OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ulug‘bek Hamdam. Lola (hikoya)

Shundoq ro'baro'mda qoya - qirrador toshli, tik va bahaybat. Ustida hilpirab turgan alvonrang, afsonaviy go'zal lolaga hamma o'zini uradi. Osmon qizg'ish, qora va oq — olachipor bulutdan ko'ylak kiygan. Na tun va na kun, allaqanday aralash palla. Pastdan qaraganda bularning hammasi jonlarga qutqu solarak yuksak qoyaning tepasida tebranayotgan gulning ortida muhtasham manzara yaratgan. Nazarimda osmonning eng oliy orzusi ushalgandi — bezangan ko'yi lolaning atrofida parvona. Tubanda nima gap? Odamlar qanchasi qoyaga tirmashib, sehrli chechak sari ko'tarilayotgan, qanchasr qulab, yuzlarcha metr pastda qolgan toshlarga urilib parchalangan. Masofaning hatto o'rtasigacha hali hech zot yetolmagan. Axir bunda shunday uchmalar mavjud ediki, boshqa tikliklardan eson-omon oshgan sanoqli kishilar ham aynan shu uchmalarda hayot bilan vidolashayotgandi. Lekin, ajabo, shularni ko'rib turgan bani inson, tik qoyani zabt etib lolaga borish imkoniyatidan naqadar uzoq ekanligiga boshqalarning qismati-la ming bor, million bor iqror bo'lgan, bo'layotgan odamzod nechun o'z havoyi orzusidan voz kechmaydi? Nechun ko'ra-bila turib o'zini chiqib bo'lmas jahannamga otadi? Tag'in undan sog'-salomat o'tishga umidvor bo'ladi?.. Shularni so'rab bilayin, deya bir-biriga gal bermay qoyaga yopishayotganlarga yaqinlashaman. Birovi bahaybat xarsangga oyog'ini endi qo'yishi bilan yelkasidan tortib o'zimga qaratdim-da, savollarga ko'mib tashladim. U esa hech nima demadi, faqat istehzoli jilmaydi-da, ko'rsatkich barmog'i ila lolaga ishora qildi. So'ng toshga tirmashib, chumolidek g'imirlagancha tobora ilgarilab ketayotgan olomon ichiga singib yo'qoldi. Men bo'lsam yuqoriga qarab sanoqsiz odamlardan, ularning betartib harakatlaridan o'zga hech vaqoni ko'rmadim. Keyin qoyadan andak uzoqlashdim-da, takror boqdim:
LOLA!.. Yodimga beixtiyor Ka'ba va unga ilinj bilan chor tomondan oshiqib-ko'pchib kelayotgan million-million odamlar suvrati tushdi. Lola misli quyosh ediyu qolganlar yo'ldosh - uning atrofida parvona... Mulohazalarim pishib yetilmayoq ulardan voz kechdim: axir lola meni... faqat meni imlayotir! Qolganlardan yuz o'girganga o'xshaydi, axir mengagina e'tibor berayotir, menigina huzuriga chorlayotir! Oh, u bunchalar jozibali bo'lmasa, yuragim bunchalar to'lib-toshmasa!.. Shuncha odamning orasidan meni saylab oldimi, demak, oldiga shikast yemay yuksala olishimni biladi va men bu ishning uddasidan chiqaman! Bunday imkoniyat har kimga ham nasib etavermaydi, foydalanib qolish zarur. Eh, bunchalar baxtli bo’lmasam!..
Otilib borib oyog'imni haligi xarsangga qo'ygandim, kimdir yelkamdan tortib o'ziga qaratdi. Qayrilib boqsam, qandaydir yigitcha. Allaqachon yuqorilab ketgan odamga men bergan savolni endi u menga berardi. Yigitchaga bir muddat tikilib qoldim, uni o'zimning — lola huzuriga taklif etilgan baxtiyorning qarshisida benihoya g'arib va aftoda ko'rdim. Bir lahza achindim unga. Biroq lom-mim demadim. Bilmayman, qanday ma'noda jilmaydim-da, yuksaklikka — lolaga imo qilgancha yo'limda davom etdim.
