OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zulfira Misbax. So‘fito‘rg‘ay (qissa)

Yetti yoshimdan bu yog‘ini eslayman. To‘g‘rirog‘i, birinchi sinfni tugatib, ta’tilga chiqqan qizaloqni ko‘z oldimga keltiraman. O‘sha yillari katta ariq toshib oqardi. Bolalar qiy-chuv bilan tepalikdan suvga sakrashar, miriqib cho‘milishar edi. Ularni havas bilan kuzatib o‘tirardim. Bir kuni nima bo‘ldiyu, ariqqa tushib ketdim. Suv oqimi shiddat bilan meni girdobida aylantira boshladi. Qandaydir yovuz kuch tubiga tortar, boshqa bir ilohiy qudrat esa tepaga, suv yuziga chiqarishga intilardi. O‘lim va hayot o‘rtasida qoldim.Umrim bor ekan! Ariq bo‘ylab borayotgan tog‘amning do‘sti meni falokatdan qutqardi. Ko‘tarib, uyimizga olib borib, buvimga topshirdi. Bir-ikki hafta to‘shakdan bosh ko‘tarmay yotdim, tunlari isitmalab, alahsirar edim. Uyquga ketsam, o‘sha girdobga tushganday yig‘lab uyg‘onardim. Tepamda buvim o‘tirib, Alloh, avliyolardan madad so‘rab, menga dam solib, davolardi.
– Qo‘rquvdan shu ahvolga tushding, – dedi buvim. Ko‘z o‘ngimda yalt etib o‘sha ariq, kimdir meni suvga itarib yuborgani ko‘rindi. – Hech nimadan qo‘rqma, o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas qiz bo‘lib ulg‘ay, boshqalardan umidvor bo‘lmay, o‘zing girdoblardan chiqishga harakat qil! 
Buvim o‘zi shunday ayol edi. Qishning izg‘irin tunlarida po‘stin kiyib, yelkasiga miltiq osib katta omborni qo‘riqlab yurgan. “Bolani echki suti bilan boqadilar”, deb buvim echki sotib olgandi, u jonivor yoz payti, menga tirik o‘yinchoq – oppoq uloqcha tug‘ib berdi. Biz o‘ynab terlasak, echki oldimizga kelib, ham bolasining, ham mening yuzimni yalab qo‘yardi. Bu orada quyonlarimiz ham ko‘payib ketdi. Tovuqlarni-ku sira so‘ramang, tinimsiz jo‘ja ochaverar ekan. Qo‘shnilarimiz, chorvachilik ilmiy-tadqiqot institutining xodimlari, ro‘zg‘orni yuritish yuzasidan buvimdan maslahat so‘rab turar edilar. Buvim pechkalarni ta’mirlab, uylarni oqlab yurardi. Rus alifbosini o‘rgatib, meni maktabga tayyorlagan, kamtargina keksa olima kalishlarni kiyib, buvim bilan bozorga otlanar, men ularga hamroh bo‘lardim... 
O‘sha dardga chalinib, yurishga, hatto gapirishga ham madorim qolmaganda, uyning bir burchagida yotib, xonadon hayotini boshqacha, ongli ravishda ko‘ra boshladim... 
 

OPA-SINGILLAR 


Masrura buvim katta oilani boshqarib kelar, qo‘lida uch qizi, bir o‘g‘li bor edi. Qizlarining “yor-yor” qo‘shiqlar aytish davri edi.

Oq Idel bo‘yida yayov yurasim kela,
Sevasanmi, sevmisanmi, shuni bilasim kela. 

Onam Mirzacho‘lda shunday o‘lan aytib yurgan kezlari Misbax degan qozonlik yigit uni sevib qolgan. “Toshkentga olib ketsang, senga tegaman”, debdi unga onam.
Kichkinagina to‘ydan so‘ng, yoshlar poytaxtga, baxt izlab kelishgan. Otam bir zavodda, onam boshqasida ishlab yurgan. Mirzacho‘lga qaytishgan paytlar men tug‘ilganman. Keyin katta oilamiz Mirzacho‘ldan Toshkent viloyatining chekka bir tumaniga ko‘chib kelgan. Onam agronomlik maktabi qoshidagi oshxonaga ishga kirgan. Bu orada u otam bilan ajrashib ketgan edi. Nuriya xolam onamga ko‘maklashib yurgan, uning o‘z qismati, o‘z o‘lani bo‘lgan: 

Allariya, allariya, allariya qal’asi,
Balki o‘zbekka tegarman,
O‘ktam bo‘lar bolasi... 

Chindan ham u xorazmlik yigit, Ro‘zmatga tegib o‘g‘il tuqqan, otini Rustam qo‘yishgan edi.
Kunduzi buvimning yonida yurardim. Roza ismli xolam daladan qaytgach, meni cho‘miltirib, buvim tikib bergan ko‘ylakni kiydirib, aylantirishga olib borardi. Nuriya xolam ham mehrini ayamasdi, meni va o‘g‘ilchasini bog‘larda sayr qildirardi. 
Aytishlaricha, Ahmadulla buvam buvimga bir kuni bunday degan ekan: 
“Onasi, qizlardan mehringni ayama. Hali shunday hasrat-qayg‘ular boshlariga tushadiki, uchalasi uch tomonga qushday uchib ketadi. Sarvaraning hayoti dashtda o‘tadi. Fotimaning taqdiri hammasidan ayanchli bo‘ladi...”
Hoynahoy buvamiz bashoratchi bo‘lgan ekan... Xolalarimning qismati xuddi shunday bo‘ldi.
Bir kuni ko‘zlari chaqnagan, tim qora jingalak sochlari yelkalariga yoyilgan, parivash ayol – onam uyimizni quyoshday yoritib kirib keldi. Bir qo‘lida bolasi, ikkinchisida katta tugun.
– Eson-omonmisiz, oyijon, – deb buvim bilan ko‘rishdi.
Men ularning yoniga bordim. 
Buvim boshimni silab, onamga dedi:
– Seni sog‘inib, qizing dardga chalindi. 
Onam meni bag‘riga bosdi, yig‘ladi. Buvim esa ma’yus jilmaydi.
– Mana endi Rashid iningni boqasan.
Men chaqaloqni ovuntirib yursam ham, qulog‘im ding edi. Buvim shivirlagan ko‘yi hasrat qildi.
– Eh, qizim, qizim, sening peshonangda ham qari er bor ekan. Meni majburlab, cholga bergan edilar. Sen esa o‘z ixtiyoring bilan otang qatori kishiga ergashding, uning puliga ishonding. Lekin to‘kinlik, farog‘at o‘rniga qancha xo‘rlik ko‘rding, bola tug‘ib qolding.
Balki siz: “Yosh bola oldida bunday so‘zlarni aytish, qizaloqning ko‘zini ochish, odobdanmi?” deb ajablanarsiz. Lekin bizning oilamizda bu tabiiy hol edi. Hamma narsa haqida ochiq-oydin gapirib, muammolar birga hal qilinardi. 
...Xonaga sukunat cho‘kdi. Oxiri onam o‘rnidan turdi:
– Idish-tovoqlarni yig‘ib keldim, ro‘zg‘orda kerak bo‘lar.
– Otxonaga billur qadahlaru xitoy chinnisi mos kelmaydi. Qo‘shnilarga ko‘rsat, kerak bo‘lsa, olishsin.
Onam esa boshqa, to‘q rangli ko‘ylagini kiyib, sumkasidan kartalarni olib, tuguni bilan chiqib ketdi. Parivash o‘rniga lo‘livash so‘zini ishlatsam bo‘larkan, chunki onam kartasiz yashay olmasdi. Erta turib o‘ziga rom ochardi. Keyin hamma narsani unutib, xayol surib o‘tirardi, ora-chora yig‘lab ham olardi... Bir necha marta meni bag‘riga bosib: “Qizim, sen meni yaxshi ko‘rasanmi? Sendan boshqa meni hech kim sevmaydi”, deb meni ham yig‘latgach, buvim onamning qo‘lidan meni zo‘rg‘a tortib olgan. Kunlardan bir kun onam buvimning qulog‘iga nelarnidir pichirladi. 
”Bolaning roziligini ol!” – dedi buvim.
Onam meni tizzasiga o‘tqazdi: “Qizim, mening baxtli bo‘lishimni istaysan-a? Men erga tegdim, sen hozircha buving bilan qolasan, keyinroq seni ham olib ketaman”. U ketdi. Ammo tez orada yana qaytib keldi... 
Hech uning mehriga to‘ymadim, aytgan so‘zlari, qilgan ishlari menga g‘alati tuyulardi. Bolaligimdan to hozirgi kunimga qadar onam men uchun jumboq bo‘lib qolaverdi... 
Buvim dasturxonni yozdi. Yarim soat o‘tar-o‘tmas onam qaytib kirdi.
– Buyumlaring qani? 
– Talash bo‘lib ketdi, – dedi onam. 
Buvim qo‘l siltadi:
– Oqar suvda oqib ketsin suymagan yor mollari...
– Har bir vaziyatga so‘z topasiz, – dedi onam buvimning yelkasiga boshini qo‘yib.
– Hech tushkunlikka tushma. Men urush yillarida besh bola bilan qolib ketib, o‘lmadim-ku! Bu ikkalasi qorachiqlaring, sen irodali ayolsan, ularni oyoqqa turg‘izarsan, axir? Otxonamiz katta, hammamiz sig‘amiz. Keyin yangi uy solamiz, mening nomimga yer ajratdilar.
– Qurilishga qaerdan pul topamiz? – deb so‘radi onam.
– Xudoyim o‘zi yetkazadi.
Men esa oqlangan, o‘zicha bezatilgan katta xonamizga qarab so‘radim:
– Nega uyimizni otxona dedingiz? 
– E, qizalog‘im, payg‘ambarlar oxurda tug‘ilgan, shuning uchun bizday odamlarga otxonada yashash ham sharaf. Bunday boshpanaga yetish uchun necha yillar shaharma-shahar, qishloqma-qishloq yurdik, hozirgi kunlarimizga shukr.
 “Alloh suygan quliga, eltib qo‘yar yo‘liga”, – deb yurardi buvim. Bir-ikki hafta o‘tib, qaerdandir cho‘pon kelib, sal ko‘payishib kelgan echkilarni mashinaga ortib, olib ketdi va birdaniga qurilishni boshlashga pul topildi... 

