Safar aka dori olib aptekadan chiqqanida, qosh qoraya boshlagan, chala oy bir quloch ko‘tarilgan, siyrak bulutlar orasidan yulduz mo‘ralar, narsalar, odamlar sharpaga o‘xshar, simyog‘och chinnisi yiltirar, kech kuz bo‘lishiga qaramay, havo iliq edi.
Safar aka, filtrsiz sigaret tutashtirib necha dona qolganini ko‘zdan kechirdi, tugmasini qadadi, zinadan tushdi. Qishlog‘i besh chaqirim narida edi, yayov ketdi — o‘tkinchi mashinaga qo‘l ko‘tarsa, to‘lashga puli qolmagan edi. Uch kun avval yog‘ib o‘tgan yomg‘ir tuproqni shibbalagan, yo‘ldagi xalqoblarda oy jimirlar, uzokda it hurar, yo‘l oxirida mashina chirog‘i sarobga o‘xshar edi.
Safar akaning xotini Nasibaoy, ikki hafta burun ariq bo‘yida kalish yuvaturib, boshi aylandi, o‘tirib qoldi. Kelini Oyxon, bolasini qo‘yib, qaynonasi pinjiga kirdi, ayvonga yetakladi. Nasibaoyning oyog‘i chalishar, arang bosar, og‘ir edi. Oyxon qaynonasini dahlizdagi so‘riga yotqizdi, qanaqadir dori berdi. Qishloq hamshirasi ukol qilib, dori yozib ketdi. Safar aka xotinining betobligiga o‘tkinchi deb qaradi, doriga bormadi, qatiq ichirdi. Katta o‘g‘li To‘qash ish qidirib, Samaraga ketgan, kichik o‘g‘li Pozil harbiy xizmatda edi. To‘qash yarim yildan beri bedarak, xat yozmas, kelini tumtayar, qaynona-qaynotasi bilan qovusha olmas, boshi katta, eti ushoq bolasidan bo‘shamas, injiq bola xarxasha qilar, hech kimga bormas edi. Oyxon qaynonasiga uncha qaray olmaganidan xijolat tortdi chog‘i, bolasini do‘xtirga ko‘rsatish bahonasi bilan ikki kishloq narida turadigan onasinikiga ketdi. Hamon undan darak yo‘q. Safar aka yo‘l-yo‘lakay qudasinikiga kirib o‘tmoqchi, kelinini oldiga solib ketmoqchi bo‘ldi, biroq oyog‘i tortmadi -qorong‘i tushgan, bu paytda kirib borish bemavrid ko‘rindi. O’zi qaytar, deb o‘yladi Safar aka, dorini tezroq olib borishi zarurroq edi. U hovliga kirib borganida, bitta ham chiroq yoqilmagan, uyi huvillagan, qop-qorong‘i edi. Safar aka ayvon chirog‘ini yokdi. Xotini, ko‘rpaga o‘ranib, miq etmay yotar, erining sharpasiga ham e’tibor bermadi.
— Nasiba, — dedi Safar aka, bemor xotini ustida to‘xtab. Xotini arang tovush berdi. — Dori olib keldim. Ichib ol, ko‘zing moshdek ochiladi.
Nasiba qimir etmay ingradi.
Safar aka bir dona dorini xotinining og‘ziga tiqdi:
— Shim, — dedi.
Xotinining chap tomoni shol edi, indamadi.
Kechagi go‘ja sovuq edi, isitish uchun Safar aka kosani olib, hovliga tushdi, o‘choqxona tomon yurdi. Oy ancha ko‘tarilgan, bulut qochganida Safar akaning soyasi aniqlashar, qadamiga ilashar edi.
O’choqxonaning usti qamish, atrofi ochiq edi, g‘o‘zapoya arang o‘t oldi, Safar aka qozon qopqog‘ini olib, go‘jani to‘kdi; nam g‘o‘zapoyaning olovi past, tutuni achchiq edi, ovqat isigunicha, yarim soatcha vaqt o‘tdi; Safar aka go‘shtsiz go‘jani kosaga suzib, qozonga suv quydi, qopqog‘ini yopib qo‘ydi.
Nasibaoy bir-ikki qoshiq go‘ja ichdi, tamshandi, boshini burdi. Safar aka xotinining boshini yostiqqa qo‘ydi. Uning chiroyli ko‘zlari hozir behol, xira, o‘zi darddan majolsiz edi. Dori ta’sir qilar, deb o‘yladi Safar aka va yechinib, chiroqni o‘chirdi, nariroqdagi o‘ringa kirdi, sigaret tutatdi.
Nasibaoy dalada chopiq-yagana qilar, shomda uyiga qaytar, keliboq o‘choqqa unnar, ovqatidan dixlofos hidi kelar, ketmoni oydinda yarqirar, o‘zi, hamiri ko‘tarilgunicha, bolalari kiyimini yuvib, dorga osar, tandirga olov yoqar, zuvala qilar, non yopar, apil-tapil yuvinib kelganida, eri uyquga ketgan bo‘lar, sahar payti Safar xotiniga yopishar, ish bitgach, Nasibaoy tashqariga oshiqar, shosha-pisha nonushta hozirlar, bitta non solingan to‘rvasini ketmonga ilib, dalaga ravona bo‘lar, bolalarni eri uyg‘otar, maktabga jo‘natar, keyin tabelchilik qilish uchun xirmonga yo‘l olar edi.
