Soat o‘n birga yaqinlashganda kafeda oltita mijoz qoldi. Bufetchi va ofitsiantlar ularga qarab-qarab qo‘yishdi-yu, lekin indashmadi. Chunki hisob-kitob kilishgan, uyga ketishlariga esa hali vaqt bor edi.
Olti mijozning uchtasi — jinsi shim, qizil va sariq kurtka kiytan, uzun sochli o‘spirinlar bo‘lib, ularning biri qiz bola bo‘lsa ham, tashqaridan qaraganda ajratish qiyin edi. Aytayotgan gaplarini, bildirayotgan mulohazalarini o‘zlaricha eng aniq va eng zarur, deb hisoblaganlari uchun xaxolab kulishlari ham, lallayib o‘tirishlari ham beg‘ubor edi.
Bir stol narida esa ikki sportchi o‘tirardi. Biri o‘ttiz, biri yigirma yoshlar atrofidagi shirakayf bu yigitlar hech narsaga e’tibor berishmasdi. Taqdir ortiqcha shuhrat bergan kishilarda bo‘ladiganidek, ularning kelbatlarida ham andak kibr ko‘zga tashlanardi.
Mijozlarning oltinchisi zalning to‘rida, nimqorong‘i joyda o‘tirardi. Uning stoli yig‘ishtirib olingani uchun, grafinda oxirlab qolgan konyak bilan bir shisha «Toshkent suvi»dan bo‘lak narsa yo‘q edi. O’ttiz yoshlardagi bu odamning ham sportga aloqadorligi kelishgan, qoruvli qomatidan sezilardi. U ko‘zini ikki sportchidan deyarli uzmas, bufet yonida g‘imirlab yurganlarga onda-sonda bir qarab qo‘yardi-da, yana boyagi ikki sportchiga tikilardi. Yuziga o‘rnashib qolgan nuroniy g‘amginlik, quyuq qoshlarining chakkasiga borganda burchak bo‘lib egilishi unga allaqanday olijanoblik ifodasini berardi. Qansharidan boshlanib lablarining ustigacha kelgan ikki ajin esa zalning nimqorong‘iligida yuzini bir oz osilinqiragan qilib ko‘rsatardi.
U qadahdagi konyakdan ho‘plab, gazagiga «Toshkent suvi» ichdi-da, soatiga qaradi. «Tezroq yo‘qolishsa bo‘lardi, mishiqilar», deya g‘udrandi o‘spirinlarga ko‘z tashlab qo‘yarkan. Keyin baland ovozda bemalol gaplashayotgan ikki sportchiga qaradi.
— Meni bilasan-a? Men bor ekanman, u joy seniki, hech qanaqa Sobir ham, Nodir ham o‘ynamaydi! Kafilman bunga, — derdi sportchilarning kattasi.
Bu gapni eshitib oltinchi mijoz yana g‘udrandi:
— Ha, hozir sening martabang ulug‘.
«Martabasi ulug‘» esa, qadahga konyak quyib, yosh sportchiga ich deb imladi.
— Ichmayman, o‘zi shundoq ham ko‘p ichvordim.
— Ich-e, kim aytadi seni yigit deb!..
— Indinga o‘yin bor-ku!
— E, Xalil! Har kuni o‘tiribmanmi sen bilan? Har kunimi? Yo‘q! Undan keyin o‘zing ayt-chi, men o‘ynagan davrda oldimga tushadigan o‘yinchi bormidi? A? Bormidi?
— Yo‘q.
— Bo‘pti-da. msn esam bunaqa paytlarda ulfatimni xafa qilmasdim. Mana, ko‘rib turibsan, hozir oliy ligada trenerman. Komandam, Xudoga shukur, boshqalardan kam emas.
— Ha endi, siz boshqa-da.
— Ol, sening omading uchun ichaman. Menikidan kam bo‘lmasin.
Ular ichishdi. Yosh sportchi unchalik qiynalmadi. Trener esa yuzini burishtirganicha shokolad olib, uni anchagacha labiga bosib turdi. Keyin bir tishlab, istar-isgamas chaynadi-da, betini kaftiga qo‘ygancha ko‘zini yumib o‘tirdi.
U ko‘zlarini hali ochganicha yo‘q ediki, stolga bir narsaning taraklab qo‘yilganini, bo‘sh stulning shovqin bilan surilganini va kimningdir, «yaxshimisan, Akbar», deganini eshitdi. Eshitdi-yu, ovoz kelgan tarafga erinibgina qaradi. Ko‘rgan narsasi konyagi oxirlab qolgan birovning grafini bo‘ldi. Keyin... qo‘lini uzatib turgan odamni ko‘rdi. Ko‘rdi-yu, bir seskanib tushdi.
— Yaxshimisan, Qodir, — dedi u ham qo‘lini uzatar ekan, bezovta bo‘lganini shogirdidan yashirishga urinib.
— Eski qadrdonimning bir suhbatini olay dedim-da. Uzr, — Qodir Akbarning ulfatiga qo‘l uzatdi.
— Bemalol, bemalol, — dedi Akbar ataylab cho‘zib.
Qodir o‘zi keltirgan grafindan uchala qadahni to‘ldirdi. Yosh futbolchi ikkoviga bir-bir ko‘z tashlab qo‘ydi. U Akbarning avzoyidagi o‘zgarishni sezgani uchun mehmonni adovat bilan kuzatar, treneri uchun har daqiqada sapchib turishi mumkinligi bilinardi. Trener esa, bu orada o‘zini tutib olib, Qodirga istehzo aralash muomala qilishga urina boshladi.
— Qalaysan, Qodirbek, ming yillardan beri ko‘rinmaysan, — dedi u mehmonning yelkasiga qo‘lini tashlab.
— Yuribman, faqir kishi panada, de-eb.
— Ho, juda ham faqir emassan-ku. Ha, aytmoqchi, tanishtirmabman-ku sizlarni, — dedi u yosh futbolchiga qarab. — Eshitgan chiqarsan, mashhur futbolchi Qodir Qoriev. O’n yil ilgari uning nomini eshitganda ko‘chada tramvaylar to‘xtardi. — Yosh futbolchining ko‘zlaridagi shubha yo‘qolib, chehrasiga iliqlik yugurdi. — Bu esa, — gapida davom qildi Akbar, — kelajagi porloq futbolchilardan Xalil Ravshanov.
— Juda xursandman, — Kodir Xalilga yana qo‘l uzatdi.
— Qaerlardan so‘raymiz? — Akbar Qodirga tikildi.
