OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yoqutxon Akramova. Ruhim yaproqlari (hikoya)

1. Begonalar qaynagan zamin

Tashqarida hamma notanish. Quyosh, yechinishga yechinib qo‘yib, endi uyatidan dong qotgan yalang‘och daraxtlar, og‘ir asfaltdan bichilgan kafani ichida zil ketayotgan yo‘l, to‘qqiz qavatli binoning har bir katagida urchiyotgan suvaraklaru yerto‘lani suv bosganiga qaramay, yana yangi jihozni uylariga tashmalayotgan ochko‘z odamlar... Bari notanish.
Yomg‘irga aralashab pilchillayotgan qor, shafaqni unutgan kulrang samo, ko‘p narsalarni va’da qilayotgan muzday shamol — hammasi begona...
Men kimman?
Qudratli ilohiy kuch ta’sirida yuragim bir maromda tepayotir. Bordiyu uning harakati to‘xtasa... kurrai zaminning son-sanoqsiz do‘ngliklari soni yana bittaginaga ko‘payadi.
Yettinchi qavatning ayvonidan pastga, sertashvish ko‘chaga, nuqul qayoqqadir shoshadigan yo‘lovchilarga boqib, birdan qo‘rquvga tushaman. Har birimizdan bir qabariq. Har begonadan bir do‘nglik. Go‘yo zamin bilinar-bilinmas qaynayotgandek. Silkinishdan to‘xtagan yurak zaminning qabarishiga sababchi. Hozirgina ungan qaynoq qabr...
Zamin qaynab borgani sari ruhim chanqayveradi. Bilmoq istayman. Bilolmayman. Men kimman?..

2. Yalang‘och umr

Quz... Sening daraxt yaprog‘iga o‘ch, sap-sariq, siniq ranging — borliqning ramzi bugun.
Tafting deganlarim siqiq, sovuq va hazin ekan. Bejavob mehrim muhri — sening quvonching, mening dardim. Olg‘ir nigohing izi — yuzimdagi ajin endi. Ajin — ildizimga eltuvchi yo‘lning boshi. Taassufki, mukammallikka intiluvchi cheksizlik shundan boshlanibdi...
Kuz, sen keldingu tabiat orzusiz qoldi. Daraxtlar bor umidlarini to‘kib, yalang‘och yashashga mahkum bo‘ldilar endi.
Yalang‘ochlikka esa, chidolmayapman...

3. Ruhim sayohati

Men qaysi paytlarda tirik hisoblanaman? Tanamni tark etgan ruhim sayohati — tushimdami? )
Sayriruh mobaynida «imkon» yo «gunoh» degan tushunchalarning o‘zi yo‘q. Poyonsiz ehtiroslar, jilovsiz xatti-harakatlar uzilgan tongda siqiq oshyonimning biror jihoziga ilingan nigohim qoqiladi... bu ajab sayohat barham topadi.
Tantiq ruhim sovuq aqlimga urush ochganda, iztiroblarim rangi siniq. Siniq rang siqiq umr ramzimi? Umr atalmish mezon nahot shunchalar qisqa? Umr qisqa, ammo sayriruh... 
Ulkan, cheksiz ko‘m-ko‘k maydon. Yerda chechaklar. Osmonda sanoqsiz yulduzlar. Oy ham, porlayotgan quyosh ham bir osmonda. Maydonning qoq o‘rtasida uch kursi. Unda Bolaligim, Qizligim, Ayolligim o‘rtiribmiz. Quyosh nuri bir za’faron, bir ol, bir sap-sariq... Zamon uzra balqqan moychechaklar yengil shabboda xo‘rsinig‘ida qo‘rqib titrashadi. Ham kutishadi, ham qo‘rqishadi. «Bolaligim» beshik-kursidan turib quyoshga boqqanida, borliq pushtilikka aylandi. Ayajonim «gul ichidan hidlab olgan guli-gavharim»ni aytayaptilar. Gul ichidan hidlab olganlari —«Bolaligim». Adam: yuzlarida qat’iylik, ko‘zlarida ranj, qo‘llarida nihol — ko‘chat ekmoqdalar. Atrof niholga to‘ldi. Aslzoda ajdodlarim tomiridan ungan ular. Buni ancha keyin bilaman. Hozir esa, yerda dumalab qiyqiraman. Quvonchimdan entikib, dumalab-dumalab yumaloq kurrai zaminning kaftdek maydonidan «yiqilib» ketaman.
«Qizligim»ga evrilganimda esa yuragim shig‘illab, ko‘zgu yonidagi kursidan sakrab turaman. Atrofimda baqaloq xotinlarning turmushdan to‘ygan shaddod ovozlari. «Yig‘lama qiz, yig‘lama-yo, to‘y saniki, yor-yor...»
Bolaligimda adashib qolishni xohlaganimdanmi, yo «toychoq yot bo‘lgisi» kelmaganidanmi; baribir, kimgadir tegamanu, keyin maydondan ketaman, deyman. Adajonim ekkan nihollarni «jadid» deya, «bosmachi» deya qars-qars yiqitayotganlar endi mening tomirlarimga zirqiratib bolta uradilar. Shijoatimga tekkan zarb dastidan bor ovozda dod solgim keladi. Ammo... Noshukurlik yomon. Umrim bolalarimga baxshida endi.
Maydondan xo‘ngrab ketgan ishonchim o‘rnini jajjilarimga mehr egalladi. Menligimning bir juft parchasiga ayamning so‘zlarini: «Tol ichidan tanlab olgan tole navkarim, Gul ichidan hidlab olgan guli gavharim»ni aytamanu, ko‘zimdan yulduz tomadi. Bepoyon samovotga mehr tomchilaridek ilingan son-sanoqsiz avlodlarim ruhi — osmondagi yulduzlar. Jismimni sel qilayotgan dardli qo‘shiq — ularni isyoni. Kech... Juda kech tashrif buyurgan, ehtiros ummonini junbushga keltirgan muhabbat maydon sohilini nurafshon etadi. Shundagina ko‘raman... «Go‘yo ko‘zim endi ochilgandek. Sohil sap-sariq, armon rangida. Sunbula...
«Mani ko‘nglim siz bilan...» ,
Gunoh atalmish sohil sarhadlari abadiy sukutda jon saqlagan oyning yuziga chirmashib, dog‘ga aylanadi.
Ruhim sayohatdan toladi. Foniy dunyoga qaytaman. Endi Sizga yetolmaganim, sizni-da o‘zimdan ayurganim, shajaramga tekkan zarb ta’sirida o‘zligimni anglamayotganim azobidan dog‘da o‘taman. Dog‘da yashayman! Nahot shu mavjudlikning nomi «yashash» bo‘lsa...

