OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xurshida Abdullayeva. Hovlining egasi (hikoya)

Robiya buvi to‘satdan darvozadan kirib kelgan baland bo‘yli yigitni avvaliga tanimadi. Xiralashib qolgan ko‘zlarini qisib, bir zum tikilib turgach, birdan chehrasi yorishib, pildiraganicha unga intildi.
– Javlonmisan, voy jon bolam! Seniyam ko‘rar kun bor ekan-ku!
– Kampir Javlonni mahkam quchib, peshonasidan o‘pdi. Anchagacha bag‘ridan bo‘shatmadi.
– “Mushtdekkina-ya buvim! Ko‘rmaganimga qancha bo‘l­di? Bir yildan oshdi-yov, yo‘g‘e, ikki yil bo‘ldi. Ovoz­lari o‘ktamgina edi, qattiq-qattiq gapirardilar bobomga, hozir esa...” Javlon shunday xayollar iskanjasida buvisidan kelayotgan tanish isni – qatiq aralash qalampirmunchoq hidini tuyib, negadir o‘pkasi to‘lib ketdi. Kampir hamon undan aylanib-o‘rgilar, tinmay gapirardi:
– Kel-da, shundoq, bolam! Menam g‘animat bo‘lsam, bugun bo‘lmasa indin xuddi bobongga o‘xshab... O‘zim boray desam, yo‘l o‘lgur uzoq, yaramayman. Hah, bolam, qariganingdan keyin shu ekan-da, quruq savlating qolar ekan...
Uyga kirishdi. Yana tanish, qadrdon, olis bolalik chog‘larini yodga soluvchi hid dimog‘iga urildi. Biladi, bu buvisining sandig‘idagi o‘sha hid – novvotu parvarda, yana bir xil muloyimgina, las holva deb ataladigan shirinliklar, orasiga rayhon barglari solib qo‘yilgan kiyimlaru, turli dorivorlar va, albatta, qalampirmunchoqning bir-biriga qorishiq isi. Robiya buvi Javlonni qo‘yarda-qo‘ymay xona to‘riga o‘tqazdi. Ro‘parasiga o‘zi ham cho‘kdi-da, ozg‘in, tomirlari bo‘rtib chiqqan titroq qo‘llarini duoga ochdi.
–    Omin, qadam yetdi, balo yetmasin, esonlik, to‘rt ko‘z tugallik bo‘lsin, keng fe’l, ketmas davlat bersin, Allohu akbar! – deya yuziga fotiha tortgach, – Omonlikda ko‘rishtirganiga shukr! – deb qo‘shib qo‘ydi va nevarasiga tikildi. “Rangi bir holgina. Yigitning shashti qaytguncha, ho‘kizning shoxi sinsin, deb bekorga aytmagan-da, eh, qaniydi, shuginaning yo‘li ochilib ketaqolsa. E Xudo, keng dargohingdan o‘zing benasib qo‘yma, bir parchagina etni shu bandanggayam bergin! Buni deb bir kuysam, u yoqda Halima ham... Eh, ba’zan o‘z bolalaringga ham so‘zing o‘tmay qolarkan. Bilaturib bularni baxtsiz qilishdi-ya!”
– Nega bir o‘zing kelding? Kelinni ham olib kelsang, bo‘lmasmidi? – deb so‘radi keyin nevarasidan.
– Boshqa safar kelar, buvi, – dedi Javlon to‘satdan kelishining sababini izohlash uchun jo‘yaliroq bahona izlar ekan, yolg‘on so‘zlashga to‘g‘ri kelayotganidan o‘ng‘aysizlandi, – ishidan ruxsat ololmadik, gap tegmasin, deb olib kelmadim...O‘zim bo‘lsa, ta’tildaman, sizni bir ko‘rib ketay, deb to‘g‘ri kelaverdim...
– Ajab qilibsan, bolam, kel-da shundoq, – dedi yana kampir, – bobongga suyanarkanmanmi, deyman-da, o‘tganidan beri bir o‘zim juda garangsib qoldim. Na amakingnikida, na ammalaringnikida bir kundan ortiq tura olmayman. Darrov o‘zimning uyimga qaytgim keladi. Go‘ring nurga to‘lgurning chirog‘ini yoqib o‘tiray deyman-da. Otang bo‘lsa, mana, katta shaharga jo‘naganicha, oyda-yilda bir keladi, o‘risga o‘xshab qoldi-da, o‘rislar bilan ishlayverib. Ha, mayli, omon bo‘lsin...
