OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xursandbek To‘liboyev. Hayotga qaytish (hikoya)

1

Aprel oyining oxirgi kunlari edi. Deraza tashqarisida qushlar galasi u yoqdan bu yoqqa uchib o‘tar, «vij-vij»lab, yoqimli ovozlari osmonu falakni to‘ldirib charx urardi… Sakkizinchi xonada yotgan bemorning idroki hech nimani anglay olmadi. Bir payt qaboqlarini ochdi. Bu Javohir edi. Yigit xushiga kelib ko‘zlarini ochganida atrofida girdipalak bo‘lib, allanimalarnidir gapirib ishlayotgan oq xalatli hamshira qizga ko‘zi tushdi. Tushdi-yu, o‘zining shifoxonada yotganligini his etdi… Xayoliga esa kechagina otasining ohu zori keldi: «Ketmagin bolam, erta sahar yo‘lga chiqsangizlar ham manzilga bemalol yetib borasizlar. «Botarga ketma, otarga ket» degan naql bor. O‘zi ikki-uch oyda bir marta kelasan. Bir kungina, atigi bir oqshom qolaqolsang bo‘lmaydimi? Borasan o‘sha shahringga. Jon bolam ketma» demaganmidi menga otam. Men nolon esa otamning aytganiga ko‘nmasdan yo‘lga ravona bo‘lib o‘tiribman. Qaysi iblis yo‘ldan ozdirdi meni? Yo qismatmi bu? Bilish qiyin…» 
Biroz shu ko‘yi xayol qildi-da:
- Men qaerdaman, - dedi shivirlab hamshiraga.
- Sizmi? Bizning yonimizdasiz, -dedi javoban.
- Menga nima bo‘ldi?
- Hech nima. Faqatgina yuz-ko‘zlaringiz oz-moz lat yegan, xolos. Bu juda qo‘rqinchli emas, ha demay hech nima ko‘rmagandek bo‘lib ketasiz, - dedi qiz.
- Nimaga og‘zim durustroq ochilmayapti, yoki iyaklarim singanmi? Tishlarim ham xuddi to‘kilib ketayotgandek. Boshim aylanayapti shekilli. Negadir madorim ham yo‘q. Axir bugun ustozning tug‘ilgan kuni edi-ku! Men u kishini muborakbod etgani uylariga borishim kerak edi. Birga hasratlashadigan, quvonchiga hamroh bo‘ladigan kun edi, axir bugun. Sal tushuntiribroq ayting, menga nima bo‘lgan o‘zi?!
- Juda ham sersavol yigit ekansiz. Mabodo jurnalist-purnalist emasmisiz? –dedi hamshira, tumba ichiga dori-darmonlarni bir-ibr taxlab solarkan. 
- Ha, bo‘lg‘usi jurnalistman. Siz haqiqatan ham jurnalist bilan gaplashayapsiz.
- Unday bo‘lsa she’r ham yozarsiz?- siniq jilmaydi hamshira qiz.
- To‘g‘risi, she’r yozmaganimga ham olti oy bo‘ldi. Lekin ko‘nglim to‘lib yurib edi, shu kunlarda. Yozsam ham birato‘la bir daftarni to‘ldirib tashlashim tayin. 
- Muhabbat tuyg‘usi insonni insondek yashashga chorlydi-da, bu haqda she’r yozmay bo‘ladmi? Qaysi bir ijodkorni olmang, yozganlarining lof bo‘lmasa to‘qson foizi, o‘sha ishq, o‘sha ayriliq haqida…
- Sizniki-chi?
- Visolga yetolmagan oshiqning mungli nolasi! Qalay bo‘ladmi? – dedi anchayin o‘ziga kelib qolgandan keyin yigit.
- Yaxshi. Faqat yozgan bilan yozganning farqi bo‘ladi. Umr bo‘yi «o‘ldim-kuydim»dan nariyog‘iga o‘tolmaydiganlar ham uchrab turadi. Men shunday she’r yozsangki, o‘qigan odamda hayotga umid, yashashga rag‘bat tug‘dirsa. Shunday she’r eshitsangki, ko‘nglingga bir kam dunyo to‘la, mukammal, orzularga limmo-lim, xayolingda yashash baxt, saodat ekanligini anglab, his etsang!
- Siz xuddi ustozlarimga o‘xshab teran fikralar ekansiz. Yanlishmasam siz filolog, adabiyot ilmining odamiga o‘xshaysiz, bunga shubha yo‘q. 
- Yanglishasiz, men asli his-tuyg‘ular olamidan yiroq, ya’ni haqiqiy medikman.
- Ishonmayman, - dedi yigit.
- Nimaga? – jiddiylashdi qiz.
- Sababi mediklarda ko‘ngil yo‘qmi? Ular insonni yarim dori, yarim shirin til bilan davolaydilar-ku? Ularning qalbi keng va shirinsuxan bo‘lishi kerakligini nahotki unutgan ko‘rinasiz?
- Bilmadim. Eng toshbag‘ir inson medik menimcha. Joningni ayamasdan, achinmasdan, qorin-porningni kesib, chavaqlab tashlaydi.
- Natijada kasal tuzaladi-ku?
- Bo‘lishi mumkin, lekin men medik sohasiga adashib kirib qolganman. Orzularim umuman boshqa-boshqa edi. Men oynaijahonda chiqib, suxandonlik qilishni niyat qilardim. Taqdirning nayranglarini qarangki, oppoq xalat kiyib, eng mas’uliyatli va og‘ir kasbning etagidan tutishga majbur bo‘ldim. 
- Buni nayrangga yo‘ymang. Xudoning istagini siz qandaydir nayrangga yo‘yapsiz.
- Siz ham xuddi dadamdek bir narsani ushlasa yubormaydigan xilidan ekansiz, qani naryog‘ingizga xiyol o‘giriling-chi?
- Nima qilasiz?- savolga-savol bilan yuzlandi yigit.
- Ukol sanchaman!- dedi qiz, mayda kipriklari «pir-pir» etganicha…