4. Zanjir halqalari

Xotiralar iskanjasida lom-mim demay, xotirjamlik kuyini ijro etmoqdaman. Soat millari ham menga o‘xshash — ijrochi. Ular qo‘shig‘ingizni aytishayapti. Yuragimni o‘rtayotgan his armonmi, xayolmi? Ajrata olmayapman.
Xotiralar zanjirining har bir halqasi — yangi tugun. Asir bo‘la turib, «xotirjam»lik o‘ynash... Nahotki, bir umrga shunday «baxtli» ayolman endi?.. Yo‘q, men bunday bo‘lishini istamayman.

5. Yetim bahor

Bahorim ilk bora qaldirg‘ochsiz keldi. Mungli va bir juft qora munchoqlar menga uzoq tikilganlari xotiramda muhrlangan. O’shanda menga nimalarni aytging kelgandi-ya, qaldirg‘och?
Balki bu foniy dunyoning o‘tkinchiliginidir?..
Ayrildim, o‘zimni-da ayurdim hissiyot iskanjasidan.
Balki «mehr atalmish ulkan his behudud bahrul ummon emas, tomchidir? Qaqragan taqirlikka zarracha kor qilmay singib ketganidan so‘ng, bu tomchining bor yo yo‘qligini isbotlash amrimahol», demoqchimiding? Undan hech bo‘lmasa birgina giyoh unishidan umidvor qalbim — niyatlar mozori endi. Barini ko‘mdim.
Balki «kelajak aslida bugungidir», deb aytmoqchimiding? Kechagi kunda ertamni nobud qilganimni fahmab, o‘tgan kun armonida kelajakni kutmay qo‘ydim.
Balki... Yo‘q. Unday demagandirsan. Zotan, meni bilasan. Ojizman. Seniyu meni birday ojiz yaratganning o‘zi bas kelsin, qaldirg‘och. Qaldirg‘och, qaldirg‘och...

