OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xayriddin Sultonov. Dunyoning siri (hikoya)

— Shunaqa... Yer yuzida to‘rt milliard odamga yetgan havo minga yetmaydi...
Bu gapni u hazillashib aytdi. Ammo Qunduz uning so‘z ohangidagi pinhoniy nadomatni ilg‘adi...
Zax va bo‘yoq hidi anqib turgan katalakdek qiroatxona sovuq edi. Yigit yupungina plashga o‘ranib kresloga cho‘kkan, behafsala jurnal varaqlaydi. Bir haftadan buyon kutubxona ochilgan zahoti kirib keladi, kun bo‘yi o‘qiydi, kechqurun Qunduz uyga otlangandan keyin rahmat aytib chiqib ketadi.
Kuz — «o‘lik mavsum». Sanatoriyda odam kam. Kutubxona deyarli kimsasiz. Diqqinafas xonada Qunduz yolg‘iz o‘zi kitoblarga termilaverib zerikadi. Ish tugasayu tezroq ketsa... Biroq «Indamasxo‘ja» kechgacha miq etmaydi. Qunduz kurort daftarchasidan uning student ekanini, ismi Muzaffarligini bilar, ammo yigitning bepisand munosabatiga ensasi qotar edi. Aslida o‘ranib-chirmanib yuradigan bu kasalmand kimsaning e’tiboriga zor emas: u bir oy avval turmushga chiqqan — o‘zi uchun batamom yanga, sirli hayot og‘ushida mast. Har kuni ertalab kelinlik liboslariga burkangancha gul-gul yashnab ishga keladi, lekin quyosh nuridan bebahra, rutubatli tor hujrada malohatidan hayratga tushadigan tirik jon yo‘qligi tufayli andak afsus chekadi. Bir ozdan so‘ng eshikdan «ammasining buzog‘i» — Muzaffar kirib, nari-beri salomlashgach, kitoblarga ko‘miladi.
Uch kun burun u yigitni gapga solmoqchi bo‘ldi. Hiyla vaqt ro‘parasida allanimalarni atay yozib-chizib o‘tirdi. Muzaffar bir payt kaftini og‘ziga tutib uzoq esnadi. O’z go‘zalligi qudratiga benihoya ishongan har qanday ayol kabi Qunduz ham qattiq ranjidi. «Kekkaygan student» haqida «Odamovi!» degan hukm chiqarib, minba’d so‘z ochmaslikka ahd qildi.
Biroq bugun ertalab beixtiyor: «Nima kasalsiz?» — deb yubordiyu tilini tishladi.
Muzaffar jilmayishga urindi, ozg‘in, qonsiz yuzlariga mahzun bir parishonlik qalqidi.
— Shunaqa... Yer yuzida to‘rt milliard odamga yetgan havo menga yetmaydi. 
Qunduz unga ajablanib qaradi.
— Men astmaman-da, — dedi yigit xo‘rsinib. Uning soxta xushholligini ko‘rib, Qunduzning rahmi keldi.
— Tuzalib qoldingizmi, axir? — deb so‘radi atay tetik ohangda.
— Vrachning gapiga ko‘ra, tuzalishim kerak. Lekin... doim doktorlarning aytgani bo‘laversa, olamda allaqachon kasallik qolmasdi.
U tasalli berishga shoshildi:
— E, hali ko‘rmagandek bo‘lib ketasiz! 
Yigit bosh chayqadi:
— Qaydam...
— Hadeb o‘ylab siqilavermang-da! Bu yerda qancha odam davolangan! Tog‘ havosi...
— Keyin «salomatlik posbonlariga «Men sizdan shifo topdim» degan muzikali salom» yo‘llayman, shundaymi? — Muzaffar kulimsiradi. — Xuddi doktorga o‘xshaysiz-a... Menga qarang, tag‘in vrach bo‘lmang?
— Yo‘q, — Qunduz ham ma’yuslanib kuldi. — Farmatsevt bo‘lmoqchiydim.
— Kirolmadingizmi?
— Ximiyadan yiqildim.
— E-e... — Yigit qo‘zg‘alib qo‘ydi-da: — Biror sirtqi bo‘limiga kiring, - deb maslahat berdi.
— O’qish endi... — deya kelinchak xandon otib kuldi. — Otasiz o‘sganmiz. Shuning uchun amakimning deganlari-degan.
— Ha-a, — dedi bosh irg‘ab Muzaffar. 
Qunduz gazeta-jurnallarni taxlashga kirishdi.