2

Dori qattiq ta’sir etgan ko‘rinadi, Javohir qaboqlarini yumdi. Hamshira qiz ham sekin oyoq uchida yurib, dahlizga chiqdi. 
O‘sha kuni tong sahari, ya’ni 24 aprel kuni olis qorqalpoq diyorining olis bir ovulidan kelayotib yo‘lda tasodif tufayli avtohalokatga uchragan Javohir va bir-ikki kishini Xudo bir saqladi. Mashina bilan to‘qnashib ketgan taraktor qirqtaga bo‘linib, sochilib ketdi. Mashinaning esa pachog‘i chiqqan edi. Ularning bunday najot kutib, behush yotganlarini ko‘rgan qishloqning cho‘pon yigiti darov tez yordam mashinasini chaqirtirib, ularni shu atrofdagi shifoxonaning reanimatsiya bo‘limiga joylashtirgan edi. Hech kimga jiddiy jabr etmadi deb bo‘lmasdi ham, kim qo‘l-oyog‘i sindi, yana biri boshidan jiddiy lat yedi. O‘sha boshidan jarohat olib, tish va burun suyaklari singan Javohir edi… Shifokorlar yugur-yugur qilishdi. Bir amallab, joniga oro kirdi ularning. Roppa-rosa olti soatlik ilhaqlikdan so‘ng Javohir va yonidagi sheriklari birin-ketin ko‘zlarini ochib, nima ro‘y berganini o‘z hamshiralaridan so‘ray boshlagan edilar… 

