OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Usmon Azim. Sevgi (hikoya)

Boshimga tushdi g‘am tig‘i, balo toshi, ajal zaxmi,
Ko‘r, ey, hijroni zolimkim, nelar boshimga kelturding.
Alisher Navoiy


Abdurahmon Chaganada voyaga yetgan. «Tug‘ilib, voyaga yetgan» deb yozmayotganimizning sababi shundaki, uning qaerda tug‘ilganini hech kim, hatto o‘zi ham bilmaydi. Voyaga yetgan joyi esa aniq — Chagana, bolalar uyi, maktab, stadion, ularga eltadigan ko‘chalar, ko‘chalar chetidagi tuproq tomli pastqam uylar, allaqanday noqulay tarzda muvozanat saqlab turgan devorlar, devorlar ortidagi daraxtlari bir-biriga mingashgan bog‘lar... Shu… 
Esida qolgani shu. Ammo shunga ham shukur etmoq kerak, chunki Abdurahmon Chaganaga bormaganiga yigirma besh yilcha bo‘lib qoldi. Yillar o‘tgani sayin xotira vaqtning beadad kengliklarida cho‘zilib yotgan uzun vujudini yig‘ishtirib, bir joyga to‘plab olarkan. Endi Abdurahmon Chaganani o‘ylasa, yuqoridagi manazara «lip» etib paydo bo‘ladiyu, orziqtirishga ham ulgurmay, yurakni batamom zabt etgan mayda-chuyda tashvishlar komiga cho‘kib ketadi.
O’risiyaning bu shaharchasida Abdurahmon o‘zini begona sezmaydi — hammaga allaqachon el bo‘lib ketgan. Ilgari, pivo mo‘l mahallari mayxonaga kirsami, o‘-ho‘, «Alik! Alik!» deb chaqirganning soni ming edi. Oldiga quritilgan baliqdan ham, muzday pivodan ham surib qo‘yishardi, ko‘zlar sarxushlikdan suzila boshlagach, ko‘p qatori ashula ham aytardi. Rosti, ashulani hammadan yaxshi aytardi. Qo‘shiq avjlangani sayin uning ko‘zlari yumilar, ichi o‘tda kuyayotganday yuzlari bujmayar, labida allaqanday alamli tabassum paydo bo‘lar edi. Jo‘r kuylayotgan hamshishalar bu tabassumga ko‘zlari tushgach, birin-ketin qo‘shiq aytishdan to‘xtashib, unga zavqlanib termulishar, ularning ham yuzlari ohangdan ufurayotgan tushuniksiz azobning nafasini sezib bujmayar; chiday olmasdan boshlarini sarak-sarak etishar edi. Ovozning kengligini tan olguvchi bu yerning qo‘shiqlari Abdurahmon bo‘g‘zida pivo shinavandalarining quloqlari o‘rganmagan notanish nolalar, fig‘onlar, yolvorishlar, o‘ksinishlaru bo‘zlashlarga qo‘shilib, afsungar bir holat kasb etardikim, mayxonaga sigaret tutuni va baliq hidi aralash sukunat cho‘kardi. Qo‘shiqning eng baland pardalarida shikasta hazinlikka yo‘g‘rilgan zo‘riqish paydo bo‘lar, bu zo‘riqish ovozning ojizligidan emas, balki eskigina paxtalik kiygan shu odamning yuragida paydo bo‘lgan hasratning zo‘ri ekanligini badani vijirlab turgan sukunat ham his eta boshlar edi. Qo‘shiqchining yumuq ko‘zlaridan sizgan yoshlar ajinlarning ariqchalaridan oqib, lablariga tushar va qo‘shiqning ta’mi sho‘rga o‘xshab tuyulardi... Bufetchi Roza bo‘yalgan g‘ar ko‘zlariga yarashmagan sipo bir alfozda qo‘shiq tinglar, har dam-har damda shavqini yashirolmay «chyort!.. chyort!..» deb qo‘yar edi. Albatta, qo‘shiq tugaganidan keyin ham sukunatni birinchi bo‘lib buzish lazzatidan o‘zini marhum qilmasdi:
— Alik! —deb qichqirardi u peshtaxtaning orqasidan.—Alik! Jonim! B/yoqqa kel! Yigitlar, Alikni to‘ppa-to‘g‘ri mening quchog‘imga jo‘natinglar-chi! Alik! Jonim! Bu nima qilganing? Yuraklarni qon qilib yubording-ku! — So‘ng odamlarning hazil-mutoyibasi ostida peshtaxtaga suyanib turgan Abdurahmonga shaxt bilan engashardi-da, sigaret isini anqitib, yigitning lablaridan shartta o‘pib olar; sehrgarlarga xos o‘ktamlik bilan peshtaxta tagiga engashar, lahza o‘tmay shisha ichida allaqanday o‘rtanib turgan ichimlikni ikki mitti qadahga quyar edi: «Alik! Sen faqat konyak ichishing kerak! Boshqalarga pivo ham bo‘laveradi! Qani, ol! Jonim, ovozing mast qildi-qo‘ydi! Bo‘ldi, endi seni Mashaga berib qo‘ymayman...»
— Rahmat, Rozochka... — derdi Abdurahmon, qo‘shiqning hovri ketmagan tovushi titrab...
Endi bu gaplar — pivo ko‘p bo‘lgan zamonlarning gaplari.
Hozir pivo ham topilmaydi, qo‘shiq ham aytilmaydi. Hamma siyosat bilan mashg‘ul. Yaqinda zavodda bir kunlik ish tashlash ham bo‘ldi. Miting...
Abdurahmon chorak asrdan buyon istiqomat qilayotgan bu shahar o‘ttizinchi yillarda qurilgan. To‘g‘rirog‘i, avval zavod, keyin uning atrofida shaharcha barpo etilgan. Tantanali yig‘ilishlarda irod etiladigan ma’ruzalarda, «olovqalb komsomollarning bunyodkorlik qudrati tufayli qad ko‘targan zavod» haqida pinak buzmay so‘zlansa ham, aslida uni «xalq dushmanlari» — zeklar qurgani shahar ahliga ayon. Zavodning birinchi ishchi-xizmatchilari ham o‘shalar. Ularning bitta-yarimi hozir ham barhayot. Odamovi, kamgap bu odamlar ayniqsa yig‘inlardan, uchrashuvlardan qo‘rqadilar. Bir gal zavodning madaniyat uyidagi majlisga pensioner Komarovni qo‘yarda-qo‘ymay olib kelishdi. Chol minbarda birpas dovdirab turdi-da, so‘ng birdan asabiylashib qichqira boshladi: «Shu gaplar... kimga kerak! Gapirib bo‘lmaydi axir! Tushunyapsizlarmi?.. E, jin ursin!..» U ho‘lqasi to‘lib, sahnadan kutilmagan chaqqonlik bilan sakrab tushdi-da, eshikka qarab yo‘naldi. «Dmitriy Ivanovich! Dmitriy Ivanovich!..» deb chaqirdi hovliqib madaniyat uyining direktori Pashka Chiroyli, «Dmitriy Ivanovich bo‘lsam nima bo‘pti! Mana, oltmish besh yildan buyon Dmitriy Ivanovichman! — chol bir zum to‘xtadi-da, a’zoyi badani qaltirab, qo‘llarini silkitgancha yana baqira boshladi: — Ertak eshitgilaring kelib qoldimi?! Stalin bo‘lganida senlarga ertagini ko‘rsatib qo‘yardi!.. Mana shu yerda, — chol depsinib, xuddi oyog‘i turgan joyga ishora qildi, — ota-onam yotibdi! Aka-ukalarim yotibdi! Mana senlarga ertak! He, onangni!..» Chol baqira-baqira, so‘kina-so‘kina ko‘chaga chiqib ketdi.
O’shandan keyin Abdurahmonning ko‘ziga madaniyat uyi allaqanday sovuq ko‘rinib qoldi. Madaniyat uyi yoShlar unutib yuborgan lager o‘rnida qurilganini bilsa ham, o‘liklarni qishda bir chetga taxlab qo‘yilganini, keyin, bahor paytida muzi eriy boshlagan murdalarni bir-birining ustiga sarjinday taxlab, o‘rmon chetidagi sayhonlikka ko‘mishganini eshitgan bo‘lsa ham, baribir, huddi madaniyat uyining poli tagida Komarov cholning ota-onasi, aka-ukalarining murdalari yotgandek tuyulaveradi.
— Alik, Bolshoy teatrimiz sensiz huvillab qoldi... YO «La Skala» bilan shartnoma tuzdingmi? — Har uchrashganda endi Pashka Chiroyli shunday deb hazillashadigan bo‘ldi. — Jiddiy gap ko‘p, Alik... Kel... Sen kelsang, oblastda albatta birinchi o‘rinni olamiz. Moskvaga chaqirishadi. Televidenie!.. Xorijga chiqsak ham ajabmas...
Abdurahmon «xo‘p» deydiyu bormaydi.
Shaharda esa boshqa bosh uradigan joy yo‘q. Kutubxona, qiroatxona, kinoxona, restoran... Kinoxona va restoran kutubxona va qiroatxonadan farqli o‘laroq — gav-jum. Maxfiy zavod joylashgan maxfiy bu shaharda sirli bir tasodif tufayli madaniy-maishiy hordiq chiqarishning bu ikki maskani kommunistik mehnatdan horigan mehnatkashlarning baxtiga, shundoq bir-birining qarama-qarshisida joylashgan. Xoh-lasang kinoga, xohlasang vinoga — faqat ko‘chani kesib o‘tsang bo‘ldi. Kimdir kinodan chiqib vinoga kiradi, kimdir restorandan chiqadi-da, sharobdan bo‘shashgan ko‘ngli g‘uborini ketkizib, hind kuylari ostida o‘kirib-o‘kirib yig‘lagani kinoxona tomon ravon bo‘ladi. Kinoxonaga yetolmaganlar esa, muvozanat saqlashday odob doirasidagi vazifalarini ham udda etolmasdan, ko‘chaga yotib olishgach, so‘nggi daqiqagacha betaraflikka qat’iy amal etib turgan melisa naryadining qo‘liga tushadi... Umuman, ko‘pincha ko‘chani kesib o‘tish, ba’zi bir komandirovkaga kelgan yengiltaklar o‘ylaganiday, xavf-xatardan xoli ish emas, chunki smena tugagach, negadir zavodning eshigidanoq shirakayf holda chiqadigan mehnatkash xalq aynan shu joyga yetganda kayfning cho‘qqisiga chiqadi va tusholmasdan goh kinoxona eshigiga, goh nazoratchi Dasha xoladan sozlab dakki eshitishgach, restoranning bufetiga oqib turadi. Bufetga kuchi yetmaydiganlarni kuchi yetadiganlar mehmon qiladi. Kuchi yetadiganlarning nazariga tushmaganlar ham o‘zlarini yo‘qotib qo‘ymaydilar. Cho‘ntaklarning xotinlar ko‘zidan pinhon tirqishlarida ezilib ketgan so‘mlar g‘arratli tashkilotchilarning tashabbusi tufayli qo‘lbola aroqqa, vino deb ataluvchi qandaydir qizg‘ish ichimlikka va yana bir balolarga tezlik bilan almashtirib kelinadi. Shaharnyng bu muhtasham markaziga tutashgan hamma tor ko‘chalarda bu baxtiyor odamlarning to‘dalari ilhom bilan shishalarni bo‘shatishga kirisha-dilar. Keyin ajabtovur hodisalar ro‘y beradi. Shahar, go‘yo tortishuv kuchi ta’siridan kutulganday, o‘zini yengil his etadi. Ko‘chalar yosuman bir qudratning xushbaxt shamolida lapanglab raqsga tusha boshlaydi. Ko‘chalarning o‘ng tomoni so‘l tomonda, so‘l tomoni esa o‘ng tomonda paydo bo‘lib qoladi. Uylarning tartiblari chalkashadi. Masalan: Lenin ko‘chasidagi imorat Marks ko‘chasidagi imoratning o‘rniga ko‘chadi. Negadir Kolyaning xotini Mashaning eri bilan qo‘ltiqlashib jo‘naydi. Mashaning eri esa ertalab umuman eri yo‘q Lyudka Bezorining karavotida uyg‘onadi. Odamlar tongda bu tabiiy ofatning oqibatlarini tuzatishga kirishadilar. Ko‘chalar og‘rigan boshlarini changallaganlaricha, tongning muzday havosida o‘zlariga kelib, qizarib chiqayotgan quyoshga bema’no termulgan ko‘yi mustarlikda qotib turadilar. Imoratlar ko‘chalarning karaxtligidan foydalanib, hech narsa ko‘rmaganday, temir-beton gavdalariga ajib bir iffatu mo‘minlik baxsh etgan holda o‘z o‘rinlariga kelib o‘rnashadilar. Birmuncha so‘kinish, baqirishu chaqirishlardan keyin, singan eshiklaru idishlardan tashqari, hamma narsa o‘rniga tushadi. Oilalar pasportdagi muhrlar asosida birlasha boshlaydilar. Albatta, hech kim o‘zini gunohkor his qilmaydi. Hamma shayton yo‘ldan urganligini bir og‘izdan qayd etadi. Boshqa sabablarni izlab o‘tirishga vaqt ham, toqat ham topilmaydi. Chunki, soat millari oiladagi baxtiyor onlar tugab, shonli mehnat lahzalari tobora yaqinla-shib kelayotganiga kafillik berib, bong uradilar. Mashina ishga tushadi, uskunalar g‘uvillaydi, zavoddagi minglab temir tishli g‘ildiraklar baravariga aylana boshlaydi, po‘latu cho‘yanlar olov sachratib, odamlar istagan shaklga kiradi... Ammo, shayton ham bo‘sh kelmaydi. U og‘riyotgan boshlarni rohat-farog‘at sari eltguvchi odatdagi yo‘lni beto‘xtov yaqqollashtirib, ko‘ngillarga g‘ulg‘ula solib turadi. Beqarorlikda o‘rtanayotgan ko‘zlar bir-birlarini adashmasdan topadilar, cho‘ntaklarning pinhon tirqishlaridan yana ezilgan so‘mlar chiqib, endi hech kimning vositasisiz, o‘zlarini borib shishalarga almashtirib keladilar... Shayton aralashgandan keyin shunday bo‘ladi-da!
