Feruza shomda ketidan soyadek ergashib yurgan to‘rt yashar o‘g‘ilchasi Yodgor bilan hovlining narigi chetiga, og‘il yonida bog‘liq turgan targ‘il oldiga o‘tdi. Buzoqchani iydirib, sigirga bir siqim makkajo‘xori tashladi-yu, yukinib sog‘ishga tushdi. O‘g‘ilchasi esa sal narida cho‘nqayib, onasi targ‘ilning yelinini silab-siypab sog‘ishi, sigirning dum silkib, quymichiga urib-urib qo‘yishi, so‘ngra og‘zidagi yarmi osilib turgan makkajo‘xori bilan bolasiga intilgani, onasining «Hah, jonivor» deya yana kanadek yopishganini kuzatib o‘tirdi. So‘ngra qandaydir quvnoqlik bilan borib buzoqchaning bo‘yniga qo‘l cho‘zgandi, buzoqcha o‘ynoqlab, peshanasini tutdi. U onasi sigir sog‘ib bo‘lguncha buzoqchaning peshanasini silab o‘tirdi. Feruza o‘g‘lining bu mehribonligidan bir g‘alati bo‘lib ketdi va «Bechoragina» deya sekin joyidan qo‘zg‘aldi. Buzoqchaning arqonini yechib, jigarbandining qo‘lidan yetaklagancha oshxonaga qarab yurdi. Yo‘l-yo‘lakay «Aya, buzoqcha meniki-ya?» degan o‘g‘ilchasiga:
- Ha, senniki, - dedi, ammo ichidan bir nima chirs etib uzilganday bo‘ldi. So‘ng chelakdagi sutni ayvondagi qozonga solarkan o‘g‘ilchasidan so‘radi: - Yodgor, kechga nima pishirib beray? Yo bugun ham sut ichib qo‘yaqolamizmi?
- Yo‘q! Sut ichmayman! – depsindi Yodgor ayvon devoriga suyanib.
- Mayli, o‘g‘lim. Ayt, unda nima pishiray?
- Palov! – bola nima yeyishini tanlay olganigami o‘zicha iljaydi.
- Bo‘pti, - Feruza o‘g‘lining ko‘zmunchoqday ko‘zlariga tikilarkan, yana yuragi achishdi. Borib buzoqchani alohida qoziqqa bog‘lab qaytdi va sabzi tozalashga tushdi. Orada sutni qozondan olib, alyumin tovoqqa bo‘shatdi, qozonni yuvib, yog‘ soldi. Go‘sht yo‘qligi uchun yog‘ga to‘rtta tuxum tashladi.
Oshni dimlagach, bahor yomg‘iridan suvoqlari ko‘chib, sohibi vafot etganidan beri Feruzaning ko‘ngliday g‘arib bo‘lib qolgan, romlari ancha eskirib, g‘am bosgan ko‘zlariday ma’yus va omonatgina ochilib-yopiluvchi qo‘sh derazani lang ochib qo‘ydi, so‘ngra dahlizdagi paxta gilamni sudrab chiqib, uy oldidagi o‘zi kabi yolg‘iz tut tagidagi taxtalari g‘ichirlab turuvchi chorpoyaga to‘shadi. Keyin «P» shaklida ko‘rpacha soldi. Osh tayyor bo‘lgach, o‘g‘li ikkisi juft musichadek yonma-yon o‘tirib ovqatlanishdi.
- Aya, - dedi bir mahal Yodgor yuqoridagi bo‘sh ko‘rpachaga ishora qilib. – Bu yerga nimaga hech kim o‘tirmaydi?
Feruzaning tomog‘iga bir nima tiqilganday bo‘ldi.
- Bu joyga kattalar o‘tiradi, o‘g‘lim, - dedi o?ir yutinib. - Buvalar, tog‘alar, amakilar.
- Dadam-chi?
Bu savoldan Feruzaning yuragi ombur bilan qisilgandek bo‘ldi. Yig‘lab yuborishdan o‘zini tiyish uchun ko‘zlarini olib qochdi. Tilini tishladi. Shu payt har doimgidek onasidan savoliga javob ololmagan bolakay emaklab o‘tib, hozirgina qo‘li bilan ko‘rsatayotgan ko‘rpachaga yotib oldi. So‘ng yonboshladi. Bir qo‘lini beliga qo‘ydi.
