OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Turob To‘la. Obidcha mahsum yoki Muqimiy portreti (hikoya)

Sho‘ro davrida rasm bo‘lgan odatga ko‘ra, mashhur yozuvchilarning nafaqat tug‘ilgan, balki vafot etgan yirik sanalari ham bayram o‘laroq nishonlangan. Ana shunday motamnamo bayramlardan biri bundan 65 yil avval, suronli 1943 yilning iyun oylarida bo‘lib o‘tgan. Vafotining 40 yilligi nishonlanajak Muhammad Aminxo‘ja Muqimiyning fotosurati bizgacha yetib kelmagani, ammo uni ko‘rgan va yaxshi bilgan kishilar barhayot bo‘lganlari uchun rassom A.Shchepkinga shu kishilarning xotiralari asosida shoir portretini yaratish vazifasi topshirilgan edi. Hozir maktab darsliklari va Muqimiy asarlari orqali el-yurt o‘rtasida ma’lum va mashhur bo‘lgan shoir portreti o‘sha vaqtda yaratilgan.
O‘zbekiston xalq shoiri Turob To‘laning boy arxivida boshqa bir talay katta-kichik asarlar bilan birga mazkur portretning yuzaga kelishi bilan bog‘liq voqeiy hikoya ham bor. Bu hikoya o‘z vaqtida e’lon qilinganmi yo yo‘qmi, buni bilmayman. Garchi bir zamonlar chop etilgan bo‘lsa ham, bugungi avlod Turob To‘laning bu ajoyib hikoyasini va unda tasvirlangan buyuk ijodkorlarni yaxshi bilmaydi. Shuning uchun ushbu hikoyaning, matnini o‘zgartirishlarsiz saqlagan holda, sevimli gazetamizda e’lon qilinishini istadim.
Naim KARIMOV

1943 yilning yoz oylari edi. Urush, qattiqchilik hammani qiynab tashlagan. Muqimiy yubileyiga ozgina qolgan. Ammo hamon uning portreti yo‘q. Allaqanday olimlarning allaqanday taxminlari, portreti allaqanday kishilar bilan qachonlardir tushgan suratidan olsa bo‘ladi, degan farazlar hammasi bekor bo‘lib chiqdi, Muqimiy umri bino bo‘lib suratga tushmagan ekan. Endi uning taxminiy suratini chizishga qaror qilindi, uni ko‘rganlardan bir-ikki kishi hayot, deyishdi, ularni qidirib topishdi, ammo ular ham nihoyat darajada keksaliklaridan tayinroq bir gap aytolmadilar. Kimdir, Yoriy domla bo‘lsalar kerak (u kishi o‘sha yillari to‘qsonlarni qoralab qolgan edilar): “Muqimiy Chorsudagi Umar otaga o‘xshab ketardi”, dedi. O‘sha vaqtdagi shahar partiya komitetining birinchi sekretari bu gapni mahkam ushlab oldi-yu, Umar otani darhol toptirdi. Yubilyar suratini tayyorlashni Markaziy Komitet uning zimmasiga yuklagan edi. Umar ota rassom qarshisida oylab o‘tirdi. Nihoyat, Orif Alimov Usmon Yusupovichga portret tayyor, deb sim qoqdi. Toshkent portretni qabul qilib olishdek nihoyatda muhim va tarixiy vazifani G‘afur G‘ulomga yukladi.
G‘afur aka qaerga bormasin, qayoqqa yo‘lga chiqmasin yolg‘iz o‘zi kam yurguchiydi, biron-bir shogirdini olib ketardi. Bu safar bu baxtga men muyassar bo‘ldim. Bu yuqoridagi gaplarning hammasini biz Qo‘qonga kelib, Orif Alimovichning kabinetlarida eshitdik.
