OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Turg‘un Po‘lat. Uylar muborak (hikoya)

Mamazohir yaqin uch-to‘rt oydan buyon ko‘chadami, choyxonadami, radio yo televizordami «To‘ylar muborak» degan ashulani eshitib qolguday bo‘lsa, bexosdan «qulluq, qul-luq» deb yuboradigan qiliq chiqardi. Tag‘in uning yoshi ellikdan oshib, yetti bolaning otasi bo‘lganda, xotinini yangilabdi-da, deb o‘ylamang. Yo‘q, aslo unday emas. Agarda bu shahardan yuz chaqirim nari-berida Mamazohirchalik pokiza, oilaga sadoqatli odam topsangiz, mening lotereyaga yutib olgan «Volga»mni indamasdan minib ketavering: miq etsam, odam emasman!
Mamazohir «To‘ylar muborak»ni eshitganda, «qulluq, qulluq» deyishining boisi shuki, bu so‘zlar uning qulog‘iga «Uylar muborak» bo‘lib kiradi, butun olam uning quvonchiga hamdam bo‘lib, uni yangi uy bilan tabriklagandek tuyuladi. Ha, ha, endi payqagandirsiz, bizning Mamazohir shaharning qoq o‘rtasidan besh xonali yangi uy olgan! Tabriklamagan bo‘lsangiz, hali ham kech emas, bir borib, tabriklab keling: ancha ko‘ngli ko‘tariladi.
Ana shunda yangi uyning kaliti qo‘liga tekkuncha boshidan qanaqa hangomalar kechganini, ehtimol, sizga ham aytib berar. O‘ziyam juda qiziq bo‘lgan-da!

* * *

...Mamazohir chorvachilik bilan bog‘langan bir tashkilotda iqtisodchi zootexnik bo‘lib ishlaydi. Qiladigan ishi — kolxozlarda yetishtiriladigan yem-xashakning hisobini olib borishu davlat fondidan beriladigan har xil yemlarni kolxozlarga taqsimlash. Sirtdan qaraganda, bundan jo‘n ish yo‘q. Ammo mendaqa odamni qo‘yib qo‘ysa, bir kun ham chidash bera olmayman. «Nega bizga sheluxa kam tegdi», «Falon kolxoz hadeb kunjara olaveradimi» va hokazo, va hokazo, koni g‘alvaning uyasi. Og‘ir karvonligidanmi yo terisi qattiqmi, har qalay Mamazohir bu vazifani o‘ttiz yildan beri eplashtirib kelyapti. Texnikumni bitirib, to‘g‘ri shu tashkilotga tushganicha, hali hech qayoqqa qimirlagan emas.
Mamazohir ishga yangi kelgan yili «yosh mutaxassisga g‘amxo‘rlik» ma’nosida unga bir qavatli g‘ishtin uydan ikkita xona berishgan. O‘sha vaqtda bu bino shaharning eng ko‘rkam, eng shinam imoratlaridan sanalardi. Yillar o‘tib shahar ham eniga, ham bo‘yiga o‘sdi. Bir vaqtlar hammaning havasini qo‘zg‘atgan imorat endi ko‘p qavatli uylar qarshisida shumshayib, ko‘zga xunuk ko‘rinadigan bo‘lib qoldi. Ichidagi vodoprovodini aytmasangiz, maqtagudek ohanjamasi yo‘q hisobda.
Bunisi ham mayli-ya, Mamazohir ayolmand bo‘lib qolgan. Rohilaxon uni ikki lobar qiz bilan beshta alpday o‘g‘ilning otasi qilib qo‘ygan. Nuktadon shoirimizning: «Yashash orzusini sinash-chun atay...» degan she’riy bandi xuddi Mamazohir tilidan Rohilaxon sha’niga aytilgan madhiyaday.
Bolalar bitta-ikkita bo‘lganda ham baharnav edi. Lekin ularning sanog‘i uch kam o‘nga yetib, oldi institutga, keti maktabga qatnay boshlagach, Mamazohir o‘zini suv ustida qalqib yuruvchi po‘kakday besaranjom sezadigan bo‘lib qoldi. Kunduzi idorada kunjara bilan sheluxaning mashmashasi, kechqurun uyda «mening darsim zarurroq, sen keyin tayyorlaysan», deb bittayu bitta stolni talashadigan bolalarning xarxashasi...