— Bu dard o‘lgur sizga qayoqdan yopishdi? Juda yoshsiz-ku? — deb so‘radi, ishdan bosh ko‘tarmay.
— Bilasizmi... — Yigit so‘z qidirib kalovlandi. — Haligi, dadam shiyponga qorovul edi. Ko‘p kasal bo‘lardi. O’shanda o‘rnida turardim. Defoliatsiya vaqtida... Tog‘da paxta ekilmaydi, defoliatsiyani bilarmikansiz?
— Qiziqsiz-a, nega bilmayman?
— Ana shu paytda dalada hech kim qolmasligi kerak. Men yotaverardim - shiyponni qarovsiz tashlab ketolmasdim... — U gunohkorona iljaydi.
— Sizni qarangu! — dedi kutubxonachi. — Shiyponni bo‘ri yermidi?!
— Yosh-bebosh bo‘lganman-da! — deb achchiq kuldi yigit.
— O’qishingiz-chi?
— Bir yil yo‘qotaman, nachora? — Muzaffar qo‘lidagi jurnalni varaqlay boshladi. — Bu yil ayniqsa, ko‘p qiynaldim.
— Sog‘ayib ketasiz, — dedi ishonch bilan Qunduz. — Aytgandek, institutni bitirib kim bo‘lasiz?
— Odam, — deb kuldi u.

* * *

— Tog‘dan tushib kelyapman, — dedi u ertasi kuni Qunduzni ko‘rgan zahoti. Egnida qalin sviter, eshik kesakisiga suyangan ko‘yi hansirab turardi.
— Qalay?
— Tog‘lar o‘ksik, mening ko‘nglimdek... — Yigit quyosh nuridan ko‘zlari qamashib gapirardi. — So‘z yo‘q! Balandroqqa chiqa olmadim-da, nafas qisib qoldi.
— Nega... o‘ksik? — deb so‘radi kutubxonachi deraza pardalarini surarkan.
— Chiqsangiz ko‘rasiz.
— Men hali chiqmaganman.
— Qo‘ying-e?!
— Ishonmaysiz-a? Bir marta, to‘qqizinchi sinfda huv yonbag‘irgacha borganmiz, lola tergani. Keyin qo‘l tegmadi.
— Yopiray!
— Bo‘zchi belboqqa yolchimaydi. — Qunduz xijolatomuz kulimsiradi. - Ko‘klamda chiqmoqchimiz nasib qilsa. Chiroyli joylar...
Muzaffarni yo‘tal tutdi. Mushtini og‘ziga tugib yo‘talarkan, yuzlari qizarib-bo‘zarib, yelkalari silkinardi.
— La’nati-ey... — dedi xuruj bosilgach, yoshlangan ko‘zlarini artib. - Sahardan boshlayapti-ya! Ha-a, chiroyli joylar, kiroyi joylar... — Javondan qora muqovali qalin kitobni olayotib, afsuslangandek: — Chiroyli joyla-r-r, — dedi u yana va o‘qishga tutindi.
Tashqarida, quyoshning haroratsiz yog‘dusiga chulg‘angan dov-daraxtlar tagida za’faron ko‘ylagi etaklarini sudragancha kuz dildirab kezadi. Hakkalar uchib-qo‘nib xazon titkilaydi. Olisdagi qorli cho‘qqilar do‘ppi gullaridek xayoliy tovlanadi. Ko‘kish tuman ichra elas-elas ko‘zga chalinayotgan yovvoyi bodom, tog‘olcha, do‘lana butalari qoplagan o‘ngarlar xonaga dilgar sukunat baxsh etadi.
Kunduz zerikdi. Nari-beri parishon yura boshladi. G’ashlikka o‘xshash bir tuyg‘udan yuragi siqilib, xo‘rsindi. Daf’atan o‘zini kimsasiz, g‘arib sezdi. «Bosh olib ketsang, bi-ir yoqlarga... — Zum o‘tmay hushiga kelib kulimsiradi: — Jinniga o‘xshab...»
Muzaffar bilan suhbatlashish allanechuk maroqli. Ammo yigit berilib o‘qir, go‘yo olamda uning borligini unutgan edi. Qunduz qatiyat bilan qimtilgan qalin lablarga, g‘amgin qo‘yko‘zlarga, qiz bolaniki singari uzun, ingichka barmoqlarga bir-bir tikildi.