Abdurahmon bu sodda, gunohi ham, tazarrusi ham samimiy shaharning barcha telbaliklariga allaqachon o‘rganib qolgan. O’rganib qolgangina emas, uning gunohiga ham tazarrusiga ham sherik. Ko‘p qatori Shaytonning ham ba’zi gapiga kirib turadi. De-moqchimizki, nima desa, bajargani yugurib ketavermaydi. To‘g‘ri, ich desa — ichadi, lekin kuchqurun, Shayton ko‘chalarni qancha hilpiratmasin, iblisning aytganidan chi-qolmaydigan bechora xotinlar «Alik, yur biznikiga, yura qol!.. Ashula aytib berasan...» deb qancha nozik adolar etishmasin — u to‘g‘ri uyiga keladi. Mana, yigirma besh yilki, biror tomonga burilmasdan, kechqurun yettida ostonada hoziru nozir. U uyidagilar bilan allaqanday yutoqib, quvonchini yashirolmasdan ko‘rishadi: xotini Mashani ham, qizi Lyusyani ham mahkam bag‘riga bosadi. «Dadam har kun ishdanmas, armiyadan - keladi», deydi so‘zga chaqqon Lyusya. Abdurahmon ovqat mahali ham, televizor ko‘rib o‘tirishganda ham, xotini va qiziga mehru muhabbat bilan tikilib qo‘yadi. Dunyoda shunday yaqin odamlari, uyi, zavodda obro‘yi borligini o‘ylab, quvonadi. «Lyusenka, — deydi u o‘zining baxtidan tamom erib, — bir piyola choy uzat-chi, qizim». Lyusya choy uzatib engashganida, qizini erkalab, betiga ohista urib qo‘yadi.
Bu payt Masha o‘ziga yarashgan uzun va keng xitoyi xalatga o‘ranib, oliymaqom zotlarga xos sipolik bilan «Rabotnitsa» jurnalini varaqlaydi. Uning o‘zini tutishida haqiqatan ham odamlarni cho‘chitmaydigan, aksincha, iydiradigan bir viqor borkim, ko‘zni qamashtiradigan darajadagi husni bilan qo‘shilib, yuraklarni tamoman taslim qiladi. Zavodda Mashaning «Malika» degan laqabi bor. U ta’minot bo‘limida ishlagani uchun, o‘z majburiyatlarini unutishni yaxshi ko‘radigan boshqa zavodlarga tez-tez komandirovkaga borib turadi. U tashrif buyurgan kuniyoq isyonchilarning hammasi so‘zsiz qurolsizlanib, do‘stlik va hamkorlik haqida shartnomaga qullarcha tavoze bilan qo‘l qo‘yishga majbur bo‘ladilar. Keyin qadrdon korxonasining obro‘yini tushirgisi kelmagan abjir xodimlardan biri uning sharafiga albatta eng hashamatli restoranda kamtarona bazm beradi. Negadir, bu abjir xodimlarning barchasi ertakdagi shahzodalarga mengzab, bejirim kiyingan va o‘ktam bo‘ladilar. Ularning bu sifatlari ustiga, latifa aytish san’atini ham mukammal egallaganliklarini alohida ta’kidlamoq lozim...
Abdurahmon xotinini o‘rtanib, dilu jigari pora bo‘lib yaxshi ko‘radi. Mashani birinchi bor ko‘rganida qanday titroq ichida qolgan bo‘lsa, chorak asrdan keyin ham uni xuddi shunday titroqli harorat bilan sevadi.
— Masha, — deydi u Lyusya boshqa xonaga chiqqan zahoti, — men seni yaxshi ko‘raman.
— Rahmat, Alik, — deydi Masha jurnal o‘qigan ko‘yi.
— Men seni sochingni, ko‘zingni, qulog‘ingni, burningni, og‘zingni... bor turishingni yaxshi ko‘raman! —deydi Abdurahmon, ichidan bostirib kelayotgan mehru muhabbatdan zo‘riqib.
— Rahmat, Alik, — deydi Masha avzoyini o‘zgartirmay.
— Masha...
— Jim, Alik... Jim! Qiziq maqola ekan...
Abdurahmon negadir xijolat chekib, bir qadar o‘ksinib sukut tortadi. Xayolga cho‘madi...
...Taqdir taqozosi bilan bu shaharga kelib qolgan askar bola bu samoviy mavjudot bilan raqsga tushayotganiga ishonmaydi...
«Sen menga yoqasan, askar...»
«Sen ham...»
«Faqat ehtiyot bo‘l, askar. Meni yoqtirganlar o‘zini unutib yuboradi. Men sehrgarman, askar...»
Askar o‘zini unutadi. Baxtiyorlikdan to‘lib unutadi. O’tmish... O’tmishda nima bor? Bolalar uyi, mudom bo‘g‘izga tiqilib turguvchi, mittigina yurakni tinmay ezg‘ilaydigan bahaybat hasrat... Hech qachon uni ko‘rgani kelmaydigan ota-onaning bola xayoli yaratgan go‘zal siymolari... Kutish. Umid. Sog‘inch... Sog‘inch. Sog‘inch... O, albatta, unutadi! Masha, qo‘llaring buncha mehribon! Masha, ko‘zlaringda faqat mehru muhabbat! Masha, yuzlaring buncha oppoq! Masha, nega buncha chiroylisan?! Masha! Masha! Masha! Butun dunyo — Masha! O’tmish kerak emas — ketaversin! Vatan? Mening Vatanim—sensan, Masha! Masha! Masha! Masha! Masha! Masha! Masha-a!.. O, nega bu baxtiyor tushdan qo‘pollik bilan tepib uyg‘otasan? Men hammasini bilaman, Masha! Senga bir qarashdanoq, vujudingni qaysi iflos o‘ralarning burqsigan yag‘molariga ravo ko‘rganingni ayon bilaman... Nega meni buncha bemalol sotasan, Masha?!
«Baribir seni sevaman, Alik»...
Senlar qanaqa sevgini rasm qildilaring o‘zi, Masha?! Bo‘ldi, ketaman... Padaringga ming la’nat seni, Masha! Axir, Lyusya bilan sendan boshqa shunday keng jahonda hech kimim yo‘q! Sog‘inchda o‘laman, lekin hech qachon seni kechirmayman, Masha!..
«Men seni sevaman, Alik...»
Shunaqa ham sevgi bo‘ladimi?..
«Meni kechir... Kechir...»
Necha marta kechirish kerak, Masha!? Oxirgi marta? Shayton yo‘ldan urdi? Ha, shayton yo‘ldan urdi! Faqat u aybdor!.. Men yig‘layapman... Sen ham yig‘layapsanmi? Nega, Masha, Nega?!.
«Seni sevaman...»
Men ham seni sevaman... Men ham seni sevaman... Sevaman! Se-va-man, Masha!..
«Uxla. Hammasi yaxshi bo‘ladi, uxla...»
Ha, uxlash kerak, Masha. Baxtiyor bo‘lish uchun uxlash kerak, Masha... Uxlash kerak. Faqat uxlash kerak...
— Alik... Alik...
Abdurahmon ko‘zlarini ochadi. Xotini sochlarini silab erkalatadi.
— Charchabsan, jonim. Tur, karavotga chiqib yot... Men ham hozir... Xo‘pmi? Xo‘p... Xo‘p... Uxlash kerak... Uxlash...
Bu shaharda istibdodini o‘rnatgan Shayton tavsiyasi buyicha yashashgina o‘zini omon saqlab qolishini Abdurahmon yaxshi biladi. O’ylab o‘tirmay — yashayver! Boshingda sarxush tumanlar suzib yursin; ko‘chalar mavjlanib, oyoqlaring chalkashsin; kun bo‘yi intiq kutgan shishadagi orzung — yagona armoning bilan uchrashganingdan keyin — tamom! — muammolar onasining ... ga kirib ketadi.Sen —g‘olibsan. Hayot peshonasini tirishtirib o‘tiraversin — uning jazosi shu. Pul — ko‘p! Bu yer — shimol bo‘lganligi uchun bir moyana, maxfiyligi uchun bir moyana, qochib ketishmagani uchun yana bir moyana... Yana nima uchundir mukofot, yana bir balo uchun mukofot... Pul ko‘p! Hamma ichadi. Ayollar ham ichadi. Birovning hayotining qizig‘i yo‘q. Barcha — teng! Malikai diloromning boshqalarda ortiq joyi bormi? Qanday qilib Shaytondan zo‘r kelsin? Abdurahmon kechiradi... Ikki-uch kun qovog‘i osilib yuradi. Kulolmasa nima qilsin? Ammo kechiradi. Bu shahar ahli kechirimli. Bugungi g‘iybat ertaga bormay o‘ladi. Chunki mast-alast tunlaru mast-alastlik ishtiyoqidagi kunduzlarda g‘aroyib, aqlga to‘g‘ri kelmaydigan voqealar shu qadar mo‘l bo‘ladiki, bu g‘aroyibotlar allaqachon biror-bir zotni hayratga solmay qo‘ygan. Abdurahmonning oilasida ham har bir muammo, ayniqsa, Mashaning yengiltakligi tufayli yuzaga keladigan dilxiralik faqat tezroq unutilish yo‘li bi-langina hal qilinadi... Ammo, baribir, Masha yaxshi xotin. Ba’zan mehribonlikni shunday joyiga qo‘yib qo‘yadiki, ko‘zingdan yosh chiqib ketadi...
