OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Malik. Ota-onalar majlisi (hajviya)

(Kimga qiyin, ota bechoraga!)

Maktablardagi “ota-onalar majlisi”ga faqat onalarning borishi hech kimni ajablantirmay qo‘ygan paytda “Otalar majlisi” degan gap chiqdi-yu Oltmishboyning tinchi buzildi. Xotini bilan qizi bir hafta davomida majlisga borishi shartligini eslataverishib, boshini og‘ritib yuborishdi. Yakshanba kuni choyxonada oshlari bor edi. Qanday chora topishni bilmay oshxo‘r oshnalariga qo‘ng‘iroq qilsa, ularning boshlari ham shu majlis bilan og‘riyotgan ekan. Oshni ikki soat keyin damlashga kelishib olishdi.
Ko‘chada qo‘shnisiga hamroh bo‘lib, maktabga bordi. Muallimlar majlisga kelganlarni ro‘yxatga olishayotgan ekan. Oltmishboy ularga yaqinlashdi. Familiyasini so‘rashgan edi, aytdi. Qizining shu maktabda o‘qishini ham aytdi. Ammo “Qaysi sinfda?” degan savolga kelganda qoqildi. Qo‘shnisiga qaragan edi u “Mening qizim sakkizinchida o‘qiydi”, dedi. “Mening qizim ham birga o‘qisa kerak”, degan o‘yda:
-Sakkizinchida,-dedi.
-Sakkizinchi “A” mi “B” mi?-deb so‘rashdi.
Oltmishboy aniq javob bermagach, har ikkala sinf ro‘yxatini qarashdi. Uning qizi ro‘yxatda yo‘q edi.
-Balki sakkizinchi “M” dadir?-deb so‘rashdi.
Oltmishboy ajablandi.
-Sinflaring shunchalik ko‘pmi?-deb so‘radi.
-Ko‘pmas, uchta sakkizinchi bor. “M” – maxsus sinf deganimiz.
Oltmishboy “Maxsus sinfda maxsus fanlar o‘rgatilsa kerak”, deb o‘yladi. “M” sinfida martabali oilalar farzandlari o‘qishini xayoliga ham keltirmadi.
-Amaki, qaerda ishlaysiz?-deb so‘rashdi.
-Qurilishda, ustaman,-dedi Oltmishboy.
-Unda qizingiz “M” sinfida emas ekan,-deyishdi.
Oltmishboyning boshi qotib turgan edi, qo‘shnisi:
-Qizingiz o‘ttiz ikkinchi maktabda o‘qiydi shekilli?- deb qoldi.
-Yo‘g‘-e?-deb ikkilandi Oltmishboy.
-Ha, shunaqa, -dedi qo‘shnisi.-Ko‘chaning u beti o‘ninchi maktabga, bu beti o‘ttiz ikkinchiga qaraydi.
Qo‘shnisi shunday degach, gapini isbot qilish maqsadida yonidan telefonni chiqarib, Oltmishboynikiga qo‘ng‘iroq qildi.
Oldindan ogohlantirmagani uchun xotinini koyigan Oltmishboy o‘ttiz ikkinchi maktabga bormay, choyxonaga yo‘l ola qoldi.
Men choyxonada sabzi to‘g‘rab o‘tirgan edim, bechora bir piyola choy ichib olgach, xasratini menga to‘kdi. Uning arzini eshita turib, turk adibi Aziz Nesinning bir hikoyasini esladim-u aytib bera boshladim.

* * *

Ikki o‘t orasida qolsam ham bu azobda qiynalmagan bo‘lardim. Nima qilishni bilmay boshginam qotdi: ota-onalar majlisiga borayinmi yo bormayinmi? Boray desam, u yerda aytishga arziguli gapim yo‘q. Gapim bo‘lganda ham, to‘rtta odamning orasida gangib aytadiganimni aytolmay, dovdirab qolaman. Bormay desam, xotindan baloga qolaman.
Xullas, o‘ylay-o‘ylay borishga qaror qildim. O‘ychi o‘yiga yetgunicha tavakkalchi to‘yiga yetibdi, deganlariday, maktab ostonasiga qadam qo‘yganimda majlisga kechikkanimni anglab yana to‘xtab qoldim. Bir oz ikkilanib turgach, sinf eshigini astagina ochib, ichkariga mo‘raladim. Oq sochli xonim o‘rnidan turib, menga norozi qiyofada qaradi. Bu ham kamlik qilganday mushtimini tugdi, bu ham yetmaganday:
-Kechikyapsiz, janoblar, kechikyapsiz!-deb tanbeh berdi.