— Nima o‘kiyapsiz? — deb so‘radi nihoyat jur’at kilib. Yigit bosh ko‘tardi.
— Gegel.
Qunduz Gegelning kimligini so‘rashga iymandi, tushungan kabi bosh silkib qo‘ydi.
— Qiziqmi?
— Nima desam ekan? Har narsa ham qiziqsangiz — qiziq. Faylasuf u.
— Kecha televizorda ham bir faylasuf chiqdi.
— Kim?
— Sharipovmi, Sharopovmi, shunaqa fan kandidati bor ekan-ku?
— Qaydam, bo‘lsa bordir, — dedi yigit. — Bilasizmi, dunyoda kandidatlar, bakalavrlar, doktorlar, magistrlar, professorlar ko‘p — olimlar kam.
Kelinchak angrayib o‘tirar, g‘ayrioddiy tuyulayotgan bu so‘zlarni idrok etishga qiynalar edi.
O’qimaganiga o‘kindi. Agar o‘qiganda u ham shunaqa chiroyli gapirarmidi...
— Ovqatlangani bormaysizmi? — deya u soatiga ko‘z tashladi.
— Tushlik bo‘ldimi? — Muzaffar o‘rnidan qo‘zg‘aldi. — Kechgacha ishlaysiz-a? Ozroq o‘qimoqchiydim.
— Ha.
Yigit bosh irg‘ab eshikni yopdi. Qunduz ko‘ngli g‘ash, Muzaffar stol ustiga qo‘yib ketgan kitobni asta varaqladi. Qalam bilan chizilgan satrlarga tikilib qoldi:
«Voqeiy narsalar — haqiqiydir, haqiqiy narsalar — voqedir»...

* * *

Kechasi yomg‘ir yog‘di. Ertalab yeru ko‘kni tuman bosdi. Kunduz osmonni to‘ldirgan qora bulut uyurlariga, namchil asfalt yo‘lga tashvishlanib qaradi-yu, kun bo‘yi dildirab o‘tirishini o‘ylab, g‘ash tortdi. Maktabdan ishxonasiga telefon qilib, bir kunga ijozat oldi.
Uylarni yig‘ishtirmoqchi edi, ammo qo‘li yumushga bormay yuragi orziqdi.  Qalin tivit ro‘molini o‘rab, plashini kiydi-da, sanatoriyga jo‘nadi.
Kutubxonani ochishi bilan ozoda kiyingan, ko‘zoynakli, oq-sariq qariya kirib keldi. Birpas jurnal varaqlagach, kitob yozdirib chiqib ketdi.
Kunduz ro‘molini yelkasiga tashlagan ko‘yi qo‘llarini kuh-kuhlab o‘tirardi. Boshida telpak, tomog‘ini sharf bilan o‘ragan, rangi bo‘zdek Muzaffar ostonada paydo bo‘lgan zahoti shoshib o‘rnidan turdi.
— Shu sovuqda ham keldingizmi? — deb so‘radi yigit achinib. — Shamollab qolasiz-ku! Bu yerga loaqal elektr pechka qo‘yishsa bo‘lmaydimi?
— Isitish qozoni ishdan chiqibdi, tuzatishyapti, — dedi kelinchak gunohkorona.
— Qozon yorilibdimi? Tabiiy ofat-da! — deya tanglayini takillatdi yigit.
Qunduz nima deyarini bilmay:
— Kitobingizni olib beraymi? — deb so‘radi.
— Mayli. Rosa o‘qiydigan havo bo‘lyapti! — U yo‘talib, istar-istamas kresloga cho‘qdi.
Sukunat devori ularni bir-biridan ajratib turar, deraza ostida chak-chak yomg‘ir tomchilab, daralardan tuman pardasi ko‘tarilib bormoqda edi.
— Kecha Zohida bilan urishdim, — dedi Qunduz kutilmaganda hasrat qilib. Yigit kitobdan ko‘z uzib unga qaradi:
— Zohida kim?
— Buxgalter xotin.
— Nega urishdingiz?
— Kutubxonada farrosh yo‘q, o‘zim supurib-sidiraman. Boshqa birovning nomiga oylik chiqarkan, vedomostda ko‘rib qoldim. «Direktorga aytaman», desam: «Bo‘shaging kelayotgan bo‘lsa aytaver», deydi. Xonani tozalasam o‘zim uchun qilaman, oylik talashmoqchimasman-u, shunday degandan keyin chidayolmadim-da, qizishib ketdim.