- Qarang, aya, katta odamlar shunday yonboshlab choy ichishadi-ya? – Yodgor shunday deya piq etib kuldi. - Aya, menam katta odam bo‘lamanmi?
- Ha, o‘g‘lim. Albatta katta odam bo‘lasan...
- Kimday? – Yodgor qo‘lini chakkasiga qo‘yib onasiga qaradi.- Shodmon buvamdaymi?
- Ha.
- Dadamday soldat ham bo‘lolamanmi?
- Yodgor-e... - Feruza uzalib o‘g‘lining boshini siladi. Shunda Yodgor emaklab kelib, tizzasiga yotib oldi, ona o‘g‘lining peshanasidan o‘pdi.
- Aya, yomg‘ir yog‘ayaptimi?
- Yo‘q, - Feruza burnini tortdi.
- Nega yuzimga suv tomdi?
Ona javob berolmadi. Ro‘moli uchi bilan yonoqlarini artarkan, ko‘zlarini pirpiratgancha yana tizzasida erkalanib yotgan baxtsiz va ko‘ngli o‘ksik o‘g‘lining hozirgina achchiq ko‘z yoshlari tushib, sho‘r tortgan chakkasidan o‘pdi.
- Jonim, ovqatingni ye.
- To‘ydim. Bo‘ldi, - yoniga ag‘darildi bolakay. – Endi multfilm ko‘raman, - u shunday deya sakrab o‘rnidan turdi-da, yugurganicha dahlizga kirib ketdi va uzalib stol ustida turuvchi «Rekord»ni yoqdi. – Aya, boshlanibdi. Keng.
- Mayli, hozir,- Feruza o‘g‘lining zukkoligi, biroz erka, otasi kabi zehni o‘tkir, ko‘p savol berishidan bir xursand bo‘lsa, so‘roqlariga javob berolmasligidan yuragi bezillab joyidan turdi. Dasturxonni yig‘ishtirib, idish-tovoqlarni yuvdi. So‘ng o‘g‘lining yonidan borib, aslida hech ko‘ngliga sig‘maydigan televizorga tikildi. Ko‘zi ekranda-yu, xayoli o‘tmishning olis-yaqin xotiralarida bo‘ldi.
Multfilm tugashi bilan Yodgor esnay boshladi. Feruza chorpoyaga joy solmoqchi bo‘lib, ichkari uydan ko‘rpa-yostiq ko‘tarib chiqa boshlagandi, o‘g‘li har kungidek bitta yostiqni boshiga qo‘yib, «Bi-biyp, bi-biyp» deya chorpoyaga keldi. Yana qaytib onasining ajratib qo‘ygan boshqa yostiqlarini ham keltirdi. So‘ng uy oldidagi lampochka yorug‘i tushib turgan qo‘shnining devori tomon bordi va choptirib, zipillab qaytib keldi. Bu orada Feruza ham taxta darvozani yopib, zanjirini o‘tkazib qaytdi. Oshxona yonida bog‘liq turgich Sirtlonning yechib yubordi.
Ona-bola chorpoyada yonma-yon ko‘kka qarab yotishdi...
Yoz oqshomi. Tiq etgan shabada yo‘q. Chorpoya tegrasida havodan dimiqqan pashshalar viz-viz uchadi. Qo‘shni hovlida itning hurgani, allaqaerda boyo‘g‘li uligani, ko‘cha tomondagi ariq bo‘yidan qurbaqalarning qurillashi quloqqa chalinadi. Oysiz tun. Sirtlon ham timirskilanib hovlini bir aylanib chiqadi-da, bo‘sag‘a yoniga kelib, oldingi ikki oyoqlari ustiga tumshug‘ini qo‘ygancha o‘tkir ko‘zlarini allaqaergadir tikib, jim yotib oladi.
Atrofni allaqanday sirli sukunat qoplagan. Shunday mavhum va dardlar uyg‘onib, yuraklar eziluvchi tunlar bag‘rida majolsiz bemor yuragidek uyg‘oq yotuvchi Feruza odatdagiday yulduzlarga qadalib turgan nigohlarini olib, yoniga ag‘dariladi. Uzalib, uyqusi qochib tipirchilay boshlagan o‘g‘lining peshanasidan o‘padi. Shunda bola erkalik bilan ko‘rpasidan chiqib, onasining yonidan suqilib kiradi. Feruza bilagi ustiga o‘g‘lining boshini qo‘yib, qo‘lchalarini bo‘ynidan oshirarkan peshanasiga tushib turgan paxmoq sochlarini silaydi.