Ko'tarilish og'ir edi. Ba'zan qo'l va oyoq qo'ygani g'adir-budir toshlar, o'ydim-chuqur joylar bo'lsa, ba'zan na unisi va na bunisi topila qolardi. Shunda butun borlig'imni silliq toshlarga berib sirpanaman-da, tahlikali masofani bosib o'tgach, orqaga ko'z tashlab, dahshatga tushaman. Lekin ko'nglimda lolaning yodi, uning menga, faqat menga ko'rsatgan iltifoti... Buni xayolimga keltirsam, o'zimni har qanday do'zaxga otishga tayyor ko'raman. Bir payt chamasi ikki quloch oldinroqda tirmashib ketayotgan odam dod solib, qo'l va oyoqlarini kapalak qanotlaridek hilpiratgancha tubanga - tumanlik va bulutlar qa'riga tushib ketdi. lchimda nimadir "shuv" etdi — o'lim sharpasi yuragimni birrov silab o'tdi. "Nahotki, bu senga saboq bo'lmasa, nodon? Nahotki, sen yetib boraman, deb o'ylasang? Axir manzilga hali uzoq... Shunchalarki, hatto ko'zlarimning nuri yetmaydi unga!.."
Parishonligimdan foydalanib, kimdir yelkamga oyoq qo'ydi-da, bir siltanib qo'lini teparoqdagi toshga mixladi. Turtkidan oyog'im ilinib turgan tosh ko'chdi va sirpangan ko'yi pastga keta boshladim — ALVIDO! — xayolimga kelgan so'zning ta'migacha tuydim, sasigacha eshitdim... Lekin Xudoga shukr, qo'llarim qayerdadir yana bir toshga ilashdi-da, meni muqarrar halokatdan qutqarib qoldi. Quyida esa mening oyog'imdan ko'chgan toshga tosh va odam ilashib, dahshatli voqea sodir bo'layotgandi... Ko'zimni chirt yumdim. Qancha kishilarning uvol bo'lganini qalbim sezdi. Endi nima bo'ladi? Bir zum avvalgi xotirjamlik endi qayda bor? Lolaning oldiga qay yuz bilan boraman endi?
Unga yetishganimda ham ko'nglimning bir chetini begunoh odamlarning yodi mudom kemirib turadi-ku, axir!..
Ammo men ataylab qilmadim, buning ustiga meni anavi muttaham itarib yubordi. Asl gunohkor — u, aslo men emas! — oqlov qidirib ketaman turib-turib. So'ng muttahamga qaradim: u-da meni kuzatib irjayib turgan ekan. Ko'zim ko'ziga tushishi bilan mazax qila boshladi. Tavba, umrida birovga dushmanlik qilmagan va o'ziga kimsani raqib hisoblamagan odam bo'lsam, nima istaydi bu? "Raqibim" tosh ota boshladi - yo qudratingdan, bu tag'in nimasi? O'ylagunimcha bo’lmay, bittasi yuzimga kelib tegdi, ko'zimdan naq o't chiqib ketdi. Og'riq va alam shu darajada kuchli bo'ldiki, beixtiyor hayqirdim: "Ey Xudo, shu la'natini jazolamasang rozi emasman!.."
Nimaga yomon niyat qildim, birovning bolasiga o'lim tiladim? — o'zimni kechirmayman. Mening bir oz avvalgi gunohlarim endigisi oldida bir pul ekan. Nega shunday? Axir boya oyog'im ostidan ko'chgan toshdan yuzlarcha odam nobud bo'lgandi, endi birgina, u ham bo'lsa, allaqanday hayvonsifat... Mulohazalar ko'nglimga taskin berolmaydi. Faqat o'rtanaman. Negadir o'zimni sharqirab oqib turgan suvga otgim, unda to'yib-to'yib cho'milgim keladi. Bu orada "raqibim" o'pirilib ketgan toshni changallagancha pastlarda qolgan tumanliklar tubiga tushib g'arq bo'lgandi...
Anchagacha harakatsiz qotaman. Nihoyat, vaqt o'z ishini qiladi. Yodimga yana lola, uning chorlashlari, va'dalari tushadi. Yuragim takror hapriqadi. Yana hayotga, quvonchga talpinuvchi qudrat butun borlig'imni band etayotganini va mening unga bo'ysunishdan, egasining ketidan ketgan itdek orqasidan ergashishdan o'zga ilojim yo'qligini chuqur anglayman. Qilmishim, uning iztirobi bora-bora qalbimni tark etadi. Faqat yodigina ahyon-ahyon ko'ngilni g'ash qiladi.