— Tavba! — deya yigit bosh chayqadi. — Odamlar ajoyib: shirin bo‘lsang - yutib yuborishadi, achchiq bo‘lsang — chaynab tashlashadi... — So‘ng barmoqlarini asabiy o‘ynab: — Shuning uchun yer yuzida chuchmal odam ko‘p-da, — dedi.
Shamol turdi. Yiroqdagi qorli cho‘qqilar yana yarqiradi. Tog‘ bag‘ridagi yong‘oqzor osha yuqoriga o‘rlayotgan otliq elas-elas ko‘zga chalinar edi.
Muzaffarni birdan yo‘tal tutdi. Nimjon gavdasini kreslo suyanchig‘iga tashlab, xirqirab qoldi.
— Doktor chaqiraymi? — dedi Qunduz shoshib.
— Yo‘q... o‘h-ho‘. o‘h-ho‘... o‘tib ketadi. — Yigit og‘rikdan yuzini burishtirib, ko‘kimtir tomirlar o‘ynab chiqqan qo‘lini siltadi. — Deraza... derazani oching...
Derazadan yomg‘ir aralash izg‘irin yopirilib pardani tortqiladi. Qunduz junjikib ketdi.
Muzaffar og‘ir-og‘ir nafas olib, to‘lg‘anardi.
— O’zim ham... o‘h-ho‘... nega bugun tutmadi, deb turuvdim... 
Kelinchak labini tishladi: «Qiynalib ketdi-ey!»
— Sovuq bo‘lmaydi-da sizga, — dedi kuyunib.
— Hozir... Hozir-r bosiladi... O’x-ho‘...
Titroq barmoqlari kreslo yog‘ochini bemajol tirnar, tor ko‘krak qafasidan shig‘-shig‘ degan tovush eshitilar edi.
— Mana, o‘tib ketdi. — Yigit manglayidan ter tomchilarini artib, omonat iljaydi. — Xasta o‘pkam achchiq gazlarga o‘rganib... toza havoda qiynalyapti.
Yomg‘ir quyib yubordi. Muzaffar derazadan tashqariga qarab entikdi:
— Yomg‘ir ham ezildi-ey! Nima o‘qiyapsiz? 
Qunduz qo‘lidagi kitobni ko‘rsatdi.
— Nima hakda?
— Bizning yoshimizda nima haqda o‘qishardi?
— E-Ha... — deya ma’nodor bosh irg‘adi Muzaffar derazani yoparkan. Yomg‘ir tovushi pasaydi.
— Menda bir kitob bor, — dedi joyiga o‘tirgach. — Frantsuz yozuvchisiniki. O’qib, yigit boshim bilan yig‘laganman.
— Rostdan-a?
— Yolg‘onchining uyi kuysin. Xohlasangiz, o‘qib ko‘ring.
— Bugun... yo‘q, mayli, ertaga olib kelasiz-a? Shunaqa ta’sirlimi? «O’tgan kunlar»ga o‘xshaydimi? Men qachon o‘qisam, o‘z-o‘zimdan yig‘lagam kelaveradi.
— «O’tgan kunlar»... O! — Yigitning ko‘zlari chaqnab ketdi. — Faqat siz emas, Qodiriy o‘zi yozib, o‘zi yig‘lagan ekan!
Ertalab eri telpagani bostirib uydan chiqarkan, Qunduzga:
— Ishga borsang, qalinroq kiyin. Kunga ishonma, eshak o‘ldiradigan oftob bu, — dedi.
Quyosh charaqlab turibdi, ammo havo sovuq. Ko‘chaning ikki betidagi tunuka tomlarda qirov yiltillaydi. Kechagi yomg‘irdan so‘ng ola-chalpoq quriy boshlagan yo‘lga teraklarning novvotrang yaproqlari to‘kilar, ikkita to‘qol echki barglarni yamlab yurar edi.
Tushgacha Muzaffardan darak bo‘lmadi. Qunduz to‘satdan o‘zining betoqatlanayotganini sezdi. «Kitob bermoqchiydi-ku?» — deb o‘yladi xayolini chalg‘itishga urinib.
Kun tushdan oqqach, yuragiga g‘ulg‘ula tushdi. Eshikni qulflab, uchinchi korpusga chiqib bordi.
Muzaffar to‘rt kishilik xonada yolg‘iz o‘zi o‘ranib yotar edi.
— Sizga yolg‘onchi bo‘ldim-a? Ko‘rmaysizmi... — deya xomush kulimsiradi. Qunduzning ko‘zlarida hurkak bir bezovtalik paydo bo‘ldi:
— Tuzukmisiz?