Javlon jilmaydi. Xotirasining eng tiniq ko‘z­gusida muhrlangan damlarni esladi...
Ana, bobosi – butun qiyofasidan shiddat yog‘ilib turgan barvasta chol, ko‘kish-oq soqolini chayir bar­moqlari bilan taragancha, divan-karavotida yonboshlab yotibdi. Ko‘ziga ko‘zoynak taqib olgan, televizordan “Axborot”ni ko‘ryapti. Robiya buvi achchiqqina damlangan ko‘k choyni og‘ir, qalin shohpiyolaga suzib, choliga uzatadi. Yer tagidan bir-ikki qarab olgach, asta gap boshlaydi:
– Qilichni chaqirib olsangiz, bo‘larmidi, otasi? Yetar shuncha yurgani, kelib uyiga o‘zi egalik qilsin...
Bobosi miyig‘ida kulib, kampiriga o‘giriladi. Bir chekkada kitob o‘qib o‘tirgan o‘smir – Javlonni imlab ko‘rsatadi:
– Mana, o‘g‘lini berib qo‘yibdi-ku, shu-da uyning egasi, kampir!
Robiya buvi choliga gap uqtirib bo‘lmasligini bilsa-da, taslim bo‘lgisi kelmaydi:
– Hademay, maktabi bitsa, buyam ketadi-da! Kim qaraydi hayhotday hovli-joyga? Kenjangizning yurishi bu bo‘lsa... Qilich harholda, uyning kattasi, shu yerda vatan qilsin, deyman-da. Tokay yuradi begona shaharda xotini bilan to‘rtta bolasini sudrab...
– Ha endi, rizq-da, kampir, Xudo qaerga sochsa, bandasi borib terib yeyishi kerak ekan-da! Ishini bilasan-ku, – deydi bobosi osoyishtalik bilan.
– Ishiyam bor bo‘lsin, – Robiya buvining sira alami tarqamaydi, – o‘risga qo‘shilib, o‘ziyam oxiri o‘risday bemehr, beoqibat bo‘pketadi sizga qo‘yib bersa...
– Qo‘yaver, onasi, bir kuni esini yig‘ib, qaytib kelar, fe’lingni keng qilib turgin-chi, – pinagini buzmaydi Ubaydulla bobo...
Buvi-nevara choy ustida anchagacha gurunglashib o‘tirishdi. Kampir Javlonning dadasi, onasi, uka va singillarini birma-bir so‘rab, surishtirib chiqdi. Ayniqsa, dadasi – “o‘ris bola”sini mehri tovlanib-tovlanib, gapirdi:
– Omongina bo‘lgur, yoshligidayam hozirgidek bir so‘zli, o‘jar edi-da. Aytganini qildirmasa, bo‘lmasdi. Bobongning sovxozida binoyiday traktor haydab yuruvdi. Ikki oy deganda, o‘z-o‘zidan aynidi-qoldi. “O‘qishga kiraman, traktor haydab, ichim ezilib yurmayman”, deb turvolsa-da! Urina-urina o‘qishga kirdi-yu, o‘ziyam tinchidi, bizam... Ha, shunaqa ekan-da. O‘jarligi otasining o‘zginasi-da, derdilar onam rahmatli unga qarab...
Buvisining ezmalik bilan aytayotgan gaplarini eshitishdan allaqanday huzur tuyib o‘tirgan Javlon yoshligida ko‘p so‘raydigan savolini beixtiyor yana tak­rorlagisi keldi:
– Buvi, men o‘zi kimga o‘xshayman?
– Senmi, sen otangga o‘xshamaysan, – dedi kampir xuddi Javlon otasiga o‘xshamaganidan mamnun bo‘lganday maroq bilan, - sen mening rahmatli akamga o‘xshaysan. Mulla Xidir deyishardi akamni, Buxorodagi madrasada o‘qib kelgandi. Senga o‘xshab, serfikr, “ichimdagini top” edi, qo‘lidan kitob tushmasdi. Bir yomon vaqtlarda ko‘p kitoblarini somonxonaga, devorlar kavagiga yashirib, saqlab qolganmiz, dushman deb olib ketishardi-da bo‘lmasa...
