ursa ham, so‘ksa ham ishim yo‘q.
Ko‘nglingga olmagin-u, bir gap aytaman.
Seni chalishmasa dilga yoqadigan kuy taralmaydi-ku.
Chalsam gunohga botaman.
Chalmasam bo‘lmaydi.
Bu qanaqasi bo‘ldi?
Yo‘q, ahdimdan qaytmadim.
Bu ishga sira qo‘l urmayman.
Uyimning bir burchini bezatib turgin xolos.
Sendan boshqa talabim yo‘q.
Chuqurroq o‘ylab qarasam, nimalarnidir menga eslatmoqchidaysan.
Nimagadir ishora qilayotganing aniq.
Sen bilan bog‘liq narsalarni esga olsam hammasi oydinlashadi.
Sozanda kuy chalmoqchi bo‘ldi.
Qo‘liga tanburni oldi.
Unga birinchi torni o‘rnatdi.
Chalib ko‘rdi.
Ohang yaxshi chiqmadi.
Ikkinchi torni ham paydo qildi.
Nafis kuy taraldi.
Men bunda hech bir Alomatni ko‘rmayapman.
Ehtimol, tanbur haqida fikr yuritishim kerakdir.
Axir sen unga bog‘liqsan-ku
Ha-da!
Nega buni avvalroq o‘ylamadim.
Tanburning ikki qismini ko‘rayapman.
Kosa va dastak.
Kosa qismining ichi bo‘sh.
Dastasi esa butunlikdan iborat ekani menga ayon.
Bo‘shliq sip-silliq.
Butunlik bo‘lsa dag‘al.
Unga bog‘lanayotganingda yo‘lingdan to‘siqlar uchragan albatta.
Mana u to‘siqlar...
Yiqilsang ham o‘rningdan turib oldinga siljiyvergansan.
Oxiri maqsadingga yetgansan.
Hayron bo‘lamanki, nega butkul Unga berilmading.
Bo‘shliqni tark etib ketmagansan.
Boshing butunlik bilan band-u, bo‘shliq oyog‘ing ostida.
Balki bunday qilmaganingda birov seni qo‘lga olib chalmasmidi?
Hammaning ko‘ziga ko‘rinmaganingda sening so‘zsiz va tovushsiz imo-ishoralaringga kaerdan ham tushunishgan bo‘lishardi?
Devorga qandayin ilinib turganingni ko‘rishmaydimi?
Seni tepaga ko‘tarib turgan mana shu butunlik.
Pastga tortayotgan bo‘shliqni ham ko‘zdan qochirgan ko‘rinadilar.
Men hammasiga tushundim.
O‘zim yashab yurgan dunyoning ikkiga ajralganini sal-pal fahmlaganman.
Sen buni tasdiqlading.
Sendek butunlikka intilishim kerakdir.
Yo‘limda uchraydigan to‘siqlarga sabr etishga bardoshim yetarmikan?
Meni ikki tomon o‘z-o‘ziga jalb qilmoqda.
Bo‘shliq tomon siljisam nafsimga zabun bo‘laman.
Bo‘shliq ustida seni yelkasiga ko‘tarib turgan allanarsaning hayvon nomi bilan atalishi shunga ishora emasmi?
Bu dunyoning bo‘shlig‘ini, sip-silliq butunligini dag‘al ko‘rayotganim aniq-ku.
Endi hammasini o‘z holicha ko‘rishga o‘rganmog‘im lozim.
Bir jihat e’tiborimni tortdi.
Tanbur Sozanda qo‘lida.
Noxun Unda. 
Seni U tutib turibdi.
Demak, bu yerda men bilishim shart bo‘lgan yana ba’zi asosiy gaplar bor.
Sendan birgina uzr so‘rayman deb shuncha narsani bilib oldim.
Meni kechirding, deb o‘ylayman.
Tanbur chang bosgan ko‘rinadi.
Uni artib qo‘yay.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.