— Rahmat, ertalab sal... — Yigit yuzini burishtirib yon-verini timirskiladi, keyin noumid qo‘l siltab qo‘ydi.
— Yolg‘iz qiynalmaysizmi, hamxonangiz ham yo‘q ekan?
Muzaffar qaddini rostlab, hazin jilmaydi.
— Atay shu palataga joylashganman.
— Nega?
— Aslida odamlardan qochib keldim. Keyin... boshqalarning uyqusini buzish insofdan emas.
— Odamlarsiz qanday yashaysiz? — deb so‘radi kutubxonachi ko‘zlari javdirab.
Yigit qo‘llarini ko‘ksiga chalishtirib, kuldi.
— Gyote bo‘lib keting-e!
— Gyote?!
— Shunday nemis shoiri o‘tgan, bilsangiz kerak. O’shaning she’ri bor: «Qanchalar bema’ni bo‘lmasin muhit, bari bir odamsiz yasholmas odam!» — deya viqor bilan o‘qidi u.
— Ana, ko‘rdingizmi! Siz bo‘lsa...
— Men bo‘lsa... delfinga achinaman.
— Kimga?
— Savolingiz o‘zbek tili grammatikasi bo‘yicha noto‘g‘ri, lekin mohiyat e’tibori bilan juda to‘g‘ri!
Qunduz tushunmay, yelka qisdi.
— Chunki delfin — tilsiz-ongsiz hayvon sanaladi. Hayvonlar esa «kim?» emas, «nima?» degan so‘roqqa javob bo‘ladi. Maktabda o‘qitishgan-ku? Ammo men aytayotgan delfin boshqacha, «kim?» deb so‘rashga arziydigan... Meni jinni deb o‘ylamayapsizmi? — deb qoldi u to‘satdan.
— Yo‘-o‘q, nega?
— Sal poyintar-soyintar gapiraman-da... Indoneziyada bir delfin maktabga qatnaydigan bolalarni narigi oroldan berigi orolga o‘tkazib qo‘yar ekan. Doim ma’lum vaqtda qirg‘oqqa kelib, o‘quvchilarni kutib turarkan. Bir kuni bolalar bilan qandaydir mast odam ham unga minibdi. Qo‘lida lattaga o‘ralgan pichog‘i bor ekan. Suv o‘rtasiga kelganda delfinning qoq yuragini mo‘ljallab sanchibdi...
— Voy-y! Nimaga?
— Nimaga deysizmi? Yovuzlikda qachon mantiq bo‘lgan? Bu yog‘ini eshiting: delfin suvni qora qonga bo‘yab sohilga suzib boribdi. Bolalar qirg‘oqqa tushishi bilan u shalop etib ag‘darilibdi-da, jon beribdi... Ko‘rdingizmi? Agar uning o‘rnida «kim» bo‘lganida edi, pichoq sanchilgan zahoti yelkasidagilarni uloqtirib yuborardi.
— Voy, sho‘rlik! Darrov yarasini bog‘lashganda, balki o‘lmasmidi...
— Kim bog‘laydi? O’sha, «nima» degan so‘roqqa javob bo‘ladigan kimsami? 
Tumbochka ustidagi suvsiz bankaga solib qo‘yilgan bir dasta giyoh quriy  boshlagan, elitguvchi talx hidi gurkirar, qovjiroq ko‘katlar huvillagan bo‘m-bo‘sh xonani yana ham befayz ko‘rsatar edi.
Qunduz deraza rafida tartibsiz sochilgan qog‘ozlarga razm solib:
— Dars tayyorlayapsizmi? — deb so‘radi.
— Yo‘q, — deya bosh chayqadi yigit. — bu — kundalik.
— Ko‘rsam, sir emasmi?
— Sir!
— Harbiy sirmi? — deb kuldi Qunduz.
— Dunyoning siri, — deya jilmaydi yigit. — Olamda odamzodning aqli yetmaydigan bir sir bor. Uni hech kim tushunmaydi. Agar unga insonning aqli yetsa, yashashning ma’nosi qolmaydi.
Uni yana yo‘tal tutdi. Kelinchak vujudida og‘riq tuyib, labini tishladi: «Xudoyim-ey!»
Muzaffar dahanini sochiq bilan artib, adyolini tuzatarkan, hansirab:
— Shunaqa, — deb qo‘ydi.