- Jonim meni...
Yodgor bir zum onasini quchoqlab turadi-da, keyin issiqlab ketib, ustidan ko‘rpani surib tashlaydi. Pashsha chaqadi shekilli, bir qo‘lini uzatib sonini qashlaydi. So‘ng yana ko‘rpaga kirib oladi. Onasiga tikili-ib qaraydi...
- Aya, dadam qachon keladi?
Yodgor bu savolni har kuni uxlashdan oldin shunday bir sog‘inch va ishtiyoq bilan beradiki, Feruzaning boshiga bolg‘a bilan urilgandek bo‘ladi. Nima deyishini bilmasdan ikki yelkasiga tegirmon toshi bostirilib qo‘yilgandek chuqur-chuqur nafas oladi, «shurq» etkizib burnini tortgancha achchiq va alamli yosh quyilib kelgan ko‘zlariga ko‘rpani bosadi. Tili kalimaga kelmay jim qoladi, so‘ng o‘g‘lini ovutishga, bola ko‘nglini chalg‘itishga urinadi. o‘amzada yuragiga qizdirilgan temir kabi bosilgan savolga o‘rinli javob topolmay qaroqlarini bosib kelgan qayg‘u lashkarlari qarshisida matonat bilan turib, jigarporasini avraydi:
- Sen katta bo‘lgin, dadang albatta keladi.
- Qachon katta bo‘laman?
- Hademay katta bo‘lasan, o‘g‘lim. Buning uchun ayaning aytganlarini qilish, indamay uxlash, yaxshi ovqat yeyish va aqlli bola bo‘lish kerak.
- Men aqlli bolamanmi? - qiziqadi Yodgor.
- Ha-a, toychog‘im.
- Unda nega dadam kelmayapti?..
- Keladi, o‘g‘lim... - Feruzaning vujudi qizib, suti qochgan ko‘kraklari orasidan bir nima uzilib ketgandek bo‘ladi. «Shu savolni bermasaydi...»
- Ertagami? Tong otsami?
- Bilmasam. Kelib qolar.
- Aya, dadam qayoqda o‘zi? Anuv Alish-kalishning dadasiyam har kuni ishga ketadi, lekin kechqurun keladi-ku? Alishga velosiped olib bergan. Dadam mengayam olib kelsin.
- Mayli, o‘g‘lim. Dadang senga zo‘ridan olib keladi.
- Alishnikidanammi?
- Ha-a.
- Oyog‘i to‘rta bo‘ladimi? Alishniki ikkita.
- Hi-i. Senga to‘rtta oyoqlisidan olib keladi.
- Aya, ertaga olib kelsin.
- Ertaga olib kelolmaydi-da, o‘g‘lim.
- Nimaga?
Feruza yana lablarini tishlab qoladi...
- Bo‘ldi, o‘g‘lim. Endi uxlay qol...
- Uyqum kelmayapti...
- Unda osmondagi yulduzlarga qara-ab yotgin, uxlab qolasan.
Yodgor bir pas jim yotadi. Keyin bir qo‘lini og‘ziga olib kelib, xuddi chanqovuz chalayotganday lablarini o‘ynab, «biyov-biyov» qiladi.
- Yodgor? – o‘g‘li oldida tilsiz onaning yuragi kuyadi. - Jimgina yot, bolam.
- Aya, osmondagi yulduzlar nechta? - bola tag‘in savol beradi.
- Bilmasam. Ular juda ko‘p.
- Shunchami? – Yodgor ikki qo‘lini keng yozadi. Keyin ularning son-sanoqsiz ekanligini anglaganday qulochini yig‘adi va yana so‘raydi: - Aya, ularni ushlasa bo‘ladimi?
- Yo‘q.
- Nimaga?
- Ular juda uzoqda.
- Hi... Oydin momomning uylaridanam uzoqdami?
- Ha, - o‘g‘lining so‘zlaridan, beg‘uborligidan onaning chehrasi yorishib ketadi. Ichida «Iloyim umring uzoq bo‘lsin» deydi va burnidan chimdib qo‘yadi. – Bo‘ldi, Yodgor, kech bo‘ldi endi. Uxla.
- Bitta ertak aytib bering.