— Bor gap shu, — dedi u kishi G‘afur akaga qarab. — Portret, mana, oqqa ko‘chirilgan. Rassom, mana, — baland bo‘yli, ellik yoshlar chamasidagi ko‘rkam rus rassomi o‘tirardi qo‘l qovushtirib o‘zbeklarday. — Ochsinmi?
G‘afur aka ko‘rishga shoshilardi, men ham, albatta. Ammo G‘afur aka birdan bir narsani xayoliga keltirdi-yu, portret yuziga yopib qo‘yilgan pardani ochtirishga shoshilmadi, kimlar ko‘rgani, Umar otaning o‘zi kim, Shokirov kim, qaerdan, necha yoshda, kim taklif qilganini so‘radi. Orif Alimovich boshidan gapirib berdi:
— Juda ko‘p izladik Muqimiyni ko‘rganlarni, Qo‘qonda topilmadi, Yaypandan topib kelishdi. U mo‘ysafidni bilsangiz kerak, yaqinda she’rlar kitobi ham chiqqan ekan. Yoriy domla degan shoir, Muqimiyning zamondoshi.
G‘afur aka: “Ha, bilaman, yaxshi”, dedi. Orif aka davom etdi:
— Undan keyin shoir Charxiy ko‘p xizmat qildi. Javdat Abdulla, Sharif Rizo degan yozuvchilar ham. Ular shoirning jiyani hoji buvani olib keldilar. Yoriy domla G‘aribiy, mulla Abdulla, mulla Ahmad degan shogirdlarini, ulfatlarini aytdilar. Ularni ham taklif qildik. Yoriy domla ham rassomga keraklik gap aytmadi, deyarlik. Oxiri rassom shaharda u kishiga o‘xshash biron kishi bormikin, deb iltimos qildi. Biz Yoriy domla bilan Yusuf qiziq ishtiroklarida bog‘da bir necha kun askiya kechalarini o‘tkazdik, mahallama-mahalla, takyama-takya, choyxonama-choyxona yurishdi. Bir kuni Yoriy domla bir kishini olib keldi. “Mana shu kishiga juda o‘xshardilar, nazarimda”, dedi. Yusuf qiziqqa ko‘rsatdik. U kishi ham tasdiqladi. Rassom bir oz bo‘lsa ham qanoat hosil qildi va ishga o‘tirdi.
— U kishi kim ekan? — qiziqib qoldi G‘afur aka.
— U kishi shu yerlik, qo‘qonlik, Chorsudan. O‘zingizning shogirdingiz Amin Umariyning otalari ekan.
Biz hang-mang bo‘lib qoldik.
— Suratni Yoriy domlaga ko‘rsatdingizmi? — so‘radi G‘afur aka.
— Yo‘q hali, biz sizlarni kutib turgan edik.
Ko‘rik ertangi kunga, 25 iyunga, soat 12 ga tayin qilindi. Allaqanday taassurotlar va xayollar bilan mehmonxonaga ketdik. Yo‘lda G‘afur aka: “Qandaydir ko‘ngil g‘ash”, dedi. Meniki ham shunday tuyulayotgan edi. “Yoriy domla to‘qsonni yoqalab qolgan, Yusuf qiziq qirq uchinchi yilda suratiga guvoh bo‘laman deb u vaqtlari shoirga tuzukroq qarab olmagan. Oradan qancha yil o‘tib ketgan. Har nechuk taxminiy bo‘lib qolmasa koshkiydi”, derdi tashvish tortib. “Bilasanmi, — dedi yo‘l o‘rtasida to‘xtab birdan, — Obidcha mahsum qaerdaykin, besh-olti yil ilgari Javdat bilan Sharif Rizo ko‘rganliklarini aytishgan edi. Ularni topish kerak. Balki tirikdir. Tirik bo‘lsa hech kimning keragi yo‘q”.