6. Telbalik baxti

Qandaymanmi? Men bilan yashash... Meni bilaman deganlardan so‘ramang, baribir aldashadi. Sizni ham, o‘zlarni ham aldab yashashadi...
Qandayligimni uzim aytaman, eshiting.
Telba kim? Telba — kataklarga sig‘magan odam.
Katak — qizil chiziqlar majmuasi.
Qizil chiziq —«mumkinmas»ning tasviri.
Shu siqiq tasvirning millionlab katagiga sanoqsiz odamlarning tanasi sig‘adi. Aridekmi, asalaridekmi, pashsha yo kapalakdekmi, chumoli yo suvarakdekmi, kuni o‘tib yashar odam tanasi. Ammo, ruh!.. Uni katakka tiqishtirish azob.
O’shanaqa ruhimga — hech bir oshyonga qo‘nmagan, sig‘magan ruhimga madad izlamay qo‘ydim. O’ttiz besh pog‘onaning har birida avval «sho‘x» deb, keyin «laqma» deb, keyin «betgachopar» deb turtindim.
Bo‘g‘zimga tiqilgan tosh... Faqat shungagina boshim urilmadi. Endi bildim. U tosh emas. U — isyon:
Ruhim junbushda... «Hujayra» atalmish tanachalarimga harakat baxshida etayotgan asov g‘alayon tomirimga sig‘may ketmoqda.
Mendan qo‘rqmang... Keyin, iltimos, tush ko‘rmang men bilan xayrlashayotganingizda. Orzu qilmang meni bir umr.
Borliq vujudini, qon tomirlariniyu yurak urishini, hujayralar harakatiniyu tiriklik tanachalarining shiddatini tuygan, «ko‘plar»ning kuchli oqimiga qarshi chiqish mumkin deya o‘ylagan kimsaga ishonib bo‘larmidi? Aslida «ayol ekan» deb tamshanib qo‘yganingizda, o‘zingizga hukm o‘qiysiz. Yaxshisi, «jinni ekan» deb ayting. Bu tashbeh menga tegishli.
Zotan, telba — «ko‘pchilik»dan forig‘ degani. «Yolg‘iz» degani. Telba — sizdan, undan, ulardan xoli degani.
Telbalarning baxti shundaki, ular bir-birlariga o‘xshamaydilar. Shunday baxtga erishgan ruhning o‘ttiz besh zinaga qisqargani (yoinki uzaygani, baribir) xususida va’z aytay, eshiting:
«Hamonki, ruhim madadi isyonim ekan, hamonki, telbalik baxtning aks-sadosi ekan, kimgadir intilishni, suyib-surkanishni bas qilsak, tamom! O’sha «ko‘l»larga o‘xshab, meni «jinni» deya olganingizda, o‘zingizning sog‘ ekanligingizdan xotirjam bo‘ling...»

7. Ozodlik
Tushda qor eriydi,
Sokin, lek yoniq ovoza bilan
M. Chaklays


Ruhim sayohatda. Tanam karavotda. Tilim aylanibdi. Nimalar debman? O’zimga aytishmadi. Mayli, aytmang. Devor quloqlari, eshik ko‘zlari, sokinlikning o‘z so‘zlari bor. Nimalar deganimni bilmayman, ammo o‘sha soniyalarda ozod bo‘lganim aniq. Tushlari uchun ham gunohkor sanalganlar bor-a, bizda? Bor...
Gunohning o‘zi nima? Barcha «mumkinilarning aksimi? Unda osoyishtaligimiz yo‘lida yana «bir ovozdan» qaror chiqarib qo‘yaqolaylik: «Tush ko‘rish man etiladi» deb. «Moddiy vujudni tark etgan har qanday ruh — xalq dushmani» deb.
Barcha tantiq ruhlarga bezak taqaylik — yaltiragan, shaldiragan zanjir halqalaridan. Ruhlar ham bilishsin-da yetim tana azobini...
Aytmang, sohibim, mayli. Faqat kechiring. Nima deganimni bilmaymanu, lekin o‘shandagi ovozim... Ozod ruhning ovozi sokin, lek yoniq bo‘lg‘ay. Unda ham mung, ham hasrat, ham ehtiros, ham umid bo‘lgani aniq. O, nahot bu ohangni o‘zim hech qachon eshita olmasam...
Nimalarni aytvordim-a?..

8. Umidim sarhadi

Bir umr sizni izladim. Atrofimdagilarga xislatlaringizni mengzadim. Kimki yuragimga yaqin kelsa, undan o‘zimni olib qochdim. Aslida-ku, ularni menga yaqin qilgan narsa sizga o‘xshashliklari. Shu bilan birga, ularni yiroqlashtirgan ham aynan shu mushtaraklik.
Hayotim — halqalarning uzviyligi. Qishi bilan qovjiraganiga qaramay, o‘z daraxtidan ayrilmagan yaproq uchun bahor kim? O’tgan bahordan xotiradek qovjiragan bargning bazo‘r ilingan joyidan bo‘rtayotgan kurtak sadoqatli yaproq umidin armonga qoradi. Bugunmas, ertaga albat yiqilalajagimni tuyib, ilinib yashamoqdaman.
Sevgili kunlarimning sarhadi — men sizdan uzilgan kun...
Bugun bahoriy yomg‘ir o‘limni yaqinlashtirmoqda. Yaqindagina emasmidi, o‘z bahorimda u jonim ozug‘i edi. Endi qovjiragan tanamga urilgan shaffof tomchilar — zarba. Chidash kerak. Ertami, indinmi, yer bilan bitta bo‘lganimda, sizni sezmay qola-man. Yer bag‘irlab yotgan yaproq chirkinlikka aylanadi. Men esa, chiriy boshlayman. Balki o‘shanda ham, meni mazax qilishdan to‘xtamagan shamol kuchidan foydalanib, bir uchib ko‘rarman... Siz hamon...
Ammo sizga yetolmasligimni, sizni topolmasligimni, sizga o‘xsholmasligimni va sizga hech nimani qiyoslayolmasligimni bilib turaman o‘shanda ham.
Hozir esa tabiatning fe’liga qasdma-qasd, o‘z daraxtimga ilinib turibman.
Shunday ekan, meni olib qolgan kuchga ming bor shukr!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.