— Maktabda fizkultura o‘qituvchisiman. «Toshkabel»da trenerlik ham qilaman. O’zim shu zavoddan chiqqanim uchun hech qo‘yishmaydi... — Qodir javob berar ekan, uchrashuv ta’siridagi hayajoni bosilib ko‘ngli yana g‘ash tortayotganini his qildi. Yuzini yana qaxr va alam egatlay boshladi. Undagi bu o‘zgarishni Akbar ham ko‘rdi va mavzu qayoqqa burilishidan qat’iy nazar, u chetlab o‘tmoqchi bo‘lgan narsaga taqalishini sezdi.
— Ha, sen bechoraning omading yurishmadi, — dedi noiloj ohangda. Biroq battar qovun tushirganini ilg‘ab, darrov gapni burdi. — Lekin zo‘r o‘yinchi eding-da, hamma qoyil qolardi. Qani, ichaylik! Mexiko esingdami, a?.. Akbar yolg‘ondan boshini quyi solib, go‘yoki achinayotgandek, qo‘lini stolga urdi. — Kel, o‘tmishni eslamaylik. Yaxshi fursatlarning o‘tib ketgani alam qiladi.
— Yo‘q, — dedi Qodir past, ammo salmoqli ovozda. Bu safar uning tovushi yanada yo‘g‘onroq eshitildi. — Men oldingga xuddi ana shu o‘tmishni eslash, xotiradan ko‘tarilgan narsalarni tiklash uchun o‘tdim. Eski xotiralarsh eslaganga nima yetsin! Shunday emasmi?.. — Qodir oxirgi gapini ustoz va shogirdga qarata gapirarkan, to‘lqinlanayotganini, ovozi ham titrab ketayotganini sezdi. Birdan portlab, ishning pachavasini chiqarishi mumkinligini o‘ylab, bor irodasini o‘zini bosishga qaratdi. Qadahni qo‘liga olarkan, Akbarga qarab jilmaydi. Uning bu qarashi Akbarning nari-berisidan o‘tib ketdi. Undagi bu o‘zgarish beixtiyor yosh sportchiga ham o‘tdi.
— Men bechoraning omadim yurishmadi, — Qodir yigitchaga ahamiyat bermay, Akbarga tikildi. — Qani, ichaylik bittadan...
Akbar bilan Qodir ichdi. Xalil esa ichmadi.
— Ichaver, bizlarning gapimizga e’tibor berma, — dedi Akbar. Xalil shu paytgacha bu uchrashuvni shunchaki, ikki qadrdonning hazil-mutoyibasi, deb o‘tirgan edi. Qarasa jiddiy, shuning uchun sergaklandi va ichmayman degan mazmunda qat’iy bosh irg‘adi.
— O’zing bilasan, — dedi Akbar unga. Qodir esa gapida davom qildi:
— Men bechoraning ishim yurishmadi shunday qilib. — U «men bechoraga» yana urg‘u berdi. Shokolad olib, bamaylixotirlik bilan bir qimtidi. Qolgan bo‘lagini bir oz ushlab, tomosha qilgandek, u yoq-bu yog‘iga qaradi-da, sekin zar qog‘oz ustiga qo‘ydi. Panjalari bilan stolga tiralib, stulga yaslandi.
Oraga jimlik cho‘kib, kafening so‘nayotgan shovqini aro ko‘chada sharros quyayotgan yomg‘irning yoqimli ovozi eshitildi.
— Urish, janjal qilmoqchi deb o‘ylama. To‘g‘risi, o‘zim ham senga o‘xshab hozirgi vaziyatimdan hazar qilib o‘tiribman... Men faqat bu dunyoda borligimni senga bir eslatmoqchiman, xolos. Mening hayotimda, taqdirimda sening ham ma’lum o‘rning borligini aytmoqchiman.
Akbar shu paytda: «Bor, toshingni ter», deb turib ketishni istardi-yu, lekin qo‘rquvmi, hurmatmi — buni o‘zi ham bilmasdi — uni ushlab turardi. Bundan tashqari, u o‘zining katta odamligini bilar, bu esa unga mustahkam qo‘rg‘on ichidaligiga garovdek edi. Ko‘p talafot yetmasligini bilardi. Shuning uchun Qodirning dastlabki gaplarini vazadagi gulga qaragancha boshini likillatib eshitdi. Xalilga: «Nima qilardim, chidayman-da», ma’nosida bir-ikki qarab qo‘ydi.
— Sen hozir kattadan-kichik taniydigan mashhur odamsan. Xizmat ko‘rsatgan sport masteri, eng sevimli komandaga trener. Men esam maktabda jismoniy tarbiya o‘qituvchisi, ko‘shimcha ravishda zavodning oddiy komandasiga trenerman. Nega shunday, a?..
Qodirning zaharli ohangdagi bu savoli Akbarga ta’sir etish o‘rniga Xalilning jahlini chiqarib yubordi. Irg‘ib o‘rnidan turdi-da, qo‘lini Qodirning yuziga paxsa qilib, Akbarga gapirdi:
— Yo‘qoting buni, e! Yo‘qol, deb ayting bunga!
Qodir uning qorniga bir urib, joyiga o‘tqizib qo‘ydi. Xalilning: «Piyanistaliging uchun, ishyoqmasliging uchun shu holga tushib qolding, mendan so‘ramaysanmi?» deb baqirmoqchi bo‘lgan gaplari ichida qoldi. Bir ozdan so‘ng, ko‘z oldi yana yorug‘lashgach, Qodirning istehzoli yuzini ko‘rdi.
— Agar men treneringizga bir oz bo‘lsa-da o‘xshaganimda, salgina qattiqroq urgan bo‘lardim. Ertaga trenirovkaga chiqolmasdingiz. Balki umuman chiqolmasdingiz. Sizdan iltimos, sevimli treneringiz bilan bo‘ladigan suhbatimizga xalaqit qilmasangiz, — dedi Qodir oxirgi gapiga qat’iylik ohangini berib. — Faqat eshitsangiz. Sizga ham foydasi bor.
Xalil e’tiroz bildirolmaydigan holda edi. Trenerning bu yoqimsiz suhbatni nima uchun cho‘rt bo‘lmayotganini ham tushunganday bo‘ldi.
Bu hodisa bir zumda bo‘lib o‘tgani uchun kafe xodimlari sezishmadi. Bir stol naridagi o‘spirinlar esa, bir qarab qo‘yib jimib qolishdi. Shishada qolgan shampanlarini fujerlarga bo‘lib, tezroq ichishga bir-birini so‘zsiz undashdi.
Akbar Xalilga achinib qarab:
— Sen keta qolmaysanmi? Biz o‘zimiz kelishib olardik, — dedi.