Uyatdan qizarib ketdim. Nimadir deb o‘zimni oqlashim kerak edi, uning baqirishiga javoban ming‘irladim:
-Avtobus yo‘q... taksi ham anqoning urug‘i... Ayb menda emas...
-Bunaqangi bahonalar ma’muriyatni mutlaqo qiziqtirmaydi!
Xonimning gapini yaxshi tushunmadim: avtobus ma’muriyatini aytyaptimi yo taksichilarni nazarda tutyaptimi? So‘rashga istihola qilib, bo‘sh joyga o‘tira qoldim. Xonim esa keskin ohangda gapini davom etdi:
-Maktab ma’muriyatining ota-onalardan noroziligi shundaki, qancha gapirmaylik, qancha ogohlantirmaylik, baribir, bolalar darsga kechikib kelishyapti. Yana eslataman: maktabda dars soat roppa-rosa to‘qqizda boshlanadi.
Xonim “Tushunarlimi?!” deganday ro‘parasidagi ayolga qarab qolgan edi, u o‘tirgan joyida gap tashladi:
-Qizlarning yupqa to‘r paypoq kiyishini mutlaqo ta’qiqlash kerak. Faqat qizlar emas, katta xotinlar ham kiymasin!
-Men muhtarama xonim afandining gaplariga qo‘shilaman,-deb yuborganimni o‘zim ham bilmay qoldim.
Shunday deyishga dedim-u gapimdan uyalib, yerga qaradim. Shu onda yupqa to‘r paypoq kiyishni ta’qiqlashni talab qilgan xotinning oyog‘iga ko‘zim tushib qolsami! Shu yoshga kirib bunaqa beo‘xshov oyoqni ko‘rmagan edim. Boldir bilan son o‘rtasida tizza degani bo‘lardi. Bu xonimning boldiri semizligidan tizzani bosib o‘tib, son bilan birlashib ketgan edi. Kiyib olgan qalin qora paypog‘i barmoqday-barmoqday bo‘rtib turgan tomirlarini yashirishga ojiz edi.
-Hamma qizlar qalin qora paypoq kiyishlari shart,-deb yubordim men yana. Nega shunday deganimga o‘zim ham hayron bo‘ldim. Majlisga otlanayotgan paytimda gapirishni reja qilmagan edim.
Yonimda o‘tirgan janobning ensasi qotib, menga “kallang joyidami?” deganday g‘alati qarab qo‘ydi. Boshqasi esa shart o‘rnidan turib, e’tiroz bildirdi:
-Muhokama qilishimiz zarur bo‘lgan boshqa muammolar ham bor. Paypoq-maypoq deb boshni bekorga qotirmaylik. Biz bugun chet tillarni o‘qitish masalasini hal qilib olaylik. Meningcha, barcha darslar nemis tilida olib borilishi shart. Men Germaniyada ham yashaganman. U yerdagi barcha maktablarda darslar nemis tilida o‘qitiladi.
Majlisga kechikib kirganimdagi hijolatlik meni hali tark etmagan edi. Aybimni yuvish uchun yana gapga aralashishni istab qoldim.
-Men Germaniyada yashamaganman,-dedim baland ovozda,- lekin janobning talabini ma’qullayman. Nimaga deb so‘rarsiz? Chunki dunyo taraqqiyoti, ayniqsa, texnika taraqqiyoti nemislarning xizmati bilan bo‘ldi. Agar nemis bolalari maktablarida nemis tilida o‘qimaganlarida...
Fikrimni oxirigacha bayon qila olmadim. Ko‘zoynakli janob gapimni shart bo‘ldi:
-Janoblar, majlisimiz mavzui chegarasidan chiqib ketyapsizlar. Darslarni qaysi tilda o‘qitish masalasini hal qilish vazirlikning vazifasi. Biz bugun bu yerga maktab va ota-onalarning o‘zaro munosabatini belgilash uchun yig‘ilganmiz.
-Bu maktabda nemis tili necha soat o‘qitiladi?-deb so‘radi Germaniyada yashab kelgan janob.
-Har sinfda har xil,-dedi ko‘zoynakli janob.-Birinchi sinfda olti soat, yettinchi sinfda sakkiz soat.
-Kam,-deb e’tiroz bildirdi janob.
