OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shirin Soburova. Surayyo (hikoya)

Sodiq bugun dimog‘i chog‘ kirib keldi. “Tinchlikmi?” deya Surayyoning so‘zsiz bergan savolini nigohidan uqib:
– E, so‘rama, naq omadim chopdi. Anovi ikkalamizni birga xizmat safariga jo‘natadigan bo‘lishdi. Yo‘l-yo‘lakay u yoq-bu yoqdan gaplashib ketdik. To‘g‘risi, menga biroz ro‘yxushlik berganday bo‘ldi, – dedi to‘lqinlanib.
Sodiq Surayyoning otasining qishlog‘idan, o‘rtog‘ining o‘g‘li. Shaharga ishlashga kelgan. Vaqtinchalik ularnikida yashab turibdi. Tez kunda apoq-chapoq bo‘lib ketishdi. Yigit kechqurunlari kun davomidagi qiziqarli voqealarni Surayyoga kulib gapirib berar, Surayyo esa o‘qishidagi hangomalardan so‘zlardi. Bu yaxshimi yo yomonmi hali o‘zi ham bilmasdi-ku, qiz yigitga tobora bog‘lanib qolayotganga o‘xshardi.
Bir kuni ular ayvonda film tomosha qilishayotgandi. Mazmunan bir-biriga monand fimlardan biri edi. Yigit tuyqus qiz tomonga o‘girilib:
– Sen-chi, qaqildoq, yoqtirganing bormi? – deya so‘rab qoldi.
Qiz buni mendan atay so‘rayapti, degan o‘yga borib, xiyol karashma bilan ko‘z uchida yerga boqdi. O’ziga qolsa, “ha, bor, bu o‘zingiz” degisi keldi-yu, biroq ko‘p qatori andisha unga ham begona emasdi. Sodiq esa boshini sarak-sarak qilganicha kulimsirab qo‘ya qoldi.
– Shu desang ishxonada bir ajoyib qiz bor. O’zi juda alomat qizg‘u, faqat biroz dimog‘i bor-da, – deb o‘zicha maslahat so‘ragan bo‘ldi Sodiq bir kuni..
Shu fursatdan boshlab Surayyoning ichiga it tushib olib tirnayotganday bo‘ldi. Endi u Sodiqning ishxonasini ham, o‘zi tanimaydigan o‘sha qizni ham yomon ko‘rib qoldi. Bu haqda unutay ham degandi, Sodiq qiz haqida yana gapirib qoldi. Dardi jiddiyga o‘xshaydi.
“O’zi shu Sodiq deganlari qayoqdan ham paydo bo‘ldi, – o‘ylardi qiz, – tinchgina yuruvdi, uning xayollarini to‘zitib qo‘yib, o‘zi ne orzularda yuribdi”. 
Surayyoga birgina tasalli beradigan narsa o‘sha dimog‘dor qizning Sodiqqa beparvoligi edi. Mana endi bugunga kelib “ro‘yxushlik berdi” deb o‘tiribdi. Qachon bunday ahvolga tushib qolganini Surayyoning o‘zi ham sezmay qoldi. Ba’zan ishxonasidagi qiz haqida so‘z ochib qolsa Surayyo Sodiqning o‘zi ham bu yerdan daf bo‘lishini istab qolar, ammo usiz kunlari qanday kechishini endi tasavvur ham qilolmasdi.
Bilsa, qizning nomi Oyxon ekan. Sodiq uni “Oy” deb atashi Surayyoning qanchalik g‘ashiga tegishini yigit qayoqdan bilsin. “Ha, endi u kishi “oy” bo‘lsalar, biz bor-yo‘g‘i “yulduz” ekanmiz-da, nima men shunchalik ko‘z ilg‘amas ahvoldamanmi?” – derdi qiz xunobi oshib. Unday desa o‘ziga so‘z qotib yurgan yigitlar ham talaygina. E, bu ko‘ngil sinoatlarini anglash ham mushkul ish ekan-da.
Sodiq ertalablari ishga Surayyodan sal oldinroq jo‘nardi. Bir kuni u ketaturib qizdan “menga omad tila” deb qoldi. O’zi shu kunlarda Surayyoning undan jahli chiqib yuruvdi.
“Nima, biron tanlovda qatnashmoqchimisiz?”, deya so‘radi achitib.
“Yo‘q. Oy bilan gaplashmoqchiman”, dedi yigit jiddiy tortib. 
Bu Oy deganlari hadeganda u bilan gaplasha qolmadi, bunisi ham undan tona qolmadi. Hammasi rosa cho‘zilib ketdi o‘ziyam.
Sodiq har kuni ertalab ishiga ketaturib eshik oldida jilmayganicha Surayyo bilan “kechqurungacha” deya xayrlashar, har ikkisining ham dardi bir xil esa-da, bir-birlariga qarama-qarshi edi. Surayyo endi yigitning og‘zini poylamay qo‘ydi, shuning barobarida undan butkul ko‘ngil ham uzolmadi. Kunlar esa shu zaylda bir-birlarini quvlab o‘taverdilar.
Sodiq tuyqus ko‘chadan yuragi hapqirib kirib keldi.
– Nima gap? – so‘radi qiz ham taajjub, ham xavotir aralash.
– U rozi, rozi bo‘ldi, – dedi Sodiq og‘zining tanobi qochib shoshganicha, go‘yo tez aytib ulgurmasa hammasi sarobga do‘nadiganday.
Surayyoning ustidan birov bir chelak sovuq suv quyganday bo‘ldi. Ahvolini yashirish uchun orqa o‘girib bir yumushga unnamoqchiday keta boshladi. Anovi esa ortidan ergashib tinmay javrardi, quvonchini baham ko‘rishga topgan odamini-chi.
– Eshityapsanmi? – betoqat bo‘lib so‘radi oxiri Sodiq.
– Xursandman, – dedi qiz zo‘rg‘a tili kalimaga kelib.
– Kayfiyating yo‘qrog‘mi?.. Hechqisi yo‘q, bu yog‘i to‘y, bir yayraysan-da, a...
Yana allanimalar dediki, qizning qulog‘iga kirmadi. Namuncha go‘l bo‘lmasa bu yigit. Ahvolini nahotki ko‘rmayotgan bo‘lsa. Hali to‘yda ham qatnashishi kerakmi? Qiz yerga kiribmi, osmonga uchibmi, xullas, yo‘q bo‘lib qolgisi keldi.
Shu mahal joniga oro kirib, ko‘cha betiga ko‘lob¬latib suv sepayotgan ukasining darvoza oldida turib:
– Opa, – deb chaqirgani eshitildi.
– Ha, mana, ketyapman, – dedi qiz unga javoban.
Sodiq yana gapga tutindi:
– Shanba kuniga onamlarni aytib qo‘ydim, bu yog‘ini o‘zing to‘g‘rilab yuborasan-da, xo‘p, Surayyo. 
Qiz ilkis to‘xtadi. Butkul a’zoi badani bo‘ylab allaqanday yoqimli bir iliqlik yugurib o‘tganday bo‘ldi. So‘ng Sodiq tomonga yengil tabassum bilan ko‘z tashladi.
– A?

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.