Mamazohir bilan birga shu uydan joy olgan qo‘shnilari yangisiga ko‘chib olishdi. Ularning o‘rniga kelganlari ham ko‘p qavatli shinam imoratlardan joy topib chiqib ketishdi. Ammo, Mamazohirlar xonadoni xuddi mixlab qo‘yganday o‘rnidan siljimaydi. Negaki Mamazohir, boya aytganimizday, chorvachilik bilan bog‘langan tashkilotda ishlaydi. Bu tashkilotning o‘zi shaharda-yu, lekin ishi qishloq bilan bitadi. Shu vajdan tashkilot boshliqlarining shahar rahbarlari bilan hech qanday bordi-keldisi yo‘q. Mamazohirning fikricha esa, unga uy olib berish uchun boshliqlar o‘rtaga tushmasa, o‘zi bu ishni ikki dunyoda eplayolmaydi. Yomon ko‘rgani — idorama-idora yurish.
Kunora Rohilaxon uchqun tekkan benzinday lovillab qoladi:
— Peshanam sho‘r bo‘lmasa, kelib-kelib zootexnikka tegamanmi-a! Qassobga tegmaymanmi, somsapazga tegmaymanmi, dang‘illama uchastkada oyoq-qo‘limni uzatib yotgan bo‘lardim!
Yo bo‘lmasa:
— Dunyoga kelib, Ma’rifatxonchalik bo‘lmaganimga kuyib ketaman! Yuzining cho‘tiriga sedana sepsang bittasi yerga tushmaydi-yu, turmushi bamisoli xonzodalarning o‘zginasi! Uchta joniga to‘rtta xona, yana mo‘rchasi ham ichida!
Shunday paytlarda Mamazohirga sichqonning uyasi ming tanga bo‘lib ketadi.
Xabaringiz bordir, burnog‘i yili shahrimizga sel keluvdi. O‘shanda Soy ko‘cha tarafda qulamagan imorat qolmadi chog‘i. «Chog‘i» deyayotganimning bois shuki, faqat Mamazohir o‘tirgan imoratga dard tegmasa bo‘ladimi! Baraka topkur ustalar uning poydevorini shunaqayam baland olishgan ekanki, telba toshqin chunon chirangani bilan devorning suvog‘ini bir enlikcha ham ho‘llay olmadi. Boshqa odam bo‘lsa-ku, ustalarni alqayverib esi ketardi-ya, ammo bizning Mamazohir ularning go‘riga har soatda mingtadan g‘isht qalab yubordi. O‘rtab, yonganichayam bor-da! O‘ngu so‘lda imorati vayron bo‘lgan xonadonlar yo Maygir tarafdan uchastka ajratib, yo bo‘lmasa shahar markazidan uy olib chiqib ketishdi. Mamazohir bo‘lsa, boyagi-boyagi, boy xo‘jamning tayog‘iday bo‘lib, o‘tirgan joyida qimirlamay qolaverdi. Vayronalar tekislanib, o‘rnida yangi, ko‘p qavatli imoratlar qad ko‘taryapti hamki, Mamazohirlarning uyi buzilmasdan, o‘sha dang‘illama imoratlar qarshisi shohi ko‘ylakka chipta yamoq bo‘lib turibdi!
Bir kuni ertalab Mamazohir ishga kelib, endi u yoq-bu yog‘ini to‘g‘rilayotgan paytda birdan uni idora boshlig‘i Tohir Saidovich yo‘qlatib qoldi.
— Bir yaxshi gap aytsam nima suyunchi berardingiz?— dedi boshliq xursandchiligidan og‘zining tanobi qochib.
— Nima xohlasangiz shu-da, biz suyunchidan qocharmidik,— deb iymanibroq javob berdi Mamazohir nima gapligini ilg‘ayolmay.
— Bo‘lmasa, eshiting: Sizga markazdagi yangi uylardan bitta to‘rt xonali kvartirani sag‘irning moliday beg‘ubor qilib undirib qo‘ydim. Mana bu xatni olib borib shahar ijrokomining rais muovini Sotqin Botirovichning qo‘liga shaxsan topshirasiz. Order yozib beradi. Choping!