-Juda kam,-deb men uni qo‘lladim.
Shu onda orqa tomondagi qariya baqirdi:
-Maktabda futbol o‘ynashni ta’qiqlash kerak. Bolalarning oyog‘iga poyabzal yetkazib bo‘lmayapti! Har oyda yangisini olib beraverib, sillam quridi.
-Bizning qizlarimiz futbol o‘ynashmaydi,-dedi oq sochli ayol.
-O‘g‘il bolalar o‘ynaydi-ku!-dedi qariya bo‘g‘ilib.
-O‘g‘il bolalar bilan ishimiz yo‘q. Bu yer qizlar maktabi!-dedi ayol o‘jarlik bilan.
-Nima? Qizlar maktabi dedingizmi?-ajablandi qariya.-Unda... bu yerda kichik nabiram o‘qirkan. Bu yerda qizlar o‘qiydimi yo o‘g‘il bolalarmi, baribir futbol o‘ynashni ta’qiqlash kerak. Bolalar qadimgi an’analarimizni unutib qo‘yishyapti...
-Eng yomoni – bolalar darsga kelmay qo‘yishyapti,-dedi muallima achinish bilan.-Ota-onalar bunga jiddiy e’tibor berishlari shart.
Chap tomonimda o‘tirgan odam mendan sekingina so‘radi:
-Ziyofat qachon boshlanarkan?
-Bilmadim,-dedim.-direktordan so‘rang.
-Direktor kim ekan?
-Bilmadim... Ro‘paradagi uchchala odam ham kelbatidan direktorga o‘xshaydi,-dedim.
Yonimdagi odam ro‘paradagi basavlat kishiga murojaat qildi:
-Janob direktor, ziyofat qachon boshlanadi?
-Direktor qani?-deb so‘radi basavlat kishi atrofga alanglab.
-Janob direktor betoblar, majlisga kela olmadilar,-dedi ko‘zoynakli ayol.
Yonimdagi odam endi undan so‘radi:
-Ziyofat qachon boshlanadi?
-Qanaqa ziyofat?-dedi ayol ajablanib.
Yonimdagi odam uyalib, joyiga o‘tirdi.
-Voy betamiz-ey! Uyga borganimda adabini bermasam bo‘lmaydi. Bunaqa ahmoq qiz kaltakka loyiqmi yo yo‘qmi, o‘zingiz ayting?-deb so‘radi mendan.
-Bir nima deyishim qiyin, qizingizning aybi nima?
-U meni laqillatibdi. “Maktabda ota-onalar ziyofati bo‘ladi, ziyofat paytida men raqsga tushib beraman”, devdi. Onasi homiladorligi uchun kelolmay, meni jo‘natgan edi.
Yonimdagi hasratini boshlagan paytda yupqa paypoq dushmani bo‘lgan qalin paypoqli xonim gapga tushib ketib, da’vosini isbotlay boshlagan edi. Ayni damda nemis tili o‘qitish tarafdori ham tinmay so‘zlardi. Kim kimni eshitayotganini aniqlash amri mahol edi. Orqa tomonda o‘tirgan yigit mendan asta so‘radi:
-Men hech narsaga tushunmayapman, bu yerda nima bo‘lyapti o‘zi?
Men orqamga o‘girilib, yupqa paypoq dushmanining, futbol dushmanining da’volarini, nemis tili tarafdorining talabini erinmasdan tushuntirdim.
-Obbo!-dedi yigit uf tortib.-Bu yerga adashib kelib qolibman. Men kasaba sho‘rosining yig‘iniga borishim kerak edi, bu yerning maktabligini bilmabman. Yaxshiyam so‘z so‘ramaganim. Endi bu yerdan qanday chiqib ketsam ekan?
Sochiga oq oralagan ayol o‘rnidan turib, hammani tinchitdi-da, maqsadini bayon eta boshladi:
-Janoblar, bu maktabda kambag‘al oilalarning bolalari ham bilim oladilar. Olti yuz yetmish o‘quvchining yarmi darslik sotib olishga qurbi yetmaydi. Biz hech bo‘lmasa yuz o‘quvchini bepul ovqat bilan ta’minlashni xohlardik. Biz bu borada sizlarning himmatlaringizga muhtojmiz.