Abdurahmonning hali askarlik payti. Vzvodi temir yo‘lda ko‘mir tushirayotganda, to‘satdan Mashani shunday sog‘indiki, to‘ppa-to‘g‘ri qizning uyiga bostirib keldi. Ust-boshiga ko‘mir kukuni o‘rnab qolgan, a’zoyi badani qop-qora... Masha hech ikkilanmasdan, quvonch bilan ichkariga taklif qildi-da, to‘g‘ri katalakday mo‘‘jaz vannaxonaga boshlab kirdi. «Yechin, — dedi qiz e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan ohangda, — yechin!» O’zi ishchan qiyofada tashqariga chiqib, birpasda qaytib keldi. Paxtalikni yechib, bundan ortig‘iga jur’at etolmay turgan yigit unga uyalinqirab, dovdirab qaradi. Mashaning qo‘lida deyarli yap-yangi sportcha ko‘ylak-ishton... «Nega serrayib turibsan? Tez yechinib, vannaga tush!..» Abdurahmon bu buyruqning iliq bir jilvasida, qizning xatti-harakatining tabiiyligidan taralayotgan xotirjamlikda unga taqdir ato qilmagan, ammo borligini butun vujudi bilan sezgan... Ona mehri ufurib turganini nogahon his etdi. His etdiyu bo‘g‘ziga yig‘i tiqilib, vannaga tushdi. Masha ishchanlik bilan uning yelkasini ishqaladi, sochlariga sovun urdi... Xullas, g‘ayratga to‘lib cho‘miltira boshladi. Ahyon-ahyonda: «Kiringni qara... kiringni qara...» dab qo‘yar, go‘yo Abdurahmonning kirligidan lazzatlanayotgandek edi. Yigit esa bu notanish mehribonlik ichida o‘zini idora qilolmasdi — ko‘z yoshlari boshidan tushayotgan suvga qo‘shilib oqardi. U go‘yo ko‘chada tuprog‘u changga botib, so‘ng onasining qo‘liga tushgan bolaga o‘xshar va bu tuyg‘uni, mana, yoshi yigirmaga yetganida boshdan kechirayotganidan xo‘lqasi to‘lar, yuragi farahbaxsh oromlar qo‘ynida erkalanar edi. Masha jiddiy ohangda uni koyirdi: «Qulog‘ini qarang! Shoshma... Yuvishni ham bilmaysan! Qulog‘ingni boshingni engashtirib yuv! Suv kiradi, axir!.. Noshud! Kel, o‘zim yuvib qo‘yay!..» Abdurahmon uning barcha buyrug‘ini jon deb bajarar, boshidagi sovunni yuvib tashlagan bo‘lsa ham, ko‘zini ochishga jur’at topolmas edi. Yigit allaqanday moviy osmon tagida uchib yurganday, qo‘llari bilan osmonni ushlab ko‘rardi. Cheksiz zangorlik xuddi bulutday yumshoq edi. Quyoshning charaqlab turganini yelkasi bilan sezarkan, uning nurlari iliq bahor yomg‘iriday kiftidan oyoqlariga oqib tushayotganidan vujudu ruhi lazzatlanardi. O, u hech qachon bunday baland uchmagandi...
Shunda Abdurahmon taqdir bu qiz bilan uni chambarchas bog‘laganini, endi u hozirgina duch kelgani — mehr ostonasida itday sadoqat bilan umr kechirishini yuragi zirqirab angladi. Odamning hayotida shunday bir sehrli daqiqalar bo‘ladiki, bu paytda orzu-umidlar tumanida to‘zg‘ib yotgan istiqbol ko‘ngildan ko‘tarilgan his-hayajonlar shamolida g‘uborli pardasini yuzidan ilkis ko‘taradi. Bu yorug‘ dunyoda qanday kun kechirishingiz to‘satdan ayon bo‘ladi. Keyinchalik taqdir daryosida oqib borarkansiz, qancha o‘zgartirishga harakat qilmang, u istaklaringiz ustidan kulib, sa’yi harakatlaringizni barbod etarkan, hech narsani o‘zgartirib bo‘lmasligiga tobora aqlingiz yeta boshlaydi. Taqdir shuning uchun ham TAQDIR-da! O’, jamiyatu tabiatni o‘zgartirmoqchi bo‘lganlar! Qarang, jamiyatu tabiatning besarhad bahri muhitlari hali biz anglab yetmagan, cheksizlikdan ham cheksizlikdagi mangu makonlar sari boshimizdan shovullab, ko‘pirib, sohillaridan toshib oqyapti. Har bir mavjida milyon taqdir bir jilvalanadiyu, tubsiz girdibodlarning yalmog‘iz o‘pqonlarida g‘oyib bo‘ladi. Yo‘q, unga qarshi turib bo‘lmaydi, aksincha, uni tushunishga, ko‘nglini ovlashga, g‘azabini yumshatishga harakat ko‘rgazmoq kerakkim, toki umringiz osoyishtalik qo‘ynida o‘stin!
Abdurahmon sag‘ir bolaligi diliga joylagan bir hushyor tajribadan kelib chiqib, taqdir bilan o‘ynashmoq hech qanday sharaf, obro‘ keltirmasligini angladi. Taqdir isyonkorlarni yoqtirmasligi unga bolalar uyidan ayon edi. Sakkizinchi sinfda o‘qib yurganida, tarbiyachi Shoberdievning yuziga tufladi. Bekorga emas — xudo yetimcha qilib yaratgan bo‘lsa ham, husni jamoli ming ota-onali qizdan ham ziyoda, butun bolalar uyining faxri Salima kechasi navbatchilar xonasidan yig‘lab chiqqanidan keyin tufladi. Yosh avlodni kommunistik ruhda tarbiyalovchi odam maktab o‘quvchisiga, buning ustiga, xudo ham rahm-shafqat qilmagan bir bebaxtga ko‘z olaytiradimi?.. Olaytiradi. Hamma ham Salima emas. Qanchadan-qancha behimoya qizlar pana-panada yoshlarini arta-arta, taqdirlarini qarg‘ay-qarg‘ay, alamlarini ichlariga yutishga majbur bo‘ldilar. Salima birinchi duch kelgan odamni — Abdurahmonni Lenin xonasiga boshlab kirdi-da: «Quloq sol, — dedi xo‘rsina-xo‘rsina. — Bolalarga ayt, meni anov kal zo‘rlamoqchi bo‘ldi. Meni senlardan boshqa hech kimim yo‘q. Senlar himoya qilmasang...» O’smirlik! Sen qanday yaxshisan! Qanday besabrsan! Adolat o‘rnatish uchun buncha shoshmasang, pahlavon! Balki dostonlarni o‘qiyverib, o‘zingni Alpomish tasavvur etgandirsan? Balki Kumushining himoyasiga otlangan Otabek edingmi o‘sha paytda? Sen navbatchi tarbiyachi xonasiga otilib kirding, oyna oldida soch tarayotgan Shoberdiev senga burilib qaradiyu, maqsadingni anglaganday, ko‘zlarini yumib, labini cho‘chchaytirdi. Sen... tupurding. «Ha haromi! — deganicha Shoberdiev cho‘ntaklaridan dastro‘molini axtara boshladi. Ko‘zlari hamon yumuq edi. — Shoshma... Joyingda qo‘zg‘olmay tur... Haromi!». U yuzini yaxshilab artib bo‘lgach, ko‘zini ochdi. Abdurahmon uning ko‘zi g‘azabga to‘lganini ko‘rdi. Sovet pedagogi bunday paytda nima qilishi kerak? Ehtimol, deraza oldida uzoq tik turib, so‘ng senga o‘girilmasdan, ovozi titraganicha: «Rahmat! To‘g‘ri qilding, men ablahga bu ham oz...», — deyishi lozimmidi? Ammo, pedagoglik sha’niga o‘chmas dog‘ tushirgan bu kal kechirim so‘rashni qaerdan bilsin? U to‘satdan bir sakrab Abdurahmonning qarshisida paydo bo‘ldi va deyarli shu zahotiyoq bola qornini ushlagancha, kalning kerilib turgan oyoqlari ostiga shilqillab yiqildi. «O’ynashdan bo‘lgan enag‘ar! Nega bunday qilding? Gapir! Jalabni bolasi, gapir!..» Keyin tepdi... tepdi...
Abdurahmon ko‘zini ochganida jamoat jam edi. Bolalar uyi direktori Chorievning mung‘aygan yuzi unga yaqinlashdi: «Bolam... Abdurahmon... o‘zingga keldingmi?.. Bu nima qilganing, bolam! Tarbiyachining ham yuziga tupuradimi?». «Tupuradi», — dedi Abdurahmon, so‘ng xonaga nazar tashladi. U-ho‘! Oq xalatlilar, melisalar, kichkina bolalarning tungi enagalari, Salima... Shoberdiev baqiryapti... «Iltimos qilaman... Bularga bir balo bo‘lgan... Psixiatrlar kelib tekshirsin... Kim bilsin, balki zoti-da...» Abdurahmon sekin o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Uni suyamoqchi bo‘lgan Chorievga, «o‘zim...» dedi-da, negadir harakatsiz qotib turgan odamlar orasidan o‘tib, Shoberdiev tomon yurdi. Shoberdiev yana shoshganicha ko‘zini yumib, labini cho‘chchaytirdi. Bola rohat qilib tupurdi. «Men seni duelga chaqiraman! — deb qichqirdi u, — Mard bo‘lsang, chiq! Yakkama-yakka!..»
Uni direktorning xonasiga olib kirishganida, ko‘ylagi yirtilgan, yuzi shilingan, qo‘llari qon yuqi edi. «O’zingni bos, bolam!.. O’zingni bos! Shaytonga hay ber!..» — Bechora direktor shunday deb jalbiraganicha, bir qo‘li bilan uning sochlarini tuzatar, ikkinchi qo‘lini esa silkitib, odamlarga xonadan chiqinglar deya ishora qilar edi. Choriev xonasidagi divanga o‘z qo‘li bilan o‘rin to‘shab, bir mahalgacha bolaga tasalli berib o‘tirdi...
Abdurahmon tong mahali uyg‘ondi. Choriev g‘ira-shira burchakdagi kresloda o‘tirardi. Bola hali uyg‘onganini sezdiruvchi biror harakat qilmagan bo‘lsa ham, direktor uning ko‘zini ochganini payqab ohista gap boshladi: «Bolam, endi kurashaman deb ovora bo‘lib yurma! Kurashni menga qo‘yib ber! Sen ko‘nglingni bo‘lmasdan, o‘qi... Bu g‘urbatxonadan tezroq ketishni o‘yla! Xudo xohlasa, yomonlar jazosini oladi. O’zi... Shoberdiev yaxshi odam emas, bolam. Maorifga xudoni zorini qildim, kerak emas, dedim, yo‘q, majbur qilishdi... Mana endi... Xullas, o‘qish sendan, kurash bizdan, bolam...»
Bir oydan keyin Salima bilan ikkalasini direktor chaqirdi. Uning yuzida odatdagi mehribonlik yo‘q, qarashlari jiddiy edi. «Senlarga bugun bir gapni rasmiy tarzda aytib qo‘ymoqchiman, bolalarim. Bugundan boshlab, tarbiyachi Shoberdiev bizning bolalar uyida ishlamaydi. U o‘z vazifasidan ozod qilindi... Xo‘sh...» U bolalarga sinovchan nazar tashladi. Abdurahmon ham, Salima ham bosh ko‘tarmay o‘tirishardi. Oraga noqulay jimlik cho‘kdi. Direktor shahd bilan o‘rnidan turib, qo‘llarini orqasiga qo‘ygancha, xonani ildam aylana boshladi. So‘ng ularning qarshisida keskin to‘xtadi-da, baqira ketdi; «Senlar ularning kimligini bilasanmi! Ildizi yetti qavat yerning ostida!.. Qarindosh urug‘i olamni bosgan! Melisa gapidan qaytib o‘tiribdi. Senlarni eltib jinnixonaga tiqib qo‘yishdan ham qaytishmaydi! Do‘xtirlar bolalarni tekshirish kerak, deydi» ...U o‘rnidan turib, xonani oldingidan ham tezroq aylana ketdi... «Tekshirib bo‘lishibdi!.. Ularning aytgani men o‘lgandan keyin bo‘ladi. Hali men tirik ekanman!,. Bolalarim!.. Abdurahmonjon! Salima qizim! Bu g‘urbatxona meniyam to‘ydi-rib yubordi. E, bore, dvb ketay desam, senlardak ko‘ngil uzolmayman... Iloyo, ulg‘a-yinglar! Unib-o‘singlar! Baxtli bo‘linglar! Shularni qilganiga bir baxtli bo‘lsalaring, o‘lsall go‘rimda tinch yotardim!..» Mehribon Choriev! Dovdir Choriev! Biz hech qachon baxtli bo‘lmaymiz. Demak, go‘ringizda tinch yotish nasib etmaydi... Ehtimol, yuzdan bittamiz... B,izni xudo qarg‘agan. Biz ildizsiz daraxtlarmiz. O, onasi yuz o‘girgan farzandlar qanday qilib baxtli bo‘lsin! Bizni tarafimizni oladigan hukumat qaer-da, jonkuyar Choriev! Ishchi-dehqon hukumati xo‘rlanganlar tarafida edi-ku!.. Shunisiga ham rahmat! Ko‘chadan topishib, boqib-bovliganlari uchun ham qulduq! Baxtli bolaligimiz hech qachon esimizdan chiqmaydi...
«Endi boringlar...» Choriev ular bilan negadir qo‘l berib xayrlasharkan, yuzidagi shijoatli ifoda ayanchli bir tusga kirdi. Zo‘riqib jilmaydi: «Boringlar...»