3

Biron soatdan keyin Javohir uyqudan uyg‘onganida haligi qizning yana bir nimalar qilayotganiga ko‘zi tushdi. Qiz juda sezgir ko‘rinadi. Hatto orqasiga o‘girilmasdanoq, bemorning uyg‘onganini bilib, - yaxshi dam oldingizmi, og‘riqlar sezilmayaptimi? –dedi. 
- Rahmat. Anchayin yaxshiman. Sheriklarim ham tuzukmilar? –negadir lablari qaltirar edi.
-  Hech kim hech kanday jiddiy jarohat yemagan. Xudo sizlarni bir qaytarib beribdi. Kaytadan tug‘ildingiz desam ham bo‘laveradi. Mashinangizni ko‘rgan odam «bundan sog‘ chiqishi dargumon» deyisharkan. Rostdan ham mashina bir qisim bo‘lib qolganmish. Shukur qiling, bunday musibat insonni yakson qiladi, bir inson umri xazonga aylanadi…
- Sizga rahmat, singlim. Aytgancha ismingiz kim? – so‘radi yigit.  
- Mohira, Mohira Mahmudovna deb, murojaat etishadi.
- Chiroyli ism ekan, xuddi mening yoqtirgan qizchamga o‘xsharkansiz, u ham sizning quyib qo‘ygan o‘zingiz. Avvalida sizni u deb o‘ylabman. Keyin chehrangizga aniqroq tikilib qaragan edim, chap yuzingizda bir dona qora xol yo‘q ekan. Unda Kumushbibiniki yanglig‘ chap yuzida bir dona xoli bor. 
- Rosa kuzatuvchi yigit ekansiz, - dedi qiz.
- Axir yigit qizni kuzatadi, qiz esa yigitni, umuman, hamma hozir bir-birin kuzatuvda. Kuzatuv hayotning bir maromda kechishini ta’minlasa kerak-da? Kuzatilmasa, qiyomat qoyim bo‘lishi hech gapmas. Odamlar hattoki, tabiat mo‘‘jizalarini ham kuzatishadi. Ularning maxsus qo‘riqchilari ham bor ekan. O‘ylashsa kerak-da, afsonaviy devmi, ajdarmi, toshni yorib chiqib qolishidan. 
- To‘g‘ri aytasiz, yana jurnalistlik kasbingizga boraverasiz-da. Xo‘sh, yaxshi yigit, sevgilingizning ismi kim ekan, bilsak… bo‘ladimi?
- Ismi Nilufar. Niluuu deb, chaqiraman. 
- Sizning bu ahvolga tushganingzini biladilarmi? Eshitgandir-a?
- Balkim. Eshitsa telefon qilmaydi ham. U juda g‘ururi baland qiz. Men yo‘qlasam bor, bo‘lmasa, yo‘q. «Olma pish, og‘zimga tush» deb o‘tiraveradi. 
- Telefon qilishga botinolmasa kerak-da? –so‘radi qiz.
- Nima uchun?
- Sizdek ziyoli insonni tushunish hazilakam gapmi?
- Yo‘q, u meni so‘zsiz, sadosiz tushunadi. Lekin «telefon qilmayman» deb, avvaldan aytib qo‘ygan, sababi oyisidan qo‘rqadi. 
- Qattiqo‘lmi?
- Eh, aytmang, juda qattiqqo‘l, qizlarini ko‘chadan bir qadam nariga chiqarishmaydi. Mahkam ushlab o‘rgangan.
- To‘g‘ri qiladi. Mening oyim ham xuddi shundaylardan. «Ko‘chada yallo qilib yurgandan ko‘ra, uyda u bu ishlarni qilib o‘rgan» deb, miyamga qo‘ygani-qo‘ygan. Siz agar haqiqatan ham o‘sha qizga uylansangiz, uning bilan baxtli bo‘lishni istasangiz, yaxshi qaynonaga uchradim deb, do‘ppingizni osmonga irg‘itavering?
- Rostdan shundaymi?
- Albatta! Siz onalarga ham oson tutmang-da?
- Yoshingiz nechchida? – so‘radi jiddiy qiyofaga kirishib Javohir.
- Kechirib qo‘yasiz, biz tomonlarda qiz boladan yoshi so‘ralmaydi, uyat bo‘ladi…
- Masalan men sizdan so‘rasam maqsadga muvofiq. Chunki…
- Tushundim, - dedi yigit, so‘ngra – yoshi naq yigirmaning ustida Nilufarning...
- Juda yaxshi ekan. O‘zingizdan anchayin kichik bo‘lsa kerak-a?
- Ha, shunday, atigi olti yosh…- sinik jilmaydi yigit.
- Mayli siz bilan juda ko‘p gaplashib yubordik. Aslida gapirish mumkin emas edi. Siz axir boshdan lat yegansiz. Men qoidani buzganim uchun bosh shifokordan tanbeh ham olishim tayin. Endi mening vaqtim tugadi. O‘rnimga boshqa bir hamshira qiz keladi. U men kabi gap sotadiganlar xilidan emas, kamgap, kamsuqum qiz. Istaymanki, sizdek ziyoli jurnalistlar u bilan ham muomalaga kirishib keta oladi… 
- Rahmat sizga. 
- Sizga ham.
- Lekin men sizga o‘rganib qoldim-da!
- Hech qisi yo‘q, o‘tib ketadi. Siz o‘zingizni yaxshi his etsangiz bo‘ldi. Menga shu kerak.
- Iltimos, telefonimga sms keldi shekilli, ochib berasizmi?
- Mayli! Bering-chi? – dedi va qo‘lidan telefonni olarkan, ikkala barmoqlar bir-biriga tegib ketdi. Issiq taft bir zum muallaq qotib turdi. Ko‘z-ko‘zga tushdi. So‘ngra sekin qizning nozik qo‘llari Javohirning bilagidan sirg‘alib chiqdi. Mohira telefonga kelgan smsni ochib o‘qirkan, bu o‘sha Nilufardan kelganligini fahmladi. Keyin:
- O‘zim o‘qib beraymi?- dedi Javohirga jodu ko‘zlarini tikib.
- Ixtiyor o‘zingizda, men rozi… - dedi nima yozuvlar borligini eshitgisi kelib yigitning.
- Unda eshiting: «Salom Javohir aka, men bu tasodifni kecha eshitdim. Sizga nima bo‘ldi. Hozir yaxshimisiz. Reanimatsiya bo‘lmida deb eshitdim. Sizga sog‘liq tilayman. Xavotir olmang, hali xammasi oldinda, yaxshi bo‘lib keting…N».
- Ana ko‘rdingizmi? Sizni u chindan ham sevar ekan, u siz haqingizda eshitib qayg‘urayapti. Kim bilsin, cheka-chekkaroqqa chiqib, to‘lgan yuragini yig‘lab bo‘shatayotgandir… 
- Bo‘lishi mumkin. 
- Mayli men ketdim. Endi ko‘nglingiz joyiga tushdimi? 
- Ha, juda ham…
- Xayr!
- Xayr, omon bo‘ling Mohira!