Endi mening butun fikru dardim lola! G'alati og'riq aralash sevinch bilan unga talpinaman. Nimalar xayolga kelmaydi, deysiz o'z botinimdagi tuyg'u kuchini salmoqlaganda. Lekin orzuimga erishganda nasib etadigan huzurning qiyosini hech topolmaydiganga o'xshayman. Axir o'shaning uchun yo'lga chiqmadimmi, mashaqqatlar chekmadimmi, qurbonlar bermadimmi? Demak, olg'a va yana olg'a!..
Nihoyat, o'sha tik qoya! Yon-verimga alanglayman: qumursqadek yopirilib kelayotganlardan faqat bir nechaginasi qolibdi. "Qismat!" - sovuq mulohaza yuritaman. Birpasdan keyin o'ylarimga chek qo'yaman-da, cho'qqini ishg'ol etishga bag'ishlayman o'zimni.
Bu orada g'oyat siyraklashib qolgan odamlar ham birin-sirin qulab, osmonning bag'ridan uzilib-uchib allaqaysi burchaklarga g'arq bo'lgan yulduzlardek yitadilar. Bu to'siqdan o'tish odam bolasining qo'lidan keladimi - ikkilanaman bir zum. Lekin vo darig', qoya qarshisida mengina. Demak, lolaning va'dasi haq! Yuragimning duk-duklari qo'l va oyoqlarimga kuch ato etadi. Butun borlig'im yaltiroq, sirpanchiq, bu ham yetmagandek alifdek tik qoyalarga qo'l va oyoq bo'lib yopishadi. Biron yumushga o'zimni hech qachon bunchalar fido qilmagandim. Borgan sari chumoliga aylanib ketaman go'yo. Ter suvdek oqadi. Ba'zan qaltis vaziyatlarbo'lganda yuragimni vahm bosadi-yu, endi o'lsam ham yo'limdan qaytmashgimni, bunga lolaning yodi izn bermasligini aniq bilaman. O'rgimchak bo'lib o'rmalayman. Shu dovonni oshsam bas, marra meniki! Inson bolasining xayoliga kelmagan baxt menga yorlaqaydi! Nafasim bo'g'zimga tiqilib entikaman... Vo ajab, nahotki dunyoda shunday saodat bo'lsa va u menga nasib etsa!..
Shirin xayollar yaxshi-yu, lekin maqsadga borishimda xalaqit bera boshlaydilar, mashaqqatim ortadi. O'zimni qo'lga olaman-da, orzularga xarjlanayotgan kuchimni-da dovonni oshishga beraman. Endi aqlu hushim, tan va jonim - butun borlig'im birlashadilar va men qiynalib bo'lsa-da, xavfli cho'qqini oshib O'TAMAN! Hayhot, g'olibman! Alhamdulilloh! Sevinchimdan zabt etilgan qoya ustida to'xtamay osmonga sakrayman. Nihoyat charchab, o'sha yerda toshlarni quchoqlab uxlayman... tush ko'raman. Tushimga ham shu dovon, uning mashaqqatlari kiribdi. Men takror uni qo'lga kiritibman. Ammo oshib o'tgach, ne ko'z bilan ko'rayinki, yuqorida yana odamzodning o'tishini xayol ham qilib bo'lmaydigan son-sanoqsiz tik qoyalar ketma-ketligi savlat to'kib turardi. "Dod!" deya baqirgancha uyg'onib ketaman. Lekin yuqoriga qaramayman, yuragim betlamaydi. Negadir tubanlarda suzib yurgan bulutlarni kuzataman. Zaminni, shovqin-suronli turmush tashvishlarini, odamlarni qo'msayman. Biroq endi ortga yo'l yo'qligini hamma narsadan ko'ra chuqurroq anglayman. Ko'kragimda og'riq turadi. Paypaslanaman, timirskilanaman. Lekin baribir yuksakka qarashga, u yerdagi haqiqatni bilishga mahkum etilganimni unutolmayman. Ha, tavakkal qilish payti kelgandi: yo hayot, yo mamot! Nihoyat, o'zimda neki qurb bor — barchasini to'playman-da, ko'zimni yumgan ko'yi boshimni yuqoriga tomon ko'taraman. Yo Razzoq! Yuragim hapriqib naq tomog'imga kelib tiqilarkan, ko'zimni ochaman...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.