— Yo‘q, birga ketamiz, — javob berdi Xalil qornini ushlagancha. Qodir unga qarab gapida davom qildi:
— Men esa treneringizga o‘xshamayman. Qarshimdagi odamning kelajagini o‘ylayman, uning taqdiriga yig‘laydigan onasi yoki seviklisi bordir, deb andisha qilaman. — Qodir birdan Akbarga o‘girildi. — Bilasanmi, mening bu holga tushib qolishim qobiliyatsizligamdan yoki jamiyatda menga qarshi bironta kuch borligidan emas. Axir men terma komandada hujumkor yarim himoyachi, sen esa zapasda, mening o‘rinbosarim eding. Faqat boshqa-boshqa klublarda edik... Ko‘p o‘yladim buni. To‘g‘ri, oz-moz icha boshlaganimga, odamlarni yomon ko‘ra boshlaganimga o‘zim aybdorman... Lekin mashhur futbolchining birdan sahnadan tushib ketishiga sabab nimaligini bilasanmi? — Akbar indamadi. U suhbatning cho‘zilishini sezib, zerika boshlagan va jahli chika boshlagan edi.
— Sen aybdorsan! Sening itfe’lliging aybdor, — dedi Qodir uning yuziga urgandek qilib.
Bu haqoratdan yana Xalil seskanib tushdi. U bir narsalar bo‘lishini, trenerning jahli chiqishini, jilla bo‘lmasa «Og‘zingga qarab gapir», deyishini kutgandi. Lekin hech narsa ro‘y bermadi. Trener istehzosini yashirmay aftini bujmaytirganicha sigaret chekardi. Go‘yo bu gaplarning ahamiyatsiz ekanini ko‘rsatmoqchi bo‘lardi. Ammo lablarining uchishi bag‘ridagi alamni oshkor qilib turardi. Xalil buni fahmladi. Ayni chog‘da mehmonning bu ta’nalarga, hatto haqorat qilishga haqqi borligini ham sezdi.
Qodir beixtiyor yana shokolad olib tishladi-da, qolgan bo‘lagiga haligidek qarab turib, qaytarib qog‘oziga qo‘ydi.
— Shunday o‘yinchilar bor ediki... — Qodir endi qiynalib eslayotgandek so‘zlardi, — terma komandaga tushishni arshi-a’loga yetishdan ziyod hisoblardilar. Ularning kimligini o‘zing bilasan. Terma komandada qolish hayotlarining mazmuni edi. Men esa buni futbolimiz shuhratini yoyish uchun bir pog‘ona deb hisoblardim. Bizda ham Pele, Garrinchalar singari o‘yinchilar borligini isbotlamoqchi edim. Ha, ha, sen o‘shanda ham bu gagsharimdan kularding, xozir ham kulyapsan. Lekin... men uchun futbol... hayotimning mazmuni edi. Ha... futboldan tashqarida yashash xayolimga kelmasdi. Hozir esa... Ko‘rib turibsan... Orzuimsiz yashadim... yashayapman. Parcha-parcha qilib tashlangan odamman. Armon bilan ketyapman. To‘g‘ri, shu kunda oila, farzand tashvishi meni ovutadi, qalbimni bir oz ilitadi. Topish-tutishim yaxshi, yanada ko‘proq pul topishni, bu bilan oilamga ko‘proq foydam tegishini o‘ylab, tirishib xarakat qilib yuraman. Lekin shunga ko‘nikish uchun ham o‘n ikki ygl umrim ketdi. Tushunyapsanmi? Azobga to‘la o‘n ikki yil! Men — avvalga Qodir emasman, boshqa, o‘zim xohlamagan, hattoki o‘zim hazar qiladigan odamman... Shularning hammasi sen tufayli bo‘ldi!
— Menga qara, Qodir. Axir endi hech narsani tuzatib bo‘lmaydi-ku! Men xaqiqatan ham aybdorman, bo‘ldimi? — Akbar endi o‘zini solib o‘tirgan beparvolik muvozanatidan chiqa boshlashga majbur bo‘lgan edi. Bu holatdan o‘ng‘aysizlanib, Xalilga murojaat qildi: — Sen ketaver. Hisob-kitob qilganmisan?
— Ha.
— Bor, ketaver!
— Qo‘yaver, o‘tiraversin. Men yig‘layotganimdan uyalayotganim yo‘q-ku! Akbar Qodirning yelkasiga qo‘lini qo‘yib, yalina boshladi:
— Qodir, do‘stim, to‘g‘ri, men ablahman, — u shunday deb ko‘ksiga urib-urib qo‘ydi. — Men xato qilganman. Endi nima qilay? Kel, do‘st bo‘laylik. Bir-birimizga yordam beraylik. Istasang, ertagayoq seni o‘zimga yordamchi trener qilib olaman.
— Yordamchi trener?.. Senga mening qanday yordamim tegishi mumkin? Senga-ya? — Qodir Akbarning qo‘lini yelkasidan olib tashladi. Xalil esa, o‘ziga ishongan, iloji bo‘lsa gapini ham o‘lchab gapiradigan trenerini bunaqangi tipirchilagan holda ko‘rayotganidan hayron edi.
— Bilmadim, rost gapiryapsanmi yoki ataylabmi, axir sen unchalik g‘arib emassan. Dovrug‘ingning sadosi hali ham jaranglaydi, — dedi Akbar. — Mana, Xalil, — u isbot so‘rab shogirdiga qaradi, — sen Qoriev degan futbolchini bilasanmi?
— Ha, juda ko‘p eshitganman.
— Ana, ko‘rdingmi?
— Bu boshqa masala, — dedi Qodir hafsalasizlik bilan. Akbar qo‘l siltadi-da, qutidan sigaret ola boshladi. Oraga bir daqiqalik jimlik cho‘kdi.
— Men ham bu voqeaga necha marta qo‘l silkiganman. Lekin u la’nati xuddi kechagidek esimda, — dedi Qodir dard bilan. — Men seni aldab o‘tib o‘ng qanotdan darvozalaringga yaqinlashdim. Stadionda qiyqiriq bo‘lib ketdi. Qarshimda Valentin turardi, orqamdan sen izma-iz kelarding. Men Valentinni addab o‘tib, yana oldinga intilishim yoki to‘pni Fayzullaga oshirishim mumkin edi. Shunda darvoza ro‘parasida turgan hamma himoyachilar, jumladan; Valentin ham Fayzullaga tashlanishar, u esa to‘pni menga qaytarishdan boshqa iloji qolmasdi. Har ikki xolda ham seni aldab o‘tib zo‘r vaziyat yaratgandim. Stadion guvillardi. Bu vaziyat mening muvaffaqiyatim, sening esa xatoing edi. O’sha paytda, albatta, buni o‘ylamagandim, u paytda men faqat yaxshi vaziyat yaratganimdan, ishqibozlarning guvillab olqishlashidan boshim osmonda — ruhlanib, o‘kdek uchib borardim... Ha, nihoyat men Valentinni aldab o‘tib, undan keyingina to‘pni Fayzullaga oshirishga qaror qildim. Lekin shunda... oyog‘imda daxshatli og‘riq.sezdim. Sapchib tushib... yiqildim. Ko‘z oldim qorong‘ilashib, chuqur jarga uchib ketayotgandek bo‘ldim... Men haqiqatan ham jarga dumalagan ekanman. O’sha jarda umrbod qolib ketdim.