KEMA


Bir kuni shom payti Roza xolam dugonasi bilan kinoga bormoqchi bo‘ldilar. Men ham ergashdim. Qizlarning hafsalasi pir bo‘ldi. Ukamni emizib o‘tirgan onam:
– Buving bilan kemada ketmaysanmi? – deb meni chalg‘itdi.
– Qanday kema? – deb so‘radim.
Makkajo‘xori dalasidan o‘tib borar edik. Nihoyat, sovxozning ekinsiz qolgan yerlari boshlandi. Ular endi imorat qurish uchun bo‘lib berilgan edi.
Birdan... botayotgan quyoshning nurlarida jilolanib turgan, oppoq yelkanlarini rostlagan, suzib ketishga shay bo‘lib turgan, chiroyli bir kemani ko‘rdim. Daladan chopib, yiqilib, turib, o‘sha tomon shoshildim, chunki buvim yolg‘iz o‘zi kemada ketib qoladi, deb qo‘rqdim. Buvim bag‘riga bosdi, yuz-ko‘zimdan chang va yoshni artdi, tuflimni yechib, pashshaxona ichiga kirgizib, kattagina shiyponga o‘tqazdi. Lekin xayolparast qizaloqning nazarida, u endi kemaga aylangandi. Kechki ovqatimni yedirib, buvim sehrli ovozda shivirladi:
– Hozir Oymomo bulutlar asirligidan qutuladi va kemamiz uning bilan birga suzib ketadi.
Oymomo esa bekinmachoq o‘ynardi. Bir to‘p bulutlar orasiga bekinar va yana sehrli yuzini ko‘rsatar edi. Xayolim Oymomo va bulutlarga ergashib ketdi. Bizning oppoq kemamiz Yer bilan birga oydin kechada suzib borardi. Ariqlarda suvning shildirab oqishi, baqalarning qurillashi, hashoratlar chirillashi – hammasi bir chiroyli tungi kuyga, tabiatning allasiga aylangan edi. 
Yoz bo‘yi, imoratimiz bitguncha, har kecha buvim bilan tungi safarga ketar edik. Eh-he, qancha ertaklar, qo‘shiqlar, rivoyatlar eshitganman, son-sanoqsiz sarguzashtlarni boshdan kechirganman. Saharda uyg‘onganimda, Cho‘lpon porlab turardi. Yulduzga termulib o‘tirib, birdan “kema"dan otilib chiqib, shabnamli dala bo‘ylab yalangoyoq chopardim. Oyog‘im yerni sezmasdi, osmon sari qushday uchar edim...
Aslida biz o‘shanda dalaga olib kelingan qurilish ashyolarini qo‘riqlar edik. Bir kuni Noil tog‘amning o‘rtoqlari hasharga kelib, buvimga hazil qilishdi:
«Hozir negadir yigitlar ichkuyovlikni afzal ko‘radilar. Shuni hisobga olib, biz sizga bir kulba qurib bermoqchimiz, rozimisiz?» Bir-ikki mashina g‘isht, shag‘al-qum, taxtalar keltirib, bir oy deganda, chiroyli uychani qurib berdilar. Buvim ularni tovuq palov bilan siylab, duo qilib turdilar. 
Keyin ko‘p voqealar bo‘lib o‘tdi. Pochchamiz Ro‘zmat aka oilasi bilan o‘z yurtiga ko‘chdi. U yerda ikkinchi o‘g‘illari – Farhod tug‘ildi. 
 “Yosh oila, ro‘zg‘ori nochor, bolalariga qaramasam bo‘lmas”, deb buvim To‘rtko‘lga yo‘l oldi. Noil tog‘am kuzda harbiyga, Qora dengiz flotiga jo‘nab ketdi. Roza xolam uyimizdan uch-to‘rt chaqirim naridagi sanatoriyaga ishga qirdi. Nazar tog‘am avtobus haydovchisi edi. Onamga ham avtobus parkidan ish topib berdi. Onamga zarur kelibdimi, kechalari avtobus yuvib yurish? Chaqalog‘ini haftalik bog‘chaga topshirdi, Rashidni faqat shanba kuni uyga olib kelardi. Meni esa yuz chaqirimdan nari – Angrendagi internatga berdi. O‘zi esa tungi smenadan qaytib, uxlab olib, kechga tomon, malikaday kiyinib-yasanib, Roza xolam yoki biror dugonasi bilan kinoga, yosh-yalang to‘planadigan joylarga borardi. Xuddi bola-chaqasi yo‘q, boshi ochiq qizday.
Menga – buvim va Roza xolam oq yuvib, oq taragan arzandaga begonalar orasida yashash og‘ir bo‘ldi. Noiloj, yangi sharoitga ko‘nika boshladim.
Kunlarni qayta-qayta sanab, zo‘rg‘a ikkinchi sinfni tugatib, yozgi ta’tilda uyga keldim. Shu orada buvim ham Toshkentga qaytdi.
– A’lochi ekansan, buni eshitib xursand bo‘ldim, – dedi mening boshimni ma’yus silab. 
Shu tarzda yillar o‘tdi. Roza xolam sanatoriyaga dam olishga kelgan bir tatar ayol bilan do‘stlashdi. O‘sha opa xolamni ukasiga unashtirmoqchi bo‘lgan. 
– Voy, ukangiz Hojar opamga teng ekan, – debdi xolam.
Sovchilar kelishdi. Onam Nabiulla Ahmerov degan kishiga erga tegdi. Tog‘amning do‘stlari haq bo‘lib chiqdi: o‘sha kishi ichkuyov bo‘lib, uyimizga keldi. Harqalay, onamning o‘zi tanlagan erkaklardan ko‘ra, xolam topgani tayinliroq chiqdi: bizga ota bo‘lib qoldi. Zilziladan keyin, sakkizinchi sinfga o‘tib, o‘zimning birinchi maktabimda o‘qishni davom ettirdim. Oilamizga barakdan bir xona ajratdilar. Birdan onam yotib qoldi. 
– Nega men bunday baxtsizman? Hayotim faqat qayg‘u-iztirobda o‘tadimi? – deb buvimga hasrat qildi.
– Alloh qanday kasallik bergan bo‘lsa, uning shifosini ham beradi. Sabr-bardoshli bo‘l, – deb nasihat qildi buvim.
Kasalxonadan qaytgach onam ko‘p uxlardi. Men qo‘limdan kelgan ishni qilib, onamga qaynatma sho‘rvalar pishirib borardim. Dadam ham ishdan kelib, onamga qarashar edi. Katta pechka o‘sha xonani ikkiga bo‘lib turar edi. Men karavotim oldiga kichkina chiroqni yoqib, kitoblar olamiga sho‘ng‘ib ketardim. Bir kuni onam erta turib, qo‘limdagi “Telba”, degan kitobni ko‘rib:
– Bolam, tuni bo‘yi uxlamadingmi? – deb so‘radi. 
– Kitobni bir o‘tirishda o‘qiganga nima yetsin, zo‘r taassurot qoldiradi. Xayoling bo‘linsa, boshqacha ta’sir etadi.
– “Telba”ni o‘qib, o‘zing ham telba bo‘lib qolma tag‘in! Dyuma, Balzak, Mopassanlar bor-ku! Yoshligimda faqat frantsuz romanlarini o‘qiganman.
– Yo‘g‘-e, o‘sha chuchmal asarlarga vaqt sarflash zarilmi? Hiyla, xiyonat, alg‘ov-dalg‘ovdan boshqa hech nima yo‘q ularda. Axir men ruhi baland rus adabiyoti bilan ulg‘aydim-ku. 
O‘sha kichik xonada totuv yashadik. Ertalab turib, onam tushlarini aytib berardi:
– Bilasanmi, tunda men qandaydir boshqa olamlarga chiqib ketaman. Hayratli sarguzashtlarni boshdan kechiraman. Uyg‘onib, es-hushimni yig‘ib olishga qiynalaman.
– Men ham ajoyib tushlarni kinoday ko‘rib yotaman. Tabiatning rang-barang manzaralarini, ummon va daryolarni. Qaysi bir tushimga harir kiyimdagi odamlar kirib, menga saboq beradilar, o‘qishni, rasmlar chizishni, qo‘shiq aytishni o‘rgatadilar.
– “Irkit o‘rdakcha” ertagidagi o‘rdakday, men senga qarab, hayratlanib turaman. Nima aytishni, nima qilishni bilmayman, sen xuddi “Oqqush” buvingning tuxumidan chiqqandaysan. 
– Qani edi shunday bo‘lganda... Buvimning fazilatlari menga o‘tsa, boshim osmonga yetardi. Keyin buvimga o‘xshab, mag‘rur qanot chiqarib, uzoq-uzoqlarga, Moskvaga o‘qishga ketardim!
Men ko‘nglimdagini aytdim. Onamning kayfiyati o‘zgardi. U meni buvimdan qandaydir qizg‘anardi.
– Maqsadlaring ulug‘ ekan, tuqqan onangga esa bir og‘iz ham aytmaysan, – dedi onam arazlab.
– Axir og‘ir dardga chalindingiz, xom xayollarim bilan boshingizni aylantirib o‘tiramanmi?
– To‘g‘ri, o‘z-o‘zimni yomon ko‘raman, qismatimdan yig‘layman. Boshqa bir ajoyib olam mavjud-ku! Nega men bu zerikarli hayotni kechirishga majburman?
– Hali hayotimiz o‘zgaradi! – deb kayfiyatlarini ko‘tarmoqchi bo‘ldim. 
Aytganim durust chiqdi, bir yildan keyin oilamiz Chilonzorga, uch xonali kvartiraga ko‘chdi. Bir xonani onam va dadam egalladilar, ikkinchisiga kitoblarim va tugunlarim bilan men ko‘chib kirdim, ukamga esa katta mehmonxonada yangi divan qo‘yildi. Birinchi qavatda yashar edik, tomorqaga ham ega bo‘ldik. Eshik oldida esa men yaxshi ko‘rgan – olcha daraxtlari! Oyim erta turib, shirin taomlar pishirib, eshigimni qoqib:
– Grafinya, nonushtaga marhamat, – deb taklif etardi. 
Ukamga “baron”, dadamga “gertsog” unvonini bergan edi mag‘rur “ona qirolichamiz”. Onam sog‘ayib, kuchga kirgach, xonadonimizda o‘shqirib, baqirib turishni o‘ziga ma’qul ko‘rdi. Yangi uy sharafiga berilgan ziyofatda, onam yorildi – o‘z maqsadini bayon etdi, menga va ukamga qarab:
– Endi uy bekasiman, sizlarni qo‘lga olaman, men chizgan chiziqdan chiqmaysiz. Bolalar onasining ko‘z qarashidan qo‘rqishi qerak, – dedi jiddiy.
– O‘zing bir umr o‘zboshimcha yashab yurding. Endi zo‘ravonlikka o‘tmoqchimisan? Bunday xo‘rlikka men yo‘l qo‘ymayman. O‘zim o‘stirgan qiz maktabni bitirguncha hovlimizda turadi, – deya buvim shart qo‘ydi.
O‘sha kecha buvimning kulbasida uzoq vaqt suhbatlashdik.
– Qizimning xulq-atvori otasiga tortgan. Buvang bilan urishib-janjallashib yashaganimiz yetmaganday, endi Hojar bilan tortishib yurishga majburman. Qizim yoshligida birdan “go‘zallarning go‘zaliga” aylanib, shaytonlab qolgandi. Manaman deb yurar, tantiq, injiq, sirkasi suv ko‘tarmas edi. Keyin seni, Rashidni tug‘ib, qismatiga tan berib, hovuridan bir oz tushgandi. Endi erga tegib, uyli-joyli bo‘lib, yana to‘nini teskari kiyib oldi. Yaxshi kunlarga yetdim, deb Xudoga har kuni shukrona aytish o‘rniga, bag‘ritosh ayolga aylanib borayotganiga hayronman, – deb ich-ichidan kuyunib gapirdi buvim.
Men ham o‘z hasratimni aytdim: 
– Hovlimizda uch “prokuror” kampir bor, ular onamni gapga solib, ipidan ignasigacha surishtirib, butun sirlarini bilib oldilar. Negadir, hech kimga bo‘ysunmagan onam, ularning yugurdagi bo‘ldi-qoldi!
– Bekorchilikdan yomon narsa yo‘q. O‘zi ishlab yurgan pochtadan nega bo‘shab ketdi? Ishi yengil edi, tuzuk ayollar bilan do‘stlashib yursa bo‘lmasmidi?
– Dadamiz qizg‘anar ekan. Uyda o‘tir, ikki ishda ishlab, o‘zim seni boqaman debdi... 
Bir oycha buvimnikida turdim, keyin oyim dadam bilan kelib uyga olib ketdilar.
Noil tog‘am ikkinchi marta uylandi, xotini bilan buvimning kulbasidan boshpana topdilar. Keyin zavoddan uy berishdi. Tog‘am Leonid Komiljonov degan yigit bilan do‘stlashgandi. Necha yillar kuyov tanlab o‘tirgan Roza xolam birdan o‘sha yigitga tegdi-qo‘ydi. Taqdir degani shu bo‘lsa kerak! Guldan gul tug‘iladi deb, qiziga Liliya ismini tanladi.
Maktabni bitirgan yili buvim so‘radi:
– Xorazmga borasanmi?
Birinchi bor samolyotda uchib, Urganchga yetdik, avtobusda kechuv joyigacha bordik. Paromga mashinalarni joylashtirdilar, qiz-juvonlar gap sotib, pista chaqishar, erkaklar papiros tutatib, o‘zaro gurunglashib turardilar. Kichik kater paromni tortib ketaverdi. “Kema”mizning uchiga chiqdim. Xira bir parda atrofni qoplagandi. Quyosh ko‘rinmasa ham, kun nurafshon edi. Amudaryo ham osmonning tusini olib, kumushday tovlanardi. Daryoning qoq o‘rtasida katerning motori to‘xtab qoldi. Sokinlikni, bepoyonlikni, ulug‘ daryoning salobatini ich-ichimdan his qildim. Xayolimda daryoni tepadan ko‘rdim. Uning marvarid o‘zani ufq bilan tutashgandi. Ulug‘ daryolargina sahroni kesib o‘tishga qodir bo‘ladi... 