Bu gap bir xotinning sabr kosasini to‘ldirib-toshirib yubordi. Shart o‘rnidan turdi-yu g‘azab bilan gapira ketdi:
-Bu qanaqasi! Xudoning bergan kuni yordam so‘raysizlar-a?! Qizim har kuni pul so‘raydi. “Pul bermasangiz, maktabga bormayman, dugonalarimdan uyalaman”, deb xarxasha qiladi. Men sizlardan so‘ramoqchiman: bu pullar qayoqqa ketyapti? Har kuni kimgadir yordam beraveramizmi? Yordamning cheki-chegarasi bormi? Yaxshisi, bir oyda shuncha pul berasizlar, deb belgilab qo‘ying. Shunga qarab to‘laylik.
-To‘g‘ri, juda to‘g‘ri taklif!-deb ma’qulladim men.
Oq sochli ayol mening xitobimga ahamiyat bermay, pul haqida gapirgan xotinga yuzlandi:
-Qizingizning ismi-nasabi nima?
-Gultan Yashoba.
-Hm...-dedi oq sochli ayol labini qimtib.-Uchinchi “B” sinfida o‘qiydigan Gultan Yashobami? Demak, gap bunday, xonim afandim: qizingiz ta’tildan keyin faqat bir haftagina maktabga keldi. Shundan beri qorasini ko‘rsatmadi. Biz sizni ogohlantirib, xat jo‘natgan edik. 
-Nimalar deyapsiz? Demak, men yolg‘on gapirayotgan ekanman-da? Qizim kimlargadir yordam berish uchun mendan har kuni pul so‘raydi,-u norozi ohangda shunday deb yonidagi xotinga qarab davom etdi:-Uyga ham kelmaydi. Qayoqda sanqib yuradi? Dadasi bilan ajrashganmiz. Dadasi bilan turadi u...
Majlisda o‘ttizga yaqin odam ishtirok etayotgan edi. Har biri o‘ziga xos muammosini bildirish maqsadida qattiqroq baqirib, boshqalarning ovozini bosishga harakat qilardi. Oq sochli ayol esa barchani insofga chaqirishdan bo‘shamasdi:
-Janoblar, bozor qilib yubordinglar-ku, axir! Galma-galdan gapiringlar!
Insofga kirgan janobu xonimlar tinchidilar-u so‘z so‘rab, barvariga qo‘l ko‘tardilar. Birinchi so‘z navbati qariyaga tegdi:
-Muhtarama muallima xonimlar, muhtaram muallim janoblar,-deb salmoq bilan gap boshladi u,-Birinchi bo‘lib futbol o‘yinini kim boshlagan bilasizlarmi? Bilmasangiz bilib oling: jahannam xizmatchilari bo‘lgan yazidlar boshlashgan. Ul mal’unlar hazrati imom Husayn boshlarini tanadan judo qilib, tepib o‘ynaganlar. Bu futbol o‘yini yoshlarni o‘sha buzuqlikka yetaklaydi. Futbol o‘ynash ulug‘ gunoh sanaladi.
Uning ezmaligi shu qadar ko‘p davom etdi-ki, o‘tirganlar chiday olmasdan: “Bo‘ldi qiling, biz ham gapiraylik!” deb baqira boshladilar. Shundan so‘ng basavlat janob o‘rnidan turib so‘z boshladi. U har ikki bolaga bir nonushta berishni taklif qilib, bu boradagi muammoni bayon etdi:
-Shunday qilsak, kambag‘al oilalarning bolalariga himmat qilgan bo‘lamiz.
U taklifni amalga oshirish g‘oyat qiyin masala ekanini isbot etish maqsadida qimmatchilikda birovga yaxshilik qilishning o‘zi bo‘lmasligini, sifatli saryog‘ topish qiyinligini, ko‘mir masalasi ham og‘irligini ayta boshlaganda barchaning toqati toq bo‘ldi. Biroq, uni gapdan to‘xtatish oson bo‘lmadi. Joyiga zo‘rlab o‘tqizib qo‘yishsa ham, javrashdan tinmadi.
Qarasam, bunaqada menga gap navbati tegmaydiganga o‘xshab qoldi. Shu sababli shart o‘rnimdan turib qichqirdim:
-Xonimlar va janoblar!