Salimaning yig‘layotganini Abdurahmon tashqarida sezdi. Qiz ko‘z yoshlary aralash bolaga ajabtovur qarash qildi-da, yotoqxonasiga qarab yo‘naldi. So‘ng yo‘lidan qaytib, Abdurahmonning yoniga bosh ekkancha yurib keldi. «Bu kunlarni hech qachon unutmayman!.. Abdurahmon! Unutmaslikka siz ham va’da bering! Bir kun mabodo... — Qiz «bir kun»ni ko‘rmoqchi bo‘lganday uzoqlarga qaradi, —uchrashib qolsak, mana shu ahvolimizni eslab, kulaylik. Eng bebaxt kunlarimiz shu kunlar bo‘lsin! Omin!..» Bola qizning kaftlari fotihaga ochilganing ko‘rib, shoshib yuziga qo‘l yugurtirdi: «Omin!».
Qiziq, bu voqealardan keyin ular bir-birlaridan nimagadir uyalib yurdilar. Abdurahmon qizni uzoqdan ko‘rgandanoq turish-turmushidan tabiiylik yo‘qolib, talmovsirab qoladigan bo‘ldi. Salima ham qizarinib so‘rashar, tezgina xayrlashar, yolg‘iz qolishganda esa, faqat kitoblardan so‘z ochar edi: «O’qituvchi» yaxshi... O’qiganmisiz? «Ona»ni yoqtirmayman... Sizni zeriktyrmaydimi? «Mehrobdan chayonini kutubxonadan olgan ekansiz. Keyin menga bering...» Ammo ko‘zlar hamisha bir-birini topadi. Nigohlar kimlarningdir yelkalar, partalar, sinfxonalar, derazalar, maktab hovlisidagi shovqin-suronlar, quyosh nurlariyu sharros yomg‘irlarda baxtiyor gul ochayotgan bahorning quvonchlari, bulutlar, yulduzlar, osmonlar osha uchrashadi, Uchrashadilaru bu jur’atlaridan cho‘chib, yana bir-birlarini betoqatu besabrliqda izlagani ajraladilar. Nigohlarning bu qisqa to‘qnashuvi telbavash qo‘llari bilan siniq taqdirlar ustidan yurakni besabr titratguvchi yog‘dular to‘kadi. Sog‘inayotgan, azoblanayotgan, qasamlar ichayotgan, umrini bag‘ishlamoqqa tayyor ko‘ngillar bu lahzada izhorini bayon etmoqqa ulguradi:
«Men seni sevaman»
«Men ham...»
«Men seni jonimdan ham yaxshi ko‘raman!»
«Men ham...»
«Seni... meni tashlab ketgan onamdan ham yaxshi ko‘raman!..»
«Men ham!.. Men ham!.. Men ham!..»
Amma bu so‘zlar tilga ko‘chmaydi. Yurakning alangasida vujudni o‘rtab, toshday qizib yotaveradi.
Abdurahmon ko‘zlar allaqachon bir-biriga izhor etgan bu so‘zlarni Salimaga faqat armiyaga jo‘nashidan bir kun avval aytishga ulgurdi. Yo‘q, aslida aytgani yo‘q — «O’tgan kunlar» kitobning oq sahifasiga «MYeN SYeNI SYeVAMAN», deb yozdi-da, bolalar uyiga borib, darvoza oldiga o‘rmalashib yurgan «churvaqa»lardan birining qo‘liga tutqazdi: «Salima opangga ber». Xizmat haqiga naq bir cho‘ntak «Iris» olgan bolakay g‘izillab jo‘nadi. Abdurahmon esa qush quvganday shoshilib orqasiga qaytdi.
Ertasi Harbiy Qo‘mitaning idorasidan uni kuzatgani Choriev xotini bilan keldi. Garchi endi Abdurahmon g‘isht zavodida ishlab, yotoqxonada yashab yurgan esa-da, odamshavanda direktor hammani qarindoshi kuzatayotganda, yakkamoxov bo‘lib turishdan yomoni yo‘qligini bilib chiqqanda... Bechora Choriev! Har doimgiday mehribonlik bilan goh yigitning yelkasiga qoqib, goh tirsagidan ushlab, beto‘xtov nasihat beradi: «Komandirlaringni gapidan chiqma!.. Yomon bolalarga qo‘shilma!.. Mehnat ikki ko‘zdan issiq — mehnatdan qochma... Yo‘g‘on bo‘yinlik qilma! Tez-tez xat yoz! Xolang bilan bizni sog‘intirib qo‘yma, jonim bolam...» Abdurahmon esa ko‘zlari bilan olomon kezib, Salimani qidiradi. Direktorning dilafkor mehribonligidan tomoqlari achishib, atrofga bildirmasdan nazar tashlaydi. yo‘q... Harbiylar mashinalarga chiqishga buyruq beradilar. Yo‘q... Choriev uni mahkam bag‘riga bosadi, xotini yig‘lab quchoqlaydi, yuzlaridan o‘padi, qo‘liga kattakon tugun tutqazadi... Yo‘q... Avtobuslarning motori yurg‘iziladi. Oqsoqollardan biri duoga qo‘l ochadi: «...Omin! Oy borib, omon kelinglar!» Olomon sidqidildan, ixlos bilan yuziga fotiha tortadi. Avtobuslar qo‘zg‘oladi... Shunda yigitning harbiy qo‘mita hovlisidan tashqarida, panjaraga suyangancha, kimgadir qo‘l silkiyotgan qizga ko‘zi tushadi. Salima! Unga qo‘l silkiyapti!.. Xayr, Salima, xayr! Hech kim seni xafa qilmasin! Baxtli bo‘l... Qiz qo‘l silkitganicha, qolib ketadi. Stadion... Bolalar uyi, maktab... Ko‘chalar chetidagi tomi tuproqli pastqam uylar... Noqulay bir holda muvozanat saqlab turgan devorlar... Daraxtlari bir-biriga mingashgan bog‘lar... Xayr, Chagana! Yaxshi qol... Ko‘zlarni tumanday qoplagan yosh ichidan qanday go‘zal ko‘rinasan! Chagana! Unib-o‘stirgan yurt! Ikki yildan keyin ko‘rishamiz! Xayr...
Abdurahmon bu ikki yilning yigirma ikki yilga cho‘zilishini o‘sha mahali tasavvur ham qila olmasdi. U armiyadan Chorievga bir marta xat yozdi. Ammo bu xatni yozish jarayoni shu qadar mushkul kechdiki, qayta bu ishni takrorlamaslikka qaror qildi. Agar odamlarga o‘xshab yashamoqchi bo‘lsa, o‘tmishini — bolaligini tamom unutib yashashi lozimligini ham his etdi. Chunki o‘tmishda ko‘ngilni g‘ashlaguvchi, yurakni g‘ussaga to‘ldiruvchi xotiralar bisyor edi. Bu xotiralar uning yelkasidan mudom bosib turar, erkin harakatga yo‘l bermas, orzu-umidning qomatini tuproqdan uzdirmasdi. Chagana bilan har qanday aloqa uni xotiralarning g‘amgin tor ko‘chalaridan yurishga majburlardikim, Abdurahmon bu ko‘chalardan umrbod chiqolmasdan qolib ketishi mumkinligidan qo‘rqdi. Bu ko‘chalarning birovga aytib, tushuntirib bo‘lmaydigan hasratlari shu qadar ko‘pki... Balki shuning uchun ham Abdurahmon mana bu g‘alati shaharning rasm-rusmlarini tezkorlik bilan o‘rganib olgandir?
Balqi shuning uchun ham o‘rislarning ashulasini avji qoyilmaqomda kuylashning uddasidan chiqqandir?
Balki shuning uchun ham bu shahar ahli qatori har oqshom mayi nobdan no‘sh etishga komil ishonch bilan ixlos qo‘ygandir?..
Bu yigirma ikki yil ichida Chagana undan yurakda og‘riq qo‘zg‘amaydigan darajada uzoqlashdi. Abdurahmonning ham, Mashaning ham moyanasi zo‘r, buning ustiga, bu maxfiy shaharchada ta’dlinot yaxshiligidan istagan narsalarini sotib olishar, ta’til oylarida mamlakatning to‘rt tarafidagi eng yaxshi kurortu hordiqxonalarda dam olishar, sayohatlarga chiqishar, ammo ularning o‘rtasida Chaganaga borish haqida shu kungacha hech qachon gap-so‘z bo‘lmagan edi. Bora-bora Chagana kichrayib, xira bir ko‘lkaga aylandikim, endi uni eslashga ham o‘rin qolmagandi...
Ammo, mana shu dam olish kunida oldinma-keyin g‘aroyib voqealar ro‘y bera boshladi.
Ertalab qo‘shnisining xotini Lida kirdi. Qo‘lida gazeta. Abdurahmon tarafga ajabtovur bir qarash qildi-da:
— Masha, mana buni o‘qi, — dedi gazetni dugonasiga uzatib, — bosmachilar bizni-kilarni haydab yuborayotganmish... Qara-ya, ablahlarni...
Masha o‘qishga tutindi. Lida bobillashdan to‘xtamadi:
— Ularni qoloqlik botqog‘idan sug‘irib oldik, feodalizmdan sotsializmga o‘tkaz-dik, odam qildik... Endi Rossiyangga bor emish, endi mening tilimda gaplash emish... Bu vahshiy bosmachilar oyog‘imizni o‘psa ham oz...
Lida bilan bahslashib bo‘lmasdi—u kitob o‘qirdi. Biroq Abdurahmon savol tashlashga jur’at etdi:
— Oyog‘ingni kim o‘pmayapti, Lida? —dedi quvnoqlik bilan.
— Alik... Alik!.. —ayolning ovozi ta’nakor jarangladi. —Sen ularning tarafini olma! Ular yaxshilikni bilmaydigan madaniyatsiz xalq! Ovqatni qo‘lda yeyishadi-yu...
Abdurahmon bu ayolning shaddodligidan zavqlanardi. Hozir ham tantanavorlikda qarg‘anishidan ilhomlanib, muloyimgina hazilini davom ettirdi:
— Ovqatni qo‘lda yeyishadimi? Voy, madaniyatsizlar-ey!.. Kimlar ekan ular, Lida?
— Sening o‘zbeklaring-da, Alik! Sen u bosmachilarning yurtida yashamasdan to‘g‘ri qilgansan! Sirtida qo‘l qovushtirib turishadi-yu, ichida... Pismiq xalq!..
Abdurahmon birdan hazil qilishga kuchi yetmasdan so‘lish tortdi. Nega xafa bo‘la-yotganiga o‘zi ham tushunmadi. Eridagi o‘zgarishni istasa darhol sezadigan Masha qo‘shnisiga gazetasini tutqazdi va birpasda malika qiyofasiga kirib, uni kuzata boshladi:
— Kechirasan, Lida... Biz kinoga otlanayotgandik... Kechqurun kir... Abdurahmon anchaga garangsib o‘tirdi. U hamon nega dili siyoh bo‘lganini anglayolmasdi. Faqat qattiq haqoratlanganlikning og‘rig‘ini his qilar, ammo bu og‘riqni Lidaning qaysi so‘zi olib kelganini tushunib yetmasdi...
— Xafa bo‘lma, Alik... Lidani javrashini o‘zing bilasan-ku...
Masha erining sochini silab, kutilmagan navozish ko‘rsatdi. Uning bu harakati Abdurahmonning xavotirini tasdiqladi, — damak, nimadir bo‘lgan... Nahotki... Nahotki... Lida o‘zbeklarni so‘kkani uchun xafa bo‘lgan bo‘lsa?.. U o‘zining ixtirosidan o‘zi hayratga tushib, chuqur xo‘rsindi. Bu haqoratdan dili xira tortganligi uchun negadir o‘zidan minnatdor ekanligiga yana bir bor hayron qoldi.
— Masha! Yuzta quyib kel...
Eriga quvnoqlik kayfiyati qaytayotganini his qilgan «Malika» yengil qadamlar bilan oshxonaga yo‘naldi.
Abdurahmon stakanni ko‘zini yumib simirdi. Shu asnoda qadrdon do‘sti Nikolay xotini Nadya bilan kirib kelishdi. Stolda yarimta paydo bo‘ldi. Yarim soatdan so‘ng u ertalabki voqeani tamom unutib, «faylasuf»ning — Kolyaning inson umri haqidagi «plastinka»sini balki mingingchi bor qayta eshitib o‘ltirardi.
