OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Malik. “Bozor iqtisodi” (hajviya)

(Avvalgi hangomaga ilova bo‘lmish bu bayonni o‘qish shartmikin?)


 Xotinining makridan bexabar Norqul maoshining ma’lum bir qismini ulfatchilik uchun yashirib, uyiga qaytdi. Kelsaki, doim ochiq turadigan eshik yopiq. Qo‘ng‘iroqni chaldi. Xotini eshikni qiya ochib, bu xonadonning bugundan e’tiboran bozor iqtisodiga o‘tganini ma’lum qildi. “Bu nima deganing?” deb ajablandi Norqul. “Shu deganimki, bu uyda endi hamma ish pullik bo‘ladi. Eshikni ochganim uchun falon so‘m to‘laysiz. Uyga kirish narxi esa falon so‘m”. Norqul buni avvaliga hazil deb o‘yladi. Keyin qarasaki, ish juda jiddiy. Choy so‘rasa – choy pullik, ovqat so‘rasa – ovqat pullik. Televizorga qaray desa – unga ham pul. “Dunyoning qaysi kavagida tomosha tekin bo‘larkan?”, deydi xotini. Ma’lum bo‘ldiki, divanga yonboshlash ham pullik. Xayriyat, xotinda insof bor ekan, stulda o‘tirib ko‘rishning narxini sal tushirdi. Hojatga kiray desa, kichik o‘g‘li patta ushlab turibdi. Qo‘l yuvishga alohida pul to‘lab, xomcho‘t qilsa-ki, maoshidan deyarli ajrab bo‘libdi. Endi turli harajatlardan o‘zini tiydi. Balkonga chiqib, tikka turib oldi. Ammo bu yerdan turib shaharning kechki jamolini tomosha qilish ham pullik ekan. Balkondan ichkariga qaytib kiray desa, yana pul talab qilindi. Bolalar uxlagach, hazil oxiriga yetgandir, deb yotoqqa kiray desa... yo, alhazar! Bu yog‘i ham pul! Norqul achchiqlanib: “E, xotin uyalmaysanmi?” desa, xotini: “Pul bor joyda uyat bo‘ladimi?” deb turibdi. Xullas, yotoqqa kiray desa, yonida pul qolmabdi. Xotini xasis bozorqo‘mlardan ekan, nasiyaga kiritmadi. Hayriyatki, ozgina insof qilib, nasiya evaziga divanga eski ko‘rpacha to‘shab berdi.
 Xotini uxlagach, Norqul soliq idorasida ishlaydigan o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qilib, maslahat so‘ragan edi, u pullarni qaytarib olishning zo‘r yo‘lini o‘rgatdi.
Ertalab Norqulning puli qolmagani uchun nonushtaga taklif qilishmadi. Xotini dasturxonni yig‘ib, ishga otlangach, Norqul: “O‘tira turing, xonim, bozor iqtisodiga o‘tgan uyda hamma narsa halol bo‘lishi kerak. Endi hisob-kitob qilib olaylik”, dedi. Xotini anglamadi. Norqul tushuntirdi:
-Har qanday daromaddan soliq to‘lash kerak. Siz kecha bozor pattachisi edingiz. Bugun men soliq inspektoriman. Demak, eringizning uyga kirib kelishi uchun undan shuncha so‘m haq oldingiz, buning solig‘i buncha so‘m bo‘ladi.
 Xotin mardlik qilib soliqni darrov to‘ladi. Choy uchun to‘lagan puldan... hatto hojatxonaga kirish haqidan birma-bir soliq to‘layverdi. Shu zaylda Norqul bir necha daqiqada kechagi maoshini yuz foiz qaytarib oldi. Keyingi soliqlarni xotini o‘zining maoshi hisobidan to‘lay boshladi. Shu uyda nafas olish uchun soliq to‘lashga kelganda uning puli qolmadi. Norqul ham mardlik qildi – nasiyaga nafas olishga ijozat etdi.
Norqulning uyidagi bozor iqtisodiga o‘tish marosimi shu zaylda yakunlandi. Bugun ishdan keyin Norqul “soliqchilik faoliyati”ning boshlanishini “yuvib”, choyxonada ulfatlarga osh bermoqchi. Biz ham bu maishatga taklif etilganmiz. Mayli, aytilgan joyga kech qolib bormaylik...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.