Kampir yana xotiralarga berildi. Javlon uning gaplarini tinglar ekan, ich-ichidan ko‘ngli yorishib kelayotganini, yengil tortayotganini his qilar, ma’yus chehrasi ochilib borayotganini buvisi ham sezar, sezgan sari, nevarasi yaxshi ko‘radigan, qayta-qayta eshitib to‘ymaydigan hangomanamo gaplardan so‘zlardi.
Kun peshindan oqqanida Javlon o‘rnidan qo‘z­g‘alib, hovliga chiqdi. Kechgacha aylanib, timirskilanib yurarkan, shu yerda kechgan bolalik, o‘smirlik damlarini esladi.
Ilgari qanaqa edi-ya bu hovli! Keng, daraxtlari yashnab turar, gurkiragan anor butalaridagi katta-katta anorlar ko‘zni quvnatardi. Bobosi kun bo‘yi hovlida kuymalanib yurardi – o‘t o‘rar, mol-holga qarardi. Hammayoq orasta, ko‘m-ko‘k edi u tufayli. Kechga tomon hovlidagi ish-yumushlarni tindirishgach, Javlon hovliga sharaqlatib suv separdi. Deraza tagidan o‘tib-qaytarkan, bobosining shom namozini o‘qiyotgani eshitilib turardi...
Uyning orqa tarafida katta tut daraxtlari bor. Hozir ulardan biri qiyshayib, quriy boshlabdi. Tut pishgan chog‘lari buvisi Javlonni daraxt ustiga chiqarardi. Jo‘rttaga ingichka shoxga oyoq qo‘yib, tut qoqardi u. Robiya buvi undan ko‘z uzmas, “Yiqilasan, omon bo‘lgur, yo endi ish aytmasin, deyapsanmi?” deb javrardi. Unga sayin bolaning battar sho‘xligi tutardi...
Bedazorning o‘rtasidagi gilos daraxti ham ko‘ziga olovday ko‘rindi. Borib tagida birpas o‘tirdi, xayolida yana xotiralar: ammasining qizi Halima bilan gilos terib yeganlari, qo‘shquloq gilos talashib, bobosidan koyish eshitganlari... Barisi dilga yaqin xotiralar. Ayniqsa, Halima...
Ikkovlari tengdosh edilar, oradagi farq bor-yo‘g‘i bir yarim oygina, xolos, oyisining eslashicha, Javlonning qirq kunlik chillasi chiqar-chiqmas, Halima tug‘ilgan. Besh-olti yoshlarida bobosi birga o‘ynab yurgan nevaralariga qarab shunday degan ekan:
– Onasi, esingda bo‘lsin, kelining bilan qizingga ham aytib qo‘y, katta bo‘lishsa, Javlonni Halimaga uylantiramiz, shu hovlini ularga beraman, qarib kuchdan qolsak, ikkovimizga qarashadi. O‘zingniki boshqacha-da, begona baribir, begona...
Robiya buvi bu gapni qizi – Halimaning onasi bilan kelini – Javlonning onasiga kulgiga olibgina aytgan:
– Sizlar nima deysizlar-u, otang shundoq qi­larmish!