4

Yigitning tiliga ilkis: «Sen… Sen o‘zgaribsan, Nilufar. Ishqilib o‘zgarganing rost bo‘lsin!» dedi.
U uzuq-yuluq kechagi voqealarni eslashga urinib ko‘rdi, natija hech narsa esiga tushmadi. Hamshira qiz tinchlantiruvchi dori quygan ko‘rinadi. Tinik fikrlari ummonida xayolga toldi yigit. «Ustoz!» dedi pichirlab. «Ustozining tug‘ilgan kuni. Yigirma to‘rtinchi aprel bugun, axir. Men borishim kerak edi. Ustozning san’at va adabiyot haqidagi fikrlarini olishim kerak edi-ku? Hamdardu, hammaslagim, mehribon insonimning shunday ajoyib kunida yonlarida bo‘lolmaganim alam qilyapti… Ustoz eshtisa nima deb o‘ylamaydi. «Buzoqning bemaslahat yugurgani somonxonagacha» deb tanbeh beradimi yoki bundan battaridan xudo asrasin deb, hamdardlik bildiradimi? Bilish qiyin. Lekin shuni komil ishonch bilan aytishim mumkinki, ustoz hech kachon yarim jon holatda yotgan insonga, aniqrog‘i musibat tushgan chog‘ingda faqat va faqat dildorlik ko‘rsatishi aniq. U kishi juda murakkab inson-da! Inson dedim, o‘zimdan uzoqlatib, insonim degim keladi…»
- O‘ylab o‘yimning tagiga yetolmay qoldim. Ustozning yuziga qanday qarayman endi – dedi yigit, - balki bir xat-xabar jo‘natib, ikki og‘iz shirin so‘z tabrik yo‘llasam ham meni tushunib qolar... Yigitning barmoqlari qaltirab telefonidan sms yoza boshladi.
«– Assalom ustoz! Meni bugun yoningizda bo‘lolmaganim uchun uzrim bor. Sizga sog‘lik, uzoq umr, ish va ijodiy faoliyatingizda omadlar tilab qolaman, yaxshi o‘tkazing, deb shogirdingiz Javohir!»
Xat yetib borganligi haqida xabar keldi. Yigitning qaboqlari yumildi, chuqur-chuqur nafas oldi. O‘zining bundan besh daqiqa oldingi o‘sha samimiy hamishira qiz bor paytdagi kayfiyatidan asar ham qolmagan edi. U kutardiki, ustoz qanday javob yo‘llarkan deb. Oradan ikki daqiqa o‘tmasidanoq telefon yoqimli ovoz chiqarib xat kelganligi haqida xabar qildi. Yigit lablari titradi. – Ishqilib, kayfiyat bop javob kelgan bo‘lsin-da, - deganicha smsmni o‘qiy boshladi: «Rahmat Sizga shogirdim. Ammo bugun yonimda bo‘lmaganingzidan sira xafa emasman. Sizga omonlik, tezroq tuzalib oramizga qaytib keling!» Smsmni o‘qirkan, xayolida o, bir paytlardagidek ustozning nurli chehrasi ko‘z oldida jonlandi. - Ustoz! Yolg‘iz ugina meni tushunadi. Xuddi o‘z o‘g‘lidek mehr-muruvvat ko‘rsatadi. Menga qilgan yashgiliklarini bu dunyoda qaytarolmasam, u dunyoda qaytaraman, - dedi yigit. Insonnning ko‘ngli kabi aziz va mo‘‘tabar xilqat bo‘lmasa kerak bu dunyoda. Ko‘ngil – insonning botini, ham zohiri – yashash a’moli vatanidir. Usiz inson tashlandiq uy kabi yoki kimsasiz sahro kabi juda-juda yolg‘iz va yupundir... Ha, xuddi shunday. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas… Aslo!!!» Javohir ancha vaqtgacha o‘z-o‘zi bilan gaplashib yotdi. Uning tabiati shunday. Xayol… xayol uning yolg‘iz yaqin hamrohi… 
Tag‘in sevimli mashg‘uloti – she’r aylanardi uning tilida.

Avgust-sentyabr, 2011 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.