Mehmonxonani yoqalab Chorsuga qarab ketdik. Javdat bizni qidirib kelayotgan ekan. U avval Umar otanikiga olib bordi bizni, u bilan tanishtirdi. Juda muloyim, yaxshi odam ekan. U kishi Obidcha mahsumni bilar ekan, “Bor, o‘lmagan”, dedi, ammo juda ham xarob bo‘lib qolganini aytdi. Urush vaqti. Hamma narsa deyarli kamchil, Obidcha mahsum tugul boshqalar ham o‘zini zo‘rg‘a eplayotgan vaqt edi, albatta.
G‘afur aka uni qaerdan topish mumkinligini so‘radi qat’iy. Javdat negadir topib berishni istamayotganday ko‘rindi. G‘afur aka uni majbur qildi: “Hozir topasan, — dedi, — hukumat nomidan aytaman”, deb yubordi hatto. Jahli juda yomon chiqib ketgan edi. Javdat G‘afur akaning avzoyini ko‘rib qo‘rqib ketdi.
— G‘afur aka, u kishi siz ko‘radigan holatdamas, — dedi.
— Ha, kasalmi, o‘salmi? — dedi G‘afur aka tiklanib unga.
— Yo‘q, gado bo‘lib qolgan, devona, — dedi nihoyat.
— Olib bor bizni hozir uning oldiga! Hali Muqimiyni gadolikdan asrab qolgan, haqoratlardan asragan, Muqimiyimizni boshida ko‘tarib kelgan odamni shunday ahvolga solib qo‘ydilaringmi? Uyalmadilaringmi? Qani boshla! — dedi va Javdat bilan Umar ota bizni boshlab ketdi.
G‘afur aka Obidcha mahsumni hali ko‘rib ulgurmasidanoq u ko‘rgan edi, bozorning o‘rtasidan gado to‘rvasini, yirtiq tilanchilik chorsusini sudrab “G‘afurlab” kelardi ho‘ngrab.
— Bilardim, bilardim sening kelishingni! Qanchadan beri kutib yotibman, G‘afur, axir, shuncha ham tashlab qo‘yasanmi! Ko‘rolmay, o‘lib ketsam nima qilarding? — deb kelib bag‘riga tashlandi.
G‘afur aka ham ko‘zlarida yosh, unga intildilar. Adabiyotimizning ikki g‘amxo‘ri bozorning o‘rtasida shunday ho‘ngrab yig‘lab, quchoqlashib ko‘rishdilarki, yig‘lagan ham yig‘ladi, yig‘lamagan ham. Piltalari chiqib ketgan yag‘ir do‘ppi, olaquroq bo‘lib ketgan sariq chakmon, dabdala bo‘lib ketgan bo‘z ko‘ylak bilan bo‘z ishton G‘afur akaning top-toza engil-boshi bilan qorishib ketdi. Yara bo‘lib ketgan oyoqlar esa, hamon G‘afur akaning oyoqlari orasida titrardi.
Ular uzoq bir-birlarini qo‘yib yuborishmadi. Engaklari bir-birlarining yelkalarida titrab, yoshlari soqollariga to‘kilar, odamlar ularning musichadek bir-birlariga mehribonliklariga qarab entikardilar...
Men G‘afur akani hech bunaqa holda ko‘rmagan edim. Qattiq hayajonda, jahlidan qizarib-bo‘zarib ketgan, kimga zahrini sochishni bilmas, qayoqqa borishini ham bilolmay alanglardi. Javdat bo‘lsa, nihoyatda katta ayb qilib qo‘ygan boladek bir chekkada yig‘idan o‘zini to‘xtatolmasdi.
— Foytun to‘xtat, — dedi G‘afur aka unga muloyimlik bilan. Javdat foytun to‘xtatdi. Biz tuproqqa qorishib yotgan, eti suyagiga yopishib ketib, odam tanimaydigan bo‘lib qolgan Muqimiyning o‘rtog‘ini olib mehmonxonaga yo‘l oldik.