 SO‘FITO‘RG‘AY


Amudaryo qirg‘og‘idan Guldursunga borgunimizcha, qadrdon sahro bilan ko‘rishganim sabab, yo‘l bo‘yi o‘pkamni bosolmadim. Axir buvim bekorga “to‘rg‘ay” laqabini bermagan – men dasht qiziman. Bu yorug‘ olamning birinchi taassurotlari o‘sha-o‘sha dashtu sahro manzaralari edi. Sahroning harorati, bepoyonligi meni maftun etdi. Qani edi, mashinaning bor kuchini ishga solib, sahroni kezib, uzoq bir safarga otlansang!
Bu sahroni o‘z vaqtida Ramazon buvam ham kezgan. Buvam chavandoz bo‘lgan, Chor armiyasining kavaleriya polkida xizmat qilib, fin urushida qatnashgan. Umrbod o‘sha-o‘sha chavandoz, shashti baland, qarib quyulmagan, achib suyulmaganlar qatorida bo‘lib qolavergan. Yoshi qirqdan oshganda Masrura buvimga uylangan. Buvamni ko‘z oldimga keltirishim oson, chunki onam o‘sha kishining o‘zginasi. Aftidan lo‘lilarga o‘xshagan, qirg‘iy burun, qop-qora jingalak sochli, oltmishdan oshganda ham sochiga oq tushmagan, ko‘zlari chaqnab turgan, xulq-atvorida ham lo‘lilik bo‘lgan ekan, bir umr tavakkal qilib yashagan. Uydan chiqqanida to‘rva ichiga tupurib, kechqurun uni to‘ldirib olib kelgan. Veterinar bo‘lib, o‘zi yaxshi ko‘rgan otlarni, mollarni davolab yurgan. Tug‘ilgan bolalarining umri uzun bo‘lsin deb qon chiqargan. Urush yillari mehnat armiyasiga safarbar etilgan. Boyovut sovxozining bo‘limlarida ishlagan va u yerdan qaytib kelmagan. Masrura buvimga bir necha marotoba: ”O‘lsam, qo‘shmozorda ko‘milaman”, – degan ekan, aytganini qilibdi. O‘sha paytlar terlama kasalligidan o‘lganlarni qo‘shmozorda ko‘mishgan ekan. 
Bu dunyoning hikmati ko‘p. Bir kuni yo‘limda kuygan daraxtni uchratib, rosa achindim, yaqinlashib, uning ildizidan o‘sib chiqqan niholni ko‘rib ovundim. Urush olovida umri yonib, ado bo‘lgan buvamning ildizidan yetti-sakkiz yil o‘tar-o‘tmasdan, aynan o‘sha zaminda, Mirzacho‘lda, men dunyoga keldim...
Oddiy tuman kasalxonasida, pastakkina binoda onam meni qiynalib tuqqan. Ko‘zi yorib, uxlab qolgan, birdan kimdir derazani ochgan. Qarindoshlarim keldi, deb sevinib, o‘sha tomonga yuzlansa... Bir chiroyli, peshonasida yulduzi bor, oq ot onamga boqib turganmish. Balki, o‘sha buvam davolagan otlarning avlodidandir. Balki: “Tug‘ilgan qulun qulluq bo‘lsin! Toshkentda siz uchun boshpana – otxona tayyor”, demoqchi bo‘lgandir, kim bilsin... 
 