Shu alfoz yigirma besh yildan ortiq vaqt o‘tdi. To‘ng‘ich o‘g‘li To‘qash o‘rta maktabni tutatib, mexanizatorlikka o‘qidi, Oyxonga uylandi, farzand ko‘rdi. Safar bilan Nasibaoy nevarali bo‘lishdi; faqat nevarasi nimjon edi, raxit, deyishdi. Kenjasi Pozil bir yil avval, maktabni bitiriboq, harbiy xizmatga ketdi — dadasi bilan xayrlashmadi ham — Safar aka Nasibaoyni urib, ko‘zini momataloq qilgan edi.
— O’g‘ling qaramadi ham, — dedi Safar aka, o‘g‘lidan yozg‘irib.
— Onasini urdingiz, qaraydimi? — dedi o‘shanda Nasibaoy, tumtayib va momatalog‘ini siladi. — Haliyam shishi qaytmaydi. Kelinlik paytimda ham urgansiz — qizitilmagan yog‘da osh qilipsan, deb. Sal narsaga urar edingiz.
— Ha, endi o‘zbekchilikda urib turish kerak-da, odat, — degan o‘shanda Safar aka. — Urmasang, odam sanashmaydi. Hamma uradi.
— Odatingiz qurib ketsin, — degan Nasibaoy, zarda qilib. Nuqul boshimga, yuzimga urasiz, ko‘chaga chiqa olmay qolaman. Ichsangiz — tamom, janjal chiqarasiz. Bolalar bezillashadi. Ketsam, ota-onamdan andisha kilmay, yalinib borasiz. Ular tanbeh berish o‘rniga meni oldingizga solib, haydashadi. Yuzimni tang‘ib, ketmon chopaman.
— Boshqalar-chi? Urishmaydimi? Asad polvon xotinini urib, to‘rtta tishini sindiripti — yuripti Mohiraoy, tilla tish qo‘yib!
— Uring siz ham! Tilla tishga qurbingiz yetsa! Mol sotib, to‘y qildingiz. Bir oylik kelin oldida urdingiz, qo‘lingiz sinsin...
«Qanday paytlar edi», deya, o‘sha zamonlarni qumsab, o‘yladi hozir Safar aka, va sigaretini tortdi. Qorong‘ida sigaret cho‘g‘i yallig‘landi, burni yiltiradi.
— Urgan bo‘lsam — yaxshi ko‘rganimdan, — dedi Safar aka, birinchi marta shu iborani tilga olib. — Qizg‘anardim-da. Sharip, xotining chiroyli, deganida, seni urganman, qizg‘anib. Haqiqatda, chiroyli eding. Aslida, tayloqligi uchun Sharipning tumshug‘iga tushirishim kerak edi, o‘zimni tutdim, seni o‘ynashga chiqarishlari mumkin edi... Paxtazorda seni bo‘lg‘alaganim esingda bormi? Yetilgan payting edi, qochgansan. Xirmondagi juvonlar kulishgan, o‘shandan keyin uyingdagilar rozi bo‘lishgan. Sevmasam, urarmidim?
Nasibaoy miq etmay yotar, aftidan, xotini ham o‘sha totli damlarni xotirasidan o‘tkazayapti, deb o‘yladi Safar aka.
— To‘qashni tuqqaningda, qanaqa shodlik bo‘lgan edi, esla. Kancha nom qidirganmiz. Dadang, «To‘qash» qo‘yinglar», degan, unaganmiz. «To‘qash» nima ma’noni bildiradi?
Xotini javob bermadi. Safar aka dori kor qilgan bo‘lsa, uxlayapti, deb o‘yladi, ko‘rpaga o‘ranib, jun tiqilgan bolishga lunjini bosdi, xo‘rsindi, ko‘zi ilina boshladi.
Safar aka uyg‘onganida, tong g‘ira-shira, qushlar chug‘urlar, ko‘chadan o‘tayotgan poda mollar ma’rashi eshigilar edi. Safar aka, kerishib, o‘rnidan turdi, yuvinib, yelkasiga yupun chopon tashladi, yovg‘on xo‘rda qilishga kirishdi. Xo‘rda suzilgan kosaga yog‘och qoshiq solib, xotini oldiga kirdi, Nasibaoyni uyg‘otdi. Xotini qimir etmadi. Safar aka Nasibaoyning peshonasiga kaftini bosdi — peshonasi sovuq edi. Safar aka xotinini asta silkitdi — sado chiqmadi. Iyagini tang‘ib, yoniga o‘tirdi — halqumi bo‘g‘ildi. Baralla yig‘lashdan uyaldi, chopon etagi bilan yuzini to‘sdi, yelkasi qaltiradi.
Nasibaoyni peshinga chiqarishdi.
Oqshomda. Safar aka marhumaning boshiga bordi — go‘ri nam edi. Qarg‘a qag‘illar, o‘ti sarg‘aygan mozor bo‘sh edi.
Safar aka yarim soatcha cho‘nqayib o‘tirdi — endi u tanho edi.
Ikkala farzandi onasi dafnida bo‘lishmadi. Buyurmadi. Pozil kelganida, shinelini tashlab, qabristonga chopdi. Qaytib kelganida, ko‘zlari qizargan edi. Dadasiga ro‘yxush bermadi. Onasining ajalini dadasidan ko‘rdi, chog‘i. O’zini bu uyda begona sezdi, uch kundan keyin, qismiga jo‘nadi.
Kelini Oyxon raxit bolasi bilan kasalxonada, ma’rakaga qatnasha olmadi. Kasalxonadan chiqsa, bu yagona erkak qolgan uyga keladimi, yo‘kmi - gumon edi. Eri bo‘lmagach, huvillagan hovlida nima qiladi?
Safar aka darvoza yonidagi xodada kun bo‘yi o‘tirar, endi ta’ziyaga hech kim kelmas, Safar aka uyiga kirishga botinmas, xotinining sharpasidan cho‘chir, choponiga o‘ranar, mudrar edi.