Ikkala yosh juvon bu gapni eshitib, rosa kulishgan, shundan beri bir-birlarini “qudajon” deb chaqirishardi. Bolalar buni eshitishsa ham, ma’nisiga bormasdilar, albatta. Yillar o‘tib, ulg‘ayishgani sari ular bir-birlari bilan tobora inoqlashib borishdi. Maktabda bir sinfda o‘qishdi. Halima bo‘ychangina, nozik nihol qiz bo‘ldi. Qiyiq ko‘zlari, bejirim burni-yu, kichkinagina og‘zi bilan xitoymi, uyg‘ur qizlariga o‘xshab ketar, Ubaydulla bobo uni erkalab, Qashqarcha oyim derdi. Bobosi ota-onalaridan ularni so‘rab olgan, Halima deyarli har kuni kelib, buvisiga qarashar, Javlon-ku yoshligidan shu yerda turib, qishloq maktabida o‘qirdi. Ana-mana deguncha, maktabni ham bitirishdi. Javlon institutga o‘qishga kirdi, Halima ham. Endi har dam olish kuni ular bobo-buvini ko‘rgani kelishar, hovlida yig‘ilib qolgan ba’zi yumushlarni birga bajarishardi. Munosabatlar endi jiddiylashgan, muhabbatlarining kelajagiga esa ishonch bilan qarashardi, axir, o‘rtada bobomizning gapi bor, deb ko‘ngillari to‘q edi. Ammo o‘qishni tugatishlariga bir yil qolganida Ubaydulla bobo olamdan o‘tdi. Javlon o‘qishni tugatib, o‘sha kezlarda yangi ochilgan magistraturaga hujjat topshirdi, Halima qishlog‘idagi maktabga ishga kirdi. Sovchilar Halimalarning uyiga serqatnov bo‘lib qolganini qaynonasidan eshitgan Javlonning oyisi ham harakatini boshladi. Singlisini ergashtirib, qaynopasinikiga qulchilikka deb keldi. Amma-ku, rozi edi-ya, lekin pochchasining bir og‘iz gapi bilan hamma narsa barbod bo‘ldi:
– Qarindoshga qiz bermayman, tamom-vassalom!
Sovchilar quruq qaytishdi, buvisi yig‘ladi-siq­tadi, cholining arvohini o‘rtaga soldi, biroq kuyovini gapiga unata olmadi. Shu-shu bo‘ldi-yu, Javlonning oyog‘i qishloqdan butunlay uzildi. Sal o‘tmay, Halimani turmushga uzatishdi, ikki oylardan ke­yin Javlon ham uylandi. Dadasining o‘rtog‘iga kuyov bo‘ldi. Xotini Mahfuza og‘ir-bosiq, uni tushunadigan chiqdi. Ammo ikki yildan beri bo‘yida bo‘lmayapti. Halima ham shunday ekan, buni oyisi bilan o‘rtancha ammasi dardlashayotganida tasodifan eshitib qolgan. Boshida uncha ahamiyat bermagan bo‘lsa-da, tengqur og‘aynilari o‘g‘ilcha yoki qizchalarining qilig‘ini, tetapoya qadam tashlayotganini aytib qolishsa, o‘zini allanechuk o‘ng‘aysiz sezadi. Uyga kelib, xotiniga qarasa, battarroq siqiladigan bo‘lib qoldi. Biroq shunday bo‘lsa-da, biror chora ko‘rishga hafsalasi yo‘q, shifokorga ko‘rinishga o‘zi unamaganidek, Mahfuzaga ham ruxsat bermaydi. Bundan bir hafta oldin Javlon xotini bilan qattiq arazlashib qoldi. Erining beparvoligi, “ichimdagini top”ligi Mahfuzani jonidan to‘ydirganga o‘xshaydi, chunki indamay, zarur narsalarini oldi-yu, qizlik uyiga jo‘navordi...
Avvaliga jahl ustida Javlon bunga-da qo‘l siltadi, yanayam to‘g‘rirog‘i, bunday yashash o‘zining ham joniga tegib ketgandi. Onasining ayblovlariga ham parvo qilmadi. Lekin o‘tgan kuni bir ilmiy maqolasini qidirayotib, Mahfuza bilan to‘ylarida tushgan suratni topib oldi. Yuzlari baxtdan porlab turgan yoqimtoygina kelinchakka qaradi-yu, ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketdi. O‘zini aybdor sezdi. Uyga sig‘madi shundan keyin, negadir shu yerga kelgisi keldi...
Javlon og‘ir xo‘rsinib, o‘rnidan turdi. Yana katta, keng hovliga ko‘z yugurtirdi. Ha, bu hovli ilgari juda fayzli edi. Hozir bo‘lsa, daraxtlar bejon, anorlar ham kamayib ketibdi. Uy bo‘lsa yarim xaroba. Egasi ko‘chib ketganday. “Darvoqe, chindan-da, bu hovlining haqiqiy egasi hozir yo‘q, – dedi o‘ziga o‘zi. – Fayz ham, baraka ham bobom bilan birga ketganga o‘xshaydi...”