ORZU


Oliy Adabiyot institutida ta’lim olish orzuim edi. Ammo Moskvaga borishga menga ruxsat bermadilar. Har xil tahririyatlarda ishlab, jurnalistika fakultetida o‘qidim, lekin ko‘ngildagiday bo‘lmadi. “Yosh gvardiya” nashriyotiga ishga kirdim. 
Nashriyotimizda chiqadigan “Yoshlik” almanaxida birinchi hikoyam chop etildi.
– Men qo‘limda ko‘tarib yurgan jiyanim yozuvchi bo‘libdi-ku! – deya xursand xitob qildi Noil tog‘am uyimizga kelib.
Tog‘am mendan o‘n bir yosh katta edi. Bir-biridan o‘jar, irodali opalari qo‘lida o‘sib, nihoyatda yuvosh, kamtar, juda samimiy, ko‘ngli ochiq yigit bo‘lib o‘sgandi. Garmon, gitarani chalib, qo‘shiqlar aytib, davralarga fayz kiritardi. Ko‘p kishilar bilan do‘st tutingan edi, shu sabab, birodarlari buvimni “ona”, deb ulug‘lardilar, hattoki kulba ham qurib berdilar. Bir do‘sti esa meni cho‘kishdan qutqardi.
Almanaxdagi o‘sha hikoyamga “Qushlar” degan nom berib, ajralishgan eru-xotin o‘rtasida qiynalib ketgan yigitcha haqida yozgan edim. Noil tog‘am juda bolajon edi, zavodda tungi smenada ishlab, kunduzi o‘zi o‘g‘lini boqib o‘stirgandi. Yuvosh erining qadrini bilmagan xotin, ajrashamiz deb turib olgandi, lekin haqgo‘y o‘g‘li Temur sudda aytibdi: ”Men otam bilan qolaman”. Hikoyam o‘sha voqeaga o‘xshagandi, tog‘am meni jonkuyari deb bildi. 
Nashriyotda ishlab yurgan paytlarim Moskvadagi “Molodaya gvardiya”, Kievdagi “Molod” nashriyotlariga original-maketlarni eltardim. Boshqa o‘lka, shaharlarga xizmat safarlariga borardim.
O‘sha vaqtlarda qo‘lyozmalar mashinkada ko‘chirilib, tahririyatga topshirilardi. Shanba-yakshanba uyda o‘tirib tunu-kun ishlardim. Onam xonamga kirib:
– Xohlasang, fol ochib beraman, – deb meni avramoqchi bo‘lardi.
– Kerak emas, peshonamda nima yozilgan bo‘lsa, shuni ko‘raman. Bo‘lajak voqealar esa tushimda ayon bo‘ladi. 
– Sening hayoting juda zerikarli o‘tayapti, – deb onam go‘yo achinardi. – Axir yoshlik umrda bir marta keladi! Mening yoshligim gurkiragan bog‘larni eslatardi. Men olov qiz edim, yigitlarning boshlarini aylantirib, bir-biri bilan urishtirardim, o‘zim esa tomosha qilib turardim.
– Nega? 
– Qasdimni olardim, o‘n besh-o‘n olti yoshimda senday nozikkina, oriqqina bo‘lganimda, hech kim nazar-pisand qilmasdi. Keyin to‘lishib, go‘zal qiz bo‘lib sahnaga chiqqanimda, oshiqlar ko‘paydi. Dugonalarimning yigitlari meni qurshab olardilar. Bir aytgan so‘zim ular uchun qonun edi. Lekin men hech kimni sevmadim, jonimga tegsalar, javobini berardim. Qaysi biri boshini ichkilikka soldi, qaysi biri o‘zini otmoqchi bo‘ldi.
– Demak, o‘sha yillari shaytonlab qolgansiz, – dedim ich-ichimdan og‘rinib. – Maqsadingiz – ularni izdan chiqarish edimi? Birontasini to‘g‘ri yo‘lga soldingizmi o‘zi?
– Dadangni odam qatoriga kiritgan kim?!
– U kishi o‘zini-o‘zi odam qilgan. Bolaligidan yetim qolib, pochchalari bir savat papiros berib, bozorga jo‘natganlar. Ertalab shuni sotishga ulgurib, maktabga chopgan, temir yo‘l texnikumini bitirib, mashinist bo‘lib, frontga qurol eltgan, u yerdan Toshkent gospitallariga yarador askarlarni olib kelgan. Keyinchalik Oltintopganda konchi bo‘lib ishlagan.
– Kim buni senga aytib berdi?
– Endi turmush qurgan kunlaringiz, siz Roza xolam bilan kinolarga borganingizda, buvim tovuq palov pishirib, meni, ukamni, dadamizni mehmonga chaqirardi. O‘shanda dadamiz boshidan kechirganlarini aytib bergandi. Buvim tinglab: “O‘g‘lim, yetim ekansan, ko‘p azob chekibsan, endi mana bu ikki bolaga ota bo‘la qol. Yetimlarning boshini silashdan savobli ish dunyoda yo‘q”, – degandi. Buvim dadamni ham haydab yuborasiz, deb qo‘rqardi.
– Bir-ikki marta uyga ichib kelganida, chamadonni qo‘liga tutqazdim. Yuvoshdan yo‘g‘on chiqdi deganlari rost ekan. “Mening boradigan joyim yo‘q, tunda kelib darvozaga o‘z-o‘zimni osaman va osongina bu dunyo tashvishlaridan qutulaman, – deb g‘o‘ldiradi.
– Demak, siz bilan umidini bog‘lagan, – dedim-u, lekin eshitganimdan yuragim muzladi.
– Umidini emas, mening oyoq-qo‘limni bog‘lab qo‘ydi. “Men o‘lsam, sen javobgar bo‘lasan”, – deganday bo‘ldi.
– Bu so‘zlarning oxiri xayrli bo‘lsin! – deb qo‘ya qoldim.
Men ishlamoqchi bo‘lib, xonamga kirdim, lekin qo‘lim ishga bormadi. Derazadan qorong‘u osmonga qarab yotib, alahsirabman... Bu kvartira o‘rnida... qo‘shmozor ko‘rdim... Qo‘rqib uyg‘ongandim, yuragimni vahima bosdi, oldindan bildimki: biz bu uyda baxtli bo‘lmaymiz, bir-birimizdan ayrilib ketamiz...
– Oxiri xayrli bo‘lsin, – deb, yana uyquga ketdim. 
Ukam aqlli, zehni o‘tkir bola bo‘lsa ham, o‘qishni yoqtirmasdi. Unga desa to‘p tepib, futbol o‘ynasa! "Paxtakor” yoshlar jamoasiga ham olmoqchi edilar, bir-ikki yil boshqa yurtlarga safarlarga ketib-kelib yurdi. Keyin birdan sportdan ham ko‘ngli qoldi, yomon do‘stlar orttirib, yo‘ldan oza boshladi. Onam uni juda keskin vaziyatlardan qutqarib oldi, zo‘rg‘a sakkizinchi sinfni bitirib, qaysidir hunar o‘quv yurtida o‘qib yurdi. Armiyaga jo‘nab ketdi, u yerda ham yomon nom chiqargandi. Keyin uyga qaytib, haydovchi bo‘laman dedi, dadam pul berib uni kurslarda o‘qitdi. Vaqt kelib, ukam kelinni yaqindan topib, uylanaman, deb turib oldi.
Qudag‘aylar tatarlardan mashhur bo‘lgan chilonzorlik Usman mullani olib keldilar.
– Otamga rosa o‘xshar ekan, xuddi aka-ukaday! Yaxshilab qara va eslab qol! – hayajonlanib gapirdi menga buvim.
Nikoh o‘qildi. Keyin choy ichib o‘tirganda, buvim savol berishga jur’at etdi:
– Otam Ahmadulla Husniddin Orenburgda mulla bo‘lgan, tengdosh ekansiz, u kishi bilan uchrashganmisiz?
– Yo‘q, men Ufa tomonlarda tug‘ilib o‘sdim. O‘ttizinchi yillar ulamolarni surgun qildilar. Baxtim bor ekan, hamma musulmonlarni birlashtirgan Qur’oni karimni, arab tilini bilganim sabab, bu o‘lkada yashab, hech xor bo‘lmadim. Din – bu ilohiy kuch. Tatar xalqi qalban, o‘z ixtiyori bilan musulmonchilikni qabul qilgan va dinning keng yoyilishini ko‘zlab, ko‘p millatlarni dinga kiritgan. Hattoki Qadimgi Rusiya podshosi Vladimir huzuriga Bulg‘or xonligidan elchilar borib, musulmonchilikni qabul qilishni taklif etgan. Vladimir ikkilanib turgan, lekin atrofdagilarning so‘zi bilan xristian e’tiqodini qabul qilgan...
Biz mullani kuzatgani chiqqanimizda, hayratlandim, yoshi to‘qsondan oshgan ota haliyam ruhan va jismonan tetik edi, faqat odamlar hasratidan, necha-necha tobutlarni yelkalariga ko‘targanidan qaddi ancha bukilibdi. Panjalari sozandalarnikiday uzun edi, suyaklari yep-engil bo‘lgani sabab, menga fotihasini berganida yelkalarimga qush qo‘nganday tuyuldi... 
Ayni o‘sha vaqtdan ajdodlar taqdiri meni qiziqtira boshladi. 
Ukamning to‘yi bo‘lib o‘tdi, alohida xonamni ularga ajratib berdim. O‘zim esa uyning o‘rtasida, to‘rt xonaga chiqiladigan mehmonxonada qolib ketdim. Kelin va qaynona janjallashib yurdi. Bir kuni onam alamini mendan olmoqchi bo‘lib:
– Sen ham boshimga balo bo‘lding! Qachon odam bo‘lasan? Yig‘ishtir bu narsalarni, – deb boshimga kitob bilan turtdi.
Indamasdan chamadonni, hujjatlarni, kerakli kitoblar va mashinkani olib, uydan chiqib ketdim. Buvim To‘rtko‘lda edi, Tamara Aleksandrovna degan bir yolg‘iz, jonkuyarim bo‘lib qolgan kampirning uyidan boshpana topdim.
Bir kuni eshitib qoldim: Yozuvchilar uyushmasi, o‘sha mening orzuim bo‘lgan, Oliy Adabiyot institutida tarjimonlar guruhini o‘qitmoqchi ekan. Ijodiy tanlovdan o‘tib, imtihonlarni topshirib, institutga kirdim. Moskvaga ketish taraddudida yurganimda, onam yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘ldi.
Hamkasblarim kuzatish marosimini o‘tkazdilar.
– Jamoamizdan senga ozgina yordam, – deb menga yaxshigina mablag‘ berdilar.
Hamma dilidagini izhor qilganda, kattalar oq fotihani berganda, onam xo‘mrayib:
– Shuncha pulni ko‘kka sovurasan. O‘qishni eplay olmaysan! – deb, ko‘nglimga vahima soldi.
Baxtimga buvim Toshkentda edi.
– Sen o‘z orzuingni boladay o‘n uch yil o‘stirding, – dedi u xo‘rsinib, – endi murodga erishdim deganda, o‘z-o‘zingga xiyonat qilmoqchimisan? Onangni boqadigan eri, o‘g‘li, kelini bor. Seni dunyodan qizg‘anayapti, tushunyapsanmi? Uyda o‘tirib, kitoblar o‘qib adiba bo‘lolmaysan. Sen hayot bilan yuzma-yuz bo‘l, musofirchilik zahmatlarini ham tort.
Men buvimni quchib oldim.
Oradan uch kun o‘tdi. Ketar chog‘im buvim qulog‘imga shivirladi:
– Alloh haqqi! Qozon Moskvaga yaqin, borib, otangni top!
 