Men majlis ahlining diqqatini tortish uchun gapni Nasriddin Afandi latifasidan boshladim. Lekin latifa yarimlaganda oxirini unutib dovdirab qoldim. Lekin sir boy bermay:
-Voqeaning nima bilan tugaganini o‘zingiz bilasiz, takrorlashning hojati yo‘q,- deb latifani yakunlaganday bo‘ldimu maqsadga o‘ta qoldim:-Agar bolalar imtihonlardan o‘ta olmay, ikkinchi yilga qolishsa, bunga muallimlar emas, ota-onalar aybdordirlar! –Men gapga shunchalar berilib ketdim-ki, to‘xtatishga urinib ham ko‘rishmadi.-Ota-onalarning bolalari bilan ishlari bo‘lmay qoldi. Bolasining nechanchi sinfda o‘qishini bilmaydigan otani nima deb atash mumkin?
Bu gapimdan keyin o‘qituvchilar qarsak chalib yuborishdi.
-Majlisimiz cho‘zilib ketdi, qolgan gaplarni keyingi majlisda hal qilarmiz,-dedi oq sochli ayol.
-Fikrimni yakunlab beray, hali gapim ko‘p,-dedim men.
Ijozat berishmadi, lekin ketayotganimda muallimlar menga rahmat aytib, izzat bilan kuzatishdi. Majlisdagi ishimdan quvonib qaytdim. Biroq ostona hatlashim bilan xotinimning g‘azab o‘qlariga duch keldim:
-Qayoqlarda sanqib yuribsiz?
Soatga qarasam o‘ndan oshibdi.
-Sanqiganim yo‘q. O‘zing aytding, gapingga kirib, ota-onalar majlisiga bordim. Majlis cho‘zilib ketdi. Menam gapirdim. Gapim o‘qituvchilarga juda yoqdi, rahmat ham deyishdi. Qaragin-a, ota-onalar bolalarining taqdiriga qiziqmay ham qo‘yishibdi. Bolalari bir sinfda ikki yil o‘qisa ham parvolariga kelmaydi-ya! Yana hamma aybni bechora muallimlarga to‘nkashadi. Insof degan narsa yo‘q o‘zi bularda.
Xotinim gapimga mahliyo bo‘la boshlaganda qizim xonasidan chiqib, menga norozi qiyofada qaradi.
-Dada, nega majlisga bormadingiz? O‘qituvchilarim meni yana urishishdi,-dedi labini burib.
Uning gapi xotinimning tutab turgan g‘azab o‘tiga moy bo‘lib sepildi:
-Hali uyalmay-netmay bolaning oldida yolg‘on gapiryapsizmi? Yarim kechagacha allaqaerlarda sanqib kelib, meni laqillatmoqchi bo‘lyapsizmi?
-Qizim, hazillashmagin, majlisingga bordim-ku? Zo‘r gaplarni gapirdim. O‘qituvchilaring qoyil qolishdi-ku axir?!
-Dada, borganingiz yo‘q. Kelishingizni maktabda poylab o‘tirdim.
-Unaqa dema, qizim, gimnaziyangga bordim, majlisda gapirdim.
-Dada, nimalar deyapsiz?! Men gimnaziyada emas, Boyazid litseyining oxirgi sinfida o‘qiyman-ku!-dedi qizim yig‘lamsirab.
-Nima?-deb ajablandi xotinim.-Qanaqa litsey? Men seni gimnaziyaga o‘qishga beruvdim-ku?
-Oyijon, meni u yerdan haydab yuborishganiga ikki yil bo‘ldi.
-Qanaqa aqlsiz qizsan o‘zing!-deb baqirib yubordim men.-Qaerda o‘qishingni, qanday o‘qiyotganingni ota-onangga bildirib qo‘ysang bo‘lmasmidi!
Voy, tavba! Qanday zamon bo‘ldi o‘zi? Bu bolalarga nima bo‘lgan, tushuna olmayapman...

* * *

Uchta sabzini to‘g‘rab bo‘lguncha bu hikoyani aytib yakunlab, Oltmishboyga qaradim. Oltmishboy o‘ylanib qolgan edi. “Hikoya qattiq ta’sir qilibdi-da”, deb o‘zimdan o‘zim mamnun bo‘lib so‘radim:
-O‘shanaqa bolalar bizda ham bormikin?
-Qanaqa bolalar?-deb ajablandi Oltmishboy.
-Hozir aytdim-ku?
-Uzr, akaxon, xayol olib qochibdi. Gapingizni eshitmabman.
-Xayol qayoqqa olib qochibdi?
-Guruchni Xoldor betayin olishi kerak edi, yaxshi tayinlamabman. Agar “Kenja” o‘rniga “Devzira” olib kelsa, oshni rasvo qiladi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.