Mamazohir shu topda boshliqning yuzidan «cho‘lp-cho‘lp» o‘pib olgisi, uni o‘rindiqdan dast ko‘tarib shiftga irg‘itgisi keldi-yu, ammo sevinchini zo‘rg‘a ichiga yutib:
— Rahmat, rahmat! — deb qo‘ya qoldi. Tohir Saidovich:
— Boqib yotgan so‘qimingiz bo‘lsa, qassob chaqiravering!— deganda, Mamazohir allaqachon ko‘chaga chiqib olgan edi.
Yengil vazndagi polvonlarga o‘xshash past bo‘y, girdig‘um Mamazohirning asfalt yo‘lkadan pildiroqday dumalab borayotganini ko‘rgan odamlar: «Xotini tug‘ibdiyu qaynanasidan suyunchi olgani shoshilib ketayotganga o‘xshaydi», deb o‘ylashardi.
Mana, Mamazohir ikkinchi kosmik tezlik bilan shahar ijrokomiga ham yetib keldi. Poygakdagi qorovuldan so‘rab, uchinchi qavatga ko‘tarildi. «Shahar ijrokomining rais muovini S. B. Botirov» deb lavha osilgan eshikni ham topdi. «Yo pirim!» deb uni ochib, ichkari kirgan edi, «S. B. Botirov» o‘rniga ikkala beti oshqovoqday ko‘pchib chiqqan, har kiftida bittadan azamat bemalol o‘ynaydigan baqaloq ayolni ko‘rib, sal bo‘lmasa labiga uchuq toshayozdi. Ayol bir tirsagini stol ustidagi qalin oynakka tirab, allakim bilan telefonda gaplashayotgan ekan. Mamazohirni ko‘rib «chiq, chiq!» deganday, zarda bilan qo‘lini ikki-uch silkidi. Mamazohir esa bu ishorani tushunsa ham, o‘zini tushunmaslikka solib qaqqayib turaverdi. Nihoyat, ayol trubkani joyiga qo‘ydi. Mamazohirga boshdan-oyoq sinchkov nazar solgach, erkaknamo yo‘g‘on ovoz bilan:
— Bugun qabul kuni emas!..— dedi.
Bungacha Mamazohir xonani obdan ko‘zdan kechirib kirgan joyi qabulxonaligini, «S. B. Botirov»ning kabineti esa o‘ng tomondagi eshik ekanini bilib olgan edi.
— Mana shu xatni o‘zlariga topshirishim kerak edi-da,— dedi Mamazohir.
— Nima masalada — kvartira to‘g‘risidami? Mamazohirdan bo‘lak, ish ko‘rgan odam bo‘lsa-ku, shu topda bir juft yolg‘on gapirib: «Yo‘q, xizmatga taalluqli xat», deb aytgan va kotibani aldab, Sotqin Botirovichning huzuriga lip etib kirib ketgan bo‘lardi-ya. Ammo, Mamazohir so‘takligiga borib, rostini ayta qoldi:
— Ha, kvartira xususida.
— Unday bo‘lsa qabul kuni kelasiz. Payshanbada.
— Hozir shundoq kirib, tashlab chiqsam bo‘lmaydimi? Yo o‘zingiz kirgizib bersangiz?
— Hey, odam! Marsdan tushganmisiz? Qonun-qoidani bilasizmi? Pastda kiraverishdagi e’lonlarni nimaga yopishtirib qo‘yibmiz? Savodingiz bordir, o‘qisangiz bo‘lmaydimi?
Mamazohir dami chiqib ketgan pufakday so‘ljayib pastga tushdi. Bosmaxonada bosib chiqarilgan supraday taxta qog‘ozga shahar ijrokomi raisidan tortib, to statistika boshqarmasining inspektori bilan ovchilar soyuzining raisigacha nomma-nom sanalib, har birining qarshisiga qaysi kuni soat nechadan nechagacha hojatmandlarni qabul qilishi ko‘rsatib qo‘yilibdi. Yana bir e’londa «shahar ijrokomining rais muovini Sotqin Botirovich haftaning payshanba kunlari soat 14 dan 18 gacha qabul qiladi. Hojatmandlar dushanba kuni ertalab 10 dan 13 ga qadar qabulxona sekretariga uchrab, navbatga yozilmoqlari kerak», deyilibdi.
«Haftada bir kun, muayyan soatlarda hojatmandlarni qabul qilishsa, rosa jonining huzurini ko‘zlagan odamlar ekanmi! Biz ekan-da, odamzodning soddasi. Ertalabmi, peshinmi, kechqurunmi, kim kelsa qabul qilaveramiz», deb xayolidan o‘tkazdi Mamazohir.