- Mayli. Sen ko‘zingni yumib, jimgina eshiti-ib yotgin. Xo‘pmi, jonim.
- Mayli, - Yodgor ko‘zlarini yumib oladi. Keyin yana deydi: – Aya, ko‘zimni yumsam ertagingizni ko‘rmay qolaman-da?
- Jinni-e. Ertakni ko‘rmaydi, eshitadi. Qani, ko‘zingni yum-chi. Bir bor ekan, bir yo‘q ekan…
- Aya, ko‘zimni yumsam ichiga quyoncha kirib olayapti...
Feruza o‘g‘lining ertaklar tasavvuridan yayrab, siniqqina jilmayib qo‘yadi.
- Yo‘q, ko‘zingni yummasang ertak aytmayman.
- Mayli. Mana, yumdim.
- Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim o‘tgan zamonda, bir...
Feruza ataylab ertakni cho‘zib aytardi. Shuning uchun Yodgor ko‘pincha ertakning «Bismillo»si boshlanmasdan uxlab qolardi. Bugun ham burnini kovlay-kovlay uxlab qoldi. Onasi uzalib uning yelkasiga ko‘rpa tortarkan, chuqur xo‘rsindi va g‘am-g‘ussaga botgan ko‘nglining tub-tubidagi orzularday olis samo uzra miltillab turgan yulduzlarga boqdi. Yuragini ezib, qaroqlariga g‘anim lashkarlariday shafqatsiz bostirib keluvchi ko‘z yoshlarini erining hidi va xotiralari singib ketgan ko‘rpaga artar ekan, o‘g‘lining uxlab qolganligiga amin bo‘ldi-yu, uning kamolini o‘yladi.
- Ey, Xudoyim! Butun qalbimni sultonsiz qolgan saltanatday motamsaro qilib qo‘ygan marhamatli egam, shugina bolamning baxtini butun, yuzini yorug‘ qilgin...
Ona chidolmadi. Ko‘ksidan o‘q yegan jangchidek xo‘rsinib o‘rnidan turdi va eshik yonida yotgan Sirtlon kuzatuvida ichkari uyga kirib, chiroqni yoqdi. Devorga qoqilgan gilamdan askarlik qasamyodini qabul qilayotgan va doim go‘yo uni baxtiyor etishga, sadoqatli bo‘lishga va bir umrga judolikda qoldirib ketishga qasam ichayotgandek tuyuluvchi erining portretini qo‘liga olarkan, izillab yig‘lab yubordi. Uzun yengi bilan ko‘z yoshlarini artdi va namxush yengi bilan surat yuzini siladi. So‘ngra unga tikilgan ko‘yi toshdek qotib qoldi.
«Nega tashlab ketdingiz? – beixtiyor lablari pichirladi. – Uch yil xizmatdan qaytishingizni kutdim. Keyin besh yil o‘qishingizni. Sakkiz yil... Bir bola maktabga borar, ikkinchi sinf bo‘lar vaqt. Aytishga oson. Undan keyin-chi? Aroq o‘lsin iloyim. Hamma aroq zavodlariga o‘t tushsin! – Feruza shu yerga kelganda yana portretni bag‘riga bosdi. – Hatto o‘g‘lingizning yuzini ham ko‘rolmay ketdingiz-a? Ah, bevafo dunyo. Yodgorjon uyimizga quvonch olib kelganida siz yonimda bo‘lsangiz, hech b?lmasa, bir kungina sabr qilsangiz bo‘lmasmidi? Aroq o‘lsin, shu jo‘rachilik o‘lsin!.. Qaysi ahmoq mast odamni mototsiklga mindirib, yarim kecha bir o‘zini uyga qo‘yib yuboradi? Uh-h... Bilaman, xushxabarni eshitib, quvongansiz, sevingansiz. Shuni uyga kelib nishonlasayam bo‘lardi-ku? Men yana tug‘masmidim?.. Uyda buvam, momom boridi. Ichibsiz, mayli, shu kecha o‘sha yoqda qolavermaysizmi? Mast bo‘lib ko‘prik ustidan ham o‘tasizmi? Daryo o‘z oti bilan daryo-da».
Feruza ko‘ksiga bosib turgan suratni yuziga yaqin olib keldi. Erining ko‘zlariga, yapaloq yuziga tikildi va bosh chayqadi.