DIYDOR G‘ANIMAT


Yolg‘iz o‘zim Qozonga borishga cho‘chidim, dugonam bilan yo‘lga chiqdik. Birinchi marta otam bilan uchrasholmadim, ovulga ketib qolgan ekan. O‘gay onam bilan kelishib olib, yana bir marta ularnikiga bordim. Vokzalda eru-xotin meni kutib oldilar. O‘pkam to‘lib, yig‘lab yubordim.
– Men ayol ko‘z yoshini ko‘tarolmayman... – deb pichirladi otam.
O‘sha zahoti hayajonim, ko‘z yoshim, otamga atalgan so‘zlarim diydamda tosh bo‘lib qotdi. Mehmondan mehmonga olib yurdilar, ziyofatlar berdilar. Lekin bizga, ota-bolaga, gaplashib olishga imkon bermadilar.
O‘gay onam, Omina opa shaharni aylantirganida, yo‘l bo‘yi zahrini sochdi. He yo‘q, be yo‘q, otamni ayblay ketdi:
– Toshkentga borib nima topdi? Faqat boshiga balo orttirdi...
– Onamni sevib qolgandi. Ikki yil yurib, oxiri niyatiga yetdi, uylandi. Birinchi ko‘z ochib ko‘rgan qizga...
– Ikki yilda ajrashdilar-ku. Uylanishning nima keragi bor edi?
– Men dunyoga kelishim uchun. 
Otam meni kuzatishga chiqqanida, o‘gay onam bir qarindoshini “yuk ko‘tarishga yordamlashadi”, deb ayg‘oqchi qilib yubordi. Vagonga kirib joyimga o‘tirib, to‘yib yig‘lab oldim. Yo‘ldoshlarim, dardimni bilib, hayron qoldilar. Yetti yot begona o‘sha zahmatkash, ko‘ngli ochiq kishilarning rahmi keldi.
Toshkentga kelib buvimga bo‘lgan voqealarni aytib berdim.
– Dengizchilarimizning kemasi qumga ko‘milibdi-ku... – dedi u afsuslanib.
O‘shanda bildim, otam buvimning yuragidan joy olgan kishi ekan. Ko‘pincha otam va Noil tog‘amning jonkuyari bo‘lib, ikkalasining taqdirlarini taqqoslab yurar edi. Ular harbiy xizmatda dengizchi bo‘lganlar, o‘zga yurtlarda yurib, ikki marta uylanib, ikkitadan bola orttirib, uchinchi marta esa farzand ko‘rmaganlar. Uchinchi xotini tog‘amni o‘g‘lidan ayirib, oxiri tashlab ketdi. Omina opa esa meni otamdan uzoqlashtirishga harakat qildi va niyatiga erishdi. 
Buvim ham bu haqda xayol surib o‘tirgan ekanlar, hayajonlanib gapira ketdi:
– O‘gay onami, otami, baribir o‘gayligini qiladi-da. Otam Ahmadulla mulla haj safariga ketib va undan uch yil xabar bo‘lmagach, qarindoshlari onamni – Gulbog‘idani Zokir degan kishiga majburlab erga berganlar. Xalq ichida bekorga rivoyatlar yurmaydi. Mana misol. Uch aka-uka qo‘lida qolgan singlisiga sovchilar keladi. Yangalari sovchilar bilan savdolashadilar. Bir yangasi to‘n so‘rasa, bir yangasi ot so‘rar, bir telbaroq yangasi – bir solmalik un so‘rarkan. Oilamizdagi savdo ham shu tarzda o‘tdi. Zokir chol tez orada Sarvara opamni cho‘ldan kelgan boy qozoqqa bir qop unga berib yubordi. Meni, o‘n besh yoshga kirgan qizni, o‘zining ulfat do‘sti Ramazonga erga berdi. Fotimaning qismati yanayam achinarli bo‘ldi. Temir yo‘llarni ta’mirlab yurgan bir kishiga berib yubordi.
– Ukalaringiz Abdelg‘ani va Abdelg‘azizlarning taqdiri qanaqa bo‘ldi?
– Ular o‘gay ota bilan bozorga chiqqanda otamizni uchratganlar. Hoji otamiz Zokir cholga jiddiy gapirgan: “Xotinimni olding, uyimga xo‘jayin bo‘lib qolding, oilamni yo‘q qilding. Bu ikki chirog‘bonlarimni senga bermayman”. So‘ng o‘g‘illarini ergashtirib ketgan... Onam otamizdan ranjib aytardi: “Dindor kishi ekan, uylanib, bola orttirishning nima keragi bor edi? So‘fiy bo‘lib, ziyoratdan-ziyoratga yuraversin edi! Necha yil yashab, men u kishining diydoriga to‘ymadim!” Qarang-a, taqdir taqozosi bilan ikkinchi eri bilan doimo birga bo‘lganlar, hattoki narigi dunyoga ham ketma-ket o‘tib ketganlar.
Hovliga To‘rtko‘ldan mehmonlar kelib, suhbatimiz bo‘lindi. Men Chilonzorga qaytib ketdim. 
– Men umrimni senga bag‘ishladim, sen esa o‘sha nomardning oldiga bordingmi? – deb hujumga o‘tdi onam, Qozonga borganimni eshitib.
– Otamni nomard demang, u obro‘li, yaxshi odam, umrbod sizni sevgan:
Onam battar tutaqib ketdi:
– Sevsa, muhabbatga xiyonat qilmasdi.
– O‘zingiz otamni uydan haydab yuboribsiz-ku!
– Qaytib keladi, deb o‘ylagandim.
– Har bir insonning o‘ziga yarasha g‘ururi bor! Nega men bilan uchrashishga, hattoki yaqinlashishga ruxsat bermadingiz?
– Sening ko‘ngling bo‘linmasin deb.
– Shu yo‘l bilan otamni mendan uzoqlashtirdingiz. Otam tirikligida meni yetim qildingiz. Urushda qatnashgani uchun medallari bor, samarali mehnati uchun ham mukofotlangan. Siz esa otamni yomonlab, ko‘zimni ochirmadingiz. Endi o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim – obro‘li, tuppa-tuzuk, uyatchan, xayolparast kishi...
Yozuv mashinkamni, kitoblarimni olib, tushkun kayfiyatda buvimnikiga ketdim.
– O‘gayi talagani kam edi, o‘z onang ham azobladimi? Ikki o‘jar biya urishganda o‘rtada qolgan erka toyga qiyin bo‘ldi, – deb erkaladi buvim.
Tushlik payti Nuriya xolam hovliga kirib keldi.
– Men sizlarni rosa sog‘indim.
O‘zi bilan olib kelgan go‘sht, guruchni oshxonaga eltdi.
– Nima pishiray? – deb so‘radi Roza xolam.
Hammamiz “palov”, deb turib oldik.
– Endi Hojar opamni qanday chaqirib olamiz? – deb Nuriya xolamning boshi qotdi. 
– Ko‘nglingiz xotirjam bo‘lsin, hozir kelib qoladilar! – dedi Roza xolam.
Gapi rost chiqdi. Bir soat o‘tar-o‘tmas, onam hovliga kirib keldi.
– To‘ti qush, qachon kelding, xabar ham bermading, – deb mehmonga yolg‘ondakam do‘q qilgan bo‘ldi. 
Nuriya xolam to‘q rangli ko‘ylaklarni, katta zarbof ro‘mollarni yaxshi ko‘rar edi. Ochiqko‘ngil, istarasi issiq, gavdali, hammaning e’tiborini tortadigan juvonlardan edi. 
– Eshitdim, hovlingda prokuror bo‘lib olibsan. O‘sha janjal, tortishuvlarga aralashib yurishdan boshqa ishing yo‘qmi? – dedi onamga yuzlanib.
– Menga xo‘jayinlik qilma! – deb baqirdi onam.
Ular tag‘in bir oz aytishib, bir oz arazlashib turishdi. So‘ng suhbat yana o‘z iziga tushdi.

DAVR


O‘tgan asrning saksoninchi yillarini “turkiy adabiyot davri”, deb atasak hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki Chingiz Aytmatov, O‘ljas Sulaymonov, Rasul Hamzatov, Mustay Karim, Odil Yoqubovlarning ijodi gurkiragan edi. Ularning asarlari milliy o‘zligi, samimiyligi bilan ajralib turar edi. Meni bu hol juda ruhlantirardi, o‘z yo‘limni topganimdan xursand edim. 
Ham ishladim, ham o‘qidim. Ishimni yo‘qotmaslik uchun yozgi ta’tilga qaytmayman, deb xat jo‘natdim. Shu orada bir tush ko‘rdim.
Oyim meni – kichkina qizchani qo‘limdan ushlab bir ko‘prikka olib chiqdi, daryoning narigi qirg‘og‘ida esa onam qizaloqqa evrildi, men esa o‘ttiz yashar qiz bo‘lib, onamni yetaklab ketaverdim. 
 Ajab, umrida boshqa shaharlarga yolg‘iz o‘zi bormagan onam, ikki hafta deganda Moskvaga yetib keldi. Uni olomon haybati bosdi. Ko‘chalarni aylanishga chiqqanimizda, qo‘limdan mahkam ushlab olar, adashib qolishdan cho‘chigan qizaloqday mendan ayrilmasdi.
Yotoqxona odatlariga esa tez ko‘nikib oldilar. Bir talabaning chaqalog‘iga uch-to‘rt soat qaragan ekan, qiz minnatdorchilik bildirib: “Siz go‘zal ayolsiz”, debdi.
Ikkinchi kun ham kimdir onamga “go‘zal inson”, debdi.
– Sizni maqtab qo‘yadilar, xolos. Aslida, yotoqxonamizda chinakamiga bir suluv ayol bor, – dedim.
– Kim ekan? – deb qiziqsindi onam.
Eshikni ochib, yo‘lakni yuvib yurgan Mariya xolani ko‘rsatdim.
– Meni aldama! Nimasi go‘zal bu ayolning? – deb, arazlaganday bo‘ldi onam.
– Hayot siz o‘ylagan go‘zallik tanlovi emas-ku axir! Bu ayolning qalbi go‘zal. Nihoyatda kamtar, ochiqko‘ngil inson, yuzidan nur yog‘iladi. Biz uni xola desak, yigitlar, yanayam yaqin tutib “ona” deyishadi.
Keyinchalik Mariya xola bilan do‘stlashib: 
– Rostdan ham, mehribon, beg‘ubor ayol ekan, – deya onam ham tan oldi.
– Mariya xolani uchratib, Roza singlingizni ko‘rganday bo‘lmadingizmi? U ham tinimsiz ishlaydi, shifoxonaning bo‘lmalarini yuvib, eshik oldini supuradi, yo‘laklarning ikki tomoniga gul ekadi. Ishxona atrofini o‘z hovlisiday ozoda tutadi.
– Faqat Roza xolang ishlaydi, a? Mening mehnatim hisob emas!
– Hamma narsa hisobga kiradi. Lekin sizning fikringizga ko‘ra faqat siz haqsiz, boshqalar nohaq, ular ter to‘kib ishlayotganini mensimaysiz.
– Nega endi men qora ishga botib yurishim kerak? Boshimda erim bor, boqsin!
– Yo‘q, onaginam, aynan shu joyda adashyapsiz. Vijdonli odam uchun mehnat – zaruriyat! 
...Yarim yili qish bo‘lgan o‘lkada farroshlik erkaklar ishi. Ertalab soat besh-oltilarda yigitlarimiz muzni sindirib, qorni kurab, yo‘laklarni tozalashga kirishar edi.
O‘sha yillari “Farrosh shoirlar” degan ikki jildli to‘plam chiqib, adabiy hayotda bir voqea bo‘ldi. Chunki unda katta shahar shovqini o‘z aks-sadosini topgan, ko‘chalarni tozalab, olomonning oqimiga qarshi chiqqan darvesh shoirlar, o‘sha zamon ruhini bera olgan edilar.
Yillar o‘tib Adabiyot instituti qoshidagi ikki yillik Oliy adabiyot kurslarini tugatib kelgan Vafo Fayzulloh o‘sha farrosh shoirlarga jo‘r bo‘lganday tuyuladi:

Xabar tarqat, yuk ko‘tar, ishla,
Ko‘cha supur, kitob ort, chopgin.
Og‘iz ochmay, qishlarda kishna,
Yig‘lamoqqa gavjum joy topgin... 
... Boshingdagi qorlarni kura... 

Adabiyot institutini tugatgan shoiramiz Oygul Suyundiqova qorlarga ko‘p she’rlar bag‘ishlagan: 

Shahar bog‘larida parishon sochli
Adashgan darveshday aylanadi qor.
Boshqa satrlarni ham keltiraman:
Qorli tunda o‘rmon haybati
Afsonaga, sehrga to‘lug‘.
Yo‘llarimda – rus tabiati,
Muhabbati, shiddati ulug‘.