«Tohir Saidovichga hayronman,— deb o‘ylar edi u yana, boya o‘zi kelgan yo‘lkadan shalpayganicha bitta-bitta odim tashlab borarkan,— nega meni yo‘q narsaga yugurtiradi? Yo meni kalaka qildimikan?»

* * *

Ammo Mamazohirni kalaka qilish Tohir Saidovichning yetti uxlab tushiga ham kirgan emas edi...
Tohir Saidovich futbolga mukkasidan ketgan ishqiboz. Bahor kelishi bilan nuqul «Paxtakor» o‘ynaydigan kuni Toshkentda «ishi» chiqib qoladi. Uni ham qo‘yavering, biror sayhonlikda to‘rtta tirmizak to‘p talashib turganini ko‘rib qolsa, to‘xtab, shuning natijasini bilmaguncha ko‘ngli to‘lmaydi.
Bozortepadagi «Hosilot» kolxozi stadion qurib, futbol komandasi tuzgach, Tohir Saidovichga o‘xshash odamlarga yana ham jon kirdi. Hech bo‘lmasa, «Paxtakor» safarda yurgan kunlari qosh-qovog‘ingda futbol bor-ku! Shahardan o‘ttiz chaqirim narida bo‘lsa nima?! Hozirgi asfalt yo‘llarda mashinaga Ko‘hi Qof ham bir qadam!
O‘sha kuni «Hosilot» zab «o‘yin ko‘rsatdi-da!» Ayniqsa markaziy hujumchi Hovliqmaevning jonbozligini aytmaysizmi. Burchakdan uzatilgan to‘pni, Axbor Imomxo‘jaev aytganday, «boshi bilan tepib», darvozaga kirgizdi-ya, azamat! Hisob «Hosilot» foydasiga 4:0 bo‘ldi.
Tohir Saidovich stadiondan xursand bo‘lib chiqib, shofyorini topish uchun atrofga alanglagan edi, taksi mashinalar orasida girdikapalak bo‘lib yurgan odamga ko‘zi tushib qoldi. Boyoqishni hech qaysi shofyor olgisi kelmas edi. Bu odam Tohir Saidovichga tanishdek ko‘rindi. «Oting qurg‘ur kim edi-ya? Ha, ha, Sotqin Botirovich, shahar ijrokomi raisining muovini». Tohir Saidovich sekin borib, uning tirsagidan ushladi:
— Sotqin aka, mashina kerakmi? Men birga olib keta qolay...
— He, assalomu alaykum. Rahmat. Kelinoyingiz bir joyga boradigan bo‘lib, mashinamni shaharga qaytarvorgandim, bir amallarman, deb. Rahmat, muruvvatingiz uchun!
Ikkovlari Tohir Saidovichning «gazik»ida shaharga jo‘nashdi. Ikkita, kasb-kori bir-biriga hech mos kelmaydigan odamning topishib qolganidan yomoni yo‘q. Gapi gapiga qovushmay turaveradi. O‘rtaga zildek sukunat cho‘kib, ikkovini ikki yoqqa ajratib qo‘yadi. Hozirgina o‘tgan futbol o‘yinining tafsilotlarini begona kishi, ya’ni shofyor oldida muhokama qilish esa, ikkita tuppa-tuzuk idoraning boshlig‘iga munosib emas.
Tasodifan birovning mashinasiga yuk bo‘lib qolgani uchun boyadan beri xijolat chekib kelayotgan hamrohini noqulaylikdan qutultirish maqsadida Tohir Saidovich so‘z qotdi:
— Toshqin oqibatlarini tugatay, deb qoldinglarmi? 
Sotqin Botirovich nabirasining ko‘magisiz ninaga ip o‘tkazib olgan kampirday ko‘ngli yorishdi. Chunki gapga mavzu topilgan edi-da!
— He, nimasini aytasiz,— dedi u jonlanib.— Avval boshpanasiz qolgan odamlarni joylay olmay garang edik. Endi hasharchilar hammayoqqa uy qurib tashlagandan keyin kimni olib kirib qo‘yishimizni bilmay hayronmiz.
Serfarzand oilalar uchun satta to‘rt xonali uylar qurishibdi. Hozircha shu uylarga ega topolmay sarsonmiz.