-Ortda qolganga oson dedingizmi? Yodgorjonning har kuni yotishdan oldin beradigan savollariga nima deb javob berishimni bilsangiz edi. Aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi... Sizni uzoqda deyman, bir kuni keladi, deyman. Gohi bunga o‘zimni ham ishontiraman. Aslida-chi? Haliyam, baxtimga yonginamda buvam bilan momom bor. Qarindoshlar xabar olib turishadi. Lekin... - Feruza o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi. Shu ko‘yda ancha vaqt o‘tirdi. So‘ng avaylabgina suratni joyiga ilib qo‘ydi va chorpoyaga qaytib bordi. Yodgor yana ko‘rpasini tepkilab tashlagan, ikki qo‘lini oyoqlari orasiga tiqqanicha yonbosh bo‘lib pishillabgina uxlab yotardi. U o‘g‘lining ustiga ko‘rpani tortib qo‘ydi va yonidan cho‘zildi-da, yuziga sinchiklab qaradi. «Dadasining xuddi o‘zi. Iloyim umri o‘xshamasin...».
Feruza yana allamahalgacha o‘y surib yotdi.
* * *
Yodgor birinchi sinfga borgan kuni maktabdan dilgir bo‘lib qaytdi. Onasiga ham gapirishni istamay, maktabga deya olingan jildini uy to‘riga irg‘itdi-yu, hovli yuziga chiqib, xuddi kattalarday boshini xam qilgancha yer chizib o‘tirdi. Feruza darrov sezdi: «Ertalab o‘zim maktabga olib borganim bilan u yerda bolalar ota-onalari haqida gaplashgan. Kimdir dadasining mashinasini maqtagan, kimdir «Mening dadam zo‘r» deya og‘iz ko‘pirtirgan. Bechora bolam bo‘lsa shunday yer chizi-ib o‘tirgan».
Yodgor o‘sha kuni qorong‘i tushishi bilan uxlab qoldi. Onasidan so‘rovchi har kungi savolini ham bermadi. Faqat, ertalab «Kel, choyingni ich. Maktabingga kech qolasan» deganda u kutilmagan gap aytdi.
- Aya, maktabga bormayman!
- Ie, o‘g‘lim?.. Nega?
- Yo‘q! Hammani dadasi olib boradi. Men bir o‘zim boramanmi?
- Men o‘zim olib boraman, o‘g‘lim. Bu nima deganing? Sen aqlli bola eding-ku? Xohlasang, Shodmon buvang olib boradi...
- Yo‘q! Siz meni aldabsiz! - tepsindi bola. - Kecha Alish-kalish «Sening dadang yo‘q. O‘lgan!» dedi. Nima, chindan ham mening dadam yo‘qmi?
Ayolning yuragi simillab ketdi.
- Alisher yolg‘onchi! Gapiga ishonma! U nimani biladi? Ahmoq! Sen maktabga boravergin, o‘zim dadasi bilan gaplashib qo‘yaman. Ie, nega dadang bo‘lmas ekan? O‘g‘lim, bolalarning gapiga ishonma! Ular har nima deyaverishadi...
Feruza bir amallab o‘g‘lini maktabga olib bordi. Uyga kela-kelguncha ko‘chada dadalari yetaklab ketayotgan bolalarni ko‘rib, qattiq o‘ksidi. Uyga kirib, yana erining suratini qo‘liga oldi.
- Dadasi, o‘g‘lingiz maktabga bordi. Lekin, mana, ikkinchi kundanoq yana sizni so‘rashni boshladi. Nima qilay? Unga nima deb javob berishni bilmayman. Ulg‘ayib, rost-yolg‘onni fahmlab qoldi... - u erining suratini sadoqat va mehr, sog‘inch bilan ko‘ksiga bosgancha yana izillab yig‘ladi. Xayoliga erining yili o‘tgach og‘iz solib, kemtik qalbini butun qilmoqchi bo‘lganlar, ularni rad etganlari keldi. Qaynotasi bilan qaynonasining nima deyishlarini bilmay, bir-birlariga qaragancha lab tishlab, unsiz yig‘laganlari, barchani rad etib, marhumining yorqin xotirasi bilan yashashga ahd qilganda yelkasiga qo‘lini qo‘yib, «Rahmat senga, bolam. Iloyim kam bo‘lmagin. Shu Yodgorjonning baxtini ko‘rgin...» deganlari ko‘z oldiga keldi.