...Onam yurtdoshlarni oshga chaqirmoqchi bo‘lganida, men ogohlantirdim:
– Do‘stlarim ham o‘z uyiga sig‘may, yurtlaridan chiqib ketgan musofirlar. Iltimos, hazil qilib, o‘ylamasdan gapirib, ularni ranjitmang.
– Kimga nima deyishni o‘zim ham bilaman, aql o‘rgatma, – dedi onam.
Shu kundan boshlab to ketguncha, onam bir qozon ovqat pishirib, do‘stlarimni yig‘ib, qo‘shiqlar aytib, davramizga fayz kiritdi.
Sezdirmay, bilib olmoqchi bo‘ldi: yigitim bormi, yo‘qmi. Men Oygulning she’rini o‘qib berdim:

Shu qorlar hissiga qo‘shilib oqdi,
Hayotimning har bir oni, tashvishi.
Kimdir bu hayotga yor kabi boqdi,
Kimlarningdir aslo bo‘lmadi ishi...

Lekin sevgi sinovidan o‘tishga majbur bo‘ldim. 
Qozonga ketadigan kuni bir tasodifiy voqea bo‘lib o‘tdiki, uning aks-sadosi bir necha yil hayotimda sezilib turdi. Dugonamning tanishlari uni yo‘qlab kelib, xonamizda qizg‘in suhbatlar qurib o‘tirdilar, qaysi maqsad bilan yo‘lga chiqqanimizni eshitib, yigitlar hayajonlandilar. Birisi ro‘paramga o‘tirib:
– Mening onam qozonlik tatar, ismi Havo Hasan qizi, – dedi.
– Mening familiyam Hasanova, – dedim.
– Balki shuning uchun biz uchrashgandirmiz? Qarang, ikkalamiz ham ijodkor odam, tengdosh va bir millatga mansub, – dedi-yu, qarindoshlarim haqida surishtirib ketdi.
Yo‘lga chiqish vaqti ham yetib keldi. Biz xayrlashib turganda, yigit jiddiy so‘radi:
– Sovchilarni qaerga yuboray, Qozongami yoki Toshkentga?
– Qo‘ying, qizning boshini aylantirmang, – dedi dugonam.
Lekin yigit ko‘nglimga cho‘g‘ solishga ulgurgan edi. Qozonga yetganimda yuragimda olov yonardi. Buvim birinchi bolalariga Muso, Iso ismlarini bergan ekan. Men ham o‘z-o‘zimni ruhlantirib, Momo Havoning o‘g‘liga tegaman, degan umidda yurdim.
Kuyovdan darak bo‘lmadi. Do‘stlari bilan ko‘rgazmalarda ko‘rishib turdik, ularning so‘ziga qaraganda, yigit o‘z yo‘lini izlash payiga tushibdi. Bir eshitdim, yog bo‘lib ketganini, keyin yana qandaydir oqimlarga qo‘shilgani, arxeologlar guruhi bilan Kavkaz tomonga ketgani haqida ham xabar keldi.

* * *

...O‘sha besh yil ichida onam uch marotaba Moskvaga kelib ketdi. Bahslashib, tortishib yashadik. Iymon, vijdon haqida gapirib, tunlarni to‘zdirdik. 
Bir kuni ishdan kelsam, onam kulimsirab:
– Bilasanmi, bir shoir qozonim haqida she’r o‘qib berdi, – dedi.
– Bir qozon osh bersangiz, doston yozib beradi, – deb kesatib qo‘ydim. 
– O‘sha yigit hayotim haqida yozadigan bo‘ldi, oshga taklif etdim.
Bir pasdan so‘ng jilmayib mehmon kirib keldi. Gaplashmay, so‘rashmay, qornimizni to‘ydirib oldik. Dasturxon yig‘ilgach, ensamni qotirib, yigit suhbatga shaylandi, g‘azabim qaynab:
– Bir oy deganda jurnalda sizning tarixingizni chiqaraman, deb onamni aldamoqchimisiz? – dedim.
– Oyingiz ekanini bilmagandim. Ruhini ko‘tarmoqchi bo‘ldim, xolos, – deb yigit chiqib ketdi.
Onam xatoga yo‘l qo‘yganini tushunib, pushaymon bo‘ldi. Uxlatadigan dorisini ichib, devor tomon burilib yotdi. Men esa kichkina chiroqni yoqdim... va darvesh shoiraning sehrli olami meni qamrab oldi, yig‘lab, kuyunib uning otashin satrlarini o‘qidim. Birdan onamning ovozini eshitdim:
– Nega yig‘layapsan, bolam?
– She’rlarni tarjima qilib o‘tiribman!
– Ko‘z yosh to‘kish shartmi?
– Halol mehnatda yo ter to‘kasan, yo ko‘z yosh to‘kasan... 
Ertalab shoshib ishga ketdim, keyin tarjimalarni topshirib, oyimga shirinliklar olib, yotoqxonaga qaytsam, oyimning dimog‘i chog‘, osh pishirib yuribdi. Ovqatlanib bo‘lgach:
– Kitob haqida kelishib olaylik, – dedim. 
– Rostdan ham yozmoqchimisan? Yoshligimda bo‘lgan sarguzashtlarimni aytib bersam, bilasanmi, qanday ajoyib kitob bo‘ladi! – deb kayfiyati ko‘tarildi.
– Bo‘lmasa o‘zingiz o‘tirib yozing! 
– Bunday ishga sabr-toqatim yetmaydi. O‘zing yozaqol, – yolvordi onam.
– Lekin “yigitlar izimdan sevib-o‘lib, bir-birini o‘ldirib yurdilar", degan frantsuz romanlariga mos voqealarni eslamay, bor narsani yozaman. Hayotimiz bir umrga bog‘liq ekan, bir kitobda buvimning, sizning va o‘zimning taqdirimni yoritmoqchiman.
Onam og‘ir xo‘rsinib:
– Demak, internatga berganimni ham yozasan!
Onamning dili og‘riganini sezdim va bu masalaga ham aniqlik kiritishni xohladim:
– Axir bu hayotimning muhim voqealaridan biri. Yetti yil, onadan ayrilib, yashash oson deysizmi? Shanba-yakshanba kunlari yolg‘iz qolganimda tarbiyachimiz mehmonga olib ketardi. Uyi to‘la kitob edi. O‘sha bolaligimdan o‘qishni chin dildan sevib, bugungi kunda kitoblarga ko‘milib, Moskvada ta’lim olishga muyassar bo‘ldim... Agar siz chizgan chiziqlar bo‘yicha tarbiya ko‘rsam, hikoyalar o‘rniga shikoyatlar yozib yurardim. Xudoning rahmi kelib, meni asradi. 
– Demak, “prokurorligim” haqida ham yozasan?
– Haqiqat uchun kurashaman, deb faxrlanib yurgandingiz-ku, nega endi pushaymonsiz?
– Mayli, bor narsani yoz, gunohkor bandaman. Yuragingga yo‘l topolmay qiynalgandim, sen internatdan uyga qaytib kelganingda...
– Qaytib rejalaringizni buzdimmi? Qizaloqni yuz kilometr nari olib ketib, endi adashib, ko‘chada qolib ketadi, deb o‘ylagandingizmi?
– Nega bunday deysan?
– Chunki janjal chiqarib, kun bermadingiz! 
– O‘sha prokuror kampirlar: qara, ta’qiqlangan kitoblar bo‘lsa, oilang bilan Sibirga ketasan, deb, vahima qildilar. Sen sotib olgan kitoblarni, qo‘lyozmalarni birma-bir ko‘rsatardim. Moskvaga o‘qishga kirganingda, vahimalari avjiga chikdi: ehtiyot bo‘l, deb rosa qo‘rqitdilar meni... 
– Demak, o‘n-o‘n besh yil mobaynida, o‘ta xavfli mahbusday, onamning pinhona nazoratida bo‘lganman!
– Rosa qo‘rqitdilar! Axir, men qora xalq, o‘qimaganman, ishonaverdim!
– Yalmog‘izlar so‘ziga kirib, menga shuncha azob berdingiz! O‘qishni bitirib borsam, yana asirlikka tusharkanman-da. 
– Yo‘q-yo‘q, ochiq-oydin gaplashdik, men xatolarimni tan oldim, biz endi boshqacha yashaymiz.
O‘shanda hayratlanarli xulosaga keldim, onam: “O‘qib, boshimga balo orttirmayin tag‘in! Men go‘zalman, boy erga tegib, kun ko‘rarman», deb o‘qimagan va biror hunar yoki kasb ham egallamagan ekan.
Bir kuni ishdan qaytib kelganimda, qo‘shni qiz xonasiga chaqirib:
– Oying menga fol ochib: «Qara, to‘rt tomoningdan to‘rt qirol o‘z sevgisi, turmush qurish niyati bilan...Men esa bu dunyoda chin muhabbatdan mahrum bo‘ldim”, deb yig‘lab yubordi. Bechora, yolg‘iz yashayaptimi?
– Yo‘q, onamning eri bor. Lekin yoshligida, uni ham ko‘p yigitlar yaxshi ko‘rgan, izidan yurgan. Balki onam shuni eslagandir.
– Bizning keksa ayollar nafaqam yetmaydi, deb yig‘lasa, sening onaizoring chin muhabbat uchun yig‘ladi... Hali ko‘ngli yosh ekan-da!
O‘sha kecha ham kontsert bo‘ldi. Qo‘shni qizga dil kosasini ag‘darib ulgurgan onamning kayfiyati zo‘r edi, oldin xalq qo‘shiqlarini aytib, keyin Zuhro ariyasi bilan davrani zavqlantirdi.
– Havaskor xonanda bo‘lib yurganimda, meni viloyat teatriga taklif etganlar... – dedi onam.
– Bordingizmi? – deb qiziqdi bir yurtdoshim.
– Yo‘q, yosh, go‘zal edim, yigitlar izimdan qolmasdi... – dedi onam.
Mehmonlar xayrlashib, chiqib ketdilar. Onamning dimog‘i chog‘ edi, fursatdan foydalanib:
– Ruxsat bersangiz, men Moskvada oila qurib yashasam? – dedim.
 Birdan onamning go‘zal yuzi xo‘mrayib, qovog‘idan qor yog‘di. 
– Er-er, deb g‘ashimga tegma. Turmush qurish faqat irodali, kuchli ayollarning ko‘lidan keladi. Sen eplay olmaysan!
– O‘qishni ham eplay olmaysan degandingiz, epladim-ku!
– Bu boshqa masala. Yovvoyi jonivorlarga yaqinlashganda, bir qo‘lingda to‘pponcha, ikkinchisida qamchi tutib borasan-ku, erkaklarga ham xuddi shunday yaqinlashish shart!
– Qani, o‘sha to‘pponcha bilan qamchini ko‘rsating-chi! Shunday jasur ayol ekansiz, nega ko‘chada qo‘limni mahkam ushlab olasiz, mendan bir qadam nari yurmaysiz? O‘zingiz hamma narsadan qo‘rqib, meni ham qo‘rqitib olib, oldingizda bir umrga qoldirmoqchimisiz?
– Gapimga quloq sol. Sen yuvosh, kamtar, uyatchansan. Bunaqa qizlarning qadriga hech kim yetmaydi. O‘jar, o‘zlariga bino qo‘ygan, erkak ko‘zini o‘ynatadigan, xayolini avrab olgan qizlar yigitlarni aqldan ozdiradi. Sening na uying, na mulking, hattoki taqinchoqlaring ham yo‘q. Kambag‘al qizga kim ham uylanadi? Men senga haqiqatni aytaman – baxtli bo‘lishni xohlasang, hayotingni butunlay o‘zgartirishing kerak...
– Tavba...Umrimda hech kim meni bunday yerga urmagandi. Kelib-kelib tuqqan onamdan eshitib o‘tiribman.
Xona eshigini taqillatib, chaqalog‘ini ko‘tarib, qo‘shni qiz kirdi:
– Oldin qo‘shiqlar aytib, bolamni uxlatdingiz, endi esa janjal chiqarib, uyg‘otdingiz, mana, mehmonga keldik.
Men kulib yubordim.
 