Oraga jimlik cho‘kdi. Yomg‘ir ancha pasaygandi. Kafening oynavand devorlarida yomg‘ir suvi ilon izi bo‘lib oqar, tashqaridagi neon chiroqlar suvga turfa rang jilo berardi.
— Qani, ukalar, bo‘ldi qilinglar. Bizlar ham do‘konni yopaylik endi, — dedi kafe shveytsari, qirq besh yoshlardagi dumaloqqina, past bo‘yli kishi yumshoq va muloyim ovoziga ataylab kat’iylik kiritib gapirdi. Lekin bari bir unga hech kim ahamiyat bermadi.
— Shunchalik bo‘lishini kim o‘ylabdi deysan...
— Ha, shunchalikka borishini bilganingda, ehtimol, bu ishni kilmagan bo‘larding. Lekin o‘sha paytda, o‘zingdan zo‘rroq odam chiqqaniga, halol o‘yinda seni dog‘da qoldirganiga chidab turolmading. Fe’lingda itlik bor edi. Shuning uchun to‘pni yaxshi tepsang ham, terma komandaga seni ikkilanib kabul qilishardi.
— Axir men jazoimni oldim-ku, meni jazolashdi-ku!!. — dedi Akbar yalinuvchan ohangda toqati toq bo‘lib.
— Ha, seni mavsum oxirigacha futbol o‘ynashdan chetlatishdi, gazetalarda ablahligingni yozishdi. Shu bahonada yaxshi sportchi, faqat yaxshi sportchi emas, yaxshi inson bo‘lish kerakligi haqida munozaralar olib borildi. Lekin menga bundan nima foyda? Oyog‘im tuzalib qolmadi. Men faqat olti oydan keyingina butsi kiydim. Faqat bir yildan keyingana sen bilan baravar o‘yinga tusha oldim. — Qodir bu gaplarni asabiy holda gapirar ekan, gap orasida ikki kadahni to‘lg‘azib, birini Akbarning oldiga surib, ikkinchisini qo‘liga oldi. — Gazetalar safga kaytganim bilan tabriklashdi... Lekin... — Kodir bir harakat bilan qadahni bo‘shatdi-da, alam bilan davom qildi. — Lekin uchinchi o‘yinda... balanddan kelayotgan to‘pga sakrab yerga tushganimda turolmay qoldim... Sen tepganingda ham tizzamning ko‘zi singan, ham oyog‘im chikib ketgandi. Natijada sal keskin harakat qilsam, yana chiqib ketadigan bo‘lib kolgandi. Vrachlar buni ta’kidlashgan, boshqa bir ish toping, deyishgandi. Lekin ularga ishonmay, to‘g‘rirog‘i, ishonganimda ham futboldan bo‘lak ishni qilolmay, maydonga tushgandim. Afsus, vrachlarning gapi to‘g‘ri chiqdi. Zarbang bir yildan keyin meni yana yiqitdi... Yana bir yildan keyin, yana do‘xtirlarning befoyda deyishlariga qaramay maydonga tushdim. Lekin bo‘lmadi. Birinchi o‘yindayoq xuddi o‘sha-o‘sha bo‘ldi, oyog‘im chiqib ketdi.
Akbar toqatsizlanib uh tortib, stulga yaslandi. Qandaydir shoshkaloqlik bilan sigaret olib tutatdi. Bir narsa gapirmoqchi shekilli deb, suhbatdoshlari unga qarashdi. Lekin u indamadi. Shu paytda Xalilning yonida o‘tirib, bu gaplarni eshitayotganidan jahli chiqayotgan edi. Xalil esa Qodirdek ajoyib futbolchining, shunday yirik odamning ichib, janjal qilib yuradigan darajada pastlashib kolganiga achinsa ham, uning tarafida emasdi. «O’n ikki yil oldingi gaplarni kavlashtirishning nima keragi bor», deb o‘ylardi Qodirning maqsadiga tushunolmay. Akbar ham aynan shuni — Qodirning maqsadini bilolmay: «Mendan nima istaysan?» deb bakirishdan o‘zini zo‘rg‘a tiyib o‘tirardi.
Qodir esa qarshisidagi jirkanch basharani urib dabdala qilish istagi portlab chiqib ketishini xohlamay, tez-tez gapira boshladi:
— O’shanda men seni o‘ylamasdim. Hali orzuimdan kechmaganim, kurashayotganim uchun vaqtim yo‘qmidi? Yoki yoshim yigirma ikkida bo‘lgani uchunmi? Bilmadim. Garrinchaning katta futbolga yigirma olti yoshda kelganini, Maresevning ikki oyoqsiz ham o‘z maqsadiga erishganini esimda tutar va tinimsiz mashq qilardim. Hamma narsaga, jumladan, sening ablahligingga ham futbolda bo‘ladigan oddiy voqea deb qarardim. Lekin oyog‘im qatorasiga ikki marta chiqib, futbol menga yopiq dargohligini sezganimdan keyin birdan o‘zimni sinib tushgandek his qildim. Hayotning menga naqadar og‘ir zarba berganini bildim. Trenerimiz Samoylichning, o‘rtoqlarimning bir yildan beri menga achinib qarab yurganini, institutga kirishim uchun ko‘p kuyunishganini esladim. Demak, ular fojiamni bilib, uch yilgacha komandada olib yurishgan ekan-da, dedim. Uch yilgacha ular bilan birga yashapman-u, futbol uchun o‘likga aylanganimni menga aytishmabdi. Kim biladi, balki qaytishimga ularning ham ilinjlari bo‘lgandir... Mening esa yashagim kelmay qoldi. Ichib olib, nuqul yig‘lagim kelardi, ba’zan yig‘lardim ham. Sababini o‘ylay-o‘ylay, oxiri senda to‘xtadim. Bu aniq haqiqatni ham bir kuni seni televizorda ko‘rganimdan keyin tasodifan topib oddim. Sen maydonda ko‘lingni belingga qo‘yib olib to‘p oshirmagan sherigingga o‘qrayib turganding. Shu kundan boshlab, odamlarga o‘tkazib qo‘yganday bez bo‘lib ko‘lingni belingga ko‘yib turishing meni ta’qib qila boshladi...