«Tuzalib ketsin-ey, bechora», deya xayolan shivirladi Qunduz.
— To‘yingiz qachon bo‘lgan? — deb so‘radi yigit daf’atan.
— Bir oydan oshdi... — Nogahoniy e’tirof tuyg‘usi Qunduzning ko‘nglini titratib o‘tdi.
— Eringiz nima ish qiladi?
Bu savol unga malol keldi, negadir ranjidi.
— Kanalda... texnik.
— Ha-a, yaxshi, — dedi yigit qoshini chimirib, dag‘al tovush bilan. 
Gap-so‘z tugagandek edi. Qunduz derazadan ko‘rinib turgan bir parcha osmonga boqib:
— Gruppangizda qizlar ham o‘qisa kerak? — deb qo‘ydi. Muzaffar qo‘llariga tayanib, yag‘rinini ko‘tardi.
— Birontasini yaxshi ko‘rasizmi, demoqchisiz-da? Yo‘q, yaxshi ko‘rmayman. Meni ham dunyoda onamdan boshqa hech kim yaxshi ko‘rmagan, — dedi u jilmayishga urinib.
— Nima uchun?
— Chunki... — deya u bir lahza taraddudlandi. — Keling, bu ham sir bo‘la qolsin!
— Hammayoq sir deng? — Kelinchak o‘rnidan qo‘zg‘aldi. — Mayli, men boray.
— Shoshyapsizmi?
— Chanqadim.
— Choynakda choy bor. Sal sovuqroq.
— Yo‘q, rahmat. Vrachni aytib yuboraymi? 
Yigit bosh chayqadi.
— Nega?
— «Tabib aytur: «Ey nodon, bu dardni bedavo derlar», — deya u tumbochkasidan mo‘‘jazgina kitobcha olib uzatdi. — Mana, o‘sha yig‘latadigan...
Kunduz eshikni zichlab yoparkan, ichkaridan yo‘tal tovushi eshitildi.
Uyga xomush qaytdi. Darvoza ochiq, qaynatasi qo‘lida tokqaychi, olma daraxtlari tagida kuymanib yurar edi. Salom berib hovliga kirdi-da, yo‘l-yo‘lakay ertalab yoyib ketgan kirlarini yig‘ishtirdi. Atlas darpardalar, guldor so‘zanalar bilan bezatilgan xona botib borayotgan kuyoshning qirmizi yog‘dusiga cho‘mgan, burchaqdagi toshoyna, servant ustidagi soatda g‘urub shu’lasi yallig‘lanar edi. Kunduz to‘rdagi suratda kulib turgan, dakana ro‘molli jikkakkina kampirga bir zum tikilib qoldi.
U marhum qaynanasini ko‘rmagan. Shu vajdan qo‘shni xotinlar uni: «Keng uyning kelinchagi», deb hazillashadilar.
Sigirni sog‘ib bo‘lib, ovqatga unnaganida mashina signali eshitildi. Dars tayyorlab o‘tirgan qaynisi — o‘n to‘rt yashar Isroil chiqib darvozani ochdi. Changga botgan sariq «Moskvich» kirib keldi. Bolonya kurtka, ko‘k shim kiygan Komil mashinadan tushib ust-boshini qoqdi-da, og‘ilxonada terit qorayotgan otasi tomon yurdi. Kunduz obdastaga iliq suv quydi, ishkom bag‘aziga sochiq ilayotib, eriga uzoqdan sekin: «Hormang», dedi.
U oshxonada sabzi to‘g‘rayotib, bexos boshmaldog‘ini kesib oldi. Shosha-pisha bog‘layotganda eri gugurt qidirib kirdi.
— Qo‘lingni kesdingmi? E! Ko‘zingga qaramaysanmi? — dedi u koyish ohangida. — Ha, mayli, qon — yorug‘lik. Namakobga botir — darrov to‘xtaydi.
Ovqat mahali poygakda choy uzatib parishonxayol o‘tirar, qaynatasining gaplari qulog‘iga uzuq-yuluq chalinar edi:
— ... qizil novvosning kunjarasi... Ertaga boqqa chiqib toklarni ko‘mish kerak... Mulla Nurmatnikiga...
Choydan keyin cholni mudroq bosdi. Kelinchak unga o‘rin to‘shab bergach, idish-tovoq yig‘ishtirishga tushdi.
Uyga qaytib kirganida televizor vag‘illab yotar, eri muk tushib pinakka ketgan edi. Sharpani sezib, ko‘zlari yarq ochildi.