* * *

...O‘qishim tugadi. Uyga qaytdim. Buvijonim diplomimni silab, jilmaydi:
– Ko‘nglim g‘ash bo‘lib o‘tirgandim, kayfiyatimni ko‘tarding, rahmat.
Ishim yurishib ketdi: Yozuvchilar uyushmasiga, tarjima bo‘limiga ishga oldilar. Ko‘pgina shoirlarning she’rlarini, yozuvchilarimizning hikoyalarini, hattoki kitoblarini ham tarjima qildim.
Bir kuni ishdan qaytsam, buvim Sho‘ro davriga mos “muammoli” filmni tomosha qilib o‘tirgan ekan, televizorni o‘chirib, birdan tutoqib ketdi:
– Shuyam muammo, shuyam fojia emish. Fotima singlimni Chiyili stantsiyasiga izlab borsam, kulbalarining o‘rnida bir uyum qum. Fotima eri bilan qaerda ko‘milgan, kishilar unutibdi... Besas, beun, iz qoldirmasdan dunyodan o‘tish – buni fojia desa bo‘ladi. Yoki totuv yashab kelgan oilaning parchalanishi, opa-singil, aka-ukaning bir umrga ayrilib ketishini ko‘z oldingga keltir! Mana haqiqiy musibat.
Xushchaqchaq qizning, davrim keldi, deb yurgan paytida xayoli fojialarni sig‘dirolmasdi. Shuning uchun:
– Ko‘z oldimga keltirolmayman! – deb rostini aytdim.
– Ko‘ngil ko‘zi bilan ko‘rmasang, oddiy ko‘z – butoq teshigi, – dedi buvim g‘amgin termulib. 
 

 XORAZM


...O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillari. Ocharchilik. Buvamiz Ramazon Gali Turkistonga ish qidirib ketgan. Besh-olti marotaba tanishlar orqali pul yuborgan, keyinchalik eridan xabar bo‘lmagach, Masrura buvim, uchta yosh bolasini o‘limdan asrash uchun, ona yurtidan ko‘chib ketishga majbur bo‘lgan. 

Orenburg ko‘chalari tovlana kumush kabi,
Qaerda g‘oyib bo‘lding, adashgan oqqush kabi.

Lekin buvimiz adashmagan. To‘g‘ri fikrga kelib, otalari Ahmadulla mulla qadamjo deb bilgan Turkiston o‘lkasi bilan umidini bog‘lagan. Poezdda sahroni kesib, Xorazm vohasiga kelib tushgan, buvamizni qidirib, Buxorodan topgan. Pastdarg‘om, Samarqand, Mirzacho‘l, Toshkent – umr yo‘lidagi bekatlar, manzillar bo‘lib qolgan.
...Buvimizning yoshi saksondan oshganda, Buyuk Ipak Yo‘lidagi mozorlarga ziyoratga borib, ruhi poklardan, tuprog‘im shu yerdan olinganmi, deb so‘raganlar. O‘ziga qabriston topib, joyini belgilab, tinchgina u dunyoga ketishga tayyorgarlik ko‘rgan. O‘sha vaqtda pochchamiz Toshkentga kelib, onam va Roza xolamga ma’rakalarning boshida o‘g‘il yoki kuyov turishini uqtirgan, hamma xarajatlarni o‘z zimmasiga olishini ham aytgan, ularning roziligini olgach, buvimning oldiga borib:
– Oyijon, siz kuyovning uyiga ko‘chmaysiz, o‘g‘lingizning uyida yashaysiz! – degan. Bunday ulug‘ so‘zdan kimning ko‘ngli erimasdi? Buvim To‘rtko‘lga ko‘chib ketishga rozi bo‘lganlar.
To‘rtko‘l atrofidagi qabristonlarga ziyoratga olib borgandan keyin buvimiz ajoyib tush ko‘ribdi. Tushida bir nuroniy ota buvimga olma berib: “Yig‘lama, bo‘tam, maqbaram yonida senga ajratilgan joy bor”, debdi. Ertasi kun pochchamiz Abdulloh Norinjoniy qabristoniga borib, buvimizning istagini aytib, sag‘anaga joy olib qo‘yibdi. Buvimiz xursand bo‘lib: endi ko‘nglim joyiga tushdi, debdi. 
Bir yili borganimda, buvimning ko‘zini oq parda qoplaganini ko‘rib, vahimaga tushdim. Ayvonga chiqib, dodlab yig‘ladim. Keyin o‘pkamni bosib, uyga kirdim. Buvim o‘tirgan xonaga o‘tdim, quchoqlashib ko‘rishdik. Choy ichganda, buvim toshkentlik bolalarini surishtirdi. Asta-sekin buvimning notanish qiyofasiga ko‘nika boshladim. Bir hayratlanarli fikrga keldim. Kumushsimon, oqargan sochlari, ajinlari, oq ko‘zlari va oqish doka ro‘moli bilan yunon afsonalaridagi ona siymosini eslatardi. 
Oxirgi marta borganimda, xayrlasha turib, buvim ma’yusgina dedi:
– Keladir bulutlar, keladir, Qibladan emas, Xivadan... Tuprog‘im shu yerdan olingan ekan, qabristonda menga atalgan joy ham tayyor. Yuragim sezib turibdi, bu so‘nggi uchrashuvimiz. Vaqti kelib, juda katta merosga ega bo‘lasan. Men sendan roziman, bolam, baxtli bo‘l. Buvijonim haj ziyoratidan olib kelingan mis qutisidagi kichkina Qur’oni karimni qo‘limga berdi. 