...Oh, bu davrda onamning qiynalganlari, do‘stlarimning qiynalganlari... Oradan yillar o‘tdi, o‘zimni mashhur futbolchi emas, oddiy kishilardek yashashga ko‘niktirish uchun qanday azob chekdim! Buni ko‘proq o‘zim uchun emas, onam uchun qildim. Uylandim, farzand ko‘rdim. Ular oddidagi mas’uliyat ham o‘zimni odamdek tutishga undadi... Lekin mana shu xolda — zo‘rg‘a-zo‘rg‘a yuraman. Siqilaman, zerikaman-da, o‘sha orzularim singan chog‘dagi yig‘lab o‘tirgan holimga tushgim kelaveradi. Shu menga xuzur bag‘ishlaydi. Bunday kilmaslik uchun har daqiqada o‘zim bilan o‘zim kurashaman. Ertalab nonushta kilayotganimda, yo‘l yurganimda, ishda, o‘g‘limni bog‘chaga olib ketayotganimda bu tuyg‘u doimo yuragimni ezib: «Qo‘y, shu mayda-chuyda ishlarni, sen faqat o‘sha yo‘qotgan narsang uchun yig‘lashing kerak, bo‘lak hamma narsa befoyda, arzimaydigan ish», deb turadi. Men esa onam, xotinim va bolalarimni o‘rtaga qo‘yib undan rahm-shafqat qilishini so‘rayman. Lekin butunlay yo‘qolib ketishini ham istamayman. Hayotimning mazmunini eslatuvchi tuyg‘udan ajralsam umidim ham yo‘qolayotgandek, kim edimu kim bo‘lganim, qayoqdan kelib qayoqqa ketayotganim, hamma-hammasi esimdan chiqadigandek tuyulaverdi. Tushunyapsanmi, dardim eng pokiza orzuimdan suv ichgan.
Qodir jim qoldi. U dardi bilan bo‘lib, kafedaligini unutayozgan edi. Akbar bir kimirlab o‘zining betoqat bo‘layotganini bildirdi. Qodir ichida bir seskanib o‘ziga keldi-da, gapida davom qildi:
— Senga ro‘para bo‘lishimdan maqsad, bu dunyoda borligimni bildirib qo‘yish, xolos. Chunki sen meni esingdan ham chiqarib yuborgansan. Yo‘q, yo‘q, agar holimdan xabar olmading, deb ta’na qiladigan bo‘lsam, o‘zimdan o‘zim nafratlangan bo‘lardim. Men faqat bir harakating bilan taqdirini poymol qilgan odam bu dunyoda alamzadaligini va har kuni, qar dakikada senga tajovuz qilishi mumkinligini eslatib qo‘ymoqchiman. O’lishini bilgan ho‘kiz boltadan qaytmaydi, deyishadi-ku, axir.
Qodirning bu gaplari turishga hozirlanayotgan, bas endi, gapni qisqaroq qil, deb jerkimoqchi bo‘lgan Akbarning g‘azabini chuqurlashtirib, hujumkorlik ruhini berdi.
— Xo‘sh, bu istaklari nima deydi? — dedi u istehzo bilan.
— Hammasini aytaman, faqat shoshma, urish qilmoqchi deb ham qo‘rqma. Chunki bu istakka o‘zim qarshiman, uni har daqiqada bo‘g‘ib kelaman.
— Men hech narsadan qo‘rqayotganim yo‘q, shuni bilib ko‘y, Qodir! Men, to militsiya kelib, turinglar, deguncha o‘tirmoqchi emasman!
Qodir soatiga qarab qo‘ydi.
— Hali vaqt bor, shoshaverma. Ikki-uch og‘iz gapim qoldi. Seni militsiya juda ham haydamas deyman. Ochig‘ini aytganda, sen bilan gaplashish istagida kuyib yurganim yo‘q edi.
— Hali birovning maslahati bilan keldim degin?
— Ha.
— Kim ekan senga bu aqlni o‘rgatgan?
— Sen!
Akbar xaxolab kulib yubordi:
— Yo, tavba, boyatdan beri men seni tuppa-tuzuk odam deb gaplashib o‘tiribman-a! Esing joyidami o‘zi?
— Ha! — Qodir xuddi urib yuboradigandek Akbarga tikildi.
— Qachon, tushingdami? — dedi Akbar va qo‘lini yuvib ko‘ltiqqa urgan kishidek Xalilga murojaat qildi. — Tur, ketamiz. Bu bilan kayfi tarqalganda gaplashamiz.
— Ikki-uch og‘iz dedilar-ku, eshitib keta kolaylik, — dedi Xalil. Eshitish ishtiyoqi borligini yashirish uchun esa qo‘shib qo‘ydi: — Yana qachon vaqtingizni sarf qilib yurasiz?
— Rahmat sizga! — dedi Qodir Xalilga. — Lekin bu bari bir ketolmasdi. Qo‘ymasdim. O’zi ham biladi buni. Ketamiz degani esa, odatdagi artistligi.