— Yo‘q, — dedi birdan G‘afur aka mehmonxonaga qarab ot jilovini burgan foytunchiga, — gorkomga! — dedi. To‘g‘ri gorkomga yetib bordik. Men G‘afur akaga shu ahvolda olib kiramizmi, degan ishorani qilgan edim, u kishi: “Orif o‘zimizniki, o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi shart”, dedi va Obidcha mahsumni to‘g‘ri haligi kabinetga olib kirdi va kimlar bilandir gapirishib o‘tirishgan shahar sekretariga:
— Mana, Muqimiyni yaxshi biladigan odam, uni balolardan saqlab qolgan odam, Obidcha mahsum, o‘lmagan ekan, demak, Muqimiy ham, — dedi.
Orif aka G‘afur akaning avzoyidan, gadoning ahvolidan hamma narsaga tushuna qoldi. Shu yerning o‘zidayoq shaharning beshta artelidan besh rahbarini chaqirdi. Bir nafasda shahar komiteti g‘ovur-g‘uvur bo‘lib ketdi. Besh artelning besh raisi yetib keldi. Orif aka ularga bu “gado”ning (“har kuni ko‘rib yurganlaring”, deb qo‘shib ham qo‘ydi) kim ekanligini tushuntirdi avval, so‘ng bir sidradan engil-bosh sovg‘a qilishlarini buyurdi. Biz bo‘lsak, u kishini to‘g‘ri hammomga olib ketdik...
Hammomdan chiqqanimizda besh sidra sarupo taxt turardi. Obid ota ularni kiyib, odam tusiga kirdi. Orif aka tayinlagan bejirim hujraga ko‘chirib olib borildi.
Ertasi soat 12da esa, surat ko‘rigining to‘rida u kishi o‘tirardi. Rassom hayajon ichida suratni ochdi. Zalda qator o‘tirganlar — Yoriy domla ham, Yusufjon qiziq ham, hatto Obidcha mahsum ham — ko‘pchilik orasida avvaliga jim qolishdi. Uzoq tikilishdi suratga. Orif aka ham, G‘afur aka ham, men ham rassomdan kam hayajondamasdik. Minutlar o‘tyapti, hech kim hech narsa demaydi. Nihoyat, G‘afur aka Obidcha mahsumga tikildi, so‘ng Yusufjon qiziqqa, Yoriy domlaga, boshqalarga, xo‘sh, qalay, o‘xshaydimi, deganday. Yoriy domla “tavba” deb yoqasini ushladi, Yusufjon aka ham. Obidcha mahsum tag‘in yig‘lab o‘rnidan turdi. Beixtiyor: “Mulla aka!” deb qichqirib yubordi va ho‘ng-ho‘ng yig‘lay boshladi. G‘afur aka bilan Orif akalar u kishini yupatishga tushdilar. Rassomning shodlikdan o‘ti yorilgudek edi. G‘afur aka Obidcha mahsumni zo‘rg‘a to‘xtatdilar.
— Yo tavba,— dedi nihoyat o‘zini to‘xtatib olib Obidcha mahsum, — shunaqa ham o‘xshatib surat soladilarmi! Xuddi o‘zlari-ya mullakamlarning!
Ular Muqimiyni “mulla aka”, deyishar ekanlar tirikligida.
G‘afur aka Obidcha mahsumga Umar otani ko‘rsatib, so‘radi:
— Bu kishiga bir qarang-chi, bu kishiga o‘xsharmidilar?
Obidcha mahsum Umar otaga o‘girilib qaradi-yu, hayron bo‘ldi:
— Shuncha vaqtdan beri ko‘rardim-u, lekin e’tibor bermas ekanman. Ammo negadir yaxshi ko‘rardim Umarvoyni. Ha, shuning uchun ekan-da, — deb iljaydi. — Juda o‘xshaydilar, — deb qo‘shib qo‘ydi.
Orif Alimovich mamnuniyat bilan chuqur xo‘rsindilar-da, telefon trubkasini oldilar va telefonistka qizga: “Toshkentni ulang”, dedilar...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.