 QALB KO‘ZI


Qalb ko‘zini ko‘rgiliklar ochadi. Qirq yoshimda payim qirqildi – birinchi yo‘qotishim – buvijonim bo‘ldi. O‘sha yili Moskvada ishlab yurgan edim. 
O‘n kunga Toshkentga kelib, buvimning qirqini o‘tkazdik, keyin yana Moskvaga qaytib ketdim. Tushkun kayfiyatda o‘sha bevafo yorimning uyiga yo‘l oldim. Uni ko‘rib battar ko‘nglim ezildi. Sochlari, soqoli o‘sgan, semiz bir qorinboy eshikni ochdi. Faqat ko‘zlaridan tanidim uni. Lekin ko‘z qarashi og‘ir edi. O‘sha yillari Moskvada, yo‘l chekkasida savdo shoxobchalari paydo bo‘lgandi. Ro‘paramda shunday do‘konning egasi turar edi. ”Bolam, iymoningni butun saqla!”degan jonkuyari bo‘lmagani sabab, Momo Havo va Odam Atoning bolasini yana shayton yo‘ldan urgandi. Hamma narsa: muhabbat, ijod, ma’naviyat – unut edi. “O‘z-o‘zini topish” maqsadida yo‘lga chiqqan yigit, bor boyligini yo‘qotgandi...
Avgust oxirida onam Moskvaga keldi, Fyodorov klinikasida ko‘zini davolatdim. Ketar paytida, onam jiddiy ohangda:
– Uyga qayt, mening ham umrim oxirlab borayotir. Dadang bilan meni ko‘mib, keyin xohlagan joyda yasharsan, – dedi.
Kuzda Toshkentga qaytdim va O‘zbekiston Milliy axborot agentligining tarjima bo‘limiga ishga kirdim.
Qirqiga chidagan qirq biriga ham chidaydi, deganday, ko‘rgiliklar yopirilib kela boshladi. Ikki yil o‘tar-o‘tmas yoz boshida dadam yurmay qoldi. Dardlari uni ilonlarday chirmab olib, rosa azob berdi. Qirq kun ajal va hayot uning joni uchun kurashdi. Biz onam bilan qo‘limizdan kelgan yordamni berardik: eng kuchli qimmatbaho dori-darmonlarni topib kelardik. Bor pulimiz davolashga ketardi. Lekin dadam shifo topmadi: oyog‘i qorayib bordi. Doktorlarning kesib tashlasak, balki kasalning oldini olarmiz, degan so‘zlarini eshitib, dadam bir qarorga kelib bo‘lgandi. Har kuni ertalab, men ishga ketayotganimda: “Xayr, qizim, men sendan roziman”, deb qo‘yardi. Bir kuni qo‘shnimiz ishxonamga sim qoqib, tezda uyga kelishimni aytdi. Yetib borganimda, ayollar qo‘rqqan bolalarday bir joyda yig‘ilishgan edi. Lekin hech kim menga bir og‘iz so‘z aytmadi. Eshikni ochdim-u, qotib qoldim. Dadam devorga osig‘liq turar edi. Katta xonamizda onam yig‘lab, tergovchilarning savollariga javob berib o‘tirardi. Keyin qo‘shnimiz chiqib, meni kvartirasiga olib kirdi.
– Menga himoyachi kerak, – deya onam ukamni chaqirib oldi.
Lekin oilamizga qaytgan yigit oldingi Rashid emasdi. O‘n uch yil turmush qurgan, o‘n ikki yashar bolaning otasi endi har narsada o‘z oilasining manfaatini ko‘zlab turardi. O‘sha alohida xonamdan meni chiqarib, o‘zi joylashib oldi va xo‘jayinlik qila boshladi.
Bir kuni kimdir eshikni taqillatdi. Borib ochsam, dadamning uzoq qarindoshi ekan. Eshikdan mo‘ralab qaradi-yu, meni chetga surib, oyim o‘tirgan xonaga kirib ketdi.
– Hojar, go‘zalim, oltinim... Iltimos, mendan boshqa hech kimga erga tegma... 
Onam jonlandi, o‘rnidan turdi va andishali o‘g‘il va qizi, tomoshabinlarga o‘xshab, ikki eshik oldida qotib qolganlarini ko‘rdi.
– Namuncha shoshilasiz? – deb o‘zicha mehmonga norozilik bildirdi oyim.
– Men shoshiltirmayman. O‘ylab ko‘r, – deb mehmon chiqib ketdi.
Men oshxonada ivirsib yurdim. Ukam esa onam bilan jiddiy gaplashib oldi.
– Biror qarorga kelgan bo‘lsangiz, bizga ham ayting.
– Bilasanmi, o‘g‘lim, yolg‘izlik jonimga tegdi...
– Demak, biz hammamiz – opam, men, nevara, kelin – hisobga kirmaymiz?
– Men unday demadim-ku... Axir, bir umr beva bo‘lib o‘tirishim kerakmi? Men baxtli bo‘lishni istayman…
– Hozir siz baxtsizmisiz? Men oilamni qoldirib, xizmatingizda yurganim, opam erga tegmasdan, umrini sizga bag‘ishlab yashagani siz uchun bir pul ekan-da? Bizdan ko‘ra, o‘sha begona odam sizga afzalmi?
– U meni sevadi!
– Namuncha anoyi bo‘lmasangiz... U qorinboyning ovqatdan boshqa dardi yo‘q. Uyiga kelganda oldin oshxonaga kiradi, yeydigan narsa topmasa, o‘g‘il, kelinlarni so‘kib ketadi. Yaqinlari “Otamiz biror bir bevani topib, uydan chiqib ketsa edi, deb yurishibdi". Tilaklari amalga oshadi, shekilli…
– Men hali roziligimni bermadim-ku! Nega zahringni sochasan?
– Menga, olti yashar bolaga, eringizni ko‘rsatib: “Bu sening dadang” dedingiz. Men ishondim. Dadam boqdi-o‘stirdi, uyimizni mol-mulkka to‘ldirdi. Olamdan o‘tgach, darrov xotiniga, uyiga xo‘jayin topildi. Bilib qo‘ying, men bu yerga qadam bosmayman. Hozir menga hamdardlik bildiradilar. Yangi dadang qulluq bo‘lsin, desalar, odamlarning yuziga qanday qarayman?
“Ona qirolicha” xobxonasiga kirib ketdi. Ertalab choyga chiqib:
– Ukang meni talaganda, nega himoya qilmading? – deb janjal chiqarmoqchi edi, baxtimga ukam oshxonaga kirib kelib, salom berdi.
Peshinga yaqin kuyovto‘ra keldi.
– Mana, uch oy ham o‘tib ketdi... – dedi va maqsadga o‘tmoqchi bo‘ldi. – Shariatda esa qirq kun o‘tsa...
 “Ona qirolicha”mizga biror qarorga kelish uchun vaqt kerak edi, o‘rnidan turib deraza tomon yurdi, jahl ustida pardalarni tortqiladi, botib borayotgan quyoshning nurlari xonani yoritdi. Onamning ruhi tetiklanib:
– Siz mulla emassiz, shariatdan gapirmang. Bizning buvamiz muftiy bo‘lgan. Qizlarini shu ruhda tarbiyalaganki, onamiz o‘ttiz besh yoshida beva bo‘lib qolib, boshqa erga tegmagan... – deb jiddiy gapirdi.
– Endi u boshqa zamonlar bo‘lgan...
– Erimning tanasi sovumagan, hamdardlik bildirish o‘rniga, sovchilikka kelibsiz. Mulla nikohimizni ikki dunyolik qilib qo‘ygan, shuning uchun kelib yurmang…
– Unaqa demang, xabarlashib turaylik...
– O‘lganim haqida xabarni eshitarsiz... Hozir esa dam olishim kerak. Mayli, omon bo‘ling, – deb, onam xonasiga kirib ketdi.
Bir necha kundan keyin o‘sha kishi kelganda, Rashid eshikni ochdi.
– Hojar singlimni bir ko‘rib ketay, – deb xonaga kirmoqchi bo‘ldi.
– Axir, uyimiz ko‘rgazma emas-ku, – deb ukam yo‘lini to‘sib, chiqarib yubordi.
Oyimiz faqat dadamning jiyanlari bilan uchrashardi, boshqa erkaklardan yuz o‘girib o‘tirardi.
Dadamning po‘stini, qishki botinkalarini kiyganda, uning junjikkan vujudiga jon kirganday bo‘lardi. Har kuni mozorga borardi.
– O‘zingizni qiynamang, sizning aybingiz yo‘q, – deb tasalli bermoqchi bo‘lardim.
– Dadangni bir umr kamsitib, haqorat qilib yurdim. Qadrdonim, eng aziz do‘stim ekanligini aytishni o‘zimga ep ko‘rmadim. Aslida, u mening tog‘im edi. Dadangning o‘rnini hech kim bosolmaydi. Menga hech kimning keragi ham yo‘q, – deb yig‘lardi onam.
So‘ng u qarindoshlarga borib, kechirimlar so‘rab yurdi. Noil tog‘am og‘ir dardga chalingandi, pochchamiz: «Dengizchini o‘zimiz oyoqqa turg‘izamiz”, deb kasalxonadan qadrdon hovliga olib kelgandi va Roza xolam bilan birgalikda tog‘amga qaradilar. Onam tez-tez borib, xabar olardi. Bora-bora manmanlik, kibr ko‘nglini tark eta boshladi. “Ona qirolichamiz” vazminlik va mag‘rurligini yo‘qotmasdan, dunyoning ishlaridan etagini siltab, taxtdan voz kechib, orom kursida xayol surib o‘tirardi. Yuzi kundan kun yorisha bordi... 
Onam og‘rinib bo‘lsayam yangi yilda Moskvaga borib kelishimga ruxsat berdilar. Ukam oilasi bilan onamning yonida qolmoqchi bo‘ldi.
Ikki hafta qanday o‘tganini o‘zim ham bilmay qoldim. Lekin onaizorim o‘sha qisqa muddat ichida ko‘p savob ishlar kilishga ulguribdi. Eski hovlimizga deyarli har kuni borib turgan. “O‘n kundan keyin kelsang, tayyor bo‘ladi», deb aytganmish. Onam qarindoshlari bilan xayrlashib, roziligini aytib, ularning roziligini olib, uyga qaytib ketgan, lekin o‘g‘li va keliniga bu haqda og‘iz ham ochmagan.
"Onamiz kasalxonada!” Vokzalda eshitgan birinchi xabarim bo‘ldi.
Uyga borib, hali yuklarni olib kirishga ulgurmagandik, kelinimiz kelib:
– Onamizni tabriklashga bordim. Ko‘rinishi yaxshi edi, ko‘zlari chaqnab turardi. Men: ”Rashid vokzalga ketdi, opamizni olib keladi”, deganimda, menga uzoq tikilib, qarab yotdi, keyin ko‘zi yoshlandi, ingradi-yu, qo‘limda jon berdi, – deb yig‘lab yubordi.
Men esa qotib qoldim, bir narsa xayolimdan o‘tdi. Yoshligida onamning hujjatlari yo‘qolgan, pasport olish uchun qog‘ozlarni to‘ldirganda, 15 yanvarni tug‘ilgan kuni deb, yozgan. Aslida, jon beradigan kunini belgilagan ekan! 
 “Ko‘p yotib qolmayin-da”, – deb yurardi onam. Besh kungina to‘shakda yotibdi...
Onamning yotganiga hamma lol qotdi. Uyquga ketgan go‘zal malikaning o‘zginasi edi! Ajal ham ayaganday, yuzida na iztirob, na dard, faqatgina meni kutib yotgan, sog‘inch yoshlari kiprik ostidan sizib chiqibdi...
O‘shanda bir hikmatni angladim. Onam bu dunyoga chin muhabbatni istab kelgan banda ekan. Lekin foniy dunyoda muhabbat ham o‘tkinchidir… Onam shuni bila turib, hech kimga dil izhor ham qilmagan, o‘sha ko‘nglidagi his-tuyg‘ularni asrab yurgan. Mana, kun kelib, hammalarimiz bilan xayrlashib, oq harir matolarga o‘rangan, taxti ravonga joylashgan Muhiba... Habib sari yo‘l olgandi... 
Onamning qirqini ushatdik. Bir kuni ko‘nglim g‘ash bo‘lib hovlimizga yo‘l oldim. Xolam bag‘riga bosib, yig‘ladi:
– Ukamni uch kunga kasalxonaga, o‘pkasidan suvni olishga yotqizgandim. Bugun uy ishi bilan qolib ketdim, birdan ukamning:”Ro-o-za!” deb chaqirganini eshitdim. Yuragim shuv etib ketdi. Kasalxonaga borganimda, jon berib bo‘lgan ekan... 
Ertasi kun Noil tog‘amizni ham o‘sha qadrdon hovlidan chiqardik...
Bir yil ichida uchta kafanni tikib, ich-ichimdan kuyib-yondim, o‘shanda oq mato mening uchun motamrido bo‘lib qolgandi.
Buvim oilasini ustunday yelkalarida ushlab turgan ekan. Besh-olti qadrdonim o‘zlari tug‘ilgan asrda qolib ketdilar. Xolalarim va pochchalarim uchinchi ming yillik dovonini oshib o‘tishga muvaffaq bo‘ldilar. Ro‘zmat aka sakson yilligining taraddudida yurib, birdan jon bergan, Nuriya xolamiz ham saksonga yaqinlashib, pochchamizdan keyin o‘tgan...
Buvim aytgan, juda katta meros menga qoldi. Uch-to‘rt yil davomida yig‘lab-siqtab yurdim. Bir kuni jur’at qilib, ariza yozdim va ishdan bo‘shadim. Hamkasblarimga bu g‘alati tuyuldi. Uchrashganda boshqa ishlarga tavsiya qilishdi, men takliflarni rad etib:
– Tarjimonlar ko‘p. Lekin qadrdonlarim haqidagi xotiralarni mendan boshqa hech kim yozolmaydi, – dedim.
Taqdir taqozosi bilan o‘zim xotiraga aylandim...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.