— O’chirib qo‘yaveraymi?
— E-e... charchabman... — Komil esnab, o‘rnidan turdi.
Qunduz pechkaga ko‘mir solib, derazadan tashqariga tikildi. Qop-qorong‘i. Hovli etagidagi qari tut zulmat qa’rida qorayib ko‘rinadi. Qaerdadir daydi mushuk zorlanib miyovlaydi.
«Yo‘tali bosildimikan? Sir deb nimani aytdi ekan-a? Hech kim tushunmasligi kerak... Nega? Sir bo‘lgani uchunmi?..»
Sekin uf tortdi, sumkasidan u bergan kitobni oldi. Erinib varaqladi. Duch kelgan sahifadan o‘qiy boshladi. Avvaliga loqayd ko‘z yugurtirdi, so‘ng mo‘‘jizaga uchragandek, olamni unutdi... Na eshikning g‘ijirlab ochilganini, na erining yo‘talganini sezdi. Komil yelkasi osha engashib muzdek kaftini uning bilagiga qo‘ygandagina cho‘chib tushdi.
— Qanaqa kitob? Qani? Barb-yus?! Odamning otimi? Barbaris degan konfet bo‘lardi...
Eri choponini yechib stul suyanchigiga tashladi. Bosh qashigancha birpas serrayib turdi-da, esnab:
— Mashinaning suvini to‘kib qo‘yish kerak. Qor yog‘adiganga o‘xshaydi, - deb uydan chiqdi.
Qunduz uning gapini eshitmadi. Bu vaqtda u... yig‘lar, lablari: «Azizim Lui! Senga bu maktubni yigirma yildan so‘ng yozyapman...», deya shivirlar edi. Muzaffarni esladi. «Bu kitobni o‘qib, yigit boshim bilan yig‘laganman...»
Erining qorasini payqab, yuz-ko‘zini artdi.
Komil yechinib karavotga cho‘zildi. Baquvvat qo‘llarini boshi ostiga qo‘yib, chalqancha yotar, nafas olganida keng ko‘kragi ko‘tarilib tushar edi.
— Qani, yotmaysanmi? — deya shivirladi u xushnud kulib. 
Ko‘zlari chaqnar edi!.. Qunduz bosh chayqab, o‘qishda davom etdi. Har kech shu gapni eshitganida a’zoyi badanini sirli hayajon qamrar edi. Hozir negadir vujudi junjikdi. Eri bir zum shiftga tikilib yotdi-da, norozi ohangda:
— Kun bo‘yi to‘ymadingmi, bo‘ldi-da! O’chir chiroqni! — dedi.
Keyin bir sapchib, xotinining baxmal nimcha sirib turgan belidan shartta quchoqlab bag‘riga tortdi.
— Oh, otincham-ey! Bo‘ldi endi!..
Qunduz birdan bo‘shashib, ko‘zlarini yumdi. Tun. Olam jimjit.
Qunduz ko‘z ochdiyu seskanib tushdi: sovuq, zimiston xona, yo‘tal tutib yolg‘iz to‘lg‘anib yotgan... Muzaffar! Komil shoshib qoldi:
— Nega yig‘laysan?
Qunduz o‘zini benihoya tahqirlangan his qilar, yelkalari dir-dir silkinar edi...
Eri turib chiroqni yoqdi.
— Aytsang-chi, nima bo‘ldi? Biror joying og‘riyaptimi?
Komil jigibiyroni chiqib, karavot chetiga o‘tirdi.
— Odamni xun qilib yubording-ku! Gapirsang-chi!
Uning churq etmaganini o‘zicha tushungan eri yoniga ohista cho‘zildi.
— Bilaman, ish ko‘p, zerikib ketding, — dedi bir ozdan so‘ng muloyim tovush bilan. — Loaqal kinoga oborolmayapman. Ko‘rib turibsan-ku, qo‘lim tegmayapti. Ob’ektni topshiraylik, shaharga tushamiz, aylangani. Xohlasang, teatrga kiramiz...
Bu taskin-tasalli Qunduzni butkul o‘rtab yubordi.
Komil chiroqni o‘chirib, yotgan joyida sigareta tutatdi. Sigareta cho‘g‘ining lip-lip shu’lasida dala shamoli qoraytirgan horg‘in yuzi g‘ira-shira ko‘zga chalinardi. U bosib-bosib ichiga tortdi. 
Er-xotinning uyqusi o‘chgan, birortasidan sado chiqmas edi.