— Insonning umri, — derdi Kolya qizishib,—bu... oqayotgan suv!.. Kim erinmasdan kanal qazsa, suv o‘shaniki! Biz kanal qazmaganmiz! Umrimiz oqib yotibdi. — U ovozini pasaytirdi. — Biz uchun boshqalar kanal qazishgan... Hammamiz uchun bitta! Mana endi bir zavodning ichida o‘n ming odam aralash-quralash bo‘lib oqyapmiz. Hammamiz bir xil... Mendan sening farqing yo‘q. Faqat o‘zlariga oson bo‘lishi uchun ismu sharifimizni qoldirishgan, xolos...
Kolyaning «plastinka»si bugun o‘zgacha ta’sir qildi. Haqiqatan ham, Kolya, meni sendan farqim yo‘q! Kimlardir qazgan kanal ichiga benomu nishon cho‘kib ketamiz! Hech kim bizni eslamaydi, do‘stim! «Xalq dushmanilarining suyaklarini ko‘rganmisan? Qabristonlari to‘la suyak! Sochilib yotibdi! Ular ham odam bo‘lgan-ku, Kolya! Ular uchun ham bitta kanal qazishganmi? Bizning so‘ngaklarimiz ham xuddi shunday sochilib qoladi, azizim Kolya! Hech kim eslamaydi! Hech kim! Biz kimmiz?! Faqat sovrilishga arziymiz, Kolya...
Shu payt yana birdan Abdurahmonning yodiga ertalabki xafachilik tushdi. Sarxush boshini qo‘llari orasiga olib, uzoq xayolga toldi.
— Alik, ashula aytib ber!, — deb iltimos qildi Nadya, ichganida paydo bo‘ladigan nozli ovozda erkalanib.
Abdurahmon go‘yo yana haqorat eshitganday, sapchib o‘rnidan turib ketdi:
— Tinch qo‘ysang-chi!.. ,
Ammo qo‘rslik qilib qo‘yganini tushinib, stul ortidan Nadyani mahkam kuchoqladi:
— Kechir, Nadyusha!.. Kechir! Boshqa safar albatta aytib beraman.
Mehmonlar ketishgandan so‘ng Abdurahmon odatdagiday, mayi nobning sarxush quchog‘ida qotib uxlab qoldi. Uyg‘onganida, shom g‘ira-shira ko‘lankasini derazadan xonaga tashlagandi. U butun vujudi bilan og‘irlashayotgan qorong‘ilikning zalvorini sezib, o‘rnidan qo‘zg‘oldi. Oshxonaning eshigi tirqishidan tushib turgan yorug‘ni ko‘rib, oshxonaga kirdi. Masha parishon bir alfozda to‘zigan kalta sochlarini panjalari bilan taragancha, xayollanib o‘ltirardi.
— Kir, Alik. Qizingdan kelgan xatni o‘qi.
Shundagina Abdurahmonning ko‘zi stol ustidagi xatga tushdi.
— Nima deb yozibdi?
— O’qi...
«Oyi... Xavotir olmanglar... O’qishim yaxshi... Fabrikadan to‘g‘ri darsga... Moskva sovuq... Bir o‘zbek bilan tanishib qoldim... Oti — Said... Samarqanddan... Men ham yaxshi ko‘raman... Said Samarqandda yashaymiz deydi... Axir, dadam o‘zbek... Saidning hamshaharlari... O’zbekchani bilmasligimga hayron qolishdi... Men baribir o‘zbek qiziman, Chaganalikman, dedim... Dadam... Xafa bo‘lmasmikin?..»
— Xafa bo‘lmaysanmi, dadasi? — deb xatdagi savolni takrorladi Masha. U hafsalasizlik bilan jilmayib, savol nazari bilan qarab tursa ham, erining nima deyishini oldindan anglab yetgani shundoq aft-angoridan ma’lum edi.
Abdurahmon esa xatga yana bir marta ko‘z yugurtirdi. Negadir konvertdagi manzilgoh yovuzini sinchiklab o‘qigan bo‘ldi. Peshonasini tirishtirib, qo‘llari bilan sochini ezg‘iladi. So‘ng ilkis harakat bilan o‘rnidan qo‘zg‘oldi. Ko‘zlarini yumganicha, boshini mag‘rurona bir holatda orqaga tashlab:
— Qoniga tortibdi...—dedi.
U bu gapni deyarli shivirlab aytgan bo‘lsa-da, ikkalasi ham allaqanday tantanavor ruhni payqashdi.
— O’tir, Alik, o‘tir, — dedi Masha allanechuk xavotirlanib. Abdurahmon shiddat bilan engashdi-da, xotinining boshini bag‘riga bosdi.
— Masha! —dedi u ichida kechayotgan tuyg‘ulardan lazzatlanib. — Masha... Qizimni qara! Qoniga tortibdi!..
Abdurahmon nega quvonayotganiga o‘zi ham hayronday, bir dam qotib qoldi. «Biror marta sen o‘zbeksan, deb aytmagan bo‘lsam... deb o‘yladi u, demak, qoniga tortgan-da!». Keyin o‘zining ham tomirlarida o‘zbekning qoni oqayotganini aniq tasavvur qildi. Aroqdan karaxtlanib yuragidan otilib chiqayotgan qirmizi qo,n butun gavdasi bo‘ylab bemaqsad yugurayotganini, ammo hozirgi hayajonning bilinar-bilinmas to‘lqiichalari ruhiga ko‘chgani sayin, uzoqlardan — sahrolar, o‘rmonlar, tog‘lar osha taralayotgan buyuk bir chorlov sadosidan jimirlab, yurakning bir chetida bezga sarg‘ayib qolgan o‘zlik chorbog‘i sari yo‘nalganini ko‘rdi. Abdurahmon birdan bu dunyoga osmondan tushmaganligini, uning ham ildizi borligini; keng jahondagi qaysidir bir chorbog‘ning taqdir uzoqlarga o‘tqazgan niholi ekanligini payqadi.
— Masha!..
— Ichasanmi?
— yo‘q... Masha!..
Abdurahmon xotiniga nimadir demoqchi bo‘ldi, ammo ko‘p yillardan buyon ko‘nglidagi jarayonlarni so‘zga ko‘chirish malakasini yo‘qotib qo‘ygan tili aylanmadi. Xotini uning nima demoqchi bo‘lganini fahmlaganday, jilmaydi. So‘ng o‘rnidan turdi-da, erining yelkasiga ohista urib, mehmonxonaga boshladi.
— Televizor ko‘ramiz...
Ammo bu uyda taqdir o‘zining allaqanday tushuniksiz o‘yinini boshlagani ayon edi. Ekran yorishganidanoq diktor qiz «aziz tomoshabinlarni «O’zbekfilm» kinostudiyasida suratga olingan «O’TGAN KUNLAR» filmini ko‘rishga taklif» etdi. Masha qaqillab kuldi.
— Alik! Bugun o‘zbeklarniki, shekilli... A, jonim?..
U negadir zavqlanganicha, erining betiga asta-asta urib qo‘ydi. Bu hazil Abdurahmonga yoqdi. U eriganini bildirmaslik uchun yuziga jiddiy tus berib, kresloga cho‘kdi. «O’tgan kunlar»... «Abdulla Qodiriyning shu nomdagi asari asosida»... o‘qidi u ekrandan. Kutilmaganda, ekranga Qodiriy kitobining mallarang muqovasi suzib chiqdi. Keyin panjaraga suyanib, kimgadir qo‘l silkitayotgan qiz harir g‘uborlar ichidan paydo bo‘ldi. Salima!..
— Hozirgi ko‘ringan qiz, — dedi Abdurahmon xotiniga qaramasdan, — men bilan bolalar uyida...
Ammo xonada hech kim yo‘q edi. U yana ekranga ko‘z tashlaganida esa, Salima ham g‘oyib bo‘lgandi...
Abdurahmon filmni, o‘zi haqida olinganday, qiziqib tomosha qildi. U qahramonlarning har bir harakatidan zavqlanar, dam-badam «uf» tortar, kular va qorong‘idan uyalmay, oshkora yig‘lardi. Endi u o‘rischa ashulalar aytganida tovushida paydo bo‘ladigan begona nolalarning qaerdan adashib kelganligini oydin bir o‘kinch bilan his qildi. Qo‘shiqdagi hasrat! Ildizidan ayro tushgan za’faron barglarning yiroqdagi chorbog‘i bilan vidolashuvi edingmi sen? Nahotki, shuncha yildan buyon xazonlig‘da ado bo‘lmagan bo‘lsang! Chirib bitmagan bo‘lsang!
Abdurahmon xotinini bir mahal uyg‘otdi.
— Alik, ichganmisan? — dedi xotini og‘rinib.
— Yo‘q... Masha, judayam jiddiy gapim bor...
— Ertaga kun yo‘qmi?.. Ichmaganmisan?
— Ichmaganman, Masha, ichmaganman!..
— «Uf» de-chi!
— Mana... U-uf-f!
Masha erining mast emasligiga ishonch hosil qilib, yostiqdan bosh ko‘tardi va hozir qandaydir muhim xabar eshitishini ko‘ngli sezib, hushyor tortdi.
— Masha... Men Chaganaga bormoqchiman.
— Qaerga?
— Chaganaga... O’zbekistonga-da.
Ayol erining bo‘ynidan mahkam quchoqladi...
Abdurahmon bir haftadan keyin Chaganaga jo‘nab ketdi. Masha u xuddi chet elga ketayotganday, izzat-ikrom bilan jomadonni yig‘ishtirdi, yig‘lab dildorlik ko‘rsatdi. Abdurahmonning ko‘z oldida bir daqiqa o‘sha — uni cho‘miltirgan qiz paydo bo‘ldi...
Tepaliklaru jarlarga, qoyalaru ungurlarga chap berib, tun bag‘riga oralab ketayotgan yo‘lni faralar goh yo‘qotib, goh topadi. Mashina goh kuchanib balandlikka o‘rlaydi, goh erkin nafas olib, pastlikka g‘izillaydi. Abdurahmon ham motorning ovoziga qo‘shilib zo‘riqadi, yengil tortadi; ichi quvonchli bevovtalikka to‘lgan, o‘zini Malla deb tanishtirgan shopirning savollariga allaqanday charaqlab, chaqqon tabassum bilan javob beradi. Mashina derazasidan qorong‘ulikka tikiladi. Yulduzlari yarqirayotgan osmon tagida qirlarning bosiq yelkalari elas-elas chizilib ko‘rinadi. Yo‘lni har muyulishda kesib chiqayotgan soyda osmon parchasi bir yarq etib o‘tadi. Olisdan bir to‘p yog‘du dastasi bo‘lib tuyulgan qishloqlarning chiroqlari mashina yaqinlashgani sari sochiladi — hovlilarga ko‘chadi. Abdurahmon yanada bezovtalanib Mallaga qaraydi.
— Chaganani sog‘inibsiz, aka! Yana sabringizga balli! Biz bir kun ko‘rmasak, o‘ladigan bo‘p qolamiz... Yigirma yil-a! Qoyil!..
Shopir boshini xushvaqtlik bilan sarak-sarak qiladi. Abdurahmon kuladi. Chagana yangiliklaridan so‘raydi, o‘zi bilgan odamlarni surishtiradi.
— Chorievni o‘lib ketganiga besh yil bo‘lgandir-ov... Avval direktor bo‘lganmi?..
Keyin... Zavxo‘z edi, shekilli. Ha, zavxo‘z edi. O’lganda detdo‘mda qiyomat bo‘lgan deyishadi... Ikki yuz bola xor bo‘p, yig‘lasa, vahima-da!.. Uch kun maktabga ham borishmaganmish... Yaxshi odamning o‘limi shunday bo‘lsa kerak-da, aka!.. Yo‘ldosh deganingiz... Ismu sharifini ayting-da!.. Chaganaga Yo‘ldoshdan xudo bergan, aka... Omonov, dedingizmi? Nega bilmaylik, bilamiz-da! Bo‘lim boshlig‘i! G’irillab yuribdi... To‘g‘ri so‘z odam... Na rayko‘mni qosh-qovog‘iga qaraydi, na obko‘mni...
Abdurahmon goh ma’yuslanadi, goh zavqlanadi. Ko‘nglini to‘ldirib kelayotgan turfa rang tuyg‘ular ichida butun jonu tani rohatlanadi. Qorong‘ulik qo‘ynida unga sokin bir mehr bilan boqib qolayotgan tepaliklar, qirlardan, qishloqlardan, daraxtlardan, yo‘llarga o‘ralashib, undan ko‘ngil uzolmay oqayotgan soyning suvlaridan, qolaversa, chaganalik manovi shopir yigitning iltifoti suhbatlaridan aziz mehmonga baxshida bir rohat barq uradi. Abdurahmon bu joylar uni sog‘inganini sezadi. Kabina oynasini tushiradi. Bag‘ri sog‘inch to‘la havo yuzini silaydi, ko‘ksiga salqin tanini yutoqib bosadi. Beixtiyor ko‘zda qalqqan bir tomchi yoshni mashina ortida yugurib kelayotgan zulmat qo‘yniga — benomu-nishonlik sari uchirib ketadi...