O’tir, Akbar! Akbar o‘tirdi. Qodir sovuk ohangda gap boshladi:
— Yana qaytarib aytaman, bu yerga meni boshlab kelgan sensan! Sen... itfe’l... meni tepganingda faqat orzuimni poymol qilibgina qolmading. O’sha zarbang bilan o‘z fe’lingdan vujudimga urug ham tashlagan ekansan. Bora-bora bu urug‘ o‘sib, rivojlanib, butun vujudimga yoyildi, jismimni egalladi. Bir odam qiyofasiga kirdi. Bu qiyofa esa seniki edi. Ha, bu, ayniqsa, seni televizorda ko‘rganimda aniq bo‘ldi... Shuning uchun bilib qo‘yki, hozir ko‘rib turganing Qodir emas, ichimning yarmini sen, sening qiyofang egallagan, chunki daraxt arra bilan kesilsa, arraning izini, bolta bilan chopilsa, boltaning izini saqlaydi... Sening qiyofang o‘sha iz edi. Ertayu kech shivirlab, qalbimni, odamlarga munosabatimni o‘zgartirishga harakat qila boshladi. «Orzularingni yakson qilgan, «men»ligangni parchalab tashlagan odam bemalol yuripti. Sen esa faqat uning aybi bilangina itning keyingi oyog‘i bo‘lib qolding», derdi u. Avvaliga ahamiyat bermadim. Lekin u tamomiy jismimni egallagach, u bilan munozara qilishdan bo‘lak ilojim qolmadi. Chunki u kechasiyu kunduzi ro‘paramda turar, kechasiyu kunduzi menga ming‘irlardi. Uni o‘ylamayin, deb kechalari ming martalab u yonboshdan bu yonboshimga ag‘darilardim, lekin qutulolmasdim... Oxiri uning maslahatiga quloq solib izmiga yura boshladim. U esa nuqul odamlarni yomonlardi. «Odamlar bir-birlarini yanchibgina oldinga o‘ta oldilar», degan eng sevimli g‘oyasini ta’kidlardi. Shu tarzda dunyodagi har bir narsani o‘z e’tiqodimga nisbatan teskari qilmoqchi bo‘ldi. Yaxshilikni u shubhasiz berkitilgan tamaga, muhabbatni lazzatga, hatto, ona ardog‘ini qarilik kunlaridagi tayanch ilinjiga tenglardi. Men hammani — xotinimni, onamni, o‘g‘limni yomon ko‘ra boshladim... Ichimdagi sening qiyofangni qanday qilib yo‘qotishni bilmasdim. Qayt qilib tuflab tashlagim, ombir bilan sug‘urib tashlagim kelardi. Mayli, ildiziga etim ilashsa etim, tomirim ilashsa tomirim bilan. Mayli, sug‘urib olgan joyim qontalash bo‘lsin edi! Lekin ilojini qilolmasdim. «Tuf» desam, tupugimda ko‘rinarding... «Tushunsang-chi, — derdi u menga, — bu ishlarni sen uchun qilyapman. Inson zoti o‘zidan yaxshi, o‘zidan boy, o‘zidan olijanobroq odamni ko‘rolmaydi, chalib yiqitadi. Ne’matlarga xo‘jayinlik qilish uchun; bu yerda kim bor, deganda yolg‘iz qolib «Men!» deya olish uchun shunday qiladi. Chunki o‘zidan yaxshini yo‘qotganida, haqiqatan ham yaxshi bo‘lib bir o‘zi qoladi-da». «Yolg‘on!» derdim men ichimda o‘kirik bilan. Ba’zan bu o‘kirik tashimga chiqib ketar, eshitgan odamlar hayron bo‘lib qarashardi. «Men bunday yashay olmayman. Bunday fikr qilsam yashagim kelmaydi», derdim. U esa kulimsirab: «Yashaging kelmasligi boshqa masala. Aslida, istash-istamaslik ham sening ixtiyoringda emas. Lekin, men haqman. Mana misollar...» derdi-da, turmushidan va tarixdan misollarni qalashtirib tashlardi. Men unga qarshi dalil topolmayotganimni, yengilayotganimni sezib: «YoLG’ON!» deb baqirardim. Shunda u so‘nggi zarbani berardi: «Xo‘sh, o‘zing-chi? Akbardagi xudbinlikning qurboni bo‘lmadingmi? Bilib qo‘y; mening fikrimga zid borganing uchun ham chetda qolib ketgansan. Sen o‘z hayotingdanki saboq olmayotgan ekansan, chetda qolib ketish u yokda tursin, o‘lib ketishga ham loyiqsan. Akbar gumburlab yashayapti. Chunki u seni olib tashlab, maydonda o‘ziga kenglik ochdi. Axir u xuddi sening joyingda, sening o‘rningda o‘ynayapti-ku! Vaholanki, u zaxirada edi. Turmush uchun bu emas, balki olib tashlagani hisob. Yaxshilik bilanmi, yomonlik bilanmi, farqi yo‘q. Umuman, axloqning barcha lash-lushlari turmush uchun ko‘pik. Sodda odamlarni ahmoq qilish, avrash, lo‘ndasini aytganda esa, maydondan va ne’matlardan chetlashtirish uchun to‘qilgan niqob».
Men: «Mayli, sen xaqsan, ishondim. Endi meni tinch qo‘y», deb uni aldamoqchi bo‘lardim.
U esa: «E-ey, g‘irt ahmoq ekansan. Hozirgina ko‘pik haqida gapirib qulog‘ingga tambur chertibman-da, a? Gap — mening uchun ko‘pik. Menga ko‘pik bilan va’da berma! Sendan harakat talab qilaman. Ish! Gapdan foyda yo‘q», deb yana nishonga olaverdi.
«Nima qilay, buyur, hammasini bajaraman. Faqat keyin meni tark et. Bo‘lmasa yashay olmayman!» degan shart bilan talabiga ko‘ndim.
«Bu boshqa gap. Sen endi Akbar taqdirida, ya’ni seni maydondan olib tashlagan odam taqdirida o‘z izingni qoldirishing shart. Uni urib dabdala qilishing, ko‘zini o‘yib yoki tishlarini qoqib olishing kerak. Toki u o‘sha ko‘zi o‘rniga qo‘yilgan shisha ko‘zni yoki tishlari o‘rniga qo‘yilgan yasama tishlarni ko‘rganida oynaga qarab har bir tirjayganida seni, sen orqali esa o‘zining ablahligini eslab tursin. Har bir kulgisiga ogu tushib tursin», dedi u.
«Xo‘p, men roziman. Lekin sen menga bir narsani ayt. Nima uchun sen o‘zingga o‘zing qarshi chiqyapsan?» deb so‘radim men.
«Buni izohlash oson. Yaxshilab bilib qo‘y, ey inson bolasi! Men orqali senga tabiat bergan jon gapiryapti. Tirik jonga nimaiki qasd qilar ekan, men aynan o‘sha shaklda paydo bo‘laman. Daraxtni arra kessa arraning izi, bolta kessa boltaning izi qoladi. Senga Akbar emas, boshqa birov tajovuz kklganda men o‘shaning ko‘rinishida bo‘lardim? Boyni boylik, mechkayni ovqat, qonxo‘rni qon o‘ldirishini bilarsan? Rim johillar hisobiga buyuk bo‘lib, johillar tomonidan vayron qilinganidek bosqinchi xalqni bosqinchilik o‘ldiradi, lanj xalqni lanjlik... Bu tabiat qonuni. Sen esa, tushunmay mendan qochib qutulmoqchisan... Yana bir karra ta’kidlayman. Sen uchun hech kim jonini koyitmaydi. O’zing harakat qilishing kerak. Hech bo‘lmasa, uning ablahligi haqida jar solishing kerak. Lekin bu narsa fe’lingga zid ekanligi uchun uni sendan talab qilayotganim yo‘q», dedi u menga.