Qunduz xira yorug‘ tushib turgan derazaga tikilarkan, opasi Zumradni esladi. So‘ng tug‘ilib o‘sgan hovlisi, erta ko‘klam tomida qizg‘aldoqlar lovillaydigan uy xayoliga keldi. Opasi o‘ninchi sinfni bitirayotgan yili bir yigit bilan qochib ketgan edi. Onasi uni ko‘p qarg‘ar, Kunduzdan jahli chiqsa ham albatta qo‘shib o‘tar edi: «Shumoyoq egachingga o‘xshamay o‘l! Qirchiningdan qiyilgur, o‘sha sharmandaga tortyapsanmi?!»
U opasining isnodi ostida ezilib o‘sdi. Maktabni tugatishi bilan onasi uni «gumdon qilish» payiga tushdi. Sanatoriy oshxonasida ishlab yurganida Qunduzni bir oylik o‘qishga yubordilar. Qaytib kelgach, u amakisining oshnasi Mirkamol domlaning o‘g‘liga fotiha qilinganini eshitdi.
Orasta uy-joy. Okqo‘ngil qaynata, Royishli qayni...
To‘satdan ongida allanarsa charaqlab, uni titratib yubordi: yonida Muzaffar yotgandek tuyuldi... Bu xayoldan hatto o‘zi qo‘rqib ketdi. Ko‘zlarini chirt yumdi: yana Muzaffar!
Qunduz vahimaga tushib, bo‘g‘ziga yig‘i tiqildi. Nahotki...
Komil beozor pishillagancha uxlab yotardi.
Shu odam uning eri. Bir umr!
Shuursiz bir tarzda Komilning issiq yuziga barmoqlarini tegizdi. Eri uyqusirab tamshandi. Yonboshiga ag‘darilib ko‘zini ochdi:
— Haliyam uxlamadingmi?
Kunduz uning uyquli ko‘zlariga tik boqib:
— Menga qarang, — dedi. Tovushi o‘ta xotirjam, istig‘nodan asar ham yo‘q edi. — Meni... yaxshi ko‘rasizmi?
Komil anglamadi:
— A?
— Meni yaxshi ko‘rasizmi? 
Eri yelkasidan quchdi.
— Gaping qiziq. Yaxshi ko‘rmasam... uylanarmidim?
— Men-chi?
— Nima sen?
— Men sizni yaxshi ko‘ramanmi? 
Komil dovdirab qoldi.
— Xotinim bo‘lgandan keyin... yaxshi ko‘rasan-da, — deya g‘o‘ldiradi uyqusi o‘chib. Birdan sergaklanib o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Tizzalarini quchoqlab, xotiniga jonsarak tikildi.
— Senga nima bo‘ldi o‘zi? — deb so‘radi u. — Rostini aytaver... Kelinchak derazadan tushayotgan oyning xira yorug‘ida erining tumtaygan lablari, kirtaygan ko‘zlarini ko‘rib, rahmi keldi. — Hech narsa... — deya pichirladi u. — Yo‘q, «hech narsa»ga o‘xshamaydi! Yo... bitta-yarimtaga... 
Qunduzning yuragi shuv etdi.
— Nega indamaysan? Gapir!
— Nega unaqa deysiz?
— Ha? Nimaga bunaqa g‘alatisan bo‘lmasa?
Komilning dikqati oshdi. Nima qilarini bilmay, yana sigareta tutatdi. Saharxez xo‘rozlar qichqirgunga qadar churq etmay bedor yotdilar. Ikkalasi ham o‘rtada nimadir yo‘qolib, nimadir paydo bo‘layotganini anglagandek edi.

* * *

Eri tong qorong‘isida choy ichmay ishga jo‘nadi. Qunduz boshi cho‘yandek og‘irlashib o‘rnidan turdi.

* * *

...Xat qisqa edi:
«Qunduz! To‘satdan jo‘nayapman. Sovuq jonimdan o‘tib ketdi. Siz baxtli bo‘lishingiz kerak. Siz o‘zingiz bilmagan holda menga qanchalik dalda berganingizni bilsangiz edi... Faqat rahmat ayta olaman.
Muzaffar».
— Manaviniyam qoldirdi, — dedi qorovul chol qora muqovali qalin kitobni uzatib.
Qunduz hayron bo‘lib cholga qaradi.
U bamaylixotir, piyoladan achchiq ko‘k choy ho‘plar edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.