— Chaganani sog‘inibsiz, aka, — deydi yana Malla. Bu safar u bu gapni hazin bir holda aytadi. — Qirq besh daqiqadan keyin Chagana...
Abdurahmon ko‘zini yumadi. O’zini bosib olishga harakat qiladi. Ammo bechidamlik qadar o‘rtanish unga halovat lozim ko‘rmaydi...
— Eh, Malla!.. Mallaboy!.. — deb shopirning yelkasiga shaxt ila uradi. Bu harakati bilan uni tushunayotgani uchun yigitga minnatdorchilik bildirganday bo‘ladi...
— Hozir yetamiz, aka, hozir...
Motor yanada g‘ayratliroq guvillaydi, shamol sochlariga shiddatliroq chang soladi... Endi yo‘l ravonlashganday edi. Ufqlar olislardan bahaybat maxluqlar kabi vahimali qorayib, yulduzli osmon etaklarini ko‘targancha turgan tog‘larning bilinar-bilinmas yelkalarigacha kengaygan, hatto soy ham qaysi bir ko‘prikning tagida holdan toyib qolib ketgandi.
Abdurahmon mashinaning to‘xtaganini payqadi. Allaqanday tepalikda turishardi. So‘l tarafda — pastlikda, chirog‘larining soniga qaraganda, chog‘roq qishloq.
— Aka! Jo‘rangizni ko‘rsatib ketaymi? Yo‘ldosh akani aytayapman. Bugun bir cho‘poni to‘y qilyapti... Omonov aka hamma cho‘ponlarining to‘yini o‘zi bosh bo‘lib o‘tkazadi... Ana, qarang! — Malla chiroq yog‘dulari to‘lib-toshib turgan hovlini ko‘rsatdi. — To‘yxona... Qozon ko‘tardisiga yetib qolamiz...
— Haydang!..
Mashina katta yo‘ldan qayrilib, hayal o‘tmay qishloqqa oraladida, betartib sochilib yotgan uylar orasidan aylana-aylana to‘yxona eshigiga kelib to‘xtadi. Eshik oldidagi maydonda kattayu kichik mashinalar; bir-biri bilan suhbatlashayotgan, xayrlashayotgan, to‘yxonaga kirib-chiqayotgan odamlar; uzoqroqda qorong‘idan yorug‘likka tomon bo‘yynlarini cho‘zib turgan otlar...
— E, ana, Omonov aka!
Malla shoshilib mashinadan tushdi-da, sariq «RAF»ning yonida qo‘llariga g‘ilofli sozlar tutgan kishilar bilan nimanidir gaplashayotgan barvasta gavdali, qunduz telpak kiygan odamga qarab yurdi. Qo‘shqo‘llab ko‘rishdi. Abdurahmon yigirma ikki yildan narida qolib ketgan Yo‘ldosh bilan uchrashuv bunday oson kechayotganini tasavvuriga sig‘dirolmay, garagsirab o‘tirar, endi o‘zi tomonga yurib kelayotgan odamga peshvoz chiqish lozimligini anglasa ham, o‘rnidan qo‘zg‘ololmas edi. Yo‘ldosh o‘ktam yurib kelib, eshikni ochdi.
— Abdurahmon!.. Jo‘rajon, bormisan?!.
U cho‘zilib, hali nima qilarini bilmay o‘tirgan Abdurahmonni bo‘ynidan mahkam quchoqladi.
— Pastga tush, og‘ayni!.. Bir to‘yib quchoqlay!..
Abdurahmon mashinadan qanday tushganini bilmaydi, faqat Yo‘ldoshni u ham mahkam quchoqlayotganini, dam bu yelkasiga, dam u yelkasiga navbatma-navbat bosh urib, behad suyunch ichida o‘zbekchilikning taomiliga ko‘ra ko‘rishayotganini sezadi.
— Abdurahmonjon!.. O’zimni detdomim!.. Bor ekansan-ku! Odam ham shunday yo‘qolib ketadimi?!
Bunday nogahoniy uchrashuvlar odamning yodiga nimalarni solmaydi? Yaxshi kunlarning epkiniyu yomon kunlarning izg‘irin xotiralarni bir lahzada larzaga soladi, ko‘zlar namlanadi, ovozlar titraydi... Yo‘ldosh do‘stini bir qo‘li bilan yelkasidan quchoqlaganicha yoruqqa olib chiqadi.
— Birodarlar!— dedi u bayram kayfiyatini hammaga bildirib, — yigirma ikki yil yo‘qotgan og‘aynim keldi. Mana! Abdurahmon!.. — U do‘stini yo‘qdan bor etgan sehrgarday, tantanavor qiyofada hammaga namoyish etardi.
Odamlar Abdurahmon bilan ko‘risha ketishdi. Uni kimdir bag‘riga bosdi, kimdir jon-jahdi bilan qo‘llarini silkib ko‘rishdi — yuzlarda tabassum, ko‘zlarda quvonch...
— To‘yning egasini chaqiring! Soyib akaga aytinglar! Yo‘ldosh detdomning mehmonini o‘zi chiqib, to‘yga taklif qilsin!.. Tez bo‘linglar!
Yo‘ldoshning hayqirig‘i negadir odamlarga yoqdi. Hamma harakatga keldi. Ichkaridan yo‘l-yo‘l beqasam chopon kiygan to‘y egasi hovliqib chiqdi.
— Qani mehmon? Omonov akani mehmoni qani?!
U mehmon kimligini allaqachon bilgan, Abdurahmonga qarab quchoq ochib kelayotgan bo‘lsa ham, umumquvonchni yana bir pardaga ko‘tarish uchun hadeb bu savolni takrorlar edi. Abdurahmon to‘yning egasi uni chin yurakdan bag‘riga bosib ko‘rishganini his qildi, o‘pkasi to‘ldi...
— Xoliq! Puli ko‘p artistlar detdomlar bilan ko‘rishmaydimi? Yo‘ldoshning hayqirig‘i pasaymasdi. «RAF» oldida turgan mo‘ylovli barvasta yigit norli yuziga yarashgan tabassum bilan kelib ko‘rishdi.
— Xoliqjon! O’yinchilaru sozandalaringga ayt, ichkariga kirishsin! Mening do‘stim sharafiga!.. O’n besh minut!..
Hamma to‘yxonaga kirdi. To‘y tarqagan hisob—ayollar stollar ustidagi ovqat qoldiqlarini yig‘ishtira boshlashgan, har-har joyda uch-to‘rt odam bosh urishtirib o‘tirishibdi... Birpasda dasturxon yozildi, nozu-ne’mat keltirildi, ichimlik...
— Xoliq! Endi bir ayt!.. «Zamonda xoru zorman»ni ayt. Yo‘ldosh akangni kuygan jonini qayta kuydir!..
Xoliq ashula boshladi. G’ijjak ingrab jo‘r bo‘ldi, nay havolarga sig‘may nola etdi... «Ishqingda beqarorman — boisi sen... Zamonda xoru zorman — boisi sen...» (Sobir Termiziy g‘azalidan misralar) deb qo‘shiqchi to‘yxona ustidan yulduzlarga qaragancha, kimgadir ta’na etdi, yolvordi. So‘ngaklarigacha zirqirayotganini his qilgan Abdurahmon soqiy uzatgan aroq to‘la piyolani oldiyu davradagilar bilan urishtirgach, rohat qilib simirdi.
— Yig‘latasan-a, Xoliq! Sho‘xrog‘idan chal!..
Yo‘ldosh raqsga tushib, Abdurahmonga qarab muqom qildi. Abdurahmon Yo‘ldoshni — sag‘irlikning azobini birga boshdan kechirishgan bolalik do‘stini yigirma ikki yil mobaynida deyarli eslamaganini o‘ylab, uyaldi. Kimdir mehmonni ham o‘yinga tortdi. Abdurahmon davraga chiqishi bilan vujudi o‘zbekcha raqsni unutmaganini his qildi. U berilib yer tepayotgan Yo‘ldoshning qarshisiga bordida yarim hazil, yarim chin qabilida yo‘rg‘alab ketdi...
Abdurahmonning Chaganadagi hayoti shunday boshlandi. To‘ydan to‘g‘ri Yo‘ldoshnikiga keldilar. Ertasi ertalabdanoq qo‘y so‘yildi. Yo‘ldosh «detdomlar»ga, yana kimlargadir telefon qildi. Xotiraning chalkash changalzorlarida yo‘qolib ketgan do‘stlar, endi ajinlar oralagan yuzlarini quvonchga to‘ldirib, birin-ketin quchoq ochib kirib kelaverdilar. Mehmondorchilik ustiga mehmondorchilik boshlandi... Abdurahmon Yo‘ldosh bilan Chagananing torko‘chalarini ham aylanishga ulgurdi. O’sha — noqulay tarzda muvozanat saqlab turgan devorlar, daraxtlari bir-biriga mingashgan bog‘lar, daraxtlarning devordan oshib chiqib, ko‘chaga engashgan shoxlari... Ammo stadion yo‘k,, o‘rnida fabrika... Maktabning o‘rnida ham begona uch qavatli bino qaqqayib turibdi,.. Chagananing tepasida savlat to‘kib turgan To‘rtchinorga ham chiqdilar. Pastda Chagana ulkan kartada chizib qo‘yilgandek ko‘rinadi. «Ishqingda beqarorman—boisi sen!», deb murojaat qildi Yo‘ldosh Chaganaga. U chor tarafi tog‘lar bilan o‘ralgan bu maskanni bag‘riga bosmoqchi bo‘lganday, qo‘llarini keng yoydi. Uning kayfiyati Abdurahmonga ham o‘tdi. «Zamonda xoru zorman — boisi sen!..» deb xitob qildi u ham va bu satrning ma’nosi o‘zining taqdiriga naqadar mos tushganligini shu qadara oydin his qildiki, birpas dovdirab qoldi, so‘ng chinorning tanasiga suyanib: «Yo‘ldosh! Zamonda beqarorman...» dedi ovozi xirillab. Uning ko‘nglidan nimalar o‘tayotganini do‘sti o‘zicha tushundi: «E, nima bor senga o‘sha O’risiyada! Chaganaga ko‘chib kel. Senu men shu yerning toshini tagida tug‘ilganmiz, shu yerda o‘lishimiz kerak...» Abdurahmonning esiga birdan Salima tushdi. Balki u hozir, ho‘v, anov ko‘chadan ketayotgandir yoki ho‘v gujum tagidagi uyning derazasidan To‘rtchinorga qarayotgandir, ehtimol, ularni ko‘rib ham turgandir... U Salimani hech kimdan — hatto Yo‘ldoshdan ham so‘rab-surishtirmaganini, shu bilan birga so‘rash-surishtirishning hojati ham yo‘qligini, uni O’risiyadan Chaganaga kelgan taqdir Salima bilan ham yuzma-yuz etishini angladi...
— Bugun Xudoyberdi chaqirgan, — dedi Yo‘ldosh hovlisidan mashinasini olib chiqarkan. — Hovuzning bo‘yiga joy qiladi. Yaxshi bog‘i bor. Bir shakarguftorlik qilamiz...
— Xudoyberdi?..
— O’zimizning detdomdagi Salimaning ukasi-da...
Abdurahmon Yo‘ldoshga «yalt» etib qaradi. Mehmondorchiliklarning asoratidan tanda qolgan og‘irlik birdan arib, kayfiyati ko‘tarildi. Yo‘ldosh gapini davom ettirdi:
— Kecha Chorinikida xizmat qilib yurgan sariq yigit...
— Ha.
— Xudoyberdi Salimaga seni kelganingni aytsa, rosa quvonibdi bechora... O’rnidan turib o‘tiribdi, seni gapiraverib esi ketganmish...
— Nima, kasalmidi?
— So‘rama... Besh yil avval eri avariyada o‘lganida infarkt oldi. Ikki oy avval Xudoyberdidan kichik bir ukasi armiyadan nobud bo‘lib qaytganda, yana... Yetibdi-da, bechora... Bu dunyosi shu ekan. Abdurahmonboy...
Mashina Chagana markazini oralab borardi.