Yodgor yana maktabdan kechagiday dilgir bo‘lib qaytdi. Shunda Feruza jildini ichkariga otib chiqib ketayotgan o‘g‘lini to‘xtatdi va ichkari uyga olib kirdi. So‘ng devorda osig‘liq turgan suratni olib, dedi:
- Dadangni ko‘rayapsan-a?
- Ha, - bosh irg‘adi Yodgor.
- Sen ham dadangday katta odam bo‘lishni, soldat bo‘lishni xohlaysanmi?
- Hi...
- Unda quloq solgin. Bugun dadangdan senga xat keldi. Mana, - Feruza xalati cho‘ntagidan o‘z iztiroblari bitib qo‘yilgan qog‘oz chiqardi.
- Nima debdi? – po‘ng‘illadi Yodgor.
- Agar Yodgorjon aqlli bola bo‘lib, «Alifbe»ni yaxshi o‘qiydigan, chiroyli yoza oladigan bo‘lsa, menga o‘zi xat yozsin. Xatini o‘qib, keyin unga katta velosiped olib beraman, debdi.
Yodgor jim bo‘lib, o‘ylanib qoldi... Hiylai shar’iy ish berganidan ona yengil xo‘rsindi…
Shundan so‘ng Yodgor maktabga ketish oldidan qiladigan injiqliklarini biroz bas qildi va «Alifbe»ni yaxshi o‘qishni, husnixat bilan yozishni o‘rgandi. «Alifbe bayrami» kuni ertalab bu ishlardan xabardor, bir oyog‘i nevarasining yonida, ammo bor-yo‘g‘i ikki o‘g‘il ko‘rib, hali kenjasini uylantirishga ham ulgurmagan devor-darmiyon yashovchi ?aynotasi - Shodmon bobo keliniga velosiped olib kelib berdi va «Sen xat yozmagan bo‘lsang ham, dadang berib yuboribdi. O‘qishga kirsang, mashina olib berarkan, degin. Xo‘pmi, qizim» dedi.
Feruza «Alifbe bayrami»dan kelgan o‘g‘liga velosipedni ko‘rsatdi va uning sevinchini ko‘rib chidolmadi, oxiri bolasi oldida yig‘lab yubordi. Peshanasidan o‘pdi.
- Yaxshi o‘qi, o‘g‘lim. Dadangdan yana xat kelibdi. «Yodgorjon o‘qishga kirsa, unga mashina olib boraman!» debdi. Ha, shunday debdi.
* * *
Yodgor o‘n sakkiz yoshida o‘qishga kirib, egasiz sog‘inch va sadoqat shamoli kezib yurgan xonadonda chinakam bayram bo‘lgan kuni Shodmon bobo kelinining yuzini yorug‘ qilib, o‘g‘lining nomidan nevarasiga mashina sovg‘a qildi. Bu uning marhum o‘g‘li xotirasiga sadoqat bilan yashayotgan g‘amzada keliniga va eng so‘nggi ilinj - yolg‘onlar orasida kelajagiga yorqin yo‘l ochib borayotgan nevarasiga ofarinlari tuhfasi edi.
Kechqurun hamma uy-uylariga ketib, ona-bola yana uyda yolg‘iz qolishdi. Yodgor mashinaning atrofida girdikapalak bo‘lib turgan mahal Feruza ichkari kirdi va erining portretiga yuzini bosdi.
- Dadasi, biz yutdik! Qaniydi shu kunlarda yonimda, uyimiz to‘rida bo‘lsangiz...
Bir mahal derazadan Yodgorning «Aya?..» degan tovushi eshitildi-yu, uning a’zoyi-badani titrab, rangi bo‘zday oqarib ketdi. Bo‘shashib, qo‘lidagi suratni qanday tushirib yuborganini o‘zi ham bilmay qoldi. Yonoqlarini yuvib tushayotgan ko‘z yoshlarini yashirishga urindi, ammo eplolmadi. Irg‘ib turib, derazadan yarim gavdasini kiritib turgan o‘g‘lini bag‘riga bosdi va o‘kirib yig‘lab yubordi.
Yodgor bir onasining ma’yus ko‘zlariga, bir ko‘rpacha ustida yotgan suratga qaradi-yu, yuragi uvishib ketdi. Barchasini tushundi. So‘ng onasining g‘arib boshini mahkam bag‘riga bosdi.