Tohir Saidovich bu so‘zni eshitganda, birov peshanasidan chertmak olganday sapchib tushdi. «Ie, bu yoqda bo‘sh uylar turgan ekanu bizning Mamazohir akamiz haliyam tovuq katagiday tor uyda tiqilib yotibdi. Bittasini shu odamga so‘rab olib bermaymanmi?»
— Menga qarang, Sotqin aka, sizni shu sarsonlikdan sal qutultirib qo‘ysam, nima deysiz?
— Jon koshkiydi!
— Unday bo‘lsa, bizning Mamazohir aka degan bir keksa xizmatchimiz bor. Boyoqish boshi aylansa, keti aylanmaydigan tor uyda turadi. Shu odamga bir yaxshilik qilib yubormaysizmi?
Mashinaning ichida chirog‘i bo‘lganida, shu payt Tohir Saidovich Sotqin akaning qoramtir yuzidan qon qochib, oftobda o‘nggan satin tusiga kirganini ko‘rardi. Ammo chiroq yo‘q-da! Sotqin Botirovich esa, o‘zi pishirgan «osh»ni sir boy bermay, o‘zi ichishda davom etdi:
— Jonim bilan! Ertaga bir enlik qog‘oz bilan oldimga yuboring. Tayyor uylardan biriga order yozib beraman-qo‘yaman.
Xuddi shu asnoda «gazik» Sotqin Botirovich yashaydigan hovlining darvozasi oldiga kelib to‘xtagan edi.
Mamazohir tushmagur esa, Tohir Saidovichni «kalaka qildi», deb yuribdi!

* * *

— Odam ham shunaqa lapashang bo‘ladimi, ey tavba!— deb Mamazohirning o‘zini koyib berdi Tohir Saidovich u shahar ijrokomidan qaytib kelgandan keyin.— Tayyor oshni suzib yeyolmasangiz-a! O‘ziga borib uchrang, dedim-ku.
Mamazohir hafsalasi pir bo‘lganini bildirish ma’nosida qo‘l siltab chiqib ketayotgan edi, Tohir Saidovich uni to‘xtatdi:
— Shoshmang, qayoqqa? Hozir o‘ziga telefon qilaman.— Boshliq oyna tagidagi ro‘yxatning «B» bobidan kerakli raqamni topib, telefon diskasini aylantira boshladi.— Sotqin Botirovich kerak edilar. Yo‘qlar? Qaerdalar? Prezidiumda? Xo‘p, mayli, keyin telefon qilarman...
Tohir Saidovich stolni nog‘ora qilib chertganicha andak o‘ylanib qoldi. Rost gap, shu topda Mamazohirdan o‘zi ham xijolatda edi. Lekin boshliqlarning xijolati nima-yu, shuvoqqa tushgan o‘t nima: birpasda pov etib so‘nadi. Tohir Saidovich ham darrov o‘zini o‘nglab oldi:
— Payshanbada kel, degan bo‘lsa, o‘sha kuni boring. Ammo, xotirjam bo‘lingki, uy nakd! Bugun sizga javob, borib yangamdan suyunchini olavering!..
Mamazohir uyiga kelib, bu sevinchli xabarni xotiniga aytganida, Rohilaxon avvaliga ishonmadi, keyin o‘rtada Tohir Saidovichning o‘zi dalolatchi bo‘lib turganini eshitgach, «he, u kishi tagi yo‘q gapni aytmaydilar, shuncha zamondan beri qilgan nolalarim tabiatning eng nozik joylariga yetib borib, Tohir Saidovichning yuraklariga shafqat solibdi» deb, havo degan tekin narsadan turli-tuman rejalar tuzishga tushdi.
— Hoy, dadasi, uyni to‘rt xonali dedingizmi? Ozlik qilmasmikin? Yoniga yana ikkita xona qo‘shtirib olmabsiz-da? Ha, mayli, hozircha shunisi ham bo‘ladi. Bir xonasiga qizlaringizni, biriga o‘g‘illarni joylaymiz. O‘zimiz bir xonasini egallaymiz. Bitta xonani kelinchaklarning uyiday qilib mehmonlarga yasatib qo‘yamiz...
Rohilaxon osmonu falakda parvoz qilib yurarkan, peshonasi taq etib biron tog‘ cho‘qqisiga urilib ketdi shekilli, dabdurustdan sergak tortib, atrofiga olazarak qaray boshladi.