Qodir gapini tugatib, kafeda, Akbarning qarshisida o‘tirganini ko‘rib hayron bo‘ldi. Chunki xayolidagi munozarani tiklayman deb, o‘zini unutayozgan edi. Bir xayolda bu gaplarni o‘zimga o‘zim gapirdimmi, deb ham ikkilandi. Lekin Akbar bilan Xalilning avzoyiga qarab, maqsadini amatga oshirganini sezli.
Akbar bo‘zarib o‘tirardi. Xalilning yuzidan esa mensimaslik ifodasi o‘chgan edi.
— Bo‘ldingmi? — dedi Akbar ijirg‘anib.
— Bo‘ldim.
— Kayfni ham tarqatib yubording. — Akbar Xalilga murojaat qildi. — Bor, yuz ellikta konyak keltir. Meni aytdi desang, beradi.
Xalil ketdi.
— Menga qara, — dedi Akbar tajanglik va istehzo bilan. — Agar sen o‘sha istagingga quloq solib, meni «dabdala qiladigan» bo‘lsang, sudga tushishingni, shov-shuv bo‘lishini o‘ylamadingmi?
— O’yladim. Istagim aytdiki: «Xo‘sh, sudga tushsang, shov-shuv ko‘tarilsa nima qilibdi? Fojiang va bunga sababchi bo‘lgan odamning jazosiz qolmaganini hamma bilishini istarding-ku! Hech narsa yo‘qotmaysan. Undan keyin seni jazolashmasa kerak... — Shahar bedarvoza emas-ku. Sen bundan qo‘rqmaysan ham», deydi... Shuni bilib qo‘y, Akbar, bu mening xohishim emas, vujudimdagi turqingning xohishi. Aytganimdek, uni boshqara olmay qolishim mumkin, xolos...
Qodir so‘zini tugatar-tugatmas, Akbar stolni itarib yubordi-da, o‘rnidan turib, Qodirning yuziga shapaloq tortib yubordi.
— Yo‘qol bu yerdan, piyanista!
Qodir jag‘ini ushlab sekin qaddini tikladi. Bu orada Xalil ham yetib kelib, Qodirning o‘ng tomoniga o‘tdi. Ular hamlaga tayyor holda uchburchak hosil qilishdi. Akbar qo‘lini paxsa qilib, baqirishda davom etdi:
— Ishyoqmas, piyanista. O’zingning badbaxtligingni menga to‘nkab, nima demoqchisan?
Zalning to‘ridan bir ayolning chinqirib gapirgani eshitildi:
— Qani, bas qilinglar! Sonya, uchastkavoyni chaqir, tez!
Lekin unga ahamiyat berishmadi. O’zini har tomonlama ustunlikka ega deb bilsa ham, qo‘rqqanidan Akbarning yuzi nihoyatda xunuklashgan edi:
— Sen-chi, avval ho‘v naridan turib salom berishing kerak. Men alik olamanmi, yo‘qmi — o‘ylashib ko‘rardim!
— Shunaqami? — dedi Qodir xunuk jilmayib. — Xudo shohid, Akbar, buni o‘zing boshlading.
Qodir yuzyni silar ekan, birdaniga Akbarga tashlanib, bir urib uchirib yubordi. So‘ngra hujumga tashlangan Xalatni kaftining teskarisi bilan urib yiqitdi. Ofitsiantlar kelib Qodirni tinchitmoqchi bo‘lishdi. Lekin u ofitsiantlarni surib qo‘yib, o‘kdek uchib kelayotgan Akbardan o‘zini chetga olib, uni chalib yubordi. Akbar hozirgana o‘zi o‘tirgan stolga urildi-da, stol bilan birga umbalok oshdi. Atrofni idishlarning yerga tushib singan jarangi tutdi.
Akbar o‘rnidan turgach, hurkib tarqalib ketgan o‘spirinlarning stolidan shampan shishasini oldi-da, g‘ijinib Qodir tomonga kela boshladi:
— O’ldiraman! — dedi u tishlarini g‘ijirlatib. — Ikkinchi meni ko‘rganda bir chaqirimdan aylanib o‘tadigan qilaman. — Shunday deyishga dedi-yu, lekin qo‘rqqani uchun Qodirga yaqinlashmay, shishani otdi. Qodir engashib koldi. Shisha to‘g‘ri borib oynavand devorni chshsharchin qilib, tashqariga chiqib ketdi.
Kafe xodimlarining qiy-chuvi avjiga chiqdi. Akbarning sarosimaga tushganidan foydalangan Qodir uning qorniga kalla qo‘ydi. Akbar orqasiga uchib borib, yana bir stolni ag‘dardi-da, yiqildi. So‘ng ingranib: juda ham sekinlik bilan o‘rnidan tura boshladi. Qodir unga yaqinlashdi-da, yoqasidan oldi. Akbar uning qo‘lida deyarli osilib turardi.
— Bu ishni o‘zing boshlading, — dedi Qodir Akbarni silkib. — Men tugataman. — Endi uning yuzidagi olijanoblikdan asar ham qolmagan, vahshiylik va jahl o‘zining xunuk muhrini bosgandi. — Tishlaringni qoqib olaman, — Qodir o‘sha sovuq va vahshatli ohangda gapirardi. — O’rniga tilla tish qo‘ydirasan, har bir tirjayganingda meni, men orqali o‘zingning ablahligingni eslab turasan. Har soatda, har dakiqada!
Qodir har bitta jumlasini aytganda, Akbarning yuziga bittadan musht tushirardi. Agar shu paytda militsioner yetib kelmaganda uning bu vahshiyligi qachon, qanaqa tugashi noma’lum edi.
O’rta bo‘y, pishiq gavdali, yoshgina leytenant yugurib kelib, Akbarni ajratib oldi-da, Qodirni itarib olib borib stulga o‘tqizdi.
— Nima gap? — deb baqirdi u.
Qodirning o‘rniga ofitsiantlar vijirlab ketishdi:
— Nozaninday o‘tirishgandi, — dedi biri.
— Yo‘q, bu avval anovi stolda edi, — aralashdi ikkinchisi.
— Jim! — baqirdi ularga leytenant.
Ofitsiantlar ketdi. Leytenant ruchka va bloknot chiqarib, Qodir haqida ma’lumot yoza boshladi. Keyin uning zavodga kirish ruhsatnomasini olib ko‘rdi.
— Uni taniysizmi? — so‘radi militsioner hujjatni qaytarar ekan, atrofida Xalil va ofitsiantlar parvona bo‘lishayotgan Akbarni ko‘rsatib. Qodir «ha» degach, militsioner Akbar haqida ma’lumot yoza boshladi.