— Hamma ukalariga o‘zi bosh edi. Ona o‘rniga ona... Keyin sitamu uqubatlar ham odamni yeb tashlar ekan... Shu o‘zimiz bilan detdomda birga bo‘lganlardan... Farmon o‘ldi. O’qituvchi edi. Majlisda Shoberdiev bilan tashlashib turib o‘lib qoldi...
— Shoberdiev... bormi?
— G’irday yuribdi enag‘ar kal! Maktab direktori... Xo‘sh, Alim cho‘loq... Bultur vafot etdi... Undan oldin Karim... Tog‘dan o‘ligini olib kyolishdi. Sharif... O’zini osib qo‘ydi.
— O’zini osib qo‘ydi? Nimaga?
— Kim biladi deysan! Birov unday deydi, birov bunday deydi... Xudo bilmasa, bandasi bilmaydi, Abdurahmonboy... Hammasi sitamni ko‘pligida... Bizni detdo‘mlarni dardga eti yupqa tortib qolganmi deb o‘ylayman ba’zan. Tug‘ilgandan kulfat ichida yurgandan keyin... Yurak ham yeyilib ketar ekan-da! Tappa yiqilib o‘lib qolyapmiz... Qolganlarning boshi toshdan bo‘lsin...
Mashina endi egri-bugri tor ko‘chadan borardi.
— Ie!.. Xudoyo, tinchlik bo‘lsin endi! Qara, Xudoyberdinig uyini oldida «tez yordam» turibdi...
Abdurahmon ko‘chanig adog‘ida turgan mashinani ko‘rdi.
— Xudoyo, tinchlik bo‘lsin, — deb takrorladi u o‘zi ham kutmagan ixlos bilan. «Tez yordam»ning yoniga kelib to‘xtadilar. Yo‘ldosh kabinada o‘tirgan shofyor bilan so‘rashdi:
— Ha, Qo‘chqorboy?
— Opani mazasi qochgan shekilli...
— Men hozir...
Yo‘ldosh hovliga kirib ketdi. Hayallamay Xudryberdi bilan qaytib chiqdilar.
— Keling, aka, keling... Xush kelibsiz! Marhamat!—Xudoyberdi Abdurahmon bilan ko‘rishdi-da, qo‘shni darvozaga qo‘sh qo‘llab taklif qildi.
— Endi boshqa payt kelamiz, Xudoyberdi. Salima yaxshi bo‘laversin... Xudo xohlasa... — dedi Yo‘ldosh e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan bosiq bir ohangda.
Qaytdilar. Yo‘ldosh har dam boshini sarak-sarak etib qo‘yar, Abdurahmon esa, rangi oqargancha sigaret tutatardi.
— Ahvoli qanday?— deb so‘radi u nihoyat.
— Xudo o‘zi madad bermasa... Yomon.
Abdurahmon qo‘llari qaltirayotgani, bu titroq bugun Salimaning ismini eshitganidanoq taniga kirganligini hozir angladi. U dabdurstdan Salima bilan ko‘rishib bo‘lmasligini ham avvaldan bilishini va bugungi sarguzasht hali davomli ekanligini tushundi. Xayolida allaqanday chigallanib qolgan tugunning tasviri ko‘rindi. Bu tugunning bir uchi o‘zining taqdiriga chalkashgani, bir uchi esa Salimaning hovlisi ustida jonsarak hilpirab turgani ko‘z o‘ngida jonlandi...
Yo‘ldoshning uyida mezbon bilan ichdilar... Keyin uzoq gaplashib o‘ltirdilar. Abdurahmon ashula aytdi. Baribir yurakning g‘ijimi tarqamasdi...
U kechasi bir mahal uyg‘ondi. Bir deraza oy nuri ko‘rpasiga tushib turardi. Tashqari chiqdi. Oydin sukunat. Hovli rohatlanib oyni tomosha qilyapti. Bog‘dagi daraxtlarning soyalari bir-birlariga qo‘shilib bir umumko‘lka tashkil etgan. Shamol yo‘q... Abdurahmon negadir hayajonlanib bog‘ ichiga qaradi. Bog‘ning to‘rida bir parcha joy yorishib turardi. «Tandirning kulini tashlashgan bo‘lsa... Cho‘g‘-mo‘g‘ qolganir» deb o‘yladi va beixtiyor o‘sha tarafga yurdi. Yaqinlashgani sayin bu taxmini noto‘g‘ri ekanligini tobora tushunib bordi, ammo qandaydir kuch uni oldinga boshlardi. Oyoqlari izmidan tashqari qadam tashlar, lablari qurshagan, a’zoyi badanini sovuq ter bosgan edi. U yorug‘lik yaltirab turgan joydan ko‘zlarini uzolmay bir alfozda oldinga yurar, qadamining tovushini eshitmas — yuragi hozir yuz berishi mumkin bo‘lgan hodisaning sehrli xavotiri bilan to‘la edi.
— Abdurahmon...
Bu tovush ko‘kragiga urilib, uni to‘xtatdi. Yigit yorug‘lik kuchayganini va endi yorug‘lik ichida odam turganini ko‘rdi.
— Abdurahmon... Qo‘rqmang!
Bu tovushni qaerda eshitgan? Yorug‘lik yanada kuchaydi. Endi qarshisida naq kunduzning parchasi edi. Yorug‘likning ichidagi odamning esa yuzi ayon ko‘rindi. U Salima edi. Ayol daraxtning tanasiga suyanganicha, kulibgina qarab turardi. Abdurahmon birdan qo‘rquvdan xalos bo‘lganini tuyib, oldinga yurmoqchi bo‘ldi.
— Qo‘zg‘olmang!.. Shundoq gaplashaveramiz...
Ayol gapirganda og‘zini ochmas, labidagi tabassumi ham buzilmas edi. Tovushi allaqanday baxmal to‘lqinlarga o‘ralib, quloqqa yoqimli tegardi.
— Sizni bir ko‘ray dedim...
Abdurahmon gapirmoqchi bo‘ldi, ammo og‘zini ochishga ulgurmasidan, o‘z tovushini eshitdi.
— Men ham sizni...
Ayol qo‘lini ko‘tarib uning ovozini to‘xtadi.
— Yolg‘on gapirmang... Faqat men sizni ko‘ray deb yashadim. Faqat yaqindan boshlab...
— Yaqindan boshlab... Nima bo‘ldi?
— Meni o‘ylashga majbur bo‘ldingiz. O’zim majbur qildim.
— Salima, men sizni televizorda ko‘rdim.
Ayol kuldi. So‘ng yuzlarini yarim bekitib, pastga oqib yotgan sochlarini mag‘rur bir harakat bilan orqaga tashladi.
— Bilaman...
Abdurahmon ayolning bu gapiga ajablanmadi.
— Kasal holingizga... O’zim borardim...
— Men ketyapman, Abdurahmon...
— Kasalsizu ketaman deysiz.
Ayolning yuzi jiddiy tus oldi. Boshini bir tomonga qiyshaytirib, nimagadir quloq soldi-da:
— Hozir... — deb pichirladi va endi yigitga jovdirab tikildi:—Xayrlashgani keldim... Sog‘ingan edim... Chidayolmadim... Keyingi paytlarda ko‘p bezovta etganim uchun uzr...
Ayol yana kimgadir «hozir» dedi-da, ma’yuslanib Abdurahmonga qaradi. Uning ko‘zlaridan yoshi oqib, tabassumini ushlab qolishga urinayotgan lablariga oqdi. Qaerdandir dastro‘mol olib, yuziga bosdi.
— Qo‘yishmayapti... Birpasga ham ko‘nishmaydi-ya!..
Salima hamon go‘zal edi. Hech o‘zgarmagandi. Bolalar uyida qanday bo‘lsa, shunday. Abdurahmon ko‘nglining o‘sha unut bo‘lgan tuyg‘ular bilan limmo-lim to‘lganini sezdi. Ayolga talpindi.
— Qo‘zg‘olmang! — shivirladi Salima.
— Hech o‘zgarmabsiz!..
— Ataylab... Siz uchun...
Ayol bir zum o‘ylanib qoldi. So‘ng yigitga shunday tikildiki, yigit bu nigohda yigirma besh yillik sochlariga oq tushgan sog‘inchni; hasratda yonaverib, kulga ko‘chgan armonni; ko‘ngil eshigi oldida hamon mustar o‘ltirgan umidni — arosatda qolgan MUHABBATning tirik vujudini ko‘rdi.
— Salima! — dedi u o‘rtanib. Ayol indamadi.
— Abdurahmon... Men hozir ketaman... Siz qo‘rqmang. Xayr...
— Ertaga ko‘rgani boraman...
— Unday demang... Xayr... Qo‘rqmasdan borib uxlang.
Salima shunday dedi-da, bog‘ oralab, devorga qarab yurdi. Yorug‘lik unga ergashgani sari xiralashib borardi. Ayol devorga yetganida u tamom o‘chdi. Ammo odamning ko‘lkasi oydinda go‘yo havoda uchganday devorga chiqdi.
— Xush qoling... Xayr...
Tovush yig‘i aralash edi. Abdurahmon ham to‘liqib, devordagi ko‘lkaga qarab yutinardi-yu tomog‘iga tiqilgan hayajonni bosolmasdi. Lablari sho‘r tortganligini sezdi.
— Xayr...
Ko‘lka bir zumda g‘oyib bo‘ldi. Abdrurahmonga ko‘lka devordan ko‘chaga oshib tushmaganday, balki osmonga — oyu yulduzlar tarafga uchib ketganday tuyuldi...
Abdurahmon uyga qarab yurdi. Ayvonga chiqarkan, ortiga burilib qaradi. Bog‘ allaqanday hayajondan bo‘shab qolgan, olam sukunatida tanglik yo‘qolganday edi. Shunda Abdurahmon oydinlikdan andisha qilib, daraxtlarning ko‘lkasida allanechuk bechorahol o‘ltirgan g‘ussani ko‘rdi. «Salimaning g‘ussasi...— o‘yladi u.— G’ussasini qoldirib ketibdi... Demak, xudo xohlasa, tuzalib ketadi»... U uyga kirarkan, ko‘p yillardan buyon birinchi marta «xudo xohlasa» jumlasi xayoliga kelganidan hayron qoldi.
...Ertalab uni Yo‘ldosh uyg‘otdi.
— Tez tur! Choy tayyor...
Do‘stining ovozidagi tashvish darrov hushyor tortirdi.
— Tinchlikmi? — deb so‘radi yostiqdan bosh ko‘tararkan. Yo‘ldosh unga bir zum xayolga botib qarab turgach:
— Xudo Salimani ko‘pga qo‘shibdi,— dedi, so‘ng cho‘nqayib o‘tirdi-da, Abdurahmonning ko‘ziga qarab:— Aytdim-ku, biz detdomliklarning terimiz yupqa bo‘lib qolgan... O’lib ketaveramiz,— dedi alam bilan.
Abdurahmon taqdir unga tushu hushning farqini qoldirmaganini angladi.
Safar qaridi. Salimaning o‘limidan keyin Abdurahmon jo‘nashi lozimlig-ini tushundi. Yana bir-ikki kun mehmonga borgan bo‘ldi. Ammo o‘tirishlar ham tatimadi.
Yuragining tevaragida allaqanday sovuq bo‘shliq paydo bo‘lganini payqadi. Do‘stlarning samimiy iltifotlari ham ko‘nglida ilgarigidek tug‘yon uyg‘otmas, aksincha, muqarrar ayriliq oldidan keladigan hazinlik og‘ushiga solar edi. U yana Chaganani piyodalab aylandi. Xotirasida omon qolgan tor ko‘chalarni bir-bir kezib chiqdi. Shaharni qoq ikkiga ajratgan soyga tushdi, bahor sellari keltirib tashlagan toshlarga o‘ltirib, bu hazin holatga o‘zini tashlaganicha xayol surdi. Va noxos Chagana bilan xayrlashayotganini, balki bu xayrlashuvdan so‘ng qayta ko‘rishuv nasib etmasligini ham angladi. Angladiyu soyning ikki betiga tirmashib, tog‘lar poyiga qadar yastanib ketgan bu mo‘‘jaz maskan uning Vatani ekanligini jigar-bag‘ri qon bo‘lib his qildi. U bo‘ yerga chorlab kelgani uchun Salimadan... Salimaning ruhidan minnatdor bo‘ldy. Rahmatlik Salima! Nahotki, unga Vatanini qayta tanishtirgani chorlagan bo‘lsa?.. Iloyo, joying jannatda bo‘lsin!.. Vatan!.. Qadringni bag‘ringdagilar bilishmaydi. Seni sezish uchun yigirma yillab-ayriliqda — afsunu joduga o‘ralib, xiyonatu nayrangga to‘la dunyoga sajda etib yashamoq qerak. Seni sezish uchun g‘ofillik tumani ichida oqayotgan Vaqt daryosiga umidu shijoatdan ayro vujudni tashlab, behushu vayron umrguzaronlik etmoq lozim. Ammo taqdir otlig‘ qudratli bir kuch borkim, u beshafqat qo‘llari bilan onani boladan, yurakni sevgidan, tanni jondan judo etadi, azob-uqubat o‘tiga ayamay uloqtiradi. Vatan! Seni bir lahzaga tanitib, bu taqdir yana meni qaylarga uchirib ketmoqchi? O, taqdirdan ustun kelgan kim? Abdurahmon taqdirga qarshi isyon ko‘tarishga o‘zida kuch yo‘qligini payqadi... Safar endi tamom qarigandi.