— Hoy, boqibeg‘am, erta-indin yangi uyga ko‘chadigan bo‘lsangiz, bisotingizda uchta gilamu ikkita sandiqdan bo‘lak hech vaqo yo‘q-ku?! To‘rtta hayhotday xonani nima bilan to‘ldirasiz? Ko‘ch-ko‘roningizni mashinaga ortganda odamlar kulishmaydimi: «Mamazohirboy o‘ttiz yildan beri zootexnikman deb yuravergan ekan-da, tamomi topgan-tutgani bir mashinayam chiqmadi-ku», deyishib. Yo‘q, turing, ro‘molimning uchida tugib yurgan besh-olti yuz pulim bor. Ikkovlashib bir magazin aylanaylik. Polskiy garniturlar kelgan deyishadi. Zora birontasiga ilinib qolsak...
Mamazohir xotinining gapini qaytarishga odatlanmagan. Yo‘q esa, «O‘pkangni bos, xotin, avval hech bo‘lmasa order qo‘lga tegsin, garnitur olish qochmas», derdi-ya...
Xullas, er-xotinning «magazin aylanishi» kechqurun uyga bir mashina garnitur kelishi bilan tugallandi. Yangi mebelning ustiga qoplangan taxtalarning bironta ham mixini ko‘chirmay, shundoqligicha bolalar xonasiga olib kirishgan edi, u yerda qadam bosgudek bo‘sh joy qolmadi. Shu oqshom hammalari bitta xonaga tiqilib olishdi. Bolalarning xarxashasi har kungidan ancha avjliroq bo‘lgan esa-da, yangi uyning nashidasi bilan unchalik bilinmadi...

* * *

Orziqib kutilgan payshanba ham keldi. Mamazohir nonushtadan keyin katta qizi yaxshilab dazmollab qo‘ygan qo‘chalik kostyumini kiyib, shahar ijrokomi qaydasan, deb yo‘lga ravona bo‘ldi. Tohir Saidovich bir kun avval: «Men o‘zi bilan telefonda gaplashib qo‘ydim, ertaga kechqurun palovni siznikida yeymiz», degan edi.
O‘sha tanish qabulxona. Ammo bugun devorning ikki tarafiga terib qo‘yilgan o‘nlab o‘rindiqlarning hammasi band. O‘rindiq tegmaganlar eshik yonidagi javonga suyanib turishibdi. Mamazohir ham atrofga razm solgach, o‘shalarning yonidan iymanibroq joy oldi.
Baqaloq xotin dam-badam «S. B. Botirov» degan eshikdan ichkariga kirib-chiqyapti. Nihoyat, qabul boshlandi. Botirovning huzuridan birov suyunib chiqsa, birov qovog‘i osilib chiqyapti. Uch-to‘rt odamni o‘tkazib turib, Mamazohir ohista baqaloq xotinning stoli oldiga bordi-da, muloyim ovoz bilan:
— Men qachon kiraman?— deya so‘radi.
— Sizmi? Siz ro‘yxatda yo‘qsiz. Shuning uchun hammadan keyin kirasiz,— deb javob berdi sekretar Mamazohirga o‘qrayib. Bu gap Mamazohirning qulog‘iga «Siz rejasiz qurilgan uysiz, sizni buldozer olib kelib buzib tashlaymiz», degandaqa sovuq eshitildi.
Qiyomat qoyimning ham chegarasi bor, deganlaridek, oxiri Mamazohirga ham navbat keldi. Ichkariga tavazzu bilan kirib borarkan, to‘rda o‘tirgan qoramag‘iz, ot yuz, qoshlari chimirilgan yigitni ko‘rib ichiga o‘t yoqilganday bo‘ldi; u Mamazohirga tanishdek edi. Ayniqsa uning uzun qilib o‘stirgan, qoq peshonasining ustidan farq ochilib, dam sayin ikkala chakkasiga, qoshining uchiga qadar osilib tushayotgan qop-qora sochi ko‘ziga issiq ko‘rindi. Botirov Mamazohirning kirib kelganini payqadimi-payqamadimi, har qalay, qog‘oz ko‘rish bilan ovora bo‘lib o‘tiraverdi. Ungacha Mamazohir uni qaerdan tanishini eslashga yana bir urinib ko‘rdi. Oxir topdi. Uni qarangki, bu odam quyib qo‘yganday shoir Mayakovskiyga o‘xshar ekan. E, tavba, xuddi o‘zi-ya. Agar kino-pinoda Mayakovskiyning rolini bajarsa bormi, laureat bo‘lib ketishi hech gap emas.