— Nahotki?! — dedi leytenant Akbarning o‘sha mashhur Akbarligini eshitib.
— Ha, — dedi Qodir keskin qilib.
— Siz ham o‘sha Qorievmisiz?
— Ha.
— Nima balo qilib qo‘ydinglar? Nima jin urdi sizlarni?
Qodir Akbar tomonga o‘qrayib qarab qo‘ydi-da, indamadi. Leytenant bosh chayqadi-da, o‘tirib turing, deb ofitsiantlarni so‘roq qilgani ketdi.
Akbar asta o‘ziga kelib, boshini ko‘tardi. Uning xira ko‘zlariga ma’no kira boshladi. Leytenant aktga Qodirning qo‘lini qo‘ydirib, uning oldiga kelganida, Akbar avval tushunmadi. Fahmiga yetgach esa, militsionerning ko‘lidan aktni olar ekan, o‘rnidan turdi.
— Do‘stim, — dedi u kemshiklanib va atrofdagilarga eshittirmaslikka urinib, — meni taniysiz-a?
— Taniyman, albatta. Ko‘cha changitib, koptok tepib yurganimizda sizlarga o‘xshashni orzu qilardik.
— Bo‘lmasa, do‘stim, aktingizni qo‘ying-da, evaziga bitta mendek og‘ayni orttiring.
— Endi, Akbar aka sizni juda hurmat qilaman. Lekin burchim, qonun...
— E-e, qo‘ying shu gaplarni, o‘zi bugun ana u og‘aynim miyamni qoqib ko‘limga berdi. Menga qarang, xo‘p, siz akt tuzdingiz, deylik, lekin ertaga boshliqlaringizning oldiga chiqib, bu ahmoqchilik bir bo‘lib qoldi, sizga munaqa ish bilan tushmaganman, deyman. Nima qilishadi, yo‘q deyishardimi? Menga yo‘q deyishmaydi, bilasiz.
— Endi, bilmadim, lekin... lekin sizga kerakmikin deb o‘ylovdim-da.
— Be-e, — dedi Akbar og‘riq azobini bosishga harakat qilib. — Ichishib o‘tirib, to‘satdan tashlashib qoldik. Shu! Ertaga yana apoq-chapoq bo‘lib ketamiz! To‘g‘rimi? — Akbar Qodirga qaradi.
Qodir indamay boshini qimirlatdi. U voqeaning bu tarzda davom etishiga hayron bo‘lib turgan edi.
— Bo‘ptimi, og‘ayni? Menga shu aktni bering-da, Akbar degan futbolchi do‘stim bo‘ladi, deb yuravering.
Militsioner bir oz mubhamlashib turdi-da, oxirgi dalilini aytdi.
— Guvohlar dod demaydimi, — u kafe xodimlariga qaradi.
— Bular bilan o‘zimiz gaplashamiz, — dedi Akbar. — Sofiya opa, — chaqirdi u zal mudirasini. Ellik yoshlardagi sariq sochli nuroniy ayol ularga yaqinlashdi. — Bu do‘stimiz, bizlarni qamamasdan ko‘yib yubormoqchi. Boshqa urishmaymiz, deb so‘z berdik. — Akbar gapiga hazilomuz ohang berishga kuch topa oldi. — Siz qarshi emasmisiz?
— Yo‘q, albatta, qamasin, deb kim aytardi. — Zal mudirasi kulib tursa ham, qo‘llari yengil titrab, sochlari va tugmalariga besabab yugurardi.
— Hamma narsaning yaxshilikcha tugagani yaxshi-yu, lekin idishlar sindi. Ana u oynaning o‘zi yuz so‘m turadi. Qo‘ydirishini hisobga olmaganda...
Akbar ko‘yin cho‘ntagini kavladi-da, bir dasta besh so‘mlik pul chiqardi.
— Mana, — dedi ayolga uzatib, — sanamasangiz ham bo‘ladi. Yuz ellik so‘m. Zal mudirasi gunohkorona jilmayib, ko‘llari titragancha pulni oldi.
— Akbar Vafoevich, siz xafa bo‘lmang, lekin...
— Bo‘ldi, Sofiya opa. Demak, kafe xodimlarining bizga hech qanda! da’volari yo‘q?
— Yo‘q, yo‘k, bo‘ldi. Biz doimiy mijozlarimizni hurmat qilamiz. Undan keyin, hamma narsaning yaxshilik bilan tugagani ma’qul, — dedi zal mudirasi pulni sanay turib.
— Bo‘pti, biz ketdik, — dedi Akbar ruhsat so‘ragandek militsionerga qarab. Militsioner atrofdagilarga bir-bir qarab chiqdi. Uning yuziga birdan qandaydir o‘ynoqi tabassum yugurdi.
— E, nima bo‘lsa bo‘ldi! Sizlarni deb bir gap eshitsak eshitibmiz-da. — U aktni yirtib, cho‘ntagiga solib qo‘ydi. — Futbol qurboni bo‘lamiz-da juda borsa, a?
Qodirdan boshqa hamma mamnun jilmaydi. Akbar mshshtsioner bilan qo‘l tashlashib xayrlashdi-da, Xalilning yelkasidan ushladi. Qodirga qarab ham qo‘ymay, shogirdiga suyanggancha sekin zaldan chiqdi. Vestibyuldagi toshoyna oldiga borib momataloq bo‘lib ketgan yuz-ko‘zini, ichkari tortib ketgan ustki labini bir-bir silab chiqdi. Keyin xuddi o‘shanday ohistalik bilan shlyapasini kiydi-da, yana Xalilga suyangan holda chiqib ketdi. Qodir Akbarning ketidan hayron bo‘lib bir oz qarab turdi-da, yuvingani kirib ketdi. Qaytib chiqib toshoyna oldiga keldi. Shveytsar uzatgan plashini qo‘llariga og‘ir yuk bog‘laganday qiynalib kiydi. Militsioner bilan shveytsarga gunohkorona bosh irg‘ab, tashqariga chiqdi. Orqasidan shveytsarning ovozi eshitildi.
— O’lay agar, bo‘ynimni kesib tashla, hozir nimaga urishishganini bilishmaydi! Ichib olishadi-da, xo‘roz bo‘lib ketishadi. — Bu odam fikrining to‘g‘riligiga to‘la ishongani uchun kuyunib gapirardi.
Qodir xuddi darmonsiz odamdek sekin nariroq borib, orqasiga o‘girildi. Kafe peshtoqidagi neon chiroqli «Orom» degan yozuvning oxirgi harfi yonmas, uzoqdan «Oro» bo‘lib ko‘rinardi.