Hovlida shu paytgacha nega tentib yurganini endi payqadi: u o‘zi bilmagan holda bobosini izlayotgan ekan! Qo‘shni chol – Abdurahmon buvaning ovozini eshitib, yuragi “zirq” etib ketdi. Go‘yo, mana hozir, hovlining biror burchagidan bobosining yo‘talgani eshitiladiganday qulog‘i ding; bir bog‘ o‘tmi, tok qaychi ko‘taribmi chiqib keladiganday ko‘zlari olazarak, lekin bobosi yo‘q. Deraza tomondan “ihdinas sirotal mustaqiym” deyotgan yo‘g‘on ovoz kelarmikin, deganday quloq tutdi, ammo...
Kun botdi. Buvisi damlagan oshini suzay deb turganida amakisi shoshib kirib keldi, Robiya buvi chaqirtirgan, shekilli. Gangir-gungur suhbat bilan osh yeyishdi, behili palov rosa shirin, xushxo‘r bo‘lgan ekan. Kechqurun amakisi ketgach, buvisi ikkovi bir vaqtlardagidek gaplashib yotishdi. Allamahalda ko‘zi ilingan Javlon tush ko‘ribdi. Bobosi qo‘lida hassa, boshida qo‘zi telpagi, o‘sha-o‘sha salobatli emish. Javlonni ergashtirib, qaergadir ketayotganmish. Yo‘lning bo‘lsa, oxiri ko‘rinmasmish. Javlon keng yaktagining etaklarini silkitganicha shitob bilan yurib ketayotgan barvasta bobosiga sira yeta olmasmish. Axiyri, u to‘xtab qolibdi. Bobosi buni sezib, to‘xtabdi va ortiga o‘girilibdi. Keyin odatdagiday osoyishtalik bilan gapirayotganmish:
– Ie, o‘g‘lon! Kelavermaysizmi, nega to‘xtadingiz? Hadeb orqaga qarayvermang, endi foydasi yo‘q. Tezroq yuring, men sizga bir nima ko‘rsatishim kerak, ozgina qoldi, hademay yetamiz...
Yigit yana bobosiga ergashdi, ammo to‘satdan vujudida paydo bo‘lgan yengib bo‘lmas horg‘inlik, charchoq uni yurishga qo‘ymadi. Bobo bo‘lsa, endi nevarasiga qayrilib ham qaramas, ildamlik bilan olg‘a ketib borardi...
Javlon uyg‘onib ketdi. Tashqarida tong oqarib kelardi. U ortiq uxlolmasligini bilib, sekin tash­qariga chiqdi. “Nima demoqchi bo‘ldilar? Qaerga olib bormoqchi ekanlar? Nimani ko‘rsatishlari kerak? Nega mendan darrov uzoqlashib ketdilar?” Orqa hovliga o‘tdi. Kecha ko‘rgani, achinib qaragani – anor butalari­ga ko‘zi tushdi. Xayolan bobosi bilan gaplasha boshladi. “Nima qilay, bobojon? Nima qilsam, xursand bo‘lasiz? Ko‘nglim g‘ashligini tarqatarman, deb kelgan edim, g‘urbat chekib yuraverish o‘zimning ham jonimga tegdi, bobo! Birgina ishora bering, boshimni birgina silang, jon bobo! Axir, marhumlar eslanganida doimo hozir, deyishadi-ku! Yo‘l ko‘rsating, bobo!” Javlon yana anor butalariga qaradi. Yarmi qurib qolgan anorlar bir oyog‘ida zo‘rg‘a qaddini rostlab turgan odamni eslatdi. Yigit bobosining belkuragini qidirib, atrofiga alangladi va yugurguday bo‘lib omborxonaga kirdi.
– Mana, ko‘rasiz, bobo, endi hammasi yaxshi bo‘­ladi. Mahfuzaniyam ortiq qiynamayman, onamni ham. Hammasini tushundim. O‘zim uchun, yo‘q, siz uchun harakat qilaman, bobo, maylimi? – shivirlardi u...
Robiya buvi bomdod mahali hovliga chiqdi. Terlab-pishib, anor butalarining tagini yumshatayotgan nevarasiga uzoq termulib qoldi...

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 9-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.