— Xo‘sh?— Botirovning jarangdor ovozi Mamazohirning sachrab ketgan xayolini bir joyga to‘plab qo‘ydi. U takalluf bilan qo‘lidagi qog‘ozni uzatdi. Botirov uni ochib o‘qir ekan, ensasi qotgannamo aft-basharasi burishdi, qoshlari battar chimirilib, peshonasida ikkita yo‘g‘on chiziq paydo bo‘ldi.
— Xo‘sh?— dedi Botirov qog‘ozni yana Mamazohirga qaytarib berarkan. Mamazohir nima qilishini bilmay, tipirchilab qoldi.
— Haligi... Tohir Saidovich bilan gaplashgan ekansiz... Yangi uyga order bor ekan...
Sotqin Botirovich Mamazohirga baqrayib qaraganicha andak xayolga botdi. So‘ng qo‘lidagi qalamni zarda bilan oynakka bir urib, shart o‘rnidan turdi:
— E, qanaqa qiziq odamsizlar! Otamning uy quradigan zavodi bormiki, «ma sanga, ma sanga» deb ulashaversam. Uy yo‘q! Bekor ovora bo‘lib kelibsiz!..
Mamazohir o‘zini dadil tutishga harakat qildi:
— Kelmas edimu Tohir Saidovich...
Botirov deraza oldiga borib, tashqariga razm solarkan, xuddi ko‘chaga gapirayotganday davom etdi:
— Men hech qanaqa Tohir Saidovichni tanimayman. Unga hech qachon uy ham va’da qilgan emasman.— So‘ng bir narsani eslaganday, cho‘ntagini kovlab, bitta uch so‘mlikni oldi-da, yana stolga qaytib keldi:— Ha, aytgancha, Tohir Saidovichingizni bir marta ko‘rgandek edim... Ammo o‘zinglar ham juda nazari past odam ekansizlar-da! Bir marta mashinanglarga tushib, baloga qoldimmi? Mang, ushlang, manovini o‘sha Tohir Saidovichingiz bilan bo‘lishib oling-da, qaytib menga turqingizni ko‘rsatmang! — Botirov shunday deb, uch so‘mlikni Mamazohirga uzatdi. Mamazohir pulni beixtiyor oldi, oyoqlaridan tobora darmon ketganicha orqasiga o‘girilib, eshik tomonga yurdi. Qabulxonaga chiqquncha ro‘parasidan Rohilaxon, yetti bolasi, garnitur, peshonasida qolgan bittayu bitta xona lip-lip etib o‘tdi-da, qo‘zlari tindi...
Mamazohir ko‘zini ochsa shifoxonada yotibdi. Tepasida oq xalat kiygan doktorlar girgitton.
— Asti qimirlay ko‘rmang!— deb ogohlantirishdi uni.— Hatto yoningizga ham o‘girilmang. Faqat ko‘kka qarab yoting. Shunda tez tuzalasiz.
Olamda kechayotgan voqealardan uni har kuni Rohilaxon xabardor qilib turadi. Mamazohir shifoxonaga tushgandan keyin uyga shahar sovetidan deputatlar kelibdi, «bay-bay, odam ham shunaqa pandavaqi bo‘ladimi, ilgariroq ariza-pariza qilib, uy so‘ramaysizlarmi, allaqachon bitib ketadigan ish ekan», deb bularning o‘zlaridan xafa bo‘lishibdi. Shahar ijrokomi deputatlar xulosasini majlisda ko‘rib chiqib, Mamazohir oilasiga zudlik bilan besh xonali uy berishga qaror qilibdi. Sotqin Botirovichga hayfsan berilibdi.
Bir kuni Rohilaxon o‘zida yo‘q holda suyunib keldi. Mamazohirga indamay, bir parcha pushtirang qog‘oz uzatdi. Bu — besh xonali uyning orderi edi!..
Mamazohir «To‘ylar muborak»ni eshitganda «qulluq, qulluq!» deyishining boisini endi bildingizmi? Ha, gap shunday!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.