Ertalab Yo‘ldosh dam bolalariga, dam xotiniga hayqirganicha ko‘rsatmalar berib, mashinani yo‘lga sozlar, yuklarni joylar, jig‘i-biyroni chiqib Abdurahmonga ham norozilik bildirar edi:
— Yigirma yilda bir kelgan odam-a!.. Borarsan shu O’risiyangga! Nima, seni birov quvib yuboryaptimi? Gapning sarasini aytsam, Abdurahmonboy, u yoqlarda sanqib yurganing yetar! Ko‘chib kel. Gala detdom bir bo‘lib, bir uyni tikka qilib berarmiz!.. Chet ellik turistga o‘xshaysan-a!..
Hovlining darvozasi taqillab, Yo‘ldoshning javrashi bo‘lindi. Darvozadagi darchadan ayol kishining boshi ko‘rindi-da, yana o‘zini tashqariga oldi.
— Qara!—deb xotiniga zabt etdi hamon shashtidan tushmagan Yo‘ldosh. Xotini erining baqirishlaridan negadir yayrab, tashqariga chiqdi. U hayallamay qaytib kirdi-da, Abdurahmonga g‘alati qarash qilib:
— Aka, sizni so‘rashyapti,— dedi.
Yo‘ldosh xotiniga bir qarab olib, ishini davom ettiraverdi. Abdurahmon darvozadan tashqari chiqdiyu, hushdan ketadigan bir alfozda qalqib tushdi. Uning qarshisida ko‘m-ko‘k libosda, boshiga katta qora ro‘mol o‘rab olgan... Salima turardi. Xuddi bog‘da ko‘ringaniday yosh, faqat chehrasida cheksiz g‘ussa, Abdurahmonga bir qarab, yana yerga tikilgan nigohida motamning buhudud alami...
— Amaki... Men Hudoyberdi akaning jiyani bo‘laman...
Qiz Abdurahmonning kalovlanib, hech narsa tushunmay turganini ko‘rgach:
— Salima opaning qizi... Detdomdagi...— dedi ovozi pasayib.
— Salimaning qizi?...— deb so‘radi Abdurahmon va birdan o‘ziga kelib, javdiragancha, qizga hamdardlik ko‘rsata ketdi:— Chidamasdan ilojimiz qancha! Xudoyim onangning umrini ham senga bersin! Onang ko‘rmagan baxtlarni ko‘r! G’am nimaligini bilmagin bu dunyoda!..
Abdurahmon gapirgan ko‘yi dili, jigari xun bo‘lib borarkan, bu olqashlari Chorievning jonsarakliklariga o‘xshab ketayotganini payqadi... Negadir bu kashfiyoti ko‘ngliga tasallibaxsh yorug‘lik olib kirganini ham sezdi. Qiz boshini ko‘tarmay, uning gapi ado bo‘lishini kutib turar, hali vujudini vayron etayotgan judolik dardidan bezovta edi.
— Amaki... Enam siz haqingizda ko‘p gapirib berganlar... Kelganingizni eshitib xursand bo‘lgan edilar... Tog‘amlarnikiga mehmonga kelishingizni eshitib... Mana buni berib qo‘y, menga nasib qilmasa, degandilar...
Qiz endi yig‘lardi... U biroz taraddudlanib turgach, qo‘lidagi gazetaga o‘ralgan to‘rtburchak narsani Abdurahmonga uzatdi.
— Bu nima?
Qiz javob bermasdan burildi-da, boshini egganicha, tez-tez yurib ketdi. Tor ko‘chaning noilojlikda — mehru shafqatdan mosuvolik ichida o‘rtanib qarab turishidan, Abdurahmon qizning hamon selu sabor yig‘lab ketayotganini angladi. Zolim falak balanddan bemalol boqib turar, to‘ymas yer esa ko‘chani seskantirib toshlariga to‘kilgan ko‘z yoshlarga parvo ham etmay bemalol yotar edi...
Yo‘ldosh mashinani ko‘chaga olib chiqdi. Abdurahmon uning yoniga o‘tirdi. «Aka, omon boring», deb Yo‘ldoshning xotini, bolari bilan duo berdi. Jo‘nadilar...
Abdurahmon qo‘lida hamon Salimaning qizi tashlab ketgan narsani ushlab turganini sezdi. Negadir az’oyi badanini xavotir o‘rtab, gazetani ochdi... O, «O’tgan kunlar!» O’sha! U o‘sha malla muqovali kitobni darhol tanidi. O’qilaverib titilib ketibsan-ku! Seni kim bedor kechalarining hasratida to‘zg‘itdi, kitob! Bir bechora yigit sevgisining elchisi bo‘lganingcha qaylarda qolib ketding? Sevgining elchisiga nahotki o‘lim yo‘q? Nahotki endi qaytding? Nimalar olib qaytding, bu dunyodan juvonmarg ketgan muhabbatning elchisi?..
Abdurahmon oq sahifani ochdi... Va vaqt g‘uborida xirallashib qolgan «MYeN SYeNI SYeVAMAN», degan yozuvni adoyi tamomlikda o‘qidi. So‘ng... kimningdir bemador qo‘llari titranibgina bitgan «MYeN HAM...» degan yozuvga ko‘zi tushdi-da, Yo‘ldoshning borligini ham unitib, o‘kirib yubordi.
— Abdurahmonjon!... Bu dunyo ko‘ydirdi! Bizni kuydirdi, Abdurahmon!—deb nola qildi yo‘ldosh. U ham yig‘lardi.
...Tepasida zavodning minoralari qaqqayib turgan shahar har oqshomdagidek sehrli uyinini avjiga chiqargan bir paytda Abdurahmon uyiga kirib keldi. Uyida hech kim yo‘qligidan ko‘ngli g‘ashlanib, xonalarni qayta-qayta aylanib chiqdi, so‘ng televizor ko‘rgani o‘tirdi. G’ashlik tark etavermagach esa, tashqariga chiqdi. Shimolning salqin yozi osmonga bulut tashlagan — yulduzlar ko‘rinmaydi. Ahyon-ahyonda erinchoq bulutlar dim kechaning bag‘riga bir-yarim yomg‘ir tomchisini otadi... Abdurahmon shahar markaziga qarab yurdi. Yo‘lni qisqartirish uchun eski park devorining katagidan oshib o‘tdi-da, daraxtlaru qiyg‘os o‘sib yotgan o‘tlar orasidagi tanish so‘qmoqdan bemalol yo‘l topib, parkning markazga ketguchi yo‘lga tutashgan qanotiga yetdi. Parkning bu tomoni panjara bilan o‘ralgan... Abdurahmon egilib, odam siqquday tirqishdan o‘tmoqchi bo‘ldiyu, shu ko‘yi sehrlanganday qotdi. Ko‘chadan Mashaning ovozi kelardi...
— Pasha!.. Shilqimlik qilma!... Abdurahmon o‘zini ichkariga oldi.
— Ochofat ekansan! Shuncha kundan buyon to‘ymaganingni qara...
Masha nozlanib so‘zlardi. Shundagina Abdurahmon yo‘lkada — chiroqpana daraxt ko‘lkasida bir jonu bir tan bo‘lib turgan juftni ko‘rdi.
— Men senga ochig‘ini aytdim, jonim, Alik kelib qolishi mumkin. Bugun biznikiga borolmaymiz...
— Masha, rostini ayt, Alikni yaxshi ko‘rasanmi, yoki meni...
Pasha Chiroyli-ku! Abdurahmon muzlab qolgan vujudidan ixtiyorini bergan bo‘lsa ham, negadir Mashaning javobini orziqib, qo‘rqib, umid qilib kutdi...
— Ikkalangni ham yaxshi ko‘raman, Pasha! Masha nozlanib kuldi.
— Xayr, u yog‘iga o‘zim ketaman. Ehtiyotkorni...— deb ataylab gapni yarmida to‘xtatdi Masha.
— ...Xudo asraydi!—deb davom ettirdi Pasha Chiroyli va qaqqos otib quldi. So‘ng bo‘sa ovozlari... So‘ng Mashaning tuflichalari taxta yo‘lkani tiqillatib tun qo‘yniga singib ketdi... Abdurahmon o‘zini o‘t-o‘lanlar ustiga chalqancha tashladi. Qaysidir yomg‘ir tomchisi qorong‘ida adashmasdan, uning yuzini topib kelib, peshonasiga tushdi. «Chaganada yashaganimda, vah, peshonam qursin, derdim, keyin...». U keyinini o‘ylashga kuch topolmadi. Tun qa’rida o‘zidan kechib, holsizlanib uzoq yotdi. O’rnidan turganida, yomg‘ir kuchaygandi. Yuzi ho‘l ekanligini payqadi. Panjara tirqishidan soya kabi sharpasiz oshib o‘tdi-da, allaqanday bukchayib uyiga qarab jo‘nadi.
U eshikxonaga kiraverishda o‘ziga keldi. Birdan, hozir uyiga kirsa, hamma narsa avvalgiday qolishini angladi. To‘xtab, sigaret chekdi. Nimalarnidir o‘ylab hovlini aylandi. Uydagi bo‘z bolalar o‘rnatgan-qo‘lbola turnik yoniga keldi. Sigaretni tashlab, turnikka osildi. So‘ng ohista yerga tushib, yana chekdi. Shoshmasdan tutatdi. Keyin shimining kamarini chiqarib olib, turnikka ilmoq qilib bog‘ladi. Tortib sinab ko‘rdi, noxos bolalarga xos chaqqonligu g‘ayrat bilan yana qo‘sh qo‘llab osildi-da, ilmoqqa bo‘ynini solib, qo‘llarini bo‘shatdi. Abdurahmon tanasi butun og‘irligi bilan- yerga, yerning tagiga, undan ham naridagi tubsizlik sari uchib ketaetganligini ko‘rdi. Bo‘ynidagi suyagi («umurtkdm!», deb o‘ylashga ulgurdi u) «qirs» etib o‘rnidan qo‘zg‘alganini ham sezdi. Kekirdagi chidab bo‘lmas darajada og‘ritgancha tepaga tortib, qornini cho‘zardi. «Hozir uziladi... Hozir...» Ammo uni tubsizlik sari uchirib ketayotgan dahshatli zalvor o‘ylashga yo‘l bermas; Yerdan, osmondan, muhabbatdan, xiyonatdan, bema’nolik va ma’nodan, boshlariga tushayotgan yomg‘ir donalaridan, turnikda holsiz qolgan vujudidan ajratib, og‘irlikning zilligi tagida ezg‘ilagancha allaqaylarga shamolday yeldirib borar edi. Abdurahmon birdan bu og‘irlikdan xalos bo‘lganini, suvday quyuq, ammo tiniq havoda erkin suzayotganini payqadi. Oppoq libosli, olti qanotli farishta uni kaftlarida avaylab tutganicha uchib borardi. Abdurahmon farishtani tanidi. Farishta Salimaning o‘zi edi.
Dunyo negadir ingichkalashgandi. Abdurahmon havoning quyuqligiyu dunyoning ingichkaligi ularning tezligi shiddatidan ekanligini tushundi. Oldinda yam-yashil yog‘dularga o‘ranib, shafaqlanib yotgan ufq ko‘rindi. Do‘zaxmikan?..
— Do‘zax qolib ketdi,— deb nogahon javob berdi Salimaning mehribon ovozi.
— Bo‘lmasa... Jannatmikan?
— Jannat ham qolib ketdi,— dedi Salimaning hasratli ovozi. Abdurahmon boshqa savol o‘ylamadi. Zotan, endi savolning keragi yo‘q edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.