OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Turobjon Maqsudov. Lola (hikoya)

Zavq-shavqqa to‘lib shahar bog‘idan ketib borardim. Nogoh qo‘ng‘iroqdek tovush diqqatimni tortdi:
— Amatijon, mana shu pulga bitta lolayizdan belasizmi?
Ovoz kelgan tomonga qaradim. Atlas ko‘ylakchasi ustidan qizil kofta kiygan, qop-qora sochlariga qo‘nib turgan kapalakdek oq, lenta bog‘lab olgan jajji qizcha. U darvoza yonida lola sotib o‘tirgan cholga kaftidagi tangani uzatib turar, qalin kipriklarini pirpiratib tog‘oradagi lolalarga zavq bilan tikilar edi. Qip-qizil lolalar esa olovdek lovillardi.
Qora chopon kiygan chol qizchaning oppoq kaftidan chaqani olib ko‘zlariga yaqinlashtirdi. U kipriklariga tegay deb turgan qoshlarini chimirib tangaga tikildiyu basharasi tundlashib, goh o‘ziga, goh lolalarga mo‘ltirab turgan qizchaning qo‘liga tashladi.
Qizchaning hozirgina zavq bilan yashnab turgan ko‘zlaridagi uchqun birdan so‘ndi.
G‘azabim qaynab ketdi, tez-tez yurib cholning oldiga yaqinlashdim. U meni ko‘rishi bilan ildam qimirlab qoldi:
- Keling, mullo, keling, loladan beraymi?
Men indamadim. U cho‘ntakka qo‘l solishim bilan kaftini tutdi. Bor tangamni cholning kaftiga tashladim. Hayratdan baqrayib turishiga ham qaramay, bir dona lola oldim-da, yig‘lamsirab ketayotgan qizchaga uzatdim. U bir zum ishonqiramay qarab turdi-da, yana ko‘zlari yashnab, yuziga sevinch qalqidi. Qo‘limdagi lolani darrov olib, shirin til bilan:
— Lahmat... tog‘a! — deya xiyobonning ozoda yo‘lakchasidan chopqillab ketdi...
Shu kuni qizcha, lolalar va chol takror-takror yodimga tusharkan, sekin bosh chayqab qo‘yardim.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.